Bu voqeaning yuz berganiga ancha bo‘lgan. Hali temir yo‘llar ekinzorlarimizni kesib o‘tib, payhon qilmagan, hamyonimizni o‘pirmagan, rizqimizni qirqmagan baxtli zamonlar edi. O‘sha paytlarda hamma boshliqlar otalar kabi g‘amxo‘r, advokatlar jinoiy ishlarning sudga oshmasligi uchun janjalkashlarni yarashtirishga harakat qilar, ruhoniylar esa hamyonlaridagi bor pullarini muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflardilar.
Ayni paytda biror-bir amaldorning Belgradga safarga chiqishi juda qiyin edi. Chunki manzilga yetish uchun ot aravada ikki-uch kun tinimsiz yurishga to‘g‘ri kelar, yo‘l xarajatini ikki-uch oylik maosh bazo‘r qoplardi. Shu sababli kimda-kim Belgradga bormoqchi bo‘lsa, yil boshidayoq: “Xudo xohlasa, shu yili Belgradga boraman”, – deb xotini-yu do‘stlarini xabardor qilar, so‘ng har oy maoshidan besh dukat[1]dan ajratar, yo‘lga chiqish uchun boshlig‘idan yarim yil oldin ruxsat so‘rardi.
Kimdir safarga otlangudek bo‘lsa, bundan shahardagilarning bari xabardor bo‘lar edi. Agar Belgradga bormoqchi bo‘lgan kishining qorasi ko‘cha boshida ko‘rinib qolgudek bo‘lsa, hamma unin: “Siz Belgradga borib kelmoqchi ekansiz-a?”, “Qachon yo‘lga chiqasiz?” – deya so‘roqqa tutardi. Ba’zilar bir oy, ba’zilar yarim oy oldin Belgradda yashaydigan qarindoshlariga salomi, boshqalari xati, qolganlari esa jo‘natmalarini yetkazishni iltimos qilar edi.
Amaldorning safarga chiqishi dabdabali tadbirga aylanar va o‘sha kuni uning do‘stlari va tanish-bilishlari kuzatish uchun shahar chekkasiga yig‘ilardilar.
Ha-ha, qachonlardir, uzoq-uzoq o‘tmishda shunday bo‘lar edi.
Shunday baxtli kunlarning birida shahardagi nufuzli bir amaldor, kimsan, vazir bilan shaxsan tanishligi bo‘lgan janobi Stoyan:
– Xudo xohlasa, shu yil ta’tilda Belgradga borib kelaman, – deb xotini Persa xonimga maqtandi. Aytilgan gap – otilgan o‘q. Bu xabar yashin tezligida qo‘shnilar, ulardan esa boshqa qo‘shnilar, xullas, butun shahar aholisiga tarqaldi.
Shahardagilarning o‘zaro suhbati turli-tuman mavzularda bo‘lsa-da, lekin gap aylanib-aylanib oxiri janob Stoyanning safariga borib taqalardi. Do‘stining do‘konida qahva ichaman deb turgan kishi ichkariga kirishi bilanoq, suhbat yana:
– Eshitdingmi? Odamlarning aytishiga qaraganda, Stoyan Belgradga borarmish, – degan savol bilan boshlanardi.
Hatto shahardagi ko‘p amaldorlarning suhbatlari mavzusi ham Stoyanning Belgradga haqida bo‘lardi.
Janob boshliq xotiniga safarga chiqishi haqida aytgan kuni ishga vaqtliroq kelib, qahva buyuradi, tirnoqlarini oladi, papiros naychasini tozalaydi-da, so‘ng: “Ishni boshlasammi, boshlamasammi?” deb o‘ylab o‘tirganida xonaga yordamchisi kirib kelib:
– Kuningiz xayrli bo‘lsin, janob Stoyan, – deya salom beradi. So‘ng: – Janob boshliq, shaharda har xil gaplar yuribdi. Nahotki, shu rost bo‘lsa? – deb surishtiradi hayajonlanib.
– Nima gap, janob Laza?
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q… Siz haqiqatan ham Belgradga bormoqchimisiz?
– Ha-ha, shunday, – cho‘zib javob beradi janob boshliq, – ha, Belgradga otlanayapman, janob Laza. Axir anchadan beri u yerda bo‘lmaganman. Belgradda deyarli qiladigan ishlarim ham yo‘q, shunchaki vazir janoblari bilan ko‘rishmoqchiman; keyin u yerdagi qarindoshlarimdan xabar olmoqchiman, undan tashqari uyga ham ba’zi narsalarni sotib olishim kerak.
– Ha, ha, janob boshliq, borib kelishingiz kerak.
Muhim xabarni qo‘lga kiritgan yordamchi xonasiga qaytib, boshlig‘i singari tirnoqlarini oladi, papiros naychasini tozalaydi, qahva buyuradi va ruchkani siyohdonga botirib, endi ishni boshlayman deb turgan paytida xonaga sezdirmay kotib kirib keladi.
– Kuningiz xayrli bo‘lsin, yordamchi janoblari.
– Keling, janob Sima, xush ko‘rdik!
– Yordamchi janoblari, hurmatli boshliqning Belgradga borishlari rostmi? – qiziquvchanlik bilan surishtiradi kotib.
– Ha, boradilar. Biz ular bilan hozir bu haqda so‘zlashdik, – o‘zini katta olib javob beradi yordamchi.
– Ha, ha, borishlari kerak, albatta! – deb xushomadgo‘ylik bilan gapni ma’qullaydi kotib va o‘z xonasiga chiqib ketadi. Endi janob kotib ham o‘z xonasida rahbarlari qilgan ish bilan shug‘ullana boshlaydi. U bir ho‘plam qahvani ichishga ham ulgura olmay turgan paytida xonaga qo‘ltig‘ida bir dasta qog‘oz ko‘tarib, mirza kirib keladi.
– Keling, janob Pera. Qanday qog‘ozlar olib kelyapsiz?
– Ha, shunchaki, unchalik shoshilinch bo‘lmagan qog‘ozlar, – javob beradi janob Pera. –Keyinchalik ko‘rilsa ham bo‘ladi. Ha, mayli, men boshqa safar kirarman.
– Yaxshi, yaxshi… keyinroq kirarsiz.
– Lekin… ruxsatingiz bilan, sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim… Janob boshliqning Belgradga borishlari rostmi?
– Rost, janob Pera! Yordamchi janoblari hozirgina menga shu haqda aytdi. Janobi boshliq haqiqatan Belgradga otlanayaptilar.
Mirza janoblari qo‘ltig‘idagi qog‘ozlari bilan o‘z xonasiga qaytib, ancha vaqt o‘ylanib o‘tiradi. U chuqur xayolga cho‘mib ketganidan qo‘lidagi sigaretasi tutab bo‘lganini sezmaydi ham. Faqat barmoqlari kuya boshlaganida o‘ziga kelib, eshik oldida turgan amaliyotchi Sretani ko‘radi.
– Janob Sreta, menda ishingiz bormi?– so‘raydi mirza.
– O‘zim, shunchaki. Menga biror-bir topshirig‘ingiz bormi, deb kirgan edim.
– Ha, ha, topshiriqlar bo‘ladi… Sizni o‘zim chaqiraman.
– Xo‘p, yaxshi, – javob beradi Sreta va eshik tomon yo‘l olib, ostonadan hatlaydi-da, so‘ng to‘xtab qoladi.
– Xo‘sh, yana biror gapingiz bormi?
– Agar mumkin bo‘lsa…
– Mayli, gapiring.
Sreta eshikni yopadi-da, mirzaning stoli yoniga borib deydi:
– Odamlarning aytishlariga qaraganda, boshliq janoblari Belgradga borarmish.
– Xo‘sh, nima bo‘pti?
– Shu gap rostmi deb so‘ramoqchi edim xolos.
– Rost-rost, janobi Sreta.
– Rahmat, katta rahmat, bezovta qilganim uchun uzr.
Sreta kerakli ma’lumotga ega bo‘lgach, xonasiga kaytadi-da, o‘z navbatida bu gaplardan qo‘riqchilarni xabardor qiladi.
O‘sha kecha amaliyotchi Sreta o‘z xonasida qahva qaynatar ekan: “E, xudoyim-ey, boshliq janoblari Belgradga borib, shaxsan vazir janoblarining o‘zlari bilan uchrashadi. U qanday baxtli inson-a! Uning pullari ko‘p, ta’tilga chiqadi, dam oladi… Unga qanday yaxshi… E, xudoyim-ey, qani endi boshliq vazir janoblariga men haqimda ham bir so‘z ochib ko‘rsalar edi”, deya shirin xayolga cho‘madi Sreta.
Shu payt qahva qaynab jezvadan[2] toshib ketay deydi. Sreta qahvani tez-tez aralashtiradi-da, idishni olovdan oladi, so‘ng qopqog‘ini yopib, bir necha daqiqa quyqasi tinishini poylaydi. So‘ng stol yoniga o‘tirib, boshini changallaydi.
“O‘ttiz yildan beri amaliyotchi bo‘lib ishlayman. Shuncha yildan beri menga biror marta ham tanbeh berilgan emas. Shuning uchun mansabim ko‘tarilsa ham bo‘lar edi. Axir men boshqalardan yaxshiroq ishlayman-ku! Qilgan mehnatlarim uchun menga necha-necha marotaba minnatdorchilik bildirishgan. Janobi boshliq hatto meni hammaning oldida eng vijdonli xodim deb maqtagan edi-ku”.
Sreta sovib qolgan qahvasi yodiga tushgunga qadar shunday xayollar bilan o‘tiradi.
Ertasi kuni Sreta tunov kuni ko‘chirib olgan hujjatlarini solishtirish uchun mirza huzuriga kiradi. Ikkalasi hujjatlarni o‘qiydilar, solishtiradilar, to‘g‘rilaydilar va nihoyat ishni yakuniga yetkazadilar. Ish bitganidan so‘ng, janob Sreta kecha kechqurun o‘ylagan rejasidan so‘z ochadi.
– Janob Pera, ruxsat bersangiz, men sizdan bir narsa so‘rasam?
Mirza o‘rindiqqa suyanib, zimdan Sretaga tikiladi.
– Nima haqda?
– Sizdan o‘tinib so‘rayman, faqat to‘g‘risini ayting, mening xizmatlarim sizni qoniqtiradimi? Men vijdonan va halol ishlayapmanmi yo yo‘qmi?
– Janob Sreta, men sizning xizmatingizdan mamnunman.
– Yaxshi. Unday bo‘lsa, butun umr amaliyotchi bo‘lib ishlashim adolatdanmi?!
– Adolatdan emas, albatta. Lekin, bilasizmi, taqdir…
– Yo‘q, taqdir emas, balki hamma gap vaziyatda va omadning kelishida. Har kim qulay vaziyat yuzaga kelishini kutishi lozim. O‘ylashimcha, hozirgi vaziyatdan yaxshisi yo‘q.
– Tushunmadim?
– Axir janobi boshliq Belgradga otlanayaptilar-ku. U yerda esa vazir janoblari bilan uchrashadilar, shundaymi?
– Shunday.
– Ana, ko‘rdingizmi… Qani endi, siz menga bir yaxshilik qilsangiz edi…
– Men-a? Siz uchun nima qilishim mumkin? – hayron bo‘lib so‘raydi mirza.
– Agar xohlasangiz, ko‘p narsa qila olgan bo‘lardingiz. Janob kotib oldida men haqimda so‘z ochib ko‘rsangiz edi.
Mirza bir daqiqa o‘ylanib qoladi-da, so‘ng ma’qullab boshini silkitib qo‘yadi.
– Janob Sreta, siz haqingizda, albatta, aytaman. Axir allaqachon sizning xizmat darajangiz ko‘tarilishi kerak edi. Men shu tobning o‘zidayoq u kishi bilan so‘zlashaman. Sizga xuddi o‘zimdek g‘amxo‘rlik qilaman, bunga amin bo‘lavering.
Sreta minnatdorchilik bilan mirzaning qo‘lini qisib qo‘yadi-da, xonasiga chiqib ketadi. Mirza esa darhol kotibning huzuriga yo‘l oladi.
Sreta o‘zidan mamnun va shod kayfiyatda xonasiga qaytib ketgan vaqtda, mirza kotib bilan suhbatlashayotgan edi.
– Janob kotib, men sizdan bir narsani iltimos qilsam.
– Marhamat, nima ekan?
– Shunchaki, bir ish. Siz menga yordam berishni xohlasangiz bas. Sizga ishonaman, bu ish qo‘lingizdan keladi.
– Agar qo‘limdan kelsa, marhamat, bajonidil yordam beraman.
– Janobi boshliq Belgradga boradigan bo‘lsalar, – so‘zini davom ettiradi mirza. – U yerda janobi vazir bilan uchrashib, gap orasida o‘z xodimlari haqida gapirishlari tabiiy.
– Albatta, albatta, – uning gapini ma’qullaydi kotib.
– Shuning uchun… siz men haqimda ularga biror narsa deya olmaysizmi? Axir olti yildan buyon o‘z joyimda o‘tiribman, o‘ylashimcha, mansabim ko‘tarilsa yomon bo‘lmaydi. Axir nomimga sira dog‘ tushmagan bo‘lsa…
– Haqiqatan ham, dog‘ tushmagan, – shoshib uning gapini ma’qullaydi kotib. – Iltimosingiz masalasiga keladigan bo‘lsam, siz to‘g‘ri o‘ylabsiz. Haqiqatan ham, janobi boshliqning shu safarida bu masala ko‘tarilishi aniq. Qarang, bunday gaplar mening xayolimga sira ham kelmabdi. Biroq men… janobi boshliq bilan bu haqda gaplasha olmayman!
– Yo‘q, men bunday demoqchi emasman, siz yordamchi janoblari bilan gaplashib ko‘rsangiz…
– Ha-ha, yordamchi janoblari bilan gaplashsam bo‘ladi. Mayli, aytaman.
– O‘tinib so‘rayman, e’tiborsiz qoldirmang.
– Xo‘p, xotirjam bo‘ling, – deya kotib mirzaning qo‘lini qattiq qisib qo‘yadi.
– Qo‘limda yordamchi qo‘l qo‘yishi kerak bo‘lgan bir necha hujjat bor. Xavotirlanmang, shu bahonada hozir uning oldiga kiraman-da, bu masalani ko‘taraman. – Shu gaplar bilan yordamchi hujjatlarni qo‘liga olib, o‘rnidan turadi.
– Chin qalbimdan minnatdorman.
Mirza yaxshi kayfiyatda, mamnunlik bilan o‘z xonasiga ketadi. Kotib esa hujjatlarni ko‘targanicha yordamchi huzuriga yo‘l oladi.
– Imzo qo‘yilishi lozim bo‘lgan hujjatlarmi? – so‘raydi undan, qo‘liga ruchka olish xohishi yo‘q ekani yuzida yaqqol ko‘rinib turgan yordamchi.
– Ha, bir-ikkita qog‘oz bor, lekin uncha shoshilinch emas, bir oz turib tursa ham bo‘ladi.
– Mayli, boshqa hujjatlar tayyor bo‘lguniga qadar sizda tura qolsin.
– Keyinroq olib kirarman. Hozir esa sizdan bir masalada iltimos qilmoqchi edim. Sizda xohish bo‘lsa bas, uni uddalashingizga ko‘zim yetadi.
– Bu qanday iltimos ekan? – qiziquvchanlik bilan so‘raydi janobi yordamchi.
– Iltimosim shuki, siz janobi boshliq bilan men haqimda gaplashib ko‘rsangiz. Axir ular Belgradga otlanayaptilar, u yerda esa vazir janoblari bilan uchrashadilar va so‘zlashadilar. Axir men allaqachon yordamchi lavozimiga ko‘tarilishim kerakligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz.
– Biroq… – gapini boshlab qoladi yordamchi.
– Faqat meni to‘g‘ri tushuning, – shoshilib qo‘shib qo‘yadi kotib. – Men sizning o‘rningizni egallashni o‘ylayotganim yo‘q. Bundan Xudoning o‘zi asrasin! Axir men boshqa okrugga o‘tishim mumkin-ku. Axir okruglar ko‘p-ku.
– Ha-ha, siz to‘g‘ri aytyapsiz, – ma’qullaydi yordamchi va shu payt uning yuzi birdan yorishib ketadi. – Haqiqatdan ham, siz yuqoriroq lavozimda ishlashingiz kerak. Axir siz insofli, qobiliyatli va tirishqoq odamsiz, – deydi-da, so‘ng va’da beradi: – Mayli, janobi kotib, men albatta boshliq janoblari bilan gaplashib ko‘raman. Nega aytmas ekanman, aytaman? Janobi boshliq Belgradga boradilar, u yerda vazir janoblari bilan so‘zlashadilar va siz haqingizda ham og‘iz ochishlari mumkin. Siz g‘amxo‘rlik qilishga munosib odamsiz.
– Katta rahmat, sizdan nihoyatda minnatdorman… Men haqimda juda yaxshi fikrda ekansiz. Siz mening valine’matimsiz.
– Bosh ustiga, janob Sima. Axir bunga juda loyiqsiz. – Shu gaplardan so‘ng yordamchi o‘rnidan turib, boshliqning xonasiga yo‘l oladi.
– Keling, keling, janob Laza. O‘tiring, bir oz suhbatlashib olamiz, – ochiq chehra bilan kutib oladi uni janobi boshliq.
– Men huzuringizga bir iltimos bilan kelgan edim.
– Keling, qani, nima ekan, janobi Laza?
– Xo‘sh… nima desam ekan?.. Miyamga bir fikr keldi. Axir siz Belgradga borib, vazir janoblari bilan uchrashasiz. Shunda siz… men haqimda ham bir og‘iz fikr bildirsangiz, degandim. O‘ylashimcha, menga biror okrugga rahbarlik qilishni topshirsalar adolatdan bo‘lar edi. Axir butun umr yordamchi lavozimida ishlab yurmayman-ku. O‘n bir yildan buyon shu lavozimdaligimdan xabaringiz bor. Nazarimda, siz yordamchi lavozimida unchalik ko‘p ishlamagansiz, okrug boshlig‘i lavozimiga o‘tishni ko‘p kutmagansiz…
– To‘g‘ri, – befarqlik bilan javob beradi janobi boshliq. – Men atigi yetti yil yordamchi lavozimida ishlagan edim.
– Mana, ko‘rdingizmi, siz shu lavozimda yetti yil ishlabsiz, men esa mana – o‘n bir yil…
– Ha-ha, bilaman, siz anchadan buyon ko‘tarilishni kutib yuribsiz.
– Shuning uchun qulay vaziyat kelib qolsa, men haqimda ham bir og‘iz…
– Mayli!
– Imkoni tug‘ilib qolsa, albatta…
– Yaxshi, janob Laza, men albatta harakat qilaman! Janob vazir bilan nega siz haqingizda gaplashmas ekanman? Gaplashaman.
Kunlar o‘tib, boshliqning Belgradga jo‘nash fursati yetib keladi. Safardan ikki kun avval janob boshliq har bir xonadon va do‘konga xayrlashgani kiradi. Ko‘pchilik kuzatishga chiqishi haqida aytib qoladi.
Safar kuni ertalab devonxona oldida otlar qo‘shilgan ot arava turadi, qo‘riqlovchilar somon solib, gilamlar yozadilar, yostiqlarni urib-urib qappaytiradilar. Devonxona ro‘parasidagi qoziqqa egarlangan ikki ot bog‘liq (chunki qo‘riqchilar ularni minib janobi boshliqni ancha yergacha kuzatishlari kerak); uning oldida esa do‘stlari yig‘ilib turishadi. Boshqa odamlar boshliqni kuzatish uchun faytonlarda qovoqxona tomon tomon yo‘l oladilar.
Nihoyat shahar chekkasidagi qovoqxona oldiga janob boshliqning faytoni yetib keladi. U aravadan tushadi, shu yerda bo‘lganlarning bari bilan bir chashka qahva ichadi, so‘ng xayrlashish vaqti keladi.
Janob boshliq yo‘lga chiqishdan oldin janob yordamchining qo‘lini qisib, uning qulog‘iga:
– Iltimosingizni unutganim yo‘q,– deya pichirlaydi.
Yordamchi kotibni chetga olib uning qulog‘iga:
– Gapingiz yodimdan chiqqani yo‘q, dedi! – deya shipshiydi.
O‘z navbatida kotib mirzani chetga tortib, uning qulog‘iga :
– Janobi boshliq sizning iltimosingizni unutmayman, debdilar! – deydi.
Mirza amaliyotchi Sretani chetga olib, uning qulog‘iga:
– Janobi boshliq iltimosingizni unutmayman, debdilar! – deya pichirlaydi.
Boshliqning aravasi ko‘chani changitib yo‘lga tushadi, Sreta esa o‘zida yo‘q xursand, mamnun, yaqin orada xizmat mansabi bir pog‘ona ko‘tarilishiga umidvor bo‘lib, shaharga yayov yo‘l oladi.
Boshliqning ketgan kunidan bir kun, ikki kun, uch kun… bir hafta, ikki hafta o‘tadi. Nihoyat ajoyib kunlardan birida boshliq nomidan Persa xonimga:
“Mansabda yana bir pog‘ona ko‘tarildim. Bu haqda do‘stlarim va xodimlarimga xabar berib qo‘y” mazmunidagi telegramma keladi.
Persa xonim bu xabarni shu kunning o‘zidayoq barcha idoralarga yetkazadi, butun shaharga yoyadi.
Telegrammaga bir hafta ham bo‘lmay boshliqning qaytishi haqida xabar keladi. Janobi boshliqning kutib olinishi ham xuddi ketayotganidek bo‘ladi: ruhoniy o‘z aravasida, g‘aznachi xotini bilan boshqa aravada, yordamchi, kotib va mirza bir aravada, qo‘riqchilar otlarini mingan holda, amaliyotchi Sreta esa avvalgidek piyoda shahar chekkasiga yo‘l oladilar.
Janobi boshliqning ot aravasi yetib keladi. U Persa xonim va boshqalar bilan og‘iz-burun o‘pishadi, o‘zining mansabda yanada ko‘tarilishi munosabati bilan do‘stlar va amaldorlarning tabriklarini qabul qiladi. So‘ng yordamchini chetga tortib, uning qulog‘iga:
– Men vazir janoblariga siz haqingizda gapirdim, u kishi aytganlarimni yozib oldilar, – deydi.
Yordamchi boshliqqa minnatdorligini bildiradi-da, so‘ng kotibning qo‘lini qisib, qulog‘iga:
– Janobi boshliq siz haqingizda vazirga aytibdilar, u kishi boshliqning aytganlarini yozib olibdilar, – deydi.
Kotib yordamchiga o‘z minnatdorligini bildiradi-da, so‘ng mirzani chetga tortib, uning qulog‘iga:
– Janobi boshliq siz haqingizda vazirga gapiribdilar, u kishi boshliqning aytganlarini yozib olibdilar, – deydi.
Mirza yordamchiga o‘z minnatdorligini bildiradi-da, so‘ng amaliyotchi Sretani chetga tortib, uning qulog‘iga:
– Janobi boshliq siz haqingizda vazirga og‘iz ochibdilar, u kishi boshliqning aytganlarini yozib olibdilar, – deydi.
Sreta bo‘yin qisib, valine’matiga minnatdorlik bildiradi, shu zahoti uning ko‘zlariga yosh keladi.
“Fursatni boy bermay, o‘z vaqtida qulay vaziyatdan foydalanib, to‘g‘ri qilgan ekanman”, degan shirin o‘ylar bilan shaharga yayov yo‘lga tushadi.
Rus tilidan Muhsin G‘aniyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son
_________________
[1] Dukat – XII asrdan avval Italiyada, keyinroq Yevropaning bir qancha davlatlarida amal qilgan pul birligi.
[2] Jezva – qahva tayyorlash uchun mo‘ljallangan misdan yasalgan cho‘michsimon idish.