Bakir Yulduz. Kontrabandachi (hikoya)

U to‘xtadi. Atrofga quloq tutdi: jimjitlik – hamma yoq sukut chodiriga o‘ralgan. Lekin xotirjam bo‘lib, yana asta yurib ketdi. Lekin xotirjamligi uzoqqa bormadi, dam o‘tmay sukunatdan qo‘rqa boshladi. Hech bo‘lmasa ohista-ohista bosayotgan oyoqlarining zaif tovushini eshitgisi keldi. Bu kech borliqqa hukmron bo‘lib olgan sukunat bag‘rini hech qanday tovush tila olmaydiganday edi. Shaxan qiyomat qichqirig‘i haqida eshitgan, nazarida bu tun uni qiyomat sukunati o‘rab olib, yuta boshlaganday edi.
Shaxan Xalabda ishlab topgan pulini ikkita tilla tangaga almashtirib olgandi. Agar omadi shu tarzda yurishib tursa, Suriyaga yana bir marta borib, so‘ng bu ishlarini yig‘ishtirishga ahd qilgandi. Chunki “kontrabandist” degan so‘zning o‘ziyoq uning ko‘nglini xijil qilardi. Qop-qop afyunmi, tillami yo boshqa ta’qiqlangan narsani chegaradan yashirincha olib o‘tuvchilarni “kontrabandachi”, desa yarashadi. Chegaradan o‘tib, mehnat qilib pul topishning nimasi jinoyat ekan, Shaxan tushunmaydi. Chegaradan faqat o‘g‘rincha o‘tish mumkin, boshqa yo‘l yo‘q. To‘g‘ri yo‘l bilan o‘tay desa, topgan pulining yarmini bojxona shilib oladi.
Uzoqdan itlarning hurishi eshitilgach, Shaxan qadamini sekinlatdi. Atrofga olazarak boqdi. Hatto osmonga ham qaradi: yarimta Oy zaif nur sochib turibdi. Osmonga uzoq tikildi: nazarida yurgani sayin Oy undan qochayotganday edi. U bosh chayqab, “Vo, ajab!” deb pichirladi. Hozir osmonning mo‘jizalariga mahliyo bo‘lib turish vaqti emasdi. Alhol uning maqsadi bir – chegaradan eson-omon o‘tib olish. Chegaradagi ajal maydonidan bexatar o‘tdimi, bu yog‘iga qishlog‘i bir qadam yo‘l. U cho‘ntagidan sigaret chiqarib, cho‘k tushdi-da, kaftlari bilan berkitib tutatdi. Chuqur-chuqur tortib, xavotirini bosmoqchi bo‘ldi. Xayolan uyini ko‘z oldiga keltirdi: xotini va bolalari shirin uyqudadir. Qorong‘ilik bag‘rida kenjatoyi ko‘ziga ko‘rindi. Kenjatoyini juda yaxshi ko‘radi. Hatto ba’zan: “Bu o‘g‘limni nega boshqalardan a’loroq ko‘raman?” deb ajablanadi ham. Kenjatoyi akalariga o‘xshamaydi: sochlari jingalak, ko‘zlari tim qora, o‘rdakchaga o‘xshab lapanglab yurishi ham yoqimli… Hozir shirintoyi qorong‘ilik bag‘rini tilib yurib kelayotganday bo‘lib, Shaxanning vujudiga iliqlik berdi. U shoshib atrofga xavotir bilan alangladi. “O‘g‘lim kontrabandachi bo‘lmaydi, men bunga yo‘l qo‘ymayman”, degan fikr xayolini chaqmoq nuri kabi yoritib o‘tdi.
O‘rnidan turib, yura ketdi. Chegaraga yaqinlashib qolgandi. Sarhad tomonda it vovullab, sukunatni poralab tashladi. Shaxan g‘arb sari yurardi. O‘n daqiqadan so‘ng soy bo‘yiga yetdi. Bahorda shiddat bilan to‘lib oquvchi soyda hozir suv kam, narigi qirg‘oqqa bemalol o‘tib olish mumkin. Shaxan yechinib, suvga tushdi. Soyning tinchini buzishdan qo‘rqqanday ehtiyotlik bilan o‘ta boshladi. Narigi kirg‘oqqa o‘tgach, o‘tirdi, keyin yotib oldi. Bag‘rini yerga berib biroz tin olgach, endi emaklab ketdi. Mo‘ljali bo‘yicha emaklab o‘tilishi lozim bo‘lgan masofadan o‘tib qurib qolgan daraxtga yetgach, adashganini angladi.
Shaxan yer bag‘riga singib ketishni istaganday o‘ng betini tuproqqa bosib yotib oldi. Yer uni bag‘riga olishni istamadi, aksincha vujudiga qo‘rquv taratdi. “Olloh, Olloh, yo bag‘rimdagi qo‘rquvni ol yo jonimni ol!” deb pichirlab, boshini ko‘tarib alangladi. Yana kenjasini eslab, qo‘rqoqligidan uyalib ketdi: “Menga nima bo‘ldi, qaysi jin chaldi? Kontrabanda ojizlarning emas, mardlarning ishi-ku!”
Shaxan yotgan yerida duolarni o‘qigach, Ollohga tavakkul qilib qaddini ko‘tardi-da, minalar ko‘milgan ajal maydoniga asta qadam tashladi. Hukumat odamlari sarhadni kontrabandachilardan himoya qilish maqsadida chegara bo‘ylab son-sanoqsiz minalarni ko‘mib tashlashgani uchun bu Xudo urgan joylarni “Ajal maydoni” deb atashardi. Shaxanning hayoti endi qilga osilib qolgan edi. Har bir bosgan qadami so‘nggi qadam bo‘lishi mumkin. Bir nima “shirq” etib, Shaxan to‘xtadi. Hali oyoq ostidagi bomba portlamay turib, joni chiqib ketganday bo‘ldi. Chap oyog‘ida jon bor, oldinga bosilgan o‘ng oyoq ostida esa o‘lim yashiringan. Shaxan Xudoga iltijo qilganicha, nafas yutib, o‘ng oyog‘ini asta ko‘tardi. Oyoq ostida o‘lim yo‘q ekan, “shirk” etgan tovush aldamchi ekan. Tirik qolganiga ishonib-ishonmay, bir necha nafas qimirlamay turdi. Hozirgina o‘lim qo‘rquvi badanini muzlatgan edi, endi hayot shodligi bag‘riga iliqlik berdi.
Bu kech qo‘rquvdan qutula olmayotganiga o‘zi ham ajablandi. Avvalgi safarlarda bunchalik qo‘rqmagan edi-ku? Balki ko‘ngli bir shumlikni sezayotgandir? Yo ortiga qaytgani ma’qulmi? Bu fikrni darhol quvdi – Suriyaga qaytishi mumkin emas edi. Mashaqqat bilan topgan bu ikki tilla tangani qanday qilib bo‘lsa-da, uyiga yetkazishi shart! Oilasining ertangi hayoti, umidlarining ushalishi shu ikki tangaga bog‘liq.
Shaxan qadam bosishdan oldin oyog‘ining uchi bilan yerni paypasladi. Badanidagi qo‘rquv titrog‘i uni tark etmadi. Ikkinchi qadamni bosishi bilan oyog‘i ostidagi mina portladi. Shaxan avvaliga nima bo‘lganini anglamadi, o‘sha qo‘rquv titrog‘ida garang holda qimirlamay yotdi. Portlash natijasida osmonga ko‘tarilgan tuproq zarralari xuddi yomg‘ir tomchilari kabi yuziga to‘kildi. Ko‘zlarini yummoqchi bo‘lganida bitta ko‘zi qolganini sezdi. O‘ng qo‘lini peshonasiga olib keldi: bitta ko‘z o‘rnidagi yumshoq chuqurchani paypasladi. Shu onda badanidagi qo‘rquv titrog‘i qaygadir uchib ketganday tuyuldi. Vujudi yengillashdi, tuproq mayinlashdi, xuddi yumshoq va iliq to‘shak ustida yotganday bo‘ldi. “O‘lyapman, shekilli, – deb o‘yladi u. – Yana biroz nafas ololsam edi…” Uning hali tirik xayolini yana jingalak sochli, qop-qora ko‘zli kenjatoyining kulimsiragan chehrasi yoritib o‘tdi.
Shaxan ming bir azob bilan sog‘ qolgan ko‘zini ochdi. Tuproq zarralarini arang ko‘tara olgan kipriklari orasidan kuchli bir nurni ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, kipriklari yana qovushdi. “Hammasi tamom bo‘ldimi? – deb o‘yladi. Shunaqaga o‘xshaydi, osmonga ko‘tarilyapman. Menga o‘xshagan bechoralarga yerda ham, u dunyoning jannatida ham joy yo‘q, biz hech qayerga sig‘maymiz…”
Ko‘zini yana ochdi, yana nur ko‘rindi. Bu aldamchi nur emas, u tomonga politsiya mashinasi shitob bilan yaqinlashayotgan edi. Shaxan buni anglab, shalvari cho‘ntagiga yashirgan ikkita tilla tangani esladi. Tanga cho‘ntagida qolsa, ularning qo‘liga tushadi, ularning nafsi chatoq, toshni ham yutib, hazm qilib yuboradi. Bunga sira-sira yo‘l qo‘ymaslik kerak! Shaxan shu ahdda qaddini ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo badani o‘ziga bo‘ysunmadi. Qo‘shaloq nur esa unga tobora yaqinlashaverdi. “Yo Olloh, Olloh! Mendan yuz o‘girma, bolalarim haqi uchun menga yordam ber!” degan iltijo bilan harakat qilib, o‘tirib oldi. Shunda o‘ng oyog‘ida kuchli og‘riq sezib, ingrab yubordi. Og‘riq qo‘zg‘algan oyog‘iga qo‘l uzatdi: panjasi iliq qon va go‘shtga tegdi – oyog‘i uzilib tushgan edi.
Mashina chiroqlari bilan yerni paypaslab unga tobora yaqinlashardi. Shaxan yonida uzilib yotgan oyog‘ini olib, o‘rniga joylab qo‘ymoqchi bo‘lganday harakat qildi. Bu orada mashina undan sal narida to‘xtadi. Shaxan holsizlanib yiqildi.
Jandarmlardan biri uni ko‘rib, “Anavini qara”, deb sherigini turtdi. So‘ng Shaxanga qarab qichqirdi:
– Hoy, kimsan. Tur o‘rningdan!
– Javob bo‘lmadi.
– Kim bo‘lardi, itdan tarqagan bir kontrabandist-da, – dedi ikkinchisi so‘kinib.
– Hoy, o‘likmisan, tirikmisan, javob ber?!
– O‘lganga o‘xshaydi.
– Ablah, shiringina uyqumizni buzdi-ya!
– It bo‘lganidan keyin itning o‘limini topadi-da, bo‘pti, yur ketdik. – O‘lmagan bo‘lsa-chi?
– Ertalabgacha baribir o‘ladi. Kunduzi kelib o‘ligini olib ketamiz.
– O‘tgan safardagiday mashinaga bog‘lab sudrab keta qolamiz.
Shaxan ularning gaplarini eshitib yotardi. Sudrab ketishadimi yo qoldirisha­dimi – unga farqsiz: qilga ilingan joni uzilay-uzilay deb turibdi. Qil uzilmasidan oldin tilla tangalarni berkitishga ulgurishi kerak! Qonga belangan o‘ng qo‘lini shalvari cho‘ntagiga tiqib, tilla tangalarni chiqardi-da, shoshilganicha og‘ziga soldi. Asosiy ishni bajardi. Endi kalima qaytarishga ulgursa bas.
Jandarmlardan biri to‘pponchasini chiqarib, chalajon tanaga ketma-ket o‘q uzdi. Shaxan birinchi o‘qdayoq o‘ldi… Bitta tanga tomog‘iga tiqildi, ikkinchisi tili ostida qoldi. Lablari qattiq qimtildi. Tishlari po‘lat qalqon kabi tilla tangalar yo‘lini to‘sdi.

* * *
Quyosh tikkaga keldi. Bu paytda kattalar panada, soya-salqinda jon saqlashadi. Bolalar esa issiqqa ham, atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga ham parvo qilmay, ko‘chalarni va maydonchani changitib o‘ynashadi.
Shaxanning o‘ligini maydonchaga sudrab kelishdi. So‘ng uzilib tushgan oyog‘ini yoniga tashlashdi. Qonga belangan aft-basharasiga qarab uni tanish qiyin edi. O‘likni bir zumda pashshalar talay boshladi.
Politsiyaning zo‘ri bilan to‘plangan dehqonlar boshlarini xam qilib dabdalasi chiqib ketgan o‘likka qarab-qarab qo‘yishadi. Erkaklar jim, hatto ayollar ham ovoz chiqarishmaydi. To‘planganlar o‘likka qaraydilar-u, bir hafta yoki bir oy yoki o‘tgan yili sudrab kelingan qarindoshlarini eslaydilar. Eslab, yuraklari pora-pora bo‘ladi. Erkaklarning tomog‘iga yig‘i qadaladi, ayollar uvvos tortib faryod urgilari keladi, lekin ulari ham, bulari ham o‘zlarini tutishga kuch topadilar.
– Xotinlarga javob, uylariga ketishsin! – deb buyurdi leytenant.
Ayollar lablarini tishlaganlaricha maydonni tark etishdi. Bu onda Xudo ulardan yig‘lash nasibasini ham tortib olgan edi. Bu atrofdagi qishloqlarning yozilmagan tartib-odatlari bor edi: jandarm sudrab keltirgan o‘likni “tanimaymiz” deb turishardi. “Bildim” dedim – tutildim, “bilmadim” dedim – qutuldim”, deganlariday, “taniyman, bu falonchi” degan odamning sho‘ri quriydi. Jandarmlar tintuvlar, so‘roq-tergovlarni boshlab, hammaning sillasini quritishadi.
Maydondan uzoqlashayotgan ayollar orasida Shaxanning xotini ham bor edi. Besh-olti qadam bosib, orqasiga o‘girilib qaradi: u yugurib borib o‘zini erining murdasi ustiga tashlagisi, faryod urib yig‘lagisi keldi. Lekin bolalarining taqdirini o‘ylab, o‘zini bosdi. Oyoqlariga og‘ir toshlar bog‘lab qo‘yilganday bazo‘r qadam bosib maydondan uzoqlashdi. Uyiga kelganida hovlida qum o‘ynab o‘tirgan jingalak sochli, qop-qora ko‘zli shiringina kenjatoyi uni xursandlikdan qiyqirib kutib oldi. U o‘g‘ilchasini ko‘tarib bag‘riga bosdi. O‘yiniga halal berganidan norozi bo‘lgan kenjatoy yig‘lay boshladi. Ana shunda ona unga qo‘shildi: ona-bola baravar yig‘lay boshlashdi.
Bu on oftobda behalovat bo‘lgan leytenant jandarmga buyurdi:
– Manavilarni oldinma-keyin bir safga tiz!
Jandarm to‘planganlarni turtib-surtib saflay boshladi. Aydjikent qishlog‘ining maydonchaga to‘plangan erkaklari bir qatorga tizilishdi. Bir-birlarining gardanlariga burnilari tekkuday bo‘lib safga turish ular uchun yangilik emas, eng yaqin qarindoshlarining o‘ligiga qarab turib, “Tanimayman”, deyish ham odatiy hol edi. Turnaqator saf tartibga kelgach, bitta-bitta leytenantga yaqinlasha boshladilar:
– Taniyapsanmi?
– Javob berishi lozim bo‘lgan odam o‘likka qarab, uni birinchi marta ko‘rib turganday bosh chayqadi:
– Tanimadim, endi ko‘rishim.
Keyingi kishiga ham ayni savol berildi:
– Yaxshilab qara, tanidingmi?
– Xudo haqi, tanimadim…
– To‘rtinchi, beshinchi odamdan keyin leytenant asabiylasha boshladi. Keyingisini qiyin-qistovga oldi:
– Sezib turibman, sen taniding, ismini menga sekingina ayta qol, birovga bildirmayman.
U odam leytenantda umid uyg‘otib, o‘likka yaqinlashdi, sinchiklab tikildi-da, so‘ng qaddini ko‘tarib, bosh chayqadi:
– Qasam ichaman: tanimadim.
Quyoshning olovli tili leytenantning miyasini qovjiratib yuborganday bo‘ldi. Nazarida quyosh faqat uning boshini qizdirish uchungina osmonga ko‘tarilganday edi. U dehqonlardan biron-bir ma’lumot ololmasligini oldindan bilardi, bilsa-da, bu tadbirni o‘tkazishga majbur edi. Hozir holdan toygan paytda “o‘likni tanish marosimini” tezroq yakunlashni istab, savol-javobni qisqa qildi. O‘likka sekin-asta yaqinlashayotganlarga qarab:
– Tezroq bo‘llaring, imillamalaring! – deb baqirdi.
Saf ortida turgan qariya leytenantning chaqirishini kutmay, sekin yura boshladi.
– Hoy, chol, o‘likmisan, tirikmisan?! Tezroq yur!” – deb qichqirdi leytenant.
Qariya uning dag‘dag‘asini eshitmaganday o‘sha sekinlikda yaqinlashaverdi. Bundan g‘azablangan leytenant unga yaqinlashib, bilagiga chang soldi-da, bir-ikki siltadi:
– Garangmisan, buyrug‘imni eshitmadingmi?
– Eshitdim. Ko‘rmayapsanmi, men qariman, dardi bedavoman, – deb ming‘irladi qariya xasta ovozda.
– Tezroq yur, dedim!
Qariya Shaxanga yaqinlashdi. Tarashadek bo‘lib qolgan qo‘llari titrardi. Ko‘zidan sitilib chiqqan yosh tomchisi yonog‘idan tezgina o‘tib, soqol bosgan betiga singib ketdi. Ko‘z qorachiqlari qotib, rangsiz yuzini jon tark etganday bo‘ldi. U o‘likdan bir qadam berida to‘xtab, tiz cho‘kdi. Qariya Shaxanga yanada yaqinroq borishni, yanada yaxshiroq tikilib qarashni istayotgandi. Uning maqsadi o‘likni tanib, jandarmga aytish emas, balki diydoriga to‘yib olish. Boshqalar tanib, aytishsa ham, bu qariya sira-sira aytmaydi, chunki pashsha talab yotgan Shaxan uning o‘g‘li!
Leytenant qariyaning yelkasiga turtdi:
– Bo‘ldi, tur! Tanigan bo‘lsang, ayt!
Qariya asta qaddini tikladi. So‘ng o‘likdan narida yotgan oyoqni olib, o‘z o‘rniga avaylab qo‘ydi-da:
– Tanimadim, – deb pichirladi.
Jandarmlar o‘likni sudrab olib ketishgach, Andjikentda hayot so‘nganday bo‘ldi. Hatto sho‘x bolakaylarning shovqini ham eshitilmay qoldi.

* * *
Qariya shom namozini politsiya mahkamasi yaqinidagi pana joyda o‘qidi. Oftobda qizigan tuproq unga joynamoz bo‘ldi. Qontalash ufq qorayib, atrofga qorong‘ilik cho‘kkanda qariya mahkamaga yanada yaqinroq kelib, o‘g‘lining o‘ligini ko‘rish uchun payt poylay boshladi. Tun og‘ishini, jandarmlarning uyquga ketishlarini sabr bilan kutdi. Yarim kechada mahkama atrofi o‘lik sukunat bag‘riga cho‘mgan onda o‘rnidan asta turdi. Shom tushmay ko‘rgan: o‘g‘lining o‘ligi hovlida do‘mpayib turibdi. Tepasiga eski qop tashlab qo‘yilgan. Qariya hovliga kirgach, kimningdir sharpasi eshitilganday tuyulib cho‘chib tushdi, o‘tirib oldi, atrofga quloq tutdi: jimjitlik… Bu jimlikni bezovta qilmaslik uchun o‘lik sari asta emakladi. Qariya o‘likka yetgach, qopning bir chekkasini ko‘tardi: o‘g‘lining jonsiz yuzini siladi.
Qariya bu yerga faqat o‘g‘li bilan vidolashish uchungina kelmadi. Shaxan Suriyaga ketayotganida otasini bag‘riga bosib, biror kori hol yuz bersa, o‘ligidan bo‘lsa ham tilla tangalarni olishni vasiyat qilgan edi. O‘g‘lining yuzini silayotganida bu vasiyatni unutdi: ko‘zlaridan yosh oqdi. O‘g‘lining bosh tomoniga o‘tirib oldi. Jandarm chiqib qolar, degan qo‘rquv ham ko‘tarildi. O‘g‘lidan ajralgani bir fojia bo‘lsa, uni odam qatorida dafn etolmasligi ming fojia edi. Bechora qariyaning ilvillab qolgan yuragini hozir shu fojia azobi kuydirayotgan edi. U biroz harakatsiz o‘tirgach, uyiga qaytgisi keldi. Lekin keliniga quruq qo‘l bilay qanday ko‘rinadi? Shirin nabirasining qo‘lchasiga tilla tanga o‘rniga nimani tutqazadi? “Peshonam qursin! Kambag‘allikka la’natlar bo‘lsin! – deb pichirladi u:
– Oh, bolam-a, bolajonginam-a, qaysi falokat bilan minani bosding-a? Bu o‘lim kosasini yaratgan shaytonga Ollohning la’nati bo‘lsin!
Andjikent qishlog‘i tomonda besabr xo‘rozlar qichqirib, subhi kozib kirganini ma’lum qilgan onda ham qariya bir qarorga kelolmay, harakatsiz o‘tirgandi. Dabdalasi chiqib ketgan o‘likni yana bezovta qilsinmi? O‘g‘lining yuzini silayotgan titroq qo‘lini tortib oldi. Qaddini ko‘tardi. Bir qadam bosdi ham. Ana shunda o‘g‘li qulog‘i ostida shivirlaganday bo‘ldi:
“Ota, agar Olloh jonimni olsa, tilla tangalarni sizga vasiyat qilaman. Avval og‘zimni ochib qarang. Topilmasa, uni yutib yuborgan bo‘laman, qanaqa qilib bo‘lsa ham oling…”
Qariya to‘xtadi. Qaytdi…

Tohir Malik tarjimasi