Aziz Ziyo. G‘urbatdagi hayotim (hikoya)

ILK TONG

Hayotimdagi birinchi tong… O‘z hayotidagi birinchi tongni kim ham eslay olardi. Axir, o‘sha kuni u hayotga endigina qadam qo‘ygan bo‘ladi-ku! U avval g‘ayrishuuriy, so‘ng esa shuuriy tarzda Yer yuzidagi barcha odamlar kabi o‘zining har tongi va har oqshomini kutib olishni, samoga tikilib yulduzlarni va ayniqsa, shu yulduzlar orasida hilol xira nur sochib, to‘lin oyga aylanguncha unga termilishni boshlaydi.
Lekin men… har holda, hayotimdagi birinchi tongni eslayman. Men hozir umrimning ancha qismini yashab qo‘ygan, bolaligimda ko‘z o‘ngimdan yuzlab tonglar o‘tgan bo‘lsa ham, birinchi tongni hali-hanuz eslayman…
O‘sha tongda, men hayot yo‘limni boshlagan o‘sha soatda yoshim nechada bo‘lganini bilmayman. Erta tongda – quyosh deraza orqali xonaga kirishga talpinayotgan paytda meni uyg‘otishdi. Ular bir nimalar deyi­shar, darhol ko‘z ochishim, issiqqina o‘rnimdan turishim va tez kiyinishimni talab qilishardi. Yonimda jajji bolakay ham bor edi. U ham nuqul turishga intilar, qayoqqadir bormoqchi bo‘lardi. Lekin har safar yiqilib tushar va oyoqlari chalishib ketardi. U, baribir, turishga intilar, beo‘xshov harakatlar qilib, biror narsani ushlab olmoqchidek, hadeb qo‘lini cho‘zardi. Ko‘pincha u habash qizning etagidan ushlab olar, qiz uni turg‘izib qo‘yar, qo‘lidan tutib olar va u bilan u yoq-bu yoqqa yurardi. Bola yig‘lab qichqirsa, ro‘molchani sutga botirib, og‘ziga tutar, shu ro‘molchadan ko‘z uzmas, tiqilib qolib qizarsa, og‘zidan tortib olardi. Faqat o‘sha tongda bildimki, bu tinib-tinchimas zumrasha tug‘ishgan ukam ekan.
Men o‘sha tongdagi ovqat hidini hanuz eslayman. Bu hid mening dimog‘imga toabad o‘rnashib qoldi. Keyinchalik bu ovqatning “hisa” deb atalishi, u ezilgan xurmo va yog‘li yupqa nondan tayyorlanishini bildim. O‘sha tongda hisa pishirayotgan ayol onam ekanini, onamni “aya” demay, “faffam” deganim uchun yelkamdan pastroqqa shapatilagan qari chol – onamning otasi, bobom ekanini angladim.
Bu – xotiramda muhrlanib qolgan birinchi tong edi. Men o‘sha tongda atrofimda bo‘lgan odamlarni yaxshi eslayman: bular – onam, Xadicha xolam, ukamni tizzasiga o‘tqazib olgan habash qiz va yana bir habash ayol edi. Habash ayolning yoshi kattaroq bo‘lib, u quti va sandiqlarni berkitar, ularni va boshqa lash-lushlarni xonalarga olib kirib, eshiklarni qulflar edi. Uning belida qora yung tasmaga bog‘langan kalitlar osilib turardi. Bular ham o‘sha tongni yaxshi eslab qolgan bo‘lishsa kerak, chunki u nafaqat men, balki barcha uchun esda qolarli tong edi.
Men uyimizni qanday tark etganimizni eslayman. Yelkamdan past­rog‘imga shapatilagan bobom bilan birga “faffam” deb bilganim – onamni, yosh bola ko‘tarib olgan ko‘hlikkina xolamni, jimit oyoqchalarini habash qizning beli atrofida silkitayotgan ukamni, sandiqlar va xonalarni qulflab, qora yung tasmaga kalitlarni bog‘lagan habash ayolni, ular bilan birga hidi burnim va dimog‘imga o‘rnashib qolgan, toki ruxsat berishmagunicha bir luqma ham yeyolmaganim “hisa”ni yaxshi eslayman.
Uydan chiqar ekanmiz, qo‘limdan goh onam, goh xolam tutib olardi. Hisa solingan qozon xabash qizning boshida, ukam esa onamning yelkasida edi. Bobom uyni mahkamlab qulfladi, habash ayol turkcha nimalardir deb ho‘ngrab yig‘ladi. So‘ng qo‘llarini osmonga ko‘targancha, bir lahza qotib turdi-da, birdan o‘zini ostonaga tashladi.
Biz borayotgan al-Qufl qo‘chasi tor bo‘lgani uchun bir-birimizning ortimizdan keta boshladik. Bu Madinadagi as-Saha mahallasining ko‘chalaridan biri edi. Men tug‘ilgan uyda onam ham, xolam ham, bir necha tog‘am ham dunyoga kelgan edi. Onam o‘n yoshida vafot etgan bir tog‘amning nomini sira tilidan qo‘ymasdi.
O‘sha kuni biz qandaydir bir joyga borganimizni arang eslayman. Keksa bobom, onam va uning yelkasida o‘tirgan ukam, habash qizdan hisani olgan xolam – hammamiz bir joyga to‘plandik.
Barchaning ko‘zidan yosh oqar edi. Faqatgina bobom yig‘lamas, u bir ochiq eshik oldida turardi. Men bu – uyning eshigi bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, unga yonma-yon boshqa qo‘shni uylar ham bor edi. Shunday eshigi ochiq ko‘pgina uylar qator bo‘lib turardi. Ularning shakl-shamoyili ham, rang-tusi ham bir xil edi. Bular – temir g‘ildiraklar ustidagi uylar edi. Onam, xolam va ukam bilan birga turgan edim, birdan baland ovozda qo‘ng‘iroq chalindiki, bu – juda qo‘rqinchli edi. Men ortimga o‘girilib, bahaybat qora narsa kelayotgani, u ortidagi bor dunyoni berkitib qo‘yganini ko‘rdim. U dahshatli pishqirar, tepasidan burqsib chiqayotgan qora tutun osmon va quyoshni to‘sib qo‘ygan edi. Bu bahaybat narsaning shovqini butun maydonni qoplab oldi.
Keyin birdan chor atrof tinchib qoldi. Bobom qo‘lini habash qizga uzatdi, u bobomga ukamni berdi. Bobom ukamni qo‘liga olib, bir yoniga o‘tqazdi. Keyin onam meni ko‘tarib, bobomga berdi – men bobomning boshqa yoniga o‘tirdim. Bobom yana qo‘lini uzatib, onam va xolamning tepaga chiqishiga yordamlashdi, ular endi yonimizda tikka turardi. Men pastda qolganlar yana ko‘zyoshi to‘kayotganini ko‘rdim. Habash qiz ukamdan ko‘z uzmas, ko‘zlaridan esa duvva yosh oqardi. Uning yonida yana ancha odamlar bor edi. Keyin bilsam, ular bobomni kuzatgani chiqqan do‘stlari ekan.
Biz chiqqan uy har xil xonalarga bo‘lingan, ularning hammasida odamlar bor edi. Bu xonalar chollar, erkaklar, yigitlar, ayollar, qizlar va bolalar bilan, yana har xil qop, sumka, tugun va sandiqlar bilan, o‘tinlar bog‘lami, savatdagi ko‘mir, tag‘in pechkalar bilan to‘lgan edi. Eng muhimi, bu yerda hisa solingan qozon ham bor edi. Unga qarash Xadicha xolamga yuklatilgan shekilli qozon, xolamning qo‘lida edi. Xolamga chetroqdan, oyna yonidan joy ko‘rsatishdi. Ukamni ko‘tarib olgan onam ham uning yoniga joylashdi. Ukamning og‘zida sutda ho‘llangan latta bo‘lmasa ham, negadir jim edi. Bobom meni tizzasiga o‘tqazib, o‘zi sumkalar qalashtirilgan o‘rindiqqa cho‘kdi. Xonamiz oynasidan tashqaridagi odamlarni aniq ko‘rdim, ular hadeb bir nimalar deyar, kimlargadir nasihat qilar, kimlardandir xavotir olar edi. Men o‘shanda bizdek g‘ildiraklar ustidagi uylarni to‘ldirib, jo‘nab ketayotganlar ham, ularni pastda kuzatib qolayotganlar ham ko‘nglidan nimalarni o‘tkazishini anglamas edim. O‘shanda mubham kelajak oldidagi qo‘rquv hissiyu darbadarlikda yurganlarning og‘ir qismati menga mutlaqo noayon edi.
Meni qancha vaqt uyqu elitganini bilmayman, lekin dahshatli zilzila uyg‘otib yuborgani hanuz yodimda. Men ko‘zlarimni ochdim-u, hayratdan qotib qoldim. Yer yurardi! Deraza ortidagi yakkam-dukkam daraxtlar ham, tog‘lar ham, odamlar ham yurardi. Ular yurmasalar ham, tezda ortda qolib ketardi. Men qo‘rquv ichida bobomga boqdim. U uzoqqa termulgancha, ma’yus o‘tirganini va ko‘zidan yosh dumalab, soqoliga tushganini ko‘rdim. U payg‘ambarimizga salavot aytib, Qur’on oyatlarini takrorlardi. Men bu oyatlardan ba’zilarini eslab qoldim, chunki ularni shayx bobom takror va takror aytar edi. “Innallazi farada alayka al-Qur’ana laraadduka ila maad” (“Sizga ushbu Qur’onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga qaytaruvchidir!”).
O‘sha paytda, tabiiyki, uyqumni buzgan zilzila sababini bilmasdim. Shuningdek, nima uchun uy joyida turibdi-yu, lekin deraza ortidagilar – uylar, daraxtlar, uzoqdagi tog‘lar yelib borayotganini tushunmasdim. Nima uchun ular ortda qolayotganini ham tushuna olmasdim. Chunki savqi tabiiy bilan har qanday narsa faqat oldinga qarab harakatlanadi, deya ilg‘ardim.
Lekin shayx bobomdan hech narsa so‘ramadim. Ko‘zidan oqib, soqoliga tushayotgan yoshlar u hozir menga biror narsani tushuntirib beradigan holatda emasligini aytib turardi. Lablari faqat payg‘ambarga salavot aytishu Qur’on oyatlarini takrorlash uchun qimirlardi.
Men onam va Xadicha xolam o‘tirgan yoqqa qaradim, ularning o‘rtasida hisa solingan qozon turardi. Bobom ularning yoniga bormoqchiligimni tushunib, meni ohista yerga qo‘ydi. Ularning yoniga borib, avval ukamga ko‘zim tushdi, u onamning quchog‘ida pish-pish uxlar, onam ukamni hijobi bilan o‘rab olgan edi. Men bu yopinchiqda ham, xolamning hijobida ham ho‘l dog‘larni ko‘rdim. Onamning ham, xolamning ham qo‘lida dastro‘mol bo‘lib, ular dam-badam hijob ostidan ko‘zyoshlarini artardi.
Juda qattiqqo‘l odam bo‘lmish bobomni nimaga yig‘latayotganini tushunmasdim. Bobom shunaqayam qattiqqo‘l ediki, eshik oldida uning qadam tovushi eshitilsa, hamma jim bo‘lib qolardi. Uyda ayollarning g‘ala-g‘ovuri ko‘tarilsa, bobom darrov tayog‘ini ishga solardi. U ayollar ovozini qo‘shnilar eshitib qoladi, deb cho‘chirdi. Ammo bobom urishmayotgan bo‘lsa, unda nega onam bilan xolam yig‘layapti. Men o‘z murg‘ak aqlim bilan tushunib yetdimki, bularning bari shu vaqtda yuz berayotgan voqea – qop, sumka, tugun va sandiqlar ustida o‘tirgan shu odamlarga qo‘shilib, biz qayoqqadir ketayotganimiz bilan bog‘liq. Meni ham qo‘rquv qamrab oldi, endi yig‘lab yuboray deb turgandim, dimog‘imga hisaning hidi urildi-yu, yig‘idan ochlik ustun keldi. Ertalab uyg‘otib yuborishganidan beri hech narsa yemagan edim-da. Lekin hozir kattalarning ko‘ngliga men sig‘armidim, deb yemak talab qilmadim. Noiloj yana bir oz chidashga qaror qildim-da, xolamning pinjiga suqildim. Xolam meni quchog‘iga olib, yumshoq qo‘llari bilan boshimni siladi, men uxlab qoldim.
Ko‘p uxladimmi yoki ozmi, bilmayman-u, lekin meni uyg‘otishganida, barcha dasturxon yozig‘liq stol atrofida o‘tirar edi. Stol ustida hisa solingan qozon, pishloq va bug‘doy noni bor edi. Bobomning oldida choynak turardi, u choy quyib onam va xolamga uzatdi, so‘ng ularga bir donadan oq qand berdi. Shunda ham u tinmay payg‘ambarga salavot aytib, Qur’on oyatlarini takrorlardi. Men och edim, shu sabab tongdan beri ishtahamni qitiqlagan hisa to‘la qozonni oldimga tortmoqchi bo‘ldim-u, afsus, shayx bobom kichiklarga o‘zi ovqat olishiga ruxsat bermaydi-da. Xullas, ovqat solib berishguncha, jim kutishim kerak. Xayriyatki, uncha uzoq kutmadim. Bobom qoshiqni olib, avval bir kosaga hisa soldi, so‘ng yana bir kosaga, undan so‘ng yana bir kosaga. Keyin pishloqdan kesdi, non sindirdi-da, piyoladagi choyga oq qand soldi.
O‘y-xayolim hisada bo‘lib, biz o‘tirgan joy parda bilan to‘silganiga diqqat qilmabman. Shuning uchun ham onam va xolam yuzidagi yopinchig‘ini oldi. Yana bari xuddi uyimizdagidek edi. Lekin stolning qimirlab turishi, pol ostida nimadir taraqlashi davom etardi.
Bobom duo o‘qishdan to‘xtadi-da, bir ho‘plam choy ichdi.
– Madinada yaqinda hech kim qolmaydi. Bularning hammasi poshoning buyrug‘i bilan. U sultondan ruxsat olgandan keyin shunday buyruq bergan ekan, – dedi bobom.
– Lekin Muhammad Said amaki bilan xotini Fotima xola, Abdulqayum amaki bilan rafiqasi Xatun xola ketishdan bosh tortishdi, – dedi onam. – Ular o‘z uylarida qolishdi-ku!
Bobom jilmaydi:
– Posho ularni ketishga majbur qila olmaydi. Ammo ular o‘ziga qayerdan yegulik topadi? Bir oy o‘tmasdanoq shaharda oziq-ovqat qolmaydi. Hamma oziq-ovqat harbiylarga beriladi.
– Hay, mayli, – dedi onam. – Lekin biz qayerga ketyapmiz? Bu odamlar-chi?
– Damashqqa-da, albatta. Sizlarga buni aytganimga bir oydan oshdi.
Xadicha xolam hadiklanib so‘radi:
– Damashqda Abdulg‘anini topa olarmikanmiz ishqilib?
Bobom yana jilmaydi:
– Abdulg‘anini, deysanmi? Qaydam… Uning qayerdaligini bilmayman! Uni topish Zohidni topishdan oson bo‘lmas-ov. Zohid uch oyda qaytib kelaman, deb dom-daraksiz ketdi. Mana, o‘g‘li to‘rt yoshgayam to‘ldi. Zohiddan esa hech bir xabar yo‘q. Seni bo‘lsa, Abdulg‘aniga uzatdik. U – senga amakivachcha, taniyam, joniyam o‘zimizdan, deb o‘yladik. Lekin uyam uydan ketdi, undanam xat-xabar yo‘q.
– Ehtimol urushda halok bo‘lgandir, – deya ovoz chiqarib xayolidan o‘tkazdi onam. – Madinaga shu poyezdda kelganlardan urushda ko‘p odam halok bo‘lganini eshitdik.
– Halok bo‘lganmish? Qaniydi, shu gaplaring rost bo‘lsa! Kofirlarga qarshi urushda shahid bo‘lgan musulmon Alloh Taolo dargohida eng sevimli bandadir. Lekin Zohid Islom universiteti ochgani rossiyalik musulmonlardan pul yig‘ishga o‘sha yurtga ketgan. U haliyam Rossiyada, deb o‘ylayman, yo‘lni berkitib qo‘ygan bu urush tugamaguncha biz uni endi ko‘rmaymiz.
– Abdulg‘aniga kelsak, – bobom choydan ho‘plab, ko‘zlarini pirpiratdi, – uning Xadichaga uylanishiga qancha e’tiroz bildirdim-a. Lekin, nachora, taqdir ekan. Xudo rahmat qilgur onangiz qattiq turib olmaganida bormi… Abdulg‘ani, axir, unga qarindosh edi-da.
Bobom shu so‘zlarni aytgach, ko‘krak cho‘ntagidan dastro‘mol oldi-da, og‘zini artdi:
– Xudo xohlasa, uni Damashqda topamiz. Qayerdaligini biror kimsa aytib qolar.
Shayx bobom sukutga cho‘mdi. So‘ng Xadicha xolamga qaradi. Uning nigohidan xolamga hamdard ekani bilan birga uning eriga ishonmasligi ham zuhur etib turardi. Onam kosa, choynak-piyolayu qoshiqlarni yig‘ishtira boshladi. Xolam yana ukamni qo‘liga oldi. Bobom o‘rnidan turib, meni joyimizga olib bordi-da, bo‘xchalar ustiga o‘tirib, duo o‘qiy ketdi. Men derazadan sahroga boqdim, uzoqlarda to‘q yashil yoki och qizil rangda tog‘lar, ular boshida esa ahyon-ahyonda bulutlar ko‘rinardi. Ba’zi qoyalarning uchini mutlaqo ko‘rib bo‘lmasdi. Ba’zilari esa dillarni abadiyat sari chorlardi.

POEZDDA MADINADAN DAMAShQQA KELDIK

Damashqda osmondan shaffof toshchalar yoqqan kun esimda qoldi. Bozorda ketayotgan edik, to‘satdan yomg‘ir quyib qolsa bo‘ladimi! Bobom qo‘limdan tutib, usti yopiq bozorga boshlab ketdi. Olomon degani xuddi shu yoqqa qarab chopardi. Yomg‘ir dastlab tomchilab yog‘di, keyin jalaga aylandi, so‘ngra o‘sha shaffof va muzdek toshchalar yog‘di. Men uyga qaytib kelganimdan so‘ng bu toshchalar “do‘l” deb atalishini bildim. Bobom onam va xolamga bu – yomon belgi ekanini, bu – Alloh qahri ekanini aytdi. Bobom avval ko‘kdan muz yoqqanini hech ko‘rmagan ekan. Onam va xolam juda qo‘rqib ketishdi-da, “Allohning biz bandalariga rahmi kelsin!” deya duo qilishdi. So‘ng bobom joynamoz ustida namoz o‘qiy boshladi. Onam va xolam uyda jimlik saqlab turdi. Biri ukamni xonadan olib chiqib ketdi, ikkinchisi tushlik ovqat tayyorlashga unnadi.
Dasturxon atrofida tushlik ovqatga to‘planganimizda, men shayx bobomning ikki kundan keyin Hamaga jo‘nab ketishimiz haqidagi gapini eshitdim. Bu safar ham poyezdda yo‘lga chiqar ekanmiz. Men juda xursand bo‘ldim, chunki Madinadan poyezdda safar qilganimizni hali unutmagan edim, hech qachon unutmasam ham kerak. Eng unutilmas taassurotim poyezdda bolalar ko‘p bo‘lgani va menga ular bilan o‘ynashga ruxsat berishgani edi. Ayniqsa, poyezd biror stantsiyaga kirib kelayotgani, bu stantsiyada uzoqroq to‘xtab turishi e’lon qilinganda rosa mazza bo‘lardi. Kattalar o‘z ishlari bilan ketishar, biz esa sandiq, sumka va savatlar orasida rosa yugurardik. Agar kattalar ruxsat berishsa, to‘g‘rirog‘i, tushib-chiqishimizga yordamlashsa, pastda – ko‘chada qum va shag‘al ustida ham o‘ynardik. Men uchun bolalar bilan o‘ynashdan ham ko‘ra yoqimliroq mashg‘ulot hisa edi. Poyezddan tushganimizdan buyon hisani sira ko‘rmadim, hatto hozir shu das­turxonda ham hisa yo‘q edi. Men ikki kundan keyin yana poyezdga chiqsak, hisa ham bo‘ladi, deb qattiq ishonardim.
Bobom tushlik payti xolamga Damashqda Abdulg‘anini topa olmaganini aytdi. Lekin bir odam uning bu yerda bo‘lganiyu ikki hafta oldin Halabga jo‘naganini eslabdi. Otam Zohid haqida esa hech kimdan hech gap eshitmabdi. Bobom menga yuzlandi-da, boshimni silab turib, Odessadan Istambulga yo‘l haliyam berkliginini aytdi.
So‘ng u onamga dedi:
– Fotima, anavi qopni olib kel. Sizlarga ust-bosh, poyafzal sotib oluvdim.
Onam o‘rnidan turib, xona burchagiga bordi, u yerdan qopni olib, bobomning oldiga qo‘ydi. Qopdan bobom xarid qilgan mollarni olishga yordamlashdi.
– Xavotir olma, – dedi bobom qop ichidan men bilan ukamga boshmoq chiqmagach, – ularga ertaga sotib olaman. Biz Hamidiya bozoriga boruvdik, esimdan qanday chiqdi, bilmayman. Do‘l degani odamning xayolini o‘g‘irlab qo‘ydi-da! Tag‘in nabiramni yo‘qotib qo‘ymay, deb rosa qo‘rqdim, bo‘lmasa, u ham otasidek yo‘qolib qolar edi!
Onam bilan xolam, baribir, xursand bo‘lishdi. Kiyimlarni o‘zlari ham kiyib ko‘rishdi, bizga ham kiygizishdi. So‘ng onam yangi kiyimlarni qayta taxlab qo‘ydi-da, bobomning qo‘llaridan o‘pdi. Xadicha xolam ham bobomning yoniga keldi. Bobom ikkalovini ham quchdi-da, xuddi poyezddagidek, ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. Lekin men ular nega yig‘layotganini tushunmasdim.
Damashqdagi bozor Hamidiya deb atalardi. Bobom kiyim-kechak va po­yafzallarni shu yerdan sotib olgan edi. Ikki taraf qator har xil do‘kon, odam ko‘pligidan orada yurib bo‘lmasdi. Bobomga meni yetaklab yurish noqulay edi. U bir qo‘li bilan meni yetaklab, boshqa qo‘li bilan og‘ir qopni ko‘tarib borardi. Qopni to‘ldirish uchun bobom nuqul ko‘chaning u yuzidan bu yuziga o‘tardi. Biz jala quyguncha shu zaylda yurdik, keyin do‘l yog‘di. Momaqaldiroq guldirab, chaqmoq chaqdi. Har safar “momaqaldiroq” degan so‘zni eshitsam, shu manzara ko‘z oldimga keladi.
Yomg‘ir yog‘ishdan to‘xtamadi, biz esa buni kutmay, ko‘lmaklar ustidan hatlagancha, bozor adog‘iga yugurdik. U yerda bobom ot qo‘shilgan arava yolladi, keyin bilsam, u “faytun” deb atalar ekan. Bobom o‘rindiqqa qopni tashlab, meni aravaga chiqardi. U yonimga o‘rnashib o‘tirgach, cho‘ntagidan dastro‘mol chiqarib, boshim va yuzimni artdi, so‘ng bag‘riga bosib:
– Sovqotmadingmi? Juda sovuq-a? – deb so‘radi.
Arava uzun ko‘cha bo‘ylab ketar, yomg‘ir esa tinay demasdi. Ba’zi odamlar kim nima topsa, shu bilan boshini burkab chopar, ba’zilar uylar devori yoki do‘konlar ayvonchasi ostida yomg‘ir tinishini kutardi. Men bobomning pinjiga suqilib, jimgina borardim. Tanamga issiq yugurdi, ko‘zim yumila boshladi. Saf tortib ketayotgan askarlarni ko‘rganimda, ko‘zlarimni katta ochdim. Yelkalari ortidan temir tayoq chiqib turar, ke­yin bilsam, uni miltiq deyishar ekan. Miltiqdan o‘q otilar emish-da, shu o‘q biror kishiga tegsa, u o‘lar emish. O‘q otilganda yana baland tovush eshitilar emish. Odamlar urush bo‘layotganini shu ovozdan bilarmish. Urush paytida askarlar ham o‘lar ekan, chunki ularga qarata boshqa askarlar o‘q otar ekan.
Askarlar o‘tib bo‘lgach, arava yonbosh ko‘chaga burildi, ko‘prikdan o‘tib, daryo yoqalab ketdi. Daryoning narigi yog‘ida ham ko‘cha bo‘lib, u yerda ham odamlar shoshib borar, chunki yomg‘ir bir tinib, bir yana quyardi.
O‘sha yoqda qandaydir uzun aravalar otlarsiz o‘zi yurib borardi. Bunday aravalarning old qismida – sandiq orqasida bir kishi o‘tirardi – ho‘kizlar ham, otlar ham yo‘q edi! Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin deb, bobomdan so‘ramoqchi edim, qo‘qqis ikkita ot qo‘shilgan katta aravaga ko‘zim tushdi. Uni bir soldat boshqarib borardi. Aravada odamlar jasadi yotardi. Jasadlar shunaqayam ko‘p ediki, boshlari arava chetidan osilib turardi. Men g‘alati qotib qolgan ko‘zlarni ko‘rdim. Ba’zilarining og‘zi ham ochiq bo‘lib, ular atrofida pashshalar uchib yurardi. Boshlar yonida ko‘karib yoki qorayib ketgan yalang‘och oyoqlar ham osilib turardi. Arava silkinganda, bosh va oyoqlar unga qo‘shilib silkinardi.
Meni nima ko‘proq qo‘rqitganini o‘zim ham uncha anglamadim-u, lekin ko‘ksimda shunday qo‘rquv paydo bo‘ldiki, vahimadan qichqirib yuboray dedim. Bobom ko‘zlarimni berkitib, “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” dedi. Arava yonimizdan o‘tib ketgach, u qo‘llarini yuqori ko‘tarib, “Alhamdu lillahi robbil-olamiyn,” deb nido qildi.
Tunda to‘satdan uyg‘onib ketdim. Tashqari hali qop-qorong‘i edi, lekin xira lampa xonani yoritardi – men onamning yuzini ko‘rdim. U mening ustimda engashib turardi. U ko‘chaga chiqqanda kiyadigan hijobda, lekin yopinchig‘i ko‘tarilgan edi. Onamning qo‘lida bobom menga atab bozordan olgan issiq kiyim bor edi. Onamning niyatini darrov anglab, tez o‘rnimdan turdim. Onam uyqusiragan holimda kiyintirdi, oyog‘imga yangi qora yaltiroq tufli kiygizdi. Yarim tunda meni qayoqqa olib ketishyapti? Xolam, bobom va ukam qani? Men shu zahoti xolamning yo‘talgani va ukamning yig‘layotganini eshitdim. Ular bobom bilan qo‘shni xonada edi. Demak, hammalari yarim tunda uyg‘onibdi.
Men onam bilan o‘sha qo‘shni xonaga o‘tdim, hamma chiqishga tayyor bo‘lib turgan ekan. Bobom uyning chetida, joynamoz ustida Qur’on o‘qib o‘tirar edi. U har safar namozdan keyin shu Kitobni o‘qirdi. Ba’zan Qur’onni onam va xolam ham o‘qir edilar. Bu xonada katta lampa osilib turardi, uning yorug‘ida bir nechta sumka va savatni ko‘rdim. Poyezdga chiqqanimizda shu savatdan ovqatlar va hisa solingan qozonni olishgan edi.
Demak, yana poyezdda ketamiz, deb xursand bo‘ldim. Yana poyezdda bolalarni ko‘raman, u har bekatda to‘xtaganida, biz sumka, savat va sandiqlar orasida o‘ynaymiz. Bobom meni yana tizzasiga o‘tqazadi, yana deraza ortidagi olis tog‘larni, qo‘ylar podasini, tuyalar karvonini ko‘raman. Yana bekatlarda har xil mazali ovqat, shirinlik, meva, xurmo, tuxum yoki pomidorlar sotayotgan odamlarni ko‘raman. Poyezdda ketayotganlar ulardan biror nima sotib oladi, oldingi gal bobom ham sotib olgandi. U shirinlikni avval menga tutgan, keyin esa onam, xolam va ukamga nasiba bergandi. Yonimizda bolalar o‘ynayotgan bo‘lsa, ularni ham chaqirib, ularga ham berardi. Keyin jilmayib, boshi va yuzini silab qo‘yardi. Deraza tomonga qarab, o‘zicha “Yo Rab!” der edi.
Men poyezddagi bu galgi safarimizni ham shunday xayol qilardim. Biroq ungacha hali ancha vaqt bor edi.
Damashqdagi biz yashagan uyda uzun yo‘lak bo‘lardi. U devorga o‘rnatilgan mash’ala bilan yoritilardi. O‘sha kuni saharda, to‘g‘rirog‘i, yarim kechasi bobom shu yo‘lak oxirida turib, notanish bir kishi bilan baland ovozda tortishdi, u kishi bobomni jerkib berdi. Birdan mash’ala o‘chdi-da, hamma yoq qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Endi qorong‘ilik qa’ridan haligi notanish kimsa va bobomning baqir-chaqiri eshitilardi. Vaziyat qo‘rqinchli, vahimali edi. Onamning qo‘lida ukam chirqirab yig‘ladi. Uning yig‘isi anavi odam bilan bobomning baqir-chaqirini bosib ketdi. Faqat onam va meni qo‘limdan mahkam ushlab turgan xolam jim turardi. Keyin eshik qattiq taqillagani eshitildi, hamma yoq jim bo‘lib qoldi. Eshik ochilib, tonggi yorug‘liqda bir soldatni ko‘rdik. U bobomni so‘radi. Bobomni ko‘rsatishgach esa, u bilan qo‘lini siqib so‘rashdi va qandaydir paket uzatdi. Soldat hali ketib ulgurmagan ediki, eshik oldida arava paydo bo‘ldi. Aravakash o‘rindiqdan sakrab tushdi-yu, bobom bilan so‘zlasha ketdi, so‘ng jomadon va savatlarni aravaga yuklashga tutindi. Bobom hozirgina o‘zi bahslashib turgan kishiga o‘girildi. U bo‘lsa bobomni qattiq quchoqladi-da, dahlizda qolgan lash-lushlarimizni yuklashga unnadi.
Aravaga o‘tirgan zahotimiz bobomning kuchog‘iga joylashib, shu ondyoq uxlab qoldim. Keyin bobom meni vagonga olib kirayotganida uyg‘ondim. Men boshimni u yoq-bu yoqqa burib, atrofga alanglay boshladim, biroq Damashqqa kelayotganimizdagi bolalardan hech birini ko‘rmadim. Buning ustiga, jomadon va savatlarimiz orasida hisa solingan qozon yo‘q edi! Avvalgi safar deraza yonidagi o‘rindiqda ketgan bobom ham endi poldan joy egallagandi. U meni quchog‘iga o‘tqazdi. Bu vagonda to‘siqlar ham yo‘q. Shuning uchun bobom va men onam bilan xolamni boshqalardan to‘sish uchun oldinda o‘tirdik. Ayollar yuzini, odatdagidek, hijob bilan to‘sib olgandi. Ularning quchog‘i yoki tizzasida kichkina bolalari o‘tirar, bu bolalar tinmay hiqillardi. Shu paytgacha xolamning qo‘lida uxlab kelgan ukam ham endi hammadan ko‘ra balandroq yig‘lardi. U nuqul onamning ko‘kragi tomon qo‘lchalarini cho‘zar, onam esa har gal ularni itarib tashlar, shunda ukamning yig‘isi yanada avjiga chiqardi.
Nihoyat, parovozning uzoq hushtagi chalindi. Men hademay poyezd bir silkinib yurib ketishini, shu tobda kimlardir stantsiyada ko‘zyosh bilan yaqinlarini kuzatayotganiyu yana kimlardir meva va shirinliklar sotayotganini bilardim. Vagonda nafaqat to‘siq, balki deraza ham yo‘q edi, shu bois men kuzatayotganlarni ko‘rolmadim. Shunda bu gal odamlar, garchi o‘z joyida tursa ham, orqaga qarab ketishi, daraxt va tog‘lar ham shu taxlit harakatlanishini ko‘ra olmasligimni angladim. Albatta, bu hol meni xursand qilmadi, lekin hisa solingan qozon yo‘qligi ko‘proq xafa etdi.
Vagon eshigi yopilgach, poyezd yura boshladi. Pastda hamma narsa taraqlashi, tepada esa titrashi bilan bolalar yig‘isi ham tindi. Vagon shunaqayam silkinar ediki, asti qo‘yaverasiz. Bobom har galgidek, duo o‘qib, zikr aytardi. Men esa uxlab qoldim. Qancha uxlaganimni bilmayman, lekin bobom tizzasidan olganda, birdan uyg‘onib ketdim. Shundan so‘ng bobom shoshib o‘rnidan turdi-yu, doim yonida olib yuradigan qutichasini ochib, ichidan kichkina shisha idish oldi-da, vagonning narigi chetida odamlar to‘planib turgan joyga bordi. Ularning ba’zilari yuzida savol va xavotir alomati bo‘lsa, ba’zilari: “Allohdan o‘zga kuch-qudrat yo‘q!” deb pichirlar edi. Boshqalari: “U yetib bormasdan o‘lishi mumkin” desa, yana birlari “Agar u o‘lib qolsa, borganimizda hammamizni karantinga tiqishadi”, derdi.
Men bir ayol jon berayotganidan bo‘lak hech narsani tushunmadim. Agar biror inson o‘lsa, uning uzoqlarga olib ketishlarini bilardim. Lekin u joy qayerdaligini bilmasdim. Menga u joy “jannat” deb atalishi, u yer judayam yaxshiligi, chiroyli gul va daraxtlar o‘sishi, suvlar mo‘lligi va jannat qushlari borligini aytishgandi. Menga Hamida buvim vafot etganlarida shunday deyishgandi. Uni ham o‘sha yerga olib ketishgan edi.
Men o‘rnimdan turib, bobom ketgan yoqqa qaradim. U yerda ikkita erkak, bir bola va bir ayol polda yotgan xotin ustida engashib turardi.
– Alloh qudratlidir! – dedi onam xolamga. – Damashqda ko‘p odamlar o‘ldi. Aytishlaricha, bu kasallik biror uyga kirsa, boshqalarni ham olib ketarmish.
– Alloh qudratlidir! – deya qaytardi xolam.
Bobom tezda yonimizga qaytdi-yu, yuzida tabassum bilan dedi:
– Xudoga shukur, qo‘rqinchli hech gap yo‘q! U ayolning boshi aylanibdi, xolos. Homilador ekan, safar mashaqqatlaridan charchagan-da…
Bir necha daqiqadan so‘ng onam xolamning qulog‘iga shivirladi:
– Sen qalaysan, Xadicha?
– Xudoga shukur!
Xadicha xolam xo‘rsindi. So‘ng ukamga qarab, peshonasidan o‘pdi, bag‘riga bosib, yana qaytardi:
– Xudoga shukur!
Men esa o‘tirgan joyimda jannat haqida o‘ylardim. Nega odamlar o‘lgan odamni o‘sha yerga olib borishganda o‘zlari ham shu joyda qolmasligi menga tushunarsiz edi. Nega ular o‘lganni o‘sha yerda qoldirib, o‘zlari qaytib keladi? Hamida buvimni ham o‘sha yerga tashlab kelishgan. Nega buvimning chilimini ham birga olib borishmagan? Bir kuni chilimni yerga tushirib yuborganimda, uning cho‘g‘lanib turgan o‘ti yerga sochilib ketganini esladim. O‘shanda men o‘zimni polda suyukli chilimini chekib o‘tirgan buvim quchog‘iga otgan edim.

DAMAShQDAN – HAMAGA:
Otam Zohid va xolamning eri Abdulg‘anini izlab

Hozir men Damashqdan Hamaga qilgan safarimizni deyarli eslayolmayman. Faqat bizni stantsiyadan as-Sobuniyning uyigacha olib borgan “faytun” aravani eslayman. Aravakash turk edi yo turk tilida gapirardi. Bobom u bilan qanday tanishgani yo u bobomni qayerdan tanishini bilmasdim. Bu arava as-Sobuniylar oilasiga tegishli arava ekanidan xabarim bor edi. Men o‘sha arava ularning darvozasi oldida turganini ko‘p marta ko‘rgandim. Biz ikkita xonaga joylashdik. Bu xonalar derazasi katta hovliga qaragan, hovlida esa bog‘ bor edi.
Uyda yana ko‘pgina boshqa xonalar ham bo‘lib, ularda juda ko‘p odamlar yashardi. Vaqt o‘tishi bilan men bu kishilarning bari as-Sobuniylar oilasidan ekanini bildim. Ular orasida qari chol va yosh yigitlar, bola-baqralar, qari kampir va yosh juvonlar bor edi. Bobom onam va xolamni mening sho‘xliklarimdan ogohlantirib, biz bu yerda mehmonligimiz, demak, o‘zimizni odobli va kamtar tutishimiz, hech kimni xafa qilmasligimiz lozimligini ta’kidlardi.
O‘sha uyda qancha mehmon bo‘lganimizni eslayolmayman. Lekin xotiramda Bashir hoji ismli muhtaram bir qariya siymosi saqlanib qoldi. Bashir hoji uyga shomga yaqin qaytar, u hovliga kirgan zahoti hamma o‘smir, qiz va bolalar unga peshvoz chopar va qo‘lini o‘pardi. Bashir hoji ularning yelkasiga qoqib qo‘yar, bolalarni quchoqlar va ularga qo‘shilib kular edi. Keyin katta qiziga o‘girilib:
– Shayx shu yerdami? – deb so‘rardi.
U bobomni “shayx” deb atardi. Bobom asr namozidan qaytganini eshitgach, u joylashgan xona sari shoshardi. Ular uzoq suhbatlashib o‘tirar, Allohga hamdu sano aytishar va bir-biriga nimalarnidir hikoya qilib berishardi. So‘ng shom namozini jamoa bo‘lib o‘qishardi, Bashir hoji imom bo‘lar, namozda oiladagi barcha o‘smirlaru o‘g‘il bolalar qatnashar edi. Shundan so‘ng qorong‘i tushar, uyda lampa va mash’alalar yoqilar, o‘smirlar va o‘g‘il bolalar xonani tark etar, oqsoqollar yana ikkovlon xuftongacha yolg‘iz qolardi. Xufton namozidan so‘ng hamma kechki ovqatni tanovul qilgani boshqa xonada yig‘ilardi.
Ovqatlar orasida shundaylari bor ediki, ularni eslasam, hali ham so‘lagim oqadi. Ularning “kubba” deb ataladigani bo‘lardi, biz uning har xil turidan tatib ko‘rdik, yana “mag‘mum” va “Dovud posho” degani ham bor edi. Nonushtaga tortilajak taomlardan “shanjalish” deb ataladigan jigarrang “zo‘ldircha”larni, qaymoq va zaytun yog‘ini ko‘proq eslab qolganman.
Men Hamadagi as-Sobuniylar oilasi bilan Madinadan kelgan bobom o‘rtasida qanday aloqa borligini bilolmasdim. O‘zim guvohi bo‘layotgan voqealar, onam va xolam, ular va bobom o‘rtasidagi suhbatlardan qulog‘imga chalingan gaplar ma’nosini chaqishga hali kichkina edim. Ular menga topishmoq bo‘lib tuyular, nuqul ularni topishga urinardim. Bobom Madinadagi “posho”yu Istambuldagi “sulton” haqida, Madinada yashayotgan va Damashqqa ko‘chayotgan odamlarning oziq-ovqati “posho” buyrug‘i bilan soldatlarga berilayotgani haqida ko‘p gapirardi. Men odamlardan “urush” degan so‘zni va shu urush sabab bu yerga ko‘chganimizni ko‘p eshitardim. Lekin u haqda kam o‘ylardim. Mendan faqat bir narsa talab qilinardi: bobom qayerga borsa, men u bilan birga borishim kerak edi. Bundan tashqari, men onam va xolamning, bu uydagi kattalarning, ular kim bo‘lsa ham, qayerda bo‘lsa ham – ko‘chadami yoki as-Sobuniylar oilasidami – aytganini qilishim zarur, chunki ular kattalar edi. Kattalar aytganiga quloq solishim kerakligini onam menga qichqirib uqtirardi. Agar biror katta odamning aytganini qilmasam, onam darhol baqirib berardi. Bu esa menga g‘alati ko‘rinar edi.
Meni yana ko‘pgina g‘alati narsalar qurshab olgandi. Masalan, “posho” va “sulton” so‘zlari xotiramga qattiq o‘rnashib qolgan. Men “sulton” siymosini ko‘z oldimga aniq keltirardimmi-yo‘qmi eslolmayman-u, lekin “posho” siymosini aniq ko‘z oldimga keltirardim. U mening ko‘z oldimda Madinadagi murg‘aklik paytlarimda ham, bir joydan boshqasiga darbadar ko‘chib yurganimizda ham, keyinroq o‘zim katta odam bo‘lganimda ham aniq gavdalanardi. Posho deyilsa, doim katta hokimiyat egasi bo‘lgan oliymaqom va qudratli shaxs yodga olinardi. Chunki odamlar qachon u haqda gapirmasin, doim ovozida unga nisbatan hurmat va tavoze, hadik va qo‘rqinch sezilib turardi. U odamlarga Madinadan keting, deb buyruq bergan edi. Qora tutuni osmonni qoplagancha, temir yo‘l uzra chopadigan, quloqni tom bitkazgancha, cho‘ziq gudok chaladigan poyezd ham ana shu poshoga tegishli edi. Shu poyezdga madinaliklar chiqib o‘tirishiga, avval Damashq, keyin Hama, undan esa yana allaqaysi yurt va shaharlarga jo‘nashiga buyruq bergan shu posho edi. Shubhasiz, u buyuk va qudratli edi, bu borada u boshqa biror kishi yoxud Allohning boshqa bandasiga qiyoslab bo‘lmas janob edi.
Avval ham aytganimdek, biz Hamadagi as-Sobuniylar uyida necha kun mehmon bo‘lib turganimizni eslayolmayman. Lekin bobom o‘zimizga yangi uy topgani va unga yaqin orada ko‘chib o‘tishimizni aytgan kun xotiramda yaxshi saqlanib qolgan. U yana turkchalab bir nimalar dedi, lekin men bu gaplarni tushunmadim. Biroq onamning rosa xursand bo‘lganini ko‘rdim. U xolamga xushxabarni aytishga shoshildi: xayriyat, o‘z uyimizga ko‘chib o‘tyapmiz!
Xadicha xolam homilador, oy kuni yaqin edi, u bir oz betob bo‘lgan, zaif va rangi oqargan edi.
– Qachon ko‘chib o‘tarkanmiz? – deb so‘radi u onamdan.
– Yaqinda, ehtimol uch kundan keyindir. Hozir otam bilan bozorga borib, ko‘rpa-yostiq, choyshab, qozon-tovoqlar sotib olamiz.
– Yaxshi. O‘zing o‘sha uyni ko‘rdingmi?
– Yo‘q hali ko‘rmadim. Bugun ko‘rgani boraman. Otam aytdilarki, u al-Asa daryosi yaqinida emish, uyning to‘rtta xonasi bor ekan. Bitta xona katta mehmonlar uchun, yana bitta xona otamning o‘ziga, qolganlari – bizga. Bilasanmi, Xadicha, yangi uyda bog‘cha va suvi chuchuk quduq bor ekan. Biz undan xuddi Madinadagi bog‘imiznikidek suv chiqaramiz.
– Menga Madinani eslatma. Har safar tunda charxpalak ovozini eshitganda, bog‘imizdagi suvg‘ildirakni eslayman. O‘sha tovushning xuddi o‘zi. Ey Xudo, biz qachon Madinadagi uyimizga qaytamiz-a?
– Allohning rahmati buyuk! Otam aytdiki, olti oy, ko‘pi bilan yetti oyda urush tugarmish.
– Ey Xudo! O‘shanda Zohid bilan Abdulg‘ani ham qaytib keladi-a?
– Ha, esim qursin, hali senga aytmabman-ku! Otam Abdulg‘ani haqida eshitibdi. U hozir Halabda emish.
– Halabda? Halab qayerda?
– Buni o‘zim ham bilmayman. Lekin otam aytdiki, Abdulg‘aniga xat yozib yuboribdi. U xatni olgach, albatta javob yozadi, hol-ahvolidan xabar beradi.
– U nega Halabda ekan?
– Chunki u – erkak, Xadicha. U – yosh yigit. Sulton esa barcha erkaklarni yoniga chaqiryapti – nasroniylar va kofirlar ustidan g‘alaba qozonish uchun!
– Demak, Abdulg‘ani sulton uchun jang qilyapti ekan-da?
– Yo‘q, u jang qilayotgani yo‘q. Lekin o‘zing bilasan-ku, u poyezdni yaxshi tushunadi. Ehtimol, temir yo‘lda ishlayotgandir.
– Men har kuni Damashqdan keladigan poyezd gudogini eshitaman. Nima deb o‘ylaysan, Abdulg‘ani bizni ko‘rgani kelarmikan? Biz ham uning diydoriga to‘yardik.
– Ehtimol. Lekin u bizning bu yerda, Hamada ekanimizni bilmaydi-ku!
– Ha, bu – to‘g‘ri! U Damashqda bo‘lganimizni ham bilmasa kerak. Endi esa bu yerlarga kelib qoldik.
– U qayerdanam bilsin? Lekin otam xat yozib yuboribdi. Yaqinda hammasi ma’lum bo‘ladi.
– Nima deb o‘ylaysan, otam unga homiladorligim haqida ham yozganmikan?
– Bilmadim, Xadicha. Lekin otamdan albatta so‘rab boqaman.
Shu payt onam suhbatini bo‘ldi-da, menga o‘girilib:
– Sen bu yerda nima qilib o‘tiribsan? Yoki gapimizga o‘g‘rincha quloq solyapsanmi? Abdulg‘afur qani? – deb so‘roqqa tutib qoldi.
Abdulg‘afur – mening ukam. Bu paytda u atak-chechak yurib qolgan edi. Sira bir joyda turmasdi. Faqat onam ukamni emizganda yoki xolam oyoqlarini uzatib, ustiga yostiq qo‘yib, uni shu yostiqqa yotqizib, chapga-o‘ngga tebratganida tinchir, xolamning allasiga quloq tutardi. Xolam “Uxlab orom olgin kichkintoyim, tuyaqushning patlarida”, deb alla aytardi. U bo‘lsa xolamning oyoqlari ustidagi “karavot”da pish-pish uxlab qolardi.
Onam menga Abdulg‘afur xonalarda yugurgani yoki hovliga chiqqanida unga qarab turishimni tayinlagan edi. Biz uning tashqaridagi biror hovuzchaga tushib ketishidan qo‘rqardik.
Hozir “uyimizga” ko‘chib o‘tishga necha kun ketganini eslayolmayman. Onam va xolam o‘sha uyni “uyimiz” deb atardi. Ukamga ko‘proq Xadicha xolam qarar, chunki bobom yangi uyimizga mebel sotib olgani meni o‘zi bilan birga olib ketardi. Onam ham biz bilan birga borardi.
Uy istaraligina edi. Asa daryosi qirg‘og‘idagi boshqa binolardan uni mevali bog‘ ajratib turardi. Bu boqqa yonboshdagi eshikdan kirish mumkin edi. Bobom bu eshikdan begonalar kirmasligi uchun uni mixlab tashlamoqchi bo‘ldi, ammo onam uni tamba o‘rnatishga zo‘rg‘a ko‘ndirdi. Onam menga u yerga yolg‘iz qo‘yib yubormasligini, albatta, kattalardan birortasiga qo‘shib jo‘natishini uqtirdi.
Bundan tashqari, uyimiz oldida o‘z bog‘chamiz ham bor edi. Bu bog‘chada atirgul va mirt deb ataluvchi mevasi shirin daraxtlar o‘sar edi. Yana bu yerni nargiz va boshqa har xil gullar qoplagandi – ular chor-atrofni sahar va oqshomda xush bo‘yga to‘ldirardi.
Quduqdan suv chiqaruvchi jihoz bobom uni ishlatgan zahoti meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Suv otilib chiqib, jajji hovuzchaga tushardi. Bu – menga yoqib qolgan yangi “o‘yinchoq” edi. Yangi uyga ko‘chib kelganimizda, uni maza qilib o‘ynayman, deb orzu qila boshladim.
As-Sobuniylar uyini tark etgan kunimizni hozirgacha eslayman. Bashir hojining Asma ismla katta qizi ko‘zyoshi to‘kib, onam bilan uzoq xayrlashdi. U Xadicha xolamga “doya” va tug‘uruq haqida gapirdi, tag‘in qo‘rqib o‘tirmang, bari yaxshi bo‘ladi, deya tayinlab, ko‘nglini xotirjam qildi.
Ketar chog‘imiz Bashir hoji, uning qiz va nabiralari bizni darvoza oldigacha kuzatib qo‘ydi. O‘sha lahzada ular bizni qanchalik yaxshi ko‘rishini his qildim. Ular bizning ketayotganimizdan afsusda edi. O‘shanda men o‘zimga o‘zim savol berdim: nega unda bu yerdan boshqa uyga ketyapmiz? Bu yerda yashash bilan yangi uyimizga ko‘chish o‘rtasida nima farq bor?

Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi