Artur Konan Doyl. Boskom vodiysining siri (hikoya)

Bir kuni ertalab rafiqam ikkovimiz nonushta qilayotsak, oqsoch xotin menga Sherlok Xolmsdan kelgan telegrammani berdi:

«Ikki kungina vaqtingizni ajratolmaysizmi? Boskom vodiysidagi fojia munosabati bilan meni Angliyaning g‘arbiga chaqirtirishibdi. Birga ketsangiz xursand bo‘lardim. U yerning manzarasi, ob-havosi ajoyib. Paddingtondan 11:15 da yo‘lga chiqing».

— Borasanmi? — deb muloyimgina tikilib so‘radi xotinim.

— Qaydam, bilmadim. Hozir bemorlarim juda ko‘p…

— O, Anstruzer ularning hammasini qabul qiladi! Keyingi paytlarda juda charchaganga o‘xshaysan. Safar senga yoqadi. Bundan tashqari, sen Sherlok Xolms qo‘lga oladigan har bir ishga juda qiziqasan.

Afg‘onistondagi lager hayotida orttirgan tajribamning aqalli shunday afzalligi bor ediki, men chiniqqan va chaqqon sayohatchi bo‘lib qolgan edim. Safarga oladigan buyumlarim kam bo‘lgani uchun bir zumda sakvoyajimga[1] joyladimu kebga mo‘ljalimdan ilgariroq tushib, g‘izillagancha Paddington vokzaliga jo‘nadim.

Sherlok Xolms platforma bo‘ylab yurar, ustidagi kulrang yo‘l kiyimi bilan movut kepkasi uning ozg‘in va novcha gavdasini yana ham ozg‘inroq va novcharoq qilib ko‘rsatar edi.

— Kelganingiz juda ajoyib bo‘ldi-da, Uotson, dedi u. — Orqa qilishim mumkin bo‘lgan odam yonimda bo‘lsa, o‘zimni butunlay boshqacha sezaman.

Mahalliy politsiya yo hech narsa qilmayapti, yoki yanglish izga tushib qolgan. Siz ikki burchakdagi joyni egallab tursangiz, men bilet olib kelaman.

Biz kupega kirib o‘tirdik. Xolms olakelgan gazetalarni o‘qiy boshladi; u ahyon-ahyonda boshini ko‘tarib, nimalarnidir yozib qo‘yar va o‘y surib qolar edi.

Shu tariqa biz Redingga yetib bordik. Tuyqusdan u hamma qog‘ozlarni g‘ijimlab kattakon qilib yumaloqladi-da, tepadagi yuk to‘riga irg‘itdi.

— Siz bu ish to‘g‘risida hech narsa eshitganmidingiz? — deb so‘radi u.

— Bir og‘iz ham. Bir necha kundan beri gazeta ko‘rmayman.

— London matbuoti u qadar mufassal hisobotlar bosib chiqargani yo‘q. Tafsilotlari bilan tuzukroq tanishish uchun hozirgina gazetalarning hamma so‘nggi sonlarini ko‘rib chiqdim. Bu, aftidan, yechilishi hamisha qiyin bo‘ladigan oddiy hodisalardan biri shekilli.

— So‘zlaringiz bir oz g‘alatiroq eshitilayotibdi.

— Ammo bu haqiqat. G‘ayrioddiy ko‘ringan narsalarda deyarli hamisha sirni ochish imkoniyatini beradigan kalit yashiringan bo‘ladi. Jinoyat naqadar oddiy bo‘lsa, haqiqatni aniqlab olish shu qadar mushkul bo‘ladi… Xullas, marhumning o‘g‘liga jiddiy ayb to‘nkalgan.

— Demak, bu suiqasd ekan-da?

— Ha, shunday deb taxmin qilishayotibdi. Men to ish bilan tanishmagunimcha biron narsa deyolmayman. Lekin masalaning qay yo‘sinda ekanligini qanday tasavvur qilayotganimni bir-ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib beraman sizga…

Boskom vodiysi — Xirfordshirda, Ross yaqinidagi qishloq bor joy. O‘sha atrofdagi eng katta yer egasi — mister Jon Tener. U Avstraliyada sarmoya orttirib bir necha yil muqaddam yurtiga qaytib kelgan. U o‘z fermalaridan biri Xazerleyni mister Charlz Mak-Kartiga ijaraga bergan. Unisi ham sobiq avstraliyalik. Ular mustamlakalarda tanishganlar, shuning uchun yangi joyga ko‘chib kelgach, bir-birlariga yaqinroq o‘rnashganlariga ajablanmasa ham bo‘ladi. To‘g‘ri, Tener badavlatroq, shuning uchun ham Mak-Karti uning ijaradori bo‘lib qolgan, ammo ular do‘stona munosabatlarini buzmagan bo‘lsalar kerak. Mak-Kartinning sakkiz yashar o‘g‘li, Tenerning esa u bilan tengqur bittayu bitta qizi bor, ikkala cholning ham xotinlari o‘lgan. Ular, aftidan, ingliz oilalari bilan tanishishdan qochganlar, tanholikda umr kechirganlar, zotan ota-bola Mak-Kartilar sportni sevar, yaqin orada bo‘ladigan poygalarga o‘qtin-o‘qtin borib turar ekanlar. Mak-Kartilarning xizmatkori va oqsochi bor ekan. Tenerning xo‘jaligi katta bo‘lib, besh-olti xizmatkori bor ekan. Bu oilalar haqida bilib olishga muvaffaq bo‘lganlarim shular, xolos. Endi sodir bo‘lgan hodisaga kelaylik.

Uchinchi iyun kuni, ya’ni o‘tgan dushanbada, Mak-Karti kunduz soat uchda Xazerleydagi uyidan chiqib, Boskom kamariga qarab yo‘l olgan. Bu Boskom vodiysidan oqib o‘tadigan jilg‘a toshganidan paydo bo‘lgan kichikroq bir ko‘l. Ertalab u Rossga borib xizmatkoriga juda shoshib turganini, soat uchda muhim bir uchrashuvi bor ekanligini aytgan. U o‘sha uchrashuvdan qaytib kelmagan.

Xazerley fermasi bilan Boskom kamarining orasi chorak milya keladi. Mak-Karti o‘sha yoqqa ketayotganda uni ikki odam ko‘rgan ekan. Birinchisi kampir, uning nomi gazetalarda eslanmagan, ikkinchisi mister Tenerning o‘rmonchisi

Uilyam Krauder. Ikkala guvoh ham, mister Mak-Karti yolg‘iz ketayotgan edi, deb guvohlik bergan. O‘rmonchi mister Mak-Karti bilan uchrashgach, saldan keyin uning o‘g‘li Jeyms Mak-Kartini ko‘rganini ilova qilishgan. Yigitning qo‘lida miltig‘i bor ekan. O‘rmonchi, u otasi ketgan yo‘ldan ketdi, deb ta’kidlagan. Bu uchrashuv o‘rmonchining xayolidan ko‘tarilayozgan ekan-ku, ammo kechqurun sodir bo‘lgan fojiani eshitgach, hammasi esiga tushibdi.

Ikkala Mak-Kartini Uilyam Krauderdan keyin boshqalar ham ko‘rganlar. Boskom kamarining atrofi qalin o‘rmon bilan qurshalgan, qirg‘oqlari esa qamish bilan qoplangan. Boskom molikonasi darvozabonining qizi, o‘n to‘rt yashar Pesheps Moran qo‘shni o‘rmonda gul terib yurgan ekan. U ko‘lning yaqinginasida mister Mak-Karti bilan uning o‘g‘lini ko‘rganini aytgan. Nazarida ular bir-birlari bilan qattiq aytishayotgandek tuyulganmish. U Mak-Kartining o‘g‘liga o‘dag‘aylab baqirganini eshitganmish. O‘g‘li esa otasini urmoqchi bo‘lib, qo‘l ko‘targanini ko‘rganmish. Qizcha buni ko‘rib esxonasi chiqib ketganidan uyiga qarab yuguribdi, onasiga o‘rmondagi kamar oldida ota-bola Mak-Kartilar bir-birlari bilan janjallashib qolganini, falokat bosib urishib ketishmasa, deb qo‘rqqanini aytganmish. Qizcha shularni aytib ulgurmasdanoq yosh Mak-Karti qorovulxonaga yugurib kirib, otasining o‘rmonda o‘lib yotganini ko‘rganini aytib, darvozabonni yordamga chaqiribdi. U g‘oyatda hayajonlangan, miltiqsiz, shlyapasiz ekan; o‘ng qo‘li bilan yengida ho‘l qon yuqi bor ekan. Unga ergashib darvozabon suv labidagi o‘t ustida cho‘zilib yotgan murdaning oldiga boribdi. Marhumning bosh suyagi allaqanday vazmin, to‘mtoq qurol bilan majag‘langan ekan. Bunday jarohat o‘g‘li miltiq qo‘ndog‘i bilan urish oqibatida yuzaga kelishi mumkinmish. Miltiq marhumdan bir necha qadam narida, o‘t orasida yotganmish. Bu qat’iy dalillar asosida yigitni darhol qamoqqa olishibdi. Seshanba kuni tergovchilar: «O‘ylab qilingan suiqasd», deb dastlabki hukm chiqarishibdi; chorshanba kuni Jeyms Mak-Karti Rossdagi chakana ishlar sudiga chaqirilibdi, sud ishni ko‘rib chiqishni maslahatchilar sudiga havola qilibdi. Tergovchi bilan politsiyaga ma’lum bo‘lgan asosiy faktlar shulardan iborat.

— Bundan qabihroq ishni tasavvur qilish qiyin, — dedim men. Agar qachon bo‘lmasin bilvosita isbotlar jinoyatchini fosh qilgan bo‘lsa, xuddi ana shu ish bunga misol bo‘la oladi.

— Bilvosita isbotlar yanglishtirib qo‘yishi mumkin, — dedi Xolms o‘y surgancha. — Ular bir tomonnigina mutlaqo ravshan ko‘rsatishlari mumkin, ammo siz bu isbotlarni tahlil qilishga qodir bo‘lsangiz, aslida ular bizni ko‘pincha haqiqatga qarab emas, butunlay boshqa tomonga olib ketayotganiga amin bo‘lasiz. To‘g‘ri, hozir ish o‘sha yigitga qarshi qaratilgan: jinoyatchi u bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Biroq, bir to‘da qo‘shnilar, ular orasida yer egasining qizi miss Tener ham bor, yigitning begunohligiga amin ekanlar. Miss Tener sudlanuvchini himoya qilish uchun Lestreydni taklif etibdi, u esingizda bo‘lsa kerak? Lestreyd yigitni himoya qilishni juda mushkul hisoblab, bu ishni menga topshirdi, mana endi ikki o‘rta yashar jentelmen uylarida bemalolgina nonushta qilib o‘tirish o‘rniga soatiga ellik milya tezlikda g‘arbga tomon oshiqmoqda.

— Qo‘rqamanki, faktlar g‘oyat asosli, bu protsessda ustun chiqish uchun imkoniyatlaringiz juda cheklangan bo‘ladi, — dedim men.

— Dunyoda kishini ayon ko‘rinib turgan faktdan ko‘ra aldab qo‘yadiganroq narsa yo‘q, — deb javob berdi Xolms kulib. — Bundan tashqari, biz mister Lestreydga ayon-oshkor bo‘lmagan ba’zi bir oshkora faktlarga tasodifan duch kelib qolishimiz mumkin. Siz meni juda yaxshi bilasiz, buni maqtanchoqlik deb o‘ylamassiz. Men Lestreyd to‘plagan dalillardan foydalanaman, yoki ularni mutlaqo inkor etaman, chunki o‘zi ulardan foydalanish ham, ularni tahlil qilishdan ham g‘oyatda ojiz. Chunonchi, miyamga kelgan birinchi fikrni olib ko‘raylik: menga mutlaqo aniqki, sizning yotoqxonangizning derazasi o‘ng tomonda, ammo mister Lestreydning hatto shunday ochiq-oydin faktni ham payqashiga uncha amin emasman.

— Darhaqiqat, buni qanday qilib bildingiz?..

— Aziz do‘stim, men siz bilan ko‘pdan beri tanishman. Sizga xos bo‘lgan g‘arbiy intizomni yaxshi bilaman. Siz har kuni ertalab soqolingizni olasiz, yilning bu faslida esa quyoshning yorug‘ida yulasiz; yuzingizning chap tomoni o‘ng tomoniga qaraganda yomonroq qirilgan, chapga surilgan sari yomonroq, nihoyat bora-bora pala-partish qirilgan. Yaqqol ko‘rinib turibdiki, yuzingizning bu qismiga narigi tomonga qaraganda kamroq yorug‘ tushgan. Sizga o‘xshagan tartibli odamning hammayoqdan barobar yorug‘ tushib turganda oynaga qarab soqolini chala qirishini aslo tasavvur etolmayman. Men buni kuzatuvchanlik, xulosalar chiqara bilishga oddiygina misol sifatida keltirayotibman. Mening hunarim shundan iborat, bu o‘tkazadigan tekshirishimizda ish berib qolsa ham ajab emas. So‘roq vaqtida ma’lum bo‘lgan bir ikkita mayda-chuyda detallar bor. Ular diqqatga sazovor.

— Nima ekan bular?

— Yosh Mak-Kartini o‘sha zahotiyoq emas, sal keyinroq Xazerleydagi fermaga qaytib kelganidan keyingina qamoqqa olganlar. Politsiya inspektori, siz qamoqqa olindingiz, desa, bu meni sira ham taajjublantirmaydi, men baribir jazolanishga sazovorman, deb javob beribdi u! Uning bu so‘zlari o‘z ta’sirini ko‘rsatib tergovchining ko‘nglidagi oxirgi gumonlar ham barham topibdi.

— Bu iqror bo‘lish-ku! — deb xitob qildim.

— Yo‘q, keyin u o‘zining mutlaqo gunohsiz ekanligini aytibdi.

— Shuncha asosli dalillardan keyin bu shubhali ko‘rinadi.

— Aksincha, — dedi Xolms, — bu qora bulutlar orasida men ko‘rayotgan birdanbir shu’la. Axir u o‘z zimmasiga qanday og‘ir shubhalar tushayotganini bilmasligi mumkin emas-ku. Bordi-yu, qamoqqa olinishini eshitganda u o‘zini taajjublangan yoki g‘azablangan qilib ko‘rsatsa, bu menga nihoyat darajada shubhali bo‘lib ko‘rinardi, chunki shunday vaziyatda bu tariqadagi taajjub yoki norozilik mutlaqo yasama bo‘lardi. Bunday xatti-harakat uning nosamimiyligidan guvohlik berishi mumkin edi. Qamoqqa olinish paytida uning o‘zini soddagina tutishi yo uning mutlaqo gunohsiz ekanligidan, yoinki, aksincha, zo‘r saboti, matonatidan darak beradi. Uning, qamalishga sazovorman, degan javobiga kelsak, bu ham mutlaqo tabiiy, chunki u farzandlik burchini shu qadar unutib, otasiga dag‘allik qilgan, qizaloqning ta’kidlashicha, — uning shohidliklari muhim ahamiyatga ega, — otasiga musht o‘qtalgan. Uning o‘kinib vijdoniy azob chekayotganidan darak beruvchi javobini men jinoiy niyatlar dalili emas, balki odob-axloq belgisi deb bilaman.

Men bosh chayqab:

— Ko‘plarni bunday dahshatli dalillarsiz ham dorga osib yuborishgan, — deb qo‘ydim.

— Gapingiz to‘g‘ri. Ularning orasida gunohsizlari ham ko‘p bo‘lgan.

— Yigitning o‘zi qanday dalillar ko‘rsatibdi?

— Uning dalillari himoyachilarga uncha dalda bermaydi, zotan bir-ikkita ijobiy nuqtalari ham bor. Siz ularni gazetadan o‘qib ko‘rishingiz mumkin

U papkasidan Hartfordshir mahalliy gazetalaridan bir nechtasini olib, sahifalarni bukladi-da, baxtsiz yigit bo‘lib o‘tgan voqealarni dalillab bergan izohlarni qayd etuvchi satrlarni ko‘rsatdi. Men kupening burchagiga o‘tirib olib, diqqat bilan o‘qishga kirishdim. U yerda quyidagi so‘zlar yozilgan edi.

«Shundan so‘ng marhumning yolg‘iz o‘g‘li mister Jeyms Mak-Karti chaqirildi. U quyidagi shohidliklarni berdi:

— Men uch kundan beri uyda yo‘q edim: Bristolda edim, xuddi o‘tgan dushanba, uchinchi kuni ertalab qaytib keldim. Kelsam, otam uyda yo‘q ekan, oqsoch xotin uning otboqar Jon Kobb bilan Rossga ketganini aytdi. Oradan bir oz o‘tgach, otam aravachasning g‘ildiragi g‘ijirlayotganini eshitib derazadan qaragan edim, uning hovlidan g‘izillab chiqib ketayotganini ko‘rdim, qayoqqa ketayotganini bilmasdim. Keyin quyonlar yashaydigan yalanglikni ko‘zdan kechirish uchun Boskom kamariga borishga qaror qildim: yalanglik ko‘lning narigi betida joylashgan. Yo‘lda o‘rmon qorovuli Uilyam Krauderni uchratdim, buni u bergan shohidliklarida aytgan: biroq u meni, otasining izidan quvib ketayotgan edi, deb yanglishadi. Otamning mendan oldinroqda ketayotgani xayolimga ham kelgan emasdi. Kamarga yetishimga yuz qadamcha qolganda «Kou!» degan xitobni eshitdim, otam bilan ikkovimiz odatda bir-birimizni shunday deb chaqirardik. O‘sha zahotiyoq oldinga qarab yugurdim. U kamar yoqasida turgan ekan. U meni ko‘rib juda taajjublandi shekilli, bu yerda nima qilib yuribsan, deb o‘dag‘aylab berdi. Gapimiz g‘ijillashishgacha yetib bordi, urishib ketishimizga ham sal qoldi, chunki otam g‘oyatda jizzaki odam edi. Uning qahr-g‘azabi qaynayotganini ko‘rib, undan nari ketishga qaror qildimu Xazerlay fermasiga qarab yo‘l oldim. Yuz ellik qadamcha ham yurmagan edimki, orqamdam jon achchig‘ida qichqirgan ovozni eshitib yuragim shuvillab ketdi-da, yana orqamga qarab chopdim. Qarasam, otam yerda cho‘zilib yotibdi, boshi yorilgan, joni uzilay deb turibdi. Miltig‘im qo‘limdan tushib ketdi, otamning boshini ko‘tardim, xuddi shu daqiqada joni uzildi. Men marhumning oldida bir necha minut tiz cho‘kib turdim, keyin yordam so‘rab mister Tenerning darvozaboni huzuriga bordim. Darvozabonning uyi boshqalarga qaraganda yaqinroq edi. Otamning qichqirganini eshitib qaytib kelganimda uning oldida hech kim yo‘q edi, uni kim o‘ldirganini tasavvur ham qila olmayman. Uni kamdan-kam odam tanir, chunki u tabiatan odamovi, tund kishi edi. Ammo, har qalay, bilishimcha, uning chinakam dushmanlari yo‘q edi.

Tergovchi: Otangiz o‘limi oldidan sizga hech narsa demadimi?

Guvoh: U ming‘illab bir necha so‘z aytdi-yu, men faqat so‘zga o‘xshagan iborali

payqab qoldim.

Tergovchi: Sizningcha bu nima bo‘lishi mumkin?

Guvoh: Bilmadim. Alaqlagan bo‘lishi mumkin.

Tergovchi: Afsuski men javob berishingizni talab qilishga majburman.

Guvoh: Men bo‘lsam bu savolga javob berolmayman. Sizni ishontirib aytamanki, suhbatimiz keyin yuz bergan mudhish fojiaga mutlaqo aloqasiz edi.

Tergovchi: Buni sud hal qiladi. Javob berishdan bosh tortishingiz maslahatchilar sudining sayyor sessiyasi oldida javob berayotganingizda sizga ziyon keltirishini tushuntirib o‘tirish ortiqcha bo‘lsa kerak.

Guvoh: Har qalay, men javob bermayman.

Tergovchi: Aftidan, otangiz bilan ikkovingiz hamisha bir-birlaringizni «Kou!» deb chaqirib yurgan bo‘lsalaringiz kerak?

Guvoh: Ha.

Tergovchi: Otangiz qanaqasiga hali sizni ko‘rmasdanoq, hattoki Bristoldan qaytib kelganingizni bilmasdanoq shartli chaqiriqni aytib chaqirgan?

Guvoh: (juda xijolat bo‘lib) Bilmadim.

Maslahatchi: Otangizning qichqirganini eshitib yugurib kelgach, uning qaltis yaralanganini ko‘rarkansiz, ko‘zingizga bironta shubhali narsa tashlanmadimi? Guvoh: Arziydigan biror narsani ko‘rganim yo‘q.

Tergovchi: Bu bilan nima demoqchisiz?

Guvoh: Men o‘rmondan yugurib chiqqanimda shu qadar hayajonlangan, qo‘rqib ketgan edimki, otamdan boshqa hech narsani o‘ylamasdim. Har qalay, o‘sha paytda chap tomonimda yerda nimadir yotgani g‘ira-shira yodimda. Nazarimda, allaqanday kulrang libos yotganday edi, ehtimol adyoldir. Bir vaqt o‘rnimdan turib o‘sha narsani ko‘rmoqchi bo‘lib qarasam g‘oyib bo‘lib qolibdi.

— Siz uni yordam so‘ragani jo‘naganingizdan oldin g‘oyib bo‘lgan, deb o‘ylaysizmi?

— Ha, oldin g‘oyib bo‘lgan.

— U narsaning nimaligini aniq aytib berolasizmi?

— Yo‘q, shunchaki, nazarimda u yerda bir narsa yotganga o‘xshab ko‘ringan edi.

— Marhumdan qancha narida?

— O‘n qadamcha narida.

— O‘rmondan qancha masofa berida?

— Taxminan shuncha masofa berida.

— Demak, bu narsa g‘oyib bo‘lganida sizdan yigirma qadamcha narida ekan-da?

— Ha. Men unga orqa o‘girib turgan edim. Shu bilan guvohni so‘roq qilish tugaydi.

— Menga shu narsa ayon bo‘ldiki, — dedim gazetaga ko‘z tashlab, — so‘roq oxirida tergovchi yosh Mak-Kartiga nisbatan mutlaqo ayovsiz bo‘lgan. U o‘g‘lining bergan shohidligidagi ziddiyatlarni — otasi o‘g‘li kelganini bilmay turib uni chaqirganini, shuningdek, otasi bilan qilgan suhbatning mazmunini aytib berishdan bosh tortganini, keyin marhumning so‘nggi so‘zlarini g‘alati izohlaganini juda asosli ravishda ta’kidlagan. Tergovchi ta’kidlab o‘tganidek, bularning hammasi marhumning o‘g‘liga qattiq shikast yetkazishi mumkin.

Xolms qulay divanda cho‘zilib yotganicha, jilmayib shunday dedi:

— Tergovchi bilan ikkovlaringning ham bir kamchiliklaring bor: yigitning shohidliklaridagi hamma ijobiy narsalarni inkor etayotibsizlar. Uning farosatini goh juda zo‘raytirib, goh juda kamaytirib yuborayotganingizni nahotki payqamayotgan bo‘lsangiz? Bordi-yu, maslahatchilarda o‘ziga nisbatan xayrixohlik uyg‘otishga qodir janjal sabablarini o‘ylab topolmagan bo‘lsa — farosatsiz, bordi-yu, marhumning kalamush haqidagi so‘zlarini eslatib, g‘oyib bo‘lib qolgan kiyim haqidagi uydirmani o‘ylab topishgacha borib yetgan bo‘lsa — juda farosatli ekan, demoqchisiz. Yo‘q, ser, men shunday nuqtai nazarga amal qilamanki, yigit aytgan gaplarning hammasi — rost. Bu faraz bizni nimaga olib boradi, hali ko‘ramiz. Endi men cho‘ntakda olib yuradigan Petrarkamni[2] o‘qiyman. Hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib bormagunimizcha — bu ish haqida bir og‘iz ham gaplashmaymiz. Ikkinchi nonushtani Suindonda qilamiz. Meningcha, u yerga yigirma minutdan keyin yetsak kerak.

Biz ajoyib Straud vodiysi va jimirlab turgan keng Severn daryosidan o‘tib, nihoyat, so‘limgina ovloq shaharcha Rossga kirib bordik. Sassiqqo‘zanga o‘xshagan, juda bosiq, pishiq-puxta kiyingan ayyor ko‘zli pakanagina bir odam bizni platformada kutib turardi. Garchand u qishloq joy uchun mos deb yalangqavat jigarrang kamzul va etik kiyib olgan bo‘lsa-da, uning Skotlend-Yardda xizmat qiladigan Lestreyd ekanini bir ko‘rishdayoq payqadim. Biz u bilan «Xirford Armz» mehmonxonasiga borib tushdik, bizga xonalar olib qo‘yilgan ekan.

— Men kareta tayinlaganman, — dedi Lestreyd bir chinnioyoqdan choy ichayotganimizda. — Sizning ishchanligingizdan xabardorman. Axir siz jinoyat sodir bo‘lgan joyga yetib borguncha tinib-tinchiyolmaysiz-ku.

— Bu gaplaringiz uchun shoyon tahsin, — deb javob berdi Xolms. — Endi hamma narsa barometrning nimani ko‘rsatishiga qarab qoldi.

Lestreyd g‘oyatda taajjublandi.

— Fikringizni yaxshi tushunolmadim, — dedi u.

— Barometr nimalarni ko‘rsatayotibdi. Yigirma to‘qqiz, shamol yo‘q, osmonda bir parcha ham bulut ko‘rinmaydi — yomg‘ir yog‘maydi. Mening esa bir quti sigaretim bor, ularni chekib bo‘lishim kerak. Qolaversa, bu yerdagi divan qishloq mehmonxonalarining odatdagi rasvo divanlaridan ko‘ra xiylagina durust. O‘ylaymanki, bugun kechqurun karetadan foydalanolmasam kerak. Lestreyd iltifot bilan kulib qo‘ydi.

— Siz, albatta, gazetadagi hisobotlarni o‘qiganingizdan keyin biron xulosaga kelib qo‘yganga o‘xshaysiz, — dedi u. — Bu ish xuddi charog‘on kundek ochiq-oydin, unga qanchalik chuqur kirib borsang, shunchalik oydinlasha boradi. Lekin, albatta, ayol kishining, ayniqsa go‘zal bir ayolning iltimosini yerda qoldirsa bo‘lmas. U sizning ta’rifingizni eshitgan ekan, zotan men allaqachon qo‘l urgan ishga sizning sira ham bosh qo‘shmasligingizni unga ko‘p marta aytishimga qaramay sudlanuvchini himoya qilish uchun xuddi sizni taklif qilmoqchi bo‘ldi. Yo rabbiy! Eshikka uning ekipaji kelib to‘xtadi.

U shunday deyishi bilanoq xonaga bir qiz yugurib kirdi, men bunday dilbar qizni umrim bino bo‘lib ko‘rmagan edim. Moviy ko‘zlari charaqlar, dudoqlari xiyol ochilgan, yonoqlarida latif nimpushti qizillik o‘ynar edi. Qattiq hayajonlanganidan odatdagi bosiqligini unutib qo‘ygan bo‘lsa kerak.

— O, mister Sherlok Xolms! — deya xitob qildi u, goh unga, goh menga qarab, nihoyat ayollarga xos savqi tabiiysi bilan nazarini do‘stimda to‘xtatib. — Kelganingizdan g‘oyat xursandman! Sizga shuni aytgani keldim. Ishonamanki, Jeymsning gunohi yo‘q. Siz menga ma’lum bo‘lgan narsalar bilan tanishib ishga kirishingiz kerak. Zarracha ham shubhalana ko‘rmang. Biz u bilan bolaligimizdan do‘st edik. Men uning qilmishlarini hammadan ko‘ra yaxshi bilaman, ammo uning ko‘ngli shu qadar yumshoqki chumoliga ham ozor bermaydi.

Jeymsni yaxshi biladiganlarning hammasiga ham unga bunday ayb qo‘yilishi juda tuturuqsiz tuyulayotibdi.

— Umid qilamanki, biz uni oqlashga muvaffaq bo‘lamiz, miss Tener — dedi Sherlok Xolms. Ishoning imkonim boricha harakat qilishga tirishaman.

— Siz hisobotlarni o‘qidingizmi, sodir bo‘lgan hodisalar haqida ma’lum bir fikrga kelib qo‘yganmisiz? Bironta najot yo‘lini ko‘rayotibsizmi? Uning gunohsiz ekanligiga o‘zingiz aminmisiz?

— Men, shunday bo‘lishi mumkin, deb hisoblayman.

— Xayriyat-ey! — deya xitob qildi u boshini mag‘rur ko‘tarib va Lestreydga pisanda bilan tikilib. — Eshitdingizmi? Endi ko‘nglimda ishonch tug‘ildi. Lestreyd kiftini uchirdi.

— Qo‘rqamanki, hamkasabam xulosa chiqarishda shoshilayotibdi, — dedi u.

— Axir u haq-ku. O, men aminmanki, u haq! Jeyms jinoyat qiladiganlardan emas. Otasi bilan bo‘lgan janjalga kelsak men bilaman: u tergovchiga bu to‘g‘rida menga daxldor joyi borligi uchun hech narsa aytmagan.

— Qanday qilib? — deb so‘radi Xolms.

— Hozir biron narsani yashirib qolishning mavridi emas. Jeyms bilan otasi o‘rtasida mening vajimdan katta ko‘ngilsizliklar bo‘lib o‘tgan edi. Jeymsning otasi bizlarning birga turmush qurishimizni istardi. Jeyms bilan biz bir-birimizni hamisha aka-singildek yaxshi ko‘rardik, ammo u, albatta, hali juda yosh, turmushni yaxshi bilmaydi… Shu bilan… xo‘sh… xullas tabiiyki, u uylanishni xayoliga ham keltirmagan edi. Shuning oqibatida janjal chiqib turardi, ishonamanki, bu safar ham o‘shanday janjallardan bo‘lgan.

— Sizning otangiz-chi? — deb so‘radi Xolms. — U sizlarning qovushishlaringizni xohlarmidi?

— Yo‘q, u ham qarshi edi. Jeymsning otasidan boshqa hech kim buni istamas edi. Xolms qizga o‘zining odatdagi sinchkov nazari bilai tikilarkan, uning sarin yuzini tutash qizillik qopladi.

— Bergan ma’lumotlaringiz uchun tashakkur, — dedi u. — Ertaga sizlarnikiga kirsam otangiz bilan ko‘risha olamanmi?

— Doktor bunga ruxsat bermas deb qo‘rqaman.

— Doktor?

— Ha, hali bundan xabaringiz yo‘qmi? So‘nggi yillarda otam sho‘rlik betob bo‘lib yurardi, ammo bu baxtsizlik uni batamom yiqitib qo‘ydi. U yotib qoldi, doktor Villouzning aytishicha, boshiga tushgan bu musibatdan asabi qattiq qaqshaganmish. Dadamni bir mahallar Viktoriyada yashagan paytlaridan beri biladigan kishilardan hayot qolgani mister Mak-Kartigina edi.

— Hm! Viktoriyada? Bu juda muhim gap.

— Ha, oltin konlarida bo‘lgan vaqtida.

— Mutlaqo to‘g‘ri, oltin konlarida bo‘lgan vaqtida, fahmlashimcha, mister Tener sarmoyani ham o‘sha yerda orttirgan bo‘lishi kerak?

— Ha, albatta.

— Tashakkur sizga, miss Tener. Siz menga juda yaxshi yordam berdingiz.

— Ertaga bironta yangilik bo‘lib qolsa, iltimos, xabar qilsangiz. Siz turmaga borib Jeymsni ko‘rsangiz kerak albatta? O, agar ko‘rsangiz, mister Xolms, aytingki, uning gunohsizligiga imonim komil.

— Albatta aytaman, miss Tener.

— Uyga tezroq borishim kerak, chunki dadamning kasali og‘ir. Men bo‘lmasam diqqat bo‘lib ketadi. Xayr, xudo sizga madadkor bo‘lsin!

U xonaga qanday shoshib kirgan bo‘lsa, shunday shoshgancha chiqib ketdi, mana, yo‘lga tushgan ekipaj g‘ildiraklarining taraqlashi eshitilmoqda.

— Meni uyatga qo‘ydingiz. Xolms, — dedi kibr bilan Lestreyd bir daqiqa jimlikdan so‘ng, — Nega birovning qo‘ynini puch umidlar bilan to‘ldirasiz? Men bo‘lar-bo‘lmasga erib ketaveradiganlardan emasman-u, lekin siz juda shafqatsizlik qildingiz.

— Men Jeyms Mak-Kartini qutqarish yo‘lini topgandekman, — dedi Xolms. — Sizda turmaga kirish uchun order bormi?

— Ha, ammo faqat ikkovimiz uchun.

— Unday bo‘lsa, men uydan chiqmaslik to‘g‘risidagi qarorimdan voz kechaman. Biz mahbusni bugun kechqurun ko‘ra olish uchun Xirfordga yetib bora olamizmi?

— Bemalol.

— Unda jo‘naymiz! Uotson, siz zerikib qolasiz deb qo‘rqaman, ammo men ikki soatlarda qaytib kelaman.

Men ularni stantsiyagacha kuzatib qo‘yib, shahar ko‘chalarini aylandim-da, nihoyat mehmonxonaga qaytib kelib, chorpoyaga cho‘zildim va oldi-qochdi bir romanni o‘qiy boshladim. Biroq bu qissaning syujeti men ko‘rib turgan mudhish fojia oldida juda ham bachkana edi. Xayolim hadeb kitobdan voqelikka qaytayotganini payqadim. Shuning uchun kitobni xonaning narigi burchagiga uloqtirib yubordim-da, shu bugun bo‘lib o‘tgan voqealar haqida o‘y surib ketdim. Bordi-yu, bu baxtsiz yigitning bergan shohidliklarini mutlaqo haqqoniy deb faraz qilsak, u otasidan yiroqlashib, keyin uning qichqirganini eshitib, yana qaytib kelguncha o‘tgan fursat ichida aql bovar qilmaydigan qanday nogahoniy falokat yuz berdi ekan? Mudhish, dahshatli bir hodisa yuz bergan bo‘lishi kerak. Bu nima bo‘lishi mumkin? Har qalay, vrach bo‘lganligim uchun jarohatning xarakteri bilan tanishsam ish ayon bo‘lsa kerak. Qo‘ng‘iroq chalib, hamma tergov materiallari batafsil bosilgan mahalliy gazetalarning oxirgi sonlarini so‘rab oldim.

Xirurg bergan shohidliklardan aniqlanishicha, uchinchi ensa suyagi va gardan suyagining so‘l qismi to‘mtoq qurol bilan berilgan kuchli zarba oqibatida majag‘lanib ketgan. Shubhasizki, bunday zarba faqat orqa tomondangina berilgan bo‘lishi mumkin. Men boshimdagi o‘sha joylarni paypaslab topdim. Muqarrar, bunday zarba faqat orqadangina berilishi mumkin. Bu ayblanuvchini bir qadar shubhadan xalos qilar edi, chunki janjal vaqtida uni marhum bilan yuzma-yuz turgan holda ko‘rgan ekanlar. Ammo bunga ham ko‘p ahamiyat berib bo‘lmaydi, negaki otasi zarba yeyishdan oldin o‘girilgan bo‘lishi

mumkin. Biroq Xolmsga shuni ham aytish kerak. Undan keyin menga kalamushning eslatib o‘tilishi ham juda g‘alati ko‘rindi. Bu nima bo‘lishi mumkin? Har qalay, alahlash emas. Qo‘qqisdan tushgan zarbadan o‘layotgan odam hech qachon alahlamaydi. Yo‘q, aftidan, u o‘z o‘limini qanday qarshi olganini izhor qilmoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. U nima demoqchi bo‘ldi ekan? Uzoq o‘ylab, bironta mos keladigan izoh topishga urindim. Shunda yosh Mak-Kartining ko‘ziga chalingan kulrang kiyim hodisasini esladim. Chindan ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, demak, qotil qochib ketayotib, biron narsasini, ehtimolki, paltosini tushirib qoldirgan. Yigit marhumning oldida tiz cho‘kkan paytda orqa tomondan kelib, undan yigirma qadamcha narida tushib qolgan narsasini olib ketishdan tap tortmagan. Bu hodisada sirli va aql bovar qilmaydigan narsalar naqadar chalkashib ketgan. Meni Lestreydning fikri taajjublantirmadi, ammo Xolmsning uzoqni ko‘ra olishiga ham ishonardim, undan umidvor edim, shu vaqtgacha menga har bir yangi detal uning yosh Mak-Kartining gunohsiz ekanligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotgandek bo‘lib tuyulardi.

Xolms qaytib kelganda juda kech bo‘lib qolgan edi. U yolg‘iz, chunki Lestreyd shaharda o‘rnashganligi uchun o‘sha yerda qolgan edi.

— Barometr hamon pastga tushayotibdi, deb qo‘ydi u o‘tirayotib. — Hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib bormagunimizcha yomg‘ir yog‘ib qolmasa bo‘lgani! Axir odam bunday ajoyib ishga aqli bilan qalbining butun kuch-quvvatini bag‘ishlashi kerak. Rostini aytsam uzoq yo‘ldan toliqib kelib darhol ishga kirishmoqchi emasdim. Men yosh Mak-Karti bilan ko‘rishdim.

— Siz undan nimalarni bildingiz?

— Hech narsani.

— Ish uncha ravshanlashmadimi?

— Aslo. Men u jinoyatchining nomini biladi, buni yashirayotibdi deb o‘ylagan edim. Ammo endi aminmanki — bu narsa boshqalar uchun qanchalik jumboq bo‘lsa, uning uchun ham shunchalik jumboq ekan. Yosh Mak-Karti uncha aqlli emas, ammo juda yoqimtoy nazarimda u odobli ahloqli yigitga o‘xshaydi.

— Agar chindan ham miss Tenerday barno qizga uylangisi kelmagan bo‘lsa, uning didiga qoyil qolmadim dedim men.

— E, buning zamirida g‘oyatda ko‘ngilsiz bir voqea bor! Qizni juda sevadi. Bundan ikki yil burun, qiz hali pansionda bo‘lib, yigit o‘smir ekanligida nima ish qilib qo‘yganidan xabaringiz bormi? Bu merov Bristoldagi bir bufetchi xotinning tuzog‘iga tushib qolib, u bilan nikoh ro‘yxatidan o‘tgan. Bu haqda hech kim hech narsa bilmaydi, o‘zi jon-jon deb qilishi mumkin bo‘lgan narsa vajidan, shunday qilmayotibsan, deb ta’nalar eshitish unga qanday azob berishini bir o‘ylab ko‘ring-a! Uni shu alam iztirobi chulg‘aganda otasining Tener qo‘lini so‘rash haqidagi talabiga javoban musht ko‘targan ekan. Ikkinchi tomondan, uning o‘zini himoya qila olish imkoniyati yo‘q, hammaning ta’kidlashiga qaraganda, qahri qattiq otasi mabodo bor gapni bilib qolsa, uni umrbod uyidan haydab chiqarishi mumkin ekan. Yigitcha so‘nggi uch kunni o‘zining bufetchi xotini bilan Bristolda o‘tkazgan, otasi uning qayerda ekanligini bilmagan. Ishning shu jihatini eslab qo‘ying, bu juda muhim. Ovi yurishmaganiga, qarangki, boshiga kelgan dovi joniga oro kiribdi. Gazetalardan erini og‘ir jinoyatda ayblayotganlarini bilib, ehtimolki uni tez orada osadilar, deb o‘ylagan bufetchi xotin undan darhol voz kechgan, unga xat yozib, allaqachonlardan beri boshqa qonuniy eri borligini, uning Bermud doklarida[3] yashashini, aslida o‘zining mister Jeyms Mak-Kartiga hech qanday aloqasi yo‘qligini izhor qilgan. O‘ylaymanki, bu xabar yosh Mak-Karti chekkan barcha iztiroblarning ajri bo‘lsa kerak.

— Agar bu gunohsiz bo‘lsa, unda qotil kim bo‘ldi?

— To‘g‘ri, unda qotil kim? Men sizning diqqatingizni shu ikki jihatga tortardim. Birinchisi: marhum kamar yoqasida kim bilandir uchrashishi kerak bo‘lgan, lekin bu odam o‘g‘li bo‘lishi mumkin emas, negaki u Bristolga ketgan, qachon qaytib kelishi esa noma’lum edi. Ikkinchisi: otasi o‘g‘lining qaytib kelganini bilmasidan burunoq «Kou!» deb qichqirgan. Bu protsesning oqibatini hal qiladigan asosiy nuqtalar… Keling, agar maylingiz bo‘lsa, endi Jorj Mereditning[4] ijodi haqida gaplashaylik, hamma ikkinchi darajali ishlarni ertaga qoldiraylik.

Xolms bashorat qilgandek yomg‘ir yog‘madi: bulutsiz yorqin tong otdi. Soat to‘qqizda bizni olib ketgani karetada Lestreyd keldi, biz Xazerley fermasi va Boskom kamariga qarab jo‘nadik.

— Jiddiy xabarlar bor, — dedi Lestreyd. — Aytishlaricha, Xolldagi mister Tenerning ahvoli tangmish, uzoqqa bormasa kerak, deyishayotganmish.

— U juda qari bo‘lsa kerak-da? — deb so‘radi Xolms.

— Oltmishlarga borgan, ammo u mustamlakalarda sog‘ligini yo‘qotgan, anchadan beri jiddiy kasal. Bunda shu ishning ham katta ta’siri bo‘lishi kerak. U Mak-Kartining qadrdon do‘sti, qolaversa, uning chinakam valine’mati ekan. Keyin bilishimcha, undan Xazerley fermasi uchun ijara haqi ham olmas ekan.

— Shunaqa deng! Bu juda qiziq! — deb xitob qildi Xolms.

— Ha-da. Unga har turli yo‘llar bilan yordam berarkan. Bu yerdagilarning hammasi, mister Tener marhumga juda mehribon edi, deydi.

— Nimalar deyapsiz o‘zi! Uncha badavlat bo‘lmagan bu Mak-Kartining mister Tener oldida shu qadar burchli bo‘lishiga qaramay, ularning butun mol-mulkining vorisi bo‘lgan qiziga o‘g‘lini uylantirish to‘g‘risida og‘iz solib yurgani sizga g‘alati ko‘rinmadimi? Yana buni shunday ishonch bilan gapirib yurganki, iltimos qilsa, bas — hamma ish jobajo bo‘lib qoladigandek! Bu g‘oyatda g‘alati. Axir o‘zingizga ma’lum-ku, Tener bu gapga quloq ham solgisi kelmagan, bu haqda qizining o‘zi gapirib berdi. Siz ana shu gaplarning hammasidan deduktsiya metodi bilan qanday bo‘lmasin xulosalar chiqarolmaysizmi?

— Biz deduktsiya bilan ham mantiqiy xulosalar bilan ham shug‘ullanganmiz, — dedi Lestreyd menga ko‘z qisib. — Bilasizmi, Xolms, agar bundan keyin ham faktlar bilan shu tariqa ish ko‘rilsa, haqiqatdan yiroqlashib, tusmollar bilan xom xayollar dunyosiga kirib qolish hech gap emas.

— To‘g‘ri gapga tan berish kerak, — deya bosiqlik bilan javob qaytardi Xolms. — Siz faktlardan juda yomon foydalanasiz.

— Nima bo‘lsa hamki, men siz tushunib yetishingiz juda qiyin bo‘lgan bir faktni tasdiqlab oldim, — deya g‘ijinib e’tiroz bildirdi Lestreyd.

— Ya’ni…

— Ya’ni katta Mak-Kartini kichik Mak-Karti o‘ldirgan. Bu faktni inkor etuvchi hamma nazariyalar — puch gap.

— Xo‘sh, oy shu’lasi mavhum tumandan ko‘ra ravshanroq-ku! — deya kulib javob berdi Xolms. — Yanglishmasam, chap tomonimizdagi Xazerley fermasi bo‘lishi kerak.

— Xuddi o‘zi.

Bu kattagina joyni egallagan, tomi shifer bilan yopilgan ikki qavatli qulay bino bo‘lib, uning kulrang peshtoqini katta-katta sarg‘ish po‘panak parchalari qoplagan edi. Derazalaridagi tushirib qo‘yilgan pardalar, tutun chiqmayotgan mo‘rilari bu uyga ma’yus tus berib turar, go‘yo mudhish jinoyat uning devorlarini butun og‘irligi bilan kelib bosgandek edi.

Biz eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldik, oqsoch xotin Xolmsning talabi bilan xo‘jayinining o‘ldirilgan kuni kiyib yurgan botinkasini, o‘g‘lining o‘sha kuni kiygan oyoq kiyimini ko‘rsatdi. Xolms hamma poyafzalni yetti yoki sakkiz joyidan puxtalab o‘lchadi-da, keyin bizni hovliga olib chiqishlarini iltimos qildi, u yerdan biz egri-bugri so‘qmoq bo‘ylab Boskom kamariga qarab ketdik.

Sherlok Xolms yangigina tushgan izdan borarkan, butunlay o‘zgarib ketgan edi. Beykerstritlik loqayd mutafakkirni biladigan odamlar uni hozir ko‘rsalar taniyolmas edilar. U ma’yuslashib, yuzlari qizarib borar edi. Qora qoshlari chimirilib, ular ostidan ko‘zlari po‘latdek chaqnar edi. Boshi pastga tushib, kiftlari turtib chiqqan, lablari qattiq qimtinib, sermushak bo‘ynidagi qon tomirlari o‘ynoqlab ketgan edi. Burun kataklari ta’qib qiluvchi kushanda sezgisi bilan mast bo‘lgan ovchining burun kataklaridek kerkib turardi. U oldida turgan vazifaga shu qadar cho‘mib ketgan ediki, o‘ziga berilgan savollarga yo mutlaqo javob qaytarmas, yoki g‘ashi kelib g‘ijinar edi.

U o‘rmon va o‘tloqdan Boskom kamariga qarab ketgan so‘qmoqdan indamay jadal yurib borardi. Butun vodiy kabi bu yer ham ovloq, botqoq joy. So‘qmoq va uning maysa bilan qoplangan atrofida ko‘pdan-ko‘p izlar ko‘zga tashlanib turardi. Xolms goh oshiqar, goh to‘xtar edi, bir marta esa iziga shartta burilib, o‘tloq bo‘ylab, bir necha qadam orqaga qarab yurdi. Lestreyd ikkovimiz uning orqasidan ketmoqda edik, iztopar loqayd va e’tiborsiz qiyofada borardi, ayni vaqtda esa men do‘stimni zo‘r qiziqish bilan kuzatardim, chunki uning har bir xatti-harakati ishni xayrli oqibatga olib borishiga ishonardim.

Boskom kamari eni ellik yardcha[5] keladigan qamishzor bilan qurshalgan, Xazerley fermasi bilan mister Tener bog‘ining chegarasida joylashgan kichkina ko‘l edi. Narigi qirg‘oqqa tutashib kelgan o‘rmon uzra badavlat yer egasi istiqomatgohi ustida ko‘kka bo‘y cho‘zgan nayzador qizg‘ish minoralar ko‘zga tashlanib turardi.

Xazerley tomonidagi o‘rmon juda qalin; eng chetdagi daraxtlarni ko‘l atrofini qurshagan qamishlardan eni yigirma qadamcha keladigan nam bosgan o‘tloq ajratib turibdi. Leystreyd marhumning jasadi topilgan joyni aniq ko‘rsatib berdi; yer esa darhaqiqat shu qadar nam ediki, men marhum yiqilib tushgan joyni aniq ko‘rdim. Xolmsga kelsak, uning g‘ayrat va diqqat-e’tibori barq urib turgan chehrasidan toptalgan o‘tloqda ko‘p narsalarni ko‘rganini payqadim. U izni topib olgan tozidek jonholatda uyoqdan-buyoqqa yugurardi, keyin esa hamrohimizga murojaat qildi.

— Siz bu yerda nimalar qildingiz? — deb so‘radi u.

— Butun o‘tloqni xaskash bilan tintib chiqdim. Birorta qurol yoki dalil bo‘ladigan ashyo topmoqchi edim. Ammo siz qanday qilib payqadingizki…

— Xo‘p, bas, vaqtim ziq! Siz chap oyog‘ingizni yon tomonga burib bosasiz, hammayoqda shu chap oyog‘ingizning izi. Sizni hatto ko‘rsichqon ham qidirib topishi mumkin edi. Qamishga borib izlar g‘oyib bo‘layotibdi. Eh, bu qo‘toslar podasi bu yerni payhon qilib tashlaguncha yetib kelganimda ish nechog‘li oson ko‘char edi-ya! Bu yerda qorovulxonadan kelganlar turgan, ular marhumning atrofidagi olti yoki yetti fut[6] joydagi hamma izlarni bosib tepkilab yuborishibdi.

U yonidan lupa olib, yaxshiroq ilg‘ab olish uchun nam o‘tmaydigan plashchiga cho‘zildi-da, bizdan ko‘ra ham, o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek g‘uldiray boshladi:

— Mana bu yosh Mak-Kartining izlari. Bu yerdan u ikki marta o‘tgan, bir marta shu qadar tez chopganki, poshnasining izlari deyarli ko‘rinmaydi, tagcharmi uchining izi aniq tushgan. Bu bergan shohidliklari to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. U otasining yerda yotganini ko‘rgach, yugurgan. Mana bular esa otasining uyoq-buyoqqa yurib turgandagi izlari. Bu nima bo‘ldi? O‘g‘li otasining gaplariga quloq solib, suyanib turgan qo‘ndog‘ning izi. Bu-chi? Ha-ha, bu nima bo‘ldi o‘zi? Kimdir oyoq uchida pusib kelgan! Qolaversa, bu chor burchak, mutlaqo g‘alati botinka. U kelib qaytib ketgan va yana qaytib kelgan — bu gal albatta, paltosini olib ketgani qaytib kelgan. Ammo qayoqdan kelgan?

Xolms ba’zan izni yo‘qotib, ba’zan unga yana to‘qnash kelib uyoqdan-buyoqqa chopardi. Nihoyat o‘rmon yoqasidagi kattakon keksa qayin soyasiga borib yetdik. Xolms qidirgan izini shu daraxt orqasidan topib, yana ko‘ksi bilan yerga yotib oldi, quvongancha qichqirib yubordi. Xolms anchagacha qimirlamay yotdi, xazon bilan quruq shox-shabbani titkiladi, kulga o‘xshagan bir narsani konvertga soldi, yerni lupa orqali ko‘zdan kechirdi, shuningdek bo‘yi yetgan joygacha daraxt po‘stlog‘ini ham ko‘zdan kechirdi. Po‘panak orasida qirrasi g‘adir-budir tosh yotardi; uni olib sinchiklab tekshirdi. Keyin so‘qmoqdan katta yo‘lga qarab ketdi, u yerda izlar yo‘qolgan edi.

— Bu tosh katta ahamiyatga ega, — dedi u yana o‘zining odatdagi gap ohangida. —O‘ng tomondagi kulrang uy qorovulxona bo‘lishi kerak. Men Moranning oldiga kirib, unga ikki og‘iz gap aytaman, bir enlik xat yozaman. Shundan keyin biz mehmonxonaga ikkinchi nonushtagacha yetib olamiz. Sizlar karetaga boravoringlar, orqalaringdan yetib olaman.

O‘n minutlardan keyin biz Rossga qarab ketmoqda edik. Xolms o‘rmondan topgan toshini hamon qo‘lida ushlab kelardi.

— Bu sizni qiziqtirib qolishi mumkin, Lestreyd, — dedi toshni unga uzatib. — Marhum shu bilan o‘ldirilgan.

— Men unda hech narsaning asarini ko‘rmayotibman.

— Asari yo‘q.

— Bo‘lmasa buni qanday qilib bildingiz?

— Uning tagida o‘t o‘sib turgan ekan. Tosh u yerda bir necha kundan berigina yotganga o‘xshaydi. Tevarak-atrofda uning yotgan eski o‘rni esa ko‘rinmaydi. Buning suiqasdda bevosita aloqasi bor. Xullas, boshqa hech qanday qurolning izi yo‘q.

— Qotil-chi?

— U novcha odam, chapaqay, o‘ng oyog‘i oqsaydi, qalin charmli ovchilar etigi bilan kulrang palto kiyib yuradi, mundshtuk bilan Hindiston sigarasi chekadi, Cho‘ntagida o‘tmas qalamtaroshi bor. Yana bir necha belgilar ham bor-u, ammo sizning qidirishlaringizga yordam berish uchun shuning o‘zi ham kifoya qiladi.

Lestreyd kulib yubordi.

— Afsuski, men hamon umidsizligimcha qolganman, — dedi u. — Sizning nazariyalaringiz juda joyida, ammo biz kaltafahm britan maslahatchilari bilan muloqotda bo‘lishimiz kerak.

— Buni hali ko‘ramiz, — deb xotirjam javob berdi Xolms — Sizning metodlaringiz boshqa, meniki boshqa… Darvoqe, men bugun kechqurungi poyezd bilan Londonga qaytib ketsam ham ajab emas.

— Ishlaringizni chala qoldirib-a?

— Yo‘q, tamomlab.

— Ammo sir nima bo‘ladi?

— Sir aniqlandi.

— Jinoyatchi kim?

— Men tasvirlab bergan jentlmen.

— U kim o‘zi?

— Buni bilish juda oson. Bu yerda istiqomat qiluvchilar uncha ko‘p emas.

Lestreyd kiftini qisdi.

— Men bekorchi odam emasman, — dedi u, — chapaqay va oqsoqligigina ma’lum bo‘lgan jentlmenni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lishga hech ilojim yo‘q. Shunday qilsam butun Skotlend-Yardga kulgi bo‘lardim.

— Yaxshi, — deya xotirjamlik bilan javob berdi Xolms. — Bu sirni ochishingiz uchun zarur hamma imkoniyatlarni sizga taqdim etdim. Sizdan hech narsani yashirib qolmadim, siz o‘zingiz ham bu sirli jinoyatni fosh etishingiz mumkin edi. Mana, yetib keldik. Xayr. Jo‘nab ketish oldidan sizga maktub yozaman.

Lestreydni eshik oldida qoldirib, biz o‘z mehmonxonamizga qarab ketdik, u yerda bizni nonushta kutmoqda edi.

O‘z fikrlari bilan band Xolms indamasdi. Uning yuzi mushkul ahvolga tushib qolgan kishining basharasidek tund edi.

— Qani, quloq soling, Uotson, — dedi u stolni yig‘ishtirib olishgach. — Mana bu kresloga o‘tiring. Men sizga o‘zimga ma’lum bo‘lgan uncha-muncha narsalarni aytib beraman. Nima qilishimni bilmay qoldim. Sizdan maslahat olsam, degan edim. Mana cheking, men hozir boshlayman.

— Marhamat.

— Xo‘sh, bu ishni o‘rganish jarayonida bizni yosh Mak-Kartining hikoyasidagi ikki nuqta taajjublantirdi, zotan ular meni yigitning tomoniga og‘dirgan bo‘lsa, sizni unga qarshi qilib qo‘ydi. Birinchisi, otasining o‘g‘lini ko‘rmasdan burun

«Kou!» deb qichqirgani. Ikkinchisi, marhumning jon berayotib kalamushnigina eslagani. Bilasizmi, u bir necha so‘zni ming‘illab aytganu o‘g‘li faqat bittasinigina payqab qolgan. Bizning tekshirishimiz shu ikki nuqtadan boshlanishi kerak. Yigit aytganlarining hammasi haqiqatan to‘g‘ri, deb faraz qilaylik.

— «Kou» nima degani?

— Aftidan, o‘g‘lini chaqirmagan shekilli, uni Bristolda deb o‘ylagan. O‘g‘li bu chaqiriqni mutlaqo tasodifan eshitib qolgan. «Kou!» degan xitob bilan u uchrashishi kerak bo‘lgan kimsani chaqirgan. Ammo «kou» — avstraliyacha so‘z, uni faqat avstraliyaliklargina ishlatadilar. Bu Mak-Karti Boskom kamari yoqasidagi uchratmoqchi bo‘lgan odamning avstraliyalik ekanini tasdiqlaydigan keskin dalil.

— Xo‘sh, kalamush-chi?

Sherlok Xolms cho‘ntagidan bir taxta buklangan qog‘oz oldi-da, uni stolga

yozdi.

— Bu Viktoriya shtatining xaritasi, — dedi u. — Buni kecha kechasi Bristolga telegramma berib, so‘ratib oldim. — U xaritaning bir qismini qo‘li bilan yashirdi. — O‘qing, — deb iltimos qildi u.

— ARET[7], — deb o‘qidim men.

— Endi-chi? — deb u qo‘lini ko‘tardi.

— BALLARET.

— Mutlaqo to‘g‘ri. Marhumning joni uzilayotganda aytgan so‘zi xuddi shu, o‘g‘li esa uning keyingi ikki bo‘g‘ininigina payqab qolgan. Otasi qotilning nomini aytmoqchi bo‘lgan. Shunday qilib, Ballaret.

— Vo ajabo! — deb yubordim men.

— Hech qanday shak-shubhasiz shunday. Endi, ko‘rib turibsizki, halqa siqilib kelmoqda. Jinoyatchining kulrang libosi borligi uchinchi nuqta edi. Mavhumot topib, kulrang palto kiygan, Ballaretdan kelgan allaqanday avstraliyalik paydo bo‘lmoqda.

— Darhaqiqat.

— Qolaversa, u shu yerning o‘zida istiqomat qiladigan odam. Chunki kamar yaqinida ferma bilan qo‘radan boshqa hech narsa yo‘q, bu yerga begona odam kelgan bo‘lishi ham mahol.

— Albatta.

— Undan keyin bizning bugungi ekspeditsiyamizni olaylik. Men tuproqni tekshirib, ba’zi mayda-chuyda dalillarni topdim, ularni boya anavi befarosat Lestreydga gapirib berdim. Bu narsalar jinoyatchining shaxsini aniqlashga aloqador edi.

— Siz ularni qanday qilib topdingiz?

— Sizga mening metodim ma’lum. U hamma ma da dalillarni taqqoslashga asoslanadi.

— Siz uning bo‘yini, albatta, qadamining uzunligiga qarab taxminlagan bo‘lishingiz kerak. Oyoq kiyimi qanday ekanligini ham izga qarab bilish mumkin edi.

— Ha, bu juda alomat poyabzal.

— Uning oqsoqligini qayoqdan bildingiz?

— Uning oyog‘idan tushgan izlar chap oyog‘idan tushgan izchalik aniq emas. O‘ng oyog‘iga kam og‘irlik tushadi. Nima uchun? Chunki oqsoqlaydi, — u cho‘loq.

— Chapaqayligini qayoqdan bildingiz?

— Xirurg tasvirlab bergan shikastlarning xarakteridan sizning o‘zingiz ham hayratlangan edingiz. Zarba tuyqusdan orqadan, chap tomondan berilgan. Chapaqay odamdan boshqa kim shunday qila olishi mumkin? Ota-bola suhbatlashayotganlarida u daraxt orqasida turgan. Turgan joyida hatto tamaki ham chekkan. Men kulini topdim, turli navlardagi tamakilarni bilishim tufayli uning hind sigarasi chekkanini aniqladim. Men, o‘zingizga ma’lumki, bu masala bilan oz-moz shug‘ullanib, trubka, sigara va papiros tamakilarining bir yuz qirqqa yaqin navlarining kullari haqida kichkina monografiya yozganman. Sigara kulini topgach, tevarak-atrofga kuzatib yugurtirib, sigarani tashlagan joyini topdim. Bu Rotterdamda tayyorlangan hind sigarasi ekan.

— Mundshtuk bilan chekkanini qayoqdan bildingiz?

— U sigarani og‘ziga olmaganini ko‘rdim. Binobarin, mundshtukka solib chekar ekan. Sigaraning uchi tishlab uzib tashlangan emas, kesilgan joyi esa notekis edi, shuning uchun ham, qalamtaroshi o‘tmas bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.

— Xolms, — dedim men, — siz jinoyatchining qo‘l-oyog‘ini chambaras bog‘lab tashlabsiz, endi u qutulib chiqib ketolmaydi, siz bugunoq yigitning hayotini ham omon saqlab qolibsiz, uning bo‘ynini sirtmoqdan xalos qilibsiz. Men sizning dalillaringiz qayerga borib taqalayotganini ko‘rib turibman. Qotilning nomi…

— Mister Jon Tener, — dedi ofitsiant eshikni ochib xonamizga bir kishini kiritarkan.

Kirib kelgan kishining gavdasi g‘oyatda alomat edi. Oqsoqlanib, eran-qaran yurishlari va munkaygan yelkalari uni zaif qilib ko‘rsatar, ayni bir vaqtda qat’iy, shiddatli qiyofadagi dag‘al yuzi, bahaybat qo‘l-oyoqlari uning juda baquvvat ekanini ko‘rsatib turar edi. Paxmoq soqoli, oq oralagan sochi va ko‘zlariga tushgan baroq qoshlari unga mag‘rar va hukmron qiyofa berib turardi. Ammo rangi zag‘il, bo‘zargan, lablari bilan burun kataklari esa ko‘kish edi. Bir qarashdayoq uning allaqanday bedavo bir dardga giriftor ekanligini payqadim.

— Marhamat, divanga o‘tiring, — deb taklif qildi Xolms muloyimlik bilan. — Maktubimni oldingnzmi?

— Ha, uni darvozabon olib kelib berdi. Shov-shuv bo‘lib ketmasligi uchun sizni ko‘rsam, degan ekansiz.

— O‘ylaymanki, agar sudda chiqib gapirsam har xil gap-so‘zlar bo‘lishi mumkin.

— Men sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldim?

Tener oshnamga qaradi. Uning horg‘in ko‘zlarida shu qadar alam aks etib turardiki, go‘yo o‘z savoliga allaqachon javob olgandek edi.

— Ha, — deb qo‘ydi Xolms uning so‘zlaridan ko‘ra ko‘zlarining boqishiga javob berib. — Shunday. Menga Mak-Karti haqidagi narsalarning hammasi ma’lum.

Chol yuzini qo‘llari bilan yashirdi.

— O‘zing madad ber, rabbim! — deb xitob qildi u.

Ammo men yigitchaning halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdim! Sizga chin so‘z berib aytamanki, agar ish maslahatchilar sudining sayyor sessiyasigacha borib yetsa, unda bor gapni ochgan bo‘lardim…

— Bu so‘zlaringizni eshitishdan g‘oyat xursandman, — dedi Xolms qat’iy.

— Agar qizalog‘im bo‘lmaganda bor gapni allaqachon ochgan bo‘lardim. Bu narsa uning ko‘nglini vayron qilishi mumkin edi, u mening qamalishimga chidayolmasdi.

— Ishni qamoqqacha olib bormasa ham bo‘ladi, — deb javob berdi Xolms.

— Nahotki?

— Men rasmiy shaxs emasman. Modomiki, meni sizning qizingiz taklif qilgan ekan, uning manfaatlari nuqtai nazaridan ish ko‘raman. O‘zingiz bilasiz, yosh Mak-Karti ozod qilinishi kerak.

— Tez orada olamdan o‘taman, — dedi keksa Tener. — Ko‘p yillardan beri diabet kasalining azobini tortaman. Umrim bir oydan nariga o‘tishiga doktorimning ko‘zi yetmayotibdi. Har qalay, turmada o‘lgandan ko‘ra, o‘z boshpanamda qazo qilish menga ancha, taskin beradi.

Xolms o‘rnidan turib, yozuv stoli tomon bordi-da, alam bilan qog‘oz oldi.

— Hammasini bir boshdan aytib bering, — deb taklif qildi u, — men esa qisqagina qilib yozib olaman. Siz bunga imzo chekasiz. Uotson esa shohidlik bildiradi. Sizning iqroringizni juda zarur bo‘lib qolgan taqdirdagina, agar Mak-Kartini omon saqlash kerak bo‘lib qolsagina taqdim etaman. Agar zarurati bo‘lma-sa, sizga va’da beramanki, bu chorani qo‘llamayman.

— Durust, — deb javob berdi chol, — sayyor sessiyagacha yetib bormasam ham ehtimol, shu sababdan bu meni uncha tashvishlantirmaydi. Men Alisani, faqat Alisani bunday og‘ir kulfatdan xalos qilmoqchi edim. Endi sizga hamma gapni aytib beraman. Bu narsa anchadan beri davom etib keladi-yu, ammo hozir bir zumda gapirib berishim mumkin. Siz marhum Mak-Kartini bilmaysiz. Sizni ishontirib aytamanki, u borib turgan iblis edi. Sizni uning panjasiga tushib qolishdan xudo asrasin! So‘nggi yigirma yildan beri uning panjasida edim, u meni sira ko‘z ochirmay qo‘ygan edi.

Avval sizga uning qo‘liga qanday tushib qolganimni aytib beray. Bu oltmishinchi yillarning boshlarida, oltin konlarida yuz bergan edi. Men o‘sha vaqtlarda har qanday ishdan tap tortmaydigan serg‘ayrat, yengiltak yigit edim. Yaramas ulfatlarga qo‘shilib qolib, ichkilikka o‘rgandim. Mening chekimdagi joyda zarracha ham oltin chiqmadi — sayog‘ yurib, sizlarning ta’riflaringiz bilan aytsak, yo‘l to‘sadigan azamatga aylanib qoldim. Biz olti kishi bo‘lib, dorilomon, vahshiyona hayot kechirardik. O‘qtin-o‘qtin stantsiyalarga hujum qilib konlarga olib boradigan yo‘llarda furgonlarni to‘xtatardik. Meni Ballaretlik qora Jek deb atashardi. Yigitlarimni mustamlakalarda haligacha ham, Ballaret bandasi, deb eslashadi.

Bir kuni Ballaretdan soqchilar qo‘riqchiligida Melburnga oltin jo‘natishdi. Biz pistirmada yotdik. Oltinni olti soqchi qo‘riqlab kelmoqda edi, biz ham olti kishi edik. Qizg‘in to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘q uzishdayoq to‘rt kishini qulatdik. O‘ljani qo‘lga kiritganimizda esa uch kishigina qolgan edik. Men to‘pponcha og‘zini aravakashning peshonasiga tiradim — bu Mak-Karti edi. Attang, uni o‘shanda o‘ldirib qo‘yaqolsam bo‘lar ekan! Ammo rahm qilib uni omon qoldirdim, zotan yuz qiyofamni eslab qolmoqchi bulgandek menga kichkina g‘azabli ko‘zlari bilan tikilayotganini payqagan edim. Biz oltinni qo‘lga kiritib, boy bo‘lib ketdik, hech narsa bilmagandek Angliyaga qaytib keldik. Bu yerda men sobiq oshnalarim bilan umrbod vidolashib, osoyishta, ma’mur turmush kechira boshladim.

Men o‘sha vaqtda savdo bo‘lib turgan shu molikonamni sotib oldim, o‘tmishdagi gunohlarimni birmuncha yuvish uchun, o‘z pullarim bilan aqalli uncha-muncha foyda keltirishga urindim. Bundan tashqari, uylandim, xotinim juda yosh o‘lib ketgan bo‘lsa-da, azizimdan menga Alisaginam yodgor bo‘lib qoldi. Alisa go‘dakligndayoq jajjigina qo‘llari bilan dunyoda birdan-bir rahnamo bo‘lib, menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib turdi. Xullas, men o‘tmishimdan abadiy voz kechdim. Mak-Kartining qo‘liga tushib qolgunimga qadar hamma ishlar tuppa-tuzuk ketayotgan edi…

Oldi-sotdi ishlarim bilan shaharga tushganimda Ridjen-stritda Mak-Kartini uchratib qoldim. Egnidagi paltosiga ham, oyog‘idagi poyabzaliga ham qarab bo‘lmas edi.

«Mana, biz nihoyat uchrashdik, Jek, — dedi u qo‘limga taqilib. — Endi siz bilan biz o‘la qolsak ham ajralishmaymiz. Men yolg‘iz emasman: o‘g‘lim ham bor, siz bilasizki, Angliya aholisi qonunlarga qat’iy rioya qiladigan ajoyib mamlakat. Qolaversa, hamma yerda polismenlar hoziru nozir».

Shunday qilib, u o‘g‘li bilan kelib yerimning kun botar tomoniga joylashdi, ulardan qutulishning evini qilolmadim; ular mening yerimda tekin yashashyapti. Na tinchligim, na oromim, na huzur-halovatim qoldi. Qayoqqa bormay, hamma yerda uning ayyorona tirjayib turgan basharasiga duch kelardim. Qizim kattaroq bo‘lgach, ahvol yana ham battarlashdi, chunki Mak-Karti qizim o‘tmishimni bilib qolsa, bu har qanday politsiyadan ko‘ra ham dahshatliroq ekanligini bilardi. Ko‘ngli nimani tusab qolsa — yermi, imoratmi yoki pulmi, og‘ziga siqqan narsasini olardi, nihoyat u haddidan oshib ketdi. Alisani talab qilib qoldi. Bilasizmi, uning o‘g‘li ham, mening qizim ham katta bo‘lib qolishdi, mening kasalim hammasiga ayon edi, o‘g‘lim uning bor mol-mulkini egallashi uchun bu ajoyib bahona, deb o‘ylagan, ammo bu gal men sira bo‘sh kelmadim. Bu la’natining zoti mening zotim bilan qo‘shilishini xayolimga keltirishni ham istamasdim.

O‘g‘li menga yoqmaydi, deyolmayman-u, ammo yigitning tomirida otasining qoni oqadi-da, shuning o‘zi kifoya edi. Men, har qalay, fikrimdan qaytmadim. Mak-Karti tahdid qila boshladi: men uning toqatini toq qilib yubordim.

Biz hamma gapni gaplashib olish uchun kamar bo‘yida uchrashishimiz kerak edi. Shartlashilgan joyga borsam, u o‘g‘li bilan nima haqdadir gaplashayotibdi. Tamaki chekib, u yolg‘iz qolguncha daraxt orqasida kutib turdim. Gaplarini eshitgan sarim zardam qaynab, alamim oshib ketaverdi, bunga ortiq chidab turishim mumkin emas edi. U o‘g‘lini mening qizimga uylanishga majbur qilar, qizimning bu masalaga qanday qarashini xayoliga ham keltirmas, go‘yo gap allaqanday suyug‘oyoq qiz haqida ketayotgandek edi.

Ardoqlab yurganlarimning hammasi shunday odamning izmiga tushib qolishi mumkinligini o‘ylarkanman, aqldan ozib qolayozdim. Bu kishanni parchalab tashlaganim ma’qul emasmi? Hayotdan umid uzib, o‘limga yuz tutgan odam bo‘lsam. Garchand, zehnim ravshan, tanamda kuch-quvvatim bo‘lsa ham, umrim tugab qolganini bilardim. Ammo sha’nim bilan qizim-chi! Agar Mak-Kartini tilini tishlashga majbur qilsam, bularning ikkalasini ham omon saqlab qolaman… Men uni o‘ldirdim, mister Xolms… Iloji bo‘lsa uni yana bir karra o‘ldirardim. Men katta gunohkorman, ammo azob-iztiroblardan iborat hayotim gunohlarimni yuvib ketmaydimi? Men tishimni tishimga qo‘yib, hammasiga chidab keldim, ammo qizim ham o‘sha tuzoqqa tushib qolishi mumkin, degan fikrga hech toqat qilolmadim. Men andisha qilib o‘tirmay, uni yaramas bir zaharli gazandadek o‘ldirdim. Qichqirganini eshitib, o‘g‘li yugurib keldi, ammo men o‘rmonga yashirinishga ulgurgan edim, lekin tushirib qoldirgan paltomni olib kelgani qaytib borishga majbur bo‘ldim… Bu chin haqiqat, jentlmenlar, hammasi huddi shunday sodir bo‘ldi.

— Mayli, sizga nima deb ham ta’na qilardim, — deb qo‘ydi Xolms, chol bergan shohidliklari tagiga imzo chekarkan. — O‘ylaymanki, biz ishni sudgacha olib bormasak kerak.

— Bunga shubhalanmasangiz ham bo‘ladi, ser! Ammo siz nima tadbir ko‘rmoqchisiz?

— Sizning sihat-salomatligingizni e’tiborga olib hech qanday tadbir ko‘rmoqchi emasman. O‘zingiz yaxshi bilasizki, hademay bu dunyodagi suddan ko‘ra balandroq dargohda javob berasiz. Men sizning iqroringizni saqlab qo‘yaman, bordi-yu, Mak-Karti hukm qilinadigan bo‘lsa, undan ana o‘shanda foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bordi-yu, u oqlanadigan bo‘lsa — sizning hayot bo‘lish-bo‘lmasligingizdan qat’iy nazar, xudoning bironta ham bandasi siringizdan xabar topmaydi, bularning hammasi o‘rtamizda qoladi.

— Unday bo‘lsa, yaxshi qoling, — dedi tantana bilan chol. — Vaqtiki kelib qazoyi muallaqingiz yetsa, mening qalbimga qanday tasalli berganingizni o‘ylasangiz osoyishta ko‘z yumasiz.

Bahaybat gavdasi titrab chayqalgancha u o‘ng oyog‘i oqsoqlanib, xonadan asta-sekin chiqib ketdi.

— Sho‘rimiz qursin, sho‘rimiz! — deb xitob qildi Xolms uzoq jim qolgach. — Taqdir bizdek ayanchli, ojizlarni nega buncha o‘yinchoq qilar ekan?

Maslahatchilar sudining sayyor sessiyasi Xolms taqdim etgan ko‘pdan-ko‘p isbotlar tazyiqi ostida Jeyms Mak-Kartini oqladi. Keksa Tener o‘sha uchrashuvimizdan keyin yetti oycha yashadi, hozir u olamdan o‘tgan. Jeyms va Alisa ularning o‘tmishlariga soya solgan qora bulutlardan endi sira tashvish tortmay, totuvlikda bosh qovushtirib, baxtiyor yashashlari mumkin, deyishga hamma asoslar bor.

Vahob Ro‘zimatov tarjimasi

[1] Sakvoyaj — safar xaltasi

[2] Franchesko Petrarka (1304-1374) – italyan shoiri.

[3] Dok — kemalar quriladigan va ta’mirlanadigan port inshooti.

[4] Jorj Meredit (1828-1909) — atoqli ingliz yozuvchisi.

[5] Yard — 0,9 metrga yaqin.

[6] Fut — 0,3 metrga yaqin.

[7] Aret — inglizchasiga “kalamush” degani.