Xungarlarning sekey qavmi yashaydigan kichkina bir shaharcha. Qishlog‘imizdan unchalik uzoq bo‘lmagan bu manzildagi gimnaziyaga sakkiz yil o‘qishga qatnadim. Aniq hisob-kitobga ko‘ra, oraliqdagi masofa o‘n ikki kilometr edi. To‘g‘risini aytganda, ayniqsa, rojdestvo va pasxa bayramlari kunlari bu yo‘l menga juda olis tuyulib ketar edi. Odatda bu kunlari bizga ta’til berilar, men esa gimnaziyadan uyimizga piyoda borib kelishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Rojdestvoda bo‘rilar izg‘iydigan qalin qorlarga botib, pasxada esa, balchig‘u loy kechib, yo‘l azobini tortardim.
Yozda beriladigan katta ta’tillarda esa, uydagilar kelib aravada olib ketishardi.
Tez orada barcha sayru sayohatlarim, beg‘am va betashvish kunlarimni unutishimga to‘g‘ri keldi, chunki uyimizda qalashib yotgan ro‘zg‘or ishlari meni sabrsizlik bilan kutar edi. Shunday ishlardimki, go‘yo qish bo‘yi umuman bilim olmasdan, faqat xo‘jalik ishlarini bajarishgagina tayyorlanganman, xolos.
Ishdan bo‘yin tovlamasdim, ammo qachonlardir bu aqlli bosh yelib-yugurib, qora mehnat qilayotgan oyoq-qo‘llardan ko‘ra ustun bo‘lishiga ishonardim. Endi to‘rtinchi sinfga o‘taman deb turganimda to‘satdan barcha umidlarim birato‘la puchga chiqdi. Axir, yozda birinchi katta urush boshlanib qoldi, natijada yelkamga shunchalar ko‘p ish yuklandiki, uni tasavvur qilish amri mahol. Dam olmasdan, tinimsiz mehnat qilar edim. Chunki o‘ttiz ikki yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklarni urushga olib ketishdi, faqat bizga o‘xshagan bolalar va qari-qartanglargina uyda qoldi.
Shunday qilib, o‘n besh yoshimda qo‘limga o‘roq olib, bellarim tolib o‘t o‘rishga tushdim. Tez orada epchilgina o‘roqchi bo‘lib qoldim. Mening oyoq-qo‘lim chaqqonligini ko‘rib bilgan qishloqdoshlar yoz o‘rtasida turnaqator bo‘lib eshigimizga tizilib kelishar, qarindoshlarimiz Xudoning zorini qilib, mendan o‘t o‘rishda yordam so‘rashar, begonalar esa, ancha-muncha pul bilan ko‘ndirmoqchi bo‘lib, holi-jonimga qo‘yishmas edi. Men ularning o‘tinchlarini indamay tinglar, ammo “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishga shoshilmas edim – ular ko‘proq kutgani ma’qul, o‘shanda mening qadrim yanada oshadi.
– O‘g‘lim, balki o‘roqqa yordamlasharsan-a? – der edi onam sukut saqlashimga chidab turolmasdan.
– Vaqtim yo‘q, umuman qo‘lim tegmaydi! – derdim xunob bo‘lib.
Ammo ko‘pni ko‘rgan qariya Lyorints Xadnad boboning yuzidan taralgan nur hammaning ko‘nglini yoritib yuborardi. Uning hikoyalari esa mening tasavvurlarimni boyitib, xayolimni osmonu falakka olib chiqardi. U nima haqida gapirmasin, bo‘lgan voqeani shunchaki aytib bermas, ta’sirchan so‘zlaridan ochilgan gullar yashnab, xushbo‘y ifor taratar, gurunglaridan yongan gulxan olov tillari bilan joningni isitar edi.
U o‘tgan-ketgan voqealarni jonlantirib, chinakam hayotga aylantirar edi. Boboning so‘zlaridagi sehr meni maftun etgandi. Shuning uchun u bilan birga o‘t o‘rishga ikki oyog‘imni qo‘limga olib yugurardim. Bobo bilan birga kechgan kunlarni xuddi she’r marjonlarini xotiram ipiga tartib bilan tizgandek yodlab olganman. Ayniqsa, bir kun alohida ajralib turadi.
Kun tushga yaqinlashib qolgandi. Erta tongdanoq o‘t o‘rishga tushgandik. O‘tloqni shudring bosgan. Atrofda turfa tovushlar eshitiladi – hamma kular edi. Qushlarning chug‘ur-chug‘uri, chalg‘ining “shir-shir” o‘t o‘rayotgani… Kun ko‘tarilib, shudring quriganda esa, pirillab uchayotgan kapalaklar orasida o‘t o‘rdik. Boboning o‘rniga ahyon-ahyonda qandaydir qari kalxat qichqirib qolar, mening o‘rnimga esa ikki daraxt o‘rtasida ko‘prik solayotgan qizilishtonning sayrog‘i yangrardi.
Ayni tush pallasi Lyorints bobo osmondagi quyoshga qarab bosh chayqadi:
– Kunga qara, osmonning tos tepasini yondiradi-ya!
U nigohlari bilan shoxlari keng quloch yoygan bir eman daraxtini ko‘zladi, biz tushlik qilish uchun uning soyasi tomon yurdik. Tugunimizni ochib, ovqatlanayotganimizda faqat kalxatlar va mayda-chuyda qushlar bir-biri bilan o‘zaro gurunglashib turishdi. Qorni to‘ygach, Lyorints bobo ham tilga kirib, gap qo‘shdi:
– Xo‘sh, maktabni bitirganingdan so‘ng nima qilmoqchisan? – deb so‘radi u.
– Eh-hey, o‘qishim qachon tugaydi-yu, maktabni qachon bitiraman?.. – deb javob berdim.
– Qachon-qachon deyavermay, o‘qish uchun pul to‘lagandan keyin, oldindan kim bo‘lishni niyat qilib qo‘yish zarur, – deb bobo o‘z gapidan qaytmasdan ko‘zlarimga sinovchan tikildi.
Sershox emanning salqin soyasida boshimni qashib, ancha o‘ylanib qoldim, miyamga biron jo‘yali fikr kelavermagach, oxiri savol berdim:
– Siz nima deb o‘ylaysiz, Lyorints bobo, kim bo‘lsam ekan?
– Botir va to‘g‘ri odam bo‘lishing kerak! – dedi bobo.
Uning gapi tasavvurimda umumiy tushuncha hosil qilgan bo‘lsa ham, botir va to‘g‘ri odam bo‘lish menga yoqdi. Ammo osmondagi bulutlarni ko‘zing bilan ushlab qolishga qanchalik urinma, ular tutqich bermay suzib ketaveradi. Men qariyaning so‘zlariga shuurim bilan qanchalar yopishmayin, ular ma’nosini anglatmas, to‘xtamasdan bulutlardek qochaverar – kun nuriga aralashib, osmonlarga singib ketaverardi.
– Xo‘p, bobo, qanday odam botir bo‘ladi?
– Yomon kunda ham, yaxshi kunda ham odamgarchilikni yo‘qotmagan kishi botir bo‘ladi.
– To‘g‘ri odam-chi, qanday bo‘ladi?
– Butun hayoti davomida umrining so‘nggi soatida yashagandek yashagan odam!
Bunday hikmatli so‘zlarni eshitib, ushbu ikki xislatning adolatli ekanini aqlim bilan angladim, chiroyli ekanini yuragim bilan his etdim.
Kimlarni botir va to‘g‘ri odam deb hisoblash mumkinligini yodimga muhrlab oldim-da, yana savol berdim:
– Ayting-chi, qanday kasbni tanlaganim ma’qul?
– Nima desam ekan, – dedi Lyorints bobo miyig‘ida kulib. – Yoshlarga maslahat berish – nozik masala, ochig‘ini aytganda, pul topish uchun qandaydir bir ishning boshini tutish zarur, bu borada senga muhim gaplarni tayinlab qo‘yishni istayman. Ruhoniy bo‘lishingni maslahat bermayman, garchi ko‘pchilik ular boshqa bandalardan ko‘ra aniq jannatga tushadi, deb o‘ylasa ham. Garchi bizning dardimizga malham qo‘ysa ham, shifokor bo‘lishingni istamayman. Garchi adolatni hal qilsa ham, qozi bo‘lishingga rozi emasman. Bir so‘z bilan aytganda, bir paytning o‘zida ham ruhoniy, ham shifokor, ham qozi bo‘la oladigan odam bo‘l! Shoir bo‘l!
Bobo bu so‘zlarni aytayotganida to‘lqinlanganimdan o‘rnimdan sakrab turib ketdim. Shunday hayajonlandim, shunday o‘t-olov bo‘lib yondim, ilgari kimdir oddiy qishloq bolasiga shoir bo‘lishni maslahat berganini umuman eshitmagan edim-da.
– Qanday shoir bo‘lish kerak? – deb so‘radim.
– Shandor Petyofiday!
U shoirning nomini shunday ohangda aytdiki, go‘yo haqiqatan ham Shandor Petyofini juda yaxshi biladigandek edi. Go‘yo uni ko‘rgan, u bilan gaplashgandek, ikkalovi hozir men bilan yonma-yon turib, shudring ho‘l qilgan xushbuy pichan o‘rgandan ham ko‘ra ko‘proq pichan o‘rgandek edi. Ko‘zlarimni katta-katta ochib, so‘radim:
– Siz u bilan tanish edingizmi, nahotki?
– Ha, tanish edim!
Men unga bir necha soniya hangu mang bo‘lib termulib qoldim. Qishlog‘imizdagilarning hammasini yaxshi bilar edim, lekin Lyorints Xadnad boboning Shandor Petyofi bilan tanish ekanini eshitmagan ekanman. Nihoyatda hayron bo‘ldim.
– Siz uni ko‘rganmisiz?
Bobo nigohlarini kengliklarga qadab, xuddi olis-olislarda yashayotgan odamdek chuqur uf tortdi. U manzil shu qadar olis ediki, u yerda voqelik bilan xayolot bir-biri bilan yaxlit bo‘lib, qo‘shilib ketgandek edi. So‘ngra u o‘rilgan pichan uyumi yonida ikki qo‘lini boshi ostiga qo‘ygancha, osmonga qarab yotib oldi. Ko‘zlari bilan eman daraxti barglari orasidan nimalarnidir izlagandek hikoya qila boshladi.
– Ona Vatanimizning ko‘ziga yosh to‘lgan qirq to‘qqizinchi yil1da askar bo‘lish uchun uydan qochib ketdim. Yoz avjiga chiqqan; xalq ko‘ziga qon to‘lgan edi; tog‘lar va vodiylar aro qo‘nimsiz shamoldek qo‘shiq kezar edi.
– O‘shanda necha yoshga kirgandingiz? – deb so‘radim.
Ammo shu topda noo‘rin savol berib, boboning so‘zini bo‘lganim uchun afsuslandim. U menga yalt etib qaradi-da, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni uyda unutib qoldirgan edim, degandek ginador to‘ng‘illab qo‘ydi.
– Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? – dedim qiziqishim kuchayib.
– Shundan so‘ng yo‘limda duch kelgan odamlardan erinmasdan so‘rab chiqdim. Oxiri general Bem2ning armiyasi Shegeshvar hududida joylashganini bilib oldim. Jang maydoniga yetib borganimda meni moviy ko‘zli general huzuriga olib kirishdi. Qo‘mondon shu zahoti men qayerni istasam, o‘sha yerda jang qilishim haqida buyruq berdi. Men esa eng ilg‘or safda jang qilishga xumor edim, o‘zimga o‘xshagan ko‘ngillilar bilan frontning oldingi chizig‘iga qarab yugurdim. Shunday qilib naqd Feyeredxaza3 chegarasiga yetib bordik. Mojor qo‘shinlarining ilg‘or qismi chegaradagi yo‘lni kesib o‘tgan edi. Men borgan joy bir tepalik edi, atrofi tekis dalalar, ekinzorlar. O‘sha tepalikdagi askarlar qarorgohiga qo‘shildim. Ofitserlar ham, askarlar ham – hamma bir joyga berkinib olgan. Shu yaqin orada yurgan dushman sezib qolmasligi uchun baland ovozda so‘zlashish mumkin emasdi. Makkajo‘xorizor, baland poyalar orqasiga yashirinib olib, jim o‘tirardik. Oramizda faqat bir kishi sira tinib-tinchimas, bu yoqdan u yoqqa yelib yuguraverar edi. Nihoyat, u otdan tushdi, jilovni daraxt butasiga mahkamroq bog‘ladi. To‘riq ot edi. Negadir harbiy libos kiymagandi, masalan, hatto qilichi ham yo‘q edi. Bir qaraganimdayoq sezdim – naqd shamolda yashnab turgan toshko‘mir cho‘g‘i edi-ya…
Yuragim shuv etib ketdi.
– U Shandor Petyofi edi, shundaymi?
Lyorints bobo savolimga parvo qilmadi, ammo u so‘z mo‘jizasi bilan ko‘z o‘ngimda jonli hayotni yarata boshladi.
– Har zamon-har zamonda bir-ikki misra she’r o‘qiydi-yu, birdaniga kulib yuboradi. Men esa uning kim ekanini bilib, yaxshilab ko‘rib qolish niyatida unga kiprik qoqmay boqaman. Ko‘zlarimga ishonmayman, nahotki tirik shoirni ko‘rib turgan bo‘lsam. Ha, u shundoq yonginamda edi. Mana, qari nok daraxti tanasiga yelkasini suyab o‘tiribdi. Sumkasining ustiga qog‘oz qo‘yib, nimalarnidir tez-tez yozadi, yana birdaniga o‘ylanib qoladi, ko‘zlarida o‘t yonadi. U qari nok daraxtiga suyanib o‘tirgan paytda nogahon ro‘parasidagi terakka qo‘ngan qandaydir qush sayray boshladi. Qush shunday yoqimli kuylardiki, go‘yo bu dunyoning barcha g‘amlarini olib, navoga qo‘shib osmonu falaklarga uchirib ketardi.
Bu qushning sayrashini hammamiz berilib tinglardik. Shoir betakror ohangga afsunlangandek ilkis o‘rnidan turdi-yu, oldinga bir-ikki qadam bosib, terak tomonga hayratlanib qarab qoldi. Biz ham bu g‘aroyib qushni tomosha qilish uchun shoirga yaqinroq bordik. Terakka qo‘nib sayrayotgan qushni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizda hayratimiz yanada kuchayib, og‘zimiz lang ochilib qoldi. Chunki bu ajoyib qushning bo‘yin-to‘shi qizil, qanotlari oq, oyoqlari esa yashil edi4. Shoir mo‘jizaviy qushga nihoyatda hayratlanib qarab turib, birdaniga: “Bu bizning ozodligimiz qushi!” deya na’ra tortib yubordi.
Bobo birpas sukut saqlab jim bo‘lib qoldi. So‘ng yana hikoyasini davom ettirdi:
– “Bu – ozodlik qushi!” deb hayqirib aytganidan keyin shoir shoshilmasdan terakka yaqinlashdi, mo‘jizaviy qushni tutish uchun daraxt tanasiga tirmashib, tepaga chiqa boshladi. Shoir tobora balandroq, yanada balandroq ko‘tarilaverdi. Dushman ayg‘oqchilari uni ko‘rib qolgan bo‘lsa kerak, chunki yovning butun armiyasi qo‘zg‘alib, ustimizga bostirib kela boshladi. Shunda biz xavfsizroq joyga chekinishga buyruq oldik. Kimdir shoirga dushman hujumga o‘tdi, qoch, deb qichqirdi. Shoir esa, o‘sha dushmanning basharasiga tupurdim, dedi parvo qilmay.
Bu voqeani aytib bo‘lgach, qartayib qolgan Lyorints bobo yotgan joyidan turib o‘tirdi. Bir necha lahza ko‘zlarimga tikilib qoldi.
– Undan keyin Shandor Petyofiga nima bo‘ldi? – deb so‘radim.
– Meningcha, u o‘sha terakning ustidan uchib ketdi.
Shu payt tepadan tars etib eman yong‘og‘i tushdi-yu, yer sathida nuqta bo‘ldi.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi.
––––––––––––––––
1 1849 yilgi Mojoriston inqilobi nazarda tutilmoqda.
2 Yuzef Bem (1794 – 1850) – polyak harbiy siyosiy arbob. 1848 – 1849 yillar Mojoriston inqilobi davrida mojor qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lgan. Shandor Petyofi uning armiyasida xizmat qilgan.
3 Shegeshvar ostonasidagi Feyeredxaza qishlog‘idagi jang maydonida Shandor Petyofi halok bo‘lgan.
4 Vengriya Respublikasi bayrog‘ining ranglariga ishora – bayroqning tepasi qizil, o‘rtasi oq, pasti yashil ranglardan iborat. (Tarjimon izohi.)
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 24-son

