Ariadna Efron. Shoira bayramlari (Marina Svetayeva haqida xotiralar)

ONAM QANDAY INSON EDI?

Onam – Marina Ivanovna Svetavaning bo‘yi unchalik baland emas edi – 163 santimetrlar kelardi. Qaddi misrliklarnikiday tik, keng yelkali, bellari nozik edi. Hamisha yosh ko‘rinuvchi yuzlari xuddi bug‘lanib turganday ko‘rinar, oyoqlari uzun edi. Qadam tashlashlari yengil va shiddatli, harakatlarida qo‘pollik ham, dag‘allik ham yo‘q edi. Odamlarga yaqinlashganda yurishlari sekinlashar, qaddini rostlar, uni tanishayotgani, unga qarashayotganini sezsa, harakatlarida qimtinish kuchaysa-da, hech qachon siqiqlik bilinmasdi.
Onamning tiniq kashtan rangli sochlari yoshligidan to‘lqinlanib turar, qalin va mayin edi. Ular juda tez oqara boshladi,bu esa sochining rangini kuchaytirar, yuz rangini oqartirib-qoraytirib ko‘rsatardi. Yuzlari tiniq va nurli edi, uzun kipriklari, mallarang qorachiqlari ko‘zining rangiga uy-g‘unlashib, singishib ketgan edi.
Yuzida belgilar va chiziqlar aniq – ustaning gul qo‘li hammasini bekamu ko‘st yaratganday.
Malla – sariq qoshlarining o‘rtasi ikkiga tortilib, ularni bir-biridan ajratib turardi.
Butunlay o‘yga cho‘mganda yuzidan ichki tuyg‘ular, ta’sirchanlik, o‘zgaruvchanlik va to‘liqlik qalqib turardi.
Ammo bularni kamdan-kam odam o‘qiy-uqiy olardi.
Qo‘llari qattiq, fidoyi, mehnatkash edi. Ikkita kumush uzugi va nikoh uzugi barmoqlaridan hech qachon tushmas, barmoqlarini siqmas, aksincha, yarashib turardi.
Ovozi yosh qizlarinikiday hamisha mayin, baland va jarangdor edi. Butunlik, siqiqlik so‘zlarida ifodalanib turardi.
Tinglashni bilardi; suhbatdoshini hech qachon sindirmas, ammo bahslarda o‘tkir edi. Munozara, bahslashuv va muhokamalarda sovuqqon bo‘lsa-da, chaqmoqli fikr – mulohazalarini o‘rtaga tashlab, suhbatdoshi bilan kurashardi.
Ajoyib hikoya aytguvchi edi.
She’rlarni bir yoki bir necha kishiga emas, balki katta auditoriyada turganday o‘qirdi.
Harorat bilan har bir so‘zining mazmunini ta’kidlab, «uvillash»dan yiroq, hech qachon satrning oxirini tushirib yubormay o‘qirdi; eng murakkab holatlari yuziga lovillab urilib, qiyofasida, harakatlarida bilinardi.
Bir marta so‘raganlaridayoq bajonidil o‘qirdi she’rlarini, hatto ba’zan so‘rashlarini ham kutib o‘tirmasdi: «Istaysizmi, she’r o‘qib beraman?» deya o‘zi taklif etardi.
Onam butun umr ulug‘ inson bo‘lib yashab o‘tdi – hayotni sevib, unga qoniqmay ketdi. Uning o‘quvchilarga, tinglovchilarga bo‘lgan ehtiyoji hamisha ulkan, har narsadan ustun va ayni paytda, talablari keskin edi.
Qo‘liga endi qalam olgan yosh shoirlarga samimiy va o‘ta toqatli edi. Ularda «ilohiy uchqun»ni ko‘rish – xayolan bo‘lsa ham! – his qilishni juda istardi! Har birida birodarini, vorislarini, bu hali hammasi emas – She’riyatning o‘zini! – sezib turardi. Ular bilan hech qachon past munosabatda bo‘lmas, aksincha, ularga bog‘lanib, yelkadosh bo‘lishni istardi.
So‘zi bilan amali bir, qo‘li ochiq va samimiy edi. Yordamga, dalda bo‘lishga, yelkalarini qo‘yib bo‘lsa-da, ko‘tarib yuborishga shoshilardi, eng so‘nggi, eng arzimas narsalarini ham bo‘lishardi, o‘zida ortiqcha narsa saqlamasdi.
Berishni bilgan beminnat qo‘li ta’ma qilmasdan olishni ham bilardi; u uzoq yillar davomida «aylanib-aylanib kelguvchi ezgulikning qo‘li»ga, buyuk, buzilmas insoniy ko‘makdoshlikka ishonardi.
Begonalarga marhamatli, yaqinlari – do‘stlari, bolalariga o‘ziga qanday talabchan bo‘lsa, shunday talabchan edi.
Ba’zi bir yuqoridan ko‘z tashlab yurgan zamondoshlari adashishdi – u modadan yiroq emas edi. Ammo buni moddiy tomonlarini ham hisobga olgan holda muhtojlikda hatto birovlarning kiyimlarini og‘rinmay egniga oldi, kiydi. Hech qachon boylikning ortidan quvmadi.
Eng oliy narsani Vaqt chig‘irig‘idan o‘tgan po‘lat iroda deb bildi. Yengil-elpilikni, o‘tib ketuvchi hoyu havasni, yig‘lab-siqtash, ergashib ketaverish, uvoqlanish, bir so‘z bilan aytganda, «jimjimadorlik»ni qabul qilolmasdi.
Kech yotardi, uyqu oldidan o‘qirdi. Erta turardi.
Odatlari kamtarin, me’yorida ovqatlanardi.
Chekardi. Rossiyada – o‘zi tayyorlagan qo‘lbola papiroslar, erkaklar chekadigan sigaretalar, yarim sigaretalarni oddiy olcharang mundshtuk (papiros chekiladigan naycha)da chekardi.
Qora qahva ichardi. Tiniq urug‘larni malla rangga kirguncha qovurar, erinmay qadimiy turk kelisida maydalardi.
U qon-qoni bilan tabiatga bog‘lanib, chirmashib ketgan edi. Tog‘lar, cho‘qqilar, o‘rmonlarni sevardi, otashin ruhi dengizga qattiq bog‘langan edi. Na suzib, na uchib tagiga yetolmas edi bu muhabbatning! Dengizni shunchaki sevolmasdi u.
Qiyaliklar, yalangliklar manzaralari, namli, botqoqli, qamishli joylar, yomg‘irli yil fasllarida oyoq ostidagi tuproq ivib ketib, yayov yurishga qiyinchilik tug‘dirganida shafaq yoyilib ketganda changiganday sezardi o‘zini .
Uning xotiralarida abadiy qadrdoni Tarusadagi bolalik yillari va Ko‘ktebel bo‘lib qoldi. U bu xotiralarini hamisha eslardi. Ahyon-ahyonda ularni Medan o‘rmonlarining sobiq «qirollikning ov manzillari» deb atalmish qirlaridan, O‘rtayer dengizi bo‘ylaridagi tog‘liklardan, ularning ranglari va hidlaridan izlardi.
Issiqlikni yengil ko‘tarar, sovuqqa chidami yo‘q edi.
Uzilgan gullarga, vazalardagi, tuvaklardagi gullarga befarq edi. Bog‘da o‘sayotgan gullarni e’zozlardi. Ularni band-band bo‘lib o‘sishlarini, yoyilib yotishlarini, yovvoyi uzum, butoqlar, chirmovuqgul, atirgullarni qadrlardi.
Inson qo‘li bilan yaratilgan xiyobonlar, to‘g‘onlar, yo‘llarni yoqtirardi.
Itlar va mushuklarga hech zavol topmas mehr, sadoqat va tushunish (hatto hurmat!) bilan qarardi, ularning ham mehriga sazovor bo‘lardi.
Sayrga chiqqanda albatta oldiga maqsad, mo‘ljal belgilab qo‘yardi. Sotib olgandan ko‘ra ko‘proq «topganlari»ga xursand bo‘lardi; qo‘ziqorinlar, mevalar, ayniqsa, bu Chexiyada o‘tkazgan og‘ir kunlarimizda, qishloq chekkasida yashayotgan paytlarimizda ko‘proq bilinardi: o‘t-cho‘plarni qancha ko‘p tersak, shuncha quvonardi, shular bilan pechkani isitib kun ko‘rardik.
Shahar tashqarisida o‘zini erkin sezar, yurishlari yengil kechganidan ko‘pincha o‘zini yo‘qotib qo‘yar, ba’zan qaytish yo‘llarida adashib ketardi.
Balandlik, ko‘pqavatlilik, odamlar gavjum joylar, avtobus, eskalator, liftlardan qo‘rqardi. Shahar transporti turlari ichidan (bir o‘zi yurganda) faqat tramvay va metrodan foydalanardi. Agar ular bo‘lmasa, piyoda yurardi.
Matematikaga qobiliyati yo‘q, har qanday texnikaga begona sezardi o‘zini.
Kundalik turmush tashvishlarini unchalik yoqtirmasdi. Har kungi tashvishlarning tugamasligi, yana qaytib kelaverishi xuddi shular Vaqtni yeb qo‘yishi, asosiy ishga imkoniyat, sharoit, vaqt yetishmasligi uni toliqtirardi. Biroq bularning hammasini sabr bilan yutdi va qiyinchiliklarni sirtiga chiqarmay yashashga urindi.
Odamlar bilan kirishimli, mehmondo‘st, tezda tillashib, yaqinlashib ketadigan inson edi u. Juda kamdan-kam hollarda odamlar bilan ayrilishib ketardi. «Intizomli odamlar» jamiyati va bu doirani g‘alati odamlar deb hisoblardi.O‘zi ham g‘alatilikdan xoli emas edi .
Do‘stlikka ham, dushmanlikka ham sovuqqon emas edi. «O‘zingdan daho yaratma» matalini o‘zi ham buzib yashardi.
Yoshlikni qadrla, qarilikni ham gashti bor, deb hisoblardi.
Ajoyib va betakror yumor tuyg‘usi bor edi unda. Hech kimning ustidan kulmas, hech kimga qo‘pollik qilmasdi.
Uning bolaligiga chuqur ta’sirini o‘tkazgan tasviriy san’at (otasining doirasi) va musiqa (onasining doirasi)dan musiqani qabul qildi. Shakl va rang unga begona va yot bo‘lib qolaverdi. Faqatgina tasvirlangan voqelik bilangina qiziqardi. Kitob grafikasi, jumladan, grafika (Dyurer, Dore)ni sevardi, musavvirlik san’atidan ko‘ra musiqaga yaqinroq edi.
Teatrga bo‘lgan erta qiziqishga yosh turmush o‘rtog‘i va do‘stlari ta’sir o‘tkazishgan. Bularning bari uning yoshligi bilan birga qolib ketdi Rossiyada…
Hamma mo‘jizalar ichida kinoni tan olardi, ayniqsa, «ovozli»sini. Bunda umumijodiylik, umumtushunish, anglash tuyg‘usi, umumtasavvurning keng va katta imkoniyatlarini ko‘rardi.
Mehnat odamlariga – hamisha! – chuqur birodarlik hurmati bilan qarardi; bazmlar, ifloslik, talab qilish uning nafaqat vujudiga yot, balki telbalik, baqir-chaqir, tekinxo‘rlik kabi yoqimsiz va noxush edi.
Bir so‘zli, so‘zining ustidan chiquvchi, bir ishni oxirigacha bajaruvchi edi.
O‘zining kamtarligini saqlagan holda qadrini ham bilardi.

U QANDAY YoZARDI?

Hamma ishlari, kechiktirib bo‘lmas yumushlarini belgilab, erta tongdan tiniq bosh va och qorin bilan ishga o‘tirardi. Qaynab turgan qora qahvasini yozuv stoliga qo‘yardi. Bu shunday kundalik ishga aylangandiki, u oddiy stolga emas, ish stoliga kelganday edi. Bu ishni qilmasa, qilolmasa – yozolmaslikdan qiynalardi.
Stol ustidan bor ortiqcha narsani bir tomonga yig‘ishtirib tashlab, daftar va tirsaklari uchungina joy qoldirardi.
Qo‘lini peshonasiga tirab, barmoqlari bilan sochlarini tarar, o‘ylarini jamlar, o‘zini o‘zi yig‘ib olardi.
Yozayotganda hech narsani eshitmas – go‘yo bu oddiy qo‘lyozma emas, balki bor tuyg‘ularini yutayotgan fikr va qalamning qudrati edi.
U alohida varaqlarga emas, hamisha daftarga yozardi. Har qanday – yozuv daftarlaridan tortib, to grossbux (buxgalteriya ish daftarlari) gacha ishlatardi, asosiysi, bo‘yoq chaplanib ketmasa kifoya edi. Inqilob yillarida daftar taqchil bo‘lganda qog‘ozlardan daftarlarni o‘zi tikib olardi.
Oddiy qattiq yog‘ochli ruchkada ingichka maktab perosida yozardi. Bo‘yoqli ruchkalardan sira foydalanmasdi.
Vaqti-vaqti bilan chekib, qahva ichib qo‘yardi. So‘z jarangini eshitish uchunmi, g‘udranib-g‘udranib olardi. O‘rnidan turib ketmasdi, xona bo‘ylab aylanib yurmasdi, aksincha, qadalgandek, mixlangandek stulda o‘tirar, stoldan nari ketmasdi.
Ilhomi kelsa, asosiysini yozib olardi, buni hayratli darajada tez uddalardi. O‘zini o‘zi yig‘ib olgan holatda she’rning qora ishlarini qilardi – kerakli so‘z turkumlari, sifat, qofiyani izlardi, matn tayyor bo‘lgach, go‘yo unga sho‘ng‘ib ketardi, qayta ishlashdan charchamasdi.
Aytaylik, fikr va tuyg‘ularning uyg‘unligiga erishib, ketmaket qofiyalar, turli-tuman satrlar quyilib kelsa, keraksiz deb bilgan satrlarni chizib tashlamay, belgilab qo‘yar, ulardan yangi nimadir yaratishga urinardi .
Katta asar – katta ish boshlashdan avval uning bor mohiyat-mazmunini oxirigacha pishiq o‘ylab olar, qurar, rejalar tuzar, o‘ziga dam bermas, o‘sha oqim – o‘sha holat – o‘sha ruhdan chiqib ketmaslikka tirishar, bunday paytda uni faqat ilhom, ijod boshqarardi.
O‘ziga xos chiroyli, aniq edi yozuvi. Uni o‘qimoqchi bo‘lgan o‘quvchi o‘sib borayotgan qisqartmalarga har qadamda duch kelar; ko‘pgina so‘zlar so‘zning birinchi harfi bilan belgilanar; borgan sari qo‘lyozmalar qo‘lyozmaning qo‘lyozmasiga aylanib borardi.
Yozuv xarakteri juda erta, bolalikdanoq boshlangan edi.
Aslida, yozuvga nisbatan befarqlikni o‘quvchiga nisbatan haqoratga teng befarqlik deb tushunardi. Har qanday muharrirga, teruvchiga hurmati baland edi. Shuning uchun ham oqqa ko‘chiradigan matnlarni chiroyli yozuvda yozar, ayniqsa, bosmaxonaga yuboradigan qo‘lyozmalarga alohida e’tibor berardi. Xatlarga kechiktirmay javob yozardi. Ertalabki pochtadan xat kelsa, qo‘lyozmalarini chetga surib qo‘yib, xatning javobini o‘zi yozib o‘tirgan daftarning bir chetiga ham yozib qo‘yar, buni ijodning bir oqimi deb o‘ylardi. Xatlarga ham ijodga qaraganday qarar, qo‘lyozmalariday qadrlardi.
Ba’zan daftariga kun davomida yana qaytib kelardi. Tunda faqat yoshlik paytlaridagina ishlardi.
Ish paytida har qanday holatni ruhiga bo‘ysundirardi, ta’kidlayman: har qanday!
Mehnatsevarlik qobiliyati va ichki tuyg‘ularning uyg‘unligi uning shoirlik iste’dodi bilan barobar edi.
Ishlab bo‘lgach, daftarini yopib, derazasini ochardi – olddagi kunning barcha tashvishlari va zahmatlariga bag‘rini tutganday…

BLOK KEChASI

Kech tushmasdan uydan chiqdik. Onam menga Aleksandr Blok ham Pushkin kabi ulug‘ shoirligini uqtirib ketmoqda. Uning har bir so‘zidan allaqanday ajib tuyg‘u meni chulg‘ab borayotganini his etib boryapman. Onam rassom Milmotining kichkina hujrasida kitoblarni varaqlab o‘tiribdi. Uning o‘zi esa haligacha yo‘q.
Men bog‘ bo‘ylab chopib, o‘ynab yuribman. Yozuv: «Aleksandr Blok kechasi», «Politexnika muzeyida P. Kogan kechasi». Umuman olganda, bu yerda hammasi bayramona. Xiyobonlarda, daraxtlar soyasida issiq nonlar sotishmoqda va grammofon yangrab turibdi.
Nihoyat, rassomlar Milmoti va Visheslavtsev va shoir Pavel Antakolskiy rafiqasi bilan kirib kelishdi. Biz bilet sotib olishga ketayapmiz. Old eshikka kirib borganimizda, yoqimli va jarangdor ovoz «Blok!» deb chorlamoqda. Binafsharang baxmal zalga kirdik. Hamma joylar band. U esa hamon yo‘q. Antokolskiy bizga bir necha stul olib keldi. Endigina o‘tiruvdik hamki, shivir-shivir boshlandi: «Blok! Blok! Qayerda? Blok! – “Stolga yaqinlashdi, o‘tirdi!– Nastarin…» Hammaning yuzida sevinch porladi.
Tekis, qotib qolganday yuz. To‘q rangli ko‘zlari sal pastga tushganday, bilinar-bilinmas kichik og‘iz, yuzining rangi malla. Butun borlig‘i qotib qolganday ko‘rindi. Ko‘zlari, lablari, xullas, butun gavdasi qotib qolganday qimirlamaydi.
U «O‘ch» poemasini o‘qiy boshladi. Qahramonning ismi – Bayron, haqiqiy shoir Bayron emas, albatta. Bayron qadimiy dvoryan oilasining kenja qiziga maftun bo‘lib qoladi, qiz ham.
Qizning otasi bunga qarshi bo‘ladi, ammo muhabbat g‘olib chiqib, u yigit bilan ketadi. Qiz qorong‘u tunlarning birida bir o‘zi otasinikiga qaytib keladi. Ozib-to‘zib ketgan, horib-toliqqan, qo‘lida emizikli bolasi. Kun sayin o‘g‘il ham o‘sib-ulg‘ayadi, ammo jang maydonida emas, bal zallarida dilini xushlashni afzal biladi. Ballarining birida eshitadiki, uning otasi Varshavaning Atirgul ko‘chasida jon bermoqda. U bu yerga yetib kelganida otasining joni allaqachon uzilgan ekan. (Otasining qabrda yotgan qiyofasi, tashqi ko‘rinishi butunlay Blokning o‘ziga o‘xshab ketardi. Mehrli ko‘zlar, tarang tortilgan tana va ruhidan hamon ezgulik balqib turibdi. Qo‘lida – nikoh uzugi).
O‘g‘il qabr yonida turar ekan, ko‘zi motam libosidagi yuziga qora parda tortgan ayolga tushadi. Bu – onasi edi.
Bu asarning boshqa qismida urush, qo‘shinlar, halok bo‘lganlar haqida so‘z ketar, ular Vatan nomi bilan o‘limga tik boqar, ulardan imperatritsa ko‘z uzmasdi.
U ravon, o‘zgarmas ovozda so‘zlardi. Asar so‘ngida o‘g‘il vaqt o‘tib, otasini butunlay unutib yuborganini aytib o‘tdi
Blok tin oldi va tugatdi. Barcha olqishladi. Shoir hayajon ichida ta’zimga egildi. Xalq so‘rardi: «She’rlaringizdan o‘qing!» «O‘n ikkilar!», «O‘n ikkilar»dan bo‘lsin! «Noma’lum ayol»! «Noma’lum ayol»ni !
«Tumanli tong…»ni o‘qiy boshladi Blok. «Yosh boladay ta’zimi ham o‘lchanar uning. Ko‘rishguncha! Yonboshlab tushgan tongga urinib, jaranglab ketar olis xotira!» (Bu misralar mening yosh xotiramda shu qadar qattiq muhrlandiki, ularni unutolmadim).
Men uning ifodali qilib o‘qigan boshqa she’rlarini eslay olmayman, ammo ularning ma’nosini so‘zma-so‘z aytib berolaman. Masalan: «Sening qiyofang stol ustidagi tilla gardishda tovlanib turibdi. Sening xotiralaring – g‘amgin va qayg‘uli. Sen tunda to‘q ko‘k yopinchiqni kiygancha chiqib ketding. Men sening qiyofangni stoldagi tillo gardishdan sidirib tashlayman».
Blok tik turgan holatda, jiddiy ohangda, qisqa-qisqa nafasda o‘qiydi. O‘ta g‘amgin va bosiq ko‘rinadi. «Lablarimga sovuqqonlik bilan tekkizding kumush uzuklaringni».
Ba’zan Blok so‘zlarni unutib qo‘yar, shunda uning orqasida o‘tirgan xonim va janobga qarar, ular esa jilmayib so‘zlarni aytib turishardi.
Onam kamtarona burchakda o‘tirar, yuzlari yallig‘lanar, lablarini tishlaganday tinglardi. Goho mening qo‘limdagi gulni olib, uning hidsiz barglarini chiroyli qirra burniga tekkizib qo‘yardi, hidlardi. Uning yuzlari sevinchdanmi, hayratdanmi porlardi.
Kech tushdi. Blok uzundan-uzun pauzalar bilan o‘qirdi endi. Qorong‘ulik tushib kelardi. Orqamizda o‘tirgan janob chiroqni yoqdi. Qandildagi hamma shamlar va xona devorlaridagi ulkan chiroq ham yondirildi. Ular juda xira bo‘lib, qalin, qattiq shisha bilan qoplangan edi.
Bir necha daqiqadan so‘ng hammasi tugadi. Onam Milmotidan meni Blok yoniga olib borishlarini so‘radi. Men u turgan xonaga kirganimda avvaliga o‘zimni o‘ynab yurganday ko‘rsatishga urindim. Keyin Blokning yoniga bordim. Astagina va yengilgina uning yengidan ushladim. U qayrilib qaradi. Unga xat uzatdim. ( Bu Marina Svetayevaning she’rlar to‘la daftari edi). U kuldi va shivirladi: «Rahmat». Unga ta’zim qildim. U ham yengilgina, beparvo egilib qo‘ydi. Bu voqea 1920 yilning 15 mayida bo‘lib o‘tgan edi.
Marina Svetayeva Blokni o‘z hayoti davomida ko‘rgan-bilgan yagona ilohiy shoir deb bilardi, ha, aynan, shunday. U Blokka « navobaxsh hunar» yo‘lidagi yo‘ldoshday emas, she’riyatdagi ilohiy mo‘jizaday qarar va unga sajda qilardi. Boshqa barcha yaqin sevimli shoirlariga nisbatan safdoshlik tuyg‘usini tuyar, to‘g‘rirog‘i, ularda yo‘ldoshlari va safdoshlarini ko‘rardi. Har biri – Trediakovskiydan Mayakovskiygacha Pushkin haqida aytilgan ushbu so‘zlarni takrorlashga haqliman deb o‘ylardi: «Qalami hushyorlik bilan charxlanganini bildim: uning bo‘yoqlaridan barmoqlar qurib qolmadi».
Bundan tashqari, ularning har birini – hatto Rilkeni ham qondosh-jondoshi deb bilar, she’rlar faqatgina iste’dod mevasidan tug‘ilmasligini anglar, aksincha, barcha qayg‘u-alamlar, har bir tirik jonning nozikligi, shodliklari, shu tirik jonning qonidan yaralgan zahmatlari, uning erki va qudrati, peshona teri va mehnati, ochlik va tashnalikdan ekanligini his etardi. Ijodkorning jismoniy mehnatiga hamdardlik va kuyunchaklik tuyg‘usi bilan qarardi.
Svetayeva yolg‘iz Blokning ijodinigina osmoniy balandlikka qo‘ya oldi. Buni she’riyat ruhi bilan ruhni tozalash deb bildi (xuddi olovda tozarganday!). U bunday yuksak she’riyatga o‘zini daxldor deb bilmadi, bu haqda o‘ylamadi ham! Bunday xayolga borishni gunohkorlik sanadi. Faqatgina tizzlarini bukkanicha ta’zim qildi, xolos. Uning bunday tiz cho‘kib ta’zim qilishlari, «alliluyalari»ning barchasi she’rlarida o‘z ifodasini topdi. Bu she’rlar 1916-20-21 yillarda yozilib, Blokka ataldi. Ular orasida nasriy asari ham bo‘lib, uni 30-yillarning boshida Parijda o‘quvchilar hukmiga havola etdi, chiqishlarida o‘qib berdi. Afsuski, bu nasriy asari hech qayerda chop etilmagan, qo‘lyozmasi ham saqlanib qolmagan.
Mening avlodimdagi o‘quvchilar «Pasternak va Svetayeva» deb qanchalik ko‘p gapirishgan bo‘lsa, o‘sha davr avlodlari ham «Blok va Axmatova» degan iborani shu darajada tildan tushirishmagan. Biroq Svetayeva uchun bu nomlar sof ma’noda shartli edi; ular orasida tenglik bor deb o‘ylamadi u. Axmatova uning uchun opa-singillik tuyg‘usini uyg‘otardi. Ular chindan ham she’riyatda opa-singil edilar. Axmatovaning mutloq ohangdorligi, ruhiy latifligi avval boshdan Svetayevani qanchalik sehrlagan, o‘ziga tortgan bo‘lsa-da, ke-yinchalik bular Axmatova ijodining ifodasi va she’riyatdagi shaxsini rivojlantiruvchi, belgilovchi sifatlarga aylanib qoldi. «U – mukammallikning ifodasi va afsuski, xuddi shu – uning chegarasi», – degan edi Svetayeva Axmatova haqida.
Pavel Antokolskiy Svetayevaga Blokning «O‘n ikki»sini olib kelgani, sovg‘a qilganini eslayman. Katta hajmda oq qog‘ozga bitilgan qora harflar. Qorong‘u shom, oppoq qor. Chiroyli suratlar bilan mohirona bezatilgan kitobni oshxonamizning bo‘sag‘asidayoq chaqnoq ko‘zlari bilan o‘qiy boshladi. Bir nafas tin olib, mushtlarini yuqoriga ko‘tardi. Ko‘zlarini yumganicha, stolga kelib urilmaguncha enib kelishlari esimda hamon. Xuddi shu stol atrofida Marina – onam o‘tirdi va Antokolskiyni kutib olishga hozirlandi. U esa oxirigacha o‘qidi va onam indamay, ko‘zlarini yerdan uzmay, oxirigacha tingladi, uning qo‘lidan kitobni oldi. Hayajon va hayrat og‘ushida nigohini pastga tikdi, lablarini mahkam qimtidi, yuragida lovullagan olovni yuziga chiqargisi kelmadi.
«O‘n ikki» ning ko‘lami uni nafaqat hayratga soldi, balki ma’lum ma’noda o‘zi va o‘zi qatorilarning ijodidan, yozayotganlaridan uyaltirib yubordi ham! Bu haqda qayta va qayta Blok haqidagi o‘sha nasriy asarida ta’kidaydi onam. Blokning umri uzoq bo‘lmagan bo‘lsa-da, u ko‘plab shoirlar, xususan, o‘sha davrlardan boshlab, davr ruhiga mos kelmagan turkumlar yaratayotgan Svetayeva uchun ham panoh edi…

Biroq
Bu – Ilhom parisi, Ilhoming emas.
Chirib bitgan iplar
Qondosh emas senga, yo‘ling qo‘shilmas.
O, do‘stlik! – Faqat ayol qo‘li bilanmas –
Qonxo‘rlik! –
Men tomon tortqilar tugunaklarni.

Ul qo‘rg‘oshin birlik –
Qora rangli chinqiriqlar ichramen.
Sharq tomon yallig‘landi.
O, kim mening nozik yelkalarimni
Ikki qanotini
O‘ziga tortdi!

Blokning avval boshda Anna Axmatovaga bag‘ishlangan, keyinchalik bu yozuv olib tashlangan «Qizil ot» dostonida murakkab, o‘sib boruvchi, ayni paytda, «ilohiylashgan» Blok – «O‘n ikki»ning ijodkori, she’riyatning eng tiniq va olovqalb dahosi, Svetayevaning fikricha, uning qo‘li yetmagan cho‘qqi sohibining obrazi gavdalanib turardi.
U Blokni Moskvada bir necha kunlar davomida – 1920 yilning 9 va 14 may kunlari Politexnika muzeyi va San’at saroyidagi she’riyat kechalarida ko‘rdi, tingladi. U bilan shaxsan tanish emas edi va bunga urinmadi ham. Bu – uni ham quvontirdi, ham armoniga aylandi. Bilardiki, shunisi yaxshi – tasavvuridagi shoir va uchrashuvlar uni hech qachon hafsalasini pir qilmaydi, ko‘nglini sovutmaydi…

«BALMONT YuBILEYI»

Onam bilan San’at saroyiga bordik. Bu yerda ajoyib bayram – Balmontning yubileyi nishonlanmoqda. Men bog‘da qoldim. Birdan ko‘zim qo‘lida atirgul tutgan Balmont bilan kelayotgan Yelena va Mirraga tushdi. Onam bilet oldi va biz zalga kirdik. Yelena (Balmont tili bilan aytganda – Elena) o‘z joyini egalladi. Mirra meni imo-ishoralar bilan chaqirib, mayin binafsharang o‘rindiqda birga o‘tirishni taklif qildi. Tilla suvi yuritilgan ikkita ko‘m-ko‘k o‘rindiq keltirishdi, uchinchisi – Balmont uchun katta oromkursi. Uni o‘rtaga qo‘yishdi.
Balmont qo‘lida daftar va atirgul bilan chiqdi. U qat’iyatli, arslonkelbat, ayni paytda, zerikkanroq qiyofada o‘rindiqqa o‘tirdi. O‘rindiqning bittasiga daftari va gullarni qo‘ydi, ikkinchisiga shoir Vyacheslav Ivanov o‘tirdi. Hamma olqishladi. Vyacheslav Ivanov jimgina ta’zim qildi, bir necha daqiqa o‘tirdi-da, o‘rindiq va ko‘zgu o‘rtasidagi burchakka borib turdi va kichkina oromkursini tebratgan ko‘yi Balmont haqida kirish so‘zini boshladi.
Afsuski, men hech narsa tushunolmadim, chunki bu nutqda juda ko‘p chet tillardan qo‘shilgan so‘zlar ishlatildi. Nutq orasida yengil qarsaklar chalinar, gohida uning fikri bilan kelisholmayotgan, fikriga qo‘shilmayotganlarning qizg‘in shivirlari eshitilardi.
Bir daqiqaga dimiqqan zaldan pastga, boqqa chiqdim. Aylanib, yugurib yuribman. Bog‘ning har bir burchagini ko‘zdan kechirib, shunday vaqtda odamlar qanday qilib, Sologubning zax bosgan, mog‘orlagan yerto‘lalarida yashashi mumkin, deb o‘ylardim. Ortga qaytaman. Vyacheslav Ivanov so‘zini tugatganda kirib keldim. U o‘z burchagidan chiqib, Balmontning qo‘lini qattiq siqardi.
Vyacheslav Ivanovning qiyofasi xotiramda shunday saqlanib qolgan: mavhumlik muhrlangan ko‘zlar, egri-bugri, ajin bosgan sariq yuz. Jiddiy tabassum. Yengil-engil nafas olib, gapiradi. Hamma biladi – u o‘qimishli olimlarga xos salobatli odam. Bosiq, xotirjamlik bilan yuradi va shunday qaraydi. Unda olov sezilmaydi, aksincha, allaqanday namxushlik hidi ufuradi.
Bayramning eng hayajonli damlari yapon ayoli Iname bilan o‘tdi.
Uni shoira Iname deb sahnaga chorlashdi. U sahnaga chiqib, qo‘llarini birlashtirib, istaklarini hayajon ichida oddiygina ifodaladi: «Mana, men Sizning oldingizda turibman va Sizni ko‘rayapman. Men ertaga jo‘nab ketishim kerak. Biz Siz biznikida bo‘lganingizni eslaymiz va hech qachon unutmaymiz. Siz o‘shanda bir necha kunga borgan edingiz, o‘sha bir necha kunlar… nimasini aytay!… Biznikiga keling, uzoqroq turish uchun keling. Shunda biznikida Siz – ulug‘ shoir bo‘lganini umrbod eslab yuraylik!»
Shunda Balmont dedi: «Iname! U men javob tayyorlab qo‘yganimni bilmaydi hali!» Hamma kulib yubordi. U o‘rnidan turdi, cho‘ntagidan uncha katta bo‘lmagan yon daftarchasini oldi-da, she’r o‘qiy boshladi. She’rning mazmuni, adashmasam, shunday edi: «Iname go‘zal, ismi esa o‘zidan-da go‘zal», umuman, har bir ayolga yoqadigan she’r edi.
Yana bir ayol – ingliz mehmon ayol o‘rnidan turdi va inglizcha gapirdi. U so‘zini tugatgandan so‘ng Balmont unga bir dasta gul tutqazdi. Menimcha, u bu gullarni yapon shoirasiga bergani ma’qul edi, chunki u ko‘nglidagini oddiy va samimiy qilib aytdi-qo‘ydi! Kimdir baland ovozda e’lon qildi: «Shoira Marina Svetayeva!» Onam Balmontning yoniga bordi va dedi: « Qadrli Balmont! Men Sizga mana shu kartinani tuhfa etaman. Juda ko‘p rassomlar va shoirlar o‘z imzolarini qo‘yishgan. V.D.Milmotti chizdi».
Balmont onamning qo‘lini siqdi va ular yengilgina quchishdilar. Onam allanechuk holatda joyiga borib o‘tirdi. Olqishlarga ham e’tibor qilmadi.
Xuddi shu payt royalda musiqa yangradi, shu qadar shiddatliki, klavishlar ko‘chib ketgudek. Yarim ochilgan royal murvatlari qarsilladi. Mirra quloqlarini berkitib oldi-da, jilmayib qo‘ydi. Men esa butkul beparvo tutdim o‘zimni. Esladim: « Men Pushkin – Blok singari ulug‘ shoirni ko‘rdim». Yaqindan ko‘rdim.
Eng oxiri Fyodor Sollogub so‘zga chiqdi. U dedi: «Hammani birdek ko‘nglini olish qiyin. Shoir – yer yuzidagi eng noyob mehmon. Shoir – tirilish kuni va dunyoning bayrami. Shoirning har bir kuni – bayram. Hamma odamlar ham shoir bo‘lib tug‘ilmaydilar. Millionlar ichida bittasi – haqiqiy shoir!»
Sollogubning so‘zidan so‘ng zalda e’tirozli ovozlar yangradi:«Kim? Kim u? Hammaga emas! Hammavaqt ham emas!»
Ivan Sergeevich Rukavishnikov so‘z oldi. Qo‘lida – she’riy jurnal. Ovozini baland qo‘yib, qichqirib, o‘z she’rlarini Balmontga qarab o‘qiy boshladi. Balmont uning qo‘llarini siqib qo‘ydi.
Zinapoyalardan tushayotib, o‘yladim – nima uchun Balmontning yubileyi tungi bayram mushaklari bilan nishonlanmadi…
Balmont va uning oilasi bilan birga qaytdik.

* * *

Onamning Balmont bilan do‘stligi qachon boshlanganini eslay olmayman. U hamisha yonimizda bo‘lganday tuyuladi. Shunday odamiylik munosabatlari borki, ular boshidan boshlanmaydilar, balki birdan boshlanadi. Shu ko‘yi uning oxiri ko‘rinmaydi. U qanday zuhur bo‘lmasin, baribir oxiri yo‘qday. Munosabatlar esa avval-oxirni chetlab o‘tib, bir-birini anglab yetishning nozik pallalarida, so‘nggi, og‘riqli ko‘ngil tovushlarida, sovushlarida bo‘linib-bo‘linib boraveradi…
To‘g‘ri chiziq bilan uzoqqa tortilgan do‘stlik rishtasi (uzilishlarning tash-qi ko‘rinishini emas, ichki uzilishlarini nazarda tutayapman) onam uchun xos emas edi, u tekis, yaxshilab ishlov berilgan yo‘llarning yo‘lovchisi emas edi.
Ko‘p hollarda sovib qolmaslik uchun do‘stlariga haddan ziyod berilib ketardi, haddan ziyod! (Ammo «haddan ziyod»lik shoir uchun hamisha notabiiy ko‘rinadi). U ular orasidagi o‘ta og‘ir, bulutlar ortidagidek yuksaklikni ham ko‘tardi, turli vahima va vasvasalardan o‘zini saqlashga harakat qildi; odamlarni turli fazilat va e’tiborga loyiq holda ko‘rishga intildi, ulardagi har bir ijobiy sifatlarni ulug‘ladi. Har bir odam ana shunday ajoyib fazilatlarga ega bo‘lishlari lozim deb hisobladi. Ayni paytda, bunday fazilatlari bormi-yo‘qmi, bunisidan qat’i nazar, ularning insonligi uchun ham qadrlardi…
U o‘zini emas, boshqalarni asrashni afzal bilar, bu ishga tantilik bilan kirishardi. Uning bu oddiy, samimiy va odamiylik fazilatlari qa’rida o‘zini-o‘zi yoyib ko‘rsatmoqchiday, yana – ayriliq – bu she’rlarida yaqqol ko‘rinardi – ichki portlashdan yumshab olmoqchiday tuyuladigan tuyg‘ulari yashirin edi, chamamda.
Bunday uzoq davom etgan, hech qachon uzilmagan, ikki ulug‘ shoirni bir-biriga bog‘lagan do‘stlik qanday qilib tug‘ilgan edi?
Birinchidan, onamning shoirona tasavvuriga ko‘ra unda – Balmontda Marina Svetayeva uchun zarur bo‘lgan ma’naviy ozuqalar yo‘q edi, bo‘lgani ham xuddi onamda bo‘lgani singari edi. Balmont ham o‘zining imkoniyatlari va imkonsiz tomonlarini yaxshi bilardi. U ham onam kabi eng oliy darajada, hech kim tortib ololmaydigan darajada balandlikda turardi. Ikkinchidan, turli stixiyalar, turli ichki kenglik va tubsizliklar ikkisining ijodi uchun ham oddiy hol edi. Onam hammavaqt munozaralar chog‘ida o‘ziga zarurini olar, tanlar va xolis fikr aytardi. U eng yaxshi, eng katta, eng keraklilarini faqat o‘ziga yaqin, qadrdon shoirlardan talab qilar, ulardan shuni kutardi.
Ular ikkalasi ham «Xudo yuqtirgan» shoirlar edilar. Ammo onam hammavaqt o‘z ijodini to‘ldirishni o‘ylar, Balmont esa uning uchun bu borliqni to‘la o‘zlashtirib olgandek ko‘rinardi.
Balmont haqida behisob latifalar to‘qilgan edi. Uni erkin shoir sifatida ulug‘lashar, she’riy davralar usiz o‘tmasligi urfga aylangan edi. Yosh Marina Svetayeva uchun ham u afsonaviy, ulkan bo‘lib ko‘rindi. Oktyabr voqealari uni tirik, biroq chorasiz odamning oldiga olib borib qo‘ydi. Bu vaqtda uning yulduzi fazoviy tezlikda eng yuqori cho‘qqidan quyiga enayotgan edi. Onam o‘sha zahotiyoq so‘nib borayotgan shon-shuhrat, keksalikdan tushib kelayotgan, ammo o‘lmas iste’dodi hamon yarqirab turgan shoirga yelkasini tutdi.
Afsonaviy Balmont o‘ziga bir o‘xshab, bir o‘xshamay yashardi. Uning nafis nafasli, ayni paytda bo‘g‘iq nutqlari, o‘zini tuta bilishi, mag‘rur, tik turishi, dimog‘dorligi tug‘ma edi. U ataylab dimog‘dorlik qilmasdi. Hammavaqt, har qanday joyda, har qanday davrada, har qanday sharoitda u o‘zgarmadi, oxirgi kunigacha shunday yashadi. U qarib borardi, tanasi ozib, muskullari kichrayib, yerga enka-yibroq, yuz ifodalari muloyim tortib, keng peshonasi yanada aniq-tiniq ajinlarga to‘lib borar, ko‘rinishi, yurish-turishidan ko‘proq ispan qoni qo‘shilgan qishloqi siyoqqa o‘xshab borar, baribir – buyuklik cho‘qqisida turardi.
Bundan tashqari, kutilmaganda Balmontda soddalik ham paydo bo‘la boshladi. U endi o‘zini ko‘rsatishga urinmas, so‘zlashganda ham to‘liqib, so‘zlarga rang berib o‘tirmas, qisqa, aniq va o‘tkir iboralarni ishlatardi. U to‘xtab-to‘xtab, so‘zlarni gaplardan uzib-uzib olganday gapirardi. Keksaydi, o‘zini xuddi himoyasizday sezgan yosh bolaga o‘xshab qoldi, darrov xafa bo‘lib, yana alamlarini ichiga yutar, xira tortgan katta ko‘zlari yoshlanib ketardi.
Balmont bilan onam bir-biriga juda yaqin, «sen»lashib gaplashadigan noyob do‘stlar sirasiga kirardi. Onam ham, u ham buni dilida ham, tilida ham birdek aytolishardi. O‘sha davrlarda onam Pasternak bilan yozishmalaridagina shunday yaqinlik his etardi o‘zida. Umrida bir marta ham ko‘rmagan, ko‘rishishmagan Rilke bilan yozishmalarida ham bu qadar iliqlik, mehr, do‘stlik mustahkam bo‘lmagan, sezilmagan. Onamning tabiatiga ko‘ra, «sen»lashib so‘zlashish (bolalardan tashqari, albatta) uning uchun sof shoirona erkinlik, ayni payt-da, shartlilikday edi. Balmont bilan «sen»lashishga o‘tgan Marina Svetayeva uning barcha mashaqqatlari, yoqimsiz va beo‘xshovlik tomonlarini ham ko‘tara oladigan «sen»ga aylandi. Onam uchun o‘ziga o‘zi yordam berishdan ko‘ra do‘stlariga yordam berish oson kechardi. U boshqalar uchun hatto tog‘larni ham ag‘darib yuborishga tayyor edi..
Balmont va onam adabiy kechalarda doim birgalikda chiqishar, mehmondorchilikka boradigan joylari ham, uchrashib turadigan do‘stlarining uylari ham bir xil edi. Ular ko‘pincha onamning yaqin dugonalaridan biri Tatyana Fyodorovna Skryabinalarnikida yig‘ilishardi. Bu ayol bastakorning bevasi bo‘lib, g‘oyatda go‘zal, g‘amg‘in chehrali, qaddi-qomati kelishgan edi. Uning atrofiga san’atga shaydo ko‘ngillar yig‘ilardi. O‘sha bastakorlar ichida men ko‘proq S.Kusevitskiyni eslab qolganman. U har qanday suhbatni bevosita Skryabinga olib borishga juda mohir edi. Bastakor qizlarining ismlari xuddi biznikiday edi. 1922 yil onasining o‘limidan so‘ng bastakorning katta qizi Ariadna Skryabina belgiyalik buvisi va kichik singlisi bilan, hali yosh bo‘lishiga qaramay, chet elga jo‘nab ketdi. Uch bolaning onasi bo‘lgan paytda Frantsiya Qarshilik ko‘rsatish kuchlari olib borgan janglarda qo‘lida qurol bilan gitlerchilar qurshoviga tushib qoladi va qahramonlarcha halok bo‘ladi.
Ko‘z oldimizda Skryabinalar uyi muzeyga aylana boshladi. Oiladigilar davlatga avvalo, bastakorning kabinetini berishdi. Bu yerda hamma narsa o‘z joyi-da qolgan edi. Derazasi katta boqqa qaragan uyga asta-sekinlik bilan sayohatchilar kelib ketishadigan, bog‘ o‘rtasida yozning o‘rtalarigacha ochilib, gullab turadigan «Yaralangan gullar»dan zavqlanib ketadigan bo‘lishdi.
Hammavaqt va hamma joyda Balmontni xotini Yelena olib yurardi. U – ushoq gavdali, oriqqina edi: kamdan-kam uchraydigan katta-katta binafsharang ko‘zlarini eridan uzmasdi. U mo‘jizakor ikonalar yonida hamisha yonib turadigan sham singari Balmontni isitib, atrofini yoritib turardi. Onam uning yonida turib, bolalikdagi chenalarimizga muzlab qolgan kartoshka yoki kutilmaganda qo‘lga tekkan yonilg‘ilarni solib, uyigacha olib borishga ko‘maklashardi. Onam maxorka xarid qilganda, yarmini «Balmont»ga deb olib qo‘yardi. U esa bularni ajoyib inglizcha turbkasiga solardi-da, rohatlanib tutatardi. Ba’zan bu trubkadan onam ham chekib ko‘rar, ikkalasi xuddi hindularga o‘xshab bir-biriga ilinishardi.
Balmontlar Skryabinalardan ikki qadam narida, bizdan uncha uzoq bo‘lmagan Arbat yaqinida yashashardi. Kirsang – Yelenani ko‘rasan, kuyaga belanib, tutab yotgan pechkani yoqish bilan ovora. Balmont esa she’r yozib o‘tiribdi. Balmontlar biznikiga kelganda esa – onam ham pechka yoqar, ham she’r yozardi. Skryabinalarnikida esa hammayoq toza, chinniday, issiq. Chunki bu yerda hech kim she’r yozmaydi, pechkalarni esa xizmatkorlar yoqishadi…
Balmontlar chet elga ketishga chog‘lanishayotganda, tez orada qaytishsa kerak, deb o‘ylagan edik. Ammo butunlay qolib ketishdi. Biz ularni ikki marta kuzatdik. Birinchi bor – Skryabinalarnikida. U yerda bizni qalampirli kartoshka va chinni idishlarni to‘ldirib, haqiqiy choy bilan mehmon qilishdi. Hamma hayajonli so‘zlarni aytishdi, xayr-xo‘shlashishdi, quchishdilar. Ammo ertasi kuni vizaga bog‘liq qandaydir chala ishlar borligi aytilib, safar uncha uzoq bo‘lmagan vaqtga qoldirildi. Oxirgi kuzatish aytib bo‘lmas darajada aralash-quralash holatda o‘tdi: sigaralar tutuni va samovar bug‘i bilan to‘lgan Balmontning so‘nggi boshpanasi – lo‘lilar taboridan qolib ketgan tiqilinch joyda bo‘lib o‘tdi. «Onam o‘sha stol atrofida o‘tirganlar ichida eng xushchaqchag‘i edi o‘sha payt. U bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘zlab berar, o‘zi kulib, o‘zgalarni ham kuldirar, balki shu bilan ayriliq zahrini quritib tashlamoqchi bo‘lar edi go‘yo», – deb yozgan edim men o‘sha paytda daftarchamga. Biroq onam Balmontni qayg‘u to‘la yuragi bilan qaytib kelmas yo‘lga kuzatdi.
Muhojirlik davrida ham (1922–1939) onam va Balmont o‘rtasidagi do‘stlik uzilmadi, aksincha, mustahkamlandi. Ular boshida ahyon-ahyonda uchrashib turishdi. 30-yillarga kelib, Konstantin Dmitreevich va Yelena mamlakatlarni keza-keza, baxt izlashdan biz kabi charchashgandan so‘ng Parijning chekkasidagi shaharchada to‘xtashdi. Shundan so‘nggina bizlar tez-tez uchrashib turadigan bo‘ldik. Bu, ayniqsa, Balmont betob bo‘lib qolgandan keyin yanada ko‘paydi.
Uning so‘nib borayotganini ko‘rish, tasavvur qilish nihoyatda og‘ir edi. Bu shu qadar rangsiz hayot ediki, buning ustiga, qashshoqlik qarilikni tobora ezib borardi. Unga Yelena bilan birga juda ko‘plar yordam berishdi. Ammo befoyda va hammasi umidsiz edilar. O‘ziga to‘q odamlar yordam berishdan charchashdi, kambag‘allari esa qurib bitishdi… Bularning hammasi – yo‘qchilik, doimiy ilojsizlik qattiq xo‘rlik uyg‘otardi, Atrofimizni begonalik, to‘qlik, mustahkam devorlar, ustiga-ustak, hashamdorligimiz esa o‘rab olgandi. Vitrinalar yonidan o‘tib ketishayotganda, onam ularga qaramayotganday ko‘rinsa-da, Balmont yosh boladay talpinar, uni esa yosh bolani ovutganday hamisha sadoqatli Yelena olib ketardi.
Balmontdagi keksalik, muhtojlik, xastalik asta-sekinlik bilan uning nafaqat tashqi tomoni, balki ichki dunyosi, ma’naviy olamiga ham kirib bordi. U o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoldi. So‘z bilan ifoda qilib bo‘lmas va aytib bo‘lmas, qo‘l yetmas barcha ummonlar va o‘z she’riyati yo‘llari ichida o‘ralib qolgan ehromga aylanib bordi.
Oxirgi marta men uni Parijda ko‘rdim. 1936-37 yillar. Qish edi. Do‘stlar davrasida o‘tirgan Balmontning mallarang, qalin sochlari oqarib ketgan, siyraklashgan, bu oqish siyrak sochlar samoviy binafsha rangda tovlanib turardi. Ko‘zining nuri kamaygan, harakatlari aniqlikni yo‘qotganday. Og‘ir ajinlar uni yerga tortib borsa-da, u boshini xuddi avvalgiday baland, viqorli tutardi. U begonalarday va jiddiy qiyofada ovqatlanardi. Yelena uning yonida o‘tirar, deyarli vujudsiz, jonsizday. Tik, go‘yoki tayoq deysiz. Mana shu yonida o‘tirgan jahongashtaning hassasiday.
– Marina, – dedi birdan Balmont ohista ketayotgan suhbatni shohona tarzda kesib . – Yo‘lda kelayotib, men baland daraxtni ko‘rdim. U bulutday yum-yumaloq, qushlar sayrog‘i jaranglab turardi. Men o‘sha tomonga borgim, eng baland shoxiga chiqqim keldi. U esa (Elena tomonga ilkis qaradi) menga yopishib olib, qo‘yib yubormadi!
– Qo‘yib yubormay, to‘g‘ri qilgan, – dedi onam mehribonlarcha. – Axir, sen Qaqnussan! Daraxtdagilar esa – oddiy qushlar: qarg‘alar, chumchuqlar. Ular seni cho‘qib tashlashlari mumkin edi…

«YoZUVChILAR DO‘KONI»

«Alya! Tez bo‘l, kiyin! Biz «Yozuvchilar»ga boramiz. Kitoblarni sotib kelamiz». Men tezda binafsha rang baxmal ko‘ylagimni – bisotimdagi eng yaxshisi! – kiyaman. Egnimga bolalikdagi yo‘lbars yo‘lli po‘stinimni ilaman. «Onajon! Men tayyorman. Ro‘molni ham tayyorlab qo‘ydim».
Onam katta sovuq xonadan kitoblar bilan to‘la savat ko‘tarib chiqadi. Eng yengil kitoblarni u mening ro‘molimga soladi. Biz yo‘lga tushamiz. Yo‘lda ketayotib, Nikitinskiy soatlariga qaraymiz: «Alechka! Hozir o‘n ikki yarim, biz vaqtida yetib boramiz!»
Onam ilhomlanib ketadi, ammo allaqanday xavotirdan chiqib ketolmaydi. U yo‘lda uchragan va qarshimizdan chiqqanlar bilan shunchaki tavoze, beparvolik bilan salomlashadi.
Kimdir mening boshimga qaraydi. Qo‘rqibgina, ko‘zimni yerdan olaman. Qarshimda quvnoq chehrali yosh yigit turibdi. Bu –«italyano» Osorgin. U italyan tilidan tarjima qiladi va shu do‘konda ishlaydi. «Xo‘sh, Alya, karton qog‘ozlar saltanatini ko‘rishni xohlaysanmi?» (Karton qog‘ozlar deganda u qirqish va yelimlash uchun mo‘ljallangan rasmli qattiq qog‘ozlarni nazarda tutardi). «Mumkin bo‘lsa, ko‘rsating». U kartonlar «saltanati»ni olib chiqquncha, ko‘zim Berdyayevga tushdi. U ham yozuvchi edi. Uning g‘alati kasalligi bor edi – vaqti-vaqti bilan tilini chiqarib turardi. U ham shu do‘konda xizmat qiladi.
Berdyayev sotish uchun olib kelingan kitoblarni birma-bir ko‘rib chiqar, varaqlar edi. «Ha, ha» (tilini chiqaradi). Ha. Bu – 1000 rubl. Bu – 5000 ! Bu – Lunacharskiy p’esasimi- 6000!»
Turli-tuman odamlar va bolalar peshtaxtaga qarar, kitoblarni varaqlab ko‘rishardi. Yonimga qirq yoshlardagi dehqon yaqinlashib, so‘radi: «Oyimqiz, ayting-chi, Vasnatka uchun shu kitob bo‘ladimi?»–«Kim u Vasnatka? O‘g‘lingizmi?» – «Mening jiyanim». – «O‘ylaymanki, bo‘ladi». – «Bu yerda ikki bahodir – Yeremey va Ivan haqida.». – «U qancha turadi? Ming rublmi? – «Yo‘q, yuz rubl». Quvonib ketgan dehqon Vasnatka uchun kitobni olgancha uzoqlashadi. Qayerdandir qop-qora Jivelegov ham paydo bo‘ldi. U peshtaxtani oldiga turib oldi-da, xushmuomalik bilan kimga nima kerakligini so‘ray boshladi. U kam haq to‘lardi va uning ko‘rinishi atrofdagilarni qo‘rqitardi. Onam har gal do‘konga borishdan oldin: «Ishqilib, Jivegelov qo‘liga tushib qolmaylik-da!» – deb niyat qilardi.
Onam kitoblarni ko‘ra-ko‘ra, oxirgi jovonlarga ham yetib keldi. Birdan Osorgin so‘rab qoldi: «Marina Ivanovna! Boshqa kitoblarni ham ko‘rishni istaysizmi?» – «Boshqa kitoblar? Sizda bundan boshqa kitoblar ham bormi?» – «Qani, keling, keling. Albatta, bor!»
 U hayratga tushib qolgan onamni qo‘ltiqlab oldi. Biz kirgan bino avval mehmonxona bo‘lgan. Unga ko‘cha tarafdan kirilardi. Zinalari marmar, keng. Osorgin quvnoq ovozda onamga do‘konning omborxonasi va kitoblarga talluqli hamma narsa haqida gapirib borardi.
Biz nihoyat tor labirint – dahlizga kirib bordik. Men hayrat bilan shuni sezdimki, Osorgin yo‘ldan umuman adashmasdi. U qaysidir eshikni taqillatdi, eshikni ikkita erkak ochdi. Ular kitoblarni tanlashar, bir-biridan ajratib qo‘yishar, tinmay gaplashishardi. Men ularga yordamlasha boshladim. Jovondan tushib ketgan kitoblarni yana joyiga qo‘yishga kirishdim. Onam yoniqib, nemis va frantsuz tilidagi kitoblarni izlashga tushdi. Keraklilarini menga uzatar, men ularni taxlab borardim. Kutilmaganda chang bosgan kitoblar orasida rangli, suratli, xuddi rus sochig‘iga o‘xshash narsani ko‘rib qoldim. Men uni onamga aytdim, ular bu go‘zal narsani kitoblar orasidan tortib olishga kirishib ketishdi. Chang bosgan kitob tog‘lari qulab, sochilib ketardi.
Onamning qo‘lida – yoshlar va keksalar suratlari bilan bezatilgan ajoyib yil kalendari. Bir qancha kitoblarni olib, boshqa xonaga kirdik. Bu yerda ko‘plab kitoblar – katta va kichik albomlar, oddiy qog‘oz, alifbe kitoblari, ulkan lotincha kitoblar, frantsuzcha she’rlar va butun dunyodan yig‘ib olib kelingan turli-tuman narsalar to‘lib-toshib yotardi.
Durustroq narsa topolmay, butun dahliz bo‘ylab, uning boshqa chekkasiga bordik. Osorgin yashirin eshikni ochib, bizni kirgizdi. Bu katta oynali kichikkina xona bo‘lib, quyosh nurlari to‘g‘ri yozuv stoliga kelib tushar, stol yonida katta oromkursi, stol ustida – kitoblar. Osorgin hayajon ichida dedi: «Bahordan boshlab, bu yer mening yozgi kabinetim bo‘ladi!».
Yana uch xonani ko‘rib, pastga tushdik. Men onamni quvib yetib, zinalardan chopib tusha boshladim. Ko‘chaga chiqdik. Yozuvchilar do‘koniga kirib chiqdik. Kitoblar haqini to‘ladik. Kalendarni Osorgin menga tuhfa qildi. Biz bahor hidi anqib turgan, ammo hali qorli uyumlarga to‘lib turgan ko‘chaga chiqdik.
Onamning savdosi shunday edi: kamroq kitob sotib, ko‘proq sotib olardi.

* * *

1918 yil avgustida vaqtli matbuot nashrlarini musodara qilish qaroridan so‘ng Moskvada birinchi va yagona, o‘ziga xos Yozuvchilar do‘koni paydo bo‘ldi – sherikchilik asosida yuzaga kelgan bu muassasaning tashkilotchilari – B.Griftsov, A.Jivegelov, P.Muratov, M.Osorgin, V.Xodasevich, B.Zaytsev, N.Berdyayev va boshqalarning fikricha, vaqti kelib, bu do‘kon kooperativ nashriyotga aylanishi kerak edi.
Avvaliga do‘kon unchalik katta bo‘lmagan, yaqindagina bo‘lib o‘tgan inqilob o‘qlaridan darz ketgan Leontev tor ko‘chasi, 16-uydagi sobiq kutubxonaga joylashdi. Bu yerdagi kitob va javonlar qoldirildi. 1921 yilning boshida Bolshoy Nikitskiy ko‘chasi, 24-uyga ko‘chirildi.
Bu yerda ko‘rinishidan adabiyotga aloqador bo‘lmagan dastyor ishlardi; boshqa barcha yozuvchilar o‘z ishini o‘zi eplardi: o‘z pullariga savdo qilib, shunda ham komissiya nazoratidan o‘tib, ish yuritar edilar. Ular ko‘p hollarda o‘z egalarini yo‘qotib qo‘ygan kitoblarni izlab topishar, ularni yangi odamlarga sotishar, eng noyob nashrlarni Rumyantsev muzeyiga o‘tkazishga urinishardi. Do‘kon qoshida tashkil etilgan «Italyano» studiyasida ma’ruzachi va lektor bo‘lib ishlashar, bundan tashqari, bu yerning ham saralovchilari, ham yuk tashuvchilari, ham baho beruvchilari edi. Eh, kimlar bo‘lib ishlashmadi ular!
Do‘konda bosmadan chiqqan nashrlardan tashqari, qo‘lyozmalarni ham topish mumkin edi: adiblar va shoirlarning dastxatlari, yaltiroq, a’lo navli qog‘ozlardan tortib, muqovalar, o‘rovlar, jildlargacha; ba’zan mualliflar tomonidan berilgan kitoblar; do‘konda o‘sha davrlarda ikki yuzga yaqin shunday kitoblar sotildi. Ular orasida onamning umuman bezak berilmagan, qattiq va qalin ip bilan tikilgan, qizil bo‘yoqda yozilgan qo‘lbola kitoblari ham bor edi.
Xiragina yoritilgan bu sirli do‘konda o‘ta qadimiy kitoblarning hidi odamni hayajonga solar, peshtaxta ortida turgan odamlar qiyofasida, ularning kiyimi va nutqlarida ruscha dag‘allik, g‘arbga xos uyg‘onish, g‘alatilik va zamondan tashqari bo‘lgan holat mavjud edi.
Biroq onamni do‘konchilar qiziqtirmas, o‘ziga tortmas, ayni paytda, ulardan yiroq bo‘lishga urinardi. Do‘konda hukm surgan klassitsizm, akademizm ruhi inqilobning ikkinchi yilidan to beshinchi yiligacha zamonaviylikka qarshi turdi, u o‘ziga xos yengilmas qudratga ega bo‘lsa-da, onamga begona edi.
Onam do‘konga kam kelardi, asosan pul ishlab olish maqsadida – kitoblar sotuviga yoki qo‘lyozmalarni ko‘rishga kelardi. «O‘t»ga o‘zini urmasdi. San’at saroyi bilan raqobatlashishga kirishgan o‘ziga xos «Italyano» studiyasiga qatnashmasdi. Unga San’at saroyi qadrdon va yaqin edi. Bu saroy eshiklari o‘sha davrning barcha adabiy oqimlari va shamollari, yangi yo‘llari uchun ochiq edi – turli-tuman tovushlarga to‘lib-toshgan kechalar, bahs-munozaralarning hammasiga onam qatnashar, to‘la huquqli xolis fikrlovchi edi.
«Do‘konchilar» onamga, umuman olganda, chidashardi, chamamda. U ham shunday. Griftsov va Osorginni hisobga olmaganda, onamni yaxshi ko‘rishmasdi, u ham ularni yoqtirmasdi.
Onamning yozuvchi B.K.Zaytsevga nisbatan tushuniksiz munosabatlari uzoq davom etdi. Eng yaxshi davrlarda Zaytsev onamga nisbatan o‘ta saxovatpesha bo‘lgan, og‘ir damlarda esa Svetayevadan kamchiliklar topishga intilardi. Bu onamni asabiylashtirar, aytganday, bu kamchiliklar butunligicha onamning ijodiga nisbatan aytilardi. Chunki onam «oltin oraliqda» jon saqlashga toqat qilolmasdi. Munosabatlar chigallashib bordi. Boris Konstantinovich va uning xotini Vera onamga 20-yillarda yordam berishgan, Vera onamga samimiy do‘st ruhida ko‘maklashgan bo‘lsa-da, Boris Konstantinovichning harakatlari boshqacha edi. U birovning omadsizligini ko‘ra-bila turib, sirtdan unga xushomadgo‘ylik qilardi.
Har qanday xayru tahqirlovchi ehsonlardan onam o‘zini olib qochishga harakat qilardi. Chunki onam o‘sha paytlarda iloji boricha birovning qo‘liga muhtoj bo‘lib qolmaslikka urinar, yordam – ko‘mak o‘zi kirib keladiganday tuyulardi unga…
Esimda, Zaytsevning allaqanday «Erto‘la»sini o‘qib, onam shunday dedi: «G‘azab ichidagi zaiflik qorishmasi». Boris Konstantinovichning tashqi qiyofasi: «Basharasi – dantenona, qorni esa – oblomovcha!» Zaytsev esa oriqqina odam edi.
Men onamni do‘kon tashkilotchilaridan biri V.F.Xodasevich bilan Moskvada bo‘lib o‘tadigan biron-bir uchrashuvlarda birga ko‘rmaganman, u haqda hatto gapirishmasdi ham. Muhojirlikda esa ular – sobitqadam klassik va shiddatkor neoromantik ( ikkalasi ham – «pushkinshunos», o‘ziga xos, bir-biriga zid, qarama-qarshi yo‘llarda) – bir-biriga tish qayrab yurishardi. Ammo ular 30-yillarning o‘rtalariga kelib yaqishlashishdi. Bir-birini shoir sifatida tan olishdi. Yaqinlashishlarining yana bir sababi shundaki, she’riyat turli-tuman kelishmovchiliklar, xususiyatlarga, ovozlarga ega bo‘ladi, bir kuni kelib, yagona o‘zakka aylanadi. Ikkalasi ham baxtli edilar, sababi – Xodasevich onamga yozgani kabi o‘limlaridan so‘nggi qandaydir nashrlarda emas, «hayot payt-laridayoq» uchrashishdi. Bunday holat shoirlar, ayniqsa, zamondosh shoirlar hayotida ko‘p uchraydi.
Ularning kechikkan mo‘jizaviy do‘stligi o‘tmishdagi g‘animlikni o‘chirib tashladi. Onam o‘zining – Marinaning cho‘qqiga chiqqan buyuk yolg‘izligini, muhojirlikning eng og‘ir azoblarini boshidan o‘tkazdi. Xodasevich esa aynan shu muhtojlik ichida o‘sdi. U shu davrlarda o‘zining odamiylik va shoirlik qaddini yanada baland tikladi.
Xodasevich 1939 yilining iyulida, onam Vatanga qaytganidan so‘ng vafot etdi. Uning o‘limi haqida onam bilmadi va bilmay o‘tdi. U haqda jo‘shib gapirardi. Menga shoirning daftariga yozib olgan she’rlarini ko‘rsatardi. Ulardan biri shunday boshlanardi: «G‘or singari edi o‘shal uy». Ostida tagso‘z: «Bu she’rlar meniki ham bo‘lishi mumkin edi». M.S.»

ANNA AXMATOVA BILAN TANIShUV

Bir kuni Anna Axmatova telefon qildi. Bu – 1957 yilning qishi yoki erta bahori edi. Aniqrog‘i, qish bo‘lsa kerak, ammo bu hozir muhim emas. U meni uyiga taklif etdi, onam haqida gapirib berishga va’da qildi.
Men unikiga kechqurun bordim. U Zamoskvorecheda yasharkan. Bu yer Yozuvchilar uyi va Tretyakov galareyasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. Yonida dumaloq shakldagi cherkov ham bor edi. U nurab borardi. Bir joyida zinalar o‘rni o‘pirilib tushgan ekan, bu bolalik chog‘larimni yodga soldi. Fuqarolar urushi yillari, hammayog‘i cho‘kib, o‘pirilgan, past-balandlik, o‘nqir-cho‘nqirlarga to‘lib toshgan Moskva.
Qo‘ng‘iroqni bosdim, xizmatchi chiqdi. Anna Andreevnani so‘ragan edim: «Dam olayaptilar», – dedi. Men shinam xonaga kirdim. Uy jihozlari qulay va chiroyli joylashtirilgan, bo‘m-bo‘sh sukunat ichida edi. Biroz kutdim, hammayoqni qarab chiqdim. Oshxonani ham aylandim. Anna Andreevnaning xonasini taqillatdim, bir necha daqiqadan so‘ng uyqu aralash ovoz eshitildi. Anna Andreevna chiqib keldi. Uyqusi to‘la o‘chmagan, uy kiyimida edi. Uning uyi kichkina, kayutaga o‘xshab ketar, ammo shifti baland va katta oynali, unda suyanchiqsiz divan, kichikkina dumaloq stol, ikkita stul, tokcha bor edi. Xonaga ikki kishidan ortiq odam sig‘masdi. Anna Andreevna chiroqni yoqdi, xona yorug‘lashdi. U hali ham uy kiyimida, o‘sha-o‘sha xotirjam, loqayd va ulug‘sifat o‘tirardi.
Suhbat boshlandi. Mening nimalar bilan mashg‘ulligimga qiziqdi, men esa yaqinda qaytib kelgan o‘g‘li haqida so‘radim. U o‘g‘li qaytgani, yangi hayot boshlayotgani, ammo bunga juda qiyinchilik bilan ko‘nikayotgani, avvalgi holatlardan yangisiga ko‘chish naqadar og‘ir kechayotganini aytdi. Muhimi, u baxtli va xotirjam edi – o‘g‘li qaytdi!
«Marina Ivanovnaning kitobi nima bo‘layapti?» – Ayta boshlayman. – «Necha bosma taboq?» – Javob beraman. – «Mening yangi kitobim ikki yarim bosma taboq, tarjimalarimni ham kiritdim».
«…Marina Svetayeva menikiga kelgan edi, xuddi shu yerda, xuddi shu holatda, hozir siz o‘tirgan joyda o‘tirgan edi. Biz u bilan urushgacha tanishgan edik. U Boris Leonidovich (Pasternak) orqali men bilan ko‘rishish, uchrashish niyati borligini bildirgan ekan. Men Moskvaga kelganimda Marina Ivanovna shu yerdaligini bildim. Unga telefon nomerimni yetkazishlarini so‘radim, qachon vaqti bo‘lsa, xabarlashishi mumkinligini aytdim. Ammo hadagenda u telefon qilmadi. Shunda o‘zim unga telefon qildim. Chunki tezda qaytib ketishim kerak edi. Marina Ivanovna uyda ekan. U men bilan istamayroq va sovuqroq gaplashdi. Keyin bilsam, telefonda gaplashishni yaxshi ko‘rmas, «eplolmas» ekan. Ikkinchidan, u hamma so‘zlashuvlar kimlar tomonidandir eshitilishiga ishonardi. U meni uyiga taklif qilolmasligini afsus va nadomatlar bilan aytdi, uyi tor va kvartira masalasi ham chigal, yaxshisi, siznikiga borsam, dedi. Men unga qayerda yashayotganim, qanday kelishi mumkinligini atroflicha erinmay tushuntirdim. Chunki Marina Ivanovnaning biron-bir joyga chiqishi og‘ir edi, taksi, avtobus yoki trolleybuslarda yurmas, faqat piyoda, metro yoki tramvayda yurishni qulay deb bilardi. U keldi. Biz judayam yaxshi ko‘rishishdik, uchrashuv yaxshi o‘tdi. Bir-birimizga qaramay, bir-birimizga uzoq tikilmay, shunchaki uzoq suhbatlashdik. Marina Ivanovna o‘zining Rossiyaga qaytgani, siz va otangiz haqida, hamma – hamma narsa, nimalar ro‘y bergani, qanday kunlarni boshdan kechirganini uzoq so‘zladi.
Bilaman, u o‘z joniga qasd qilgan, degan yoki boshqa har xil gaplar ham yuradi. Bunga ishonma. Uni o‘sha davr o‘ldirdi, hammamizni, juda ko‘plarni, meni ham o‘ldirdi. Bizlar sog‘lom edik – nodonlik bizni qurshab oldi. Qamashlar, otuvlar, gumonlar, hech kim va hech narsaga ishonmay qo‘yish, shubha bilan qarashlar o‘ldirdi bizni. Xatlar ochib o‘qilar, telefondagi suhbatlar pinhona tinglanardi; har bir do‘st dushmanga aylanishi, har bir suhbatdosh ayg‘oqchi bo‘lishi mumkin edi. Doimiy ochiq, achchiq ta’qiblar. Meni ortimdan hamisha ochiqdan-ochiq kuzatib yurgan o‘sha ikki odamni shu qadar yaxshi tanirdimki, ularning qiyofasi hamon ko‘z o‘ngimda; ular ko‘chaga chiqishimda ham, uyga kirishimda ham, yurganimda ham, turganimda ham – hammavaqt, hamma yerda meni kuzatishardi, hech qachon yashirinmas, o‘zlarini yashirmasdilar!
Marina Ivanovna hali men bilmagan, o‘qimagan she’rlaridan o‘qidi. Qech-qurun men band edim. «Raqs o‘qituvchisi» teatriga borishim kerak edi. Kech tez tushdi. Biz esa ayrilishni istamasdik. Teatrga birga ketdik. Yana bitta biletni amallab topdik, yonma-yon o‘tirdik. Teatrdan so‘ng bir-birimizni kuzatdik. Yana ertasi kuni uchrashishga kelishdik. Biz kun bo‘yi bir-birimizdan ayrilmay, shu xonada o‘tirdik. She’rlar o‘qidik va bir-birimizni tingladik. Kimdir bizga taom keltirdi, kimdir choy.
Marina Ivanovna mana buni sovg‘a qildi – (Anna Andreevna o‘rnidan turdi. Eshik oldidagi tokchadan bejirimgina to‘q rangdagi qahrabo munchoqlarni oldi. Har bir munchoq o‘ziga xos edi, shu bilan birga ular orasida uyg‘unlik ham bor edi.) «Bu tasbehlar, – dedi u va uning tarixini menga aytib berdi. Men bu tarixni aniq eslay olmayman. Uni chalkashtirib yuborishdan qo‘rqaman, bu tasbehlar sharqona ekanligi, o‘ziga xosligi, ular faqatgina Payg‘ambar qabriga ziyoratga borib kelganlardagina bo‘lishi mumkinligi yodimda qolgan. Balkim suhbatimiz faqat shu tasbehlar emas, boshqa narsalar haqida bo‘lgandir o‘sha paytda…»
Onam Anna Andreevnaga qadimiy tasbehlarni sovg‘a qilganini eslayman. Bundan tashqari, yana boshqa munchoqlar, ehtimol, uzuk yoki to‘g‘nog‘ich bo‘lgandir… Anna Andreevna menga hikoya qilishicha, u Toshkentda yashagan paytlarida shu tasbehlarni, boshqa munchoqlarni mahalliy odamlarga ko‘rsatib, bularning nimaligini bilishga uringan. Unga tasbeh muqaddas narsa bo‘lib, uni Payg‘ambar qabri ziyoratiga borgan har bir e’tiqodli musulmon taqishi mumkinligini aytishgan.(Men ularni o‘shanda – 1 yanvar kuni Pasternaknikida Anna Andreevnada ko‘rgan edim, e’tibor qilgandim).
Anna Andreevnaning aytishicha, bu munchoqlardan u hech qachon ayrilmagan, hamisha bo‘ynida taqib yurgan. Tokchada yana qandaydir taqinchoq ham bor edi – juda chiroyli va qadimiy. Yana uzuk – kumush gardishli, qimmatbaho toshli, toshning o‘rtasida yoriq bor edi. Anna Andreevna uning sevimli narsalari ba’zan kelayotgan g‘amdan xabar berishini aytdi. Toshdagi yoriq erining o‘limi kuni yoki o‘sha kunlar arafasida paydo bo‘lgan ekan.
Anna Andreevna onamga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qib berdi. Ularda Marina Mnishek va minoralar haqida so‘z ketadi. Axmatovaning aytishicha, uning bu she’rlari onamning o‘limidan ancha oldin yozilgan. Menga o‘zining so‘nggi, ammo ancha avval yozilgan dostonini o‘qishga berdi. U yarmi singan arxideya yoki xrizantema haqida edi, chamamda.
Anna Andreevna onam shu yerda bo‘lgan kezda esdalik uchun unga yoqqan she’rlarini bir nechtasini oqqa ko‘chirib bergan, bundan tashqari, bosmadan chiqqan «Tog‘lar» va «Intiho» dostonlarini ham tuhfa etgan. Onamning qo‘li bilan yozilgan she’rlarni Anna Andreevnaning erini hibsga olishayotganda yoki ikkinchi bor o‘g‘lini olib ketishayotganda hukumat tomonidan qanday tortib olinganligini so‘zlab berdi.
Men Anna Andreevnaga Mandelshtamni (o‘limidan so‘ng) oqlashganini Erenburgdan eshitganimni aytdim. Axmatova hayajonlanib, yuz-ko‘zlari titroqdan o‘zgarib ketdi. Mendan bu haqiqatmi yo mish-mish ekanligini uzoq surishtirdi. Ishonch hosil qilgach, oshxonaga kirdi. Mandelshtamning xotiniga telefon qildi. Bilsak, u ham hali bu haqda hech kimdan hech narsa eshitmagan ekan. Axmatova Mandelshtamning xotinini ishontirishga urinsa-da, u ishonishni istamadi; shunda men Erenburgning telefonini berishga majbur bo‘ldim. Faqatgina u buni tasdiqlashi mumkin edi.
Biz suhbatlashib o‘tirdik. Ardovning o‘g‘li bizga choy keltirdi. Qo‘ng‘iroq jiringladi. Mandelshtamning xotini tekshirib ko‘rib, ishonganligini aytdi.

Ariadna Efronning “Marina Svetayeva haqida” kitobidan olindi.
Ruschadan Oygul Suyundiqova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 1-son.