Anton Chexov. Zerikarli voqea (qissa)

(keksa odamning xotiralaridan)

I

Rossiyada Nikolay Stepanovich falonchi degan otoqli professor bor, o‘zi tayniy sovetnik ham ordendor; uning rus va chet el ordenlari shunchalik ko‘pki, Nikolay Stepanovich shularni taqqanida studentlar uni ikonastas deb ulug‘lashadi. Uning tanishlari ham juda aslzodalardir; qisqasi, keyingi 25—30 yil ichida Rossiyada Nikolay Stepanovich bilan yaqindan oshnachilik qilmagan bironta mashhur olim bo‘lmagan, hozir ham yo‘q. Endi oshnachilik qiladigan odam qolmagan, mabodo o‘tmish to‘g‘risida gap ochiladigan bo‘lsa, u ortdirgan ajoyib do‘stlarining uzun ro‘yxati Piragov, Kavelin, shoir Nekrasov kabi kishilarning nomlari bilan tugaydi. Bular Nikolay Stepanovichni o‘z samimiy do‘stliklari va mehribonchiliklari bilan baxtiyor qilganlar. U Rossiyadagi hamma universitetlarning va chet ellardagi uchta universitetning a’zosi. Va hokazo va hokazolar. Bularning hammasi va aytilishi lozim bo‘lgan yana ko‘p narsalar mening nomimni bezab turadi.
Mana shu mashhur nom — mening nomimdir. Bu nom Rossiyada har bir savodli kishiga ma’lum, chet ellarda esa kafedralarda «mashhur» va «muhtaram» degan so‘zlar bilan tilga olinadi. Bu nom kamdan-kam baxtiyor kishilarda bo‘ladiki, bunday nomlarni behurmat qilish yoki odamlar orasida va matbuotda behudaga tilga olish odobsizlik hisoblanadi. Shunday ham bo‘lishi kerak. Shuhratli, g‘oyat iste’dodli, mutlaq foydali kishi haqidagi tushuncha mening nomim bilan bog‘liq-ku, axir. Men nihoyatda mehnatsevar va tuyadek chidamli kishiman, bu juda muhim fazilat, talantim ham bor, bu esa yana ham muhimrohdir. O‘rni kelganda shuni ham aytish kerakki, men tarbiya ko‘rgan, kamtar va halol bir kishiman. Adabiyotga, siyosatga hech qachon tumshug‘imni suqqan, nodonlar bilan so‘z talashib shuhrat qozonishni ko‘zlagan, na ziyofatlarda va na do‘stlarimning qabri ustida va’zxonlik qilgan emasman… Umuman aytganda mening olimlik nomimda hech qanday dog‘ yo‘q, shu sababli bu nomdan nolishga asos topolmayman. Bu nom — musaffo nom.
Bu nomning egasi, ya’ni men, tepa sochlari to‘kilgan, og‘zi to‘la yasama tish qo‘yilgan bedavo tic kasaliga mubtalo bo‘lgan oltmish ikki yoshli bir kishiman. Nomim qanchalik yaxshi, qanchalik go‘zal bo‘lmasin, o‘zim shunchalik beo‘xshov va badbasharaman. Boshim va qo‘llarim darmonsizlikdan tinmay qaltiraydi; bo‘ynim Turgenevning bitta qahramoni singari kontrabasning dastasiga o‘xshaydi; ko‘kragim cho‘kkan, yag‘rinim tor. Gapirganimda yoki kitob o‘qiganimda og‘zim bir tomonga qiyshayib ketadi; jilmaysam afti-basharamni qarilikning xunuk ajinlari bosib ketadi. Mening ojiz tanimda salobatli biron narsa yo‘q; tic kasali qo‘ziganda basharam allanechuk tusga kiradi, shunday paytlarda aftimni ko‘rgan kishining ko‘ngliga: «bu odam bugun-erta o‘ladi» degan qat’iy ishonch kelsa kerak.
Men lektsiyani hali ham yomon o‘qimayman, avvalgidek studentlariing diqqatini ikki soat davomida o‘zimga jalb qilib tura olaman. Lektsiyani ehtiros bilan o‘qishim, tilimning adabiyligi, lektsiya orasidagi hazil-mutoyibalarim, ovozimdagi kamchilikni silliqlab ketadi. Mening ovozim esa juda quruq, shirasi yo‘q, munofiqning ovoziga o‘xshash ancha muloyimdir. Yozuvga kelganda juda no‘noqman. Miyamdagi yozuv qobiliyatini boshqarib turadigan markaz menga itoat qilmay qo‘ygan. Zehnim xitlashib ketgan, fikrimda yetarlik izchillik yo‘q, fikrimni qog‘ozga ko‘chirayotganimda, bu fikrlarni bir-biriga bog‘lash qobiliyatini yo‘qotib qo‘yganga o‘xshayman, jumlalarim bir xil, zaif va qo‘rqa-pusa yozilgan bo‘ladi. Ko‘p mahal bir narsani o‘ylab turib, boshqa narsani yozib qo‘yaman; xatning oxiriga kelganda boshi esimdan chiqib qoladi. Ko‘pincha oddiy so‘zlarni unutib qo‘yaman; ortiqcha so‘zlarni keraksiz kirish iboralarini yozib yubormaslik uchun har doim ancha urinishga to‘g‘ri keladi — bularning hammasi, shubhasiz, zehnimning ancha susayib qolganligidan darak beradi. Shunisi qiziqki, xat qanchalik oddiy bo‘lsa, men shunchalik ko‘p qiynalaman. Tabriknoma yoki dokladnomaga ko‘ra ilmiy maqolalarni ancha bama’ni va erkin yozaman. Yana bir narsa bor: ruschadan ko‘ra, nemischa yoki inglizcha yozish menga ancha oson.
Hozirgi kechirib turgan kunimga kelsak, avvalo uyqusizlikni aytib o‘tishim kerak; keyingi vaqtlarda mana shu dardga mubtalo bo‘lib qolganman. Basharti mendan: «Hozirgi turmushingning asosiy xususiyati nimadan iborat?» deb so‘rasalar, men: «uyqusizlik» deb javob qilgan bo‘lar edim. Ilgarigi odatimni qilib qoq yarim kechada yechinib o‘ringa kiraman. Ko‘zim tezda uyquga ketadi, biroq bir soat o‘tar-o‘tmas, xuddi hech uxlamagan kishidek yana uyg‘onib ketaman. O‘rindan turib chiroqni yoqishga majbur bo‘laman. Bir soat yoki ikki soat uyning bir burchagidan ikkinchi burchagiga qatnab, ko‘ra-ko‘ra ko‘nglimga urib ketgan suratlarni va fotografiyalarni tomosha qilaman. Yuraverishdan bezor bo‘lib, stol yoniga kelib o‘tiraman. Shu ahvolda qimirlamasdan, hech narsani o‘ylamasdan va hech qanday orzuni xayolimga keltirmasdan, anchagacha o‘tiraman; bordiyu ro‘paramda bironta kitob yotgan bo‘lsa — uni ixtiyorsiz oldimga tortaman, behafsalalik bilan o‘qiy boshlayman. Masalan, yaqinda «Qaldirg‘och nima deb chug‘urladi» degan g‘alati kattakon bir romanni kechasi bilan beixtiyor o‘qib chiqdim. Yo bo‘lmasa biron narsa bilan band bo‘lish niyatida, minggacha sanashga o‘zimni majbur qilaman, yoinki oshnalarimdan birontasining qiyofasini ko‘z oldimga keltirib, bu odamning qachon va qanday sharoitda xizmatga kirganini o‘ylab ketaman. Har xil tovushlarga quloq solishni yaxshi ko‘raman. Goh mening uyimdan ikki uy narida yotgan qizim Liza bosinqirab tez-tez jovraydi, goh xotinim zaldan sham ko‘tarib o‘tadi; o‘tib ketayotib, albatta, gugurtni tushirib yuboradi, goh qurigan shkaf g‘ijirlab ketadi yoki chiroq gorelkasi pixirlab qo‘yadi; bu tovushlarning hammasi negadir yuragimni hovliqtiradi.
Kechasi uxlamagan odam har daqiqa o‘zini boshqacha his qilib turadi, shuning uchun tong otishini chidamsizlik bilan kutaman, shundan keyin kishi uxlamasa ham bo‘ladi. Hovlida xo‘roz chaqirguncha yana ancha vaqt o‘tadi. Xo‘roz mening birinchi xushxabarchimdir. Bilamanki, xo‘roz chaqirishidan bir soat o‘tar-o‘tmas pastda shveytsar uig‘onadi, keyin zarda aralash yo‘talib, allanima uchun zinadan chiqadi. So‘ngra tashqari asta-sekin yoriydi; ko‘chadan har xil tovushlar eshitiladi.
Har kuni tong otishi bilan xotinim eshikdan kirib keladi. U sochlarini taramasdan, lekin yuvinib, guldan yasalgan atirni gurkiratib, go‘yo bexosdan kirgandek yubka kiyib, mening yonimga keladi va har safar:
— Kechirasan, men bir minutga kirdim… Tag‘in uxlamadingmi? — deydi.
So‘ngra chiroqni o‘chiradi-da, stol yoniga o‘tirib gap boshlaydi. Men payg‘ambar emasman, ammo nima haqida suz ochishini bilaman. Har kuni bir xil gap. Odatda tashvish bilan sog‘lig‘imni surishtirgandan keyin Varshavada ishlovchi ofitser o‘g‘limizni to‘satdan eslab qoladi. Har oyning yigirmasidan keyin unga 50 so‘mdan pul yuboramiz, suhbatimiz asosan shu masaladan boshlanadi.
— Albatta, bizga qiyin, — deydi xotinim xo‘rsinib, — ammo o‘zini batamom eplab olguncha qarashib turishga majburmiz. Bola bechora begona yurtda, moyanasi oz… Yaxshisi, sen rozi bo‘lsang, kelasi oyda ellik so‘m emas qirq so‘m yuboramiz. Shunga nima deysan?
Kundalik tajribalardan xulosa chiqarib, xarajatlar haqida gapiravergan bilan ularning kamaymasligini xotinim tushunishi kerak edi. Biroq u tajribani inobatga olmaydi va har kuni ertalab ofitser o‘g‘limiz haqida, xudoning marhamati bilan nonning narxi tushganini, qand ikki tiyin oshganini gapirishni qo‘ymaydi. Bularning hammasini menga go‘yo biron yangilik aytayotgandek gapiradi.
Men quloq solib o‘tiraman, gaplarini beixtiyor ma’qullayman, kechasi uxlamaganimdan bo‘lsa kerak, allaqanday keraksiz xayollar miyamni chulg‘ab oladi. Xotinimga qarab, yosh bola singari ajablanaman. Nahotki, ikir-chikir tashvishlar, bir parcha nonning g‘ami-hasrati chehrasidan sira arimagan, fikri-zikri qarzdorlik muxtojlik, ro‘zg‘or xarajati bo‘lib qolgan, faqat arzonchilikdan gapirgandagina chehrasi ochilib, labida tabassum ko‘ringan mana shu beso‘naqay semiz kampir, bir vaqtlarda nihoyatda aqllik, dili pokiza, o‘zi chiroylik bo‘lganidan Otello Dezdemonani sevganidek butun jon-dilim bilan sevganim, men xizmat qilgan fanga «jon kuyar» bulgani uchun yaxshi ko‘rganim nozikkina qiz, bir vaqtlar menga o‘g‘il tug‘ib bergan xotinim Varya shu bo‘lsa deb o‘z-o‘zimdan so‘rayman.
Xom semiz, beso‘naqay kampirning betiga tikilib-tikilib qarayman, uni o‘zimning Varyamga o‘xshatmoqchi bo‘laman, biroq uning tabiatida o‘tmishdan faqat mening sog‘lig‘im ustida tashvishlanish, mening maoshimni «bizning maosh», mening shapkamni «bizning shapka» deb gapirish odatigina qolganini eslayman. Basharasiga qarashga yuragim bezillaydi, ammo biroz bo‘lsa ham ko‘nglini tinchitish niyatida nimani gapirmasin tinglab o‘tira beraman, hatto odamlardan nohaq nolisa ham, yoki kasallarni davolash ishi bilan shug‘ullanmaganim, darslik yozmaganim uchun meni koyisa ham indamayman.
Suhbatimiz hamisha bir xilda tugaydi. Xotinim, to‘satdan, hali choy ichmaganimni eslab qo‘rqib ketadi.
— Men nima qilib o‘tiribman? — deydi u, o‘rnidan turar ekan, — samovar allaqachon stolga keltirilgan-u, mening ezmaligim bitmaydi. Esim qurg‘ur qolmapti, e xudoyim!
U tez-tez yurib ketadi, yana gapirmoqchi bo‘lib eshik yonida to‘xtaydi:
— Yegorga besh oylik haq to‘lashimiz kerak. Xabaring bormi? Xizmatkorlarning maoshini cho‘zib yuborish yaramaydi. Necha bor shuni senga aytdim! Besh oyga ellik so‘m to‘lagandan, bir oyga o‘n so‘m to‘lagan yengil bo‘ladi!
Eshikdan chiqib ketib yana to‘xtaydi, keyin gapiradi:
— Men hammadan ko‘ra bechora Lizamizga ko‘proq achinaman. Qizgina konservatoriyada o‘qiydi, muttasil yaxshi odamlar orasida bo‘ladi, usti-boshi bir holatda. Po‘stinini ko‘rsang, kishi ko‘chaga chiqqani uyaladi. Boshqa birovning qizi bo‘lsa mayli-ya, axir, otasi kimsan ovozasi ketgan professor, tayniy sovetnik ekanini hamma biladi!
Shuhratimni, martabamni pisanda qilib, nihoyat, chiqib ketadi. Kunim mana shunday boshlanadi. Davomi ham boshlanishidan durust bo‘lmaydi.
Choy ichayotganimda yonimga Lizam chiqadi. U konservatoriyaga ketishga allaqachon otlanib olgan — ustida pocha po‘stini, boshida shapka, qo‘lida notalari bor. Qizim yigirma ikkiga kirgan bo‘lsa ham basharasidan ancha yosh ko‘rinadi, o‘zi ancha xushro‘y, biroz onasining yoshligiga o‘xshaydi. U mehribonlik bilan chakkamdan, qulimdan o‘pib.
— Salom, dadajon, sog‘lig‘ing durustmi? — deydi.
Qizim bolaligida morojenoyeni juda yaxshi ko‘rardi. Men uni tez-tez konditerskayaga oborib turardim. Uning uchun morojenoye har bir go‘zal narsaning andazasi edi. Qizim basharti meni maqtamoqchi bo‘lsa: «Dadajon, sen xuddi qaymoqqa o‘xshaysan» der edi. U bitta barmog‘iga pista, ikkinchisiga — qaymoq, uchinchisiga — malina va hokazo nom qo‘ygan. Har kungi odatini qilib men bilan so‘rashish uchun ertalab oldimga kelganida, uni tizzamga o‘tqizib, barmoqlarini o‘par ekanman:
— Qaymoq… pista… limon… — deb qo‘yar edim. Hozir ham Lizaning barmoqlarini o‘pib turib, eski odatimga ko‘ra «pista… qaymoq… limon…» deb ming‘illayman, biroq hozirgi erkalatishim sira-sira ilgarilariga o‘xshamaydi. Men, baayni, morojenoye singari sovuqman, bu holimdan o‘zim ham uyalaman. Qizim oldimga chiqib, lablarini chakkamga tekizganida, bamisoli asalari chaqqandek seskanib ketaman, keyin zo‘rma-zo‘raki iljayib, yuzimni o‘girib olaman. Uyqusizlik balosiga yo‘liqqanimdan beri: men keksa bir odam, nomi chiqqan olim bo‘la turib, xizmatkordan qarzdor bo‘lganim uchun juda qattiq aziyat chekishimni, arzimagan qarzlar tashvishida ko‘p mahal ishimni yig‘ishtirib qo‘yib, soatlar bo‘yi uyning u burchagidan bu burchagiga qatnab xayol surishimni qizim har doim o‘z ko‘zi bilan ko‘radi-yu, nima uchun biron marta onasidan yashirincha menga kelib: «Ota, mana mening soatlarim, bilakuzuklarim, baldoqlarim, ko‘ylaklarim… hammasini garovga qo‘yib, ustidan pul ko‘tar demaydi»? Onasi ikkimiz soxta xayollarga berilib, qashshoqligimizni odamlardan yashirishga uringanimizni bila turib, nima uchun qimmatga tushadigan muzikani yig‘ishtirib qo‘ymaydi? Men uning soatlarini ham, bilakuzugini ham, baldoqlarini ham olmas edim, xudo meni bu narsalardan asrasin, — men istagan narsa bular emas, degan fikr miyamga qadalib turadi.
Darvoqe, Varshavada xizmat qiladigan ofitser o‘g‘lim ham esimga kelib qoldi. U ancha aqlli, halol va xushyor bir yigit, ammo bu narsa ko‘nglimni to‘ldirmaydi. O‘ylaymanki, mening keksa otam bo‘lsayu, uning o‘z qashshoqligidan nomus qiladigan paytlari bo‘lishini sezib qolsam, ofitserlik o‘rnimni boshqa biron kimsaga berib, xizmatkorlikka yollanib ketar edi. Bolalarim haqidagi bu xildagi xayollar ta’bimni xira qiladi. Buning nima hojati bor? Oddiy odamlarga qarshi, hotam emassan deb ko‘ngilda yozg‘irish, fe’li tor, alamzada kishilarning ishi-ku, axir. Bas, bu haqda endi gapirmayman.
Soat chorak kam o‘nda qadrdon bolalarimning oldiga lektsiya o‘qishga borishim kerak. Usti-boshimni kiyib, o‘ttiz yildan beri qatnay-qatnay, ko‘zimga sinashta bo‘lib qolgan ko‘chadan yo‘lga tushaman. Men bu ko‘chaning tarixini yaxshi bilaman. Ana, kattakon kulrang imorat, uning ichida dorixona bor. Bir mahallar bu yerda kichkinagina uy, uyning ichida pivoxona bo‘lardi. Men mana shu pivoxonada dissertatsiyamning plani ustida ko‘p o‘ylar edim. Varyaga birinchi oshiqlik xatini ham shu yerda yozganman. O‘sha xatni, tepasiga «Historia morbi» degan so‘z bitilgan bir varaq qog‘ozga qalam bilan yozganman. Ana, boqqollik do‘koni; ilgari bu do‘kon qotmagina yahudiyga qarar edi, u papirosni menga nasiyaga berardi. Keyin ana shu do‘konda semiz bir xotin savdo qiladigan bo‘ldi, bu xotin «har bir studentni onasi bo‘lgani uchun» ularni yaxshi ko‘rar edi. Hozir bu yerda sariq bir savdogar mol sotadi; u juda beg‘am, hamisha mis choynakdan choy quyib ichib o‘tiradi. Ana, universitetning ko‘pdan beri remont qilinmagan xunuk darvozasi; teri po‘stin kiygan, zerikib turgan qorovul, supurgi, g‘aram-g‘aram qor uyumlari… Provintsiyadan yangi kelgan va ilm mehrobini chindan ham mehrob deb o‘ylaydigan yosh yigitda bunday darvoza yaxshi ta’sir qoldirmaydi. Umuman aytganda, universitet binolarining eskirib ketganligi, koridorlarning befayzligi, devorlarning isi, g‘ira-shira yorug‘lik, zinalarning, qoziqlarning, skameykalarning nursiz ko‘rinishi — rus pessimizmi tarixida bu kasalga mayl ettiradigan sabablar qatorida eng oldingi o‘rinlardan birini oladi… Ana, bog‘imiz ham ko‘rindi. Studentlik chog‘larimdan beri bu bog‘ning yaxshilangani ham yomonlashgani ham sezilmaydi. Men bu bog‘ni yoqtirmayman. Nimjon lipa daraxtlari, sarg‘ayib ketgan akatsiyalar, kallaklangan yakkam-dukkam sirenalar o‘rniga 6U yerda uzun-uzun qarag‘aylar, yaxshi-yaxshi dub daraxtlari o‘sganida juda bema’ni ish bo‘lar edi. Studentlarning ahvol-ruhiyasi ko‘p mahal sharoitga qarab kamol topadi; shu sababli ular, o‘zlari o‘qiydigan yerda, qadam sayin mag‘rur, zabardast va nafis narsalarni ko‘rishlari lozim… Nimjon daraxtlardan, siniq derazalardan, kulrang devorlardan, yirtiq-yirtiq kleenkalar qoplangan ko‘rimsiz eshiklardan ularni xudoning o‘zi asrasin.
Kabinetimga kiradigan zinaga yetganimda ko‘p yillardan beri universitetda shveytsar bo‘lib ishlaydigan, tengdoshim ham adashim Nikolay eshikni ochib meni kutib oladi. Ichkariga kirganimda tomog‘ini qirib:
— Juda sovuq, janobi oliylari! — deydi.
Mabodo po‘stinim ho‘l bo‘lsa:
— Yomg‘ir yog‘yapti, janobi oliylari! — deb qo‘yadi.
Keyin mendan ilgari yugurib, yo‘limdagi hamma eshiklarni ochadi. Kabinetga kirganimda ehtiyot bilan ustimdan po‘stinimni yechib oladi va shu payt universitetdagi bironta yangilikni aytib ham qo‘yadi. Jamiki, universitetlarning shveytsarlari bilan qorovullari o‘rtasidagi yaqin oshnalik tufaylidan, har to‘rttala fakultetda, kantselyariyada, rektorning kabinetida, qiroatxonada o‘tadigan hech bir gapdan Nikolay bexabar qolmaydi. U nimalarni bilmaydi deysiz? Universitetda biron mishmish gap, chunonchi, rektor yoki dekanning ishdan bo‘shatilish masalasi ko‘tarilib qolgudek bo‘lsa, uning og‘zidan ajoyib so‘zlarni eshitaman. Nikolay yosh qorovullar bilan suhbatda bo‘shagan o‘ringa kim kelishini aytadi va shu onning o‘zida falonchini ministr tasdiqlamasligini, pistonchi o‘zi xohlamasligini tushuntirib beradi, so‘ngra kantselyariyaga kelgan allaqanday sirli qog‘ozlar, go‘yo ministr bilan nozir o‘rtasida bo‘lib o‘tgan maxfiy suhbat va hokazolar to‘g‘risida ajoyib tasfilotlarni so‘zlaydi. Agar mana shu tafsilotlarni chiqarib tashlansa, uning gaplari, deyarlik har mahal asosan to‘g‘ri chiqadi. Kandidatlarning har biriga beradigan baholari ham g‘alati-g‘alati, lekin to‘g‘ri bo‘ladi. Agar siz kimning, qaysi yili dissertatsiya yoqlaganini, ishga kirganini, isti’fo berganini yoki vafot qilganini bilmoqchi bo‘lsangiz shu soldatning buyuk xotirasini yordamga chaqiring, u sizga faqat yilni, oyni, kunnigina aytib qo‘ya qolmasdan, hatto har bir voqeaning qanday sharoitda ro‘y berganini ham gapirib beradi. Faqat joni-dilidan sevgan kishigina shunday eslab qoladi.
Nikolay universitet haqidagi rivoyatlarni saqlab keluvchi odam. O‘zidan oldin o‘tgan shveytsarlardan meros tariqasida universitet hayotiga doir ancha-muncha afsonalarni o‘zlashtirib olgan. Bu boylikka o‘zining xizmati davrida ortdirgan juda ko‘p hissalarini qo‘shgan.
Istasangiz, sizga bir talay uzun-uzun va qisqa-qisqa voqialarni gapirib beradi. Hamma narsani bilgan ulug‘ donishmandlar, haftalab uxlamagan ajoyib zaxmatkashlar, fanning behisob jafokashlari va qurbonlari haqida hikoya qila oladi. Bu odamning aytishiga qaragaida, yaxshilik yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi, kuchsiz kuchlikni, dono nodonni, sodda mag‘rurni, yosh qarini har doim yengib chiqadi… Bu xilda afsonalarni va to‘qima gaplarni naqd pulga olshlning, albatta, hech qanday zaruriyati yo‘q, ammo siz ularni suzib tashlasangiz. Istagan narsangizning hammasi suzgichda qoladi: ana shular bizning yaxshi an’analarimiz, barcha odamlar tomonidan e’tirof etilgan asl qahramonlarmizning nomlari bo‘ladi.
Bizning jamiyatda olimlarning hayotiga doir masalalar ustida gap ochilganda, eski professorlarning o‘taketgan parishonxotirligi to‘g‘risida tarqatilgan latifalar, shuningdek goh Gruberga, goh menga, goh Babuxinga to‘nkaladigan bir-ikkita qochiriq so‘zlar bilan cheklanib kelinadi. Madaniy jamiyat uchun bu kamlik qiladi. Jamiyatimiz fanni, olimlarni, studentlarni Nikolay singari sevganida, uning adabiyoti allaqachon epopeyalar, rivoyatlar, qasidalar bilan boyigan bo‘lardi, afsuski bunday narsalar hozircha yo‘q.
Nikolay yangilikni gapirib bo‘lgandan keyin betiga jiddiy tus beradi, shundan so‘ng ishga doir so‘z boshlanadi. Shu payt begona biron kimsa Nikolayning gapiga quloq solib tursa, har xil terminlarni qiynalmasdan ishlatishini ko‘rib, bu odam soldatcha kiyinib olgan olim bo‘lsa kerak deb o‘ylashi ham mumkin. Kezi kelganda universitet qorovullarining bilimdonligi haqidagi mish-mishlarning ortiqcha mubolag‘a ekanini aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, Nikolay yuzdan ortiq lotin iboralarini biladi, skelet yasashni uddalaydi, ba’zan preparat ham tayyorlaydi, uzundan-uzoq bironta olimona so‘z bilan studentlarni kuldirib qo‘yadi, biroq o‘ngg‘aygina qon aylanish nazariyasi uning uchun yigirma yil klgari qanchalik qorong‘i bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday.
Kabinetdagi stol yonida, kitob yoki preparat ustida boshini engashtirib mening yordamchim Petr Ignatevich o‘tiradi, u — tirishqoq, sipo, ammo qobiliyatsiz, o‘ttiz besh yoshlarga kirgan, allaqachon sochi to‘kilib, boshi yaltirab qolgan, qorindor bir odam. U ertalabdan qora kechgacha ishlaydi, kitobni juda ko‘p o‘qiydi, o‘qigan narsalarini juda yaxshi eslab qoladi — bu jihatdan, u odam emas, oltin; boshqa hamma jihatlardan esa — aravakash ot, yoki boshqacha qilib aytganda, qovoqbosh olim. Aravakash otni talantli odamlaridan ajratadigan xususiyatlar shulardan iboratdir: uning ong-bilim darajasi juda tor va o‘zining kasbi bilan qat’iy chegaralangan bo‘ladi; o‘z kasbidan chetga chiqdi deguncha go‘dak boladek go‘l bo‘lib qoladi. Esimda bor, men bir kun ertalab kabinetga kirib:
— Bilasizmi, qanday baxtsizlik yuz beripti? Skoblev vafot qilgan emish,— dedim.
Nikolay cho‘qinib qo‘ydi, Petr Ignatevich esa yuzichi menga o‘girib:
— Skobelev deganingiz kim? — deb so‘radi.
Yana bir safar — bu narsa birmuncha ilgariroq bo‘lgan edi — men professor Perovning o‘lganini aytdim, yoqimtoy Petr Ignatevich daf’atan:
— U kishi nima dars berardilar, — deb so‘radi.
Mashhur ashulachi Patti uning kulog‘i ostida qo‘shiq aytsa, xitoy lashkarlari Rossiyaga hujum qilgudek bo‘lsa, yoinki zilzila bo‘lib qolsa, bu odam pinagini buzmasdan, suzilgan ko‘zlarini xotirjamlik bilan mikroskopga tikib o‘tiraveradi. Qisqasini aytganda, uning Gekuba bilan hech qanday ishi yo‘q. Bu guvalaning xotini bilan yotganini ko‘rish menga nasib etsa, har qancha bo‘lsa to‘lashdan qochmas edim.
Uning yana bir hislati, fanning va, ayniqsa, nemislar yozgan har bir narsaning benuqsonligiga shak-shubhasiz ishonishidir. Qilayotgan ishlarining to‘g‘riligiga, preparatlarining bekami-ko‘stligiga chuqur ishonadi, nima uchun yashab yurganini yaxshi tushunadi, ammo talant ahllarining sochlarini oqartirib yuboradigan shubhalar, umidsizliklar unga butunlay begonadir. Ulug‘ kishilarga ko‘r-ko‘rona sig‘inish va mustaqil fikr yuritishning yo‘qligi ham uning xususiyatidir. U bilan bahslashib biron masalaga uni ishontirib bo‘lmaydi. Eng yaxshi fan — meditsina fani, eng yaxshi odamlar — vrachlar, eng yaxshi an’analar — meditsina an’analari ekanligiga chuqur ishongan bir odam bilan masala talashib bo‘ladimi. Meditsinaning sovuq o‘tmishidan faqat bitta an’ana omon qolgan, u ham bo‘lsa hozirgi mahalda doktorlar taqadigan oq galstukdir; olimlar va, umuman, o‘qimishli kishilar, an’analarni meditsina an’anasi, yuridistik an’ana va hokazo qismlarga bo‘lmasdan, yolg‘iz umum universitet an’analarini inobatga oladilar, xolos, Petr Ignatevich esa bu narsaga sira-sira rozi bo‘lmaydi, shu xususda u siz bilan to o‘lguncha tortishadi.
Petr Ignatevichning istiqboli menga ravshan. Butun umrida u bir necha yuz haddan ziyoda toza preparat tayyorlaydi, anchagina quruq va durust referatlar yozadi, astoydil o‘tirib o‘nga yaqin kitobni tarjima hiladi, ammo porox o‘ylab chiqarolmaydi. Porox o‘ylab chiqarish uchun fantaziya, ijodkorlik, fahm-farosat kerak, Petr Ignatevichda esa bularning birontasi ham yo‘q. Qisqasini aytganda, bu odam fanning sohibi emas, mardikoridir.
Men, Petr Ignatevich va Nikolay uchchalamiz pichchrlashib so‘zlashamiz. Hammamiz o‘zimizni biroz nohulay his hilamiz. Eshik orqasida studentlar dengizdek guvillab turganida, kishi o‘zini boshqacha sezadi. O‘ttiz yil davomida men bu sezgini aslo bosolmadim, har kun ertalab shu sezgi memi bezovta qiladi. Asabiylanib kamzilimning tugmasini qadayman, Nikolayga o‘rinsiz so‘roqlar beraman, tajang bo‘laman… Go‘yo, qo‘rqayotganga o‘xshayman, ammo bu qo‘rquv emas, boshqa bir narsa-yu, biroq men uning nomini aytolmayman, ta’rifini ham qilolmayman. Hech qanday ehtiyoj bo‘lmagani holda soatimga qarab:
— Xo‘sh, yuringlar, bo‘lmasa! — deyman.
Shundan keyin biz quyidagi tartibda yo‘lga tushamiz: oldinda preparatlarni, atlaslarni ko‘tarib Nikolay boradi, undan keyin men, mening orqamdan boshini quyi solib aravakash ot yuradi; mabodo zarur bo‘lib qolsa, oldinda zambilga solib o‘likni oborishadi, o‘lik orqasidan Nikolay yuradi va hokazolar. Men auditoriyaga kirishim bilan studentlar o‘rinlaridan turishadi, keyin yana o‘tirishadi, dengiz guvillashi birdan bosiladi. Jimlik cho‘kadi.
Men nima to‘g‘rida lektsiya o‘qishimni bilaman, ammo qanday o‘qishim, nimadan boshlab, nima bilan tugatishimni bilmayman. Miyamda bironta tayyor jumla yo‘q. Biroq, auditoriyaga (u amfiteatr shaklida qurilgan) bir ko‘z tashlab, «o‘tgan darsda… qolgan edik…» degan chaynalgan jumlani aytish bilan, uzun-uzun so‘zlar birin-ketin qo‘yilib kela beradi — qani, endi meni to‘xtatib bo‘lsa! Men haddan ziyoda tez va jo‘shqin gapiraman, go‘yo quyilib kelayotgan so‘zimni to‘xtata oladigan bironta kuch yo‘qdek seziladi. Lektsiyani yaxshi o‘qimoq uchun, ya’ni studentlarni zeriktirib qo‘ymaslik, ularga nafi tegadigan qilib o‘qish uchun, iste’dodli bo‘lishdan tashqari, kishi mahoragli, tajribali bo‘lishi, qanchalik kuchi borligini juda yaxshi bilishi hamda lektsiyani kimga o‘qiyotganligini va nima to‘g‘risida o‘qiyotganligini chuqur tushunishi lozim. Bundan tashqari kishining kallasida fahm-farosati bo‘lishi, har tomonga hushyor nazar tashlab turishi va bir daqiqa ham studentlarni ko‘zdan qochirmasligi kerak.
Yaxshi dirijyor kompozitorning fikrini tinglovchilarga yetkazish uchun bir varakayiga yigirmata ishni bajaradi: partiturani o‘qiydi, cho‘pini qimirlatib turadi, ashulachini kuzatib boradi, goh do‘mbirachiga, goh skripachiga qaraydi va hokazolar. Men ham lektsiya o‘qiganimda xuddi shunday qilaman. Ro‘paramda bir-biriga o‘xshamagan bir yuz ellikta bashara va uch yuzta ko‘z baqrayib betimga tikilib turadi. Mening vazifam ko‘p boshli mana shu ajdahoni yengib chiqishdir. Lektsiya paytida shu ajdohoning qanchalik zehn qo‘yayotganini va qanchalik tushunayotganini minut sayin nazardan qochirmasam, men, albatta, g‘olib chiqaman. Mening ikkinchi dushmanim o‘zimning ichimda yashirinib yotadi. Bu dushman — formalarning, hodisalarning, qonunlarning haddan tashqari xilma-xilligi va bular natijasida o‘zingda ham tug‘ilgan fikrlarning behisob ko‘p bo‘lishidir. Har minutda men mana shu buyuk materialdan eng muhimini va eng zarurini epchillik bilan ilib olishim, qanday tez gapirayotgan bo‘lsam, xuddi shu xilda ildamlik bilan fikrlarimni ajdahoning tushunchasiga mos keladigan va uning diqqatini qo‘zg‘otadigan bir shaklga solishim lozim. Surat solayotgan rassom har bir bo‘yoqni o‘z o‘rnida berganidek, dars o‘quvchi kishi ham miyasiga kelgan fikrlarni hadeb gapira bermasdan, ularning ma’lum bir tartibda ifodalanishiga diqqat qilishi zarur. Undan keyin nutqimning adabiy bo‘lishiga, ifodalarning qisqa va aniqligiga, jumlaning mumkin qadar sodda va chiroylik bo‘lishiga urinaman. Har minutda o‘zimni qo‘yib yubormaslikka harakat qilishim hamda menga faqat bir soatu qirq minut vaqt berilganini unutmasligim kerak. Qisqasi, nsh kam emas. Bir vaqtning o‘zida ham olim, ham pedagog, ham notiq bo‘lishga to‘g‘ri keladi, agar sizdagi notiqlik pedagogni hamda olimni yengib qo‘ysa, yoki shuning teskarisi bo‘lsa — ish chappasidan ketadi.
O‘n besh minut, yarim soat gapirgach, studentlarning shipga, Petr Ignatevichga qarayotganini sezib qolaman, bittasi dastro‘molini olishga qo‘l soladi, ikkinchisi qulayroq o‘tirib oladi, uchinchisi miyasiga kelgan fikrlardan iljayib qo‘yadi… Bu narsa studeitlarning charchaganini ko‘rsatadi. Chora ko‘rish kerak. Men birinchi qulay paytdan foydalanib, biroita qochiriq gap aytaman. Bir yuz ellikta odamning hammasi og‘zini katta ochib iljayadi, ko‘zlar shodiyona yaltiraydi, bir nafas dengiz guldurosi eshitiladi… Men ham kulamaya. Studentlar biroz yengil tortadi, keyin lektsiyani davom etdiraman.
Hech qanday munozara, hech qanday kayfi-safo, hech qanday o‘yin-kulgi menga lektsiyadan ortiq zavq bergan emas. Mening butun shavq-zavqim faqat lektsiyadagina xuruj qiladi, shunda men ilhom shoirlar o‘ylab chiqargan uydirma gap emas, chindan ham bor narsa ekanini anglar edim. Gerkules o‘zining eng ajoyib qahramonliklaridan keyin ham, men har safar lektsiyadan so‘ng his qilganimdek shirin horg‘inlik his qylmagandir, deb o‘ylar edim.
Bularning hammasi bir zamonlar bo‘lib o‘tgan. Endi bo‘lsa lektsiyada faqat azob chekaman. Yarim soat o‘tar-o‘tmas oyoqlarimda, yelkamda qattiq charchash sezaman; kresloga o‘tiraman, o‘tirib lektsiya o‘qishga odatlanmaganimdan bir minutdan keyin yana o‘rnimdan turib davom etdiraman, so‘ngra tag‘in o‘tiraman. Og‘zim qurib ketadi, ovozim xirillaydi, boshim aylanadi… Ahvolimni tinglovchilardan yashirish uchun damba-dam suv ichaman, yo‘talaman, baayni tumov xalaqit berayotgandek, tez-tez burnimni qoqaman, beo‘rin qochiriq qilaman, nihoyat, muddatdan ilgari tanaffus beraman. Eng og‘iri — juda uyalaman.
Shu ahvolda mening qilishim mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa — bolalarga xayrlashuv lektsiyasini o‘qib, ularga oxirgi so‘zni aytish, keyin oq fotiha berib, o‘rnimni o‘zimdan yosh va baquvvat kishiga bo‘shatib bermoqdir. Mening vijdonim, aqlim shu narsani talqin qiladi. Biroq vijdonan ish qilishga jasorat qilolmayman. Xudoyo, o‘zing kechirgaysan.
Baxtga qarshi men faylasuf ham emasman, xudojo‘y ham emasman. Yaxshi bilamanki, yarim yillan ortiq yashamayman. Modomiki shunday ekan, oxirat masalalari, qabrim ichra so‘roqqa kiradigan munkar-nakirlar, hozirgi kunda meni ko‘proq qiziqtirishi lozim edi. Aqlim bu masalalarning muhimligini anglasa ham, ruhim negadir ularni aslo eslagisi kelmaydi. Yigirma-o‘ttiz yil ilgarigidek, hozir o‘lim oldida turganimda ham, meni yolg‘iz fan qiziqtiradi. Og‘zimdan oxirgi nafasim chiqquncha inson hayotida eng muhim, eng go‘zal, eng zarur narsa fan ekaniga, fan har vaqt sevgining eng yuksak ifodasi bo‘lganiga va bundan keyin ham shunday bo‘lajagiga, inson tabiatni hamda o‘zini yolg‘iz fan vositasi bilan yenga olishiga ishonishimdan qaytmayman. Bu ishonch asosida, ehtimol go‘llik va noto‘g‘ri tushuncha bordir, ammo nachora, shu xilda ishonganim uchun aybli emasman, ruhimdagi bu ishonchni yengish mening qo‘limdan kelmaydi.
Gap bunda emas. Men faqat jo‘shqin muhabbatimga iltifot ko‘zi bilan qarashlarini, butun koinotning tiqdiridan ko‘ra ilikning tuzilishi va xizmati masalalari bilan ko‘proq qiziqqan bir odamni kafedradan, shogirdlaridan ajratish — shu odamningo‘lishini kutmasdan tiriklayin tovutga mixlab tashlash bilan baravar ekanini anglashlarini iltimos qilaman.
Uyqusizlik va kundan-kunga zo‘rayib borayotgan bedarmonlik balosidan qutilishga jiddiy urinish orqasida g‘alati bir holga tushib qolganman. Lektsiya o‘rtasida ko‘z yoshlarim bexosdan tomog‘imni bo‘g‘ib qoladi, ko‘zim qichisha boshlaydi, shunday paytlarda qo‘llarimni cho‘zib, ovozimning boricha faryod urib .nola qilgim, dod solib: mendek mashhur odamni taqdir o‘limga hukm qildi, biron yarim yildan keyin bu auditoriyada boshqa birov xo‘jayinlik qiladi, men zaharlandim degim keladi; ilgari menga noma’lum bo‘lgan yangi-yangi xayollar hayotimning so‘nggi kunlarini zaharlaydi va iskab topar singari nayzasini beto‘xtov miyamga sanchadi. Shunday kezlarda ahvolim shunchalik tanglashadiki, men barcha o‘quvchilarim bu ahvolni ko‘rib qo‘rqib ketishlarini va dahshat ichida o‘rinlaridan turib dod-faryod bilan eshikka otilishlarini istar edim.
Bunday minutlarni boshdan kechirish o‘ngg‘ay emas.

To‘liq o‘qing