Ivan Alekseevich Ognev avgust kechalarining birida oynaband eshikni jaranglatib ochib ayvonga chiqqanini unutgani yo‘q. U vaqt Ivan Alekseevichning egnida shalviragan palto, boshida qirrasi serbar shlyapa bor edi. Mana endi u shlyapa kattakon etigi bilan birga krovat tagida chang bosib yotibdi. Ushanda Ivan Alekseevichning bir qo‘lida bog‘lab olingan birtalay kitob bilan daftar, ikkinchi qo‘lida esa — butoqli yo‘g‘on tayoq bor edi.
Egnida qorga o‘xshash oppoq pidjak, soqoli ham oppoq. taqir bosh uy egasi Kuznetsov eshik orqasidan turib uning yo‘liga chiroq tutib berdi. Chol dilkashlik bilan kulimsirab, bosh chayqar edi.
— Yaxshi qoling, oqsoqol! — deb qichqirdi Ognev.
Kuznetsov chiroqni stolga qo‘yib, ayvonga chiqdi. Ikkita uzun, kambar soya zinadan gulshanga sakrab tushdi-da, boshi bilan lipa daraxtining o‘zagiga tiralib qoldi.
— Yaxshi qoling, yana bir karra rahmat, azizim! — dedi Ivan Alekseevich, — mehmondo‘stligingiz uchun, mehribonligingiz uchun, muhabbatingiz uchun rahmat… Mehmondo‘stligingizni hech qachon, umrim oxirigacha esdan chiqarmayman. O‘zingiz ham yaxshi, qizingiz ham yaxshi, hammalaringiz yaxshi, mehribon, mehmondo‘st odamlarsizlar… Shunaqayam ajoyib odamlar ekansizlarki, ta’rifga so‘z topolmayman!
Shirin his va tuyg‘ularnint to‘lib-toshganidan, hozirgina ichib chiqqan sharobining ta’siri bilan Ognev xuddi qiroat qilayotganday cho‘zib gapirar, shu qadar ko‘ngli buzilgan ediki, his va tuyg‘ularini so‘zdan ko‘ra ko‘proq ko‘zlarini pirpiratish, yelkalarini uchirish bilan bildirar edi. Kuznetsov ham anchagina ichib, ko‘ngli buzilib turgan edi, kallasini cho‘zib borib, yigit bilan o‘pishdi.
— Sizga xuddi toziday o‘rganib qoluvdim! — deb Ognev so‘zini davom qildi. — Qariyb har kun uyingizga kelardim, o‘n martacha yotib ham qoldim; sharobingizni shuncha ko‘p ichdimki, endi eslasam yuragim orqamga tortib ketadi. Hammasidan ham, Gavriil Petrovich, menga ko‘rsatgan yordamingiz uchun rahmat. Siz bo‘lmasangiz, statistikam bilan boshim qotib, oktyabrgacha ham shu yerda qolib ketardim. Kitobimning so‘z boshiga: «N uyezdi zemstvo idorasining raisi Kuznetsovga ajoyib yordami uchun rahmat» deb yozaman. Statistikaning kelajagi nihoyatda porloq! Vera Gavrilovnaga boshimni quyi egib salom aytaman. Doktorlarga, ikkala tergovchiga, innay keyin kotibingizga aytib qo‘yasiz: ularning yordamini o‘lguncha esdan chiqarmayman! Endi, oqsoqol, bir-birimizni quchoqlayligu, oxirgi marta o‘pishaylik.
Iyib ketgan Ognev, chol bmlan yana bir qur o‘pishib pastga tusha boshladi. So‘nggi pog‘onada orqasiga o‘girilib:
— Yana ko‘risharmikanmiz? — deb so‘ragan edi, chol:
— Xudo biladi! Balki ko‘rishmasmiz! — deb javob qildi.
— To‘g‘ri aytasiz! Sizni boshingizdan zar sochib ham Piterga keltirib bo‘lmaydi, uyezdingizga kelish menga ham bundan keyin nasib bo‘lmas. Xayr, yaxshi qoling!
— Kitoblarni tashlab ketsangizchi! — deb Kuznetsov orqasidan qichqirdi. — Shuncha og‘ir narsani ko‘tarib yurish zarurmi? Ertaga biron odam bilan yuborardim-da.
Lekin Ognev ovozni eshitmas, jadal odimlar bilan uydan uzoqlashib borardi. Ichkilik ilitgan qalbi ham shod, ham erigan, ham ma’yus edi… U, hayotda yaxshi odamlar bilan ko‘p uchrashasan-u, lekin bu uchrashishlardan, afsuski, xotiradan boshqa hech nima qolmaydi, deb o‘ylab borardi. Goho ufqda turnalar lip-lip etib ko‘rinadi, ularning bezovtalanib chiqargan sadolarini zaif shabada quloqqa uradi; bir ondan keyin moviy uzoqlarga qanchalik tikilib qaramagin, na bir nuqtani ko‘rasan va na zaif tovushni eshitasan. Odamlar ham o‘z tuslari va so‘zlari bilan hayotda ana shunday lip-lip etib ketadilar-u, xotiramizda arzimas izdan bo‘lak hech nima qoldirmay, o‘tmishimiz chohida g‘arq bo‘ladilar. Ivan Alekseevich N uyezdiga bahorda kelgan bo‘lsa, ana shundan buyon mehmondo‘st Kuznetsovlarning uyiga qariyb har kun kelib-ketib turdi; Ivan Alekseevich ularga: cholga, cholning qiziga, xizmatkoriga xuddi o‘z qarindoshlariday o‘rganib qoldi; butun uyni, shinam ayvonni, xiyobonlarning muyilishlarini, oshxona va hammom ustiga soya tashlab turgan daraxtlarni ikir-chikirigacha bilib oldi; lekin shu topda darchadan tashqariga chiqadi-yu, bularning hammasi xotiraga aylanadi, uning uchun haqiqiy ahamiyatini butunlay yo‘qotadi. Bir-ikki yil utgandan keyin esa bu dilbar siymolar ham xayol samaralari singari miyasida tuslarini yo‘qotadi.
Ko‘ngli erib ketgan Ognev xiyobon eshigi tomon ketayotib: «Dunyoda odamdan qimmatliroq narsa yo‘q! Hech yo‘q!» deb o‘ylardi.
Bog‘ ichi jimjit ham issiq edi. Rezeda, tamaki, kungaboqar gullarining hidi anqib turar — bular gullarini hali to‘kmagan edilar. Daraxt o‘zaklari bilan butalar orasini oy yog‘dusi sizib turgan yupqa, suyuq tuman to‘ldirgan. Arvohlarga o‘xshagan tuman parchalari birin-ketin yurib xiyobonni sekin-sekin kesib o‘tadi, ularni ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydi. Ognevning xotirasida bu manzara uzoq vaqtlargacha saqlanib qoldi. Bog‘ning tepasida, balandda — oy, undan pastroqda sharq tomon suzib borayotgan tiniq tuman dog‘lari. Butun olam haybatli qoralardan va sanqib yurgan oq ko‘lankalardan iborat kabi ko‘rinadi; avgustning oydin kechalaridan birida hayotida balki birinchi marta tumanni tomosha qilayotgan Ognev esa: tabiatni emas, dekoratsiyani ko‘rayapman; lavang mushakchilar bog‘ni oq bing‘ol chirog‘i bilan yoritish maqsadida daraxt taglariga o‘tirib olishib, yorug‘ bilan birga havoga oq tutun ham tarqatib yuborishibdi, deb o‘ylar edi.
Ognev bog‘ eshigiga yetay deganda, pastak daraxtlar orasidan qora soya ajralib chiqib, unga qarab kelaverdi.
— Vera Gavrilovna! — deb yubordi suyunganidan u. — Siz shu yerdamidingiz? Men bo‘lsam, sizni izlab yuribman, xayrlashib ketay deb… Xayr endi, men ketyapman!
— Muncha barvaqt? Soat endi o‘n bir bo‘ldi-ku!
— Yo‘q, ketmasam bo‘lmaydi! Besh chaqirim yurishim kerak, innaykeyin narsalarni yig‘ishtirish kerak… Ertaga barvaqt turaman.
Ognevning oldida Kuznetsovning yigirma bir yashar ko‘hlik qizi, — odati bo‘yicha ma’yus yuradigan, kiyimlarini ham naridan-beri kiyadigan Vera turardi. Ko‘p shirin xayollar suradigan va qo‘liga tushgach kitobni kun bo‘yi yotib olib xushyoqmaslik bilan o‘qiydigan, hamisha zerikib, qayg‘irib yuradigan qizlar umuman naridan-beri kiyinadilar. Tabiat did va go‘zallik sezgisi bergan qizlar o‘zlariga ana shunday zeb bermay kiyinganlarida, ularning malohatlari yana ham ortadi. Har holda, Ognev keyincha xushro‘y Verochkani eslaganda, uni belidan ming qat bo‘lib buklansa ham badaniga tegmaydigan keng koftasiz, baland qilib uyib qo‘yilgan sochlari orasidan peshonasiga tushib turgan gajaksiz, hoshiyasi baroq popukli qizil to‘r ro‘molsiz tasavvur qilolmas edi. Ro‘mol, shamolsiz paytlarda jimgina osilib turgan bayroq singari, Verochkaning orqasiga tushib yotar, kunduzlari esa dahlizda, erkaklarning shapkalari yonida yoki qari mushuk hech andisha qilmay chiqib oladigan sandiq ustida yotadi. Ana shu ro‘moldan, koftochka g‘ijimlaridan xushyoqmaslik, xonashinlik, beparvolik hidi kelib turadi. Ehtimol, Vera Ognevga yoqar-u, shuning uchun u Veraning har bir tugmasidan, kiyimining har bir g‘ijimidan iliqlik, dilbarlik, soddadillik nishonalarini topar, go‘zallik hislaridan mahrum, tabiati sovuq, subuti yo‘q xotinlarda asti bo‘lmaydigan she’riyat, malohattopar edi.
Verochkaning qaddi-qomati kelishgan, yon tomondan qaraganda yuzi silliq, sochlari chiroyli, qo‘ng‘iroq. Umrida xotin kishini kam ko‘rgan Ognevga u go‘zal ko‘rinadi.
Ognev Verochka bilan bog‘ darchasi oldida xayrlashayotib:
— Ketyapman! Ish qilib, yomon nom bilan eslamang-da! Qilgan hamma yaxshiliklaringiz uchun rahmat! — dedi.
Boya chol bilan qanday gaplashgan bo‘lsa, ko‘rsatgan mehmondo‘stligi, mehribonligi, dilkashligi uchun Veraga ham ana o‘shanday ko‘zlarini pirpiratib, yelkalarini uchirib turib, qiroat bilan minnatdorlik bildirdi.
— Onamga yozgan har xatimda sizni tilga olardim — dedi u. Hamma ham sizga, innaykeyin dadangizga o‘xshasa bormi, — dunyo jannat bo‘lardi-qolardi. Hammalaringiz ham topilmaydigan odamlarsizlar! Biram sodda, ochiq ko‘ngil, samimiy.
— Bu yerdan qayerga jo‘namoqchisiz? — deb so‘radi Vera.
— Oryolga, onamning oldiga boraman; u yerda ikki haftacha turaman-da, keyin Piterga — ishimga qaytaman.
— Keyinchi?
— Keyinmi? Qish ichi ishlayman, keyin bahorda yana biron uyezdga borib, material axtaraman. Xayr endi, salomat bo‘ling, yuz yil umr ko‘ring… Ish qilib yomon nom bilan eslamang-da. Endi ko‘rishmaymiz.
Ognev, engashib, Verochkaning qo‘lini o‘pdi. Keyin hayajon ichida paltosini tuzatdi-da, kitoblarni o‘ng‘ayroq qilib qo‘liga oldi.
— Tumanni qarang-a — dedi u, biroz jim turgandan so‘ng.
— Ha. Biznikida hech nima esingizdan chiqib qolgani yo‘qmi?
— Labbay? Chiqmagan bo‘lsa kerak…
Ognev bir necha sekund jim turdi. Keyin darcha tomonga qo‘pol burilib, bog‘dan chiqib ketdi.
— Shoshmang, sizni o‘rmongacha uzatib qo‘yaman, — dedi Vera, ketma-ket chiqib.
Ikkisi birga ketdi. Endi daraxtlar tevarak-atrofni to‘smas, osmon, uzoq-uzoqlar bemalol ko‘rinib turardi. Butun tabiat xuddi yuziga doka ro‘mol tutib olganday tiniq, xarir tutun ichiga yashiringan; shunda ham tabiatning go‘zal husni ko‘zga chalinib turadi. Tumanning quyuqroq va oqrog‘i g‘aramlar bilan butalar yaqinida o‘ralanlib yuradi yoki parcha-parcha bo‘lib yo‘lni kesib o‘tadi-da, atrofni to‘smaslikka tirishayotganday yerga yostanib oladi. Ikki yuzida qorong‘i zovur cho‘zilib ketgan yo‘l oq tutun pardasi orqasida to o‘rmongacha ko‘rinib turadi; zovurlardan bachkana butalar o‘sib chiqqan, ular tuman parchalarining sanqishlariga xalaqit berib yotadi. Darchadan yarim chaqirimcha narida Kuznetsovlarning o‘rmoni qorayib ko‘rinadi.
Ognev: «Nega men bilan boryapti bu? Hali uyiga keltirib qo‘yish ham kerak bo‘lar!» deb o‘ylaydi-yu, Veraga yondan bir qarab olib, mehribonlik bilan kulimsiraydi va deydi:
— Shunday yaxshi obi havoki, odamning ketgusi kelmaydi! Oshiq-ma’shuqlar gasht qiladigan, oydin, jimjit, hamma o‘ng‘ayliklar mavjud kecha! Qiziq-a, Vera Gavrilovna? Dunyoda yigirma to‘qqiz yildan beri yashasam-u, umrimda biron ishq savdooiga griftor bo‘lmasam! Ha, odam bo‘lib ishq savdosi boshimga tushmadi, shuning uchun vasl, oh-voh, bo‘salarni eshitgan gaplarimdangina bilaman. Yaxshimas! Shaharda, o‘z nomeringda o‘tirib, dunyoning lazzatidan bexabar o‘tib ketasan: bu yerda, bu toza havoda esa ko‘ngling o‘sha narsalarni tusab qoladi… O‘ylasang, odamning juda xo‘rligi kelib ketadi!
— Bo‘lmasa, nega o‘zingiz bunday qilasiz?
— Qaydam. Kim biladi, balki bunday narsalarga qo‘lim tegmagandir, balki-da, ko‘ngil xushlaydigan… duch kelmagandir. Umuman, tanish-bilishlarim juda kam shuning uchun u yer bu yerlarga bormayman.
Yoshlar uch yuz qadamcha yerga indashmay borishdi. Ognev Verochkaning ochiq boshi bilan ro‘moliga qarab-qarab qo‘yadi, bu qarash uning qalbida ko‘klam va yoz kunlarini birin-ketin gavdalantiradi. U kunlar shunday kunlar ediki, Ognev o‘zining kulrang Petrogradidagi nomeridan uzoqda yaxshi odamlar, tabiat va sevikli mehnat zavqiga berilib ketib, sahar shafag‘ining o‘rnini oqshom shafaqlari olganini, avval bulbul, keyin bedana, oxirda mayna yozning tugalayotganidan darak berib, birin-ketin sayrashdan to‘xtaganlarini sezmay qoldi… U yoq bu yeqqa borishga, odamlar bilan bordi-keldi qilishga odatlanmagan u bechorahol kishi aprel oxirida mana shu uyezdiga jo‘naganini g‘ururlanib eslay boshladi. U, o‘zining fikricha, hozir fanlar ichida eng ko‘rkam yerni egallab olgan statistikaga bu yerda parvosiz qarashadi, o‘zim bulsa yolg‘izlikdan o‘laman, deb o‘ylagan edi. Aprel saharlaridan birida N uyezd shahariga yetib kelib, pravoslav dinining qadimiy yo‘lida taqvodorlik qiluvchi Ryabuxinning karvon saroyiga qo‘ndi; uni tashqariga chiqib chekish sharti bilan ijara haqi bir tanga turadigan yorug‘, toza hujraga qo‘ydilar. U, dam-pamini olgandan va zemstvo idorasining raisi, kimligini surishtirib bilgandan so‘ng, darhol Gavriil Petrovichnikiga piyoda jo‘nab qoldi. Chiroyli maysazor va chakalakzor bo‘ylab to‘rt chaqirim yurdi. To‘rg‘aylar, havoni kumush jarangi singari tovush bilan to‘ldirib, bulutlar tagida sayrar yashil ekinzorlar usttida esa, qanotlarini salobat va haybat bilan silkib, zog‘lar uchar edi.
Voy xudo, nahotki odamlar hamma vaqt shunaqa havoda yashasa? Yo bugun men kelganim uchun shunday xushbuymikan, a? deb hayron bo‘lgan edi o‘sha vaqtda Ognev. Kuznetsovlar quruqqina kutib olishib, ish to‘g‘risidagina gaplashar, deb o‘ylagani uchun, cho‘chib, yer tagidan qarab tortinganidan kichkina soqolini silab kirib bordi. Chol peshonasini tirishtirib, bu yigitga uning statistikasiga zemstvo idorasining nima aloqaoi bor ekan, deb avval hayron bo‘ldi; Ognev statistika materialining qimmatini, bunday materiallar qayerlardan to‘planishini batafsil aytib bergandan keyin esa Gavriil Petrovichga jon kirdi, kulimsiradi, bolalarga xos bir qiziqish bilan uning daftarlariga ko‘z tashladi… O‘sha kuni kechqurun Ivan Alekseevich Kuznetsovlarnikida mehmon bo‘ldi, kuchli sharobdan tez orada kayf ham qilib qoldi; yangi tanishlarining xotirjam qiyofalari va ohista harakatlarini ko‘rib, butun vujudi eridi mudroq bostiradigan shirin bir xushyoqmaslik paydo bulganini sezdi; ana shunday paytlarda odamning uyqusi, cho‘zilgisi, shirin-shirin kulgisi keladi. Yangi tanishlari esa unga mehr bilan qaradilar, ota-onasining barhayotmi-yo‘qligini, oyda qancha pul ishlashini, teatrlarga borib turishini surishtirdilar…
Ognev volostlarga borganini, ziyofatlarda, baliq ovlarida bo‘lganini, hammalari yig‘ilishib qizlar monastirida rohiba Marfani borib ko‘rganlarini, rohiba mehmonlarning har biriga bittadan munchoq xaltacha hadya qilganini esladi; innaykeyin chinakam ruschasiga, qizg‘in, uzundan-uzun gap talashganlarini, gap talashuvchilar hech tushunmay, og‘izlaridan ko‘pik sochib, mushtlarini stolga paq-puq urib qichqirishganlarini, bir-birlarining gaplarini bo‘lishganlarini, har gapda o‘z fikrlariga qarshi gapirib qo‘yayotganlarini o‘zlari ham sezmaganlarini, bir gapni talashib turib, bir ozdan keyin yana boshqa gapga o‘tib ketganlarini, ikki-uch soat gap talashib bo‘lganlaridan keyin:
— E qurib ketsin, nimaga gap talashyapmiz-a! — Gapimiz omonlikdan boshlanib, yomonlikdan chiqib o‘tirsa-ya! deb kulishganlarini ham eslab o‘tdi.
Ivan Alekseevich Vera bilan o‘rmonga yaqinlashganda:
— Siz, men, doktor uchovimiz Shestovoga ot minib borganimiz esingizdami? — deb so‘radi. — O‘shanda bizga bitta jinni uchrovdi. Qo‘liga besh tiyin bersam, uch marta cho‘qinib, chaqani javdarizorga irg‘itib tashlagan edi. Voy xudo, o‘zim bilan shuncha ko‘p taassurot olib ketyapmanki, hammasini bir yerga jamg‘arishning iloji bo‘lsa — bitta tilla yombisi chiqar edi. O‘sha aqlli-hushli odamlar nima uchun poytaxtlarda tiqilishib yetar ekan? Nimaga bu yerlarga kelishmas ekan? Hayronman. Tavba, Neva ko‘chasi, kattakon zax uylar bu yerlardan kengroq va sehaqiqatmikin? Rostini aytsam, mening tepasidan to pastigacha rassomlar, olimlar va jurnalistlar bilan to‘lgan mebelli xonalarim menga hamma vaqt xayoliy bir dunyo bo‘lib ko‘rinar edi.
O‘rmondan yigirma odimcha narida, burchaklariga katta-katta qoziqlar qoqilgan tor, kichik bir ko‘prik yo‘lni kesib turar, kechki sayri-safolarda Kuznetsovlarga va ularning mehmonlariga kichkina manzillik xizmatini ado etar edi. Xohlaganlar bo‘lsa, shu yerdan turib o‘rmonda aks sado uyg‘ota bilar, yo‘l esa mana shu yerdan boshlab qorong‘i o‘rmon yo‘liga tutashib ketardi.
— Mana, ko‘prikchaga ham keldik! — dedi Ognev. — Shu yerdan kaytishingiz kerak endi…
Vera to‘xtab, chuqur nafas oldi. Keyin qoziqlardan biriga o‘tira turib:
— Keling, shu yerda picha o‘tiraylik, — dedi. Xayr-ma’zur payti odamlar shu yerda picha o‘tirib ketadi.
Ognev uning yoniga kitoblarini qo‘yib o‘tirdi-yu, tag‘in gapiraverdi. Vera, yo‘l yurib kelgani uchun, hansirar, Ivan Alekseevichga emas, allaqayoqlarga qarab o‘tirar edi; shuning uchun yuzi Ognevga ko‘rinmasidi.
— Yigirma yildan keyin birdan ko‘rishib qolsak, — dedi Ivan Alekseevich. — Qanaqa bo‘lib qolar ekanmiz o‘shanda? Siz bo‘lsangiz bir to‘da bolaning hurmatli onasi bo‘lasiz, men bo‘lsam qirq ming to‘plamday qalin, hech kimga kerak bo‘lmagan biron statistika to‘plamining avtori bo‘lib qolaman. Uchrashsak, eski vaqtlarni xo‘p eslashamiz-da… Biz hozir shu kunlar bilan yashab turibmiz, bizni bu kunlar hayajonga soladi, his va tuyg‘ular bilan to‘ldiradi, yigirma yildan keyin uchrashganimizda-chi? Ehha, mana shu ko‘prikcha ustida oxirgi marta qaysi kuni, qaysi oy, hatto qaysi yilda uchrashganimizni ham eslab ololmaymiz. Siz o‘zgarib ketarsiz… Menga qarang, o‘zgarib ketarmikinsiz?
Vera, bir seskanib tushib, yuzini unga o‘girdi-da:
— Nima dedingiz? — deb so‘radi.
— Men sizdan…
— Kechirasiz, nima deganingizni eshitmay qoldim.
Ognev Veradagi o‘zgarishni mana shundagina sezdi. U oppoq oqarib ketgan, nafasi bo‘g‘ar, nafasidagi qaltiroq qo‘llariga, lablariga, boshiga ham aks etar, tarab olgan sochidan peshonasiga odatdagicha bitta emas, ikkita gajak tushib turardi… Aftidan, Ognevning ko‘ziga qarashdan o‘zini olib qochar, hayajonini yashirish uchun goh yoqasini tuzatar, go‘yo u bo‘ynini kesib yuborayotganday, goh qizil ro‘molini bir yelkasidan ikkinchi yelkasiga o‘tkazar…
— Nazarimda, sovuq yeb qoldingiz shekilli, — dedi Ognev. — Shabnamda hadeb o‘tiraverish ham yaramaydi. Keling, sizni nax gauzga uzatib qo‘yay.
Vera indamay o‘tiraverdi.
— Nima bo‘ldi sizga? — deb Ivan Alekseevich kulimsiradi. — Indamaysiz, savolga javob ham bermaysiz. Og‘rib-netib qoldingizmi yo jahlingiz chiqyaptimi? A?
Vera Ognev tomonidagi betiga kaftini mahkam bosdi, bosdi-yu, yana darrov tortib oldi. Keyin bir yeri qattiq og‘riyotganini bildiruvchi qiyofa bilan:
— Juda yomon bo‘lyapti… — deb pichirladi. — Judayam!
— Nimaga yomon bo‘ladi? — deb so‘radi Ognev; u, hayron bo‘lganini yashirmay, yelkalarini qisdi. — Nima gap?
Vera, hamon og‘ir-og‘ir nafas olib va yelkalarini dildiratib turib, unga orqasini o‘girdi-da, yarim minutcha osmonga tikilgandan so‘ng:
— Sizga bitta so‘zim bor edi, Ivan Alekseevich… — dedi.
— Qulog‘im sizda.
— Ehtimol, sizga g‘alati tuyilar… hayron qolarsiz, lekin menga bari bir…
Ognev yelkalarini yana bir marta qisib oldi, keyin Veraning so‘zini eshitishga chog‘landi.
Verochka boshini bir yonga egdi-da, ro‘molining uchidagi tugunni o‘ynab turib:
— So‘zim… — deya gapira boshladi. — Bilasizmi… men sizga aytmoqchi edim… Sizga g‘alati… hatto bema’ni tuyilishi mumkin… lekin men… men ortiq toqat qilolmayman.
Veraning so‘zlari odam tushunolmaydigan g‘o‘ldirashga aylandi, keyin birdan yig‘i bilan uzilib qoldi. Qiz yuzini ro‘moli bilan to‘sib oldi, boyagidan ham battarroq egilib, achchiq-achchiq yig‘ladi. Ivan Alekseevich xijolat bo‘lganidan xirilladi, keyin, nima deyari, nima qilarini bilmaganiga o‘zi ham hayron qolib, tevaragiga alanglab qaradi. Birda-ikkida yig‘ini, ko‘z yoshlarini ko‘rib pishmagani uchun, o‘zining ko‘zidan ham yosh chiqib ketdi.
— Ana xolos! — deb g‘o‘ldiradi u, o‘zini yo‘qotib, — Vera Gavrilovna, bu nima qilganingiz axir? Jonginam, siz… og‘rib-netib qoldingizmi? Yo birov xafa qildimi? Aytavering, haligi… ha, qo‘limdan kelsa yordam qilarman…
Ivan Alekseevich uni yupataman deb, Veraning qo‘lini betidan avaylab tortib olganda, qiz unga ko‘z yoshlari orasidan kulimsirab turib:
— Men… men sizni yaxshi ko‘raman! — dedi.
Bu oddiy, tabiiy so‘zlar oddiy odam tili bilan aytilgan bo‘lsa ham, Ognev juda qattiq uyalib ketib, yuzini Veradan o‘girib oldi, o‘rnidan ham turib ketdi, ana shunda uyalish o‘rnini qo‘rquv olayotganini sezdi.
Ichgan sharobi va yaqin odamlar bilan xayr-ma’zur payti uyg‘otgan g‘amginlik, iliqlik va oshiqona kayfiyat o‘z o‘rinlarini dag‘allik, yoqimsiz o‘ng‘aysizlik hissiga bo‘shatib berib, birdan g‘oyib bo‘ldi. U, birdan ko‘ngli boshqacha bo‘lib qolganday, Veraga olayib qaray boshladi. Vera xotin-qizlarga husn beruvchi hayo pardasini yirtib tashlab, unga muhabbatini izhor qilgandan so‘ng, endi u Ivan Alekeeevichga bo‘yi pasaygan, yuzi qoraygan, odmiday bo‘lib ko‘rindi.
«Bu qanaqa gap bo‘ldi-ya? — deb Ivan Alekseevich vahimaga tushib qoldi. — Iya, men o‘zim uni… yaxshi ko‘ramanmi, yo‘qmi? Ana xolos!»
Vera eng katta, eng qiyin so‘zni aytib bo‘lgan edi, shuning uchun u yengil va erkin nafs olardi. Vera ham o‘rnidan turdi; keyin, Ivan Alekseevichning yuziga ro‘yirost tikilib turib, sira to‘xtamasdan, haroratidan tushmasdan, bidirlab gapira ketdi.
Bexosdan qo‘rqib ketgan kishi yuragini chiqargan halokat shovqinlarining qaysi tartibda ko‘tarilganini keyin hech eslay olmagani singari, Ognev Vera aytgan so‘z va gaplarni hech eslay olmaydi. Faqat Veraning o‘zi, Vera aytgan so‘zlarning mazmuni, bu so‘zlarning unda uyg‘otgan hislarigina esida. U xuddi bo‘g‘ilib chiqayotganday tuyilgan, hayajon zo‘ridan xiyol xirillagan tovushni va uning ohangidagi ajoyib muzika bilan ehtirosni eslaydi. Vera goh yig‘lab, goh kulib, goh kipriklarida ko‘z yoshlarini yiltiratib turib: birinchi tanishgan paytidan boshlab Ivan Alekseevich o‘zining ajoyibligi, aqli, mehr va ma’no tula ko‘zlari, hayotining maqsad va maromi bilan uni maftun qilganini; u Ivan Alekseevichni chin qalbidan, ehtiros bilan, devonalarcha yaxshi ko‘rib qolganini; yoz kunlari bog‘dan uyga kirib, dahlizda uning paltosini ko‘rganda yo uzoqdan ovozini eshitganda qalbi baxt hadigi va hissi bilan to‘lib-toshganini; uning yuzaki hazillari ham o‘zini xoxolatib kuldirganini; daftaridagi har bir raqamda poyonsiz donolik va buyuklik ko‘rganini; serbutoq tayog‘i esa daraxtlardan ham chiroyliroq tuyilganini aytib berdi.
O‘rmon ham, pag‘a-pag‘a bo‘lib suzib yurgan tuman ham yo‘l bo‘ylaridagi qora zovurlar ham Veraning so‘zlarini eshitib damlari ichiga tushib ketganday tuyilar, Ognevning qalbida esa yomon, bema’ni narsalar qaynab toshardi… Vera muhabbatini izhor qilib turganda shunchalik ochilib ketdiki, ko‘rgan odam rom bo‘lmay qolmas edi; gaplari biram chiroyli, biram ehtirosli edi. Shunday bo‘lsa ham Ivan Alekseevich zavqlanmadi, o‘zi orzu qilib yurgan hayot gashtini surmadi, faqat Veraga achindi, o‘zi tufayli yaxshi bir odamning azob chekayotganiga afsus yeb, yuragi achishdi. Xudo biladi, unda kitobiy aql tilga kirdimi yoki odamlarning yashashlariga juda ko‘p xalal beradigan bedillik ta’sir qildimi, haytovur, Veraning sevinch va o‘kinchlari unga yasamadek, jiddiy emasdek tuyildi; shunday bo‘lsa ham undagi andisha hissi bosh ko‘tarib, u ko‘rib va eshitib turgan narsalari, tabiat va shaxsiy baxt nuqtai nazaridan qaralganda, har qanday statistikadan, kitoblardan, haqiqatlardan ham jiddiyroq narsalar ekanini shivirlar edi.
Shuncha o‘ng‘aysiz ahvolga tushib qolgani yetmagandek, endi qizga nima deyishini bilmas, deyishdan esa aslo qochib bo‘lmas edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri: «Men sizni yaxshi ko‘rmayman» deyishga qudrati yetmaydi, «yaxshi ko‘raman», deyishga esa tili kelmaydi, chunki qalbini har qancha ostin-ustin qilib axtarsa ham sevgining o‘zini emas, aqalli uchqunini ham topolmadi…
Ognev jim turaverdi, Vera esa o‘zi uchun uni ko‘rishdan, hozirning o‘zidayoq u xohlagan yerga birga ketishdan, xotini va yordamchisi bo‘lishdan ham ortiqroq baxt yo‘qligini, agar u tashlab ketsa, sog‘inib-sarg‘ayib o‘lishini aytdi.
— Men bu yerda qololmayman! — dedi Vera, barmoqlarini qisirlatib turib. — Uyimiz ham, bu o‘rmon ham, havo ham me’damga tegdi. Doimiy sukunat va maqsadsiz hayotdan to‘ydim; suv tomchilari singari bir-birlariga o‘xshagan tussiz, qonsiz odamlarimizni ko‘rishga toqatim qolmadi! Bularning hammasi ham mehribon, dilkash, chunki qorinlari to‘q, azob chekishmaydi, yashash uchun kurashmaydi… Men bo‘lsam odamlari azob chekadigan, mehnat va muhtojlik zahrini yutadigan kattakon zaxkash uylarda yashashni istayman…
Shu so‘zlar ham Ognevga chuchmal, ma’nosiz bo‘lib tuyildi. Vera gapini tamom qilganda ham u nima deyishini bilmas edi. Ammo indamay turaverish to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun:
— Avvalo, men sizdan juda minnatdorman, Vera Gavrilovna, — deb g‘o‘ldiradi, — garchi sizda mana shunday… hisni uyg‘otishga arzigudek biron narsa qilganimni bilmasam ham. Ikkilamchidan, labzi halol kishi bo‘lganimdan, sizga shuni aytishim kerakki… baxt degan narsa ham posangisiz bo‘lmaydi, ya’ni har ikkala tomon ham… bir xil yaxshi ko‘rganda baxt bo‘ladi…
Ognev, g‘o‘ldirayotgan narsalaridan uyalib ketib, birdan to‘xtab qoldi. Shu dam basharasining ahmoqona tus olganini, qizarib-bo‘zarganini, taranglashib, ishshayib ketganini sezdi… Vera uning yuzida aks etgan rostgo‘ylikni yaxshi uqdi shekilli, birdan jiddiy tus olib, yuzi oqardi, boshini yana ham quyi soldi.
— Meni kechirasiz-da, — deb g‘o‘ldiradi Ognev, o‘rtadagi sukunatga toqat qilolmay. — Men sizni shunchalik hurmat qilamanki… yuragim achishadi!
Vera cho‘rt burildi-yu, uy tomonga shoshib yurib ketdi. Ognev orqasidan bordi.
— Yo‘q, kerak emas! — dedi Vera, unga panjasini siltab. — Qo‘ying, o‘zim ketaveraman…
— Yo‘g‘a, har holda… uzatib qo‘ymay bo‘ladimi…
Ognev nimaiki degan bo‘lsa, hammasi ham o‘ziga jirkanch, ayanch tuyildi. Aybdorlik hissi qadam sayin ortib bordi. Jahli chiqar, mushtini qisar, tabiatining sovuqligiga va xotin-qizlar bilan muomala qilishni bilmaganiga nafrat o‘qir edi. O‘zida shavq uyg‘otish uchun Verochkaning chiroyli qomatiga, gajaklariga, mu’jazgina oyoqchalari chang yo‘lda qoldirib borayotgan izlarga tikilar, so‘zlari va ko‘z yoshlarini eslar, lekin bu narsalar ko‘nglini uvishtirardi-yu, hissini qitiqlamasidi.
«Be, o‘zingni zo‘rlab yaxshi ko‘rib bo‘larmidi! — deb Ivan Alekseevich o‘ziga dalda bersa ham, yana: — Bo‘lmasa, o‘zimni zo‘rlamay qachon muhabbat qo‘yaman? — deb o‘ylar edi. — Yoshim ham o‘ttizga borib qoldi. Veradan afzalrog‘ini ko‘rganim yo‘q, minba’d ko‘rmayman ham… O, it keksalik! O‘ttizimda qarib o‘tirsam-a!»
Vera uning oldida qadamini tobora tezlatib bordi, qayrilib ham qaramadi, boshini quyi solib ketaverdi. Unga Vera qayg‘isining zo‘ridan ikki bukilgandek, yelkalari torayib qolgandek tuyilar edi…
«Hozir yuragi ezilib, qon bo‘lib oqayotgandir! — deb o‘ylardi u, Veraning orqasidan qarab, — Uyalganidan, joni og‘riganidan o‘limiga rozi bo‘lib turgandir! Yo xudo, uning ketishida qanchalar hayot, she’riyat, ma’no bor, buni ko‘rsa tosh ham erib ketadi. Men bo‘lsam… men ahmoq, no‘noqman!»
Bog‘ eshigi oldida Vera unga bir qiya boqdi-yu, bukilib, ro‘moliga burkanib, xiyobondan tez-tez yurib ketdi.
Ivan Alekseevich yolg‘iz qoldi. O‘rmonga qaytishda esa sekin-sekin yurib bordi; goho to‘xtab, o‘ziga ishonmayotgan bir alfozda eshikka qarab-qarab qo‘yar edi. U yo‘lda Verochkaning oyoqlari qoldirib ketgan izlarni ko‘zi bilan axtarar, o‘ziga yoqqan bir qizning hozirgina unga muhabbat izhor qilganiga, o‘zi esa uning sevgisini beso‘naqaylik, qo‘pollik bilan rad qilganiga sira-sira ishonmas edi. Odam bolasi o‘zining yaxshi niyatiga qarab ish ko‘rishga qanchalik ojizligini umrida birinchi marta tajribada ko‘rib ishondi; labzi halol, insofli kishining qanaqa bo‘lishini ham boshidan kechirdiki, bunday odam, aslda xohlamasa ham, yaqin kishilarining boshiga ular sazovor bo‘lmagan og‘ir musibatlarni soladi.
Uning vijdoni azob berayotgan edi; Vera kirib ketgandan keyin esa, nazarida, juda ham qimmatli, qadrdon bir narsasini yo‘qotib qo‘yganday, uni ortiq topolmaydiganday bo‘ldi. U yoshligining bir qismi Vera bilan birga g‘oyib bo‘lganini, shunchalar samarasiz o‘tkazgan damlarining ortiq hech vaqt qaytib kelmasligini his etdi.
U ko‘prikchaga yetganda to‘xtab, o‘yga botib qoldi. Tabiatidagi bema’ni sovuqqonlikning sababini bilishni istadi. Veraning tashqarida emas, uning qalbida ekani aniq edi. U tabiatidagi sovuqqonlikning dono odamlar maqtaydigan bema’ni sovuqqonlik emas, xudbin tentak sovuqqonligi ham emas, balki yurakning shunchaki zaifligi, go‘zallikni chuqur anglash qobiliyatsizligi, bir burda non uchun olib borilgan tartibsiz kurash, tarbiya va oilasiz yashash orqasida bunyodga kelgan barvaqt qarilik ekanini asoydil bo‘yniga oldi.
U ko‘prikchadan qo‘zg‘oldi. Keyin, oyog‘i tortmayotganday, sekin-sekin o‘rmon tomon yo‘l oldi. O‘rmonda, oy yog‘dusi u yer bu yeriga yop-yorug‘ bo‘lib tushib turgan qora, qalin daraxtlar orasida, o‘z fikri-o‘yidan boshqa hech nimani sezmagan qorong‘i go‘shada, yo‘qotgan narsasini biram topgisi kelib ketdi!
Ivan Alekseevich yana qaytdi, qaytgani hali-hali esida. Taassurotlari bilan o‘zini gij-gijlab, xayolida Vera suratini chizib, boqqa shoshib bordi. yo‘lda ham, bog‘da ham tuman qolmagan, to‘lin oy yuvib qo‘yilganga o‘xshash ko‘kda charaqlab turadi, faqat sharq tomon tumanli, haybatli xolos… Avaylab bosgan qadamlari, qorong‘i derazalar, kungaboqar va rezeda gullarining o‘tkir hidlari Ognevning esida. Karo nomli tanish it dumini qilpanglatdi, yaqiniga kelib qo‘lini hidladi… Uyni ikki marta aylanib chiqib, Veraning qorong‘i derazasi oldida anchagina turgach, qo‘lini siltab, bog‘dan oh urib chiqib ketganini ko‘rgan birdan-bir jonli maxluq shu it edi.
Bir soatdan keyin u shaharga yetib keldi, horib-toldi, madori quridi, butun gavdasi va qizib ketgan yuzi bilan karvon saroy darvozasiga suyanib turib, nag‘ali bilan taqillatdi. Shaharchaning allaqayerida bir it uyqusirab hurar, uning taqillatishiga javob qilayotganday, cherkov yonida allakim cho‘yan taxtani dang‘illatar edi.
Ayollar ich ko‘ylagiga o‘xshagan uzun ko‘ylak bilan darvoza ochgani chiqqan starover-xo‘jayin:
— Kechalari izg‘ib yurasan-da shunaqa! Sanqib yurgandan ko‘ra, xudoga toat qilsang bo‘lmaydimi!.. — deb do‘ng‘illab berdi.
Ivan Alekseevich hujrasiga kirdi-yu, o‘zini o‘ringa tashladi; shu kuyi chiroqqa uzoq qarab turdi, keyin boshini siltab, narsalarini yig‘ishtira boshladi…
Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi