Anton Chexov. Uyda (hikoya)

— Grigorevlarnikidan qandaydir kitob so‘rab kelishgan ekan, uyda yo‘qsiz deb yubordim. Pochtachi gazeta bilan ikki xat tashlab ketdi. Aytmoqchi, Yevgeniy Petrovich, Seryojkaga ikki og‘iz gapirib qo‘ying demoqchi edim. O‘tgan kuni ham, bugun ham papiros chekkanini ko‘rdim. Men unga nasihat qilsam, quloqlarini berkitib, tovushini barala qo‘yib ashula aytadi.
Okrug sudining prokurori Yevgeniy Petrovich Bikovskiy sud majlisidan endi uyga kelib, o‘z kabinetida qo‘lqoplarini yechib turardi. U axborot beruvchi tarbiyachi xotinga bir qarab qo‘ydi-da, kulib yubordi.
— Seryoja papiros chekadi deysizmi?.. — dedi, kiftini qoqib. — Bo‘yi bir qarich bola papiros cheksa-ya… Nechaga kirdi o‘zi, bilasizmi?
— Yettiga. Sizga hazil ko‘rinadi, bu sira hazil emas. Yoshlikdan papiros chekish zararli va yaramas odat, bunday yaramas odatlarga tubdan barham berish kerak.
— To‘g‘ri aytasiz. Papirosni qayerdan olarkan?
— Stolingizdan.
— Shunaqami? Undog‘ bo‘lsa, bu yoqqa chaqiring.
Tarbiyachi chiqib ketgach, Bikovskiy yozuv stoli oldida turgan kresloga o‘tirib va ko‘zlarini yumib, chekib turgan, tamaki tutunlari ichiga ko‘milib ketgan Seryojani ko‘z oldiga keltirgan edi, kulib yubordi. Shuning bilan birga, tarbiyachining jiddiy va xavotirlangan yuzi allaqachonlar o‘tib ketgan va ununtilgan zamonlarni eslatdi, u vaqtlarda maktabda va uyda tamaki chekilsa pedagog va ota-onalarni qandaydir qo‘rquv bosardi. Bolalarni rosa savalashardi, gimnaziyalardan haydashardi, tamaki chekishning zararini va qanaqa jinoyatligini na pedagog va na ota-onalar bilmasalar ham, shunday choralarni qo‘llab, bolalarning umrini zoyi o‘tkazishardi. Hatto uncha-muncha esli-hushli odamlar ham o‘zlari bilmagan va tushunmagan jinoyatga qarshi o‘ylamay-netmay kurashar edilar. Yevgeniy Petrovich o‘zi o‘qigan gimnaziya direktorini esladi. U keng ma’lumotli va xush fe’l mo‘ysafid bo‘lib, agar papiros chekib turgan gimnazistni ko‘rib qolsa shu qadar qo‘rqar ediki, ranglari oppoq oqarib ketardi. Tezda pedagoglar kengashini chaqirib, gunohkorni gimnaziyadan haydash to‘g‘risida qaror chiqartirardi. Jamiyatning qonuni o‘zi shunaqa bo‘lsa kerak: yovuzlik qancha noma’lum bo‘lsa, unga qarshi shuncha keskin va qo‘pol kurashadilar.
Prokuror, gimnaziyadan chiqarilgan ikki-uch bolani, ularning undan keyingi ko‘rgan umrlarini esladi-da, berilgan jazo jinoyatga qaraganda ko‘proq zarar keltiradi degan xulosaga keldi. Tirik jon har qanday sharoitga o‘zini moslay olish, tezda ko‘nikish va uyg‘unlashish qobiliyatiga ega, yo‘qsa odam o‘zining o‘ylab qilgan har bir ishining tagida aqlsizlik borligini va hatto pedagoglik, huquqshunoslik, adiblik faoliyatlaridek oqibati mas’uliyatli va dahshatli faoliyatlarda asl haqiqatning naqadar oz ekanligini har qadamda sezib turishga majbur bo‘lar edi…
Charchagan va endi rohatlanayotgan miyaga keluvchi yengil va havoyi fikrlar Yevgeniy Petrovichning miyasida ham o‘rmalay boshladi, ular qayerdan va nima uchun kelishini bilib bo‘lmasdi; bu fikrlar miyada bir pas aylanishadi-da, uning chuqur burchaklariga kirmay, yana o‘rmalashib chiqib ketadi. Soat sayin, hatto kun bo‘yi o‘z amali va ish atrofidagi fikrlar bilan band bo‘lgan kishilar uchun uyga qaytganda keladigan bunday erkin fikrlar bir rohat…
Oqshom, soat sakkizdan oshgan. Tepada, ikkinchi qavatda kimdir uyning u boshidan bu boshiga kezib yurar, uchinchi qavatda esa qo‘shnilar ikki kishilashib royal chalishar edi. Tepadagi kishining uy kezib yurishi (uning tez va asabiylashib yurishi biron narsa ustida qattiq bosh qotirganidan yoki tishi og‘riganidan darak berar edi) va royalning bir ohangda chalinishi sukunatga qandaydir kishini mudratadigan kayfiyat berar edi. Ikki xona narida joylashgan bolalar bo‘lmasidan tarbiyachi bilan Seryojaning ovozi kelar edi.
— Dadam keldi! — deb ashula ayta boshladi Seryoja. — Da-dam kel-di! Da! dam! da!
— Votre pere vous oppele, alles vite! — deb qichqirdi tarbiyachi, xuddi hurkkan qushday chiyillab. — Sizga aytaman!
«Nima desam ekan unga!» deb o‘ylanib qoldi Yevgeniy Petrovich.
Biroq u biron narsa o‘ylab topguncha yetti yoshlarga kirgan o‘g‘li Seryoja kabinetga kirdi. U shunday ediki, uning qaysi jinsga mansubligini kiyimidangina aniqlash mumkin edi: nimjon, o‘zi oppoq, oriq… U xuddi parnikda o‘sgan o‘simlikday nozik bo‘lib, harakatlari, jingalak sochlari, ko‘z boqishlari, baxmal kamzillari g‘oyatda muloyim va yumshoq ko‘rinardi.
U otasining tizzasiga chiqib, mayin tovush bilan:
— Salom, dada! — dedi-da, bo‘ynidan o‘pdi. — Sen meni chaqirtiruvdingmi?
— Kechirasiz, kechirasiz, Sergey Yevgenich, — deb javob berdi otasi, uni o‘zidan nari itarib. — O‘pishdan oldin biz yaxshilab gapirishib olishimiz kerak… Men sendan xafaman, seni endi yaxshi ko‘rmayman. Shuni bilib qo‘y, oshna, men seni yomon ko‘raman, menga o‘g‘il ham emassan… Xo‘-o‘sh…
Seryoja otasiga tikilib qaradi, keyin stolga o‘girildi-da, yelkasini qisdi. U taajjublanganidan kipriklarini pirillatib, dedi:
— Men senga nima yomonlik qildim? Men bugun sening kabinetingga bir marta ham kirganim yo‘q, hech narsangga ham tegmadim.
Natalya Semyonovna hozir sening ustingdan menga arz qildi. Papiros chekar emishsan… Shu gap rostmi? Papiros chekadigan bo‘ldingmi?
— Ha, rost… Bir marta chekdim-da…
— Ana, ko‘rdingmi, — dedi prokuror, iljayishini yashirish uchun qovog‘ini solib. — Buning ustiga yolg‘on ham qo‘shasan! Sening papiros chekkaningni Natalya Semyonovna ikki marta ko‘ripti. Demak, uchta yomon qiliq bilan qo‘lga tushding: papiros chekasan, birovning stolidan papiros olasan va yolg‘on gapirasan, uchta gunoh-a!
— Ha, ha, rost! — dedi Seryoja, qilgan ishi esiga tushib va jilmaydi, — Rost, bunisi rost! Ikki marta chekdim: bittasini bugun, bittasini ilgari.
— Mana, ko‘rdingmi, demak bir marta emas, ikki marta chekibsan… Men sendan juda xafaman! Ilgari yaxshi bola eding, endi buzilibsan, yomon bola bo‘libsan.
Evgeniy Petrovich Seryojaning bukilib qolgan yoqasini to‘g‘rilab qo‘ydi-da, «tag‘in nima desam ekan?» deb o‘yladi.
— Yaxshi emas, — deb davom etdi u. — Men sendan bunaqangi ishlarni kutmagan edim. Birinchidan, birovning tamakisini olishga haqing yo‘q. Har bir kishi faqat o‘z moliga ega, agar birovning narsasini olsa, u… yomon odam! («Boshqacha gaplarni aytish kerak edi» deb o‘yladi Yevgeniy Petrovich). Masalan, deylik, Natalya Semyonovnaning sandiq to‘la ko‘ylaklari bor. Sandiq uniki, shuning uchun biz, ya’ni sen ham, men ham, unga tegishga haqimiz yo‘q, chunki u bizniki emas. To‘g‘rimi? Sening toychalaring, rasmlaring bor… Men ularga hech ham tegmayman-ku! Ehtimol, mening havasim kelar, biroq… ular meniki emas, seniki!
— Xohlasang ola qol! — dedi Seryoja, qoshlarini chimirib. — Dadajon, uyalmasdan olaver. Sening stoling ustida turgan sariq itcha ham meniki, ammo men sira indamayman-ku… Turaversin!
— Gapimga tushunmayotibsan, — dedi Bikovskiy. — U itchani sen menga taqdim etgansan, u endi meniki, nima qilsam shuni qilaman. Ammo men senga tamaki taqdim qilganim yo‘q edi-ku! Tamaki meniki! («Butunlay boshqa gaplarni gapirayapman!» deb o‘ylardi prokuror. — «Aytadigan gaplar bu emas!»). Agar birovning tamakisini chekking kelsa eng oldin egasidan so‘rashing kerak…
Bikovskiy, xuddi bolalarga o‘xshatib so‘zlashmoqchi bo‘lib, gaplarini zo‘rg‘a-zo‘rg‘a bir-biriga ulab, xususiy mulkning nimaligini o‘g‘liga tushuntira boshladi. Seryoja dadasining ko‘zlaridan ko‘zlarini uzmay, diqqat bilan tinglardi (u kechqurunlari otasi bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi), keyin stolga yonboshlab, uzoqni ko‘ra olmaydigan ko‘zlarini qisib, qog‘oz bilan siyohdonga tikildi. Uning ko‘zlari butun stolni kezib chiqqach, yelim shishasida to‘xtadi. Shishani olib, ko‘ziga yaqin keltirib, birdan:
— Dada, dada, yelim nimadan qilinadi? — deb so‘radi.
Bikovskiy shishani o‘g‘lining qo‘lidan olib, stolga qo‘ydi.
— Ikkinchidan, papiros chekar ekansan… Bu juda yomon narsa! Men ham papiros chekaman, ammo men boshqa, sen boshqa. Men ham papiros chekaman-u, biroq chekkanimga pushaymon qilaman, o‘zimni o‘zim koyiyman, chunki papiros yomon narsa… («Juda usta pedagog ekanmanmi!» deb o‘ylab qo‘ydi prokuror). Tamaki kishining sihatini buzadi, tamaki chekkan odam oldin o‘ladi. Senga o‘xshagan yosh bolalarga tamaki chekish ayniqsa zararli. Sening ko‘kraging ojiz, hali yetilgani yo‘q, ojiz odamlar papiros cheksa sil bo‘ladi, boshqa xil kasallarga yo‘liqadi. Ana, Ignatiy amaking ham sil bo‘lib o‘ldi. Agar u tamaki chekmaganida balki hozir ham tirik yurardi.
Seryoja xayolga botib, lampaga qaradi, barmog‘ini uning qalpog‘iga tekizib, uh tortdi.
— Ignatiy amakim skripkani yaxshi chalar edi, — dedi u. — Uning skripkasi endi Grigorevlarnikida.
Seryoja yana stol chetiga yonboshlab, xayolga cho‘mdi. Uning oppoq yuzida shunday alomat paydo bo‘ldiki, go‘yo u bir narsaga diqqat bilan quloq solayotganday yoki o‘z fikrlarining oqishini kuzatayotganday edi. Uning katta va baqraygan ko‘zlarida qayg‘u va qandaydir qo‘rqinch aks etardi. Balki u, o‘zining oyisi va Ignatiy amakisini olib ketgan o‘lim to‘g‘risida o‘ylayotgandir. O‘lim — onalarni va amakilarni u dunyoga olib ketarkan-u, ularning bolalari va skripkalari bu dunyoda qolarkan. O‘lgan odamlar osmonda yulduzlarga yaqin bir joyda yasharkan, ular u yoqdan yerni tomosha qilarkanlar. Judolikka chiday olarmikin ular?
«Tag‘in nima desam ekan? — deb o‘ylardi Yevgeniy Petrovich. — Gapimni tinglamayapti, xayoli boshqa yerda. O‘zining jinoyatlari, mening nasihatlarkmni ahamiyatsiz narsa deb, parvo qilmasa kerak. Qanday qilib men unga tushuntiray?»
Prokuror o‘rnidan turib, kabinetda yura boshladi.
«Ilgarilar, yosh bola chog‘imda, bunday masalalar juda oson hal qilinardi, — deb o‘yladi u. — Papiros chekkan bolani savalar edilar. Jur’atsiz va qo‘rqoqlari chekishni tashlardi, dadilroq va aqlliroq bolalar kaltak yegandan keyin tamakini etik qo‘njida olib yurib, boyetirmaga kirib chekadigan bo‘lardi. Agar bostirmada ham qo‘lga tushib qolsa, yana kaltaklashardi, u esa soy bo‘yiga borib chekardi… to o‘sib ulg‘ayguncha shunday qilardilar. Oyim menga papiros chekmasin deb nuqul pul va konfetlar berib yurardi. Endi bu vositalarning kuchi qolmadi, axloqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Hozirgi zamon pedagoglari esa mantiq yo‘liga kirib, go‘dak bolaning qo‘rqqanidan, boshqalarga ibratli bo‘lish yeki mukofot olish yo‘li bilan emas, ongli ravishda odobli bo‘lishiga tirishadilar».
Evgeniy Petrovich uyni kezib xayol surarkan, Seryoja stolning yonidan chiqib, oyoqlarini stulga qo‘ydi-da, engashib surat solishga kirishdi. Kerakli qog‘ozlarga va siyohga tegmasin deb, stolda unga atab qirqilgan qog‘oz va ko‘k qalam hamma vaqt turardi. Seryoja uy suratini solarkan, tilini osiltirib:
— Bugun oshpaz xotin karam to‘g‘rab turib qo‘lini kesib oldi, dedi. Bir baqirdiki, hammamiz qo‘rqib ketdik, oshxonaga yugurdik. Voy, tentag-ey! Natalya Semyonovna unga barmog‘ingni sovuq suvga tiq desa, u qonini so‘radi… Kir barmoqni qanday qilib og‘ziga tiqar ekan-a! Dada, bu beodoblik-ku!
Keiin, obed mahalida qo‘raga sharmankachi bilan bir qiz kirgani, u qizning qo‘shiq aytib muzikaga o‘yinga tushganini so‘zlab berdi.
«Buning miyasida fikrlar bor! — deb o‘yladi prokuror, — Buning o‘z dunyosi bor, qaysi narsa muhim, qaysisi muhim emas, buni o‘zicha hal qiladi. Buning diqqatini va ongini jalb etish uchun bolalarga o‘xshatib gapirish kifoya qilmaydi, u kabi o‘ylashni ham bilish kerak. Agar men haqiqatan ham tamakini qizg‘onsam, bundan xafa bo‘lib, ko‘,z yoshi qilsam, yaxshi tushunib olardi. Bolalarni onalardan yaxshiroq tarbiyalaydigan odam yo‘q, chunki ular bolalar his qilgan narsani his etadilar, ular bilan birga kulishadi, yig‘lashadi. Mantiq va odob ta’limi bilan hech narsaga erisholmaysan. Xo‘sh, yana nima desam ekan bunga? Nima?»
Umrining yarmini odamlarga jazo berish, jinoyatning oldini olish va hokazolarga sarf qilgan tajribali huquqshunos Yevgeniy Petrovich, bolaga nima deyishini bilmay, o‘zini yo‘qotib qo‘yganidan taajjublanar va kulardi.
— Menga qara, — dedi u, — Bundan buyon sira papiros chekmaslikka so‘z ber.
Seryoja stolga yana pastroq engashdi-da, qalam uchini qattiq bosib:
— So‘z be-ra-man. So‘z be-ra-man! Man! man!! — dedi.
«So‘z berishning nimaligini o‘zi bilarmikin? — deb so‘radi o‘zidan Bikovskiy — Yo‘q, pedagoglik qo‘limdan kelmas ekan. Agar bironta pedagog yoki hamkasblarimdan birontasi shu topda miyamga kirib bir qarab chiqa olsa, meni latta derdi va haddan ortiq laqillabdi deb gumon qilardi… Chalkash masalalarni uyda yechish qiyin, maktabda yoki sudda juda oson: bu yerda joningdek sevgan odamlarga duch kelasan, mehr esa juda injiq narsa bo‘ladi, masalani chalkashtiradi. Agar mana bu bola mening o‘g‘lim bo‘lmay, gimnaziya shogirdi yoki aybdor bo‘lsa, men bunchalik qo‘rqmasdim, fikrlarim ham parishon bo‘lmasdi!..»
Evgeniy Petrovich stol yoniga kelib o‘tirdi-da, Seryoja chizgan suratlardan birini oldiga surib qaray boshladi. Suratda tomi qiyshayib ketgan uy, mo‘ridan yashinday qing‘ir-qiyshiq bo‘lib chiqib, qog‘ozning bir burchagiga cho‘zilgan tutun ko‘rinadi, uy yonida soldat turipti, soldatning ko‘zlari o‘rniga bittadan nuqta qo‘yilgan, miltig‘ining nayzasi 4 raqamiga o‘xshaydi.
— Odam uydan baland bo‘lmaydi, — dedi prokuror. — Mana, bunga qara: soldatning yelkasi tom bilan baravar bo‘lib qopti.
Seryoja otasining tizzasiga chiqib, yaxshi joylashib olguncha ancha qiynaldi.
— Hech bir-da! — dedi u, suratga qarab. — Soldatni kichkina qilib solsang — ko‘zlari ko‘rinmay ketadi.
Bola bilan bahslashib bo‘ladimi? O‘z o‘g‘liga har kuni nazar solib yurgan prokuror shunday fikrga keldiki, yovvoyi odamlar singari, bolalarning badiiy qarashlari ham o‘zgacha, ularning talablari ham o‘zlariga xos, bunga katta odamlar sira tushunmaydi. Diqqat bilan sinchiklab qaragan kishiga Seryoja tentak bo‘lib ko‘rinishi mumkin edi. U, odamlarni uydan baland qilib solishni, buyumlardan tashqari o‘z hislarini ham qalam bilan tasvirlashni mumkin deb biladi. Masalan, muzika ovozini u tutunga o‘xshatib soladi, hushtak tovushini burzlib-buralib ketgan ipga o‘xshatib chizadi… Uning xayolida ovoz shaklli va rangli bo‘lib ko‘rinadi, shuning uchun «L» harfini hamma vaqt sariq, «M» harfnni qizil, «A» harfini qora qilib bo‘yaydi.
Seryoja surat solishdan zerikib, yana o‘ng‘ayroq joylashib oldi-da, dadasining soqoliga tutindi. Oldin soqolni tirishib taradi, keyin ikkiga ajratdi, ikki yoqqa qaratib taray boshladi.
— Hozir Ivan Stepanovichga o‘xshab qolding, — deb shivirladi Seryoja. — Mana endi… bizning shveytsarimizga o‘xshading. Dada, shveytsarlar nimaga eshik oldida o‘tirishadi? O‘g‘ri kirmasin debmi?
O‘g‘lining nafasi uning yuziga urardi, yuzi bilan uning sochlarini silardi, qalbi shu qadar ilib, erib ketgan ediki, unga go‘yo Seryojaning baxmal kamzilini qo‘li bilan emas, joni bilan quchoqlab olganday tuyilar edi. U, o‘g‘lining katta-katta qora ko‘zlariga tikilib qaradi, bu ko‘zlarning qoracho‘g‘ida o‘zining onasi, xotini va butun sevgan narsalari unga qarab turganday bo‘lardi.
«Buni savalashga qo‘l borarmidi? — deb o‘yladi u. — Qanday qilib jazolaysan bolani? Yo‘q, bo‘lmadi, bizlar tarbiyachi bo‘lolmas ekanmiz. Ilgari zamonlarda odamlar sodda, ko‘p o‘ylab boshlarini qotirib yurmas edilar, masalalarni shartta hal qilar edilar. Biz bo‘lsak o‘ylaganimiz o‘ylagan, mantiqqa g‘arq bo‘lib ketganmiz… Odam qancha o‘qimishli va bilimdon bo‘lsa, qancha ko‘p o‘ylasa va tag-tugini surishtiraversa, shuncha jasoratsiz bo‘ladi, ishga ham qo‘rqa-pusa kirishadi. Darhaqiqat, ta’lim berish, kishilarni sud qilish, qalin-qalin kitoblar yozish uchun kishida qancha kuch, iroda va o‘ziga ishonch bo‘lishi kerak… »
Soat o‘nga jom urdi.
— O‘g‘lim, endi borib yot, — dedi prokuror. — Xayrlashgin-da, borib yot.
— Yo‘q dadajon, — dedi Seryoja, erkalik qilib. — Tag‘in birpas o‘tiray. Bir ertak aytib ber!
— Bo‘pti, ertak aytib berganimdan keyin darrov kirib yotasan-a?
Qo‘li bo‘sh kechalari Yevgeniy Petrovich Seryojaga ertaklar aytib berardi. Umri nuqul ish bilan o‘tadigan kishilar singari, bitta ham she’rni yoddan bilmas, hamma ertaklar yodidan chiqib ketgan, shuning uchun ertaklarni ham har safar o‘zi ichidan to‘qib chiqarar edi. Odatda u, «bir bor ekan, bir yo‘q ekan»dan boshlab, ketini o‘zi to‘qir edi, boshini aytib, o‘rtasi nima bo‘ladi, oxirida nima keladi, bilmas edi. Manzaralar, shaxslar to‘satdan to‘qilardi, ertakning fabulasi va undan chiqadigan ma’no hikoyachining ixtiyorisiz o‘z o‘zidan kelib chiqardi. Seryojaga bunlay to‘qimalar juda yoqardi, ertak qancha oddiy bulib chiqsa, bolaga shuncha ta’sir qilishi prokurorga ham yeqar edi. U kabinetning shipiga qarab, boshladi:
— Bulmasa, eshit. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir mamlakatda oppoq soqoli kindigigacha tushgan bir keksa podshoh bor ekan. U podshoh oynadan yasalgan saroyda yasharkan, saroy kattakon, top-toza, oftobda xuddi yaxday yaltirab turarkan. Saroyning o‘zi hatto bog‘ning ichida bo‘lib, atrofi apelsinlar, olcha-piloslar, anorlar bilan to‘la ekan, atir gullar, lolalar ochilib yotarkan, bulbullar sayrarkan… Xo‘-o‘sh… Daraxtlarning shoxlariga shisha qo‘ng‘iroqchalar osilgan ekan, shamol turganda qo‘ng‘iroqlar shunaqangi sayrarkanki, ularning ovozi qushlarnikidan ham o‘tib ketarkan. Temirdan ko‘ra shishadan chiqqan ovoz ancha nozikroq bo‘ladi… Xo‘sh deganimizda… Bog‘da fontanlar bor ekan… Sonya xolangning bog‘ida ko‘rgan fontan esingdami? Podshohning bog‘idagi fontanlar ham xuddi o‘shanaqa ekan-u, ammo kattaroq ekan, ulardan otilib chiqqan suv terak bo‘yicha kelarkan…
Evgeniy Petrovich ertakning davomini ichida o‘ylab oldi-da, davom etdi:
— Qari podshohning xuddi senga o‘xshagan kichkina yakka, yagona o‘g‘li va merosxo‘ri bor ekan. U juda yaxshi bola ekan. Sira xarxasha qilmas ekan, erta yotib uxlarkan, stol ustidagi narsalarga tegmas ekan va… xullas, juda aqlli bola ekan-da. Uning birgina yomon odati bor ekan; papiros chekarkan…
Seryoja ko‘zlarini dadasining ko‘zlariga tikib, diqqat bilan tinglar edi. Prokuror ertakni davom ettirib «Buyog‘i nima bo‘ladi?» deb o‘ylardi. U anchagacha ezmalanib va cho‘zib, axir ertakni tamom qildi:
— Shahzoda papiros chekaverib, axir sil bo‘pti, yigirma yoshga kirganda o‘lipti. Qariganidan bukchayib qolgan chol madadsiz qolipti. Dushmanlar kelib, chol podshohni o‘ldirishipti, saroyini buzib yuborishipti. Bog‘da endi hech narsa qolmapti, giloslar ham, bulbullar ham, qo‘ng‘iroqlar ham qolmapti. Mana shunaqa ishlar, og‘ayni…
Ertakning bu xilda tugashi Yevgeniy Petrovichning o‘ziga kulgili va g‘ayritabiiy ko‘rindi, biroq Seryojaga qattiq ta’sir qildi. Uning ko‘zlarida yana qandaydir qayg‘u bilan qo‘rqinch paydo bo‘ldi: u, qop-qorong‘i derazaga bir pas qarab turdi-da, bir seskanib tushib, bo‘g‘iq bir ovoz bilan:
— Endi sira ham papiros chekmayman… — dedi.
U hayratlanib o‘z bo‘lmasiga chiqib ketgandan keyin, Yevgeniy Petrovich kabinetning u boshidan bu boshiga yurib, o‘zidan o‘zi jilmayib:
«Buni eshitgan odam bolaga go‘zal ertak, badiiy so‘zlar ta’sir qildi deb o‘ylaydi. Balki shundaydir, ammo bu yo‘l noto‘g‘ri yo‘l. Bu noto‘g‘ri vosita. Odob va haqiqatni yalang‘och holida emas, allamabalolarga o‘xshatib, ustiga shakar sepib, libos kiydirib ko‘rsatishning nima keragi bor? Bu noto‘g‘ri… Soxtachilik… Hiylagarlik bu…» deb o‘yladi o‘zicha.
U albatta, «nutq» so‘zlashi kerak bo‘lgan sud amaldorlarini, tarixni faqat ertak va tarixiy romanlardan bilib olgan kishilarni, hayot ma’nolarini va’z va qonunlardan emas, masallardan, romanlardan, baytlardan o‘zlashtirib olgan o‘zini ham tilga oldi.
«Dori shirin bo‘lishi, haqiqat esa go‘zal bo‘lishi kerak… Bu ahmoqona fikrni inson hazrati odam zamonidan beri o‘ziga singdirib keladi… Balki… bu tabiiydir, balki shunday bo‘lmog‘i kerakdir… Foydali puch xayollar, yolg‘onlar tabiatda ozmi…»
U ishlamoq uchun stol yoniga kelib o‘tirdi, biroq xonaki yalqov fikrlar anchagacha uning miyasida kezib yurdi. Uchinchi qavatda royal tovushlari tingan, biroq ikkinchi qavat egasi hamon uyning u boshidan bu boshiga kezib yurardi…

O. Rahimiy tarjimasi