I
Ot tuyoqlarining yog‘och polga dukur-dukur urilgani eshitildi; otxonadan avval qora to‘riq Graf Nulinni, undan keyin oq Velikanni, so‘ngra uning hamshirasi Maykani olib chiqdilar. Bular juda yaxshi va qimmat baho otlar edi. Keksa Shelestov Velikanni egarladi va qizi Mashaga qarab, dedi:
— Qani, Mariya Godfrua, kel, otga min. Xo‘ppa!
Masha Shelestova kenja qiz edi: o‘n sakkizga kirib qolgan bo‘lsa-da, kichkina qizday uni oilada hamma Manya, Manyusya; shaharga tsirk kelganda Manya tsirkka bosim borib turgani uchun uni Mariya Godfrua deb atardi.
— Xo‘ppa! — dedi qiz, Velikanga minar ekan.
Mariyaning opasi Varya — Maykaga, Nikitin — Graf Nulinga mindi, ofitserlar esa o‘z otlariga mindilar, uzun go‘zal suvoriylar to‘dasi oppoq kitellar va qora amazonkalar bilan ola-chipor bo‘lib qo‘radan asta chiqdi.
Otlarga minayotgan paytda va ko‘chaga chiqqanda Nikitin, Manyusya negadir unga e’tibor bilan qaraganini sezdi. Manyusya Nikitinga va Graf Nulinga sarosimalik bilan qarab, dedi:
— Siz, Sergey Vasilich, otingizning jilovini doim tortib boring. Ehtiyot bo‘ling, hurkib ketmasin. Bu mug‘ombir ot.
Manyusya miigan ot — Velikan, Graf Nulin bilan juda inoqligidanmi, yoki ittifoqo shunday bo‘ldimi, Mariya hozir ham, kecha ham, avval kuni ham Nikitin bilan yonma-yon bordi. Nikitin esa oppoq gijing ot ustida o‘tirgan qizning kelishgan jajji qomatiga, nafis yuziga va shu yuziga hech yarashmasdan, yosh qizni kattaroq qilib ko‘rsatgan tsilindrga xursandlik bilan ko‘z tashlar, yog‘day erir, o‘zida yo‘q quvonar, kizning gapiga quloq solsa-da, nima deganini ajratmas va:
«Rostini aytsam, xudo haqi, shu bugun hech uyalmasdan unga o‘z muhabbatimni izhor etaman…» deb o‘ylar edi.
Kech soat oltidan oshgan edi, bu vaqtda oq akatsiya bilan siren shu qadar kuchli hid taratadiki, go‘yo havo va daraxtlar o‘z hidlaridan mast bo‘lganday edi. Shahar bog‘ida muzika chalinmoqda. Otlar tosh ko‘chadan taraqa-turuq qilib bormoqda; har tomondan kulgi, shovqin, ko‘cha eshiklarining ochilib-yopilgani eshitiladi. Yo‘lda uchragan soldatlar ofitserlarga, gimnazistlar esa Nikitinga salom beradi. Sayr etib yurgan va muzika tomon borayotganlar, aftidan suvoriylar to‘dasiga zavq bilan qarar edi. Havo iliq, parcha-parcha mayin bulutlar suzib yuradi, terak ham akatsiyalarning soyalari shu qadar beozor va huzurbaxshki, keng ko‘chadan oshib, narigi tomondagi uylarning balkonlari va ustki qavatlarigacha ko‘lanka tashlaydi!
Shahardan chiqqach, katta yo‘lda otlarni yo‘rttirib chopdilar. Bu tomonda endi akatsiya va siren hidi kelmas, muzika ovozi eshitilmas, lekin dalaning yoqimli hidi kelar, yam-yashil javdari va bug‘doylar ko‘zni quvontirar, yumronqoziqlar chiyillar, qorayaloqlar chag‘illar edi. Qay tomonga ko‘z tashlamang, har tomon yam-yashil, faqat onda-sonda polizlar qorayib ko‘rnnadi va uzovdan, chap tomondagi qabristondan, gulini to‘kayotgan olmalar oqarib turadi.
Kushxona va pivo zavodi yonidan o‘tdilar, shahar chekkasidagi boqqa shoshib-pishib borayotgan muzikachi soldatlardan o‘zib kyotdilar. Maiyusya Varya bilan yonma-yon ketayotgan ofitserni Nikitinga ishora bilan ko‘rsatib, dedi:
— Polyanskiyning mingan oti shubhasiz juda yaxshi. Lekin bu ot brak qilingan. Chap oyog‘iga oq dog‘ tushishi juda nojo‘ya bo‘lgan, uni qarang, boshini irg‘atib boryapti. Endi uni o‘lgunicha bu odatidan qaytarib bo‘lmaydi.
Manyusya ham otasi singari otga juda ishqiboz edi. Bironta odamning yaxshi otini ko‘rsa, ichi kuyar, nuqsonini topsa, xursand bo‘lar edi. Nikitin otning farqiga bormas, jilovini tortib borish, yo‘rttirib yoki sakratib choptirish uning uchun baribir edi. U ot ustida havotirlanib, noqulay o‘tirganini sezar, shuning uchun ham egarda g‘ozday o‘tirgan ofitserlar Manyusyaga yoqadi deb o‘ylar, uni ofitserlardan qizg‘onar edi.
Shahar chekkasidagi bog‘ yonidan o‘tib borayotganlarida, kimdir boqqa kirib selterskiy ichishni taklif qildi. Boqqa kirdilar. Bog‘da faqat dub daraxtlari bo‘lib, yaqindagina barg yoza boshlagan edi. Shuning uchun ham nihol yaproqlar orasidan bog‘ning hamma tarafi — estradasi, stollari, hayinchaklari ko‘rinib turardi. Daraxtlardagi kattakon shapkaga o‘xshash qarg‘a uyalari ham yaqqol ko‘rinardi. Erkak va ayol otliqlar bir stol yonida egardan tushdilar-da, selterskiy talab egdilar. Ular yoniga bog‘da sayr etib yurgan tanishlari keldi. Shu paytda qo‘nji uzun etik kiygan harbiy doktor bilan muzikachilarni kutib turgan kapelmeyster ham keldi. Nikitinni doktor student deb gumon qilib, undan so‘radi:
— Siz kanikulga kelgan bo‘lsangiz kerak?
— Yo‘q, men o‘zim shu yerlikman, — dedi Nikitin. — Gimnaziyada o‘qituvchiman.
— Yo‘g‘-e? — dedi doktor ajablanib. — Shunchalik yosh bo‘la turib, o‘qituvchilik qilasizmi?
— Nimam yosh? Men yigirma oltiga kirganman… Xudoga shukur.
— Soqol-mo‘ylovingiz bo‘lsa ham har holda, aftingizdan sizni yigirma ikki-yigirma uch yoshdan ortiq deb bo‘lmaydi. Shu qadar yosh ko‘rinasiz!
«Bu qanday noma’qulchilik! — deb o‘yladi Nikitin. — Bu odam ham meni hali ona suti ogzidan ketmagan bola deb hisoblamoqda!»
Agar birov uning yoshligi to‘g‘risida gap ochsa, ayniqsa, bu ayollar yoki gimnazistlar qoshida bo‘lsa, Nikitinning avzoyi juda ham o‘zgarib ketardi. Nikitin shu shaharga kelib, xizmatga kirganidan beri o‘zining yosh ko‘rinishini sevmay qoldi. Gimnazistlar undan qo‘rqmas, keksalar yosh yigit deb atashar, ayollar uning uzundan-uzoq muhokamalarini tinglashdan ko‘ra, u bilan tantsa tushishni afzal ko‘rardilar. Shu tufayli Nikitin o‘n yosh keksarish uchun har qancha to‘lashga ham rozi edi.
Bog‘dan chiqib, yana nariga, Shelestovlar fermasiga jo‘nashdi. Ferma darvozasi yonida to‘xtadilar, gumashtaning xotini Praskovyani chaqirib, yangi sog‘ilgan sut olib kelishni buyurdilar. Sutni hech kim ichmadi, bir-birlariga ko‘z tashlashib, kulishib, yana ot choptirib orqaga qaytdilar! Qaytayotganda shahar chekkasidagi bog‘da muzika chalinmoqda, quyosh qabriston orqasiga bekingan, osmonning yarmisi shafaq nuridan qip-qizargan edi.
Manyusya yana Nikitin bilan yonma-yon bormoqda edi. Nikitin uni ehtiros bilan sevishini aytmoqchi bo‘lsa-da, ofitserlar bilan Varya eshitishidan cho‘chib, jim borar edi. Manyusya ham jim borardi, Nikitin nega qizning jim va yonida kelayotganining ma’nisiga tushunar, bu tushunchadan u shu qadar xursand ediki, yer, osmon, shahar chiroqlari, pivo zavodining qora ko‘lankasi uning ko‘z o‘ngida allaqanday juda yaxshi va yoqimli bir narsaga aylanib ketdi, uning mingan oti Graf Nulin havoda uchib, lola rang osmonga sakraganday bo‘ldi.
Uyga qaytib keldilar. Bog‘dagi stolda allaqachonlar samovar qaynab turar, stolning bir chetida o‘z ulfatlari — okrug sudining amaldorlari bilan keksa Shelestov o‘tirar va odati bo‘yicha nimanidir tanqid etmoqda edi.
— Bu surbetlik! — derdi u. Surbetlikdan boshqa narsa emas. Ha-a, bu surbetlik!
Manyusyaga xushtor bo‘lib qolgandan beri Nikitinga Shelestovlar oilasidagi hamma narsa yoqar edi: uy ham, uy yonidagi bog‘ ham, savat stullar ham, kampir enaga ham, chol tez-tez takrorlab turadigan hatto «surbetlik» degan so‘z ham yoqar edi. Unga faqat it va mushuklarning ko‘pligi hamda ayvondagi katta qafasda nolayu fig‘on etuvchi qumrilar yoqmas edi. Hovlida va uyda yashovchi itlar shu qadar ko‘p ediki, Shelestovlar oilasi bilan tanishgandan beri Nikitin ikkitasini: Mushka bilan Somnigina tanigan edi. Mushka kichkina, tumshug‘i serjun, o‘zi tullagan, jahli tez va erka bir kuchuk edi. Bu it Nikitinni yomon ko‘rar, uni ko‘rganda, boshini qiyshaytirib: «rrr. .. gaf-gaf… rrr, gaf-gaf…» deb irillardi. So‘ngra it stul ostiga o‘tirardi. Nikitin itni stul ostidan quvlamoqchi bo‘lganda, it vangillar, uy egalari esa:
— Qo‘rqmang, tishlamaydi. Bu yaxshi it, — derdi.
Som esa uzun oyoq va tayoqdek dumi qattiq kattakon qora it edi. Obed va choy mahallarida odatda u indamay stol tagida yurar va dumini etiklarga, stol oyoqlariga urar edi. Bu yuvosh va befarosat bir it edi, lekin Nikitinning bu itni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi, chunki ovqatlanuvchilarning tizzasiga tumshug‘ini qo‘yib, so‘lakayini shimlarga oqizib qo‘yadigan odati bor edi. Nikitin necha marta pichoq dastasi bilan bu itning keng peshonasiga urib ko‘rdi, burniga chertdi, so‘kindi, shikoyatlandi, ammo hech narsa uning shimlarini it so‘lakayining dog‘laridan asrab qololmadi.
Ot minib o‘ynab kelgandan so‘ng choy, murabbo, suxari hamda moy juda mazali tuyuldi. Birinchi stakanni hamma jim o‘tirib ishtaha bilan ichdi, Ikkinchi stakan oldidan tortishuv boshlandi. Choy vaqtida va obed vaqtida har doim tortishuvni Varya boshlar edi. Varya yigirma uch yoshga to‘lgan bo‘lib, qaddi-qomati kelishgan, Manusyadan ham chiroyli, oilada eng aqlli va o‘qimishli qiz hisoblanardi. Uyda rahmatli onasining o‘rniga qolgan to‘ng‘ich qiz bo‘lganidan Varya o‘zini ulug‘vor va sipo tutar edi. Xuddi o‘y bekasiday mehmonlar huzurida bluza kiyib yuraverardi va ofitserlarning familiyasini aytib murojaat qilardi. Manyusyaga kichkina qizchaday qarab, u bilan murabbiyaday gaplashar edi. O‘zini qari qiz deb atar — demak, erga tegishga ko‘ngli bor edi.
Har qanday gapni, hatto ob-havo to‘g‘risidagi gapni ham Varya albatta tortishuvga aylantirar edi. Hammani so‘zdan tutib olib, qarama-qarshiliklarni fosh etish, jumla to‘g‘risida janjallashishga bu qizning allaqanday ishtiyoqi bor edi. Siz unga biror to‘g‘rida gapirsangiz, u sizning yuzingizga sinchiklab tikilib turadi-da, birdan so‘zingizni kesib: «To‘xtang, to‘xtang, Petrov, bundan uch kun ilgari siz butunlay teskarisini gapirgan edingiz-ku!» deydi.
Yoki istehzo bilan jilmayib: «Biroq, mening sezishimcha, siz Uchinchi bo‘limiing printsiplarini targ‘ib eta yotirsiz. Qutlug‘ bo‘lsin» deydi.
Agar siz biror qiziqchilik yoki so‘z o‘yini qilsangiz, shu ondayoq Varyaning «Bu eski gap!» yoki «Bu siyqa gap!» deganini eshitasiz. Agar ofitser qiziqchilik qilsa, u burnini jiyirib: «Arrrmiya askiyasi!» deydi.
Mana shu «rrr…»ni qiz shu qadar boplab aytadiki, stul tagidan Mushka albatta unga javoban: «rrr… gafgaf…» deydi.
Endi, choy vaqtidagi tortishuv, Nikitinning gimnaziyadagi imtihonlar to‘g‘risida gapirishidan boshlandi.
— Ruxsat eting, Sergey Vasilevich, — deb uning gapini kesdi Varya. — Siz o‘quvchilarga qiyin deb aytdingiz. O‘zingizdan so‘rashga ruxsat eting, bunga kim aybdor? Masalan, siz sakkizinchi sinf o‘quvchilariga «Pushkin psixolog sifatida» degan mavzuda insho yozishga buyurgansiz. Birinchidan, bu xil qiyin temalar berish mumkin emas, ikkinchidan esa, Pushkin qanday psixolog bo‘lishi mumkin? Shchedrin yoki aytaylik, Dostoyevskiy boshqa gap, Pushkin esa, buyuk shoir xolos, vassalom.
— Shchedrin o‘z yo‘liga, Pushkin o‘z yo‘liga, — deb javob berdi Nikitin qovog‘ini solib.
— Men bilaman, sizning gimnaziyangizda Shchedringa e’tibor bermaydilar, lekin gap bunda emas. Siz menga aytingchi, Pushkin nega psixolog?
— Nahotki psixolog bo‘lmasa? Ruxsat eting, men sizga misollar keltirayin.
Nikitin «Onegin»dan, so‘ngra «Boris Godunov»dan bir necha o‘rinlarni deklomatsiya etib berdi.
— Hech qanday psixologiyani ko‘rmayapman, — deb uh tortdi Varya. — Kishi ruhining jingalaklarini tasvir etuvchi kishi psixolog deb ataladi, o‘qib berganlaringiz esa, go‘zal bir she’rdan boshqa narsa emas vassalom.
— Sizga qanday psixologiya kerakligini bilaman! — deb xafa bo‘ldi Nikitin. — Sizga shunday psixologiya kerakki, go‘yo birov o‘tmas arra bilan mening barmoqlarimni arralasa-yu, men jon achchig‘ida dodlab qichqirsam — mana shu, sizningcha, psixologiya.
— Siyqa gap! Biroq har holda siz menga Pushkin nega psixolog ekanini isbot etmadingiz.
Mutaassiblik, tor qarashlik yoki shu qabilda bo‘lib ko‘ringan narsa uchun tortishishga to‘g‘ri kelgan paytda, Nikitin odatda o‘rnidan irg‘ib turib, ikki qo‘li bilan boshini changallab, ingroq tovush bilan burchakdan-burchakka yugurar edi. Hozir ham xuddi shunday qildi: irg‘ib o‘rnidan turdi, boshini changallab oldi-da, ingroq tovush bilan stol tevaragini aylandi, so‘ng nariroqqa borib o‘tirdi.
Ofitserlar uning tarafini olishdi. Shtabs-kapitan Polyanskiy, Pushkin haqiqatan ham psixolog ekanligiga Varyani ishontirmoqchi bo‘lib, buning isboti uchun Lermontovning ikkita she’rini o‘qib berdi. Poruchik Gernet esa, agar Pushkin psixolog bo‘lmaganda edi, unga Moskvada haykal qo‘ymas edilar, dedi.
— Bu surbetlik! — degan ovoz eshitildi stolning narigi chekkasidan. — Men gubernatorning o‘ziga ham shunday deb aytdim: janobi oliylari, bu surbetlik!
— Men ortiq tortishmayman! — deb qichqirdi Nikitin. — Bu xil tortishuvning nihoyati bo‘lmaydi! Bas! Eh, yo‘qol, afting qursin, iflos it! — deb qichqirdi u, xuddi shu paytda uning tizzasiga boshini va oyog‘ini qo‘yib turgan Somga qarab.
Stul ostidan esa «rrr… gaf-gaf…» degan tovush eshitildi.
— Bo‘yningizga oling, siz xaqli emassiz! — deb qichqirdi Varya. — Bo‘yningizga oling!
Lekin shu paytda bir necha qiz mehmonlar keldi, tortishuv o‘z-o‘zidan to‘xtab qoldi. Hamma zalga yo‘l oldi. Varya royal oldiga o‘tirib, tantsa muzikasini chaldi. Dastlab valsga o‘yin tushdilar, so‘ngra polkaga o‘ynadilar, so‘ng katta davrada o‘yinga tushdilar, bu o‘yinni butun xonalar bo‘yicha shtabs-kapitan Polyanskiy boshqarib bordi, so‘ngra yana valsga o‘yin tushdilar.
— O‘yin chog‘ida keksalar zalda o‘tirishib, chekishib, yoshlarni tomosha qildilar. Bular o‘rtasida o‘zining adabiyotga va sahna san’atiga muhabbati bilan nom chiqargan, shahar kredit jamiyatining direktori Shebaldin ham bor edi. U mahalliy «Muzika dramatik to‘garak»ni dastlab tashkil etgan, o‘zi ham spektakllarda ishtirok etar va netadir doim faqat kulgili malaylar rolini o‘ynar yoki baland ovoz bilan «Gunohkor qiz»ni o‘qir edi. Shaharda uni mo‘miyo deb atashardi. Chunki u novcha, juda oriq, tomirlari chiqqan edi, chehrasi doimo tantanali, ko‘zlari esa xira va harakatsiz boqar edi. Sahna san’atini u joni-tani bilan sevganidan, hatto soqol-mo‘ylovlarini ham qirdirib yurar, bu esa uni yana ko‘proq mo‘miyoga o‘xshatib qo‘yardi.
Katta davra o‘yinidan keyin u Nikitin oldiga qiyshayibroq keldi-da, yo‘talib olgach, dedi:
— Men choy mahalidagi tortishuvga huzur qilib quloq soldim. Men tamoman sizning fikringizga qo‘shilaman. Biz ikkimiz fikrdoshmiz, men uchun siz bilan suhbatlashish juda ham yoqimli bo‘lur edi. Siz, Lessingning «Gamburg dramaturgiyasi» nomli asarini o‘qiganmisiz?
— Yo‘q, o‘qigan emasman.
Shebaldinning kayfi uchib ketdi, xuddi barmoqlarimi kuydirib olganday qo‘llarini silkitdi va hech narsa gapirmasdan Nikitin oldidan tisarilib ketdi. Shebaldinning qiyofasi, uning savoli va ajablanishi Nikitinga kulgili ko‘rindi, lekin har holda o‘ylab qoldi:
«Haqiqatan ham o‘ng‘aysiz. Men til-adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib turib, hozirgacha Lessingni o‘qiganim yo‘q. O‘qib chiqish kerak».
Kechki ovqat oldidan yosh-qari, hamma baravar «taqdir» o‘yinini o‘ynashga kirishdi. Ikki pachka karta olindi: biri hammaga taqsimlab berildi, ikkinchisi to‘ntarib stol ustiga qo‘yildi.
Keksa Shelestov shu ikkinchi kartaning ustidan birini olib, tantanali ravishda boshladi:
— Mana shu karta kimning qo‘liga chiqsa, hozir bolalar bo‘lmasiga kirib, enagani o‘pishi kerak.
Enaga bilan o‘pishmoq gashti Shebaldin hissasiga tushdi. Hamma uni qurshab, kulib va chapak chalib, bolalar bo‘lmasiga olib bordi va enaga bilan o‘pishishga majbur etdi. Shovqin-suron ko‘tarildi…
Kulgidan ko‘zi yoshlangan Shelestov:
— Bunchalik qattiq o‘pmang! Qattiq o‘pish yo‘q, — deb qichqirar edi.
Nikitinga hammani tavba qildirmoq taqdiri chiqdi. U zal o‘rtasida stulga o‘tirdi. Ro‘mol olib kelib uning boshini burkadilar. Dastlab uning huzuriga tavba qilmoq uchun Varya keldi.
— Men sizning gunohlaringizni bilaman, — deb boshladi Nikitin, ro‘mol qorong‘iligi orasidan uning jiddiy qiyofasiga ko‘z tikib. — Aytingchi menga, oyim qiz, nima sababdan har kuni siz Polyanskiy bilan sayr etasiz? Oh, bejiz emas, bu qizning gusar bilan yurishi, bejiz emas!
— Bu siyqa gap, — dedi Varya va ketdi.
So‘ng ro‘mol ostidan unga beharakat shahlo ko‘zlar yiltirab ko‘rindi, qorong‘ida ojiz qiyofa ko‘rindi, qandaydir qimmat baho va ko‘pdan tanish bir xushhid esdi, bu hid Manyusyaning bo‘lmasini eslatdi.
— Mariya Godfrua, — dedi u va o‘z tovushini taniyolmay qoldi, — tovushi shuncha nozik va yumshoq edi, — sizning qanday gunohingiz bor?
Manyusya ko‘zlarini suzdi va unga tilining uchini ko‘rsatdi-da, qah-qah urib, qochib ketdi. Birpasdan so‘ng esa, Manusya zal o‘rtasida turib, chapak chalib, qichqirdi:
— Kechki ovqatga! Ovqatga! Ovqatga!
Hamma yemakxonaga kirib bordi.
Kechki ovqat ustida Varya bu safar otasi bilan tortishdi. Polyanskiy boplab yer, qizil vino ichar va Nikitinga urushda bo‘lgan chog‘ida bir marta qishda tun bo‘yi tizzasidan balchiqda turib chiqqanini hikoya qilardi; dushman yaqin edi, shuning uchun na so‘zlashish, na chekish ruxsat etilmas edi, tun sovuq, qorong‘i bo‘lib, izg‘irin shamol esardi. Nikitin uning gapiga quloq solar, ko‘zlari Manyusyada edi. Manyusya esa unga tikilib, mijja qoqmay, biror narsa to‘g‘risida o‘ylanib yoki hushi uchib qolganday qarardi… Bu holat Nikitin uchun ham yoqimli, ham iztirobli edi.
«Nima uchun menga bu qadar tikilib qaraydi? — deb iztirob chekardi u. — Bu yaxshi emas. Sezib qolishlari mumkin. Eh, bu qiz hali shu qadar yosh, shu qadar sodda!»
Mehmonlar yarim kechada tarqaldi. Nikitin darvozadan tashqari chiqqanda uyning ikkinchi qavatidagi deraza ochilib, Manyusya ko‘rindi!
— Sergey Vasilevich! — deb chaqirdi qiz.
— Nima xizmatingiz bor?
— Gap bunday… — dedn Manusya, nima deyish kerakligini o‘ylaganday. — Ha, shunday… Polyanskiy yaqinda o‘z fotografiyasi bilan kelib, hammamizning suratimizni olishga va’da qildi. To‘planish kerak bo‘ladi.
— Yaxshi.
Manyusya berkindi, deraza yopildi va shu ondayoq uy ichida kimdir royal chaldi. «Uymisan — uy! — deb o‘yladi Nikitin, ko‘chaning narigi yuziga o‘ta turib. — Bu uyda yolg‘iz qumrilargina nolayu fig‘on qiladi, chunki, ular shodliklarini boshqa yo‘sin bilan izhor eta bilmaydi!»
Ammo faqat Shelestovlarnikida xursandchilik bo‘lmay, Nikitin ikki yuz qadam bosmasdanoq, ikkinchi bir uydan ham royal tovushi eshitildi. Yana bir oz yurgach darvoza yonida o‘tirib balalayka chalayotgan mujikni ko‘rdi. Bog‘da esa orkestr rus qo‘shiqlaridan tuzilgan mashqni chalardi…
Nikitin Shelestovlar uyidan yarim chaqirim narida sakkiz xonali uyda turar edi, bu uyni u o‘z o‘rtog‘i, geografiya va tarix o‘qituvchisi Ippolit Ippolitich bilan birga yiliga uch yuz so‘mga ijara olgan edi. Hali keksarmagan, sariq soqolli, qanshari past, yuzidan intelligentga emas, kosibga o‘xshash, dag‘alroq, sofdil Ippolit Ippolitich, Nikitin uyga kelganda, o‘z xonasida stol yonida o‘tirib, o‘quvchilar chizgan xaritalarni tuzatmoqda edi. U geografiya xaritalarini chizishni, tarixdan esa, xronologiyani bilishni eng kerakli va eng muhim deb bilar; tun bo‘yi o‘tirib u ko‘k qalam bilan o‘z o‘quvchilari chizgan xaritalarni tuzatar yoki xronologiya jadvallari tuzar edi.
— Bugun havo juda yaxshi! — dedi Nikitin, uning oldiga kirib. — Shunday paytda uy ichida o‘tirganingizga hayronman.
Ippolit Ippolitich kamgap odam bo‘lib, u yo indamas, yoki fahat hammaga ma’lum narsalar hahida gapirar edi. Hozir u shunday javob berdi:
— To‘g‘ri, havo juda yaxshi. Hozir may, tez kunda haqiqiy yoz bo‘lali. Yoz esa, qishdan katta farq qiladi. Qishda pechka yoqish kerak, yozda esa pechkasiz ham issiq. Yozda kechasi derazani ochsang ham issih, qishda esa, qo‘shqavat deraza ichida ham sovuq.
Nikitin stol yonida bir minutcha o‘tirmasdanoq zerikib qoldi.
— Xayrli kech! — dedi u, o‘rnidan ko‘tarilib va esnab turib, — Men sizga o‘zimga doir muhabbatga o‘xshash bir nimani gapirmoqchi edim, lekin siz geografiyadan bosh ko‘tarmaysiz! Sizga muhabbatdan gap boshlasam, siz darrov: «Kalka yonidagi urush qaysi yili bo‘lgan edi?» deysiz. Urushlaringiz ham, Chukotka burunlaringiz ham qurib ketsin!
— Nega jahlingiz chiqadi?
— Alam qiladi-da, axir!
Nikitin Manyusyaga hamon muhabbatini izhor eta olmagani va bu muhabbatni so‘zlashga odam topilmagani alam qilib, o‘z uyi: a kirib ketdi va divanga yotdi. Uy ichi qorong‘i, jimjit edi. Yetib, qorong‘ilikka tikilib, Nikitin negadir, ikki yo uch yildan so‘ng biror narsa uchun Peterburgga jo‘nashini, Manyusya uni vokzalga kuzatishipi va yig‘lashini o‘ylab ketdi; Peterburgda esa, u Manyusyadan uzun bir xat oladi, bu xatda Manyusya uning tezroq uyga qaytishini yalinib so‘raydi. Bu xatga u javob qaytaradi… O‘z xatini shunday boshlaydi: «mening aziz yo‘ldoshim…»
— Xuddi shunday, mening aziz yo‘ldoshim, — dedi u va kulib yubordi.
U yomon yotib qolgan edi. Qo‘lini boshi ostiga qo‘yib, chap oyog‘ini divanning suyanchig‘iga tiradi-da, yaxshilab o‘rnashib oldi. Bu orada deraza yorishib, hovlidan xo‘rozlar tovushi kela boshladi. Nikitin, o‘zining Peterburgdan qaytishini, vokzalda Manyusyaning qanday kutib olishini va shodligidan qichqirib, bo‘yniga o‘zini tashlashini o‘yladi… Yoki yana yaxshirog‘i u ayyorlik qiladi: kechasi sekingina keladi-da, oshpaz xotin unga eshikni ochadi, u esa oyoq uchida yurib yotoqxonaga o‘tadi-da, sekingina yechinib o‘rniga kiradi!
Xotini uyg‘onadi va qanday quvonadi!
Juda yorug‘ bo‘lib qoldi. Nikitin uyni ham derazalarni ham sezmas. Shu kuni kechqurun ot minib yonidan o‘tishgan pivo zavodining zinapoyasida Manyusya o‘tirar va allanima derdi. So‘ngra u Nikitinni qo‘ltiqlab, shahar chekkasidagi boqqa ketdi. Bog‘da u dub daraxtlarini, shapkaga o‘xshash qarg‘a uyalarini ko‘rdi. Bir uya qimirladi va uning ichidai Shebaldin boshini chiqarib, qattiq qichqirib: «Siz Lessingni o‘qimagansiz!» dedi.
Nikitin cho‘chib ko‘zini ochdi. Divan oldida Ippolit Ippolitich turar, boshini ko‘tarib, galstuk bog‘lamoqda edi.
— Turing, xizmatga borish vaqti keldi, — dedi u, — usti-boshni yechmasdan uxlash mumkin emas, kiyim g‘ijimlanadi. Yechinib yotish kerak…
U o‘z odati bo‘yicha, uzundan-uzoq va dona-dona qilib, hammaga ko‘pdan ma’lum narsalar to‘g‘risida so‘zlab ketdi.
Birinchi darsni Nikitin ikkinchi klassda rus tilidan berar edi. U xuddi soat to‘qqizda shu klassga kirganida, qora taxtaga oq bo‘r bilan ikki katta harf yozib qo‘yilgan edi: M. Sh. Bu harflar mazmuni Masha Shelestova edi.
«Allaqachon sezibdilar, ablahlar… — dedi Nikitin. — Bular qayerdan bilgan ekan?»
Ikkinchi darsni Nikitin tildan beshinchi klassda berar edi. Bu yerda ham taxtaga M. Sh. deb yozib qo‘yilgan edi. Nikitin darsni tamomlab, bu klassdan chiqayotganda uning ketidan teatrdagi singari:
— Ura-a-a! Shelestova! — degan shovqin ko‘tarildi.
Kiyimi bilan uxlagani uchun Nikitinning boshi og‘rib, tanasi uvushib turar edi. Imtihon oldidan javob berib yuborilishini kutgan o‘quvchilar, hech narsa qilishmas, siqilar, va zerkkanlaridan sho‘xlik qilardi. Nikitin ham siqilar, sho‘xliklarni sezmas, hadeb deraza oldiga boraverar va u yerdan quyosh nurida charaqlab turgan ko‘chani, uylar tepasidagi ko‘m-ko‘k, tiniq osmonni, osmonda qushlar o‘ynab yurishini, uzoq-uzoqlarda esa yam-yashil bog‘lar va uylar ortida keng, bepoyon o‘rmon yastanib yotganini, yugurib ketayotgan poyezd tutunidan yuziga yupqa parda tutganini ko‘rardi…
Akatsiya soya solib turgan ko‘chadan, qo‘llaridagi xipchinlarini o‘ynab, oq kitel kiygan ikki ofitser o‘tib ketdi. Aravada oppoq soqolli, kartuz kiygan bir to‘da yahudiy o‘tib ketdi. Guvernantka direktor nevarasi bilan sayr etmoqda… Orqasidan ikkita ko‘ppakni ergashtirib, Som yugurib o‘tdi… Oddiy kulrang ko‘ylak va qizil paypoq qiyib, qo‘liga «Vestnik Yevropi» jurnalini ushlab, Varya borardi. U shahar kutubxonasiga borgan bo‘lsa kerak…
Darslar tez tamom bo‘lmay, soat uchgacha cho‘ziladi. Darslardan keyin uyga emas, Shelestovlar uyiga ham emas, Volfnikiga saboq bergani borish kerak. Lyuteranlik mazhabini qabul etgan boy yahudiy Volf bolalarini gimnaziyaga bermay, gimnaziya o‘qituvchilarini uyiga taklif etib, ularning har bir darsi uchun besh so‘mdan to‘lar edi…
«Zerikarli, zerikarli, zerikarli!»
Soat uchda Nikitin Volfning uyiga bordi, to uning uyidan chiqquncha, bir umr o‘tganday bo‘ldi. Uning uyidan soat beshda chiqdi, soat yettida esa, yana gimnaziyaga, pedagogik sovetga borish, to‘rtinchi va oltinchi klasslar uchun og‘zaki imtihon jadvalini tuzish kerak edi!
Kechasi gimnaziyadan chiqib, Shelestovlar uyiga borayotganda, uning yuragi dukillab o‘ynar, yuzlari yonar edi. Bundan bir hafta, bir oy ilgari har safar u o‘z muhabbatini izhor etishga hozirlanib, muqaddimali va xotimali butun bir nutq hozirlagan edi, hozir esa uning boshida bironta so‘z ham qolmay, hammasi bo‘talib ketgan edi. Faqat u, albatta bugun muhabbat izhor etishini, ortiq kutishga hech toqati qolmaganini bilar edi.
«Men uni boqqa taklif qilaman-da, bir oz sayr etib yurib, muhabbatimni izhor etaman…» deb reja tuzdi.
Dahlizda hech kim yo‘q edi; u zalga kirdi, so‘ng mehmonxonaga o‘tdi… Bu yerda ham hech kim yo‘q edi. Yuqorida, ikkinchi qavatda Varyaning kim bilandir tortishgani va bolalar bo‘lmasidan yollanma mashinachining qaychi ovozi eshitilib turardi.
Uyda bir xona bo‘lib, u uch nom bilan atalardi: kichik xona, yo‘lak, qorong‘i. Shu xonada dorilar, porox va ozchilik anjomlari solingan katta bir eski shkaf turardi. Bu joydan ikkinchi qavatga chiqadigan tor yog‘och zinapoya bor edi. Bu zinapoyada doim mushuklar uxlashardi. Shu yerda ikki eshik bo‘lib, biridan bolalar xonasiga, ikkinchisidan mehmonxonaga chiqilardi. Yuqoriga ko‘tarilish uchun Nikitin shu yerga kirganda, bolalar xonasining eshigi shu qadar qattiq taraqlab ochildiki, zinapoya va shkafgacha zirillab ketdi; qo‘liga ko‘k mato ushlaganicha, qora ko‘ylak kiygan Manyusya yugurib chiqdi va Nikitinni ko‘rmasdan zinapoyaga qadam qo‘ydi.
— To‘xtang… — dedi Nikitin. — Salom, Godfrua… Ruxsat eting…
Nikitin hansirar va nima deyishini bilmas edi; bir qo‘li bilan qizning qo‘lini, ikkinchi qo‘li bilan ko‘k matani ushlab turardi. Qiz esa, qo‘rqqanidanmi, ajablanganidanmi, ko‘zlarini katta ochib, unga qarab qolgan edi.
— Ruxsat eting… — dedi Nikitin, qiz kegib qolmasin deb hadiksirab. — Mening sizga bir-ikki og‘iz gapim bor… Faqat… Bu joy o‘ng‘aysiz. Mening toqatim yo‘q, ilojsizman… Tushunasizmi, Godfrua, ilojim yo‘q… Gap shu…
Ko‘k mato yerga tushib ketdi, Nikitin Manyusyaning ikkinchi qo‘lidan ham ushlab oldi. Qizning rangi oqarib ketdi, lablarini qimirlatdi, so‘ng orqasiga tisarilib, devor bilan shkaf o‘rtasidagi burchakka kirib oldi.
— Chin so‘z, ishoning siz… — dedi Nikitin sekingina. — Manyusya, chin so‘z…
Qiz boshini orqaga tashladi, Nikitin esa uning lablaridan o‘pdi, bu o‘pich uzoqroq davom etsin uchun barmoqlari bilan qizning yuzlaridan tutdi; nihoyat shunday bo‘ldiki, Nikitinning o‘zi jovon bilan devor orasidagi burchakka kirib, qiz esa qo‘llari bilan uning bo‘ynidan quchoqlab, boshini uning iyagiga tirab qoldi.
So‘ngra har ikkovlari yugurishib boqqa chiqib ketdilar.
Shelestovlarning bog‘i katta bo‘lib, to‘rt desyatina edi. Bog‘da yigirmatacha qari klyon va lipa daraxti, bitta archa bo‘lib, qolgani meva daraxtlar edi: gilos, olma, nok, yovvoyi kashtan, kumush rang maslina… Gullar ham ko‘p edi.
Nikitin bilan Manyusya indashmasdan xiyobonlarda yurar, kular, ahyonda bir-birlariga qisqa-qisqa savol berar va bu savollarga javob qaytarishmas edi. Bog‘ tepasida yarim oy nur sochar, shu xira yorug‘ ostida yotgan maysazordagi lolalar va iris gullar o‘zlari bilan muhabbat izhor qilishni so‘raganday bo‘ylarini cho‘zar edi.
Nikitin bildn Manyusya uyga qaytib kelganlarida ofitserlar va oyim qizlar yig‘ilgan bo‘lib, mazurkaga o‘yin tushishmoqda edi. Polyanskiy yana katta davradagi o‘yinni boshqardi, tantsadan keyin yana taqdir o‘yini o‘ynaldi. Mehmonlar ovqatlanish uchun yemakxonaga o‘tganlarida, Manyusya Nikitin bilan qoldi va uning bag‘riga kirib, dedi:
— Otam va Varya bilan o‘zing gaplash. Men uyalaman…
Ovqatdan keyin Nikitin chol bilan so‘zlashdi. Shelestov uning so‘zini eshitib, o‘yladi-da, shunday dedi:
— Menga va qizimga siz bildirgan shonu sharaf uchun ko‘p minnatdorman. Ammo, siz bilan do‘stona gaplashmoq uchun ruxsat eting. Siz bilan ota tarzida emas, djentelmen bilan djentelmen kabi so‘zlashaman. Marhamat qilib aygingchi, bunchalik yosh uylanishning nima hojati bor? Faqat mujiklargina yoshligida uylanishadi, ma’lum, bu bemazagarchilik, xolos, lekin sizga nima bo‘ldi? Bu qadar yosh chog‘ingizda ola xurjinni bo‘yinga ilishdan qanday huzur topasiz?
— Men sira yosh emasman! — dedi xafa bo‘lib Nikitin. — Yoshim yigirma yettiga yetdi.
Varya ikkinchi xonadan qichqirdi:
— Dada, ot tabibi keldi!
Shu bilan gap uzildi. Nikitinni Varya, Manyusya za Polyanskiy uyigacha kuzatdi. Uning ko‘cha eshigi yoniga kelganda Varya dedi:
— Nima uchun sizning sirli Mitropolit Mitropolitichingiz hech yerga chiqmaydi? Aqalli biznikiga kelsa bo‘lur edi.
Sirli Ippolit Ippolitich, oldiga Nikitin kirganda, o‘z o‘rnida o‘tirib shimini yechmoqda edi.
— Yetmay turing, yotmay turing! — dedi Nikitin unga harsillab, — to‘xtang yotmay turing!
Ippolit Ippolitich darrov shimini kiydi-da, tashvishga tushib so‘radi:
— Nima gap?
— Men uylanaman!
Nikitin o‘rtog‘ining yoniga o‘tirdi, xuddi o‘z-o‘ziga ajablanganday qarab, dedi:
— Tasavvur eting, men Masha Shelestovaga uylanaman. Bugun taklif etdim.
— Xo‘sh? U qiz, yaxshi shekilli. Faqat juda yosh.
— To‘g‘ri, yosh! — dedi Nikitin, chuqur nafas olib va tashvish bilan yelkalarini qisdi. — Juda, juda yosh!
— Bu qiz gimnaziyada menda o‘qigan edi. Men uni bilaman. Geografiyadan tuzuk o‘qir edi-yu, lekin tarixdan yomon edi. Klassda ham hushyor emas edi.
Nikitin birdan negadir o‘z o‘rtog‘iga achindi va unga birorta muloyim, dilkash so‘z aytgisi keldi.
— Azizim, siz nega uylanmaysiz? — deb so‘radi u. — Ippolit Ippolitich, siz, masadan, Varyaga uylansangiz bo‘lmaydimi? Bu qiz ajoyib, olijanob bir qiz! To‘g‘ri, u tortishuvni sevadi, lekin dili… dili ko‘p pokiza! Varya hozir sizni so‘radi. Shunga uylanib qo‘ya qoling, azizim!
Nikitin bu xafagazak, puchuq odamga Varya aslo tegmasligini yaxshi bilsa ham, uning Varyaga uylanishini ta’kidlar edi. Nima uchun?
— Uylanish jiddiy bir qadam, — dedi Ippolit Ippolitich, o‘ylab ko‘rgach. — Har tomonni muhokama etib, tarozuga solib ko‘rish kerak, birdan mumkin emas. O‘ylab ish qilish hech qachon zarar bermaydi, ayniqsa uylanishda, odam bo‘ydoqlikdan chiqib, yangi hayot boshlayotgan chog‘da aslo zararli emas.
Shundan so‘ng u hammaga ma’lum, mashhur bo‘lgan narsalar to‘g‘risida gap yurgizib ketdi. Nikitin uning gaplariga quloq solib o‘tirmadi, xayrlashib, o‘z uyiga kirib ketdi. O‘z baxti-saodati haqida, Manyusya haqida, kelajak haqida xayol surish uchun tezgina yechindi-da, yotib oldi. Yetgandan so‘ng kulumsiradi va birdan hamon Lessingni o‘qimagani esiga tushdi.
«O‘qib chiqish kerak… — deb o‘yladi u. Aytmoqchi, nima uchun men o‘shani o‘qishim kerak? He, nari borsin-e!»
O‘z quvonchidan erib, darrov uxlab qoldi, tong otguncha chehrasidan tabassum arimadi.
Uning tushiga ot tuyoqlarining yog‘och polga dukur-dukur urilgani kirdi. Tushida otxonadan dastlab qora to‘riq graf Nulinni, so‘ngra oq ot Velikanni, so‘ng uning hamshirasi Maykani olib chiqqanlarini ko‘rdi…
II
«Cherkov ichida odam tula va sershovqin edi, hatto kimdir bir marta qichqirib ham yubordi, men bilan Manyusyani nikohlab turgan protoiyerey ko‘zoynak ustidan olomonga qarab, jahl bilan dedi:
— Cherkov ichida yurmanglar, shovqin ham solmanglar, bir yerda jim turib, ibodat qilinglar! Xudodan qo‘rqish kerak!
Mening shohidlarim ikkita o‘rtog‘im edi, Manyusyaning shohidlari shtabs-kapitan Polyanskiy bilan poruchik Gernet edi. Arxiyerey xori juda soz ashula qildi. Shamlarning chirsillashi, tevarak-atrofning yaltirashi, yasan-tusanlar, ofitserlar, juda ko‘p xushnud, mamnun chehralar va Manyusyaning qandaydir nazokatli ko‘rinishi, umuman barcha kishilar va jihozlar, nikoh so‘zlarining ta’siridan ko‘zimdan yosh chiqdi va ko‘nglim quvonchga to‘lib toshdi. Men o‘ylar edim: sunggi vaqtlarda hayotim naqadar gulladi va naqadar shoirona go‘zal bir tusga kirdi! Ikki yil ilgari student edim, Niglinniy ko‘chasidagi arzon nomerlarda turardim, pulim, qarindosh-urug‘larim yo‘q edi, nazarimda o‘sha vaqtda istiqbolim ham yo‘q edi. Endi-chi, men — eng yaxshi guberna shaharlaridan birida gimnaziyaning o‘qituvchisiman, ta’minotim yaxshi, odamlar yaxshi ko‘radi va erkaman. Hozir shu yerdagi odamlarning hammasi men uchun to‘plangan, deb o‘ylardim; men uchun uchta qandil yonmoqda, protodyakon ovozi boricha xonish qilmoqda, hofizlar ham astoydil aytmoqda; yonboshimdagi yoshgina, go‘zal, latofatli va quveoq qiz sal turib meniki bo‘ladi va mening xotinim deb ataladi. Men dastlabki uchrashuvlarimizni, shahar chekkasiga birgalashib sayr etgan chog‘larimizni, muhabbatimni izhor etgan paytimni va butun yoz bo‘yi bir xil juda yaxshi kelgan obi-havoni eslab ketdim. Niglinniy ko‘chasida turgan vaqtimda roman va povestlardagina bo‘lishi mumkin ko‘ringan baxtni endi o‘zim chinakamiga boshimdan kechirib, go‘yo qo‘llarim bilan ushlab turgan edim.
Niqoh o‘qilgandan so‘ng hamma to‘s-to‘polon bilan men va Manya atrofida parvona bo‘ldi, o‘zlarining samimiy xursandchiliklarini bildirdi, tabrikladi va baxt-saodat tiladi. Yetmishlarga borib qolgan brigada generali faqat Manyusyaning o‘zini tabriklab, unga qaltiroq tovush bilan:
— Ishonamanki, azizim, to‘ydan keyin ham xuddi avvalgiday atir gul bo‘lib qolasiz, — dedi. Bu so‘zlarni u shu qadar baland ovoz bilan gapirdiki, cherkov jaranglab ketdi.
Ofitser, direktor va barcha o‘qituvchilar odob yuzasidan tabassum qildilar, men ham o‘z chehramda yoqimli va g‘ayri samimiy bir tabassum sezdim. Har doim barchaga ma’lum, mashhur narsalarni gapiruvchi tarix va geografiya o‘qituvchisi hurmatli Ippolit Ippolitich mening qo‘limni qattiq qisdi va ta’sirli qilib:
— Hozirgacha siz uylanmagan edingiz, yolg‘iz yashar edingiz, endi siz uylandingiz, endi ikkovingiz birga yashaysiz, — dedi.
Cherkovdan chiqib to‘g‘ri, endi bizga berilgan, suvoqdan chiqmagan ikki qavatli uyga jo‘nadik. Bu uydan tashqari Manyada yigirma ming so‘mcha pul bo‘lib, yana Melitonovka degan joydagi allaqanday bo‘sh maydon bostirmasi bilan menga tegar edi. Bu bostirmada, aytishlariga ko‘ra juda ko‘p tovuq va o‘rdaklar bor bo‘lsa-da, ularga qarovchi yo‘qligidan yovvoyilashib ketmoqda ekan. Cherkovdan qaytgach, men o‘zimning yangi xonamga kirib, kerishib, turkcha divan ustiga ag‘nab yotdim. Ostim yumshoq, yotishim qulay va uyim shu qadar shinam ediki, umrimda hech qachon bunday huzur qilmagan edim. Bu mahalda mehmonlar «ura» deb qichqirar, dahlizda esa, shaloq muzikantlar tush va bachkana kuylarni chalar edi. Manyaning opasi Varya, qo‘lida qadah ko‘targanicha, yugurib xonaga kirdi, uning ko‘rinishi allaqanday, g‘alati, talvasali, go‘yo og‘ziga suv to‘ldirib olganday edi. U, aftidan nariroq qochmoqchi edi, lekin birdan qah-qaha urdi va yig‘lab yubordi, qo‘lidagi qadah esa, jaranglab polga tushib ketdi. Biz Varyani suyab qoldik va ichkari uyga olib ketdik. So‘ngra u eng chekkadagi enaga uyida o‘rinda yotib, valdiradi:
— Hech kim tushuna olmaydi! Hech kim, hech kim! Voy xudoyim, hech kim tushuna olmaydi!
Lekin hamma juda yaxshi tushunar ediki, u singlisi Manyadan to‘rt yosh katta bo‘lsa-da, hamon turmushga chiqmagan; hozir yig‘lashining sababi unga hasad qilganidan emas, turmushga chiqish vaqti o‘tib ketayotganligining, ehtimol o‘tib ketganligining g‘ussasidir. Kadril o‘yiniga tushilgan mahalda Varya, ko‘z yoshlari tomgan yuzlariga upani qalin surtib, chiqib zalda o‘tirgan edi. Men shtabs-kapitan Polyanskiyning morojenoye solingan likobchani tutib turganini, Varya esa qoshiqcha bilan yeganini ko‘rdim…
Ertalab soat olti. Men o‘zimning mukammal va rang-barang quvonchimni tasvirlash uchun kundalik daftarimni qo‘lga oldim. Olti sahifacha yozaman va ertasiga Manyaga o‘qib beraman deb o‘yladim, lekin ajabo, boshimdagi hamma narsa bo‘talib, noaniq tush singari bo‘lib qoldi va xotiramda faqat Varyaning kechasidagi ahvoli qoldi, boyoqish Varya! deb yozgim keldi. Qancha o‘tirmayin faqat qayta-qayta: boyoqish Varya! deb yozar edim. Shu asosda daraxtlar shovullab qoldi: yomg‘ir yog‘di; qarg‘alar qag‘illashyapti, hozirgina uyquga ketgan Manyamning yuzlari negadir g‘ussali ko‘rinadi».
So‘ngra Nikitin kundalik daftarini uzoq vaqt qo‘liga olmadi. Avgustning dastlabki kunlaridan boshlab qayta imtihonlar va qabul imtihonlari, Uspenev kunidan so‘ng esa, klass mashg‘ulotlari boshlandi. Odatda u soat sakkizdan o‘tganda xizmatga ketar, o‘nga yaqin Manyani sog‘inar va uz uyiga ketgisi kelib, hadeb soatga qarayverar edi. Pastki klasslarda u bolalardan birortasiga diktovka ayttirar, o‘zi esa, to bolalar yozib bo‘lgunicha derazada o‘tirib, ko‘zlarini yumib, xayol surardi. Kelajak haqida xayol surardimi, o‘tmish xotiralarini eslaydimi — hammasi ertak singari go‘zal chiqar edi. Yuqori klasslarda ovoz chiqarib Gogol yoki Pushkin prozasini o‘qishardi, o‘qish uni mudroq bostirardi, uning tasavvurida odamlar, daraxtlar, dalalar, ot-ulovlar paydo bo‘lar va u oh urib, go‘yo avtorga qoyil qolganday:
— Qanday yaxshi! — deb qo‘yardi.
Katta tanaffus chog‘ida Manya unga oppoq ro‘molchaga o‘rab nonushta yuborardi, Nikitin bu nonushtani bahazur, huzur qilib sekin-asta yeyar edi. Odatda faqat quruq non bilan nonushta qiladigan Ippolit Ippolitich, unga hurmat bilan va ko‘zi kuyib qarar, hamda hammaga ma’lum:
— Kishilar ovqatsiz yasholmaydi, — kabi gapni aytar edi.
Gimnaziyadan chiqib Nikitin yahudiy boyning uyiga dars berishga borar, nihoyat, kechki soat oltiga yaqin uyga qaytayotganida, go‘yo uyida bir yildan beri bo‘lmaganday ham shodlik, ham hayajon sezar edi. U zinapoyadan yugurib chiqar, harsillab uyga kirar va Manyani quchoqlab o‘par, uni sevganiga, usiz yashay olmasligita ont ichar, o‘lguday sog‘inganini aytar, talvasa bilan uning sog‘ligini va nechun noxushligini so‘rar edi. So‘ng birga ovqatlanar edi.
Ovqatdan so‘ng u divanga yotib chekar, Manya esa uning yonida o‘tirib ohista so‘zlar edi.
Endi uning eng baxtiyor kunlari yakshanba va bayram kunlari edi, bu kunlarda ertadan to kechgacha uyda qolardi. Bu kunlarda u sodda, lekin tabiat kuchog‘idagi tinch va osoyishta cho‘pon hayotini eslatuvchi favqulodda yoqimli ro‘zg‘or ishlarida ishtirok etar edi. O‘zining aqlli, chechan xotini Manya ro‘zg‘orni qanday jamg‘arayotganini kuzatib borar va o‘zi ham uyda bekorchi emasligini ko‘rsatish uchun birorta foydasiz ish bilan shug‘ullanar edi, masalan, saroydan sharaban aravani g‘ildiratib chiqib, uning har tomonini ko‘rar edi. Manyusya uchta sigir boqib, sutchilikni yo‘lga qo‘ydi, yerto‘lasining ichida ham, tomida ham sut, qaymoq solingan ko‘vachalar va xurmachalar turar edi, bularni Manyusya sariyog‘ olish uchun asrar edi. Ba’zan Nikitin hazillashib undan bir stakan sut so‘rar edi; bu tartibga xilof bo‘lgani uchun Manyusya cho‘chib tushar edi, shundan so‘ng Nikitin qah-qahlab kulib, uni quchoqlar va derdi:
— Yo‘q, yo‘q, hazillashdim, azizim! Hazillashdim!
U ba’zan xotinining ezmaligidan kular edi, masalan, xotini shkafdan qotib qolgan bir parcha kolbasa yoki sir topib olib, jiddiy ravishda:
— Buni oshxonadagi xizmatkorlar yer, — derdi.
Nikitin esa, bu bir parcha kolbasa faqat sichqon tutish uchun qopqonga yarashishini so‘zlar, xotini esa, erkaklarning ro‘zg‘or ishidan xabarsizligini, oshxonadagilarga uch pud bersang ham yetmasligini kuyib-pishib isbot etishga tushar edi. Nikitin uning gapiga qo‘shilar va xursand bo‘lib quchoqlardi. Xotinining gaplaridagi mantiqqa nihoyatda hayron qolar, uning fikriga qo‘shilmagan paytlarda esa xotini sodda, sevimli bo‘lib ko‘rinardi.
Ba’zan uning faylasufligi tutib, qandaydir mavhum bir mavzuda fikr yurita boshlar, Manyusya esa quloq solar va uning yuziga qiziqsinib tikilar edi.
— Men sen bilan behad baxtiyorman, sen mening quvonchimsan, — derdi Nikitin Manyusyaning barmoqlarini o‘ynab, yoki uning kokilini yechib va qaytadan o‘rib turib. — Ammo, o‘zimning bu baxtiyorligimga osmondan tushgan allaqanday bir narsaday qaramayman. — Bu baxtiyorlik — bus-butun tabiiy, izchil, mantiqan to‘g‘ri bir hodisadir. Men, kishi o‘zi baxtining ijodkori ekanligiga ishonaman, shuning uchun men hozir o‘zim vujudga keltirgan narsani qo‘limga tutmoqdaman. Shunday, behazil gapim shuki, bu baxtni men o‘zim vujudga keltirdim va shu baxtga ega bo‘lishga haqliman. Senga mening o‘tmishim: yetimligim, qashshoqligim, baxtsiz bola bo‘lganligim, o‘smirlikda g‘ussa tortganlarim, — bular barchasi kurash, bular barchasi mening baxt sari ochgan yo‘limdir.
Oktyabr oyida gimnaziyada og‘ir kulfat ro‘y berdi: Ippolit Ippolitich saramas kasali bilan og‘rib, vafot etdi. Ulimidan ikki kun oldin hushsiz holda, alahlab yotdi, alahlaganda ham hammaga ma’lum:
— Volga Kaspiy dengiziga quyiladi… Otlar arpa va pichan yeydilar… — kabi gaplarni aytdi.
Uni ko‘mgan kuni gimnaziyada o‘qish bo‘lmadi. Marhumning o‘rtoqlari va o‘quvchilar tobutni va uning qopqog‘ini ko‘tarib bordilar, gimnaziya xori qabristonga yetguncha butun yo‘l bo‘yi «Svyatiy boje»ni xonish qilib bordi. Ko‘mish marosimida uch pop, ikki dyakon, butun erlar gimnaziyasidashlar va motam liboslari kiygan arxiyerey xori ishtirok egdi. Bu tantanali marosimni ko‘rgan yo‘lovchilar cho‘qinar va:
— Har kimga ham shunday obro‘ nasib bo‘lsin, — derdi.
Qabristondan qaytib kelgach, hayajonlanib ketgan Nikitin stol ichidan kundalyk daftarini topib:
— «Ippolit Ippolitich Rijitskiyni hozirgina lahadga qo‘ydik.
Qabringda tinch yot, kamtarin zaxmatkash! Manya, Varya va ko‘mish marosimiga borgan hamma ayollar astoydil yig‘ladilar. Sababi jafokash bu xunuk odamni hech bir ayol sevmagani uchun bo‘lsa kerak. Men qabr ustida o‘rtog‘imning yaxshi fazilatlarini gapirmoqchi edim, direktor marhumni yomon ko‘rgani uchun gapim unga yoqmay qolishini aytdilar. To‘ydan beri shu bugun dilim g‘ash bo‘lgan bo‘lsa kerak».
Shundan so‘ng butun o‘qish mavsumi hech qanday aytarli voqe bo‘lmadi.
Qish bo‘shtob, iliq keldi, doimo ho‘l qor yog‘ib turdi; masalan, Kreshene arafasida tun bo‘yi kuz shamoli esdi, tomlardagi qor erib oqdi, ertalab esa krestni yuvish vaqtida, politsiya hech kimni daryoga tushirmadi, chunki daryo muzi erib, yumshab qolgan dedi. Lekin yomon ob-havoga qaramay Nikitin qishda ham yozdagiday baxtiyor yashar edi. Hatto uning turmushiga yana bir ko‘ngil ochadigan narsa qo‘shilib, vint degan karta o‘yinini ham o‘rganib oldi. Faqat bir narsa ba’zan uni bezovta qilar va jahlini chiqarar, go‘yo uning to‘la-to‘kis baxtiyorligiga xalaqit berganday edi: bular unga sep bilan birga berilgan mushuk va itlar edi. Uy, xonalarda doim, ayniqsa ertalab, hayvonotxonaning isi kelar va bu hidni hech narsa bilan yo‘qotib bo‘lmas edi. Mushuklar ko‘p vaqt itlar bilan urishardi. Serjahl Mushkaga kuniga o‘n marta ovqat berishar, u hamon ilgarigiday Nikitinni tanimas va unga irillar edi:
«Rrr.. gaf-gaf…»
«Velikiy post» paytida bir kuni yarim kechasi Nikitin, klubdagi karta o‘yinidan uyiga qaytar edi. Yomg‘ir yog‘moqda, qorong‘i va loygarchilik edi. Nikitinning ko‘ngli g‘ash edi, sababini o‘zi ham tushunolmadi: klubda o‘n ikki so‘m pul yutqizib qo‘yganidanmi, yoki pulni to‘lab turganda, o‘yinchilardan biri: Nikitinning puli juda ko‘p deb, olgan sepiga ishora qilganidanmi? Yutqizgan o‘n ikki so‘miga achinmas, raqibining aytgan gaplarida ham xafa bo‘larli hech narsa yo‘q edi, lekin har holda ko‘ngli g‘ash edi. Hatto uyiga qaytgisi ham kelmas edi.
— Voy-bo‘y, muncha ko‘nglim g‘ash! — dedi u ko‘chadagi fonar yonida to‘xtab.
Yutqizgan o‘n ikki so‘mi teppa-tekin qo‘liga kirgani uchun achinmayotganligi esiga keldi. Agar u xizmatkor bo‘lganida edi, har bir tiyinning qadriga yetardi, yutish va yutqazishga beparvo qaramas edi. Surishtirib qaraganda, deb o‘ylar edi u, shu baxtiyorlikning barchasi ham unga teppa-tekin keldi, aslida bu narsa uning uchun sog‘lom odamga berilgan dori kabi edi. Agar u, juda ko‘p kishilarga o‘xshab, bir parcha non tashvishi bilan ezilgan, yashash uchun kurashsa edi, agar og‘ir ishdan uning yelka va ko‘kragi og‘risa edi, shinam uy va oilaviy baxt xayotning talabi, mukofoti va bezagi bo‘lur edi; hozir esa, bu narsalarnipg hammasi uning uchun g‘alati bir nomuayyan ahamiyatga ega edi.
— Voy-bo‘y, muncha ko‘nglim g‘ash! — deb takrorlardi u va shu fikrning o‘zi ham yomonlik alomati ekanini yaxshi tushundi.
Nikitin uyga kelganida, Manya o‘rinda yotar edi. U bir tekis nafas olar, jilmayar, aftidan, maza qilib uxlayotgani ko‘rinardi. Uning yonida kulcha bo‘lib, oq mushuk yotar va xurillar edi. Nikitin sham yoqib, chekib bo‘lguncha, Manya uyg‘ondi va jon holatda bir stakan suv ichdi.
— Marmeladni ko‘p yeb qo‘yibman, deb kuldi Manya. — Sen otamnikiga bordingmi? — deb so‘radi bir ozdan so‘ng.
— Yo‘q, borganim yo‘q.
So‘nggi vaqtlarda Varya juda ko‘ngil qo‘yib, ishonib yurgan shtabs-kapitan Polyanskiy g‘arbiy gubernalardan biriga ko‘chirilganini va hozir shaharda hamma bilan xayrlashib yurganini va shu sababli qaynatasining uyida o‘yin-kulgi yo‘qligini Nikitin bilar edi.
— Kechqurun Varya kelgan edi, — dedi Manya, o‘tirar ekan. — Hech narsa gapirgani yo‘q, lekin iztirob chekayotgani yuzidan ko‘rinib turibdi, boyoqish. Polyanskiyni ko‘rishga toqatim yo‘q. Yo‘g‘on, xomsemiz, yursa yoki o‘yin tushsa ikki beti so‘lqillab turadi… Men xush ko‘radigan odam emas. Lekin har holda men uni insofli odam deb bilar edim.
— Men hozir ham uni insofli odam deb bilaman.
— Nimaga bo‘lmasa u Varyaga nisbatan xunuk ish qildi?
— Nima uchun xunuk ish? — deb so‘radi Nikitin, yelkasini bukib kerishayotgan oq mushuk g‘ashini keltirayotganini sezib, — Menga ma’lum bo‘lishicha, Polyanskiy uylanishni taklif qilgan emas va hech qanday va’da ham bergan emas.
— Nega bo‘lmasa, tez-tez uyga borardi? Agar uylanish ko‘nglida bo‘lmasa, qizning uyiga bormasligi kerak edi.
Nikitin shamni o‘chirib yotdi. Lekin na uyqusi va na yotgusi kelardi. Guyo kallasi bo‘m-bo‘sh katta omborxonayu, ichida qandaydir ayrim fikrlar uzunchoq soyalar shaklida kezar edi. Osoyishta oilaviy hayotga jilmayib turgan yoqimli shamchiroq shu’lasidan tashqari, o‘zi va oq mushuk rohat qilib yashab turgani mana shu tor dunyodan tashqari, yana boshqa bir dunyo borligini o‘yladi… Shu damda birdan Nikitinning o‘sha boshqa dunyoda yurgisi, o‘zi birorta yerdagi zavodga yoki katta masterskoyga kirib ishlagisi, kafedrada gapirgisi, kitob yozgisi, bostirgisi, shovqin solgisi, toliqqisi, iztirob chekkisi qistab ketdi… O‘zini o‘zi unutish darajasigacha, shaxsiy baxtiyorlikka beparvo qarash darajasigacha kishini qamrab oladigan biror narsa bilan shug‘ullangisi kelib qoldi. Uning xayolida birdan soqoli qirilgan Shebaldin jonlanib ko‘rindi hamda vahimaga tushib, dedi:
— Siz hatto Lessingni ham o‘qimagansiz! Naqadar keyinda qolgansiz! E xudo, naqadar tubanlashgansiz!
Manya yana suv ichdi. Nikitin uning bo‘yniga, to‘la yelkasi bilan ko‘kraklariga ko‘z tashladi va nikoh paytida cherkovda brigada generalining atir gul degani esiga tushdi.
— Atir gul, — deb g‘o‘ldiradi u va kulib yubordi.
Unga javoban krovat ostidan uyqusiragan Mushka irilladi.
— «Rrr… gaf-gaf…»
Uning yuragida qattiq g‘azab sovuq to‘qmoqday aylandi va shu zamon Manyaga qarab birorta qo‘pol so‘z aytgisi, hatto irg‘ib turib, urgisi keldi. Yuragi o‘ynay boshladi.
— Shunday degin? — deb so‘radi u, o‘zini to‘xtatib, — agar men sizlarning uylaringizga borib yurgan bo‘lsam, albatta senga uylanishim kerakmidi?
— Albatta. Bu narsani sen o‘zing juda yaxshi tushunasan-ku.
— Juda soz.
Birpasdan so‘ng yana:
— Juda soz, — deb takrorladi.
Ortiqcha gap aytib qo‘ymaslik va yurak o‘ynog‘isini bosish uchun Nikitin o‘z xonasiga chiqdi va yostiq qo‘ymasdanoq divanga yotib oldi, so‘ngra gilam ustida polda yotdi.
«Qanday noma’qulchilik! — deb o‘ziga-o‘zi tasalli berar edi u. — Sen — o‘qituvchisan, olijanob bir sohada ishlamoqdasan… Senga yana ikkinchi bir dunyo nega kerak bo‘lib qoldi? Bu qanday bema’nilik!
Lekin shu paytning o‘zidayoq tamoman ishonch bilan o‘z-o‘ziga aytdiki, u mutlaqo pedagog emas, grek tili o‘qituvchisi chex kabi layoqatsiz va tuturiqsiz bir chinovnik. Unda o‘qituvchilik ishi uchun hech qanday qobiliyat bo‘lmagan, u pedagogika bilan tanish emas va hech qachon unga qiziqmagan, bolalar bilan muomala qila bilmaydi; bergan darslarining ahamiyati unga noma’lum edi va ehtimol u hatto keraksiz narsalarni o‘rgatgandir. Marhum Ippolit Ippolitichning nodonligi ma’lum va mashhur edi, hamma o‘rtoqlari va o‘quvchilari uning kimligini va undan nima kutish mumkinligini bilar edi. Nikitin esa, chex singari o‘z nodonligini yashira oladi, ko‘rinishidan, xudoga shukur, hamma ish joyida deganday, juda ustalik bilan hammani aldaydi. Bu yangi fikrlar Nikitinni cho‘chitar edi, bu fikrlarni rad etar, ahmoqona deb atar, bular asabiylikdan, keyin o‘zim-o‘zimdan kulaman deb o‘ylar edi.
Chindan ham ertalabga yaqin, u endi, o‘z asabiyligidan kulmoqda va o‘zini xotin kishi deb atamoqda edi. Lekin tinchi yo‘qolganligi, ehtimol abadiy yo‘qolganligi va ikki qavatli, shuvalmagan uyda baxtiyor bo‘lishi mumkin emasligi unga endi ravshan edi, u xom-xayol yo‘qolganiga, endi osoyishtalik va shaxsiy baxtiyorlik bilan kelishmovchi yangi, asabiy, ongli hayot boshlanayotganiga aqli yetib turardi.
Nikitin ertasi, yakshanba kuni, gimnaziya cherkoviga bordi, u yerda direktor va o‘rtoqlari bilan ko‘rishdi. Uning ko‘ziga, ularning barchasi o‘zlarining johilliklarini va hayotdan noroziliklarini ustalik bilan yashirish bilangina ovoraday ko‘rindi, o‘zi ham notinchligini bildirib qo‘ymaslik uchun yoqimli iljayar va arzimas narsalar haqida gapirar edi. So‘ngra u vokzalga bordi, u yerda pochta poyezdi kelib-ketganini ko‘rdi, o‘zining yolg‘izligi va hech kim bilan gaplashish ehtiyoji yo‘qligi uni xursand qilar edi.
Uyga kelgach, mehmon bo‘lib kelgan qaynatasi bilan Varyani ko‘rdi, Varyaning ko‘zlari yig‘idan qizargan, bosh og‘rig‘idan zorlanib o‘tirardi, Shelestov esa juda ko‘p ovqat yeyar va hozirgi yoshlarga ishonib bo‘lmasligini va ularda jentelmenlik ozligini gapirardi.
— Bu surbetlik! — der edi u. — Men unga to‘ppa-to‘g‘ri shunday deb aytaman: — bu surbetlik, janobi oliylari!
Nikitin yoqimli iljayar va mehmonlarni siylash uchun Manyaga ko‘maklashar edi, lekin ovqatdan keyin o‘z kabinetiga kirib, eshikni berkitib oldi.
Mart quyoshi yorqin nur sochar, deraza oynalari osha stolga issiq shu’lalar tushar edi. Hali oyning yigirmanchi kuni bo‘lsa-da, allaqachon chana o‘rniga g‘ildirakli aravalar yurib qolgan va bog‘da chug‘urchiqlar chug‘ullar edi. Hozir Manya kirib keladiganga, bir qo‘li bilan uning bo‘ynidan quchoqlaydiganga, zinapoya yoniga egarlangan otlarni yoki ot qo‘shilgan sharaban aravani keltirishlarini buyuradiganga va sovuqotmaslik uchun nimani kiyishini undan so‘raydiganga o‘xshab turar edi. Bahor boshlanmoqda, bu yilgi bahor xuddi o‘tgan yilgi kabi ajoyib va xuddi shunday shodliklar va’da etmoqda edi… Ammo Nikitin, hozir otpuska olib, Moskvaga jo‘nab ketsam, u yerda Nigilinniy ko‘chasidagi mehmonxonalarga borib qo‘nsam juda yaxshi bo‘lar edi, deb o‘ylamoqda edi.
Yondagi xonada kofe ichishmoqda va shtabs-kapitan Polyanskiy to‘g‘risida so‘zlashmoqda edilar, Nikitin esa quloq solmaslikka urinar va o‘z kundalik daftariga yozar edi: «Qay yerdaman, ey xudoyim?! Tevaragimni qabohat va razillik o‘rab olgan. Dimxafa, razil odamlar, qaymoq solingan xurmachalar, sut quyilgan ko‘vachalar, suvaraklar, ahmoq ayollar… Razillikdan qo‘rqinchliroq, haqoratliroq, g‘amginroq narsa yo‘qdir. Bu yerdan qochmoq kerak, shu kunning o‘zidayoq qochmoq kerak, aks holda men aqldan ozajakman!
M. Davron tarjimasi