Tush payti edi. Sochlari qirilgan, ola ko‘z, novcha bo‘yli, yo‘g‘on gavdali pomeshchik Voldirev paltosini yechdi, shoyi ro‘molcha bilan peshonasini artdi-da, qo‘rqa-pisa mahkamaga kirdi. Perolar g‘ichirlar edi…
— Men spravkani qayerdan olsam bo‘ladi? — deb so‘radi u mahkamaning ichkarisidan stakanlar qo‘yilgan patnis ko‘tarib chiqayotgan shveytsarga qarab. — Men bu yerdan surishtirib bilishim va daftardagi qarordan kopiya olishim kerak.
— Marhamat qiling, u yoqqa! Ana, deraza yonida o‘tirgan kishiga! — dedi shveytsar, qo‘lidagi patnis bilan chetdagi derazani ko‘rsatib.
Voldirev yo‘talib qo‘yib, derazaga tomon yo‘l oldi. U joyda, tif kabi ko‘kish, serdog‘ stolda boshida to‘rtta kokilchasi bor, bo‘jama toshgan uzun burunli va mundiri o‘ngigan yosh bir amaldor o‘tirgan edi. U burnini qog‘ozga nuqab, xat yozmoqda. Burnining o‘ng tomondagi teshigi oldida pashsha o‘rmalab yurganidan pastki labini cho‘zib, burnining tagiga puflab-puflab qo‘yadi, shunda uning basharasi tashvishli ko‘rinadi.
— Men bu yerda… Sizdan, — dedi unga Voldirev, — o‘z ishim to‘g‘risida spravka olsam bo‘ladimi? Men Voldirev bo‘laman… Aytmoqchi, daftarga ikkinchi martda yozilgan qarordan kopiya olishim kerak.
Amaldor peroni siyohdonga botirib oldi-da, qancha siyoh olganiga qaradi. Perodagi siyoh qog‘ozga tommasligiga qanoat hosil qilgach, yana g‘ichirlatishga kirishdi. Uning labi cho‘zildi, ammo bu gal pashsha uning qulog‘iga borib qo‘nganidan, puflashning keragi bo‘lmay qoldi.
— Men bu yerdan spravka olsam bo‘ladimi? — deb takrorladi bir minutdan keyin Voldirev. — Men zamindor Voldirev bo‘laman…
— Ivan Alekseich! — deb qichqirdi chinovnik osmonga qarab, go‘yo Voldirevni sezmaganday. — Savdogar Yalikovga ayting, kelishida arizasining kopiyasini politsiyadan tasdiqlatib kelsin! Unga ming marta aytdim.
— Men knyagina Gugulinaning vorislariga qilgan da’vom to‘g‘risida kelgan edim, — deb to‘ng‘illadi Voldirev. — Bu ma’lum ish! O‘tinib so‘rayman, mening ishimni bitirib yuboring.
Amaldor Voldirevning borligini hamon payqamay, labidan bir pashshani tutib olib, unga tikilib qaradi va tashlab yubordi. Pomeshchik yo‘talib qo‘ydi va katak ro‘molchasiga burnini qattiq qoqdi. Biroq bu ham foyda bermadi. Unga hamon hech kim e’tibor etmadi. Ikki minutcha jimlik hukm surdi. Voldirev cho‘ntagidan bir so‘mlik qog‘oz pulni olib, chinovnikning oldida ochiq turgan kitobning ustiga qo‘ydi. Amaldor peshonasini tirishtirib, bezovtalik bilan kitobni tortdi-da, yopib qo‘ydi.
— Kichikkina bir spravka… Men faqat bilishnigina istar edim, knyagina Gugulinaning jorislari qanday asosga muvofiq… Sizni bezovta qilsam maylimi?
Amaldor esa, o‘z ishi bilan band bo‘lgani holda, o‘rnidan turdi-da, keyin tirsagini qashib, negadir, shkafga qarab bordi. U bir pasdan keyin stoliga qaytib keldi va yana kitobga tutunar ekan, uning ustidagi bir so‘mlikka ko‘zi tushdi.
— Men sizni bir minutgina bezovta qilaman… Menga spravka berish kerak, xolos…
Amaldor eshitmadi, u nimanidir ko‘chirishga tutindi.
Voldirev aftini burishtirib qo‘ydi va peroni g‘ichirlatayotganlarga umidsizlik bilan qarab:
«Yozishyapti! — deb o‘yladi chuqur nafas olib, — yozishyapti joning chiqqurlar!»
U stoldan uzoqlashib, xonaning o‘rtasiga bordi, umidini uzib, qo‘llarini yoniga tashladi-da, to‘xtadi. Yana stakanlarni ko‘tarib o‘tayotgan shveytsar uning avzoyini ko‘rdi-da, yaqin kelib:
— Qani, nima bo‘ldi? So‘radingizmi? — dedi.
— So‘radim, ammo men bilan gaplashgisi kelmayapti.
— Siz unga uch so‘m bering… — deb shivirladi shveytsar.
— Men ikki so‘m berdim.
— Siz yana bering.
Voldirev stolning yoniga qaytib bordi-da, ochiq turgan kitobning ustiga yashil uch so‘mlikni qo‘ydi.
Amaldor kitobni yana tortdi va uni varaqlay boshlab, go‘yo to‘satdan, yalt etib Voldirevga ko‘z tashladi. Uning burunlari yaltirab, qizarib ketdi va iljayib:
— Xo‘sh… xizmat? Buyuring! — dedi.
— Men o‘z ishim to‘g‘risida spravka olmoqchi edim. Men Voldirev bo‘laman.
— Juda soz! Gugulinskiyning ishi yuzasidan bo‘lsa kerak-da? Juda yaxshi! Unday bo‘lsa, o‘zlariga nima kerak?
Voldirev unga iltimosini aytdi. Amaldor jonlanib, go‘yo shamolday yelib ketdi. U spravkani yozib uzatdi, qarordan kopiya berishni buyurdi. Iltimoschiga stul ham qo‘yib berdi. Bu ishlarning hammasi ko‘z ochib yumguncha bajarildi. Amaldor u bilan hatto obihavo to‘g‘risida gaplashdi, hosilning qanday bo‘lganini so‘radi. Voldirev qaytib ketayotganda uni zinapoyadan pastgacha kuzatib ham qo‘ydi. Unga xushomadgo‘ylik bilan tabassum qilib, qanday ish buyursa, qulluq qilib, bajarishga o‘zini tayyordek ko‘rsatdi. Voldirev negadir noqulay ahvolga tushdi, iyib ketganidan cho‘ntagidan darrov bir so‘mlik qog‘ozni olib, amaldorga uzatdi. Amaldor esa, tabassum bilan ta’zim qildi va xuddi nayrangboz singari, pulni shunday tez oldiki, pul havoda yilt etib ko‘rinib qoldi.
— «He, satqai odam…» — deb o‘yladi pomeshchik ko‘chaga chiqib» to‘xtab, ro‘molcha bilan peshonasini artdi.
S.Ibrohimov tarjimasi