Kechasi soat o‘n ikkilar edi.
Mitya Kuldarov nihoyatda hayajonlangan bir holda ota-onasinikiga hovliqib kirib qoldi-da, uyma-uy yugura boshladi. Otasi bilan onasi uyquga yotmoqchi bo‘lib turishgan, singlisi ko‘rpaga kirib, o‘qiyotgan romanni tushiray deb qolgan, gimnaziyada o‘quvchi ukalari uxlab qolgan edi.
— Ha, qayerda eding? — deyishdi ota bilan ona hayron qolib. — Senga nima bo‘ldi o‘zi?
— Eh, asti so‘ramanglar! Men hech ham bunday bo‘lar deb o‘ylamagan edim! Yo‘q, sira aqlimga kelmagan edi! Bu… bu yetti uxlab tushimga kirmagan edi.
Mitya xaxolab kuldi-da, baxtiyorlikdan madori qochgai odam singari, o‘zini kresloga tashladi.
— Yo‘g‘a, odam bolasi ishonmaydi bunga! Sizlarga aytib bersam ishonmaysizlar ham! Mana, o‘zlaring bir qaranglar!
Singlisi krovatdap lip etib tushdi-da, ko‘rpa yopnnib, akasining oldiga keldi. Gimnazist ukalari ham uyg‘ondi.
— Senga bir nima bo‘ldimi o‘zi? Ranging muncha oppoq oqarib ketgan?
— Suyunganimdan, oyi, suyunganimdan! Axir, meni endi butun Rossiya biladi, hazil gap emas bu! Butun Rossiya-ya! Shu mahalgacha dunyoda Dmitriy Kuldarov degan kollegiya registratori borligini faqat sizlar bilardingizlar, endilikda meni butun Rossiya biladi, butun Rossiya! Oyijon! Oh, tangrim!
Mitya joyidan irg‘ib turdi-da, uylarni bir aylanib chiqib, yana kelib o‘tirdi.
— Ha nima bo‘ldi o‘zi? Odamlarga o‘xshab gapirsang-chi axir!
— Sizlar xuddi yovvoyi odamlarga o‘xshab yashaysizlar, gazeta o‘qimaysizlar, yozilganlarga e’tibor bermaysizlar, gazetalarda shunaqangi ajoyib xabarlar bosiladiki, asti qo‘yaverlaring! Biron voqea ro‘y berdimi, bo‘ldi, darrov hammaga ayon, gazetadan hechnarsani yashirib bo‘lmaydi. Hozir butun dunyoda mendan baxtiyor odam yo‘q! Oh, tangrim! Axir, shu mahalgacha faqat mashhur va ma’lum odamlarni gazetalarga yozishar edi, endi meni ham gazetaga yozishipti!
— A, nima? Qani? Otasining rangi oqarib ketdi. Onasi burchakdagi butga qarab, bir cho‘qinib oldi. Gimnazist ukalari o‘rinlaridan irg‘ib turib akalari oldiga ko‘ylakchan kelishdi.
— Ha-da! Meni gazetaga yozishgan! Endi meni butun Rossiya taniydigan bo‘ldi! Oyi, bu gazetani esdalik uchun berkitib qo‘ying. Keyin o‘qib yuramiz. Mana, qaranglar!
Mitya cho‘ntagidan gazeta chiqarib otasiga uzatdi-da, ko‘k qalam bilan chizib qo‘yilgan joyni barmog‘i bilan ko‘rsatdi.
— O‘qinglar!
Otasi ko‘ziga oynak taqdi.
— Tezroq o‘qiy qolsangizchi!
Onasi yana burchakdagi sanamga qaradi-da, yana cho‘qindi. Otasi tomog‘ini qirib o‘qiy boshladi:
«29 dekabr kechqurun soat o‘n birda kollegiya registratori Dmitriy Kuldarov…
— Ana, ko‘rdingizmi? Uyog‘ini o‘qing!
…kollegiya registratori Dmitriy Kuldarov Malya Bronnaya ko‘chasidagi Kozixin deganning uyida joylashgan qovoqxonadan chiqaturib, mast holda…
— Semyon Petrovich bilan ichishgan edik… Barisini yozgan-a, zig‘ircha ham qoldirmagan! Uyog‘ini o‘qing, uyog‘ini!
…mast holda tiyg‘onib ketib, Yuxnov uyezdi, Durkino qishloqlik Ivan Drotov degan dehqon chanasining oti tagiga yiqilgan. Ot hurkib ketib, Kuldarovning ustidan sakrab o‘tganda, Moskvali ikkinchi daraja savdogar Stepan Lukov tushgan chanani uning ustidan sudrab o‘tib, ko‘chadan choptirib ketgan, otni qorovullar ushlab qolishgan. Hushidan ketgan Kuldarov politsiya mahkamasiga eltib qo‘yildi va doktor ko‘rigidan o‘tkazildi. Zarba yelkasiga kelib tekkan ekan…
— Shoti yelkamga kelib urgandi! Uyog‘ini o‘qing! …ammo uncha shikast yemagan. Ro‘y bergan hodisa haqida protokol yozildi. Ot tagida qolganga tibbiy yordam ko‘rsatildi»…
— Yelkangga latta ho‘llab bos deyishdi. Ana, o‘qidingizmi? A? Mana, biz shunaqa odam bo‘lamiz! Endi butun Rossiyaga dovrug‘im ketdi! Buyoqqa bering gazetani!
Mitya gazetani tortib oldi-da, ikki buklab cho‘ntagiga soldi.
— Hozir Makarovlarnikiga borib, ularga ham ko‘rsataman… Ivanitskiylarga ham ko‘rsatish kerak, Nataliya Ivanovnaga ham, Anisim Vasilevichga ham ko‘rsatish kerak… Men ketdim, xayr!
Mitya kokarda qadalgan furajkasini boshiga qo‘ndirdi-da, sevingan va gerdaygan holda, uydan yugurib chiqib ketdi.
O. Rahimiy tarjimasi