Pochtmeysterdan bir (1) so‘m solingan paketni olaturib:
— Aytingchi, Semyon Alekeeich, nima uchun pul paketlariga birdaniga beshta muhr bosiladi? — deb so‘radim.
— Busiz mumkin emas… — deb javob berdi Semyon Alekseich, qoshlarini ma’nodor chimirib.
— Ha nega endi?
— Shuning uchunki… Mumkin emas-da!
— Tushunishimcha, bu muhirlar aholiga ham, poshsholikka ham malol kelsa kerak. Muhr paketlarni vazminlashtiradi, aholining hamyoniga og‘irlik keltiradi; amaldorlar muhr bosaman deb ko‘p vaqtlarini sarf qilishib, poshsholikka zarar keltirishadi. Bundan faqat surg‘uch ishlab chiqaradigan fabrika egalari foyda ko‘radi.
— Fabrika egalari ham kun ko‘rishi kerakmi, axir… — dedi chuqur ma’noli qilib, Semyon Alekseich.
— Bu gapingiz to‘g‘ri-ku, ammo fabrika egalari vatanga boshqa sohalarda foyda keltirishlari mumkin emasmi?.. Yo‘q, menga to‘g‘risini ayting, Semyon Alekseich, beshta muhr bosishning ma’nisi nima? Bekorga bosilmasa kerak, axir? Biron simvolik mohiyati, biron karomati bordir, yo bo‘lmasa yana biron boshqa ma’nisi bordir? Davlat siri bo‘lmasa, menga shuni tushuntiring, do‘stim!
Semyon Alekseich biroz o‘ylab o‘tirdi, keyin og‘ir uf tortdi-da:
— Himm… — dedi. — Kerak bo‘lgani uchun bosilgandir-da!
— Ha nimaga bosishadi, axir? Ilgarilar konvertlar yelimsiz bo‘lgan vaqtlarda, shuncha muhir bosish zarur bo‘lgandir, chunki konvertlarni yovuz kishilar ochishi mumkin edi, endilikda-chi…
— Ha balli! — dedi pochta mudiri, suyunib. — Hozir ham yovuz odamlar yo‘q deysizmi?
— Endilikda, — deb davom etdim, — endilikda konvertlarni yopishtirish uchun ularga yelim surtiladi, bu yelim — surg‘uchdan ham yaxshi. Uning ustiga paketlarni qog‘oz bilan shuncha qalin o‘raysizlarki, uning ichiga o‘g‘ri u yoqda tursin, hatto mikrob ham kira olmaydi. Kimdan ham berkitasizlar konvertlarni, hayronman! Begona odamlar-ku o‘g‘irlamaydiya, agarda o‘zingizga qarashli kichik amaldorlardan btsri yovuzlik qilmoqchi bo‘lsa muhirga ham qaramaydi. O‘zingizga ham ma’lum, muhrni ko‘chirib olish va yana o‘rniga yopishtirib qo‘yish birpaslik ish!
— Bu to‘g‘ri… — deb uh tortdi Semyon Alekseich. — O‘z ichingdagi o‘g‘ridan qochib qutula olmaysan…
— Ha barakalla! Undoq bo‘lsa, muhrning nima kerakligi bor?
— Hamma ikir-chikirlarini surishtiradigan bo‘lsang, bunisi nimaga-yu, unisi nimaga deyman desang, miyang aynib ketadi, yaxshisi qoidada ko‘rsatilganini qilaverish kerak… To‘g‘risi shu!
— To‘g‘ri aytasiz… — dedim, — lekin yana bir savolim bor sizga… Siz pochta ishlarida mutaxassissiz. Kishi tug‘ilgan vaqtda yoki uylanganida nega bunchalik bordi-keldi bo‘lmaydiyu, ammo pul yuborish yoki pul olish vaqtida kishi shuncha sarson bo‘ladi? Menga shuni tushuntirib bsring? Masalan, mana shu bir so‘mni yuborgan mushtipar onamni misol qilib olaylik. Bu ish unga oson bo‘lganmikin? Yo‘q, kechirasiz. Bir so‘m pul yuborishdan ko‘ra yana beshta bola tug‘ish osonroq… O‘zingiz o‘ylab ko‘ring… Eng oldin u, uch chaqirim yo‘l yurib pochtaxonaga kelishi kerak… Pochtaxonada uzoq vaqt tikka turib navbat kutishi kerak. Madaniyat pochtaxonalarga skameyka yoki kursi qo‘yish darajasiga hali yetgani yo‘q! Tippa-tik turgan kampirga haryoqdan «Shoshilmang! Tiqilinch qilmasangizchi! Buyoqqa suyanmang!» degan tanbeh yog‘iladi.
— Busiz mumkin emas-da!
— Mumkin emas, endi buyog‘ini eshiting: navbat kelib yetdi, qabulchi paketni oldi, qovog‘ini solib, «Paketning ustiga «pullik» deb yozmabsiz» deydi-da, kampirning oldiga tashlaydi… Mushtipar onam, «pullik» degan so‘zni yozdirish uchun pochtaxonadan bironta do‘konga boradi, u yerdan yana pochtaga kelib, yana navbat kutadi… Xo‘-o‘sh, nihoyat, paket yana qabulchining qo‘liga tegadi. Qabulchi, paket ichidagi pulni sanaydi-da, keyin: «Surg‘uchingiz qani?» deydi. Onam bechoraning esiga surg‘uch kelarmidi? Uyda surg‘uch ishlatilmaydi, bir dona surg‘uch boqqolda yarim tanga turadi. Qabulchining jahli chiqadi, ammo poshsholik surg‘uchni eritib, surta boshlaydi. Bosgan surguchi shu qadar kichkinaki, uni durbindan ham o‘qiyolmaysan. «Muhringizni bering!» deydi yana pochtachi. Kampirda muhr nima qilsin? Angishvona bilan temir ko‘zoynakdan boshqa uning hech qanday bisoti yo‘q…
— Muhrsiz ham bo‘laveradi…
— Buyog‘ini eshiting… Keyin tarozi haqi, surg‘uch haqi, sug‘urta haqi to‘lash kerak, imzo chekkaniga ham haq to‘lash kerak, yana bir balolarga to‘lash kerak… bir so‘m yubormoqchi bo‘lsang, yoningga ikki so‘m solib kelishing kerak… Xo‘sh, keyin bir so‘m pulni 20 ta daftardan o‘tkazishadi, shundan keyingina pulni yuboradilar… Endi u pulni siz bu yerdan, o‘z pochtaxonangizdan olishingiz kerak. Eng oldin uni siz 20 ta daftardan o‘tkazasiz, besh yeriga nomer qo‘yib chiqasiz, xuddi o‘g‘rini qamagandek sandiqqa solib ustidan o‘nta qulf solasiz. Keyin pochtachi menga bir so‘m pul kelgani to‘g‘risida sizdan qog‘oz keltiradi, bu qog‘ozni falon chisloda oldim, deb qo‘l qo‘yishim kerak. Pochtachi chiqib ketgach, men uyning u boshidan bu boshiga yurib, onamdan o‘pkalanaman: «Eh, ona, men sizni qachon xafa qiluvdim? Nima gunohim bor ediki, menga shu bir so‘mni yubordingiz? Endi sarsonlikdan boshim qutulmaydi!»
— Ota-onadan nolish gunoh bo‘ladi! — deb uh tortdi Semyon Alekseich.
— Ha barakalla, otangizga rahmat! Gunoh bo‘lsayam nolimasdan iloj yo‘q-da! Ishing boshingdan oshib yotgan bir chog‘da politsiyaga yugurishing, o‘z shaxsingni, imzongni tasdiqlatib kelishing kerak… Yana shunga shukurki, tasdiqlatish 10—!5 tiyin turadi, agar besh so‘mdan olgandachi? Tasdiqlatishning ham nima keragi bor? Siz-ku, Semyon Alekseich, meni otning qashqasiday taniysiz. Hammomga ham birga tushib yurganmiz, birgalashib choy ham ichishganmiz, uzun-uzun suhbat ham qurib yurganmiz… Shaxsimni tasdiqlatishning nima keragi bor?
— Busiz mumkin emas, qoidasi shunday!.. Qoida shunday narsaki, yaxshisi u bilan hazillashmang… Qoidabozlik, vassalom!
— Axir, meni yaxshi bilasiz-ku!
— Bilsam ham-da. Men sizni bilaman, ammo bordi-yu birdan siz bo‘lmasdan, boshqa odam chiqib qolsangiz nima bo‘ladi? Balki, noma’lum odamdirsiz?
— O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: bir so‘m pulni o‘g‘irlash uchun boshqa kishining imzosini qo‘yishdan menga qanday foyda? Bu qalloblik bo‘ladi! To‘ppa-to‘g‘ri sizning oldingizga kelib, sandiqdagi hamma paketlarin changallab olsam qaytangga gunohim ozroq bo‘lmaydimi? Men sizga aytsam, Semyon Alekseich, chet-ellarda bu ishlar boshqacha yo‘lga qo‘yilgan. U yerlarda pochtachi uyingizga keladi-da: «Siz falonchimisiz? Mana, pulingizni oling!» deydi.
— Yo‘q, undoq bo‘lmasa kerak… — deydi pochta mudiri, boshini chayqab.
— Xuddi shunday-da! U yerlarda hamma ish kishilarning bir-biriga ishonchi asosiga qurilgan… Men sizga, siz menga ishonasiz. Qaysi kuni uyimga mahalla mirshabi mendan sud xarajatlarini undirgani kepti… Men undan shaxsini tasdiqlovchi hech qanaqa hujjat so‘ramadim, pulni sanab beraverdim… Biz fuqarolar sizlardan hech qanaqa hujjat talab qilmaymizku, sizlar…
Semyon Alekseich g‘amgin suratda iljaydi-da, gapimni og‘zimdan oldi:
— Hamma ikir-chikirini surishtirib, bunisi nimagayu, unisi nimaga degandan ko‘ra, yaxshisi…
Pochta mudiri gapini tugatmadi, qo‘lini siltadi-da, biroz o‘ylab keyin:
— Bular bizning aqlimiz bilan bitadigan ishlar emas! — dedi.
O. Rahimiy tarjimasi