Petr Pavlovich Posudin kirakash izvoshga tushib, hechkim bilmasin uchun allaqanday pastqam yo‘llardan yurib, N. degan shaharga shoshilmoqda. U yaqinda o‘sha shahardan imzosiz bir xat olgan, uning shoshilganining sababi ham xatda aytilgan gaplarni tezroq tekshirib chiqish edi.
«Tomdan tarasha tushganday bosib boraman… — deb shirin xayol surib boradi u, yuzini mo‘ynali yoqasiga berkitib. — Ablahlar qilg‘ilikni qilib, endi hech kimsa bilmaydi, deb suyunib yurishgandir… Xe-xe xe… Ularning ustiga bostirib borib, «qani, gunohkor Tyapkin-Lyapkin buyoqqa chaqirilsin!» deyman. Ana tamosha-yu, mana tamosha! He-he-he!»
Shirin xayollarga to‘ygach, Posudin izvoshchi bilan suhbatlashdi. Shuhratparast odam bo‘lganidan u eng avval o‘zi to‘g‘risida gap so‘radi:
— Sen Posudinni taniysanmi?
— Nega tanimaylik, — dedi izvoshchi kulib, — taniymiz!
— Nega kulasan bo‘lmasa?
— Ajab gaplarni gapirasiz-a! Shahardagi hamma mirzalarni taniymiz-ku, Posudinni tanimaylikmi? Uni hamma tanisin, deb shu ishga qo‘yishganda!
— Rost aytasan… Xo‘sh, qalay? Seningcha qanaqa odam u? Tuzuk odammi?
— Yomon emas… — dedi izvoshchi, esnab. — U kishi durust, o‘z ishini biladigan odam… Bu yerga kelganiga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q, ammo ko‘p ishlar qilib qo‘ydi.
— Nima ish ekan u?
— Ko‘p ishlarni qildi, otasiga rahmat. Temir yo‘l qurdirdi, bizning uyezdimizdagi Xoxryukovni ishdan bo‘shattirdi… Xoxryukov juda haddan oshib ketgan edi… O‘ziyam juda muttaham, ig‘vogar odam edi, hamma kattalar uni qo‘llar edi. Posudin keldi-yu, Xoxryukovning uyi kuydi, daf bo‘ldi, ko‘rmaganday bo‘ldik… Mana shunaqa og‘ayni! Posudinni ming pora bersang ham ilintira olmaysan, unaqa odammas. Xoh yuz so‘m pora ber, xoh ming so‘m ber, baribir olmaydi, haromga yurmaydi… Sira!
«Xayriyat-e, mening ham yaxshi tomonlarimni bilishar ekan, — deb o‘yladi Posudin xursand bo‘lib. — Yomon emas».
— Juda bilimdon odam u kishi… — deb davom etdi izvoshchi. — Kamtarin odam… Bir kuni biznikilar unga arz qilib borishgan edi, u xuddi boobro‘ odamlarni kutganday kutipti, qo‘llarini qisib ko‘rishib, «qani, qani, o‘tiringlar…» depti… Juda o‘tkir odam-da. Gapiga tushunmaysan, bidir-bidir qilaveradi! Yurishi ham shunaqa: odamlarga o‘xshab sekin-asta yurish yo‘q: yugurgani yugurgan. Biznikilarga og‘iz ham ochirmapti, darrov: «Izvoshni qo‘sh!» deb buyuripti-da, dam o‘tmay buyerga yetib kepti. Kelgan zahotiyoq butun ishmi bitqizdi-qo‘ydi… Bir tiyin ham olgani yo‘q. Ilgarigisidan o‘lsa o‘ligi ortiq! Bir tomondan qaraganda oldingisi ham chakki odam emas edi. Basavlat, ulug‘vor odam edi. Butun gubernada uning ovozidan o‘tkir ovoz yo‘q edi… Agar biryoqqa ketayotgan bo‘lsa, o‘n chaqirim naridan ovozi eshitilib turardi. Tashqi tomoni yoki ichki ishlarini surishtirsangiz — bunisi epchil. Yangisining miyasi ming marta o‘tkir. Ammo bitta yomon tomoni bor… O‘zi yaxshi odam-u, lekin juda ko‘p ichadi, araqxo‘r!
«Ana xolos!» deb o‘yladi Posudin.
— Mening… uning ko‘p ichishini qayerdan bilasan? — deb so‘radi u.
— Men-ku uning ichib mast bo‘lib yurganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, yolg‘on aytishning nima keragi bor? Odamlar aytishadi-da! Odamlar ham uning mastligini ko‘rishmagan, ammo araqxo‘r degani rost… Odamlar oldida yoki mehmonga borsa, yo balda bo‘lsa, jamoat o‘rtasida bir qultum ham og‘ziga olmaydi. Ammo uyida suvdek ichadi… Ertalab uyqudan ko‘zini ochar-ochmas araq buyuradi, xizmatchi bir stakan araq keltirsa, yana keltir deydi… Ertadan kechgacha ichgani ichgan. Hayronman, shuncha ichadi-yu, hech mast bo‘lmaydi. O‘zini tutabilsa kerak-da!
Ilgarilar Xoxryukov araq ichaboshlasa, odamlar uyoqda tursin, hatto itlar uvillardi. Posudinchi! Posudinning burni ham qizarmaydi! Kabinetini berkitib oladi-da, araqdan bosh ko‘tarmaydi! Birov ko‘rib qolmasin deb, stolining ichiga bir yashik yasattiripti, u yashikdan kichkina naycha chiqib turar ekan. Qachon ksrak bo‘lsa yashikda araq… Engashib naychadan so‘rdimi, bo‘ldi, kayfi taroq… Izvoshda ham olib yurarkan… portfelida ham…
«Qayerdan bilishadi bu narsalarni? — deb qo‘rqib ketdi Posudii. — Hatto bu ham oshkora bo‘pti-ya! Shunchalik bemazalik».
— Xotinlarga pashshaxo‘rda bo‘lishini aytmaysizmi? Voy bachchag‘arey! (Izvoshchi kulib, bosh chayqadi). Gunohdan qo‘rqmaydi-ya… O‘zining ham o‘ntacha o‘ynashi bordir… Ikkitasini o‘z uyida olib turadi. Nastasya Ivanovna degani butun o‘y ichini boshqaradi, ikkinchisi, xax oti nimaydi, ha Lyudmila Semyonovnasini kotib qilib qo‘ygan… Ammo hammasidan Nastasyaning so‘zi o‘tadi. Aytganini qildiradi, hukmi baland-da. Hamma Posudindan emas, o‘shandan qo‘rqadi… Voy tovba-ey! Yana bir o‘ynashi bo‘lsa Kachalnaya degan ko‘chada turadi… Uyatsiz ablah!
«Hatto ularni nomma-nom biladi-ya! — deb o‘yladi Posudin, qizarib-bo‘zarib. — Tag‘in, kim deng, bir umr shaharga bormaydigan mujik, aravakash-a! Qanday pastlik bu! Ablahlik! Bemazalik!»
— Bu gaplarni qayerdan bilasan? — deb so‘radi u, jahl bilan.
— Odamlardan-da, kimdan bo‘lardi…. O‘zim-ku, ko‘rganim yo‘q. Odamlardan eshitaman… Bilishim qiyin deysizmi? Xizmatchining yoki kucherning tilini qirqib bo‘lmaydi. Nastasyasi ham ko‘cha-ko‘ylarcha maqtanib yuradi. El og‘ziga elak tutib bo‘ladimi… Posudin yaqinda yangi qiliq chiqaripti: hechkimga bildirmasdan tekshirishga boradigan bo‘pti. Ilgarigisi bir yerga bormoqchi bo‘lsa bir oy oldin xabar berib qo‘yardi. Yo‘lga chiqsa — shuncha shovqin, shuncha to‘polon, g‘ovg‘a solardiki, aslo qo‘yavering! Oldida, ketida, atrofida choparlar ot qo‘yib borishardi. Manziliga yetib borib, rosa uxlab olardi, o‘lgundek ichardi, yerdi-da, keyin baqirgani baqirgan edi. Tomog‘i bo‘g‘ilguncha baqirib, yer tepinib bo‘lib, uyquga to‘yib olib, yana tantanayu-dabdaba bilan qaytib ketardi… Bunisi bo‘lsa biron gap eshitib qolsa, hechkimga bildirmay, eshitdirmay, sekin-asta boradi… Qiz-ziq-da! Amaldorlarga bildirmay uydan chiqadi-da, mashinaga o‘tiradi. O‘ziga kerak joyga borib tushadi-da, kirakash izvosh yoki tuzukroq arava kira qilish qayoqda! Mujik aravasiga tushib oladi. Xotinlarga o‘xshab afti-basharasini o‘rab, bora borguncha qari it singari, xirillab gapiradi, chunki ovozini qo‘yib gapirsa odamlar bilib qolar emish. Odamlar gapirib berabersa kula-kula ichaging uziladi. U ahmoq meni hechkim taniyolmaydi, deb bemalol ketaveradi. Biladigan odamga uni tanib olish birpaslik ish.
— Qanday qilib tanib olishadi?
— Bundan osoni yo‘q! Ilgarilari Xoxryukovning hech kimga bildirmay safar qilishini uning qo‘li og‘irligidan bilar edik; aravada o‘tirgan odam izvoshchining lunjiga tushirdimi, Xoxryukov deyabering. Posudinni darrov tanib olish mumkin. Sodda passajir — o‘zini sodda tutadi. Posudin hech soddalikka rioya qiladigan odam emas. Pochta bekatiga yetib kelishidanoq qiladiganini qiladi!… Uy ichi sassiq emish, dim emish, sovuq emish… Jo‘ja qovurib keltir deydi, meva keltir, turli murabbolar keltir deydi… Kimki qish faslida jo‘ja bilan meva talab qilsa — Posudin bo‘ladi, buni bekatda hamma biladi. Kimda kim bekat nazoratchisini «azizim» desa va odamlarga bo‘lgan-bo‘lmagan ishlarni buyuraversa — Posudin deyavering. Uning hidi ham odamlarnikiga o‘xshamaydi, uyquga yotishi ham boshqacha… Bekatga kelib divanga yotadi-da, atrofiga atir sepadi, yostig‘ining yoniga uchta sham yoqib qo‘yishni buyuradi. Har xil qog‘ozlarni o‘qib yotadi… Uning Posudinligini nazoratchi uyoqda tursin, hatto mushuk ham fahmlay oladi…
«Rost, rost… — deb o‘yladi Posudin. — Nega buni oldin bilmagan ekanman!»
— Biladigan odam jo‘jasiz ham, mevasiz ham uning kimligini bilib oladi. Telegraf aytadi… Afti basharangni xoh berkit, xoh berkitma, baribir, kimligingni bilishadi. Kelishingni kutishadi. Posudin hali uydan yo‘lga chiqmasdan, buyerda hamma narsa taxt turadi. U bostirib boraman, sudga bergizaman, amaldan bekor qilaman deb yelib-yugurib keladi-yu, ammo jinoyatchilar uni masxara qilib kulishadi. Hech kimga bildirmay keldim deysan janobi oliylari, qani, topchi gunohimizni, deyishadi. U quruqdan quruq qaytib ketaveradi… Tag‘in maqtab ham qo‘yadi, qo‘llarini siqadi, bezovta qilgani uchun afv so‘raydi… Shunaqa, og‘ayni! Sen nima deb o‘ylarding?
Ish shunaqa, janobi oliylari! Bu yerning odamlari shunaqa ayyor bo‘ladiki, bir-biridan o‘tkir. Havasing keladi! Hech bo‘lmasa mana shu bugungi voqeani oling… Erta bilan izvosh haydab ketayotsam, yetantsiya tomonidan juhud bufetchi izvosh choptirib kelmoqda. «Yo‘l bo‘lsin, juhud afandim?» deb so‘radim, u «N. shahriga vino bilan zakuska olib ketayotirman. U yerga bugun Posudin kelarmish» deb javob berdi. Mana, ko‘rdingizmi. Posudinning o‘zi shaharga endi otlanayotgandir, hechkim tanimasin deb yuzu ko‘zlarini o‘rab turgan bo‘lsp-yu, ketayotganligimni hechkim bilmaydi, deb o‘ylasa-yu, unga atab vino, baliq, har-xil zakuskalar tayyor tursa… u bo‘lsa «Kuningiz bitdi, ablahlar!» deb yo‘lda ketmoqda. Ablahlar esa pinaklarini buzishmaydi. Kelsa kelaversin! Ularning butun jinoyatlari allaqachonlar berkitilgan!
— Qayt orqangga! — deb baqirdi Posudin bo‘g‘ilib, — aravani bur, hayvon!
Hayron qolgan izvoshchi aravasini orqaga qaytardi.
O.Rahimiy tarjimasi