(Provintsiya hayotidan)
№ 1032
Sirkulyar
Ushbu sentyabr oyining 22-nchi kuni soat 10 da oy tutilishi sodir bo‘ladi. Bu yanglig‘ tabiat hodisalari ayb ish emas, balki ibratdir. Shu xususdakim, hatto sayyoralar ham aksari tabiat qonunlariga itoat qiladilar va binobarin rag‘batlantirmoqlik vajhidan sizga, siz janoblarga taklif qilamankim, shu kecha o‘z uchastkangizga qarashli ko‘chalarning fanorlarini yoqib qo‘ymoqlik xususida amr-farmon qilingki, tungi qorong‘ilik arboblarga hamda fuqaroga ushbu hodisani kuzatmoqlikka monelik qilmasin va shuningdek sizdan so‘raymanki, muhtaram zot, qat’iy suratda nazorat qilingki, bu xususda ko‘chalarda yig‘inlar, xursandlik hayqiriqlari sodir bo‘lmasin va hokazo. Ushbu tabiat hodisasini muxolif tarzda bayon qilguchi kshpilar xususida, agar shunday kimsalar bo‘lsa men fuqarolarnipg sog‘lom aql egalari ekanliklarini bilganim uchun bunday odamlar bo‘lishiga ishonmayman, ular to‘g‘risida menga ma’lumot bergaysiz…
Gnilodushin
Asliga to‘g‘ri: sekretar Tryasunov
Siz janob oliylarining 1032-nchi nomerli aloqalariga shu tariqa javob qilamanki, mening uchastkamdagi ko‘chalarning fanori yo‘q edi, binobarin oy tutilishi havo tim-qorong‘i bo‘lgani holda sodir bo‘lgan esa-da, bunga qaramasdan ko‘p kishilarga yetarlik darajada aniq ko‘rindi.
Umum tinchligini va osoyishtaligini buzishlik hamda shuningdek muxolif bayonlar va norozilik iboralari bo‘lmadi, magarkim, xonaki muallim, dyakonning o‘g‘li Amfiloxiy Babelmandebskiyni mustasno qilsak, qaysiki, bir fuqaroning oy tutilmog‘ining sababi nima degan savoliga uzundan-uzoq shunday bayonotlar berdikim, bu bayonot sog‘lom aql tushunchasini buzmoqlikka ochiqdan-ochiq moyil edi. Uning bayonotining ma’nisini fahmlamadim, zeroki mazkur ilm nuqtai-nazaridan izohlab o‘z so‘zida ko‘p ajnabiy kalimalar iste’mol qildi.
Ukusi-Kalanchevskiy.
Siz janob oliylarining 1032-nchi nomerlik aloqalariga javoban ma’lum qilamanki, menga ishonib topshirilgan uchastkada oy tutilmadi, ammo osmonda oy nurining xira bo‘lishidan iborat bir tabiat hodisasi ko‘rildikim, shu oy tutilishimi yo boshqa narsami ekanini aniq aytaolmayman. Ko‘p qidirish va tekshirishlardan keyin mening uchastkamda uchta ko‘cha fonari borligi ma’lum bo‘ldi, qaysikim, shishasini va ich tomonlarini pokiza qilinib yuvilib yoqilganda bu choralar tegishli darajada foyda bermadi, sababiki, yuqorida aytilgan hodisa, ya’ni oy nurining xiralanishi chiroqlarning shishalari siniq bo‘lganligi sababli shamol o‘chirgan paytda, demakkim, chiroqlar siz janoblari zikr qilgan qorong‘iliqni yoritolmagan paytda voqe bo‘ldi. Yig‘inlar bo‘lgani yo‘q, chunki Zemskaya upravaning mirzasi Ivan Avelevdan boshqa hamma fuqaro uxlagan, qaysiki mazkur Ivan Avelev devor ustida o‘tirib, hovuchini durbin qilib, qorong‘iliqqa qarab kulib, unday deb tushunsa ham bo‘ladigan, bunday deb tushunsa ham bo‘ladigan so‘zlarni aytdn, ya’ni, «Menga desa oy mutlaq bo‘lmasin edi… Tfu!» dedi. Bu so‘zlarining aqlsizlik ekani mening tarafimdan aytilganda, u beodoblik bilan: «Sen nega oyning tarafinn olasan? Hayit kuni uni ham qutlagani borganmisan?» dedi. Shu bilan birga avom xalqining haqorati mazmunidagi ahloqsiz iboralar aytdikim, siz janoblariga ma’lum qilaman.
Glotalov,
Asliga to‘g‘ri deb — Talog‘i yuq odam.
Abdulla Qahhor tarjimasi