Anton Chexov. Ovchi (hikoya)

Dim va nafasni qaytaruvchi tush mahali. Ko‘m-ko‘k osmonda bulutdan asar yo‘q… Quyoshning tig‘idan so‘lib qolgan o‘t ma’yus va umidsiz boqadi, yomg‘ir yog‘sa ham biz endi ko‘karmaymiz deyayotganga o‘xshaydi… Sokin o‘rmon qilt etmaydi, uning baland uchi allaqayoqqa boqayotganday yoki nimanidir kutayotganday tuyiladi.
O‘rmonning daraxtlari qirqib olingan chekasida tor yelkali, baland bo‘y, yoshi qirqlarga borgan bir erkak lapanglab keladi. Egnida qizil ko‘ylak, xo‘jayin bergan yamoq shim, oyog‘iga esa kattakon etik kiyib olgan. U lapanglab keladi. O‘ng tomonda ko‘m-ko‘k daraxtzor, chap tomonda ufqqa tutashib ketgan oltinday sap-sariq javdari… Odam qizarib va terlab ketgan. Uning malla sochli xushbichim boshida chavandozlarnikiga o‘xshagan tekis soyabonli oq shapka oliftanamo qo‘nib turibdi. Aftidan, saxiyligi tutib ketgan bironta boyvachcha bergan bo‘lsa kerak. Yelkasiga osib olgan xaltaga yovvoyi tovuqlar tiqib olingan. Qo‘lidagi qo‘shog‘iz miltig‘ining tepkisi ko‘tarib qo‘yilgan, oldinda butalarni iskab, chopib ketayotgan ozg‘in, qari itiga ko‘zlarini suzib qarab boradi. Atrof shunday sokinki, tiq etgan ovoz eshitilmaydi… Ismiyki tirik jon issiqdan o‘zini panaga olgan.
— Yegor Vlasich! — degan mayin tovush eshitdi ovchi to‘satdan. U cho‘chib tushib, atrofiga qarab, qovoqlarini solib oldi. Uning oldida xuddi yer tagidan yorib chiqqanday ranggi oppoq, o‘ttiz yoshlarga borgan, o‘roq ushlagan xotin paydo bo‘ldi. Xotin erkakning yuziga qarashga urindi va uyalibroq jilmaydi.
— Pelageya, senmiding! — deydi yo‘ldan to‘xtab ovchi, miltiq tepkisini sekin tushirib qo‘yarkan — Hm!.. Sen bu yerga qayoqdan kelib qolding?
— Bizning qishlog‘imizdan shu yerga xotinlar kelib ishlayapti. Men ham shularga qo‘shilib keldim… Ishlagani keldim, Yegor Vlasich!
— Shunday degin… — deb g‘o‘ldirab qo‘yadi va ohista qadam bosib ketadi.
Pelageya ham uning orqasidan yuradi. Ikkovi ham indamay yigirma qadamcha yo‘l bosishadi.
— Yegor Vlasich, sizni ko‘rmaganimga ham ancha vaqt bo‘ldi… — deydi Pelageya ovchining qimirlab borayotgan yelkalari va kuraklariga mehri tovlab qararkan. — Svyatoy kuni suv ichgani uyga birrav kirgan edingiz, ana o‘shandan beri ko‘rganim yo‘q sizni… O‘sha kuni bir pas turdingiz-u, shunda ham xudo biladi qay ahvolda… Mast edingiz… Urdingiz, so‘kdingiz, keyin chiqib ketdingiz… Men kuta-kuta ko‘zlarim to‘rt bo‘ldi… Eh, Yegor Vlasich, Yegor Vlasich! Hech bo‘lmasa bir kelsangiz nima qiladi!
— Senikida nima qilaman?
— Rostdan ham shunday-ku… Har qalay uy-joyingiz degandek… Mundoq bir ko‘z tashlab o‘tsangiz… Axir xo‘jayinsiz… Ie, yovvoyi tovuq otib olibsiz-ku, Yegor Vlasich! Aytganday bir pas o‘tirib, dam olsangiz bo‘lardi…
Pelageya shu so‘zlarni aytarkan, xuddi telba xotindek kular va Yegorning yuziga qarardi. Uning yuz-ko‘zidan baxtiyorligi barq urib turardi…
— O‘tirishmi? O‘tirsak bo‘ladi… — deydi loqaydlik bilan Yegor va ikki archa daraxti o‘rtasidan o‘tirishga qulayroq joy qidiradi. — O‘zing nega turibsan? Sen ham o‘tir!
Pelageya undan sal nariga, quyosh tushib turgan yerga o‘tiradi, o‘zining benihoya quvonib ketganidan uyalib, qo‘llari bilan kulgi kezgan lablarini berkitadi. Ikki minut jimlikda o‘tadi.
— Hech bo‘lmasa biron marta keling, — deydi ohista Pelageya.
— Nima qilaman? — deydi Yegor va boshidan shapkasini olib, qizarib ketgan peshonasini yenggi bilan artadi. — Hech ehtiyoj yo‘q. Bir yo ikki soatga borish quruq dahmazadan, seni bezovta qilishdan boshqa narsa emas. Qishloqda butunlay qolay desam — yuragim betlamaydi. O‘zing ham bilasanki, juda erka odamman… Menga albatta krovat bo‘lishi kerak, choyni ham yaxshisini ichaman, keyin qo‘pol gaplarga tobim yo‘q… Ishqilib men uchun hamma narsa joyida bo‘lishi shart, u yerda, sening qishlog‘ingda bo‘lsa qashshoqlik, is-qurum xolos. U yerda bir kun ham turolmayman. Bordi-yu, aytaylik shunday bir farmon chiqsa, meni senikida yashashim majbur deyilsa, men uyingga o‘t qo‘yib yuborardim yoxud o‘zimni-o‘zim o‘ldirardim. Bu sho‘xlik yoshligimdan menga yopishib olgan, nima qilasan, iloj yo‘q-da.
— Hozir qayerda yashayapsiz?
— Barin uyida, Dmitriy Ivanich hovlisida, ovchiman. Ovqatga parrandalar yetkazib beraman, ko‘proq… barin o‘z xursandchiliklari uchun meni saqlaydi.
— Yegor Vlasich, bu ish sizga munosib emas… Boshqa odamlarga yupanch, sizga esa hunarga o‘xshaydi… chinakam ish deb bilasiz…
— Laqma, sen nimani bilarding, — deydi Yegor va xayol surib osmonga ko‘z tashlarkan. — Mening qanday odamligimni sen tushunmasding, bundan keyin ham tushunmaganingcha qolasan… Sening-cha, men bemaza, adashgan odamman, lekin, bilgan kishiga, men butun uyezdda yagona, eng mohir merganman. Buni xo‘jayinlar yaxshi bilishadi, hatto mening to‘g‘rimda jurnalda maqola bosilib chiqqan. Ovchilikda biron odam menga teng kelolmaydi… Sizning qishloq ishidan xazar qilishim, erkaligimdan yo mag‘rurligimdan emas. Shuni bilki, men yosh bolalik chog‘imdan boshlab miltiq bilan tozidan bo‘lak narsani ko‘rmaganman. Bilasanmi, qo‘limdan miltiqni tortib olishganda, qarmoqqa yopishganman, qarmoqni tortib olishganda qo‘lim bilan ov qilganman. Keyin ba’zan pul bo‘lib qolgan paytlarda yarmarkama-yarmarka yurib, yaxshi ot qidirdim, oldim va sotdim. Yana o‘zing bilasanki, erkak kishi ovchi bo‘lsa yo otga ishqivoz bo‘lsa omochga yaqin yo‘lamaydi. Odam deganda erkinlik istagi bo‘lsa, uni hech nima bilan ketkazib bo‘lmaydi. Shunga o‘xshab biron barin aktyor bo‘lib ketsa, yo biror san’at bilan aylanib qolsa, u amaldor ham, pomeshchik ham bo‘la olmaydi. Sen ayol kishisan, bunga tushunmaysan, aslida tushunish kerak.
— Tushunaman Yegor Vlasich!
— Yig‘lavoray deb turibsan-ku, demak tushunmaysan-da…
— Men… men yig‘layotganim yo‘q… — dedi Pelageya yuzini teskari o‘girib — Yegor Vlasich, gunoh bo‘ladi! Men baxti qora bilan hech bo‘lmasa biron kun yashang. Sizga tekkanimga mana o‘n ikki yil bo‘lib qoldi, ammo, oramizda muhabbatdan darak bo‘lmadi!… Men… Men yig‘layotganim yo‘q…
— Muhabbat deysanmi… — deb qo‘lini ishqab g‘uldiraydi Yegor. — Hech qanday muhabbat bo‘lishi mumkin emas. Sen bilan men nomigagina er-xotinmiz, xolos, shunday emasmi? Sen meni yovvoyi odam deb bilasan, men seni hech baloga tushunmaydigan sodda xotin deb bilaman. Shunday ekan, biz bir-birimizga munosibmi? Men ozod, erka, o‘yinqaroqman, sen bo‘lsang qora ishchi, oyog‘ingda chipta kovush, isqirt-iflossan, ishdan qaddingni ko‘tarmaysan. O‘zimni men yaxshi bilaman, ovchilikda mendan o‘tadigan odam yo‘q, sen bo‘lsang menga rahming kelib qarab o‘tiribsan. Shumi munosibligimiz?
— Yegor Vlasich, axir nikohdan o‘tganmiz! — deydi yig‘lamsirab Pelageya.
— Zo‘rlab o‘tkazishgan… Nima, esingdan chiqdimi? Buni graf Sergey Pavlichdan… va o‘zingdan ko‘r. Graf meni o‘zidan ko‘ra yaxshi mergan bo‘lganim uchun xasad qilib, bir oy vino ichirib, men mastligimda shu ishni qildi, kishi mast bo‘lganda, nikohdan o‘tishgina emas, boshqa dinga ham kirishi mumkin. O‘ch olish maqsadida, meni mast qilib, senga uylantirib qo‘ydi… Ovchini mol boqarga teng qildi! Axir o‘zing ham mening g‘irt mastligimni ko‘rgan eding-ku, nega tegding? Krepostnoy emassan, qarshi tursang bo‘lardi! Ochig‘ini aytganda, mol boqarning ovchiga tegishi bir baxt, lekin shunga qaramay miyani sal ishlatish kerak edi. Mana endi qiynalib, azob chekaver, qon yig‘la. Graf mazax qilgan edi, sen esa ko‘z yoshi to‘k… Boshingni devorga ur…
Oraga jimlik cho‘kdi. O‘rmonning kesilgan yeri ustidan uchta yovvoyi o‘rdak uchib o‘tadi. Yegor o‘rdaklarni qora nuqtaga aylanib, o‘rmon orqasida g‘oyib bo‘lgunicha kuzatib turadi.
— Nima bilan tirikchilik qilasan? — deb so‘raydi Yegor Pelageyaga qararkan.
— Yozda ishga chiqaman, qishda bo‘lsa go‘daklar tarbiyalash uyidan bola olib emizgi bilan boqaman. Bir oyga bir yarim so‘m berishadi.
— Shunday de…
Yana jim qolishadi. Javdari o‘rilayotgan tomondan mayin qo‘shiq sadosi quloqqa eshitiladi. Qo‘shiq darrov tugaydi. Issiqdan ashula aytishga ham hafsala kelmaydi…
— Odamlar Akulinaga yangi uy solib berganmishsiz, — deydi.
Egor indamadi.
— Demak, ko‘nglingizga u yoqarkan-da.
— Peshonangga bitilgani shu ekan, taqdir-da! — deydi ovchi, kerishib turib. — Chida endi, yetimcha, xa, aytmoqchi, xayr. Gap bilan bo‘lib o‘tirib qoldim. Kechqurungacha Boltovoga yetib borishim kerak…
Egor o‘rnidan turib kerishadi va miltig‘ini yelkasiga tashlaydi. Pelageya ham o‘rnidan turadi.
— Endi qishloqqa qachon kelasiz? — deb ohista so‘raydi.
— Boradigan ishim yo‘q. Ichmagan vaqtimda sira bormayman, agar ichib borsam, bundan nima foyda? Mast vaqtimda quturib ketaman… Xayr!
— Yaxshi boring, Yegor Vlasich.
Egor shapkasini qiyshaytirib kiyib, itini chaqiradi va yo‘lga tushadi. Pelageya turgan joyidan qimirlamay, uning orqasidan qarab qoladi… U, erining harakatga kirgan kuraklarini, kelishgan gardani, hafsalasizlik bilan beparvo qadam tashlashini kuzatib turadi ko‘zlarida g‘amginlik va erkalik aks etadi… Uning nazari erining ozg‘in, novcha gavdasini quchadi va erkalaydi… Yegor go‘yo bu nazarni sezganday to‘xtaydi va orqasiga qaraydi… U indamaydi, lekin uning yuz-ko‘zidan, yelkasini uchirganidan Pelageya Yegorning nimadir demoqchi bo‘lganini sezib turadi. Pelageya cho‘chibroq qadam tashlab uning yoniga keladi va iltijo qilganday eriga tikiladi.
— Ma senga! — deydi Yegor teskari qarab.
Egor eskirib ketgan bir so‘mlikni uzatib tez yurib ketadi.
— Yaxshi boring, Yegor Vlasich! — deydi Pelageya bir so‘mlikni beixtiyor olarkan.
Egor tarang tortilgan kamarday uzun, to‘ppa-to‘g‘ri yo‘ldan ketadi… Yuzlari oqarib ketgan Pelageya xuddi haykalday bir joydan jilmaydi va nigohi bilan Yegorning har bir qadamini kuzatadi. Nihoyat qizil ko‘ylak bilan qora shim qo‘shilishib bir rangga kiradi, uning qadam bosayotgani bilinmaydi, itini esa etigidan ajratib bo‘lmaydi. Faqat shapkasi ko‘rinib turadi. Biroq Yegor to‘satdan o‘ng qo‘lga, o‘rmonning kesilgan tomoniga burilib ketadi, shapka ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
— Yaxshi boring, Yegor Vlasich! — deb pichirlaydi Pelageya va oppoq shapkani yana bir ko‘rish umidida, qaddini rostlab, oyog‘i uchida turadi…

S. Abduqahhorov tarjimasi