Harbiy progimnaziyaning o‘qituvchisi, kollejskiy registrator Lev Pustyakov do‘sti poruchik Ledentsovning yonidagi xonada istiqomat qilardi. Yangi yil kuni ertalab u xuddi shu Ledentsovnikiga qadam ranjida qildi.
— Bilasanmi Grisha, — dedi u poruchikka odatdagicha yangi yil bilan tabriklagandan keyin. — Agar bir noiloj holga tushib qolmaganimda seni ham bezovta qilmoqchi emasdim. Bir kunga Stanislavingni berib tursang. Bugun savdogar Spichkinnikiga ziyofatga bormoqchiman. U ablahni o‘zing bilasan, ordenni juda yaxshi ko‘radi; agar bo‘ynida yoki ko‘kragida biron narsa osilib turmagan odamni ablah deyishdan ham toymaydi… Uning ustiga ikkita qizi bor… Taniysan-ku Nastya bilan Zinani… Tushundingmi aziz do‘stim… Seni do‘stim deb aytayapman… Beraqol, bir yaxshilik qil!
Pustyakov bu so‘zlarni qizarinib, tutila-tutila aytarkan, xavotirlanib eshikka qarab-qarab qo‘yardi. Poruchik oldin jerkib tashlasa ham, keyin ko‘ndi.
Kunduz soat ikkida Pustyakov izvoshga tushib Spichkinnikiga ketarkan, po‘stinining yoqasini sal ochib, ko‘kragiga tikilib borardi, birov Stanislavining zarhali yaltirar, emali tovlanar edi.
Pustyakov sovuqdan uvushib, o‘ylab borar edi:
«Kishini naqadar olijanob ko‘rsatadi! Ko‘p bo‘lsa besh so‘mlikkina narsa-yu, kishini shunchalik sersavlat qiladi-ya».
Spichkinning hovlisiga yetgandan keyin, po‘stinini ko‘kragi ko‘rinarli qilib ochib, izvoshchiga shoshilmasdan pul to‘lay boshladi. Nazarida izvoshchi uning tugmalari, pogonlari va Stanislavini ko‘rib og‘zi ochilib qolganday bo‘ldi. Pustyakov mag‘rurona yo‘talib olib, uyga kirdi. Dahlizda po‘stinini yecha turib zalga qaradi. Ichkaridagi uzun stol atrofida o‘tirgan o‘n besh chog‘lik kishi ovqatlanmoqda edi. Odamlarning g‘ovur-g‘uvuri, idish-tovoqlarning taqir-tuquri eshitilib turardi.
— Kim u? — degan ovozi eshitildi mezbonning. — Iya, Lev Nikolaich-ku! Qani, marhamat, kiring. Biroz kechikdingiz, hech qisi yo‘q. Endi o‘tirgan edik.
Pustyakov ko‘kragini kerib, boshini yuqoriga ko‘targancha qo‘llarini bir-biriga ishqab zalga kirdi. Biroq kayfi uchib ketdi. Zinaning yonida o‘zi bilan birga ishlaydigan frantsuz tili o‘qituvchisi Tramblyan o‘tirar edi. Frantsuz ordenni ko‘rib qolsa qancha gap-so‘z, sharmandalik… Butun obro‘ bir pul bo‘ladi… Birdan uning boshiga ordenni uzib tashlash yoki qaytib chiqib ketish fikri keldi. Lekin orden puxta chatib qo‘yilgan, chiqib ketishning ham endi iloji yo‘q edi. Darrov o‘ng qo‘li bilan ordenni bekitdi, biroz qaddini bukib, o‘ng‘aysizlanibroq hammaga ta’zim qildi va hech kimga qo‘l berib ko‘rishmay bo‘shashganicha xuddi o‘sha frantsuz ro‘parasidagi bo‘sh stulga o‘tirdi.
«Kayfi bo‘lsa kerak!» deb o‘yladi Spichkin uning izza bo‘lgan yuzini ko‘rib.
Pustyakovning oldiga bir tarelka sho‘rva keltirib qo‘yishdi, u chap qo‘li bilan qoshiqni oldi-yu, lekin shunday kazo-kazolar oldida chap qo‘llab ovqat yeb bo‘lmasligini eslab, ovqat yeganini, qorni to‘qligini vaj qildi.
— Qornim to‘q… Rahmat… — deb g‘o‘ldiradi, u. — Amakim protoiyerey Yeleev aytdirib yuborgan ekanlar… Shu, qo‘ymasdan ovqat yedirib yubordilar.
Yaxshi hidi gurkirab turgan sho‘rva, ishtahani juda qitiqlaydigan, bug‘ chiqarib turgan dimlama baliq Pustyakovning yuragini ezib yubordi. U chap qo‘li bilan ordenini bekitib o‘ng qo‘lini bo‘shatmoqchi bo‘lgan edi, bo‘lmadi.
«Sezib qolishadi… Chap qo‘lim ko‘kragimda ko‘ndalang tursa ashula aytmoqchi bo‘layotganga o‘xshab qolaman. E xudo, ziyofat tezroq tugay qolsa-chi! Biron oshxonaga borib ovqat yerdim.
Uchinchi ovqat tugagach u frantsuzga ko‘z qirini tashladi. Tramblyan ham negadir qizargan, Pustyakovga tikilganicha hech narsa yemasdan o‘tiripti. Ko‘z-ko‘zga tushganda ikkovlari ham yana qattiqroq xijolat tortib, oldilaridagi bo‘sh tarelkaga qarashadi.
«Sezdi ablah! Basharasidan ko‘rib turibman sezganligini. Bu past, yana o‘lguday mayda gap. Ertagayoq borib direktorga chaqadi!» deb o‘yladi Pustyakov.
Mehmonlar va mezbonlar to‘rtinchi ovqatni yeb, nasib qilgan beshinchi ovqatni ham yeyishdi…
Qirg‘iy burnining keng kataklarini tuk bosgan, ko‘z-lari qisiqdan kelgan novcha bir janob o‘rnidan turdi. U sochlarini silab turib xitob qildi:
— X-x-xo‘sh… chunonchi… shu… shu yerda hozir bo‘lgan xonimlarning gul-gul ochilishlari uchun ko‘taraylik! — Mehmonlar o‘rinlaridan duv turib qadahlarini qo‘llariga olishdi. Butun xonalar bo‘ylab qattiq «ura» sadosi jaranglab eshitildi. Xonimlar iljayishib, qadahlarini urishtirmoq uchun uzatishdi. Pustyakov ham o‘rnidan turib, ryumkasini chap qo‘li bilan oldi.
Erkaklardan biri unga murojaat qilib, qadahda ichkilik uzatdi:
— Lev Nikolaich, sizga xizmat bo‘lsa ham, shuni Nastasya Lvovnaga uzatib yuboring. Bir iloj qilib o‘sha kishiga ichiring! — dedi u.
Pustyakovga ko‘p malol kelgan bo‘lsa ham majburan o‘ng qo‘lini ishga soldi. Nihoyat, lentasi g‘ijimlangan Stanislav chiroqda yaltirab ketdi. O‘qituvchining rangi o‘chib, boshini egdi va yer tagidan sekingina frantsuzga qaradi. U hayron bo‘lib Pustyakovga tikilgancha qoldi. So‘ngra lablarida tabassum paydo bo‘lib, yuzidagi xijolat va xomushlik asta tarqala boshladi…
Shu payt uy egasi frantsuzga shisha uzatib:
— Yuliy Avgustovich! Shuni o‘sha yoqqa uzatib yuboring, — deb iltimos qilib qoldi.
Tramblyan istar-istamas zo‘rg‘a o‘ng qo‘lini shishaga uzatgan edi… oh qanday baxt! Pustyakov uning ko‘kragidagi ordenni ko‘rdi. Yana unda Stanislavgina emas, butun boshliq Anna ekan. Demak frantsuz ham muttahamlik qilgan ekan! Pustyakov xursandligidan kulib yubordi va stulga bemalol yalpayib o‘tirib oldi… Endi ordenni yashirishning nima hojati bor! Ikkalovi ham bir xil gunoh qilibdi. Endi kim borib chaqadi, kim sharmanda qiladi. Spichkin muallim ko‘kragidagi ordenni ko‘rib:
— Ehe, — deb qo‘ydi.
— Qarang, Yuliy Avgustovich! — dedi Pustyakov, — juda qiziq ish-a! Bayramdan oldin bizdan ko‘rsatilganlar juda kam bo‘ldi deyman! Bo‘lmasa qancha odam bor edi. Faqat siz-u menga tegipti-da, hayron qoladigan ish-a!
Tramblyan suyunib ketdi va bosh irg‘atib 3-daraja Anna osilib turgan qaytarma yoqaning chap tomonini oldinroqqa chiqardi.
Dasturxon yig‘ilgandan keyin Pustyakov uyma-uy yurib qizlarga ordenni ko‘rsatdi. Qorni och bo‘lsa ham kayfi chog‘ edi.
U orden haqida Spichkin bilan so‘zlashib turgan Tramblyanga rashki kelib: «Voy attang shunaqaligini bipganimda-chi, naq Vladimirni taqib kelmasmidim, esizgina, esimga kelmapti-da» deb o‘zidan koyindi.
Faqat ana shu fikr uni qiynamoqda edi. Boshqa jihatdan esa u o‘zini butunlay baxtiyor deb sezardi.
Zumrad tarjimasi