1
Ochiqqan urg‘ochi bo‘ri o‘rnidan turib, ov sari otlandi. Uning uchta bolasi bir-biriga yopishib badanlarini isitgancha qattiq uyquda edilar. Ona bo‘rivachchalarini yalab qo‘ydi-da nari ketdi.
Bahor faslining mart oyi allaqachon kirib kelgan, ammo tunlari daraxtlar xuddi dekabrdek sovuqdan charsillar, tilingni yalasang sovuq chimdilardi. Ona bo‘ri zaif edi, o‘ziga ishonmas; arzimas saslarga ham quloq tutar va tinmay inidagi bo‘rivachchalariga hech kim ozor yetkazmasmikan, deb o‘ylardi. Odam hidi, ot izlari, ko‘pik, yig‘ilgan o‘tinlar va o‘g‘itlangan qoramtir yer uni cho‘chitardi; nazarida, daraxtlar ortida odamlar yashirinib turgandek va o‘rmonning qayeridadir itlar akillagandek tuyulardi.
Bo‘ri endi yosh emasdi, u sezgi kuchini yo‘qotgan, shu sabab tulki izini itniki deb o‘ylab hislarida adashar va hatto soxta sezgilariga tayanib, yo‘lidan qaytar, bunday holatlar yoshlik paytlari yuz bermasdi. Sog‘lig‘i zaifligidan u avvalgidek buzoq va katta qo‘ylarni ovlamay qo‘ygan, toychog‘ini ergashtirgan otlardan nari yurar, o‘laksaxo‘rlik qilar, yangi go‘sht bilan kamdan-kam oziqlanar, faqat bahor pallasida biror quyonni ovlab, bolalariga olib borar yoki ko‘zichoq boqilayotgan molxona sari otlanardi.
Inidan to‘rt chaqirim naridagi pochta yo‘lida qishlov joy bor edi. Bu yerda yetmish yashar Ignat ismli chol yashar, har doim yo‘talib yurar va o‘zi bilan o‘zi so‘zlashardi; odatdagidek u tunda uxlar, kunduzi esa bir stvolli miltig‘i bilan o‘rmonda izg‘ir va quyon ovlardi. Ehtimol, qariya ilgari mexanik bo‘lib ishlagandir, sababi har safar u to‘xtashdan avval o‘ziga o‘zi “Stop, mashina!” deb hayqirar, yurishdan oldin bo‘lsa “Yo‘l ochiq!” derdi. Uning yonida zoti noma’lum bo‘lgan Arapka laqabli haybatli qora it birga yurardi. U choldan uzoqlashib oldinga yugursa, egasi qichqirardi:
– Yo‘l orqaga!
Ba’zan qariya kuylar, shu asno gandiraklab tez-tez yiqilib tushardi (ona bo‘ri buni shamoldan deb o‘ylardi) va hayqirardi:
– Relsdan chiqib ketdik!
Ona bo‘rining esida, yoz va kuzda qishlov yon atrofida qo‘y va ikki qo‘zichoq ko‘rinardi, o‘shanda bo‘ri ularni chetlab o‘tarkan, xuddi molxona ichidan ma’rash eshitilgandek bo‘lardi. Hozir esa qishlovga yaqinlashar ekan, bo‘ri ayni paytda mart ekanini unutib, molxonada biror qo‘zichoq bo‘lsa kerak deb taxmin qildi. Unga ochlik azob berar, qo‘zichoqni qanchalik ishtaha bilan yeyishini tasavvur qilar, bu xayollardan tishlari g‘ichirlab ikki ko‘zi olovdek yaltirardi.
Ignatning kulbasi, ombori, molxona va qudug‘i baland qor uyumi bilan o‘ralgandi. Tinchlik hukm surmoqda. Arapka hoynahoy omborda uxlardi.
Qor uyumidan oshib o‘tgan bo‘ri molxonaga yaqinlashdi, panjalari va tumshug‘i bilan somonsuvoq tomni ochishga urindi. Somon tom uvadalanib bo‘shab qolgandi, shu sabab bo‘ri ko‘p qiynalmadi; tumshug‘iga iliq bug‘, o‘g‘it va qo‘y sutining isi urildi. Pastdagi qo‘zichoq sovuq havoni sezib ma’rab qo‘ydi. Darchadan sakragan bo‘ri panja va ko‘ksi bilan qandaydir yumshoq va issiq narsa ustiga tushdi, hoynahoy qo‘y bo‘lsa kerak, shu lahzada esa molxonaga kimdir kirdi va ingichka ovozda qahri bilan akilladi, qo‘y-qo‘zilar devorga qapishdi, qo‘rqib ketgan ona bo‘ri bo‘lsa tishiga ilingan o‘ljani o‘mardi-da, tashqariga otildi…
U bor kuchi bilan chopar, ayni paytda bo‘ri isini olgan Arapka shiddat bilan uni quvar, qo‘ndoqdagi tovuqlar qaqillar, Ignat bo‘lsa ostona zinapoyasiga chiqib baqirardi:
– Tezlik oshirilsin! Hushtak chalinsin!
U shunday deb mashinaga o‘xshab hushtagini chaldi, so‘ng yana “go-go-go-go!..” Butun shovqin o‘rmon ichra aks sado bo‘lib qaytdi.
2
Asta-sekinlik bilan bari tinchigach, ona bo‘ri ham tinchlandi va shuni payqadiki, u og‘zida tishlab turgan o‘ljasi og‘ir va qattiqroq edi, odatda bu vazn ikkita qo‘zichoqqa teng kelardi; hidi ham boshqacha bo‘lib, g‘alati ovoz chiqarardi… Bo‘ri dam olish va oziqlanish uchun to‘xtab yukini qor ustiga qo‘ydi va birdan jirkanib sapchib ketdi. Bu qo‘zichoq emas, balki qora, xumbosh va uzun oyoqli, suyagi yirik xuddi Arapkaniki kabi peshonasida oq dog‘lari bo‘lgan kuchuk bolasi edi. Ko‘rinishidan pachoq, oddiy ko‘ppak edi. U g‘ijimlangan yarador belini hech nima bo‘lmagandek yalab qo‘yar, dumini likillatar va bo‘riga yaslanardi. U irillab kuchukvachchadan uzoqlashdi, it ham uning ortidan qolmadi. Bo‘ri ortiga qayrilib kuchukka tishlarini g‘ijirlatdi; u esa bir dam to‘xtab o‘ylanib qoldi va bo‘rini o‘zi bilan o‘ynayapti deb sanab, tumshug‘ini qishlov tarafga burdi va shodon akillash bilan erkalandi, bu bilan go‘yo onasi Arapkani bo‘ri bilan o‘ynashga chorlagandek bo‘ldi.
Tong yorisha boshlagan, ona bo‘ri o‘zining qalin o‘rmoniga yetib kelganda, bu yerdagi har bir daraxt ko‘zga ravshan tashlanib turar, qarqurlar uyg‘ongan, qomatdor xo‘rozlar qichqirishni boshlagan, kuchuk esa ehtiyotsizlik bilan akillagancha irg‘ishlab kelardi.
“Nega u ortimdan kelayapti? – o‘yladi ona bo‘ri jahli chiqib. – Balki yamlab yutishimni istayotgandir?”
U bolalari bilan chuqur bo‘lmagan o‘rada yashardi; uch yil avval kuchli bo‘ron vaqtida katta qarag‘ay daraxti ildizi bilan qo‘porilib tushgan, undan mana shu o‘yiq hosil bo‘lgandi. Hozir esa bu o‘rada eski xazonlar va ajriqlar, undan tashqari bo‘rivachchalar o‘ynaydigan suyaklar va buqa shoxlari uyilib turardi. Bir-biriga juda o‘xshab ketadigan bo‘ri bolalari allaqachon uyqudan ko‘z ochib o‘ralari yonida tizilib turishardi, ular onalarining kelayotganini ko‘rib dumlarini likillata boshladi. Bo‘rivachchalarni ko‘rgan kuchukcha to‘xtab qoldi va ularga uzoq tikildi; shu asno bo‘richalar ham o‘ziga tikilib turganini payqadi, keyin begonalarga qarab hurgandek vovulladi.
Kun yorishib tepaga ko‘tarilgan quyosh nurlari qor uyumlarida tovlanardi. Kuchuk esa hamon uzoqroqda turib hurardi. Bo‘ri bolalari onalarining oriq qornini paypaslab ko‘krak emishar, bo‘ri ona bo‘lsa oppoq va qup-quruq ot suyagini g‘ajir, unga ochlik azob berardi, bolalarining chiyillashidan boshi og‘rib ketgan, kutilmagan mehmonga tashlanib bir zumda uni g‘ajib tashlashni istardi.
Nihoyat, kuchukcha toliqib xirilladi va ko‘rdiki, uning qo‘rqishiga sabab yo‘q, hatto unga e’tibor ham berishmayapti, shuning uchun u sekinlik bilan tirg‘alib, irg‘ishlab bo‘rilarga yaqinlashdi. Hozir kun yorug‘ligida uni bemalol tomosha qilish mumkin edi. Kuchukning oq qanshari kattagina edi, peshonasi do‘ng bo‘lib, odatda bu tuzilish esipast itlarga xos edi; ko‘zlari kichkina, moviy va nursiz, tumshug‘ining ko‘rinishi bo‘lsa favqulodda tentaknamo edi. U bo‘rilar sari qadam tashlarkan, paxmoq panjalarini yerga bosib ustiga tumshug‘ini qo‘ydi va ingilladi:
– Mnya, mnya… nga nga nga!…
Bo‘rilar hech nimani tushunishmadi, lekin dumlarini likillatishdi. Shunda kuchukcha katta boshini bo‘ri bolasiga qarab urdi. O‘z navbatida bo‘rivachcha ham panjasi bilan unga tushirdi. Kuchukcha yonboshi bilan qaragancha uni zimdan kuzatib, dumini silkitdi, so‘ng birdan turgan joyida bir necha marta doira bo‘lib aylandi. Ona bo‘ri uni haydadi, kuchukcha orqasi bilan yiqilib tushdi va tepaga panjasini ko‘targanda uch bo‘rivachcha uning ustiga otilishdi, quvonchdan hazillashib kuchukchani tishlay boshlashdi, ammo bu og‘riqli emasdi. Baland qarag‘ayga qo‘nib olgan qarg‘alar ularning olishuvini kuzatar va bezovtalanishardi. Shodon shovqin eshitilardi. Quyosh bahoriy nur sochar; qarag‘aylarga uchib-qo‘nib yurgan tovuqlarning bari yoppasiga quyosh nuri ostida zumraddek tovlanardi.
Odatda, ona bo‘ri bolalarini ov qilishga o‘rgatadi, o‘ljani tutish uchun o‘yin qiladi; hozir ham bo‘rivachchalarning kuchuk ortidan quvishlarini va olishuvlarini ko‘rib o‘yladi: “Mayli, o‘rgana qolishsin”.
O‘ynab charchagan bo‘ri bolalari o‘raga kirib uxlashga cho‘zildilar. Kuchukcha ham biroz ochiqdi va quyoshda toblanib yerga cho‘zildi. Uyg‘ongach ular yana o‘ynadilar.
Kun bo‘yi va oqshomda ham ona bo‘ri o‘tgan tunda molxonada ma’ragan qo‘zichoq va qo‘y suti isini eslab, ishtahasi ochilar va tishlarini g‘ijirlatib, ochko‘zlik bilan qoq suyakni shimar, go‘yoki uni barra qo‘ziga qiyoslardi. Bo‘richalar onasini emishdi, kuchuk bola ham och qolib aylana boshladi va qorni iskadi.
“Uni yeb qo‘ysammi…” qaror qildi ona bo‘ri.
Bo‘ri unga yaqinlashdi, kuchuk bola esa uning tumshug‘ini yaladi, o‘zi bilan o‘ynamoqchi deb o‘yladi, chog‘i. Bir vaqtlar u itlarni ham yerdi, ammo bu kuchukchadan bola hidi kelar, ona bo‘ri zaifligidan bu isga toqat qilolmadi; o‘z-o‘ziga qarshi chiqib, kuchukdan uzoqlashdi…
3
Tunda sovuq tushdi. Kuchuk uyini sog‘indi shekilli, ketib qoldi.
Bo‘rivachchalar qattiq uyquga ketishgach, ona bo‘ri yana ovga otlandi. Kechagidek u arzimas shovqindan ham vahimaga tushar, ko‘piklar, o‘tinlar, qora yakkam-dukkam archa butalarini odam deb o‘ylab cho‘chirdi. U yo‘l chetidan chopib borardi. Birdan qarshisida yo‘l ustida qandaydir qora sharpa ko‘rindi… U ko‘rish va eshitish sezgilarini faollashtirdi: nimadir to‘g‘riga qarab yurib ketar, hatto bir tekis qadam tovushlari eshitilardi. Bo‘rsiqmikan? Bo‘ri ehtiyotkorlik bilan sekin nafas olgancha o‘zini chetga oldi, qora sharpani aylanib o‘tdi, so‘ng sharpaga yaxshilab razm soldi va uni tanidi. Sekin yurib ketayotgan oq qansharli kuchuk qishlovga qaytayotgan edi.
“U yana menga xalal bermasaydi”, o‘yladi ona bo‘ri va tezda undan o‘zib ketdi.
Qishlovga yaqin qoldi. Bo‘ri molxonaga yana qor uyumi ustidan oshib tushdi. Kechagi o‘ra yangidan yopilgan, tomda esa ikkita yangi yog‘och paydo bo‘lgandi. Bo‘ri oyoqlari va tumshug‘i bilan tez harakat qilar, kuchuk kelmayaptimi, deb ortiga alanglardi, birdan iliq bug‘ va o‘g‘itning isi keldi, ortidan esa quvonchli akillash eshitildi. Kuchuk yetib kelibdi. U bo‘riga ergashib tomga chiqdi, so‘ng o‘raga tushdi, o‘zini issiq uyda his etib, qo‘ylarni tanidi va yanada kuchli vovulladi… Arapka uyg‘onib ombordan chiqdi va bo‘ri isini payqab akilladi, tovuqlar qag‘illadi, zinapoyada Ignat qo‘lida bir stvalli miltig‘i bilan ko‘ringanda esa ona bo‘ri allaqachon qishlovdan uzoqlashgandi.
– Qochdi! – hushtak chaldi Ignat. – Qochdi! Ularning ortidan quv!
Shunday deb u o‘q joyladi, ammo miltiq otilmadi; yana o‘qladi, tag‘in otilmadi; uchinchi marta urindi va bir dasta o‘q stvoldan otilib quloqni qomatga keltirdi: “bu-bu!“ Yelkasi qaqshab, bir qo‘lida miltiq, ikkinchisida boltani olib, nimadan shovqin solinganini bilish uchun molxonaga kirdi… Birozdan so‘ng kulbasiga qaytdi.
– Nima gap? – xirildoq ovozda so‘radi bir kecha uning uyida tunashga qolgan musofir shovqindan uyg‘onib.
– Hech gap… – javob berdi Ignat. – Arzimas narsa. Oq qansharimiz qo‘y-qo‘zilar bilan issiqqina uxlashga azm qilibdi. Ammo, tushunmadim, nega eshikdan emas, tomdan oshib tushdi ekan. O‘tgan kecha tomni buzib sayrga chiqib ketgandi, yaramas, hozir esa qaytibdi va yana tomni buzibdi.
– Ahmoq.
– Ha, kallasining prujinasi cho‘zilib ketgan. Tentaklarni o‘lgudek jinim suymaydi! – yengil nafas oldi Ignat pechga yaqinlashib. – Hay, hurmatli mehmon, barvaqt turish kerak, yoppasiga uxladik… tezda!
Ertalab esa u yoniga oq qansharni chorladi, qulog‘ini og‘ritib buradi, keyin xivchinladi va buyurdi:
– Eshikdan kir! Eshikdan kir! Eshikdan kir!
Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi.
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 1-son