I
Kasalxona hovlisida kichikroq bir imorat turibdi, atrofini o‘rmon singari qirqqiz, qichitqon, yovvoyi nasha bosib ketgan. Tomning tunukasi zanglagan, mo‘risining yarmi qulab tushgan, kiraverishdagi zinapoya taxtalari chirib, o‘t bosib ketgan, suvog‘ining izigina qolgan. Imoratning oldi kasalxonaga, orqasi dalaga qaragan, daladan uni kasalxonaning ustiga mix qoqilgan kul rang devori ayirib turadi. O‘tkir uchlari yuqoriga qarab turgan shu mixlar va shu devor, shu imoratning o‘zi ham, — bizda faqat kasalxona va turma binolariga xos bo‘lib, — juda befayz va xunuk ko‘rinardi.
Agar qichitqon lovullatishidan qo‘rqmasangiz, bu imoratga tor so‘qmoq yo‘ldan borib, ichidagi ahvolni ko‘raylik. Birinchi eshikni ochib, dahlizga kiramiz. Devor ostida, pechka yonida kasalxonaning eski-tuskilari uyulib yotibdi. To‘shaklar, ilma-teshik eski choponlar, ishtonlar, ko‘k yo‘lli ko‘ylaklar, hech narsaga yaramaydigan eski poyafzallar, — bu churuk-choriqlar bir-biriga qorishgani holda chirib, nafasni bo‘g‘adigan sassiq hid chiqarib yotadi.
Eski-tuskilarning ustida esa doim trubkasini tishlab, harbiy xizmatdan bo‘shagan, formasiga yopishtirilgan belgilarning rangi o‘chib ketgan keksa soldat Nikita yotadi. Uning yuzi ozg‘in, qovog‘i soliq, o‘siq qoshlari va qizil burni chehrasiga yovvoyi ovcharka qiyofasini berib turadi; o‘rta bo‘yli, ko‘rinishda qotma va chayir; lekin jussasi bahaybat, mushtlari ham juda baquvvat. Uning o‘zi dunyoda hamma narsadan ko‘ra ko‘proq intizomga berilgan, shuning uchun ham, odamlarni urish kerak degan fikrga qattiq ishonadigan, nima buyurilsa darhol bajaradigan, soddadil va befahm kishilardan biri. U, odamlarni ko‘kragi, yelkasi, yuzi-ko‘zi demay duch kelgan joyiga uradi va shusiz bu yerda intizom bo‘lmaydi deb ishonadi.
Agar dahliz hisobga olinmasa undan keyin, haligi binoga, katta keng uyga kirasiz. Uyning devori xira ko‘k rangga bo‘yalgan, mo‘risiz uydagidek shipini qurum bosgan — bu yerda qishda pechkalardan tutun qaytishi va is chiqishi shubhasiz. Ichki tomonidan temir panjara o‘rnatilib derazalar rasvo kilingan. Pol bo‘yalmagan, zirapchalari chiqib yotibdi. Uydan achigan karam, qora chiroq, qandala va shiptir hidi keladi. Bu hid dimog‘iga urilgan kishi dastlab yirtqich hayvonlar katagiga kirgandek bo‘ladi.
Uyda polga mixlab qo‘yilgan krovatlar turibdi. Krovatlarda egnilariga ko‘k xalat, boshlariga qadimgi qalpoq kiygan odamlar yotibdi, ba’zilari o‘tiribdi. Bular — jinnilar.
Hammasi bo‘lib ular besh kishi. Faqat bittasi kiborlardan, qolganlari meshchanlar. Eshikdan kiraverishdagi birinchi kishi novcha bo‘yli, ozg‘in, yiltillab turgan sariq mo‘ylovlik meshchanin boshini qo‘llariga tirab, yig‘idan qizargan ko‘zlarini bir nuqtaga tikib o‘tiribdi. U kechayu kunduz g‘amgin xo‘rsinadi va boshini chayqab-chayqab qo‘yadi, alam bilan jilmayadi; suhbatga kam qatnashadi va odatda savolga javob bermaydi. Ovqat berilsa beixtiyor yeydi. Tinmasdan qiynalib qisqa-qisqa yo‘talishiga, ozg‘inligiga va yanoqlarining yallig‘lab turishiga qaraganda, unda sil kasali endi boshlanganga o‘xshaydi.
Uning nariyog‘ida cho‘qqi soqol, zanjilarga o‘xshash qop-qora jingalak sochlik, juda pitirak chol joylashgan. Kunduzlari u, palatada derazalar orasida qatnaydi yoki to‘shagida chordona qurib o‘tirib, tinmasdan to‘rg‘ayga o‘xshab hushtak chaladi, xirgoyi qiladi va qiqir-qiqir kuladi. U, kechalari xudoga sig‘ingani, ya’ni mushtumi bilan ko‘kragiga urgani va barmog‘i bilan eshikni kovlagani turganida ham bolalarcha quvnoq va pitirak bo‘ladi. Bu Moiseyka degan juhud, shapka tikadigan ishxonasiga yigirma yilcha avval o‘t tushgach, esi-hushidan ayrilib qolgan tentak.
6-nomerli palatadagilardan yolg‘iz shungagina hovliga, hatto kasalxona hovlisidan ko‘chaga chiqishga ruxsat berilgan. U, kasalxonaning qadrdon kishisi va beozor, beziyon tentagi. Allaqachonlardan buyon ko‘chalarda uni bolalar va itlar bilan qurshalgan holda ko‘rishga odatlanilgan shaharning masxarabozi bo‘lgani uchun bunday huquqdan ko‘p vaqtdan buyon foydalansa kerak. U ko‘chalarda egniga chopon, boshiga g‘alati qalpoq, oyog‘iga tufli kiyib, ba’zan yalangoyoq, hatto ishtonsiz ham yuraveradi. Eshik va do‘konlar oldida to‘xtab, bir tiyin so‘raydi. Bir yerda unga kvas, ikkinchi yerda non, uchinchi yerda bir tiyin berishadi. Shunday qilib, u odatda, xonasiga qorni to‘yib va boyib qaytadi. Olib kelgan narsasining hammasiii Nikita tortib oladi. Bu qiliqni soldat dag‘allik bilan astoydil cho‘ntaklarini ag‘darib va xudoni o‘rtaga solib, bundan so‘ng juhudni aslo ko‘chaga chiqarmay qo‘yishini va dunyoda tartibsizlikdan ko‘ra yomon ko‘rgan ishi yo‘qligini aytib, qiladi.
Moiseyka sermanzirat. O‘rtoqlariga suv beradi, uxlab yotgan bo‘lsalar ustlarini yopib qo‘yadi, ko‘chadan ularga bir tiyindan pul keltirishni, yana hammasiga bittadan yangi shapka tikib berishni va’da qiladi; so‘l tomonda yotgan falaj qo‘shnisiga qoshiq bilan ovqat yedirib qo‘yadi. Bu ishlarni u ichi achiganidan yo biror odamgarchilik yuzasidan emas, o‘ng tomonidagi qo‘shnisi Gromovga taqlid etib, beixtiyor, unga bo‘ysunganidan qiladi.
Ivan Dmitrich Gromov o‘ttiz uch yoshga kirgan kishi; o‘zi kiborlardan, ilgari sud pristavi va guberna kotibi bo‘lgan, hozir birov ta’qib qilayotir degan dardga mubtalo. U g‘ujanak bo‘lib o‘rnida yotadi yo sayr qilayotgan odamdek uyning u boshidan bu boshiga qatnaydi, juda kam o‘tiradi. U, qandaydir bir noma’lum narsani kutib, doim hayajon ichida, vahima changalida, diqqat qilib turadi. Agar dahlizda biron sharpa sezsa, yo hovlida biron tovush eshitsa bas, darrov boshini ko‘taradi va: meni olib ketgani kelayotgan bo‘lmasinlar? Meni izlayotgan bo‘lmasinlar? deb quloq soladi. Shunday paytda uning yuzida qattiq bezovtalik va nafrat aks etadi.
Menga uning yanoqlari chiqqan, keng, hamisha xomush va zahil, ko‘p vaqtlardan buyon vahima bilan kurashib, azob chekib kelayotgan qalbini oyna kabi o‘zida aks etdirib turgan yuzi juda yoqadi. Uning yuz burishtirishlari g‘alati, biron og‘riqning natijasiga o‘xshaydi; lekin chuqur va haqiqiy iztirob iz tashlagan latif chehrasida idrok va zakiylik alomati bor. Ko‘zlarida yoqimtoylik, salomatlik jilvasi ko‘rinadi. Uning o‘zi menga ma’qul, yoqimli sermulozamat va Nikitadan boshqa hammaga juda odob bilan muomala qiladi. Biror kishining qoshig‘i yoki tugmasi tushib ketsa, sakrab turib olib beradi. Har kuni ertalab o‘rtoqlariga salom beradi. O‘rniga yotarkan, ularga xayrli kech tilaydi.
Diqqati doimo qattiq ishlab turishi va yuz burishtirishlaridan tashqari, uning jinniligi yana shundan iboratki, ba’zan u, kechqurunlar choponga o‘ralib, a’zoyi badani qaltirab, tishi-tishiga tegib takillab, uyning u boshidan bu boshiga va krovatlar orasida tez-tez yura boshlaydi. Go‘yo uni qattiq bezgak tutayotganga o‘xshaydi. To‘satdan to‘xtab o‘rtoqlariga qarab qolishidan qandaydir juda muhim gap aytmoqchi bo‘lganligi bilinadi, lekin so‘zimga quloq solishmaydi yoki tushunishmaydi, degan xayolga boradi shekillik, chidamsizlik bilan bosh silkitadiyu, yana yuraveradi. Lekin tezdan so‘zlash istagi barcha mulohazalardan g‘olib keladi-da, u o‘zini qo‘yib yuborib, qizg‘in va ehtiros bilan so‘zlaydi. Uning so‘zlari tartibsiz, xuddi alahlashga o‘xshash qisqa-qisqa, shiddatli, ba’zan tushunib bo‘lmaydi. Shunisi borki, so‘zlarida ham, tovushida ham qandaydir g‘oyat yaxshi bir ohang bor. So‘zlayotganda uning jinniligi va insonligi namoyon bo‘lib turadi. Uning telbalik so‘zlarini yozib anglatish qiyin. U inson razilligi, haqiqatni bo‘g‘uvchi jabr-zulm, yana vaqti kelib yer yuzida bo‘ladigan go‘zal hayot va har daqiqa zolimlarning ahmoqligi va berahmligini uning yodiga solib turgan derazalardagi temir panjaralar haqida so‘zlaydi. Uning so‘zlaridan hali zamoni o‘tmagan eski, tartibsiz va qovushmagan ashulalardan tuzilgan qurama pesa hosil bo‘ladi.
II
Bundan 12—15 yillar avval, shaharning eng katta ko‘chalaridan birida, o‘z hovlisida Gromov degan o‘ziga to‘q obro‘li bir mansabdor bo‘lib, uning Sergey va Ivan degan ikkita o‘g‘li bor edi. Sergey to‘rtinchi kurs studenti ekan, sil bo‘ldi-yu, to‘satdan o‘lib qoldi. Bu o‘lim esa Gromov oilasi ustiga to‘satdan tusha boshlagan bir qancha baxtsizliklarning boshlanishi bo‘ldi. Sergeyning vafotidan bir hafta keyin keksa otasi qalbaki hujjatlar yasagani va hukumatning pulini yeb qo‘ygani uchun sudga berildi va shu orada tif bo‘lib, turma kasalxonasida o‘ldi. Uyi va butun mollari kim oshdi savdosi bilan sotilib, Ivan Dmitrich bilan onasi hech narsasiz qoldi.
Ilgari, otasi bor mahalda, Ivan Dmitrich Peterburgda yashab, universitetda o‘qiyotgan chog‘ida har oyda uyidan kelgan 60—70 so‘mni olib turar, muhtojlik nimaligini bilmas edi. Endi esa hayotini qat’iy ravishda o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Arzimagan pul uchun ertadan kechgacha dars berish, xat ko‘chirish kerak, shunga qaramay ochin-to‘qin qoldi. Chunki topgan pulining hammasini onasiga yuboradi. Ivan Dmitrich bunday turmushga dosh berolmadi, ruhi tushib, ko‘ngli sinib, o‘qishni yig‘ishtirdi-da, uyiga ketdi. Bu yerda, o‘z shaharchasida tanishlari orqali uyezd maktabiga o‘qituvchi bo‘lib kirdi. Lekin o‘rtoqlari bilan chiqisholmadi, o‘quvchilarga yoqmadi, tez kunda ishdan bo‘shadi. Onasi o‘ldi. U yarim yilcha ishsiz yurdi, kuni faqat non-suv bilan o‘tdi, so‘ng sud pristavi bo‘lib o‘rnashdi, kasalligi uchun ishdan bo‘shatilguncha shu joyda xizmat qildi.
U hech qachon, hatto yigitlik, studentlik chog‘ida ham sog‘lom ko‘rinmas edi. Doim rangi ketgan, nimjon, salga shamollaydigan, chipxo‘r, kam uyqu edi. Bir ryumka vino ichsa, darrov boshi aylanib, esini yo‘qotib qo‘yar edi. Unda odamga aralashish mayli zo‘r bo‘lsa-da, o‘zining tezligi va badgumonligi tufayli hech kim bilan oshna bo‘lolmas, do‘sti ham yo‘q edi. Shahar xalqi haqida tahqir bilan so‘zlab, ularning qo‘pol nodonligi va g‘aflat bosib, hayvonlarcha yashashi menga qabih va jirkanch tuyuladi deyardi. U ingichka ovoz bilan qichqirib, qizishib, doim astoydil yo nafratlanib va jahli chiqib, yo zavq bilan va taajjublanib so‘zlar edi. U bilan nima haqda so‘zlashmang, gapni shu tomonga aylantirardi: shahar dim, kishi zerikadi, jamiyatda yuksak maqsad yo‘q, hayotni jabr-zulm, fahsh, olchoqlik bilan turli shaklga kirgizib bema’ni kun kechiradi, muttahamlarning egni butun, qorni to‘q, vijdonli odamlar ochin-to‘qin yashaydi; jamiyatga maktab, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi mahalliy gazeta, teatr, ommaviy kitobxonlik, ilmiy kuchlarning bir o‘ringa to‘planishlari zarur; jamiyatning ongi shunchalik oshirilmog‘i kerakki, o‘z nuqsini ko‘rib, kayfi uchib ketsin, deyardi. U, odamlar haqida fikr yuritganda quyuq bo‘yoqlarni beradi, boshqa ranglarni inkor qilib, faqat oq bilan qoradan foydalanadi; uning fikricha insoniyat muttahamlarga va to‘g‘ri odamlarga bo‘linadi; o‘rta xili bo‘lmaydi. Xotin-qizlar va muhabbat haqida doim ehtiros va zavq bilan so‘zlaydi-ku, ammo o‘zi biron marta oshiq bo‘lmagan.
Fikrlarining keskinligi va o‘zining asabiyligiga qaramay shaharliklar uni sevishadi, erkalatib, orqasidan Vanya deb atashadi. Uning nazokati, sermulozamatligi, serandishaligi, go‘zal axloqi, nimdoshgina kamzuli, zaif ko‘rinishi va oilaviy baxtsizligi hammasi bir bo‘lib kishida unga nisbatan qandaydir rahmdillik uyg‘otadi: uning ustiga o‘zi ko‘p kitob ko‘rgan, yaxshigina ma’lumotlik va shaharliklarning fikricha hamma narsadan xabardor, go‘yo jonlik lug‘at edi.
U juda ko‘p kitob o‘qigan. Hamisha klubda o‘tirar, asabiy holda kichkina soqolini o‘ynab kitobmi, jurnalmi varaqlardi; yuziga qarab turilsa kitob o‘qiyotganga emas, bir narsani chala chaynab yutayotganga o‘xshardi. O‘qish ham uning nosog‘lom odatlarining biri deyish mumkin, chunki qo‘liga nima tushsa — bulturgi gazetami, kalendarmi — bir zayilda ishtiyoq bilan darhol o‘qishga tutinardi. Uyida bo‘lsa, kitobni doim yotib o‘qirdi.
III
Kuz kunlarining birida ertalab, palto yoqasini ko‘tarib qo‘yib tor ko‘cha, pastqam joylarda loyda shaloplab Ivan Dmitrich ijro varaqa bo‘yicha qandaydir meshchandan pul undirgani ketayotgan edi. Bugun ertalab ham odatdagicha uning ta’bi xira. Tor ko‘chalarning birida oyoqlariga kishan urilgan ikki mahbus bilan miltiq ko‘targan to‘rt soldat uchradi. Ilgari ham Ivan Dmitrich shu singari mahbuslarni tez-tez uchratardi va har gal ular buning ko‘nglini g‘ash qilib, yuragini ezar edi. Lekin bu galgi uchratish unda qandaydir alohida, ajoyib bir ta’sir qoldirdi. Nimagadir to‘satdan uning ko‘ngliga meni ham shularga o‘xshatib, oyog‘imga kishan urib, xuddi shu taxlitda loyda turmaga haydab ketishlari mumkin degan gap keldi. Meshchanning uyida bir oz o‘tirgach, uyga qaytarkan, pochtaxona oldida o‘ziga tanish politsiya nozirini uchratdi, nozir salomlashdi-da, birgalashib bir necha qadam yurdi, negadir bu voqea unga shubhali tuyuldi. Uyga kelib kechgacha haligi mahbuslar, miltiqli soldatlar hayotidan nari ketmadi, anglab bo‘lmaydigan bir vasvasa o‘qishga va fikrni bir joyga to‘plashga halaqit berdi. Kechqurun uyiga chiroq yoqmadi, tunni uxlamay, meni qamoqqa olib, kishanga solishlari va turmaga qamashlari mumkin, degan xayol bilan o‘tkazdi. U hech qanday gunohi yo‘qligini biladi va bundan so‘ng ham hech kimni o‘ldirmasligi, o‘t qo‘ymasligi va o‘g‘irlik qilmasligiga ishonchi komil; lekin kishi o‘zi bilmay turib, yoki g‘ayri ixtiyoriy ravishda gunoh qilishi qiyinmi, tuhmatga qolish, qolaversa sud xatosi-chi? Axir, xalqning asriy tajribasi: turmaga tushmayman, devona to‘rvasini ilmayman dema, degani bejiz emas-ku. Ayniqsa sudyalarning hozirgicha ish olib borishida xato qilishlari juda mumkin, yana bunda hayron bo‘larlik hech gap yo‘q. Boshqalarning azobiga ish, xizmat yuzasidangina qaraydigan odamlar, masalan: sudyalar, politsiyalar, doktorlar, borib-borib shu qadar siyqa bo‘lib ketishadiki, ishi tushgan odamga, har chand rasmiy muomala qilmayman desalar ham qo‘llaridan kelmaydi: bu jihatdan ular uy orqasida qo‘y va buzoq so‘yib qonga parvo qilmaydigan dehqondan farq qilmaydi. Shaxsga rasmiyatchilik, beparvolik bilan munosabatda bo‘linar ekan, bugunoq bir odamni barcha huquqlaridan, bor-yo‘g‘idan mahrum qilib, surgunga yuborishlik uchun sudyaga faqat bitta narsa kerak, u ham bo‘lsa vaqtdir. Ishning ba’zi rasmiy jihatlariga rioya qilishga ketadigan vaqt (o‘sha rasmiyatlar uchun sudyaga oylik to‘lanadi), so‘ng — ish tamom. Qani undan keyin temir yo‘ldan ikki yuz chaqirim uzoqdagi bu kichkina, iflos shaharchada adolat va himoyatni izlab ko‘rchi! Turli jabr-zulm, jamiyat tomonidan go‘yo shunday qilinishi lozim bo‘lgan bir ezgulikday qarshi olinib, har bir insof yuzasidan qilingan ish, masalan, birovni oqlash haqidagi hukm ularni qanoatlantirmay, intiqom uyg‘otgan yerda, haqiqat to‘g‘risida o‘ylashning o‘zi kishi kularlik bir hol emasmi?
Ertalab Ivan Dmitrichning yuragi vahim olib, peshonasini sovuq ter bosgan va har daqiqada kelib, qamoqqa olib ketishlariga qattiq ishongani holda o‘rnidan turdi. Kechagi qora xayollar bu kungacha nari ketmagan ekan, — deb o‘ylardi u, — demak, bir gap bor-da. Axir, bekordan bekorga kishining boshiga bunday xayol kelmaydi-ku.
Mana mirshabning sekin-sekin yurib deraza yonidan o‘tishi bejiz emas. Ikki kishi uy oldida to‘xtab, jim turibdi. Nega ular indamaydi?
Shu zayilda Ivan Dmitrich uchun mudhish kechalar va kunduzlar boshlandi. Deraza yonidan o‘tuvchilar va hovliga kiruvchilarning hammasi josus va izquvar bo‘lib ko‘rinaverdi. Odatda choshgoh paytida ispravnik ikki otlik izvoshda ko‘chadan o‘tardi; o‘zining shahar yonidagi bog‘idan mirshabxonaga boradi, lekin har gal Ivan Dmitrichning nazarida u odatdagidan qattiqroq ot choptirayotgandek, ayrim bir tarzda: xuddi shaharda bir yangi xavfli gunohkor paydo bo‘lganini aytishga shoshilayotgandek ko‘rinardi. Ivan Dmitrich har qo‘ng‘iroq tovushidan, har darvoza taqillashidan cho‘chib tushadi, bekanikida har bir yangi odamni ko‘rganda ko‘ngli qattiq g‘ash bo‘ladi; agar jandarm yoki politsiyaga duch kelib qolsa, kulumsiraydi va beparvo bo‘lib ko‘rinish uchun hushtak chala boshlaydi. U butun-butun kechalarni qamoqqa olib ketishlarini kutib, mijja qoqmay o‘tkazadi, lekin uy bekasining nazariga uxlayotgandek ko‘rinish uchun qattiq xurrak tortib, og‘ir nafas olib chiqadi; modomiki ko‘ziga uyqu kelmas ekan, vijdon azobi qiynayotgan bo‘ladi-da, gunohkor hisoblanishi uchun naqadar kuchli dalil, faktlar va sog‘lom mantiq uni bu vahimalarning hammasi — bo‘lmag‘ur gap va savdoyilik, agar masalaga chuqurroq qaralsa qamoqqa olinishidan, turmaga qamalishdai qo‘rqarlik hech gap yo‘q, — ko‘ngil xotirjam bo‘lsa bas, deb ishontirar ediku, lekin qanchalik chuqurroq, mantiqliroq fikr yuritsa, vasvasa shunchalik kuchayib, battarroq qiynar edi. Bu esa bir darvishning qo‘l urilmagan o‘rmon daraxtlarini kesib, o‘ziga joy hozirlamoqchi bo‘lganiga o‘xshardi: darvish qanchalik jon otib bolta ursa, o‘rmon shunchalik tez o‘sib, quyuqlasha beribdi. Nihoyat, Ivan Dmitrich buning befoydaligini ko‘rib, o‘ylashga butunlay xotima berdi, o‘zini birato‘la vahima va umidsizlik changaliga tashladi.
U yakkalikka berilib, o‘zini odamlardan chetga torta boshladi. Ilgari ham aslo didiga o‘tirishmaydigan xizmati, endi butunlay joniga tegdi. Negakim, qanday qilib bo‘lmasin, qo‘lga tushirishadi, bildirmasdan cho‘ntagimga pul solib qo‘yib, keyin topib, pora oldi deyishadi, yoki o‘zim bilmay qolib hukumat qog‘ozlarida yasama hujjatga teng keladigan xatoga yo‘l qo‘yaman, yo birovning pulini yo‘qotib qo‘yaman, deb qo‘rqar edi. Qiziq bir hol: boshqa vaqtda hech qachon uning zehni bunchalik o‘tkir va ijodkor bo‘lmagan edi, endi esa, o‘z ozodligi va nomusiga bo‘ladigan tahdiddan jiddiy xavfsirab, har kun minglab turli-tuman vajlar o‘ylab chiqaradi. Lekin shunisi borki, undagi tashqi olamga, jumladan, kitobga qiziqish ancha susaydi va yaxshigina ovsar bo‘lib qoldi.
Bahorda yerdan qor ketgach qabriston yonidagi jardan bir o‘g‘il bola va bir kampirning chala irigan o‘ligi chiqdi. Belgilarga ko‘ra ularni birov o‘ldirgan edi. Butun shaharda haligi o‘liklar va ularning noma’lum qotillari haqida gap tarqaldi. Ivan Dmitrich meni o‘ldirgan demasinlar, deb ko‘chaga chiqib iljayib yurdi, tanishlari bilan uchrashib qolguday bo‘lsa qizarib-bo‘zarib, zaif va himoyasiz odamlarni o‘ldirishdan ko‘ra qabihroq gunoh yo‘qligiga ishontirishga urinardi. Lekin bu xom xayol ham tinkasini quritdi va bir oz o‘yladi-da: mening ahvolimda eng yaxshisi — bekaning yerto‘lasida bekinib yotish deb bildi. Yerto‘lada kechgacha o‘tirdi, kechani ham o‘tkazib, ertasiga kun bo‘yi chiqmadi, juda sovuq edi, qorongi tushishini poylab, xuddi o‘g‘riga o‘xshab, asta chiqib uyga kirdi. Tong otguncha uy o‘rtasida qimir etmasdan tik turib, quloq solib chiqdi. Ertalab kun chiqmasdan bekaning uyiga pech tuzatadigan ustalar kelishdi. Ivan Dmitrich ularning oshxonadagi pechni tuzatgani kelganini yaxshi biladi, lekin vasvasa unga: bular usta kiyimida kelgan politsiyalar, deydi. U sekin-asta uyidan chiqdi-yu, vahima ichida, boshyalang, kamzulsiz ko‘cha bo‘ylab chopib ketdi. Orqasidan itlar vovullab quvladi, qayerdadir orqadan birov qichqirdi, yel vizillab qulog‘ini bitirdi va Ivan Dmitrichga butun dunyodagi jabru zulm bir bo‘lib, orqasidan quvlayotganday tuyildi.
Uni ushlab olishdi, uyga olib kelishdi va bekasini doktor chaqirishga yuborishdi. Doktor Andrey Yefimich, — bu kishi to‘g‘risida keyin gapiramiz, — Ivan Dmitrichning boshiga latta ho‘llab yopishni buyurdi va lavr-olcha suvini yozib berdi, qayg‘uli holda bosh chayqab, bekaga, bundan so‘ng kelmayman, chunki aqldan ozayotgan odamlarga xalaqit berib bo‘lmaydi, deb ketdi. Uyda yotishga va davolanishga hech narsasi yo‘qligidan, tezgina uni kasalxonaga yuborishdi, u yerda, venerik kasallar palatasiga yotqizildi. U tun bo‘yi uxlamas, xarxasha qilar, kasallarni bezovta etardi, Andrey Yefimichning buyrug‘i bilan tezda 6-nomerli palataga ko‘chirildi.
Bir yildan so‘ng Ivan Dmitrich shaharda hammaning esidan butunlay chiqdi va bekasi bostirma tagidagi chanaga olib borib tashlagan kitoblarini bolalar tashib ketdi.
IV
Ivan Dmitrichning chap tomondagi hamxonasi aytib o‘tganim, juhud Moiseyka; o‘ng tomondagisi esa juda semiz, dumaloq bo‘lib qolgan, yuzida hech qanday fikr ifodasi yo‘q, zehndan mahrum bir kishi. Bu — ko‘p vaqtdan buyon fikr etish, sezish xususiyatlarini yo‘qotib qo‘ygan kam harakat, xo‘ra va iflos bir hayvon. Undan hamisha ko‘ngil ozdiradigan qo‘lansa hid kelib turadi.
Uning joyini tozalaydigan Nikita mushtumini ayamay, kuchining boricha juda qattiq uradi, bu yerda kishining vahmini keltiradigan narsa uni urishlari emas, bunga odatlanish mumkin, — haligi befahm hayvonning tayoqqa qarshi na tovush, na harakat, na ko‘zlarida biror ifoda aks ettirish bilan javob qaytarmay, bezrayib, faqat og‘ir bochkadek sal-pal qo‘zg‘alib qo‘yishidir.
6-nomerli palatada istiqomat qiluvchilarning beshinchisi va so‘ngisi — bir vaqtlar pochtada xat saralovchi bo‘lib ishlagan ushoqqina, ozg‘in, yoqimli, lekin yuzida makkorlik aks etib turgan sariq sochli meshchanin. Uning xushnudlik bilan boqayotgan ma’noli, xotirjam ko‘zlariga qaraganda ko‘nglida qandaydir juda muhim va yoqimli maxfiy siri bordek ko‘rinadi. Uning yostig‘i va to‘shagi tagida bir narsasi borki, uni hech kimga ko‘rsatmaydi. O‘g‘irlab yoki tortib olishadi deb qo‘rqqanidan emas, uyalganidan ko‘rsatmaydi. Ba’zan deraza yoniga boradi-da, o‘rtoqlariga orqasini o‘girib, ko‘kragiga nimadir toqadi, keyin boshini egib qaraydi, agar o‘sha topda uning yoniga borilsa, xijolat tortib ko‘kragidan haligi narsani yulib oladi. Lekin uning sirini bilish qiyin emas.
— Tabriklang, — deydi u ko‘pincha Ivan Dmitrichga qarab, — men ikkinchi daraja yulduzlik Stanislav ordeni bilan mukofotlanishga tavsiya etilibman. Ikkinchi daraja yulduzlik faqat chet elliklarga berilguvchi edi, lekin men uchun negadir istisnoga yo‘l qo‘yishmoqchi, — deb hayron bo‘lib, yelkalarini uchirib kulumsiraydi, — buni qarang, to‘g‘risini aytsam, hech kutmagan edim!
— Men bu narsalarga tushunmayman, — dedi Ivan Dmitrich homushgina.
— Lekin bilasizmi, men ertami-kechmi, axir nimaga muvaffaq bo‘laman? — deb davom etadi sobiq xat saralovchi, ayyorlik bilan ko‘zlarini qisib. — Men, albatta Shvetsiyaning «Polyarnaya zvezda»sini olaman. Shunday ordenki, kiroyi ovora bo‘lganingga arziydi. Oq krest, qora lentali juda chiroylik orden.
Ehtimol boshqa hech yerda hayot shu joydagidek bir zayilda o‘tmasa kerak. Falaj bilan semiz kishidan boshqa kasallar ertalab turib dahlizga chiqib, katta chelakda yuz-qo‘l yuvishadi va choponlarining bariga artishadi; undan keyin Nikita katta korpusdan keltirgan choydan qo‘rg‘oshin krujkada ichishadi. Bir kishiga bir krujkadan ortiq choy berilmaydi. Tush paytida nordon karam sho‘rva bilan bo‘tqa yeyishadi, kechqurun kunduzgidan qolgan bo‘tqani yeyishadi. Ovqat orasidagi vaqtda yotishadi, uxlashadi, derazadan qarashadi va uyning u burchidan bu burchiga yurishadi. Har kun ahvol shu. Haligi sobiq xat saralovchi ham faqat bir xil orden haqida so‘zlaydi.
Oltinchi palatadagilar yangi odamni kamdan-kam ko‘radi. Yangi jinni bo‘lganlarni doktor ko‘pdan beri qabul qilmay qo‘ygan, borib jinnixonalarni ko‘radigan havaskorlar esa bu dunyoda juda oz. Bu yerga har ikki oyda bir marta sartarosh Semyon Lazarich keladi. Uning qanday qilib jinnilarning sochini olishi va Nikitaning qay taxlitda unga yordam berishi, har gall mast bo‘lib, kulumsirab ketayotgan sartaroshni ko‘rganda kasallarning qanchalik jon titrog‘iga tushishlari haqida so‘z ochmaymiz.
Bu yerga sartaroshdan o‘zga hech kim kelmaydi. Kasallar har kuni faqat Nikitani ko‘rishga mahkum.
Aytmoqchi, yaqinda butun kasalxonaga ancha ajib xabar tarqaldi.
6-nomerli palataga doktor kelib turadigan bo‘libdi, degan ovoza tarqaldi.
V
Ajib xabar!
Doktor Andrey Yefimich Ragin — o‘ziga yarasha ko‘p yaxshi odam. Aytishlaricha, u yoshligida ancha xudojo‘y bo‘lib, ruhoniy mansablardai birida xizmat qilishga tayyorlanib yurgan ekan. 1863 yilda gimnaziyani tamomlagandan keyin, diniy akademiyaga kirmoqchi bo‘libdi, lekin jarroh va tib olimi bo‘lmish otasi zaharxandalik bilan undan kulib, agar pop bo‘lsang aslo o‘g‘lim demasman, debdi. Bu gapning qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmayman, lekin Andrey Yefimichning o‘zi tib ilmiga va umuman maxsus fanlarga mayli hech qachon bo‘lmaganini necha bor aytgan edi.
Har qalay tibbiy fakultetni bitirgandan keyin pop bo‘lmadi. Xudojo‘ylik ham qilmadi, hozirgi qiyofati ruhoniylarga qancha kam o‘xshasa, doktorlikni boshlagan choqlarida ham xuddi shunday edi.
Uning ko‘rinishi qo‘pol, dag‘al, dehqonlarga o‘xshaydi, yuzi, soqoli, yassi sochi, mustahkam hamda beo‘xshov jussasi, katta yo‘llardagi badnafs va o‘jar davangirdek mayxonachini eslatadi. Badjahl ko‘rinadigan yuzi mayda-mayda ko‘k tomirlar bilan qoplangan, ko‘zlari kichik-kichik, burni qip-qizil. Baland bo‘ylik, keng yag‘rinlik bo‘lish bilan birga oyoq-qo‘llari ham bahaybat, katta: agar bir musht ursa chil-parchin qiladiganga o‘xshaydi. Ammo ko‘p ehtiyot va ohistalik bilan sekin-sekin qadam qo‘yadi; agar tor yo‘lakda duch kelib qolsangiz u, albatta, sizdan oldin to‘xtab yo‘l beradi, va kutganingizcha yo‘g‘on tovush bilan emas, ingichka ovoz bilan «kechiring!» deydi. Uning bo‘yniga kichikroq shish kelgan, o‘sha shishi ohorlangan qattiq yoqa taqishga xalaqit beradi, shu sababdan doim chitdanmi, oq surupdanmi yumshoqqina ko‘ylak kiyib yuradi. Umuman doktorchasiga kiyinmaydi. Bitta kostyumni o‘n yillab egnidan tushirmaydi, juhud do‘konidan olingan yangisi ham uning egnida xuddi eski va g‘ijim bo‘lgan kiyimga o‘xshab ko‘rinadi; bitta kostyumda kasal ham qaraydi, ovqat ham yeydi, mehmonga ham boraveradi; lekin bu pishiqligidan emas, usti-boshiga butunlay ahamiyat bermasligidan.
Andrey Yefimich bu shaharga, ish qabul qilmoqchi bo‘lib kelganida bu «hayriya mahkamasi» juda yomon ahvolda edi. Palatalardagi, yo‘laklardagi, hovlidagi qo‘lansa hiddan kishining ko‘ngli ozar edi. Kasalxonada xizmat qiluvchi erkaklar, kasallarga qarovchi ayollar va ularning bolalari kechasi palatalarda kasallar bilan birga yotishardi. Qandala, suvarak, sichqonlarning ko‘pligidan dod deyishardi. Jarrohlik bo‘limidan saramas kasali arimasdi. Butun boshliq kasalxonada ikkitagina skalpel bo‘lib, bitta ham termometr yo‘q, vannalarga kartoshka solib qo‘yilgandi. Kasalxona noziri, kastelyansha va feldsher kasallarning narsalarini o‘g‘irlardi. Andrey Yefimichdan oldingi doktor haqida bo‘lsa, kasalxonaning spirtini o‘g‘irlab sotardi, kasal ayollar va kasallarga qarovchi ayollardan o‘ziga butun boshliq haramxona qilib olgan edi, deyishadi. Shaharda bu tartibsizliklarni juda yaxshi bilishadi, hatto mubolig‘a qilib so‘zlashadi-ku, lekin sovuqqonlik bilan qarashadi; ba’zilar kasalxonada faqat meshchanlar bilan dehqonlar yotishadi, ular norozi bo‘lishmaydi, chunki uylarida kasalxonadagidan yomonroq sharoitda turishadi; ularni qush eti berib boqsinmi! deyishadi. Yana bir xillari, zemstvo yordam bermasa shaharning o‘z kuchi bilan yaxshi kasalxona tutish qiyin gap; xudoga shukur, yomon ham bo‘lsa kasalxona bor-ku, deyishadi. Yaqinda dunyoga kelgan zemstvo shaharning o‘z kasalxonasi bor-ku, deb shaharda ham, shaharga yaqin joyda ham shifoxona ochmadi.
Andrey Yefimich kasalxonani ko‘zdan kechirib chiqqandan keyin bu muassasa axloqsizlik o‘chog‘i va shu yerda yashovchilarning sog‘ligiga haddan tashqari zararli degan xulosaga keldi. Uning fikricha amalga oshirish mumkin bo‘lgan ishning eng yaxshisi, — kasallarni erkinlikka chiqarib yuborib, kasalxonani yopib qo‘yish edi. Lekin u shunday xayolga bordi: bu narsa yolg‘iz mening ixtiyorimda emas, yana bunday qilishning foydasi ham bo‘lmaydi; agar ma’naviy va moddiy ifloslikni bir joydan chiqarib tashlasangiz ikkinchi joyga borib tushadi; o‘zi yemirilib bitishini kutish kerak. Buning ustiga hamon odamlar shunday kasalxona ochib, chidab kelishayotgan ekan, demak, o‘zlariga kerakdir-da, turmushdagi xurofotlar va shuning singari yaramas va qabih ishlar ham kerak, chunki bora-bora go‘ngdan qora tuproq hosil bo‘lgandek bulardan ham bir ezgulik paydo bo‘ladi. Yer yuzida biron yaxshi narsa yo‘qki, u o‘zining yaralishida ifloslikdan kelib chiqmasin. Ishni qabul qilib olgach Andrey Yefimich haligi tartibsizliklarga ko‘rinishidan ancha beparvolik bilan qaradi. Kasalxonada xizmat qiluvchi erkaklar va kasallarga qarovchi ayollardan bundan so‘ng palatalarda yotmasliklarinigina iltimos qildi, yana kasalxonaga instrumentlar solingan ikkita shkaf qo‘ydi; ammo nozir, kastyolyansha, feldsher va jarrohlik bo‘limidagi saramas kasali o‘z joylarida qolishdi.
Andrey Yefimich idrok va haldllikni g‘oyat sevadi, lekin atrofida halol va ongli turmush yaratishga irodasi yetmaydi, o‘z huquqiga ishonmaydi. Buyurish, man qilish va majbur qilishning mutlaqo uddasidan chiqolmaydi. Go‘yo asti qattiq gapirmaslik va buyruq fe’lini butunlay ishlatmaslik uchun og‘ziga so‘z olganga o‘xshaydi. «Ber» yoki «Olib kel» deyishlik uning uchun mashaqqat; qorni ochgan chog‘larida botina olmasdan bir yo‘talib qo‘yadi-da, so‘ng oshpaz xotinga, «choy ichib olsammikin-a»… yoki «ovqatlanib olsammikin-a» deydi. Kasalxona noziriga o‘g‘irlikni to‘xtat deyish, yo uni haydab yuborish, bo‘lmasa haligi tekinxo‘rlik vazifani butuilay yo‘qotib qo‘ya qolishlik asti qo‘lidan keladigan ish emas. Andrey Yefimichni aldayotganlarida, munofiqlik bilan maqtayotganlarida yoki qo‘l qo‘ydirish uchun yasama hujjat tutganlarida qisqichbaqa singari qip-qizarib ketadi va o‘zini aybli his etadi, shunday bo‘lsa ham hujjatga qo‘l qo‘yadi; agar kasallar unga ochlikdan yoki kasallarga qarovchi ayollarning qo‘pol muomalasidan shikoyat qilishsa, u xijolat bo‘ladi va gunohkor odamday:
— Yaxshi, yaxshi, hali surishtirib ko‘raman… ehtimol biron anglashilmovchilik o‘tgandir… — deb qo‘yadi.
Yangi kelgan chog‘larida Andrey Yefimich jon kuydirib ishladi. Har kun tush paytigacha kasal qabul qildi, operatsiyalar qildi, hatto akusherlik tajribasi bilan ham shug‘ullandi. Xotinlar uning to‘g‘risida: Juda diqqat bilan qaraydi, kasalni, ayniqsa bolalar va xotinlar kasalini yaxshi biladi, deyishardi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ishning bir xildaligi va chamasi natijasizligi uni zeriktiradi. Bugun o‘ttizta kasalni qabul qilsang, ertaga qarabsanki, o‘ttiz beshtasi tayyor, uning ertasiga qirqtasi, shu tahlitda kundan-kunga, yildan-yilga, shaharda esa, o‘layotganlarning soni kamaymaydi, kasallar kelishini qo‘ymaydi. Ertadan tushgacha qabul qilinadigan qirqta kasalga jiddiy yordam berishning hech imkoni yo‘q, demak, g‘ayri ixtiyoriy ravishda aldash bo‘lib chiqadi. Hisobot yili o‘n ikki ming qatnab boqizuvchi kasal qaralibdi, demak, oddiy qilib aytganda o‘n ikki ming kishi aldanibdi. Og‘ir kasallarni palataga yotqizib, ularni fan qoidasi bilan davolashning yana iloji yo‘q, chunki qoida bo‘lgani bilan, fan yo‘q; agar falsafa sotishni qo‘yib, boshqa doktorlar singari ezmalik bilan qoida bo‘yicha ish olib bormoqchi bo‘linganda ham, buning uchun ifloslik emas, avvalo ozodalik va sof havoli joy, sassiq, achigan karam sho‘rva emas, yaxshi ovqat, o‘g‘rilar emas, haqiqiy yordamchilar kerak.
Hamon o‘lim har kimning boshida bor ekan, nega endi ularning o‘lishiga xalaqit berish kerak? Bironta savdogar yoki amaldor dunyoda besh-o‘n yil ortiqroq turdi nimayu, turmadi nima? Agar tabobatning maqsadi dori-darmon berib chekayotgan azobni yengillashtirish deb o‘ylansa, unda o‘z-o‘zidan shunday savol kelib chiqadiki, xo‘sh, nega yengillashtirish kerak? Birinchidan, azob chekish kishini kamolga yetkazadi deydilar, ikkinchidan, agar insoniyat chindan ham o‘zi chekayotgan azoblarini hab va tomchilar bilan yengillashtirishga o‘rgansa din va falsafadan voz kechadi, shu kungacha turli falokatlardan saqlanishnigina emas, hatto baxt-saodatni ham ulardan topib yuradi-ku. Pushkindek odam o‘lim oldidan qattiq azob chekkanda, sho‘rlik Geynedek odam necha yillab falaj bo‘lib yotganda, hayoti har qanday mazmundan xorij bo‘lgan qandaydir Andrey Yefimich yo Matryona Savishna dard tortsa nima bo‘bdi? Ular dard tortmaganda hayotlari tamomila bekorchi va amyobalar hayotiga o‘xshab qolmaydimi?
Mana shunday muhokamalar bilan ezilib, Andrey Yefimichning hafsalasi pir bo‘ldi va kasalxonaga kunda kelmaydigan bo‘lib qoldi.
VI
Uning hayoti shunday o‘tadi: ertalab soat sakkizda o‘rnidan turadi, kiyinadi va choy ichadi. Undan keyin kabinetiga kirib kitob o‘qiydi yo kasalxonaga ketadi. Bu yerda, tor va qorong‘i yo‘lakda, qatnab boqizuvchi kasallar qabul vaqtini kutib o‘tirishadi. Ularning oldilaridan g‘isht to‘shalgan polni etiklari bilan to‘qillatib, kasalxonada xizmat qiluvchi erkaklar va kasallarga qarovchi ayollar u yoqdan bu yoqqa yurishadi, ozg‘in kasallar xalatga o‘ralib o‘tib turadi, o‘liklarni va iflos idishlarni olib o‘tishadi, bolalar yig‘laydi, shamol g‘irillab u yoqdan bu yoqqa urib turadi. Andrey Yefimich, isitmasi baland, sil, umuman ko‘ngli nozik kasallar uchun bunday joyda turish g‘oyat og‘irligini yaxshi biladi, lekin nima qilsin? Qabulxonada uni, baqaloq, soqol-mo‘ylovlarini taqir qirdirgan, toza va to‘la yuzlik, harakatlari salmoqli, yangi, kengroq kostyum kiygan, feldsherlardan ko‘ra ko‘proq senatorga o‘xshaydigan Sergey Sergeich kutib oladi. Bu kishi shaharda keng miqyosda tajriba qiladi, oq galstuk taqadi va o‘zini mutlaqo tajribasiz doktorlardan a’loroq deb hisoblaydi. Qabulxonada, burchakda kiot ichida sanam osig‘liq, tagida og‘ir shamchiroqlar. Uning yonida muqaddas kitobni qo‘yish uchun qiya qilib ishlangan oq jildlik kursicha; devorlarida aziz avliyolarning rasmi va Svyatogorskiy monastirining manzarasi, ularning atrofiga qurib qolgan bo‘tako‘zdan gulchambarlar taqilgan. Sergey Sergeich dindor, shuning uchun ham zeb-ziynatni yaxshi ko‘radi. Haligi sanam ham uning harakati bilan qo‘yilgan; har yakshanba kuni kasallardan bittasi uning buyrug‘i bilan qabulxonada tovush chiqarib akafist (o‘qilayotganda hamma tik turadigan duo) o‘qiydi, o‘qish tutagach Sergey Sergeich o‘z qo‘li bilan isriq solib, hamma palatalarga tutatib chiqadi.
Kasallar ko‘p, vaqt oz, shuning uchun butun ish, qisqa-qisqa savol berish va uchuvchan maz singari, biron surtadigan dori yoki surgi berish bilan chegaralanadi. Andrey Yefimich engagini mushtiga tirab xayol surib o‘tiradi va beixtiyor savol beradi. Sergey Sergeich ham shu yerda bo‘ladi, qo‘llarini bir-biriga ishqab, har zamonda so‘z qistirib qo‘yadi:
— Kasal bo‘lyapmiz, yo‘qchilik tortyapmiz, — deydi u, — xudoga yaxshi sig‘inmaganimizdan bo‘lyapti. Shunday!
Qabul vaqtida Andrey Yefimich hech qanday operatsiya qilmaydi; u ko‘pdan beri bu ishni tark qilgan, qonni ko‘rsa ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Agar bolaning og‘zini ochib tomogini ko‘rmoqchi bo‘lganda bola chirqirab qo‘llari bilan o‘zini himoya qilsa, quloqlari bitib, boshi aylanib ketadi va ko‘zlarida yosh paydo bo‘ladi. U nari-beri dori yozib berib, xotinga bolani tezroq olib ket deb qo‘l siltaydi.
Qabul qilarkan, kasallarning tortinchoqligi, merovligi yonidagi olifta Sergey Sergeich, devordagi rasmlar va o‘zining yigirma yildan beri berib kelayotgan bir xildagi savoli darrov ko‘ngliga tegadi. Beshta-oltita kasalni ko‘radi-yu ketadi: qolganlarini feldsherning o‘zi qabul qiladi.
Ko‘p vaqtlardan beri uyda kasal qabul qilmaydigan bo‘lib ketgani va hech kim bezovta qilmasligini o‘ylab, xudoga shukur qiladi va uyiga kelish bilan Andrey Yefimich kabinetiga kirib, stol yoniga o‘tirib, kitob o‘qishga tushadi. U juda ko‘p va doim zavq bilan o‘qiydi; oyligining yarmisi kitob olishga ketadi. Olti xonalik uyning uchtasi kitob va eski jurnallar bilan to‘la. U ko‘proq falsafa va tarix asarlarini sevadi: tibbiy asarlardan faqat «Vrach»nigina oladi, o‘shani ham hamisha oxiridan boshlab o‘qiydi. Bir necha soatlab, dam olmay o‘qisa ham charchamaydi. U bir vaqtlar Ivan Dmitrich o‘qigani singari tez va shiddat bilan o‘qimaydi, shoshmasdan, u yoq bu yog‘ini o‘ylab, tushunmagan yo ko‘ngliga yoqqan joylarida to‘xtab-to‘xtab o‘qiydi. Kitobning yonida doim bir grafinchada aroq va tuzlangan bodringmi, olmami, tarelkasiz, stolga yozilgan movut ustida yotadi. Har yarim soatda u, ko‘zini kitobdan uzmay turib, bir ryumka aroq quyib ichadi, so‘ng, timiskilab haligi bodringni topib, undan tishlab qo‘yadi.
Soat uchda sekingina oshxona eshigiga yaqinlashadi va bir yo‘talib qo‘yib:
— Daryushka, ovqat yeb olsammikin-a… — deydi.
Tozalik tomoniga ahamiyat berilmay pishirilgan, jo‘ngina ovqatdan keyin Andrey Yefimich ikki qo‘lini ko‘kragiga qovushtirib xonadan-xonaga o‘tib va xayol surib yuradi. Soat to‘rtga jom urdi, keyin beshga chaladi, u hamon yuradi va xayol suradi. Goh-gohda oshxonaning eshigi g‘ichirlaydi va undan Daryushkaning uyqudan bo‘rtgan qip-qizil basharasi ko‘rinadi.
— Andrey Yefimich, pivo ichadigan vaqtingiz bo‘lmadimi? — deydi u havotir olib.
— Yo‘q, hali vaqt bor… — deydi u, — sal turib ichay… sal turib…
Odatda kechga tomon pochta mudiri Mixail Averyanich keladi. Butun shaharda yolg‘iz shu kishining ulfatchiligi Andrey Yefimichga yoqadi. Mixail Averyanich bir zamonlar juda boy pomeshchik bo‘lgan va otliq askarda xizmat qilgan edi. Lekin bor yo‘g‘ini barbod berib, keksayganida muhtojlik orqasida pochta idorasida ishlashga majbur bo‘ladi. Uning ko‘rinishi sog‘lom va tetik, chiroylik, oppoq bakeni, go‘zal xulqi va jaranglagan yoqimli ovozi bor. U rahmdil va ziyrak, lekin tajang. Agar pochtaga kelganlardan birontasi norozi bo‘lsa, ko‘nmasa yoki muhokama qila boshlasa Mixail Averyanich bo‘rilib, titrab-qaqshab, tovushining boricha «Bas qil!» deb qichqiradi. Shuning uchun ham allaqachonlardan beri pochta bo‘limi kishi borishga qo‘rqadigan idora deb nom chiqargan. U Andrey Yefimichni ma’lumotli va olijanob bo‘lgani uchun sevadi hamda hurmat qiladi, boshqa fuqarolarga esa juda yuqoridan qo‘li ostidagi odamlardek qaraydi.
— Mana men ham keldim! — deydi u, Andrey Yefimichning oldiga kirarkan. — Salom azizim! Joningizga ham tekkandirman, a?
— Aksincha, juda xursandman, — deydi doktor. — Siz kelsangiz, doim xursand bo‘laman.
Do‘stlar kabinetda divanga o‘tirishadi va bir qancha vaqt jim qolishib, papiros chekishadi.
— Daryushka, bizga pivo bo‘lsa edi! — deydi Andrey Yefimich.
Birinchi butilkani ham jim o‘tirib: doktor — xayolga botib, Mixail Averyanich esa, xuddi ko‘nglida aytadigan qiziq gapi bor odamday xushnudlik bilan, ichishadi. Suhbatni hamisha doktor boshlaydi.
— Qanday achinarlik hol, — deydi u boshini qimirlatib, shoshmasdan sekingina, hamsuhbatining ko‘zlariga qaramay. U hech qachon birovning ko‘ziga qaramaydi, — juda-juda achinarli hol, hurmatli Mixail Averyanich bizning shaharimizda aql yurgizadigan, qiziqarli suhbatni sevadigan va shunga qobiliyatli odamlar yo‘q. Bu bizlar uchun g‘oyat katta mahrumiyat. Hatto ziyolilar ham razillikdan ustun turolmaydilar; ulardagi tushuncha, siz ishonishingiz mumkinki, past tabaqa odamlar tushunchasidal yuqori emas.
— Haq gap. To‘g‘ri aytasiz.
— O‘zingizga ma’lumki, — deb davom etadi doktor sekingina, salmoqlab, — dunyoda inson aqlining yuksak ma’naviy namoyandalaridan boshqa hammasi arzimas, qizig‘i yo‘q narsalar. Aql — inson bilan hayvon o‘rtasiga qat’iy chegara qo‘yadi hamda insonni ilohiyligiga ishora qiladi va unga aslida bo‘lmagan bir qadar abadiylik baxsh etadi. Bundan chiqdi, huzur-halovat beradigan, yagona manba aql ekan. Modomiki, atrofimizda aqlni ko‘rmas va eshitmas ekanmiz, — demak, biz huzur-halovatdan mahrummiz. To‘g‘ri, bizda kitoblar bor, lekin kitob jonli suhbat va aloqaning o‘rnini bosolmaydi. Agar ruxsat etsangiz, uncha muvofiq o‘xshatish bo‘lmasa ham, shunday deyish mumkin: kitoblar nota-yu, suhbat — ashula.
— Haq gap.
Jim qolishadi. Oshxonadan Daryushka chiqadi, eshik oldiga keladi-da, siymosida hech qanday ma’no aks etmagan holda, mushtini yuziga tirab quloq soladi.
— Oh! — deb chuqur nafas oladi Mixail Averyanich. — Hozirgilarda aql bor deysizmi!
So‘ngra u qadim zamonda odamlar qanday yaxshi, qiziq va shodiyona hayot kechirganini, Rossiyada aqlli ziyolilar bo‘lganini, ularning nomus va do‘stlik tushunchasini qanchalik yuksak darajaga ko‘targanlarini so‘zlab beradi. Vekselsiz qarz berishar edi va muhtojlikda qolgan o‘rtoqqa yordam qo‘li cho‘zmaslik ayb hisoblanar edi. Qanday harbiy safarlar, hodisalar, to‘qinishlar, qanday o‘rtoqlar, qanday xotinlar bo‘lardi! Kavkaz-chi — naqadar ajoyib o‘lka! Batalon komandirining xotini-chi, alomat xotin edi, kechqurunlari ofitsercha kiyinib olib, otga minib, yolg‘iz o‘zi toqqa chiqib ketar edi. Uning qishloqda qandaydir bir knyaz bilan ishq-muhabbat mojarolari bor deyishardi.
— Voy xudo, — deydi Daryushka chuqur nafas olib.
— Ishchilarimizni ayging! Yegan ovqatlarimizni ayting! Qanday jasur liberallar edik!
Andrey Yefimich quloq soladi-yu, eshitmaydi; pivoni xo‘plab qo‘yib, allanima to‘g‘risida o‘ylaydi.
— Aqlli odamlar va ularning suhbati tez-tez tushimga kirib turadi, — deydi u to‘satdan Mixail Averyanichning so‘zini bo‘lib. — Otam meni xo‘p o‘qitdi-yu, lekin oltmishinchi yillardagi oqim ta’siri ostida doktor bo‘lishlikka majbur qildi. Agar o‘sha vaqtlarda uning so‘ziga quloq solmaganimda, hozir fikr o‘chog‘ining xuddi markazida bo‘lardim, deb o‘ylayman. Ehtimol biron fakultetning a’zosi bo‘lar edim. Albatta, aql ham abadiy emas, o‘tkinchiku, lekin siz mening nima uchun unga moyilligimni bilasiz. Hayot — alamli bir dom. Fikrlovchi inson ulg‘ayib, aqli kamolga yetganda, beixtiyor o‘zini qutulishning iloji bo‘lmagan bir domga ilinganday his qiladi. Haqiqatan, uning ixtiyoridan tashqari, qandaydir tasodiflar orqasida yo‘qdan bor bo‘lib, olamga keladi… Nega? U nega mavjudligining ma’nosini va maqsadini bilishni istaydi — unga aytilmaydi, yoki aql bovar qilmaydigan so‘zlarni aytishadi; taqillatadi, — unga eshik ochmaydilar; o‘lim ham uning ixtiyoridan tashqari, keladi. Mana, turmadagi kishilar, umumiy baxtsizlik tufayli kishilar bir joyga to‘planganlaridan ancha yengil tortganday bo‘ladilar, hayotda ham analiz va umumiy xulosa chiqarishga moyil odamlar bir yerga yig‘ilishib, erkin va sharafli g‘oyalarini o‘rtoqlashish bilan vaqt o‘tkazganlarida haligi dom sezilmaydi. Bu jihatdan aql hech qiyosiz huzur-halovatdir…
— Haq gap.
Andrey Yefimich hamsuhbatining ko‘zlariga qaramay asta va to‘xtab-to‘xtab aqlli odamlar va ularning suhbati haqida so‘zlaydi. Mixail Averyanich bo‘lsa diqqat bilan quloq soladi va unig fikriga qo‘shilib, «haq gap» deb o‘tiradi.
— Siz ruhning abadiyligiga ishonasizmi? — deydi to‘satdan pochta mudiri.
— Yo‘q, hurmatli Mixail Averyanich, ishonmayman va ishonishimga asos ham yo‘q.
— To‘g‘risini aytsam, men ham shubha qilaman. Unday desam, men sira o‘lmaydiganga o‘xshayman. O‘zimga o‘zim, hoy chol, o‘lim yaqin! — desam, ko‘nglimda qandaydir, boshqa bir ovoz, ishonma, o‘lmaysan!.. deydi.
Soat to‘qqizdan o‘tgach Mixail Averyanich ketadi. Dahlizda po‘stinini kiya turib, chuqur nafas olib:
— Buni qarang, taqdir bizlarni qanday qorong‘i burchakka keltirib, tashladi! Hammasidan ham kishiga alam qiladigani shuki, hali shu yerda o‘lamiz ham. Oh!.. — deydi.
VII
Do‘stini jo‘natgach, Andrey Yefimich stol yoniga o‘tiradi, yana o‘qishga kirishadi. Kechqurungi va undan keyin tungi sukunatni tiq etgan tovush buzmaydi. Vaqt ham doktor bilan birga kitob ustida to‘xtab, qotib qolganday, shu kitobdan, yashil qalpoqli lampadan o‘zga hech narsa yo‘qdek tuyiladi. Inson aqlyning harakatini ko‘rib mehri tovlangani va zavq qilganidan doktorning qo‘pol va beo‘xshov yuzlarida asta-asta tabassum paydo bo‘ladi. Oh! Nechun inson abadiy yashamaydi? — deb o‘ylaydi u. — Miyaning markazlari, miyaning egri-bugri burmachalari nechun, ko‘rish quvvati, so‘zlash qobiliyati, ko‘ngil, daho nechun? Modomiki bularning hammasi tuproqqa aylanishga va nihoyat, yer kurrasining qobig‘i bilan birlikda sovunishga, so‘ng million yillar davomida ma’nosiz, maqsadsiz bir tarzda quyosh atrofida aylanishga mahkum ekan, u holda hamon sovunib, undan keyin yer bilan birga aylanib yurish uchun insonni buyuk va deyarli ilohiy aqli bilan yo‘qdan bor qilishning, so‘ng uni masxara qilgandek, loyga aylantirishning mutlaqo keragi yo‘q edi.
Modda almashishi! Bu soxta abadiylik bilan o‘z-o‘zini ovutish qanday qo‘rqoqlik! Tabiatda ro‘y berayotgan g‘ayri shuuriy jarayonlar inson qiladigan ahmoqchiliklardan qam tuban, chunki ahmoqchilikda oz bo‘lsa ham tushuncha va iroda bor, bu jarayonlarda-chi, mutlaqo hech narsa yo‘q. Faqat o‘z fazilatini bilishdan ko‘ra o‘lim oldida qo‘rqish hissi ko‘proq bo‘lgan qo‘rqoqlar: mening jasadim vaqti bilan ko‘katda, toshda, baqada… qaytadan yashaydi deb o‘zini yupatadi. O‘zining abadiyligini modda almashishida ko‘rishlik xuddi qimmat baho skripka sinib, ishdan chiqqanda, qutisining endi istiqboli baland bo‘ladi depishlikday, bo‘lmag‘ur g‘alati gap.
Soat jom chalganda Andrey Yefimich bir oz o‘ylash uchun kresloga suyanib, ko‘zlarini yumadi. Kitobdan o‘qilgan yaxshi fikrlar ta’siri ostida beixtiyor o‘zining o‘tmishiga va hozirgi hayotiga nazar tashlaydi. O‘tmishi jirkanch, yaxshisi uni eslamaslik. Hozirgisi ham o‘shaning o‘zi. U yaxshi biladiki, uning fikri so‘ngan yer kurrasi bilan birga quyosh atrofida aylanayotganda, doktorning uyi bilan yonma-yon katta korpusda, odamlar darddan va jismoniy ifloslikdan siqilib, zorlanib yotishadi: balki birov uxlamay hasharotlar bilan kurashayotgandir, birovga saramas kasali yuqa boshlagandir yo bo‘lmasa qattiq bog‘langan yaraning og‘rig‘iga chidolmay oh-voh qilayotgandir; balki kasallar, kasallarga qarovchi ayollar bilan karta o‘ynab aroq ichishayotgandir. Hisobot yilida o‘n ikki ming kishi aldangan edi; kasalxonaning butun ishi bundan yigirma yil oldin qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shanday, o‘g‘rilik, razillik, ig‘aogarlik, quda-andachilik, ochiq muttahamlik asosiga qurilgan, kasalxona hali ham buzuq axloqli va yashovchilarning sog‘lig‘i uchun g‘oyat zararli bir joy. U temir panjara o‘rnatylgan 6-nomerli palatadagi kasallarni Nikita do‘pposlashini va Moiseykaning har kun shaharga borib gadoylik qilishini yaxshi biladi.
Ikkinchi tomondan, so‘nggi yigirma besh yil ichida tabobat ilmida katta o‘zgarish bo‘lganini u juda yaxshi biladi. U oliy maktabda o‘qib yurgan chog‘larida tibbiy ilm ham tez kundayoq alximiya va metafizikaning kuniga uchraydi deb o‘ylar edi, endi kechalari kitob o‘qir ekan, tabobat uning ko‘nglini iydiradi va hayron qoldiradi, hatto zavqini keltiradi. Haqiqatan, qanday kutilmagan porloq hodisa, qanday revolyutsiya! Antiseptika yordami bilan hatto buyuk Pirogov umid ham etolmagan operatsiyalar qilinayotir. Oddiy zemstvo doktorlari tizza bo‘g‘imini kesishga jur’at qilishadi, ko‘r ichak kasali operatsiyasidan, yuz kishidan bittasigina o‘ladi, tosh kelish kasalini tuzatish shunchalik oddiy gap bo‘lib qolganki, u haqda hatto yozilmaydi. Zaxm tagi-tugi bilan davolanmoqda. Nasldan o‘tish nazariyasi, gipnotizm, Paster va Koxlarning kashfiyotlari, sog‘liqni saqlash va hisobot olib borilishi, bizning rus zemstvo tabobati-chi? Psixiatriya va uning kasallarni hozirgacha guruhlarga bo‘lishi kasalni aniqlash usullari hamda davolashi — avvalgiga nisbatan butun boshliq Elborus-a. Hozir jinnilarning boshiga sovuq suv quyilmaydi va maxsus ko‘ylaklar ham kiygizilmaydi; ularni tuppa-tuzuk sharoitda tutishadi, hatto gazetalarning xabar berishiga qaraganda ularga tomoshalar va bazmlar qilib berisharmish. Andrey Yefimich biladiki, hozirgi nuqtai nazarlar va talablarga qaraganda b-nomerli palata singari qabih joy faqat temir yo‘ldan ikki yuz chaqirim narida, shahar boshlig‘i va butun kattalaridan tortib doktorni avliyo biladigan, og‘izlariga eritilgan qo‘rg‘oshin quyib yuborganda ham unga hech tanqidsiz ishonish kerak deydigan — chalasavod meshchanlardan iborat yerda bo‘lmasa, boshqa joyda-chi, odamlar va gazetalar allaqachon bu kichkina Bastiliyaning titig‘ini chiqarib yuborgan bo‘lardi.
«Xo‘sh nima bo‘bdi? — deb o‘ziga savol beradi Andrey Yefimich ko‘zlarini ochib. — Shulardan nima chiqdi? Antiseptikayu, Kox, Pasterlar deylik, ishning asli hech o‘zgargani yo‘q. O‘sha kasallik, o‘sha o‘lim, hammasi eski holicha turibdi. Jinnilarga bazmlar va tomoshalar qo‘yib berishgani bilan ozod qilib yuborishmabdi-ku. Demak, hammasi ovoragarchilik va bo‘lmag‘ur gap. Venaning eng yaxshi kasalxonasi bilan mening kasalxonam orasida aslida hech qanday farq yo‘q».
Lekin achinish va hasadga o‘xshash bir his uning beparvo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu charchaganlikdan bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. Boshi og‘irlashib kitob sari egiladi, yumshoq bo‘lsin deb yuzini qo‘llariga qo‘yadi va o‘ylaydi:
«Men zararli ishga xizmat qilmakdaman va o‘zim aldayotgan odamlardan oylik olmoqdaman, men vijdonsizman. Lekin mening o‘zimni olinsa, hech gap emas, faqat zarur bo‘lgan ijtimoiy yovuzlikning bir bo‘lakchasiman: uyezd boshliqlarining hammasi zararli kishilar, bekorga oylik olishadi… Demak halol mehnat qilmaganim uchun men emas, davr aybli… Bundan ikki yuz yil keyin tug‘ilganimda boshqa odam bo‘lar edim».
Soat o‘nga jom urganda, u chiroqni o‘chiradi va yotog‘iga kiradi, uning uxlagisi kelmaydi.
VIII
Bundan ikki yilcha oldin zemstvoning sahiyligi tutib ketdi va zemstvoning o‘z kasalxonasi ochilguncha shahar kasalxonasida meditsina xodimlari ko‘paytirilsin deb qaror chiqarib, yordam tarzida yiliga uch yuz so‘mdan pul tayin qildi hamda Andrey Yefemichga yordamchi qilib uyezd doktori Yevgeniy Fedorich Xobotov chaqirtirildi. U hali juda yosh yigit — o‘ttizga ham bormagan, — baland bo‘yli, qora to‘ridan kelgan, yanoqlari chiqqan va ko‘zlari kichik; ehtimol ota-bobolari boshqa xalqdan bo‘lsa. U shaharga bir tiyin pulsiz, kichkinagina chemodan ko‘tarib, yosh va xunuk juvon bilan birga keldi, uni xizmatchim deb yuradi. Xotinning qo‘lida emizukli bolasi ham bor. Yevgeniy Fedorich kozerekli furajka, qo‘nji uzun egik kiyib yurar, qishda bo‘lsa, qisqa paxtalik kiyardi. U Feldsher Sergey Sergeich va xazinachi bilan inoq bo‘lib ketdi. Boshqa mansabdorlarni oqsuyaklar deb, negadir ulardan o‘zini tortib yuradi. Uning butun boshliq uyida faqat bitta — «Vena kasalxonasining 1881 yilgi yangi retseptlari» degan kitobi bor. Kasal ko‘rgani borganida hamisha o‘sha kitobni ola boradi. Kechqurunlar klubda billiard o‘ynaydi, kartani bo‘lsa yoqtirmaydi. So‘z orasiga «g‘alva», «sirkali mantifoliya», «vahima qilma» singari gaplarni qistirishni juda yaxshi ko‘radi.
U haftada ikki marta kasalxonaga boradi, palatadagi kasallarni qaraydi, uncha-muncha kasal ham qabul qiladi. Antiseptika va qon so‘rg‘ich bankalarning butunlay yo‘qligi juda ham fe’lini aynitadi-yu, lekin Andrey Yefimichni tahqirlash bo‘lib tushishidan qo‘rqib, yangi tartib kirgizmaydi. O‘zining hamkasbi Andrey Yefimichni keksa firibgar hisoblaydi, juda dunyosi ko‘p bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi va unga hasadi kelib yuradi. Jon deb uning o‘rniga o‘tirar edi-da.
IX
Bahor kunlaridan birida, kechqurun, mart oyining oxirlarida, yerdan hor ketib kasalxona bog‘ida maynalar sayragan choqda, doktor do‘sti pochta mudirini darvozagacha kuzatib qo‘ygani chiqdi. Gadoylik qilib kelayotgan juhud Moiseyka xuddi shu paytda hovliga kirib keldi. U boshyalang, sarpoychan oyog‘ining uchiga kalish ilgan, qo‘lida sadaqalar solingan to‘rvasi bor edi.
— Bir tiyin ber! — dedi u doktorga, sovuqdan titragan holda kulumsirab.
Yo‘q deyishga odatlanmagan Andrey Yefimich o‘n tiyin berdi.
«Bu yaxshi emas, — dedi doktor uning to‘piqlari qizarib ketgan oriq oyog‘iga qarab, — loygarchilik».
Achinishga ham, jirkanishga ham o‘xshash bir his o‘yg‘ondi-da, Andrey Yefimich dam uning tepakal boshiga, dam to‘piqlariga qaraganicha yahudiyning orqasidan palataga kirdi. Doktor kirishi bilan churuk-choriq ustida yotgan Nikita irg‘ib turib, qomatini rostladi.
— Salom, Nikita, — dedi Andrey Yefimich muloyimlik bilan. — Bir iloj qilib shu yahudiyga etik-petik berilsa edi, bo‘lmasa — shamollab qolar.
— Xo‘p bo‘ladi, janobi oliylari. Nozirga aytaman.
— Shunday qilgin. Mening nomimdan so‘ragin. Meni aytdi degin.
Dahlizdan palataga kiradigan eshik ochiq edi. Ivan Dmitrich krovatda yotgan joyda, yonboshladi va hayajon ichida begona tovushga quloq soldi, birdan doktorni tanib qoldi. G‘azabiga chidolmay bor vujudi larzaga keldi, irg‘ib turdi va qip-qizarib, tutoqqanicha ko‘zlari olaygan holda yugurib palataning o‘rtasiga keldi.
— Doktor keldi! — deb qichqirdi va qah-qah urib kuldi. — Nihoyat! Afandilar, tabriklayman, doktor bizlarni kelib ko‘rishni loyiq topibdi! La’nati gazanda! — dedi chinqirib, palatadagilar hech qachon ko‘rmagan g‘azab ichida yer tepib. — O‘ldirish kerak bu gazandani! Yo‘q, o‘ldirish kamlik qiladi! Hojatxonaga cho‘ktirib yuborish kerak!
Bu so‘zlarni eshitgan Andrey Yefimich dahlizdan palataga qaradi va muloyimlik bilan:
— Nima uchun? — dedi.
— Nima uchun, — deb qichqirdi Ivan Dmitrich, titrab xalatiga o‘ralganicha o‘dag‘aylab va xezlanib unga yaqin bordi. — Nima uchun? O‘g‘ri! — dedi nafrat bilan lablarini xuddi tupurmoqchi bo‘lganday qilib. — Muttaham! Jallod!
— Tinchlaning, — dedi Andrey Yefimich, aybi bor odamdek kulumsirab. — Ishoning, men hech qachon hech narsa o‘g‘irlagan emasman, boshqa jihatlarni bo‘lsa, juda oshirib yubordingiz deyman. Mendan qattiq xafa bo‘lganga o‘xshaysiz. Sizdan o‘tinib so‘rayman, tinchlaning, iloji bo‘lsa qizishmasdan ayting, nega mendan xafasiz?
— Nima uchuy meni bu yerda tutib o‘tiribsiz?
— Kasalligingiz uchun.
— Ha, kasalman. Lekin o‘nlab, yuzlab jinnilar ozodlikda yurishibdi-ku, axir, chunki janoblari nodonliklari orqasida ularni sog‘lardan ayirolmaydilar. Nega endi men va mana bu sho‘rliklargina hamma uchun bu yerda o‘tirishimiz kerak? Siz, feldsher, nozir va kasalxona xodimidan deb yurgan ablahlarning hammasi axloq jihatidan bizlarning har birimizdan qiyos qilib bo‘lmas darajada tubansiz, nega biz o‘tiramiz-u, sizlar o‘tirmaysiz? Qani mantiq?
— Bu yerda gap axloq yoki mantiqda emas. Hammasi tasodifga bog‘liq. Kim o‘tirg‘izilgan bo‘lsa o‘sha o‘tiribdi, kim o‘tirg‘izilmagan bo‘lsa, yuribdi, mana shu mening doktorligim va sizning ruhiy hastaligingizda axloq ham, mantiq ham yo‘q, faqat tasodif xolos…
— Bunday bema’ni gaplarga tushunmayman… — dedi to‘ng‘illab Ivan Dmitrich va krovatga o‘tirdi.
Nikita doktorning yonida tintishdan uyalib o‘z holiga qo‘ygan Moiseyka o‘rniga burda nonlar, danaklar, qog‘ozlarni yoydi va hali ham sovuqdan titragan holda tez-tez cho‘ziq ohang bilan yahudiy tilida nimalarnidir so‘zlay boshladi. Ehtimol, o‘zicha do‘kon ochdim deb o‘ylagandir.
— Meni bo‘shatib yuboring, — dedi Ivan Dmitrich, uning tovushi qaltirab ketdi.
— Iloji yo‘q.
— Xo‘sh, nima uchun? Nega?
— Chunki bu mening ixtiyorimda emas. O‘ylab ko‘ring, bo‘shatib yuborishimning sizga nima foydasi bor? Boring. Yo politsiy, yo shahar ahlidan birontasi sizni ushlab yana shu yerga olib keladi.
— Ha, ha, bu to‘g‘ri gap… — dedi Ivan Dmitrich va peshonasini ishqadi. — Bu dahshatli! Endi men nima qilay axir? Nima?
Ivan Dmitrichning tovushi, uning yuz burishtirishlari, idrok aks etib turgan chehrasi Andrey Yefimichga yoqib qoldi. Uni erkalatgusi, yupatgusi keldi. Ivan Dmitrichning yoniga, krovatiga o‘tirdi, bir oz o‘ylab turib:
— Siz nima qilay deyapsiz? — dedi. — Siz uchun yaxshisi — bu yerdan qochish. Lekin, afsuski, foydasi yo‘q. Tutib olishadi. Qachonki jamiyat ruhiy kasallardan, jinoyatchilardan va umuman birga bo‘lish o‘ng‘aysiz deb hisoblanadigan odamlardan o‘zini chetga tortsa, unga chora yo‘q. Endi sizga bitta yo‘l: shu yerda turishim zarur, deb o‘zingizga tasalli berasiz.
— Bu yerda turishimning hech kimga keragi yo‘q-ku.
— Modomiki turma, jinnixona degan joylar bor ekan, axir kimdir o‘tirishi kerak-da. Siz bo‘lmasangiz — men bo‘lmasam — yana birov. Shoshmang, bir zamonlar kelib turma, jinnixona degan narsalar yo‘q bo‘lib ketadi, o‘shanda derazalardagi temir panjaralar ham, bu choponlar ham bo‘lmaydi. Albatta, ertami-kechmi shunday vaqt keladi.
Ivan Dmitrich istehzo bilan jilmaydi.
— Hazillashyapsiz, — dedi u ko‘zlarini qisib. — Siz singari va yordamchingiz Nikita singari janoblarning kelajak zamon bilan mutlaqo ishi yo‘q, lekin xotiringiz jam bo‘lsin, muhtaram afandim, yaxshi zamonlar albatta keladi! Mayli, mening og‘zimdan yaramas so‘zlar chiqayotgandir, kula qoling, lekin yangi hayot tongi otadi, haqiqat yuzaga chiqadi va bizning ko‘chada ham bayram bo‘ladi! Men ko‘rolmayman, o‘lib ketaman, lekin kimlarningdir evara, chevarasi ko‘radi. Joni-dilim bilan ularni tabriklayman, shodlanaman, ular uchun shodlanaman! Olg‘a! Xudo yor bo‘lsin, do‘stlar!
Ivan Dmitrich ko‘zlarida alanga chaqnab o‘rnidan turdi va qo‘llarini deraza tomon cho‘zganicha tovushida hayajon aks etdirib davom etdi:
— Mana shu panjaralar orqasidan turib fotiha beraman! Yashasin haqiqat! Shodlanaman!
— Men shodlangudek bir sabab ko‘rayogganim yo‘q, — dedi Andrey Yefimich, garchi Ivan Dmitrichning harakatlari unga artistlarga o‘xshab ko‘ringan bo‘lsa ham juda yoqadi. — Turma va jinnixonalar yo‘qoladi, to‘g‘ri, siz aytganingizdek haqiqat ham yuzaga chiqadi-yu, lekin narsalarning asli o‘zgarmaydida, tabiat qonunlari shu holicha qolaveradi. O‘shanda ham odamlar kasal bo‘ladi, qariydi, hozirgiga o‘xshab o‘laveradi. Hayotingizni har qanday porloq yog‘du yoritmasin, axir bir kun sizni tobutga solib, og‘zini mixlab, chuqurga tashlaydilar.
— Abadiylik-chi?
— Be, qo‘ysangizchi!
— Siz ishonmaysiz-ku, mayli, men ishonaman. Yo Dostoyevskiyda yo Volterda, kimdir bittasi: agar xudo bo‘lmaganida uni odamlarning o‘zi o‘ylab chiqarar edi, deydi. Agar abadiylik yo‘q bo‘lsa ertami-kechmi insonning buyuk aqli uni o‘ylab topadi, men shunga qattiq ishonaman.
— Ma’qul gap, — dedi Andrey Yefimich, kayfi chog‘ bo‘lganidan kulumsirab. — Sizning ishonganingiz yaxshi. Bunday ishonchi bo‘lgan odam devor orasiga shuvab tashlaganda ham yashashi mumkin. Siz biron yerda bilim olgan edingizmi?
— Ha, men oliy maktabda o‘qir edim, lekin tamomlagan emasman.
— Sia fikr qiladigan chuqur mulohazalik odamsiz. Har qanday sharoitda yashasangiz ham o‘zingizni yupata olasiz. Hayotni yaxshi anglashga intiladigan chuqur va ozod fikr hamda dunyoning bo‘lmag‘ur ikir-chikiriga butunlay nafrat bilan qarashlik — mana shu ikki ne’matdirki, inson bundan buyuk narsani ko‘rgan emas. Garchi siz uch qavat temir panjara ichida pinhon bo‘lsangiz ham unga erisha olasiz. Diogen bochkada yashagan, shunda ham yer yuzidagi hamma podsholardan baxtli bo‘lgan.
— Diogeningiz ahmoq edi, — dedi Ivan Dmitrich qayg‘uli ohang bilan. — Nega menga Diogen, yana qandaydir hayotni yaxshi anglashlar haqida so‘zlayapsiz? — dedi u to‘satdan ensasi qotib va irg‘ib turdi. — Men hayotni sevaman, ehtiros bilan sevaman! Meni birov ta’qib qilayotir degan dardga mubtaloman, mudom qattiq qiynaydigan qo‘rquv changalidaman. Lekin shunday daqiqalar ham bo‘ladiki, hayotga tashna bo‘laman, yana shunda jinni bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Juda yashagim keladi, juda!
U hayajon ichida bir yo‘l palataning u boshiga borib keldi-da, tovushini pasaytirib:
— Xayol surganimda ko‘zimga allanimalar ko‘rinadi. Oldimga qandaydir odamlar keladi, qulog‘imga cholg‘u ovozlari eshitiladi, nazarimda qandaydir o‘rmonlarda, dengiz bo‘ylarida yurgandek sezaman va hayotning ikir-chikirlari, harakatlari bilan juda band bo‘lgim keladi… Aytib beringchi, qani, u yoqda qanday yangiliklar bor?.. — deb so‘radi Ivan Dmitrich. — Nima gaplar?
— Siz shahar to‘g‘risida so‘rayotirsizmi? Yo umumanmi?
— Mayli, avval shahar to‘g‘risida so‘zlab bering, so‘ng umuman.
— Nima bo‘lardi? Shaharda kishi benihoyat zerikadi… bir og‘iz so‘z qotguday, yo so‘zga quloq solguday odam yo‘q. Yangi kelgan odamlar ham yo‘q. Aytmoqchi, yaqinda Xobotov degan yosh doktor keldi.
— U men borligimda kelgan edi. Qalay, bitta ablahdir-da?
— Ha, madaniyatsiz odam. Bilasizmi, shunisi qiziqki… Umuman qarab tursangiz, poytaxtamizda aql-idrokda turg‘unlik yo‘q, harakat bor, — demak, u yerda haqiqiy odamlar ham bo‘lishi kerak, lekin negadir bu yerga har gal shunday odamlarni yuborishadiki, ko‘rmasam deysan kishi. Baxtsiz shahar!
— To‘g‘ri, baxtsiz shahar! — deb chuqur nafas oldi Ivan Dmitrich va kulib yubordi. — Umuman-chi? Gazeta, jurnallarda nimalar yozilyapti?
Palata qorong‘ilashib qolgan edi. Doktor o‘rnidan turib chet ellarda va Rossiyada nimalar yozayotganlari, hozir qanday fikriy oqimlar borligini so‘zlay boshladi. Ivan Dmitrich g‘oyat diqqat bilan tinglab, savollar berayotgandi, lekin to‘satdan bir mudhish ish yodiga tushganday boshini ushladi va doktorga orqasini o‘girib yotib oldi.
— Nima bo‘ldi sizga? — dedi Andrey Yefimich.
— Endi siz mendan biron og‘iz ham so‘z eshitmaysiz! — dedi Ivan Dmitrich qo‘rslik qilib. — Qo‘ying meni?
— Sabab?
— Aytdim-ku; qo‘ying! Muncha endi?
Andrey Yefimich kiftlarini uchirdi, uh tortib, chiqib ketdi. Dahlizdan o‘tarkan:
— Shu yer bir tozalansaydi, Nikita… Juda sasib ketibdi! — dedi.
— Xo‘p bo‘ladi, janobi oliylari.
«Qanday yoqimli yigit! — deb o‘yladi Andrey Yefimich uyiga kela turib. — Shu yerda turganimdan buyon gap-so‘zga tushunadigan odamni uchratganim shu bo‘lsa kerak. U muhokama qila oladi va zarur narsalarga qiziqadi».
Kitob o‘qiyotganda va yotar vaqtida ham Ivan Dmitrich haqida o‘yladi, ertasiga ertalab uyg‘onib, kecha aqlli va ajoyib yigit bilan tanishgani yodiga tushdi, ilojini topsa uning yoniga yana bir kirib chiqishga jazm qildi.
X
Ivan Dmitrich xuddi kechagidek vaziyatda, boshini qo‘llari orasiga olib, oyoqlarini g‘ujanak qilib yotgandi. Yuzi ko‘rinmas edi.
— Salom do‘stim, — dedi Andrey Yefimich. — Uxlayotganingiz yo‘qmi?
— Avvalo men sizning do‘stingiz emasman, — dedi Ivan Dmitrich yostiqqa yuzini bosib yotganicha, — ikkinchidan behuda urinayotirsiz: mendan biron og‘iz ham so‘z eshitolmaysiz.
— Qiziq… — dedi Andrey Yefimich xijolat tortib. — Kecha bir yaxshi, totuvlik bilan so‘zlashayotgan edik, lekin nimagadir to‘satdan xafa bo‘ldingiz va suhbatni to‘xtatib qo‘ydingiz… Ehtimol, og‘zimdan biron noshoyon so‘z chiqdimi, yo bo‘lmasa, sizning aqidangizga to‘g‘ri kelmaydigan fikrni aytib qo‘ydimmi…
— Shunaqa deng, ishondim qo‘ydim-da, a, sizga? — dedi Ivan Dmitrich boshini ko‘tarib, hayajon ichida istehzo bilan doktorga qarab; uning ko‘zlari qizargan edi. — Josuslikni, sir olishni boshqa joyga borib qiling, bu yerda ketmaydi. Nima uchun kelganingizni kechayoq bilgan edim.
— Qiziq xayol! — dedi doktor jilmayib, — demak sizning bilishingizcha men josus ekanman-da?
— Ha bo‘lmasa-chi… men uning qo‘liga sinash uchun topshirilganimdan keyin doktormi — josusmi — baribir.
— E-ha, hali haqiqatan afv etingiz… Tentak ekansiz-ku!
Doktor uning krovati yonidagi kursichaga o‘tirdi-da, uni aybsitib bosh chayqadi.
— Xo‘p, aytaylik, siz haqli bo‘ling, — dedi u, — aytaylik, men munofiqlik qilib sizni so‘zdan tutib politsiyaga bermoqchiman. Sizni qamoqqa olishsin, so‘ng sud ham qilishsin. Xo‘sh, o‘sha sudda va turmada sizga shu yerdagidan yomon bo‘ladimi? Agar boshqa shaharga, hatto surgunga yuborsalar shu hujrada o‘tirishingizdan yomonmi? Menimcha, yomon emas… Demak, nimadan qo‘rqasiz?
Aftidan, bu so‘zlar Ivan Dmitrichga ta’sir qildi shekilli, sekin turib o‘tirdi.
Soat kechki besh edi, — bu Andrey Yefimich odati bo‘yicha o‘z uyida xonadan xonaga o‘tib yuradigan va Daryushka undan, pivo ichadigan vaqtingiz bo‘lmadimi, deb so‘raydigan kez edi. Eshikda havo sof, sokin edi.
— Men ovqatdan so‘ng aylanib kelish uchun chiqqan edam, huzuringizga kirgim keldi, — dedi doktor. — Bahor bo‘lib qoldi.
— Hozir qaysi oy? Martmi? — deb so‘radi Ivan Dmitrich.
— Ha, martning oxiri.
— Hovli loydir?
— Yo‘q, uncha loy emas. Bog‘ yo‘llari selgib qolgan.
— Endi aravaga tushib biron yerga, shahardan tashqariga chiqsam, — dedi Ivan Dmitrich, qizargan ko‘zlarini uyqudan turgan odamday ishqab, — so‘ng uyim, issiqqina, saranjom-sarishta kabinetimga qaytib kelib… keyin tuzukroq doktorga bosh og‘riqni davolatsam… ko‘pdan beri insonlarcha yashaganim yo‘q. Bu yer juda yomon! Chidab bo‘lmaslik darajada yomon!
Kechagi vasvasadan keyin charchagan, lanj va ancha xafsalasizlik bilan so‘zlar edi. Barmoqlari titrar va yuzidan boshining qattiq og‘riyotgani bilinib turardi.
— Issiqqina, saranjom-sarishta kabinet bilan shu palataning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, — dedi Andrey Yefimich. — Kishining huzur-halovati tashqi sharoitda emas, uning o‘zida bo‘ladi.
— Ya’ni?
— Oddiy odamlar rohatni yoki azobni tashqi sharoitdan, masalan, aravadan, kabinetdan, fikr etuvchi kishi esa o‘zidan kutadi.
— Boring, bu falsafani Gretsiyada targ‘ib qiling, u yer issiq va pomerans hidiga to‘la, bu yerning bod-havosi to‘g‘ri kelmaydi. Kim bilan Diogen haqida so‘zlashgan edim? Siz bilan bo‘lsa kerak?
— Ha, kecha men bilan.
— Diogen kabinet va issiq uyga muhtoj bo‘lgan emas; u yerda bularsiz ham issiq. Bochkaga tush-da, apelsin va zaytun mevasi yeb yotaver. Agar Rossiyada turishga to‘g‘ri kelganda bormi, dekabrda emas, may oyida ham uy talab bo‘lib qolardi-ku. Sovuq bundoq ham asar qilsinki…
— Yo‘q. Sovuqni va umuman barcha og‘riqlarni ham sezmaslik mumkin. Mark Avreliy: «og‘riq — odamning og‘riq haqidagi tushunchasi, irodangni kuchaytirib, mana shu tushunchani o‘zgartir, orqaga tashla, nolishni to‘xtat, og‘riq yo‘qoladi» deydi. Haq gap. Donishmand yoki umuman fikr qiluvchi mulohazali odam, faqat azobdan nafratlanishi bilan boshqalardan farq qiladi; u doim mamnun va hech narsaga taajjublanmaydi.
— Demak, men azob chekkanim, norozilik bildirganim va inson razilligiga taajjublanganim uchun ahmoq ekanman-da.
— Bu gaplaringiz ortiqcha. Agar siz durustroq o‘ylab ko‘rsangiz, bizlarni tahlikaga soladigan sirtqi narsalarning qanchalik arzimasdigini anglab olasiz. Hayotni anglab olishga intilish kerak, — hamma baxt — ana o‘shanda.
— Anglash… — deb yuzlarini burushtirdi Ivan Dmitrich. — Sirtqi, ichki… — Kechiring, men buni tushunolmayman. Faqat shuni bilamanki, — dedi u o‘riidan turarkan, g‘azab bilan daktorga qarab, — shuni bilamanki, xudo meni issiq qon va asablardan yaratgan, shunday! Organik to‘qima agar yashashga qobiliyatli bo‘lsa, sirtdan bo‘ladigan har bir ta’sirga e’tibor berishi kerak. Men e’tibor qilaman! Og‘riqqa — dodlash va yig‘lash bilan, razillikka — nafrat, qabihlikka — g‘azablanish bilan javob qilaman. Menimcha, hayot deb asli o‘zi mana shularni aytilsa kerak. Organizm naqadar taraqqiy topmagan bo‘lsa, shu qadar sezgirligi oz va tashqi ta’sirga shunchalik sust javob qiladi, qanchalik taraqqiylashgan bo‘lsa, shunchalik sezgir bo‘lib, voqilikka tez va g‘ayrat bilan e’tibor qiladi. Shuni ham bilmay bo‘ladimi? Doktor-ku, shunaqangi oddiy narsalarni bilmaydi! Azob chekishga nafrat bilan qaramaslik uchun, doim mamnun bo‘lishlik uchun, hech narsaga hayron qolmaslik uchun mana shunday holga tushmoq kerak, — dedi Ivan Dmitrich, vujudini yog‘ bosib, semirib ketgan mujikni ko‘rsatib, — yoki kishi o‘zini azob bilan shunday pishitishi kerakki, har qanday sezish qobiliyati, ya’ni boshqacha qilib aytganda, yashamay qo‘yshni kerak. Kechiring, men na mutafakkirman, na faylasuf, — deb davom etdi Ivan Dmitrich tutoqib, — va bu to‘g‘rida hech narsa tushunmayman. Fikr yuritguday holim yo‘q.
— Aksincha, fikr yuritishingiz juda soz.
— Siz kulgili ravishda taqlid qilayotgan stoiklar ancha durust odamlar edi, lekin ularning ta’limoti bundan ikki ming yil oldin bir joyda qotib qoldi, bir qadam ham oldinga siljigani yo‘q va siljimaydi, chunki hayotga tatbiq qilib bo‘ladigan qulay ta’limot emas. U faqat butun umrini o‘lib-tolib turli ta’limotlarni o‘rganish, totib ko‘rish bilan o‘tkazadigan ozchilik o‘rtasida shuhrat qozona oldi, ko‘pchilik unga tushunolmadi. Boylikka, hayotdagi qulayliklarga loqaydlikni va azobga, o‘limga nafrat bilan qaramaslikni targ‘ib qiluvchi ta’limotga ko‘pchilik mutlaqo tushunmaydi, chunki bu ko‘pchilik o‘z hayotida boylik nima, turmushdagi qulaylik nimaligini hech qachon bilgan emas; azob chekishga nafrat bilan qaramaslik ular uchun hayotga nafrat bilan qarash degan gap, chunki insonqing vujudi ochlik, yalang‘ochlik, alam, ayriliqni sezishdan va gamletchasiga o‘limdan qo‘rqishdan iborat. Hayot mana shu sezgilarda: uni og‘ir ko‘rishlik, yoqtirmaslik mumkin, lekin undan nafratlanib bo‘lmaydi. Mana shundoq, takror aytamanki, stoiklarning ta’limoti hech qachon yuzaga chiqmaydi. Axir ko‘rib turibsizki, dunyo paydo bo‘lgandan to shu kungacha kurash, og‘riqqa sezgirlik, chetdan bo‘lgan ta’sirga javob qaytarish qobiliyati o‘oib bormoqda…
Ivan Dmitrich birdan fikrining arqog‘ini yo‘qotib qo‘ydi-da, xunob bo‘lib, peshonasini ishqadi.
— Bir muhim narsa aytmoqchi edim, adashib ketdim, — dedi u. — Nima edi? Ha! Shuni aytmoqchi edim; stoiklardan bittasi o‘zining yaqin bir odamini ajratib olishlik uchun qul bo‘lib sotilgan. Buni qarang, demak stoik ham sirtdan bo‘lgan ta’sirga e’tibor qilibdi, yaqin kishing uchun jondan kechishlikdek olijanob ishni qilish uchun azobga qarshi qo‘zg‘aluvchan, rahmdil bo‘lmoq kerak. Bu turmada o‘qib bilganlarimni ham esimdan chiqarib qo‘ydim. Bo‘lmasa yana biron narsani xogirlar edim. Isoni olsak-chi? Iso voqilikka yig‘lash, kulish, qayg‘urish, achchig‘lanish, hatto g‘ussa chekish bilan javob qilgan; u azobga qarshi kulib borgan emas va o‘limga ham nafrat bilan qaragan emas, Gefsiman bog‘ida meni bu balo-qazodan saqla deb ibodat qilgan-ku.
Ivan Dmitrich kulib yubordi-da, o‘tirdi.
— Faraz qilaylik, insonning huzur-halovoti chetda emas, uning o‘zida bo‘lsin, — dedi u. — Faraz qilaylik, azob chekishga nafrat bilan qaraylik-da, hech narsaga hayron qolmaylik. Xo‘sh, siz nimaga asoslanib buni targ‘ib qilayotirsiz? Siz donishmandmisiz? Faylasufmisiz?
— Yo‘q, faylasuf emasman, ammo bu narsani har bir kishi targ‘ib qilishi lozim. Chunki bu oqilona gap.
— Yo‘q, men shuni bilmoqchimanki nega siz anglab olish, azob chekishga nafrat bilan qarash singari masalalarda o‘zingizni bilimdon hisoblaysiz? Siz azob chekib ko‘rganmisiz? Azob nimaligini bilasizmi? Kechirasiz, bolaligingizda sizni savalashganmi?
— Yo‘q, mening ota-onam urib jazolashni yomon ko‘rardi.
— Otam meni ayamay urar edi. Mening otam badjahl, bo‘ynigacha sarg‘ayib ketgan, so‘rraygan, qirra burun, bavosil bir mansabdor edi. Qani, sizning to‘g‘ringizda so‘zlashaylik. Umringizda sizni birov chertgan emas, hech kim qo‘rqitib, yuragingizni olib qo‘ygan emas, buqadek sog‘lomsiz. Otangizning bag‘rida katta bo‘lgansiz va uning puliga o‘qigansiz, so‘ng darhol ishi oz, daromadi zo‘r o‘ringa o‘tirib olgansiz. Yigirma yildan ortiq tayyor xizmatchisi o‘tin-cho‘pi, chirog‘igacha tekin uyda yashagansiz. Buning ustiga qancha va qanday ishlash yoki hech ish qilmaslik o‘z ixtiyoringizda bo‘lgan. O‘zingiz tabiatan yalqov, po‘k odamsiz, shuning uchun ham turmushingizni hech narsa bezovta qilmaydigan va joyidan qo‘zg‘otmaydigan qilib tuzgansiz. Ishni feldsher va o‘shanga o‘xshash ablahlarga topshirib, o‘zingiz issiqqina tinch uyda o‘tirib, pul yig‘ib, kitob o‘qigan bo‘lib, har xil bo‘lmag‘ur yuksak fikrlarning va (Ivan Dmitrich doktorning qip-qizil burniga qarab oldi) ichkilikning kayfini surgansiz. Qisqasi, siz hayotni ko‘rmagansiz va mutlaqo bilmaysiz ham, voqilikni bo‘lsa faqat nazariy ravishda bilasiz. Azob chekishga nafrat bilan qarashingiz va hech narsaga taajjublanmasligingiz sababi juda oddiy: hayotning ikir-chikirlari ichki va tashqi hayotga, azob chekishga va o‘limga nafrat bilan qarash, anglab olish, haqiqiy saodat — bularning hammasi rossiyalik yalqov uchun juda mos falsafa. Masalan, bir mujik xotinini urmoqda, siz unga qarab turaverasiz. O‘rtasiga tushishning nima keragi bor? Qo‘yaver, uraversin, ertami-kechmi ikkovi ham o‘ladi, buning ustiga urayotgan kishi urish bilan u odamni emas, o‘zini haqorat qiladi deysiz. Ichib mast bo‘lib yurish ahmoqlik, beodoblik, lekin ichsang ham — o‘lasan, ichmasang ham — o‘lasan emish. Xotin kishi keladi, tishim og‘riyapti… deydi. Xo‘sh, nima bo‘bdi? Og‘riq — og‘riq haqidagi tushuncha, uning ustiga bu dunyoda kasal bo‘lmay o‘tmaydi kishi, hammamiz ham o‘lamiz, shuning uchun, xotin, yo‘lingdan qolma, mening o‘ylashimga va ichkilik ichishimga xalaqit berma, deyiladi-da. Yosh yigit, nima qilish va qanday yashash haqida maslahat so‘raydi, boshqa kishi bo‘lsa javob berishdan oldin o‘ylab ko‘rardi, sizning javobingiz tayyor: anglab olishga yoki haqiqiy saodatga intil. Bu xayoliy «haqiqiy saodat» nima? Bunga, albatta, javob yo‘q. Bizlarni bu yerda, panjara ichiga qamab chiritishmoqda, holatdan ketguncha azob berishmoqda, bu juda yaxshi va oqilona ish, chunki shu palata bilan yaxshi va issiq kabinetning orasida hech qanday farq yo‘q emish. Qulay falsafa: ish ham yo‘q, vijdon ham sof, ham o‘zingni dono odamday sezasan… Yo‘q, afandim; bu na fikr, na falsafa, na dunyoga keng qarashlik. Bu — yalqovlik, afsungarlik, alahlash… To‘g‘ri! — dedi-da, Ivan Dmitrich yana achchig‘landi. — Azob chekishga nafrat bilan qaramaysiz, agar barmog‘ingizni eshik qisib olguday bo‘lsa tovushingizning boricha dodlar edingiz!
— Bordi-yu, dodlamasam-chi! — dedi Andrey Yefimich salgina jilmayib.
— Shundaymi, dodlamassiz-a! Mana, agar birdan falaj bo‘lib qolsangiz, yoki bironta ahmoq, surbet o‘zining mansabi va amalidan foydalanib, xalq o‘rtasida sizni haqorat qilsa va unga hech qanday jazo berilmasligiga ko‘zingiz yetsa, — ana unda boshqalarni hayotni anglab olishga va haqiqiy baxtga yo‘llash nimaligini bilib qo‘yar edingiz.
— Bu qiziq gap, — dedi Andrey Yefimich zavq bilan kulib va qo‘llarini bir-biriga ishqadi. — Sizning shu zayl xulosa chiqarishlaringiz menga juda yoqadi, haligina menga juda qoyil qoldiradigan baho berdingiz. To‘g‘risini aytsam, siz bilan suhbatlashish menga g‘oyat katta rohat baxsh etadi. Xo‘b, men sizning so‘zlaringizni tingladim, endi siz ham mening so‘zlarimga quloq soling…
XI
Bu suhbat yana bir soatcha cho‘zildi va aftidan Andrey Yefimichga qattiq ta’sir qilgan bo‘lsa kerakki, har kuni shu yerga keladigan bo‘lib qoldi. U ertalab va ovqatdan keyin kelar, ko‘pincha qorong‘i tushguncha ham Ivan Dmitrich bilan suhbatlashib o‘tirardi. Dastlabki kunlarda Ivan Dmitrich undan o‘zini tortar va yomon niyat bilan kelib yuribdi, deb shubhalanib, uni yoqtirmasligini ochiqdan ochiq aytar edi, keyinchalik o‘rganib qoldi va qo‘rs so‘zlikning o‘rniga sal ayab, istehzo aralash muomala qiladigan bo‘ldi.
Tez kundayoq kasalxonaga, doktor Andrey Yefimich 6-nomerli palataga kirib yurar emish, degan ovoza tarqaldi. Na feldsher, na Nikita, na kasallarga qarovchi ayollar — hech kim, uning nima uchun u yerga kirishining, necha soatlab u yerda qolib ketishining, nima haqida so‘zlashishining va nega dori yozib bermay chiqib ketishining tagiga yetolmasdi. Uning bu qilig‘i juda ajib tuyular edi. Mixail Averyanich ham ko‘pincha uni uydan topolmaydigan bo‘lib qoldi, ilgari hech bunday bo‘lmasdi; doktorning ma’lum soatda pivo ichmayotganligidan ba’zan hatto ovqatga ham kechikib kelishidan Daryushka ham dovdirab qolgandi.
Bir kun, iyunning oxirlarida doktor Xobotov qandaydir bir ish bilan Andrey Yefimichning oldiga keldi; uydan topolmagach, hovlidan izlay boshladi; keksa doktorning ruhiy kasallarning yoniga kirib ketganini o‘sha yerdagilar aytishdi. Xobotov u yerga bordi va dahlizda turib, shu so‘zlarni eshitdi:
— Bizlar bir-birimizni hech qachon anglay olmaymiz va meni o‘z maslagingizga tortish qo‘lingizdan kelmaydi, — derdi Ivan Dmitrich qizishib, — voqelik bilan mutlaqo tanish emassiz, hech qachon azob ham chekmagansiz, faqat zuluk singari, bashqalar azob chekayotgan joyda turib, to‘ygansiz. Men bo‘lsam tug‘ilganimdan to shu damgacha muttasil azob chekib kelaman. Shuning uchui ochig‘ini aytaman; men o‘zimni sizdan ustin va har to‘g‘rida mu’tabarroq deb hisoblayman. Menga o‘rgatmay qo‘ya qoling.
— Menda sizni o‘z maslagimga tortay degan xayol mutlaqo yo‘q, — dedi sekingina Andrey Yefimich, uning anglashni istamagani uchun og‘ringanday bo‘lib. — Gap bunda ham emas, do‘stim. Gap siz azob chekib, men chekmaganimda emas. Azob chekishlar, xursandchiliklar o‘tib ketadigan narsa; qo‘ying, xudo ularga yor bo‘lsin… Gap shundaki, bizlar fikr yurgizamiz va bir-birimizda muhokama qilishga, fikr yurgizishga qobiliyatli odamlarni ko‘rmoqdamiz, ana shuning o‘zi, maslagimiznipg turli bo‘lishiga qaramay, bizlarni fikrdosh qiladi. Koshki, siz umumiy aqmoqchilik, qobiliyatsizlik, befahmlikning jonimga qanday tekkanini va har gal siz bilan qanday shodlanib suhbatlashishimni bilsangiz edi, do‘stim! Siz aqlli odamsiz, sizning yoningizda rohat qilaman.
Xobotov eshikni sal qiya ochdi-da, palataga qaradi; qalpoq kiygan Ivan Dmitrich bilan doktor Andrey Yefimich to‘shakda yonma-yon o‘tirardi. Jinni yuzlarini burishtirar, seskanar va beixtiyor xalatga o‘ralardi, doktor bo‘lsa jimgina, boshini quyi solib o‘tirardi, uning yuzi qip-qizil, umidsiz va g‘amgin edi. Xobotov yelkalarini uchirdi, kuldi va Nikita bilan ko‘z urishtirdi. Nikita ham yelkalarini uchirdi.
Ertasiga Xobotov feldsher bilan birga keldi, ikkalasi ham dahlizda turib quloq solishdi.
— Cholimiz butunlay aynib qolganga o‘xshaydi-ku! — dedi Xobotov, u yerdan chiqarkan.
— Yo rabbiy, biz gunohkorlarni o‘zing kechir! — dedi chuqur nafas olib olifta Sergey Sergeich, yaltiraguncha pardozlangan etiklariga loy tegizmaslik uchun ko‘lmak suvdan ehtiyot bilan o‘tarkan, — to‘g‘risini aytsam, hurmatli Yevgeniy Fedorich, men ko‘pdan beri shunday bo‘lishni kutgan edim! — dedi.
XII
Shundan keyin Andrey Yefimich atrofida qandaydir sirli bir hol seza boshladi. Kasalxonada xizmat qiluvchi erkaklar, kasallarga qarovchi ayollar va kasallar uning bilan uchrashganda savol nazari bilan boqishar, so‘ng ivir-shivir so‘zlashardi. Nozirning qizi Masha ham kasalxona bog‘ida uchrab qolganda, Andrey Yefimich odatdagicha uning boshidan silamoqchi bo‘lib, kulumsirab yoniga borsa, negadir qochadigan bo‘lib qoldi. Pochta mudiri Mixail Averyanich uning so‘zlariga quloq solarkan ortiq: «haq gap» demasdan, anglab bo‘lmaydigan bir xijolat ichida, «Ha, ha ha…» derdi, o‘ychanlik va qayg‘u bilan unga boqardi; nima uchundir u do‘stiga, ichkilikni tashlash kerak, degan maslahatni bera boshladi, lekin odoblik odam bo‘lgani uchun ochiq aytolmasdan goh bir batalon komandiri bo‘lgan yaxshi odam to‘g‘risida, goh polk popi bo‘lgan durust yigit to‘g‘risida gap keltirib, ularning ham ichib kasal bo‘lganlari, lekin ichkilikni tashlash bilan butunlay tuzalib ketganlari to‘g‘risida shama qilib so‘zlar edi. Ikki-uch marta Andrey Yefimichning uyiga hamkasbi Xobotov ham kelib ketdi; u ham ichkilikni tashlashni va hech qanday sabab yo‘qligiga qaramay bromli kaliy ichishni buyurardi.
Avgust oyida Andrey Yefimich shahar boshlig‘idan juda zarur ish yuzasidan kelib-ketishini iltimos qilib yozilgan xat oldi. Andrey Yefimich tayinlangan vaqtda mahkamaga borsa, u yerda harbiy ishlar boshlig‘i, uyezd o‘quv yurtining noziri, shahar mahkamasi a’zosi bo‘lmish bir kishi, Xobotov va yana to‘ladan kelgan sarg‘ish sochlik qandaydir bir odam ham bor ekan, bu kishini unga doktor deb tanitishdi. Bu aytilishi qiyin polyakcha familiyali doktor, shahardan o‘ttiz chaqirim narida ot zavodida turarkan va shaharga yo‘lakay tushgan ekan.
— Sizlarning ishingizga tegishli bir ariza bor, — dedi mahkama a’zosi Andrey Yefimichga, hamma ko‘rishib bo‘lib stol atrofiga o‘tirgandan keyin. — Mana, Yevgeniy Fedorich aytadilarki, katta korpusda aptekaga joy torlik qilayotir, shuni uylardan bittasiga ko‘chirsak deydilar. Bu, albatta, hech gap emas, ko‘chirish mumkin, lekin asosiy masala — uyni remont qilish.
— Ha, remont qilinmasa iloji yo‘q, — dedi Andrey Yefimich o‘ylab ko‘rib. — Agar, masalan, burchakdagi uyni aptekaga muvofiqlashtirsak, mening bilishimcha, unga kamida besh yuz so‘m kerak, samarasiz chiqim.
Bir oz jim qolishdi.
— Men bundan o‘n yil muqaddam, — deb davom qildi Andrey Yefimich, ohista ovoz bilan, — bu kasalxonani haqiqiy holida asrashga shaharning kuchi yetmaydi deb aytgan edim. O‘zi qirqinchi yillarda solingan, axir u vaqtdagi sarmoya boshqa edi. Shahar befoyda imoratlar va ortiqcha mansablar uchun juda ko‘p pul sarf qiladi. Mening o‘ylashimcha, tartib boshqacharoq bo‘lganda edi, shu pullarga ikkita namunali kasalxona qilib qo‘yish mumkin edi.
— Qani, bo‘lmasa o‘sha boshqacha tartibni qilaylik! — dedi tezlik bilan mahkama a’zosi.
— Men allaqachonlar aytgan edim: tibbiy bo‘limni zemstvo ixtiyoriga topshiring.
— Shundaymi, pulni zemstvo ixtiyoriga topshiring, u o‘g‘irlasa-chi, — deb kuldi sarg‘ish sochli doktor…
— Bu aniq, — deb haligining fikriga qo‘shildi mahkama a’zosi, u ham kuldi.
Andrey Yefimich sarg‘ish sochli doktorga erinchoqlik bilan ma’nosiz bir nazar tashladi va:
— Insof kerak, — dedi.
Yana jim qolishdi. Choy keltirildi. Nimagadir juda xijolat tortgan harbiy ishlar boshlig‘i, stul ustidan qo‘lini cho‘zib, Andrey Yefimichning qo‘lini ushlab qo‘ydi va kulib:
— Bizlarni juda unutib yubordingiz, doktor, — dedi. — Shunisi borki, taqvodorsiz: karta o‘ynamaysiz, xotinlarni yoqtirmaysiz, bizlarning oramizda zerikib ham qolasiz-da.
Hammalari birdan, durust odam uchun bu shaharda turish og‘irligi haqida so‘zlab ketdilar. Na teatr bor va na muzika bor, so‘nggi marta bo‘lgan tanda kechasida yigirmaga yaqin dama va ikkitagina kavaler bo‘ldi. Yoshlar tantsa tushmaydi, hamisha bufetda uymalashadi yoki karta o‘ynaydi, deyishdi. Andrey Yefimich hech kimga qaramay, shoshilmasdan sekingina so‘z boshlab, shahar xalqi o‘z quvvati, yuragi va aqlini kartaga va g‘iybatga sarf qilishi juda-juda achinarlik hol ekanini, vaqtini qiziq suhbatlar va o‘qish bilan o‘tkazishni bilmasligini va buni istamasligini, yana aql orqasida keladigan lazzatlardan foydalanishni istamasligini gapirdi. Yolg‘iz aqlgina go‘zal va yaxshi narsa, boshga hammasi mayda va tuban narsalar, dedi. Xobotov hamkasbining so‘zlarini diqqat bilan tinglab turib, to‘satdan:
— Andrey Yefimich, bugun nechanchi chislo? — deb so‘radi. Javob olgach, u bilan birga sargish soch doktor, o‘z no‘noqligini bilib turgan imtihon oluvchilardek, Andrey Yefimichdan bugun qaysi kun, bir yilda necha kun bor va 6-nomerli palatada ajoyib payg‘ambar borligi rostmi deb so‘radi.
So‘nggi savolga javob berayotgan Andrey Yefimich qizarib ketdi va:
— Ha, u kasal, lekin ajoyib yigit, — dedi.
Unga boshqa hech qanday savol berishmadi.
U dahlizda paltosini kiyarkan, harbiy ishlar boshlig‘i Andrey Yefimichning yelkasiga qo‘lini tashladi va uh tortib:
— Biz, keksalar endi dam olsak ham bo‘ladi! — dedi.
Mahkamadan chiqa turib Andrey Yefimich bular uning es-hushini tekshirgani tuzilgan komissiya ekanligini angladi. U o‘ziga berilgan savollarni esladi va qizarib ketdi, negadir hayotida birinchi marta tabobat ilmining ahvoliga qattih achindi.
«Yo rabbiy, — deb o‘yladi u, vrachlarning hozirgina uni qanday tekshirganlarini eslab, — axir ular yaqindagina ruhiy hastaliklarni o‘qib, imtihon berishgan-ku, bu qadar nodonlik qayerdan keldi? Ruhiy hastalik nima ekanligini bilmaydilar-ku, axir!»
U hayotida birinchi martaba o‘zini haqoratlangan va g‘azablangan holda ko‘rdi.
Usha kuniyoq kechqurun uning uyiga Mixail Averyanich keldi. Pochta mudiri salomlashmasdanoq uning yoniga bordi-da, ikki qo‘lidan ushlab, qaltiroq tovush bilan:
— Azizim, do‘stim, mening ko‘nglim yaqinligiga ishonishingizni va o‘zingiz ham meni do‘st deb hisoblashingizni isbot qiling… Do‘stim! — U, Andrey Yefimichga so‘z bermasdan, hayajonlanib davom qildi: — men sizni ilmlik va sofdil bo‘lganingiz uchun sevaman. So‘zlarimga quloq soling, azizim. Fan qoidalari doktorlarni sizdan haqiqatni yashirishga majbur qiladi, lekin men harbiychasiga to‘g‘risini shartta aytib qo‘ya qolaman: siz salomat emassiz! Kechiring meni, do‘stim, to‘g‘risi shu, buni allaqachonlardan beri atrofingizdagilarning hammasi sezgan. Hozirgina doktor Yevgeniy Fedorich menga, sizning sog‘lig‘ingiz uchun yaxshisi dam olish va ko‘ngil ochish zarurligini aytdi. Juda to‘g‘ri! Juda soz! Tez kun ichida men otpuska olaman va bir oz boshqa havoni hidlab kelgani ketaman. Do‘stim ekanligingizni ko‘rsating, birga ketaylik! Boraylik, yoshlik davrini esga solib aylanib kelaylik.
— Men o‘zimni juda sog‘lom sezaman, — dedi Andrey Yefimich o‘ylab turib. — Borishimning iloji yo‘q. Ruxsat etsangiz do‘stligimni qanday bo‘lmasin boshqacha qilib bildira qolay.
Nima uchun ketayotganini bilmasdan, qayoqlargadir ketish, kitobsiz, Daryushkasiz, pivosiz, 20 yildan buyon o‘rnashib qolgan hayot tartibini birdan buzish, — bunday fikr birinchi minutda unga ajib va xayoliy bir gapday tuyuldi. Lekin mahkamada bo‘lib o‘tgan gaplarni, u yerdan kelayotganida kechirgan og‘ir holatini esladi va uni jinniga chiqarib qo‘ygan ahmoq odamlar yashayotgan shahardan bir oz vaqt uzoqlashish kerak degan fikr yoqqanday bo‘ldi.
— Qani, o‘zingiz qayoqqa bormoqchisiz? — dedi.
— Moskvaga, Peterburgga, Varshavaga… Varshavada hayotimning baxtli besh yilini o‘tkazganman. Qanday ajoyib shahar! Ketaylik, azizim!
XIII
Bir haftadan keyin Andrey Yefimichga dam olishni, to‘g‘risi ishdan bo‘shab ketishni taklif qilishdi, bunga u ancha beparvo qaradi, yana bir haftadan keyin Mixail Averyanich bilan ikkovi shaldiroq aravaga tushib, yaqinroqdagi temir yo‘l stantsiyasiga qarab yo‘l ham olishdi. Kunlar salqin, havo ochiq, ko‘k yuzi zangori bo‘lib, uzoq joylar ko‘rinar edi. Stantsiyagacha bo‘lgan ikki yuz chaqirim yo‘lni ikki kulda bosishdi va yo‘lda ikki marta qo‘nishdi. Bekatlarda choy ichgani yaxshi yuvilmagan stakan berilsa yoki tarantasga imillab ot qo‘shilsa, Mixail Averyanich qip-qizarib ketar va butun vujudini qaltiroq bosib: «Tovushingni o‘chir!», «Mahmadanalik qilma!» deb qichqirardi. Tarantasda bo‘lsa, bir daqiqa tinmasdan o‘zining Kavkazga va Polsha podsholigiga borganlarini so‘zlardi. Naqadar ajoyib hodisalar, qanday uchrashuvlar! U shang‘illab so‘zlarkan, ko‘zlarida shunday bir hayronlik alomati paydo bo‘lardi, kishi bu odam yolg‘on so‘zlayotir deb o‘ylar edi. Uning ustiga, gapirarkan, to‘g‘ri Andrey Yefimichning yuziga qarab dam urar, qulog‘ining tagida qahqahlab kulardi. Bu hol doktorni siqar, o‘ylashga va xayolini bir joyga to‘plashga xalal berardi.
Temir yo‘lda bo‘lsa iqtisod qilib, uchinchi klassga, papiros chekmaydiganlar vagoniga tushishdi. Yo‘lovchilarning yarmi toza kiyim kiygan odamlar edi. Mixail Averyanich tez orada hamma bilan tanishib oldi va skameykadan skameykaga o‘tib, shang‘illab, bu yaramas yo‘llardan yurish kerak emas, deb so‘zladi. Qay tomonga qarasang muttahamlik! Otga minib yurishga nima yetsin: kuniga yuz chaqirimdan yo‘l bosasan-da, keyin o‘zingni tetik va sog‘lom sezasan. Bizda hosil bitmaslik, Pinsk botqoqligini quritib yuborganlaridan bo‘layotir. Umuman tartibsizlik mudhish darajada.
U qizishib, shang‘illab so‘zlar va hech kimga gal bermas edi. Bu ora-chora qah-qah urish bilangina bo‘linadigan bitmas-tuganmas bema’ni so‘z, ifodali imo-ishoralar Andrey Yefimichning tinkasini quritdi.
«Qaysi birimiz jinnimiz? — deb o‘ylardi u, diqqati oshib. — yo‘lovchilarni biror ish bilan bezovta qilmaslikka tirishayotgan menmi, yo o‘z huzurini ko‘zlovchi, bu yerdagilarning hammasidan o‘zini aqlliroq va alomatroq deb o‘ylaydigan, shuning uchun ham hech kimga tinchlik bermayotgan umi?»
Moskvada Mixail Averyanich pogonsiz harbiy syurtuk va yon choklariga qizil qo‘yib tikilgan shim qiydi. Ko‘chaga chiqqanda harbiy furajka va shinel kiyib yurar, soldatlar unga chest berib o‘tishardi. Endi Andrey Yefimichning nazarida u o‘zining qachonlardir bo‘lgan kiborlik xulqlarining hamma yaxshi jihatlarini yo‘qotib, o‘ziga faqat yomon jihatlarini olib qolgan odamga o‘xshab ko‘rinardi. Hech keragi bo‘lmagan yerda ham birovning o‘ziga xizmat qilishini yaxshi ko‘rardi. Gugurt ro‘parasida, stolda yotibdi, uni o‘zi ko‘rib ham turadi-yu, xizmatkorga gugurtni olib ber deb qichqiradi; uy xodimasining oldida tortinmasdan ichki kiyimda yuradi; xizmatkorlarning hammasini, farq qilmay, hatto keksalarini ham sansiraydi, jahli chiqqunday bo‘lsa ularni esi past, ahmoq deb aytadi. Bu ishlar Anrey Yefimichga kiborlikday ko‘rinsa ham, lekin qabihlikday tuyuladi.
Mixail Averyanich do‘stini avvalo Iverskoyega olib bordi. U ikki bukilib astoydil ibodat qilar, ko‘zlariga yosh olib va ibodat qilib bo‘lgach chuqur nafas oladi-da:
— Ishonmayman-ku, lekin ibodat qilgandan keyin kishi tinchlanganday bo‘ladi. Sajda qiling, azizim, — deydi.
Andrey Yefimich xijolat tortib sanamni o‘padi. Mixail Averyanich bo‘lsa lablarini cho‘chchaytirib, boshini qimirlatib shivirlab ibodat qiladi, yana ko‘zlariga yosh oladi. Undan keyin Kremlga ketishdi, u yerda tsar-pushkani , tsar-kolokolni ko‘rishdi va ularni hatto barmoqlari bilan ushlashdi. Zamoskvoreche manzarasini zavq bilan tomosha qilishdi, Spasitel ibodatxonasiga va Rumyantsev muzeyiga ham kirib chiqishdi.
Tushlik ovqatni Testovning oshxonasida yeyishdi. Mixail Averyanich chakka soqollarini silaganicha menyuga uzoq vaqt qarab o‘tirdi-da, restoranlarda ham o‘zini uyida o‘tirgandek sezishga o‘rganib qolgan shinavanda singari:
— Ko‘raylikchi, bizlarni nima bilan mehmon qilar ekansiz, farishtam! — dedi.
XIV
Doktor yuradi-turadi, tomosha qiladi, yeydi-ichadi-yu, Mixail Averyanich g‘ashini keltirayotganini hech unutolmaydi. U o‘rtog‘idan ayrilib, yashirinib qolgusi, tanho o‘zi dam olgusi keladi, o‘rtog‘i esa, uni o‘zidan bir qadam nari yubormaslikni va mumkin qadar ko‘proq uning ko‘nglini ochishni o‘zining burchi deb biladi. Ko‘radigan narsa qolmaganda, uning ko‘nglini gap bilan ochishga urinadi. Andrey Yefimich ikki kun birga chiqdi. Uchinchi kun do‘stiga kasalligini va kun bo‘yi uyda qolish niyatida ekanligini aytdi. Do‘sti, agar unday bo‘lsa, men ham uyda qolaman, dedi. Haqiqatan dam olish kerak, bundoq yuraversak, oyoqda oyoq qolmaydi, — dedi. Andrey Yefimich divanga yotdi, orqasini o‘girdi-da, tishini-tishiga qo‘yib, uning so‘zlariga quloq soldi. Do‘sti bo‘lsa, ertami-kechmi, Frantsiya, albatta, Germaniyani tor-mor qiladi, Moskvada muttahamlar juda ko‘p va otning ko‘rinishiga qarab uning yaxshi jihatlari haqida biror fikr aytish qiyin, deb uni ishontirishga harakat qilib astoydil gapirdi. Doktorning qulog‘i bitib, dili o‘ynay boshladi, lekin do‘stiga chiqib keting yoki gapirmang deyishga nazokati yo‘l qo‘ymaydi. Uning baxtiga nomerda o‘tirish Mixail Averyanichning joniga tegib, ovqatdan so‘ng bir aylanib kelgani chiqib ketdi.
Yolg‘iz qolganidan keyin, Andrey Yefimich yayrab dam oldi. Uyda yolg‘iz o‘zing ekaningni bilganing holda qimirlamay divanda yotish qanday yaxshi! Yolg‘izlikdan boshqa baxtning bo‘lishi mumkin emas. Tubanlashgan farishta ehtimol farishtalar bilmaydigan yolg‘izlikni istab xudoga xiyonat qilgandir. Andrey Yefimich so‘nggi kunlarda ko‘rgan va eshitganlari haqida o‘ylay desa, Mixail Averyanich xayolidan sira nari ketmas edi.
«Axir u otpuska olib men bilan birga kelganida do‘stligidan, olihimmatligidan keldi-ku, — derdi doktor, xunob bo‘lib. — Mana shu do‘stona g‘amxo‘rligidan yomon narsa yo‘q-da. Bo‘lmasa o‘zi rahmdil, olijanob, xushchaqchaq odamga o‘xshaydi-ku, lekin kishini zeriktiradi, chidab bo‘lmaslik darajada zeriktiradi. Shunday odamlar bo‘ladiki, doim ma’noli va yaxshi so‘zlarni gapirsayam, lekin befahmligini shunday sezib turadi kishi».
Bundan keyingi kunlarda ham Andrey Yefimich kasalman deb nomerdan chiqmay qo‘ydi. U divan suyanchig‘iga yuzini o‘girib yotar, do‘sti gap bilan uning ko‘nglini ochishga uringanda siqilar va chiqib ketganda dam olardi. Kelgani uchun o‘zidan, yana kundan-kunga battar jag‘i ochilib, sergap bo‘lib borayotgan do‘stidan koyinib, xunob bo‘lardi: fikrini jiddiy va yuksak izga solishning asti ilojini topolmas edi.
«Meni bir vaqtlar Ivan Dmitrich aytgan voqelik aylantirayotir, — deb o‘ylardi u, o‘zining ikir-chikirlarga ahamiyat berishidan achchig‘lanib. — Umuman bo‘lmag‘ur gaplar… Uyga borsam hammasi o‘z joyiga tushib qoladi…»
Peterburgda ham ahvol shu bo‘ldi: ertadan kechgacha nomerdan chiqmadi, divanda yotdi, faqat pivo ichganigina o‘rnidan turardi.
Mixail Averyanich uni tezroq Varshavaga ketishga qistardi.
— Azizim, men u yerga borib nima qilaman? — derdi Andrey Yefimich yolvorib. — Yolg‘iz bora qoling, sizdan so‘rayman! Menga ruxsat bering, uyga ketay!
— Aslo iloji yo‘q! — deb qarshilik qildi Mixail Averyanich. — Varshava juda ajoyib shahar. U yerda men hayotimning baxtli besh yilini o‘tkazganman!
O‘z aytganini qilishlikka Andrey Yefimichning irodasi kuchsizlik qildi va bo‘ynidan boylaganday Varshavaga ketdi. Bu yerda ham nomerdan chiqmadi, divanda yotdi, o‘zidan, do‘stidan va rus tilini tushunishni asti istamagan xizmatkorlardan koyindi. Odatda sog‘lom, tetik, xursand Mixail Averyanich bo‘lsa ertadan-kechgacha shaharni aylanar va eski tanishlarini axtarardi. U bir necha marta uyda tunamadi. Qayerda tunagani noma’lum, bir kechadan so‘ng qip-qizil bo‘lib, sochlari to‘zigan, qattiq hayajonga tushgani holda ertalab qaytib keldi. O‘zicha nimalarnidir so‘zlab, uzoq vaqt uyning u boshidan bu boshiga yurgandan keyin to‘xtadi va:
— Hammadan ham nomus kerak! — deb qo‘ydi.
Yana bir oz yurgach boshini ushladi va dahshatli tovush bilan:
— To‘g‘ri, hammadan ham nomus kerak! Birinchi gal boshimga shu shaharga kelish fikri yetgan daqiqaga la’natlar bo‘lsin! Azizim, — dedi, doktorga qarab, — mendan nafratlaning, yutqazib keldim! Menga besh yuz so‘m berib turing!
Andrey Yefimich besh yuz so‘mni sanadi va indamasdan do‘stiga berdi. U, uyatidan va g‘azabidan hali ham qizargan holda g‘o‘ldirab, qandaydir bir befoyda qasamni ichdi-da, shapkasini kiyib chiqib ketdi. Ikki soatlardan keyin qaytib kelib, o‘zini kresloga tashladi va qattiq uh tortib:.
— Nomus saqlandi! Ketamiz, do‘stim! Bu la’nati shaharda mening bir minut ham turgim kelmaydi. Muttahamlar! Avstriya josuslari! — dedi.
Do‘stlar o‘z shaharlariga qaytib kelishganda noyabr oyi edi va ko‘chalarda qalin qor yotardi. Andrey Yefimichning o‘rnini doktor Xobotov olgan edi; u Andrey Yefimichning kasalxonaga qarashli uyini bo‘shatib berishini kutib hali ham eski joyida turar edi. U xizmatchim deb yurgan xunuk juvon, kasalxona uylaridan bittasida turardi.
Shaharda kasalxona to‘g‘risida yangi g‘iybatlar tarqalgandi. Aytardilarki, haligi xunuk juvon kasalxona noziri bilan urishib qolgan emish, nozir juvonning oldida tiz cho‘kib uzr so‘ragan emish.
Andrey Yefimich qaytib kelgan kuniyoq o‘ziga uy izlashga to‘g‘ri keldi.
— Do‘stim, — dedi pochta mudiri tortinibgina, — andishasizlik qilib berayotgan savolim uchun kechiring: — qancha dunyongiz bor?
Andrey Yefimich indamasdan pullarini sanadi-da:
— Sakson olti so‘m, — dedi.
— Men uni so‘rayotganim yo‘q, — dedi xijolat tortib Mixail Averyanich, doktorning so‘ziga tushunolmay. — Umuman qancha deyapman?
— Men ham o‘shani aytyapman-da, sizga. Sakson olti so‘m… bundan boshqa hech narsam yo‘q.
Mixail Averyanich doktorni halol va nomusli odam deb bilgani holda, hech bo‘lmasa yigirma mingga yaqin sarmoyasi bor deb o‘ylardi. Endi bo‘lsa Andrey Yefimichning faqirligini, hayot kechirishiga ham yetarlik narsasi yo‘qligini bilib, negadir to‘satdan yig‘lab yubordi va do‘stini quchoqlab oldi.
XV
Andrey Yefimich meshchanka Belovaning uch derazalik choqqina uyida turar edi. Oshxonasini hisobga olinmasa, bu uy uchtagina xonadan iborat. Derazalari ko‘chaga qaragan ikkita xonasida doktor turar, oshxona bilan uchinchi uyda Daryushka va uch bolasi bilan meshchankaning o‘zi turardi. Goho bekaning o‘ynashi, mast mujik tunagani kelardi, kechalari to‘polon qilib bolalarning va Daryushkaning o‘tini yorardi. U kelib va oshxonada o‘tirib olib aroq talab qilganda uydagilarning hammasi siqilib qolardi, shunda doktor rahmi kvlganidan yig‘layotgan bolalarni o‘z uyiga olib chiqar, polga yotqizib qo‘yardi va bunday qilish unga ko‘p huzur-halovat baxsh etardi.
U avvalgiday ertalab soat sakkizda turar, choydan keyin o‘tirib, eski kitob va jurnallarni o‘qir edi. Yangisini olishga endi puli yo‘q edi… Kitoblarning eskiligidanmi yoki sharoit o‘zgarganidanmi — o‘qish uni chuqur ta’sirlantirmaydi va charchatardi. Vaqtini bekor o‘tkazmaslik uchun kitoblarga to‘la katalog tuzib, ularning muqovasiga patta yopishtirar va bu aql yurgizilmaydigan, qunt talab qiladigan mayda ish o‘qishdan qiziqroq tuyulardi. Bir xil serdiqqat ish qandaydir tushunib bo‘lmaydigan bir tarzda uning fikrini allalaydi va hech narsa haqida o‘ylamaydi, vaqt ham tez o‘tadi. Hatto oshxonaga kirib Daryushka bilan kartoshka archish va qora bug‘doy yormasidagi cho‘p-xaslarni terish ham qiziq tuyulardi. Shanba va yakshanba kunlari u cherkovga boradi. Devor yonida turib, ko‘zlarini suzib, o‘qiladigan oyat kuyiga quloq solarkan, ota-onasini, oliy maktabdagi chog‘larini va dinlar haqida o‘ylaydi; u ko‘ngli tinchib, xomush tortib ketadi va keyin cherkovdan chiqib ketayotganida ibodatning bunchalik tez tamom bo‘lganiga achinadi.
U Ivan Dmitrich bilan suhbatlashgani ikki marta kasalxonaga bordi. Lekin Ivan Dmitrich har gal ham haddan tashqari tutoqqan va darg‘azab edi; u o‘zini tinch qo‘yishlarini o‘tindi, bo‘lmag‘ur quruq so‘zning allaqachon joniga tekkanini, chekayotgan barcha azob-uqubatining evaziga bu la’nati razil odamlardan faqat bitta mukofot — yolg‘iz qamashlarini iltimos qilganini aytdi. Nahotki shuni ham rad qilsalar? Har ikki gal ham Andrey Yefimich xayrlashayotib, xayrli kech desa, u g‘ijinib:
— Ming la’nat! — dedi.
Andrey Yefimich endi uchinchi marta borishini ham, bormasligini ham bilmasdi. Lekin borgisi kelardi.
Ilgari Andrey Yefimich tushlik ovhatdap keyin xonadan-xonaga o‘tib yurardi va xayol surardi, endi bo‘lsa, ovqatdan to kechki choygacha divanga orqasini o‘girib yotib, hech nari ketmayotgan mayda-chuyda gaplarni o‘ylaydi. Yigirma yildan ortiq qilgan xizmati uchun unga nafaqa ham, na bir yo‘la yordam puli ham berishmagani alam qilardi. To‘g‘ri, u halol xizmat qilmadi, lekin nafaqani halol xizmat qilgan, qilmaganiga qaramay xizmatchilarniig hammasi oladi-ku. Hozirgi zamonning bor-yo‘q odilligi ham shundaki, unvon, orden, nafaqalar bilan kishining axloqi va uning qobiliyatini emas, umuman vazifani mukofotlaydilar, qanday vazifa bo‘lishining farqi yo‘q-ku. Nega endi bu qoidadan bitta u chetda qolishi kerak? Uning hech puli yo‘q. Do‘kon oldidan o‘tishga va uy bekasiga qarashga nomus qiladi. Pivochidan o‘ttiz ikki so‘m qarz. Meshchanka Belovadan ham qarz. Daryushka sekin-asta borib eski ko‘ylaklarni, kitoblarni sotib keladi va doktor yaqinda juda ko‘p pul oladi deb, bekani aldaydi.
Yig‘ib qo‘ygan ming so‘mini sayohatga sarf qilgani uchun doktor o‘zini koyidi. Hozir o‘sha ming so‘m, qaiday ish berar edi! Yana odamlar uni o‘z holiga qo‘ymaganlaridan diqqati oshardi. Xobotov onda-sonda kelib, kasal bo‘lib qolgan hamkasbini ko‘rishni o‘z burchi deb biladi. Unda bo‘lgan hamma narsa: qo‘nji uzun etigidan tortib to‘liq yuzi, so‘zlaridagi bema’ni, ortiq darajada kibrli ohang, «hamkasb» deyishi, Andrey Yefimichga jirkanch tuyuladi; hammadan ham ko‘ngliga uradigani Andrey Yefimichni davolashni o‘z vazifasi deb bilishi va haqiqatan ham davolayapman deb o‘ylashi edi. Har kelganda bir shisha bromli kaliy va revendan yasalgan hab ko‘tarib kelar edi.
Mixail Averyanich ham do‘stini ko‘rib turishni va uning ko‘nglini ochishni o‘z burchim deb bilardi. Har gal Andrey Yefimichning oldiga yasama betakalluflik bilan kirib kelardi, qah-qah urib zo‘raki kulardi, yana bugun rangingiz juda yaxshi, mana xudoga shukur, ish tuzalish tomonga o‘tdi deb, Andrey Yefimichni ishontirishga urinardi, lekin bundan do‘stining tuzalishidan umidi yo‘qligi bilinib turardi. Hali u Varshavada olgan qarzini berolmay, uyalganidan gangigan, qattiq xijolatda edi, shuning uchun ham qattiqroq kulishga, qiziqroq qilib so‘zlashga urinardi. Uning latifalari uzundan-uzoqday tuyular va Andrey Yefimichga ham, uning o‘ziga ham ozor berardi.
U borligida Andrey Yefimich divan suyanchig‘iga qarab yotib, tishini-tishiga qo‘yib tinglardi; uning ko‘ngliga qatlam-qatlam bo‘lib quyqa o‘tirardi va do‘sti har kelib ketganda haligi quyqa ko‘tarilib borayotganini va bo‘g‘ziga kelayotganini sezardi.
Mayda-chuyda sezgilarni ko‘iglidan chiqarish maqsadida u o‘zini, Xobotovni, Mixail Averyanichni ertami-kechmi o‘lib, tabiatda biror nishon qoldirmasligini o‘ylar edi. Agar million yillardan so‘ng yer kurrasi yonida biron ruh uchib o‘tadi deb faraz qilinsa, u quruq tuproq va yalang‘och qoyalardan o‘zga hech narsa ko‘rmaydi. Madaniyat ham, axloq qonunlari ham — hammasi mahv bo‘lib ketadi, hatto ularning ustida qariqiz o‘t ham o‘sib chiqmaydi. Boqqoldan uyalish, arzimagan Xobotov, Mixail Averyanichning malol keladigan do‘stligi nima degan gap? Bularning hammasi bo‘lmag‘ur, arzimaydigan gaplar deyardi.
Lekin bu xildagi muhokamalar endi yordam bermasdi. U endigina million yildan keyingi yer kurrasini ko‘z oldiga keltira boshlasa, haligi yalang‘och qoyalar orasidan qo‘nji uzun etik kiygan Xobotov chiqardi yoki Mixail Averyanich paydo bo‘lib, qah-qahlar va xijolat ichida: «Varshavadagi qarzni, azizim, uch-to‘rt kun ichida beraman, albatta, beraman…» degan shivirlash eshitilardi.
XVI
Bir kun tushlik ovqatdan keyin Mixail Averyanich keldi. Andrey Yefimich divanda yotgan edi. Xuddi o‘sha topda bir shisha brom ko‘tarib, Xobotov ham kelib qoldi.
Andrey Yefimich zo‘rg‘a qo‘zg‘alib, turib o‘tirdi va ikkn qo‘li bilan divanga tiraldi.
— Bugunchi, azizim, — deb boshladi Mixail Averyanich, — rangingiz kechagiga qaraganda ancha yaxshi. Azamatsiz-da! Xudo haqi, azamatsiz!
— Bo‘ldi, bo‘ldi-da, hamkasb, — dedi Xobotov, esnab. — Bu g‘alva o‘zingizning ham joningizga tekkandir.
— Yaxshi bo‘lamiz ham-da! — dedi Mixail Averyanich xushnudlik bilan. — Hali yana yuz yil yashaymiz! Ha shunday!
— Yuz yil-ku, bo‘lmas-u, yana yigirma yillarga boriladi, — deb tasalli berdi Xobotov, — hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, hamkasb, g‘am yemang… qo‘ying, vahima qilmang.
— Hali biz o‘zimizni ko‘rsatamiz! — dedi qah-qah urib Mixail Averyanich va do‘stining tizzasiga urib qo‘ydi. — Hali biz ko‘rsatamiz! Kelasi yoz, xudo xohlasa Kavkazga qarab jo‘naymiz va butun Kavkazni xo‘p! xo‘p! xo‘p! deb ot bilan aylanib chiqamiz. Kavkazdan qaytganimizdan keyin, qarabsizki, to‘y qilib yubormasak deng. — deb Mixail Averyanich ko‘zini qisib qo‘ydi, — uylantirib qo‘yamiz sizni, sevikli birodarimni… Uylantiramiz.. .
Andrey Yefimichning xayolida birdan haligi quyqa bo‘g‘iziga tiqilib kelayotganday bo‘ldi; dili o‘ynab ketdi..
— Bu andishasizlik! — dedi u irg‘ib turib, deraza yoniga borarkan, — nahotki beandisha so‘zlarni aytayotganingizni anglamaysiz-a!
U nazokat bilan muloyimgina davom qilmoqchi edi-yu, lekin beixtiyor, to‘satdan mushtumlarini qattiq qisdi va qo‘llarini yuqori ko‘tardi.
— Qo‘ying meni! — dedi boshqacha ovoz bilan qichqirib, bo‘g‘ilib, qizargan holda butun vujudini titroq bosib.
— Yo‘qol, ko‘zimdan! Ikkalang ham yo‘qol, ikkalang ham! — dedi.
Mixail Averyanich bilan Xobotov o‘rinlaridan turib, avvalo hayron bo‘lib, so‘ng qo‘rquv ichida unga tikilib qolishdi.
— Ikkalang ham yo‘qol! — dedi Andrey Yefimich yana qichqirib. — Befahm kishilar! Ahmoq odamlar! Do‘stliging ham kerak emas, doringni ham olib ket, befahm odam! Qabih! Palid odamlar!
Xobotov bilan Mixail Averyanich shoshib qolib, bir-biriga qarashdi va orqalari bilan tislanib borib, dahlizga chiqishdi. Andrey Yefimich bromlik kaliy solingan shishani olib ularning orqasidan uloqtirib yubordi; shisha ostonaga tushib, sharaqlab sindi.
— Chiq, yo‘qol! — dedi, yig‘i aralash tovush bilan ularning orqasidan dahlizga chiqib.
Mehmonlar ketgach Andrey Yefimich bezgak tutayotgandek titrab, divanga yotdi va uzoq vaqt:
— Befahm kishilar! Ahmoq odamlar! — deb takrorladi.
U jahlidan tushganda avvalo yodiga: sho‘rlik Mixail Averyanich xijolat tortayotgandir, ko‘ngli juda ozor topgandir va umuman bu qanday yomon ish bo‘ldi, degan fikr keldi. Ilgari hech qachon bunday bo‘lmagan edi. Es qani-yu, odob qani? Qani har narsani anglab olishlik va faylasufcha loqaydlik?
Doktor uyalganidan va o‘z qilig‘idan xunob bo‘lganidan tun bo‘yi uxlayolmay chiqdi, ertalab soat o‘nlarda pochtaxonaga borib, pochta mudiridan uzr so‘radi.
— Bo‘lgan ishni ko‘ngildan chiqaraylik, — dedi chuqur nafas olib, ko‘ngli buzilib ketgan Mixail Averyanich uning qo‘lini qattiq qisarkan. — Kim o‘tgan ishni eslasa ko‘r bo‘lsin, — Lyubavkin. — U to‘satdan shunday qattiq qichqirdiki, xat tashuvchilar va pochtaxonaga kelgan odamlar cho‘chib ketishdi. — Stul keltir. Sen tura tur! — dedi baqirib panjaradan zakaznoy xat uzatayotgan xotinga. — Ko‘ryapsanmi, qo‘lim bo‘sh emas-ku. O‘tgan ishni esga olmaymiz, — davom qildi u muloyimlik bilan Andrey Yefimichga qarab. — Qani, marhamat qiling, azizim.
U indamasdan tizzalarini silab, bir daqiqa o‘tirdida, keyin bunday dedi:
— Sizdan gina qilish mening xayolimga ham kelgani yo‘q. Dard hazil gap emas, men tushunaman. Kecha kasalingizning tutib qolishi doktor bilan meni qo‘rqitib yubordi, keyin uzoq vaqt siz to‘g‘ringizda so‘zlashdik. Azizim, nima uchun kasalingizni jiddiy ravishda davolatgingiz kelmaydi? Shu yaxshimi? Do‘stlik qilib ochig‘ini aytganim uchun kechiring, — dedi shivirlab Mixail Averyanich, — siz o‘zingizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan sharoitda yashaysiz: joy tor, iflos, parvarishingiz yo‘q, davolanishga ham hech narsangiz yo‘q… Aziz do‘stim, doktor ikkovimiz jonu dilimiz bilan sizdan iltimos qilamiz, bizlarning maslahatimizga ko‘ning, kasalxonaga yoting! U yerning ovqati yaxshi, parvarish ham qilishadi, davolashadi ham. Gap shu yerda qolsin-ku, garchi Yevgeniy Fedorich ta’lim-tarbiyadan chetdagi odam bo‘lsa ham, lekin ilmdan xabari bor, unga ishonish mumkin. U sizni yaxshilab qarashga va’da berdi.
Andrey Yefimich pochta boshlig‘ining chin ko‘ngildai qilayotgan mehribonchiligini va to‘satdan uning yuzlariga oqib tushgan yoshini ko‘rib, ko‘ngli bo‘shashib ketdi.
— Azizim, ishonmang! — dedi u sekingina qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, — ularga ishonmang! Bo‘lmagan gap! Mening kasalim faqat shundaki, yigirma yil mobaynida butun boshlik shaharda faqat bitta aqlli odamni uchratdim, u ham bo‘lsa jinni. Mening hech qanday kasalim yo‘q, faqat chiqishning iloji bo‘lmagan sehrli girdobga tushib qoldim. Menga baribir, nima desangiz tayyorman.
— Kasalxonaga yoting, azizim.
— Menga baribir, o‘raga desangiz ham mayli.
— Har to‘g‘rida Yevgeniy Fedorichga quloq solishga va’da bering, jonim.
— Mayli, so‘z beraman. Lekin, hurmatli do‘stim, takror aytamanki, sehrli girdobga tushganman. Endi hammasi, hatto do‘stlarimning chin ko‘ngildan qiladigan mehribonligidan tortib barcha narsa — meni halok qilishga olib boradi. Men halok bo‘layotirman va shuni aytishga irodam yetadi.
— Jonim, tuzalib ketasiz.
— Bunday deyishning nima hojati bor? — dedi Andrey Yefimich asabiylashib. — Kamdan-kam odam hayotining oxirida hozirgi men sezayotgan holni sezadi. Agar sizga buyragingiz yaramaydi yoki yuragingiz kengayib ketgan desalar davolana boshlaysiz, agar sizni jinni yoki jinoyatchi deyishsa, ya’ni qisqasi odamlar birdan sizga e’tibor bera boshlasa, unda bilingki, siz sehrli girdobga tushdingiz, undan chiqishniig iloji yo‘q. Chiqishga harakat qilsangiz battarroq adashib ketasiz. Bo‘ysunib qo‘ya qoling, chunki hech qanday inson qudrati sizni qutqara olmaydi, men shunday deb o‘ylayman.
Bu orada panjaraning narigi yog‘ida odam yig‘ilib qolgandi. Andrey Yefimich xalaqit bermaslik uchun turdida, xayrlashdi. Mixail Averyanich undan yana bir qayta va’da oldi-da, ko‘cha eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
O‘sha kuniyoq kechga tomon Andrey Yefimichning oldiga uzun qo‘njli etik, qisqa palto kiyib, kutilmagan chog‘la Xobotov kirib keldi va go‘yo kecha hech gap o‘tmaganday bir vaziyatda:
— Men oldingizga bir ish bilan keldim, hamkasb. Sizni taklif qilgali keldim, men bilan konsiliumga borib kelmaysizmi-a? — dedi.
Xobotov meni aylantirib, bir oz ko‘nglimni ochmoqchidir yoki haqiqatan pul ishlab olsin deyayotgandir, degan xayolga borib Andrey Yefimich kiyindi va birga ko‘chaga chiqdi. Kechagi gunohini uning ko‘nglidan chiqarib, yarashib olishga qulay payt topilganiga shodlanar va uni ayab bo‘lsa kerak, kechagi gap to‘g‘risida og‘iz ochmay borayotgan Xobotovga ichidan tashakkurlar aytardi. Shunday madaniyatsiz odamdan bunchalik nazokat kutish qiyin edi.
— Bemoringiz qayerda? — deb so‘radi Andrey Yefimich.
— Kasalxonamda. Ko‘pdan beri sizga ko‘rsatmoqchi bo‘lib yurgan edim… Juda ajoyib hodisa.
Kasalxona hovlisiga kirishdi va kasalxonaning katta binolarini o‘tib, aqlidan adashganlar yotadigan binoga qarab yo‘l olishdi. buning hammasi negadir indamasdan qilindi. Haligi uyga kirganlarida Nikita odati bo‘yicha irg‘ib turib, qomatini rostladi.
— Kasallardan bittasi o‘pkasini oldirib qo‘yibdi, — dedi Xobotov sekingina, Andrey Yefimich bilan palataga kirarkan. — Siz shu yerda tura turing, men hozir faqat stetoskopni olib kelaman.
Chiqib ketdi.
XVII
Qorong‘i tusha boshlagan edi. Ivan Dmitrich o‘rnida basharasini yostiqqa bosib yotibdi; falaj odam harakatsiz o‘tirib, asta yig‘lab, lablarini qimirlatyapti, semiz kishi bilan sobiq xat saralovchi uxlashyapti. Jimjit.
Andrey Yefimich bo‘lsa, Ivan Dmitrichning krovatiga o‘tirib kutdi va Xobotovning o‘rniga, qo‘ltig‘ida xalat, kimningdir ichki kiyimlarini, tufli ko‘tarib xonaga Nikita kirib keldi.
— Marhamat, kiyining janobi oliylari, — dedi u sekingina. — Mana bu sizning o‘rningiz, bu yoqqa marhamat qiling, — dedi aftidan yaqinda keltirilgan bo‘sh krovatni ko‘rsatib. — Hechqisi yo‘q, xudo xohlasa tuzalib qolasiz.
Andrey Yefimich hammasiga tushundi. Biror og‘iz so‘z qotmadi va Nikita ko‘rsatgan krovatga o‘tirdi; Nikitaning kutib turganini ko‘rib, qip yalang‘och bo‘lib yechindi va uyalib ketdi. So‘ng kasalxona kiyimini kiydi; lozim juda qisqa, ko‘ylak uzun keldi. Xalatdan tuzlangan baliqning hidi kelardi.
— Xudo xohlasa, tuzalib qolasiz, — dedi Nikita yana.
U Andrey Yefimichning kiyimlarini qo‘ltiqlab olib chiqdi-da, eshikni bekitib ketdi.
«Baribir… — deb o‘yladi Andrey Yefimich uyalib, xalatga o‘ralarkan, bu yangi kiyimda o‘zini mahbuslarga o‘xshatib. — Baribir… Frakmi, mundirmi, yo shu xalatmi, baribir…»
Lekin soatni olib ketdi-ku? Yon cho‘ntagimdagi daftarcham-chi, papiroslarim-chi? Kiyimlarni Nikita qayoqqa olib ketdiykin? Endi ehtimol, o‘lgunimcha ham shim, jiletka, etik kiyishga to‘g‘ri kelmas. Bu juda qiziq, daf’atan tushunib ham bo‘lmaydi, Andrey Yefimich hali ham meshchanka Belovaniig uyi bilan 6-nomerli palataning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, bu dunyodagi hamma narsa quruq g‘alva va bo‘lmag‘ur gaplar degan fikrda edi, shunday bo‘lsa ham qo‘llari titradi, oyoqlari muzladi, yana hozir Ivan Dmitrich uyg‘onadi va meni xalat kiygan holda, ko‘radi degan fikrdan kayfi uchib ketdi. O‘rnidan turdi, bir oz yurdi, yana o‘tirdi.
Mana uning o‘tirganiga yarim soat bo‘ldi, bir soat ham bo‘ldi va joniga tegarlik darajada zerikdi. Nahotki shu joyda mana bu odamlar singari kunlab, haftalab, hatto yillab yashash mumkin? Mana u o‘tirdi, bir aylanib kelib yana o‘tirdi; borib derazadan qarash mumkin, keyin yana uyning u boshidan bu boshiga yurish mumkin. Undan keyin nima? Ertadan kechgacha qaqqayib o‘tirish va xayol surishmi? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas.
Andrey Yefimich yotdi, lekin o‘sha ondayoq turdi, yengi bilan peshonasidagi sovuq terni artdi va butun yuzidan tuzlagan baliq hidi kelayotganini sezdi. U yana turib yurdi.
— Bu qandaydir anglashilmovchilik… — dedi u, qo‘llarini yozib, hayron qolib, — gaplashish kerak, bunda anglashilmovchilik bor…
Shu topda Ivan Dmitrich uyg‘ondi. Turib o‘tirdi, yanoqlarini mushtumlariga tiradi. Tupurdi. So‘ng erinchoqlik bilan doktorga qaradi va aftidan dastlab tushunolmadi, lekin uning uyqusi o‘chmagan yuzida tezda g‘azab va istehzo aks etdi.
— Himm, sizni ham shu yerga tiqib qo‘yishdimi, azizim! — dedi uyqudan bo‘g‘ilib turgan tovush bilan, bir ko‘zini qisib, — juda xursandman. Avval siz odamlarning qonini ichar edingiz. Endichi, sizning qoningizni ichishadi. Juda soz!
— Bu qandaydir anglashilmovchilik… — dedi Ivan Dmitrichning so‘zidan qo‘rqib ketgan Andrey Yefimich va yelkalarini uchirdi, yana: — qandaydir anglashilmovchilik, — dedi.
Ivan Dmitrich yana tupurdi-da, yotdi.
— La’nati hayot! — dedi u to‘ng‘illab — Hammadan ham nimasi alam qiladi deng, bu turmush — azob chekishlar badaliga mukofot bilan emas, yoki operadagi kabi tantana bilan emas, o‘lim bilan tamom bo‘ladi-ya; kasalxona xizmatchilari kelib o‘likni qo‘lidan, oyog‘idan olib, sudrab yerto‘laga eltib tashlaydilar u… u! Ha, mayli… shunisi borki, bizlarga u dunyoda bayram bo‘ladi… Men u dunyodan bu yerga arvoh bo‘lib kelaman va bu gazandalariing o‘tini yoraman. Men ularning sochlarini oqartirib yuboraman.
Moiseyka qaytib keldi va doktorni ko‘rib, qo‘lini cho‘zib:
— Bir tiyin ber! — dedi.
XVIII
Andrey Yefimich deraza oldiga bordi, dalaga qaradi. Qorong‘i tushib qolgandi va o‘ng tomonda ufqdan to‘q qizil, sovuq oy ko‘tarilayotgandi. Kasalxona devoridan yiroq emas, ko‘p bo‘lsa uch yuz qadamcha narida tosh devor bilan aylantirilgan baland oq imorat turibdi. U turma.
«Voqelik bu ekan!» deb o‘yladi Andrey Yefimich va yuragini vahima bosdi.
Oy ham, turma ham, devoridagi mixlar ham, uzoqdagi suyak eritadigan korxonaning mo‘risidan chiqayotgan alanga ham dahshatli ko‘rindi. Orqada kimdir uh tortdi. Andrey Yefimich qayrilib qaradi, yaltiroq yulduzlar va ordenlar taqqan kishini ko‘rdi, u kishi jilmayar va ayyorlik bilan ko‘z qisardi. Bu ham mudhish tuyuldi.
Andrey Yefimich oyda va turmada alohida bir narsa yo‘q, ruhiy salomat kishilar orden taqib yurishadi va bularning hammasi vaqt o‘tishi bilan chirib, tuproqqa aylanadi deb o‘ziii-o‘zi ishontirib ko‘rdi, lekin birdan uni umidsizlik qamrab oldi, ikki qo‘li bilan panjaraga yopishib, kuchining boricha silkitdi. Mustahkam panjara qo‘zg‘almadi.
Keyin qo‘rquvdan panoh tortib Ivan Dmitrichning yoniga bordi, o‘tirdi.
— Azizim, ruhim tushdi, — dedi titragan holda, sovuq terini artarkan. — Ruhim tushdi.
— Yana falsafa soting, — dedi Ivan Dmitrich mazax qilib.
— Yo rabbiy, yo rabbiy… ha, ha… Bir kun siz aytgan edingiz-a, Rossiyada falsafa yo‘q, lekin hamma, hatto pastarin kishilargacha falsafa sotadi degan edingiz. Ammo pastarin kishilarning falsafa sotishining hech kimga ziyoni yo‘q-ku, — dedi Andrey Yefimich go‘yo yig‘lamoqchi va kishining rahmini keltirmoqchi bo‘layotgandek bir ohangda. — Nega endi mazax qilib kulasiz! Norozi bo‘lgandan keyin pastarin kishi ham falsafa sotadi-da! Aqlli, ilmli, mag‘rur va ozodlikni sevuchi odamga, aziz zotga orqada qolgan iflos shaharchaga borib tabib bo‘lishlikdan, keyin umr bo‘yi banka va zuluk solish, garchishnik qo‘yishdan boshqa iloj yo‘q. Muttahamlik, razillik, fikriy cheklanganlik, yo rabbiy!
— Bo‘lmag‘ur gaplarni vaysayapsiz. Tabiblikni yoqtirmasangiz ministr bo‘la qoling edi.
— Hech, hech ilojim yo‘q. Zaifmiz, azizim… Men beparvo edim, tetik va sog‘lom fikr yuritardim, hayot menga dag‘al tomonini o‘girishi bilan ruhim tushib ketdi… majolim qolmadi… zaifmiz, yaramasmiz… siz ham shundaysiz, azizim… Siz aqlli, olijanob odamsiz, go‘zal xulq sizga sut bilan kirgan, lekin hayotga qadam qo‘yar-qo‘ymas horib, kasal bo‘lib qolg‘ansiz… Zaifmiz! Zaif!
Kech kirgandan beri qo‘rquv va alamdan boshqa yana qandaydir sira nari ketmaydigan bir his Andrey Yefimichni ezib turgandi. Nihoyat angladi, uning pivo ichgisi va papiros chekkisi kelayotgan ekan.
— Azizim, eshikka chiqaman, — dedi u.
— Aytay, chiroq keltirishsin… Bundoq turolmayman… Toqatim yo‘q…
Andrey Yefimich eshik oldiga bordi va eshikni ochdi, shu on Nikita irg‘ib turib yo‘lini to‘sdi.
— Qayoqqa bormoqchisiz? Mumkin emas, mumkin emas! — dedi u. — Uxlash kerak!
— Ha, men bir minutgina hovlnni aylanib kelaman! — dedi Andrey Yefimich shoshganidan.
— Mumkin emas, mumkin emas, ijozat yo‘q. O‘zingiz bilasiz-ku.
Nikita eshikni qattiq yopdi-da, orqasi bilan suyanib oldi.
— Agar men shu yerdan chiqsam, shundan birovga bir narsa bo‘ladimi? — dedi Andrey Yefimich yelkalarini uchirib. — Tushunolmadim! Nikita, men eshikka chiqishim kerak! — dedi u qaldiragan tovush bilan. — Ishim bor!
— Tartibsizlik qilmang, yaxshi emas! — dedi Nikita nasihat qilib.
— Bu nima degan gap-a! — dedi Ivan Dmitrich to‘satdan hayqirib va sakrab turdi. — Chiqarmaslikka uning nima haqi bor? Bizlarni bu yerda qamoqda tutishga qanday haqiyegiz bor. Qonunda-ku, sud hukm qilmaguncha hech kim ozodlikdan mahrum qilinmaydi, deb ochiq aytilgan. Bu zo‘rlik! O‘zboshimchalik!
— Albatta, o‘zboshimchalik! — dedi Ivan Dmitrichning gapidan jasoratlangan Andrey Yefimich. — Chiqaman dedim, chiqishim kerak! Chiqarmaslikka haqi yo‘q! Chiqar, senga aytayotirman!
— Eshityapsanmi, befahm hayvon? — dedi Ivan Dmitrich, baqirib va mushtumi bilan eshikni urdi — Och, bekor eshikni sindiraman! Muttaham!
— Och! — dedi baqirib Andrey Yefimich butun vujudini titroq bosgan holda. — Men talab qilaman!
— Vaysayver! — dedi eshik orqasidan turib Nikita, — vaysayverchi!
— Hech bo‘lmasa, bor, Yevgeniy Fedorichni aytib kel! Men chaqirayotganimni ayt… Bir minutga!
— Ertaga o‘zlari ham keladilar.
— Bizlarni hech qachon chiqarishmaydi! — deb davom qildi Ivan Dmitrich. — Shu yerda chiritishadi! Ey parvardigor, iahotki haqiqatan u dunyoda do‘zax yo‘q va bu ablahlarni kechirib qo‘ya qolinadi? Qani adolat? Och, ablah, nafasim bo‘g‘ilib ketdi! — dedi bo‘g‘iq tovush bilan qichqirib va bor bo‘yi bilan eshikni itardi. — Boshimni yoraman! Qonxo‘rlar!
Nikita eshikni tez ochdi, ikki qo‘li va tizzasi bilan Andrey Yefimichni qattiq itarib yubordi, keyin qulochkashlab mushtumi bilan yuziga tushirdi. Andrey Yefimichning xayolida kattakon sho‘r to‘lqin boshigacha ko‘mib, krovatga sudrab borayotganday bo‘ldi; darhaqiqat og‘zi sho‘rtang bo‘lib ketdi: qon to‘lgan bo‘lsa kerak. U suzib chiqmoqchi bo‘lgandek qo‘llarini qimirlatgan edi, kimningdir krovatini ushlab oldi. Shu topda Nikita ikki marta yelkasiga urganini sezdi.
Ivan Dmitrich qattiq qichqirdi, uni ham urishgan bo‘lsa kerak.
So‘ng hammasi jim bo‘ldi. Oyning xiragina nuri temir panjara orqali o‘tib, polga to‘r shaklida soya tashlab turibdi. Dahshatli edi. Andrey Yefimich yotdi va damini ichiga oldi; u yana urishadi deb, o‘ti yorilib kutardi. Xuddi birov o‘roq olib, unga sanchib, ko‘kragida, qornida bir necha marta burab olardi. Og‘riqqa chidolmay yostiqni tishlab, tishini tishiga qo‘ydi, boshi va oxiri yo‘q fikriy tarqoqlik orasida to‘satdan: hozir oy yorug‘ida qora dog‘ga o‘xshab yotgan mana bu odamlar shu singari og‘riqni necha yillar davomida har kun boshidan kechirgan, degan dahshatli, og‘ir fikr ravshan esiga keldi. Yigirma yildan ortiq vaqt o‘tsa-yu, qanday qilib shu narsani anglamagan va anglashni ham istamagan ekan? U bilmagan edi, og‘riq haqida tushunchasi ham yo‘q edi, demak u aybli emas, lekin o‘zining Nikita singari dag‘al va o‘jar vijdoni ensasidan tovonigacha sovushga majbur qildi. Sakrab turdi, tovushining boricha qichqirmoqchi va tezroq yugurib borib Nikitani, Xobotovni, nozirni va feldsherni, so‘ngra o‘zini o‘ldirmoqchi edi, lekin ko‘kragidan biron tovush chiqmadi, oyoqlari bo‘ysunmadi; bo‘g‘ilib, ko‘kragidagi xalat va ko‘ylakka chang soldi, yirtib tashladi va bexush bo‘lib krovatga yiqildi.
XIX
Ertasiga ertalab boshi og‘rib, qulog‘i shang‘illab, butun vujudi shol-shol bo‘lib turdi. O‘zining kechagi zaifligini eslashdan uyalmadi. Kecha u yuraksizlik qildi, hatto oydan ham qo‘rqdi, biroq ilgari o‘zida borligini sezmagan his va fikrlarni dadil aytaverdi. Masalan, falsafa sotuvchi pastarin kishilarning bema’niligini gapirdi. Lekin endi unga baribir edi.
U yemadi ham, ichmadi ham, churq etmay, harakatsiz yotaverdi.
«Endi menga baribir, — deb o‘ylar edi u, savol berayotganlarida. — Javob bermayman… Menga baribir».
Tushlik ovqatdan keyin chorak qadoq choy, bir qadoq marmelad ko‘tarib Mixail Averyanich keldi. Daryushka ham keldi va siymosida ma’nosiz g‘amginlik aks etgan holda bir soat krovat yonida turdi. Doktor Xobotov ham kelib ketdi. U bir shisha bromli kaliy keltirdi va palataga biror narsa tutatib yuborishni Nikitaga buyurdi.
Kechqurun Andrey Yefimichning miyasiga qon quyilib o‘ldi. Avvalo juda qattiq titradi va ko‘ngli aynidi; xayolida qandaydir jirkanch bir narsa butun vujudiga, hatto barmoqlarigacha singib, me’dasidan tortib boshigacha chiqib, ko‘zlari va quloqlariga to‘lib qolganday bo‘ldi. Ko‘z o‘ngi yashil tusga bo‘yaldi. Andrey Yefimich qazosi yetganini angladi va Ivan Dmitrich, Mixail Averyanich yana millionlab odamlarning abadiylikka ishonishlarini esladi. Bordi-yu, abadiylik bo‘lsa-chi? Lekin u abadiylikni istamas edi, va bu haqda faqat bir lahzagina o‘yladi. Uning yonidan kecha kitobda o‘qigani g‘oyat go‘zal va viqorli kiyiklar podasi yugurib o‘tdi; keyin bir ayol unga qo‘lini cho‘zib zakaznoy xat uzatdi. Mixail Averyanich nimadir dedi. So‘ng hammasi g‘oyib bo‘ldi va Andrey Yefimich abadiy uyquga toldi.
Kasalxonada xizmat qiluvchi erkaklar kelishdi, qo‘lidan, oyog‘idan ushlashdi va chasovnyaga eltib qo‘yishdi. U yerda Andrey Yefimich ko‘zlari ochilgan holda stol ustida yotdi va kechasi uni oy yoritib turdi. Ertalab Sergey Sergeich keldi, mixlab qo‘yilgan Iso rasmiga qarab ixlos bilan ibodat qildi va sobiq boshlig‘ining ko‘zlarini yumdirdi.
Bir kundan keyin Andrey Yefimichni ko‘mishdi. Dafn marosimida faqat Mixail Averyanich bilan Daryushka bo‘ldi.
Zumrad tarjimasi