X. degan jamoat klubida ezgu bir niyat bilan bal-maskarad, yoki shu yerlik barishnalar ta’biri bilan aytganda bal-parey berildi.
Soat tungi o‘n ikki. Tantsa qilmaydigan niqobsiz intelligentlar — bular besh nafar edi — qiroatxonadagi kattakon stol atrofida o‘tirib, burun va soqollarini gazetaga ishqab o‘qishar, mudrashar, poytaxt gazetalarining mahalliy muxbiri juda o‘ta ketgan liberal bir janobniig ta’biri bilan aytsak, «fikr» qilishar edi.
Umumiy zaldan «Vyushki» degan kadril sadosi eshitilardi. Eshik oldidan gurs-gurs qadam bosib, idish-tovoqlarni sharaqlatib, dam-badam lakeylar o‘tib turishar edi. Qiroatxona ichi jimjit.
— Mana shu yer tuzukka o‘xshaydi, — dedi kimdir bosinqi, bo‘g‘iq tovush bilan. — Kiraveringlar. Bu yoqqa kiringlar!
Eshik ochilib, yo‘g‘on gavdali, pakana, kuchercha ustbosh kiygan, shlyapasiga tovus pati taqqan niqobli bir kishi, uning ketidan niqob kiygan xonim va patnis ko‘targan lakey kirdi. Patnisda bir ko‘zacha likyor, uch shisha qizil vino va bir necha stakan bor edi.
— Bu yoqqa! Bu yer salqinroq ham, — dedi u kishi, — patnisni stolga qo‘y. O‘tiringlar, xonimlar! Je vu pri lya trimontran[1]. Sizlar, janoblar, nariroq siljinglar… Nima bu yerda…
U qalqib, stuldagi bir necha jurnalni qo‘li bilan surib tashladi.
— Bu yerga qo‘y! Sizlar, kitobxon janoblar, nariroq siljinglar; bu yerda gazeta-yu, siyosatga balo bormi… Tashlanglar!
— Mumkinmi, sekinroq gapirsangiz, — dedi intelligentlardan biri niqob kiygan kishiga ko‘zoynak orqali qarab. — Bu yer bufet emas, qiroatxona… Bu yer ichkilik qiladigan joy emas…
— Nega ichkilik qiladigan joy emas ekan? Nima, stol qimirlab to‘kiladimi, yo ship o‘pirilib tushadimi? Ajab! Lekin… Gapni cho‘zmang! Tashlang gazetani… Shusiz ham juda aqllisizlar… Biroz o‘qibsizlar bas, ko‘z ham ishdan chiqadi. Hammadan ham muhimi menga yoqmayapti, hamma gap shunda.
Lakey patnisni stolga qo‘ydi, sochiqni bilagiga tashlab eshik yoniga borib turdi. Xonimlar shu ondayoq vino ichishga kirishishdi.
— Gazetani shunday ichkiliklardan ortiq ko‘radigan aqlli odamlar ham bo‘lar ekan-da, deyman, — dedi tovus pati taqqan kishi, o‘ziga likyor quyayotib. — Menimcha muhtaram zotlar, ichkani pullaring bo‘lmagani uchun gazetani yaxshi ko‘rasizlar. Shunday emasmi? Xo-xo! .. O‘qiyaptilar! Xo‘sh, nima deb yozipti? Hoy, ko‘zoynak taqqan zot! Qanaqa faktlar to‘g‘risida o‘qiyotibsiz? Ho? E, qo‘ysangchi-ya! Oliftagarchilik ham evi bilan-da! Undan ko‘ra ichsang-chi!
Tovus pati taqqan kishi o‘rnidan turib, ko‘zoynakli janobning qo‘lidan gazetani tortib oldi. U kishining rangi oqardi, keyin qizardi va hayron bo‘lib, boshqa intelligentlarga qaradi — ular ham bunga qarab turishar edi.
— Siz taltayib ketayotibsiz, muhtaram janob! — dedi u jahli chiqib. — Siz qiroatxonani mayxonaga aylantirayotirsiz, tartibsizlik qilishga, mening qo‘limdagi gazetani tortib olishga haqingiz yo‘q! Men siz aytgan odamlardan emasman! Siz meni bilasizmi, kimman! Men bank direktori Jestyakov bo‘laman!
— Sendaqa Jestyakovlarni ikki pulga olmayman! Gazetangni esa mana-mana…
U gazetani yerdan olib mayda-mayda qilib tashladi.
— Janoblar, bu nima degan gap? — dedi Jestyakov dong qotib. — Bu qanday bo‘ldi… Bu hech aqlga sig‘maydigan ish-ku!
— Achchig‘lari keldi, — dedi niqobli kishi kulib, — hay-hay, juda qo‘rqib ketdim-ku! A’zoyi-badanim titrab ketayotipti! Menga qaranglar: muhtaram zotlar! Hazilni qo‘yinglar, sizlar bilan gaplashgani xushim yo‘q. .. Men mana bu xonimlar bilan aysh-ishrat qilmoqchiman, shuning uchun ko‘p xira bo‘lmasdan, bu yerni bo‘shatib qo‘yinglar… Bo‘la qolinglar! Janobi Belobuxin, qani tuyog‘ingni shiqillat! Nega tumshug‘ingni jiyirasan? Chiq degandan keyin chiq! Chiq tezroq deyman, bo‘lmasa bo‘yningga tushirib qolaman.
— Bu qanday bo‘ldi? — dedi sud xazinachisi Belobuxin qizarib, yelkalarini qisib. — Tushuna olmadim. Bir bezbet bu yerga kirsa-yu… shunaqa qilib o‘tirsa!
— «Bezbet»ing nimasi? — deb tovus pati taqqan kishi g‘azabi kelib qichqirdi va stolga shundoq mushtladiki, patnisdagi stakanlar sakrab ketdi. — Kimga aytayotirsan? Bu niqob kiyib olgan, nima desam bo‘laveradi deb o‘ylaysanmi? He zang‘ar! Chiq deganimdan keyin chiq! Hoy, bank direktori, yaxshilikcha chiqib ket-yo‘qol hammang, muttahamlar! Tuyog‘ingni shiqillat.
— Ko‘ramiz kim chiqib ketarkan! — dedi Jestyakov hayajondan ko‘zoynagigacha terlab. — Ko‘rsatib qo‘yaman! Hoy, navbatchi starshinani chaqir bu yoqqa!
Bir minutdan keyin tantsadan hansirab qolgan ko‘kragiga ko‘k lenta taqqan sap-sariq starshina kirdi.
— Chiqing bu yerdan! — dedi u. — Bu yer ichkilik ichiladigan joy emas. Marhamat qilib bufetga chiqing.
— Sen nega kelding, — dedi niqobli kishi. — Men seni chaqirdimmi?
— Sansiramang? Chiqing marhamat qilib.
— Menga qara, senga bir minut muhlat beraman… Sen bu yerning starshinasi, ulug‘isan, shuning uchun mana bu masxaravozlarni sekin, izzati bilan bu yerdan olib chiqib ket. Mening xonimlarim bu yerda begona odam bo‘lishini xushlamaydi… Uyalishadi. Men pul sarf qilganman. Bularning yechinib, yayrab o‘tirishlarini istayman.
— Bu sho‘rtushmuq, bu yer og‘il emasligini bilmaydi shekillik, — dedi Jestyakov qichqirib. — Yevstrat Spiridonichni chaqiringlar!
— Yevstrat Spiridonich! — deb qichqirdi zalda kimdir. — Yevstrat Spiridonich qanilar?
Politsiya mundiri kiygan chol — Yevstrat Spiridonich darrov keldi.
— Marhamat qilib, chiqing bu yerdan! — dedi u bo‘g‘iq tovush bilan va baqrayib, bo‘yalgan mo‘ylovlarini qimirlatdi.
— Obbo, juda qo‘rqitib yubording! — dedi, niqobli kishi xoxolab kulib. — Voy, voy, juda qo‘rqitding-ku! Buni qaranglar-a! Mo‘ylovi mushukning mo‘yloviga o‘xshaydi! Baqrayganini ko‘r… Ha-ha-ha!
— Gapni cho‘zma! — dedi Yevstrat Spiridonich bor tovushi bilan baqirib titrab. — Chiq bu yerdan! Hozir buyuraman, olib chiqib tashlaydi!
Qiroatxona g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi, qisqichbaqaday qizargan Yevstrat Spiridonich, yer tipinib qichqirar edi. Jestyakov qichqirardi. Belobuxin qichqirardi. Hamma intelligentlar qichqirardi, ammo hammasining tovushini niqobli kishining yo‘g‘on tovushi bosib ketardi. Bu to‘polon natijasida tanda to‘xtadi, hamma qiroatxonaga yopirilib kirdi.
Evstrat Spiridonich, dag‘dag‘a uchun klubda bo‘lgan hamma politsiyalarni chaqirdi, o‘zi protokol yozgani o‘tirdi.
— Yoz, yoz — dedi niqobli kishi uning qog‘oziga barmog‘ini niqtab. — Endi men sho‘rlikning boshimga nimalar qelar ekan-a? Sho‘rginam qursin! Men g‘aribni nega endi xarob qilasiz? Ha, ha! Xo‘sh? Protokol tayyor bo‘ldimi? Hamma qo‘l qo‘ydimi? Xo‘p, endi menga qaranglar! .. Bir… ikki… uch!!.
Niqobli kishi o‘rnidan turdi, qomatini rostlab yuzidan niqobini oldi. Mast basharasini ochib, hammaga qaradi va qilmishi qattiq ta’sir etganidan zavqlanib, o‘zini kresloga tashladi va qah-qah urib kuldi.
Haqiqatan uning bu qilmishi hammani hangu mang etib qo‘ydi. Hamma intelligentlar gangib — oqarib-bo‘zarib bir-biriga qaradi, ba’zisi bo‘ynini qashladi. Yevstrat Spiridonich bilmasdan ko‘p ahmoqona bir ish qilganday tomog‘ini qirib qo‘ydi.
Ma’lum bo‘ldiki, to‘polon qilgan kishi shu yerlik millioner fabrikant, faxriy grajdanin[2] o‘zining janjalkashligi, ezgu ishlarga himmatli ekani va mahalliy matbuotda ko‘p marta zikr qilingan maorifparvarligi bilan tanilgan Pyatigorov ekan.
— Xo‘sh, chiqib ketasizlarmi, yo‘qmi? — dedi Pyatigorov bir pasdan keyin.
Intelligentlar indamasdan, oyoq uchida yurib, chiqib ketishdi va Pyatigorov eshikni qulflab oldi.
— Buning Pyatigorov ekanini sen bilar eding-ku, axir — dedi sekin xirillab Yevstrat Spiridonich, qiroatxonaga vino olib kirgan lakeyning yelkasidan ushlab silkib. — Nega indamading?
— Aytmagin degan edilar!
— «Aytmagin» degan emishlar. Bir oy qamab qo‘ysam, ana undan keyin «aytmagin dedilar!» deyishni bilib olasan! Yo‘qol! Sizlar ham chakki emas, janoblar, — dedi u intelligentlarga qarab, — bir pas chiqib tursalaring nima bo‘lar edi! Mana endi o‘zlaring pishirgan oshni o‘zlaring ichinglar! E janoblar, janoblar… Yomon ko‘rganim shunaqa ish, xudo haqi?
Intelligentlar xuddi bir kor-hol bo‘lishini oldin sezganday bir-birlari bilan pichirlashib, bo‘yinlarini qisib, xomush va xafa holda klubda yurar edilar… Ularning xotinlari, qizlari Pyatigorovning «koyigani»ni va jahli chiqqanini bilib, asta-sekin uylariga tarqaldilar. Tantsa to‘xtab qoldi.
Soat ikkida Pyatigorov qiroatxonadan chiqdi. U mast, gandiraklar edi. Zalga kirib, orkestrga yaqin bir yerga o‘tirdi va muzika eshitib pinakka ketdi. Keiin bir yoqqa qiyshayib, xurrak otdi.
— Chalma! — dedi starshina muzikantlarga. Jim! Yegor Nilich uyquga ketdilar.
— Uyingizga eltib qo‘yaymi, Yegor Nilich? — dedi Belobuxin engashib, millionerning qulog‘iga.
Pyatigorov xuddi yuziga qo‘ngan pashshani uchirmoqchi bo‘lganday labini qimirlatdi.
— Uyingizga eltib qo‘yaymi? — dedi Belobuxin yana. — Yo izvoshingizni chaqirib beraymi?
— A? Kimni? Sen… nima deysan?
— Uyingizga eltib qo‘yay… Alla qiling.
— Uyga ketaman… Eltib qo‘y!
Belobuxinning joni kirdi va Pyatigorovni ko‘tara boshladi. Boshqa intelligentlar ham chopib kelishdi va iyib ketishib, faxriy grajdaninni ko‘tarishdi va avaylab izvoshga olib chiqishdi.
— Faqat artist, talant egasigina shuncha odamni laqillatib ketishi mumkin, — dedi Jestyakov kulib, uni izvoshga o‘tqazayotib. — Juda-juda qoyil qoldim, Igor Nilich! Hali-hali kulaman-a… Ha, ha… Biz bo‘lsak yugurib, jon kuydirib yuribmiz! Ha, ha. Ishonasizmi? Teatrda ham bunchalik kulgan emasman… Ko‘p qiziq ish qildingiz-da! Bu kecha umr bo‘yi esimdan chiqmaydi.
Pyatigorovni kuzatib, intelligentlar xursand bo‘lishdi, tasalli topishdi.
— Menga qo‘lini berib xayrlashdi, — dedi Jestyakov mamnuniyat bilan. — Demak, tuzuk, xafa bo‘lmapti.
— Iloyim shunday bo‘lsin, — dedi Yevstrat Spiridonich uf tortib. — O‘zi ko‘p rasvo, yaramas odam, lekin xayrli ishlarga himmatli-da, shunisi bor!.. Xafa kilish yaramaydi!..
Abdulla Qahhor tarjimasi
[1] Frantsuzcha — marhamat qiling.
[2] Podsho hukumati zamonida turli xizmatlari, aksari cherkov, monastir, kasalxona foydasiga iona qilganligi uchun ko‘proq savdogarlarga beriladigan unvon.