Mahalliy qamoqxona nazoratchisining ifodasicha, geografiya kartasida ismini teleskop bilan ham ko‘rib bo‘lmaydigan kichkina va uyezdsiz bir shaharcha, quyoshning nurlari bilan porlamoqda. Jimjitlik. Shahar idorasidan chiqib savdo rastalariga tomon sekin-sekin sanitariya komissiyasi ketib bormoqda, bu komissiya shahar doktori, politsiya nazoratchisi, shahar idorasining ikki vakili, hamda bir savdo vakilidan iborat. Orqada kamoli hurmat bilan mirshablar ketmoqda… Komissiyaning yo‘li ham, do‘zax yo‘li singari, yaxshi niyatlar bilan to‘shalgan. Bu sanitarlar, ketib borarkan qo‘llarini to‘lg‘ay-to‘lg‘ay iflosliklar, bad-bo‘yliklar, lozim choralar va boshqa shuningdek o‘latta tegishli narsalar to‘g‘risida so‘zlashadilar. Ularning gaplari shu qadar mazalik bo‘ladiki, hammadan oldinda ketib boruvchi politsiya nazoratchisini birdaniga zavq olib ketadi-da, orqasiga qayrilib, deydi:
— Mana shu tariqada tez-tez yig‘ilishib, muzokaralar qilishib tursak edi, taqsirlar! Ham ko‘ngil ochilardi, ham kishi o‘zini binoyi sezardi, yo‘qsa biz g‘ajishganimiz-g‘ajishgan. Azbaroyi xudo!
Savdo vakili xuddi o‘ziga qurbon tanlab turgan bir jallod singari, doktorga yuzlanadi.
— Kimdan boshlasak ekan? Osheynikovning do‘konidan boshlasak qalay bo‘lar ekan, Anikita Nikolaich? Avvalo u o‘zi muttaham odam va… ikkinchidan, uni ham tekshirishga vaqt keldi. Bir kun uning do‘konidan biznikiga grechixa yormasi olib kelgan edilar, qarasam ichida kalamush tezagi yuripti… Xotinim og‘ziga ham olmadi!
Doktor loqayd javob beradi:
— Nimasi bor? Osheynikovdan bo‘lsa, Osheynikovdan boshlayveramiz-da.
Sanitarlar, viveskasiga «A. M. Osheynikovning qant, qahva va boshqa kolonial mollar magazini» deb yozilgan bir do‘konga kiradilar-da, uzundan-uzoq muqaddimalarga kirishmasdan darhol tekshira boshladilar.
Qozon sovunlaridan chiroylik qilib uyulgan ehromga qararkan:
— Joyida… — deydi doktor. — Sovunlardan qanday Bobil qal’alari yasab yuboribsan! Hunar bu, qarang-a! Iyi, iyi! Bu qanday gap bo‘ldi? Buni qarang, taqsirlar! Demyan Gavrilovich sovunni ham, nonni ham bir pichoqda kesar ekanlar!
Do‘kon egasi bunga qarshi, xuddi haqli javob qaytarganday bo‘lib, dedi:
— Bundan hech bir vaqt vabo paydo bo‘lmaydi, Anikita Nikolaich!
— Uku rost-a, lekin yaxshi emas, axir! Men ham, axir, nonni sendan olaman.
— Yaxshi odamlarga alohida pichog‘imiz bor. E, xotirjam bo‘ling… Nima deb o‘tiribsiz…
Politsiya nazoratchisi ko‘zlarini suzib cho‘chqa soniga qaraydi, anchagacha uni tirnog‘i bilan timdalab ko‘radi, qattiq iskaydi, so‘ngra cho‘chqa sonini chertib turib so‘raydi:
— Buning ichida strixnin ham bo‘ladimi?
— Yo‘g‘-e… Unday demasinlar-e… Unday qilarmidik! Nazoratchi xijolat bo‘lib, uyerdan ketadi, undan keyin yana ko‘zlarini suzib, Asmolov va sheriklarining preyskurantiga tikiladi. Savdo vakili qo‘lini grechixa yormasi turgan bochkaga solsa, qo‘li yumshoq, barqut singari bir narsaga urinadi… Bochkaning ichiga qaraydi va so‘ngra yuzida mehr alomati paydo bo‘ladi.
— Mushukcha… mushukcha! Yumshoq maxluqcha! — deb g‘ujurlaydi u, — yormaning ustiga uzalib, boshlarini ko‘tariptilar… Erkalik qilayaptilar… Sen, Demyan Gavrilich, mushukchadan birontasini biznikiga berib yuborsang bo‘lardi!
— Mumkin… Ammo, taqsirlar, zakuskalarni ko‘rmakchi bo‘lsangiz agar… mana selodka, pishloq… qizil baliq, marhamat qilib ko‘ring… Bu baliqni payshanba kuni tuttirdim, eng yaxshi baliq… Mishka, pichoqni ber!
Sanitarlar baliqni pichoq bilan to‘g‘ragach, ilgari bir qur iskab olib, so‘ngra tatib ko‘rmoq uchun og‘izlariga soldilar.
Do‘kon egasi Demyan Gavrilich, xuddi o‘z-o‘ziga gapirganday deydi:
— Shu bahonada men o‘zim ham jindek ovqatlanib olay. Allaqanday bir shisha dori yotib edi. Baliqdan oldin jindak urib olsammi… Unda, baliqning ta’mi ham o‘zgacha bo‘ladi… Mishka, o‘sha shishani buyoqqa ber!
Mishka, lunjini shishirib va ko‘zini baqraytirib shishaning og‘zini ochadi-da, «taqq!» etib prilavka ustiga qo‘yadi. Politsiya noziri, chuchmallanib, gardanini qashigani holda:
— Nahorda ichish… — deydi. — Ammo birgina stakan bo‘lsa, balki… Demyan Gavrilich, beradigan bo‘lsang, tezroq bo‘l, yo‘qsa sening arag‘inga sira vaqtimiz yo‘q!
Chorak soatdan keyin sanitarlar lablarini arta-arta va gugurt cho‘pi bilan tishlarini kavlagan holda, Goloribenko deganning do‘koniga tomon ketib boradilar. O‘chakishkanday, o‘tadigan yo‘l ham yo‘q… Beshta polvon kishi yuzlari qip-qizargan va terlagan holda, do‘kondan tashqariga yog‘liq bochkalarni g‘ildiratmoqdalar.
— O‘ngga o‘t… Chekkasidan tort… tort, deymai! Tagiga yog‘och qo‘y… e, padaringga la’nat! Chetroqqa o‘tib turing, to‘ra, bosib ketadi!
Bochka eshikka tiqilib qolib, o‘rnidan sira jilmaydi. Polvonlar butun kuchlari bilan zo‘r berib, uni itaradilar va qattiq-qattiq pishillashib, baland ovoz bilan so‘kinadilar. Juda zo‘r berib itarish natijasida, shuncha ko‘p pishillash bilan havoning sofligi ham yaxshigina buzilgach, nihoyat bochka o‘rnidan jiladi, ammo, tabiat qonunining aksi o‘laroq orqaga qarab g‘ildiraydi-da, yana eshikka tiqilib qoladi. Yana pishillash boshlanadi.
— Tfu! — deydi nazoratchi. — Shibukinnikiga o‘taqolaylik. Bu la’natilar kechgacha pishillashadiganga o‘xshaydi.
Ammo Shibukinning do‘koni bu vaqtda qulflangan edi. Sanitarlar, bir-birlariga qarashib, taajjublanadilar.
— Hozirgina ochiq edi-ku! — deydilar. —Biz Osheynikovnikiga kirgan vaqtimizda, u, eshik oldida mis choynakni yuvib turgan edi. — So‘ngra yopiq do‘kon oldida turgan gadoydan so‘raydilar: — Qani bu?
Gadoy xirqiroq ovoz bilan deydi:
— Iso yo‘liga bir narsa beringlar. Bir mayib bechoraman, xayru-saxovat qiling, to‘ralar. Ilohim, bola-chaqalaringizning…
Sanitarlar qo‘l siltab, nariga ketadilar. Shahar idorasi vakili Plyuningina ulardan ajralib qolib, gadoyga yonidan bir tiyin olib beradi-da, xuddi bir narsadan qo‘rqqanday apil-tapil cho‘qinib, sheriklarining orqasidan yuguradi.
Ikki soatcha o‘tgandan keyin, komissiya endi qaytib boradi. Sanitarlar charchagan va ezilgan ko‘rinadilar. Ularning bu safarlari bekor ketgani yo‘q, chunki mirshablardan biri, tantana bilan qadam bosarkan, bir savat to‘la sasigan olma ko‘tarib boradi.
Nazoratchi «Araq savdosi. Araqlar va vinolar» deb yozilgan viveskaga qaragan holda, deydi:
— Shuncha halol mehnatdan keyin, endi jindakkina tomoqni ho‘llab olsak yomon bo‘lmas edi.
— Ha, albatta. Yomon bo‘lmas edi. Istasalaring kiraylik.
Sanitarlar yerto‘la — mayxonaga tushadilar-da, oyog‘i qiyshiq stol tegrasida davra olishib o‘tiradilar. Nazoratchi xo‘jayin tomonga imo qiladi, shundan keyin stol ustida darhol shishalar paydo bo‘ladi.
Savdo vakili ichkilikni icharkan yuzini burishtirib:
— Afsuski, zakuskasi yo‘q, — deydi. — Tuzlangan bodringdan bersangmikan… Unday desam…
U kishi darhol haligi mirshab tomonga burilib, olmaning yaxshi-yaxshisini tanlaydi-da, zakuska qiladi. Nazoratchi, ajablangandek bo‘lib, deydi: — Oh… buning uncha buzilmaganlari ham bor ekan. Qani berchi, men ham bir-ikkita tanlab olay! E, sen idishning o‘zini shu yerga qo‘y… Yaxshi-yaxshilarini tanlab olamiz-da, archib yeymiz, qolganini tashlab yuborsang ham bo‘ladi. Anikita Nikolaich, qo‘ying! Mana shunaqa tez-tez yig‘ilishib muzokara qilishib tursak, yo‘qsa bu pasqam joyda hechnarsani ko‘rmay umring o‘tadi: na ma’rifat, na klub, na ulfatchilik — Avstraliyaning xuddi o‘zginasi! Quyib ichinglar, taqsirlar! Doktor olmadan oling! Siz uchun o‘zim, o‘z qo‘lim bilan archdim!
Mirshab, yerto‘ladan chiqib kelayotgan nazoratchidan:
— Taqsir, to‘ra, bu savatni nima qildim endi? — deb so‘raydi.
— I… savat? Qanday savat? Ha-a! Olmasi bilan birga yo‘q qil darrov!.. Yuqumli kasalning uyasi u!
— Olmasini yeb bo‘ldilar-da!
— Ha-a… juda soz! Ma-anga q-qara… mening uyimga borib, bolalarimga ayt, xafa bo‘lmasin… Men faqat birgina soat… Plyuninnikida uxlab kelaman… Uqdingmi? Uxlab kelaman. Uyqu tangrisiga salom berib kelaman. Sprexen zi deych , Ivan Andreich.
Shundan keyin, u ko‘zini yuqori ko‘tarib, allaqanday bir alam bilan bosh chayqaydi-da, qo‘llarkni kerib turib:
— Butun umrimiz shunday o‘tadi! — deydi.
Abdulla Qahhor tarjimasi