Anton Chexov. Ivanov (drama)

IVANOV

To‘rt pardali drama

QATNAShUVChILAR:
Ivanov Nikolay Alekseevich. Mahkamada dehhonlar ishini qaraydigan doimiy a’zo.
Anna Petrovna. Uning xotini. Qiz vaqtidagi familiyasi Sarra Abramson.
Shabelski y Matvey Semyonovich. Graf, uning tog‘asi.
Lebedev Pavel Kirillovich. Zemskiy uprava raisi.
Zinaida Savishna. Uning xotini.
Sasha. Lebedevlarning qizi, 20 yoshda.
Lvov Yevgeniy Konstantinovich. Yosh zemskiy vrach.
Babakina Marfa Yegorovna. Yosh tul pomeshchik xotin, boy savdogarning qizi.
Kosix Dmitrmy Nikitich. Aktsiz idorasida xizmat qiluvchi.
Borkin Mixail Mixaylovich. Ivanovning uzoq qarindoshlaridan, uning imeniyasini boshqaruvchi.
Avdotya Nazarovna. Kasbi noma’lum kampir.
Egorushka. Lebedevning hamxo‘ragi.
1-mehmon.
2-mehmon.
3-mehmon.
4-mehmon.
Peter. Ivanovning xizmatkori.
Gavrila. Lebedevlarning xizmatkori.
Erkak va xotin mehmonlar, xizmatkorlar.

Voqea Rossiyaning o‘rta yeridagi uyezdlardan birida bo‘ladi.

BIRINChI PARDA

Ivanovning imeniyasidagi bog‘. Chap tomonda uy fasadi va ayvoni. Bir derazasi ochiq. Ayvonning oldida keng yarim davra ayvoncha bor, bundan boshqa to‘g‘riga va o‘ng tomonga qarab ketgan xiyobon bor. O‘ng tomonda bog‘ divanlari va stolchalari bor. Stolchalardan birida lampa yonib turibdi. Qosh qorayib kelyapti. Parda ochilganda, violonchel bilan royalda duet mashqi eshitilib turadi.

I

Ivanov bilan Borkin.
Ivanov stol yonida kitob o‘qib o‘tiribdi. Bog‘ning ichkarisida katta etik kiygan, qo‘liga miltiq ushlab olgan Borkin ko‘rinadi; sal kayfi bor; Ivanovni ko‘rib, oyoq uchi bilan yurib uning yoniga kelib yuziga miltiq o‘qtaladi.

Ivanov (Borkinni ko‘rib cho‘chib o‘rnidan sakrab turadi). Misha, shu ham hazil bo‘ldi-yu… qo‘rqitib yubordingiz-ku… O‘zim xafa bo‘lib zo‘rg‘a yuribman-u, bu ahmoqona hazilingiz yana ortiqcha bo‘ldi… (O‘tiradi.) Qo‘rqitdim deb yana xursand bo‘lganini aytmaysizmi…
Borkin (xoxolab kuladi). Xo‘p, xo‘p… biz gunohkor, biz gunohkor. (Yoniga o‘tiradi.) Bas qildim, bas… (Furajkasini yechadi.) Issig‘lab ketdim. Sizga aytsam, azizim, uch soatda o‘n yetti chaqirim yo‘l bosibman… bo‘lganimcha bo‘ldim… Ushab ko‘ring, yuragimning urishini qarang…
Ivanov (o‘qib turib). Yaxshi bo‘pti, keyin…
Borkin. Yo‘q, siz hozir ushab ko‘ring. (Uning qo‘lini olib ko‘kragiga bosadi.) Eshityapsizmi? Tu-tu-tu-tu-tutu. Demak, yuragim kasal. Har bir daqiqada paq etib jon berishim mumkin. Menga qarang, men o‘lib qolsam, yuragingiz achiydimi?
Ivanov. Kitob o‘qiyapman… keyin…
Borkin. Yo‘q, rost aytaman, agar o‘lib qolsam, menga yuragingiz achiydimi? Nikolay Alekseevich, o‘lsam, menga achinasizmi?
Ivanov. Tinch qo‘ysangiz-chi!
Borkin. Azizim, qani ayting-chi: yuragingiz achiydimi?
Ivanov. Sizdan aroq hidi kelnb turganiga yuragim achiyapti Misha, quskim kelyapti!
Borkin (kuladi). Hidi kelyaptimi! Juda ajoyib ish bo‘pti-ku… aytmoqchi, buning hech qanaqa qiziq yeri yo‘q. Plesnikida tergovchi bilan uchrashib qoluvdim, rostini aytsam, ikkalamiz sakkiz ryumkadan otishib oldik. Aslini aytsam, ichkilik koni zarar. Hoy, deyman, zarar-ku? A? Zarari bor-a?
Ivanov. E, kishining joniga ham tegib ketdi. Misha, nima, meni mazax qilyapsanmi…
Borkin. Xo‘p, xo‘p… biz gunohkor, gunohkormiz?! Xudo hayringizni bersin, tinch qo‘yganim bo‘lsin… (O‘rnidan turib ketadi.) Odamlar ham juda qiziq, gaplashgani ham qo‘yishmaydi. (Qaytib keladi.) Ha, aytmoqchi! Sal bo‘lmasa, esimdan chiqar ekan… Marhamat qilib, sakson ikki so‘m bersangiz!..
Ivanov. Qanaqa sakson ikki so‘m?
Borkin. Ertaga ishchilarga to‘lashga.
Ivanov. Pulim yo‘q.
Borkin. Himmatlariga balli! (Tegajog‘lik qiladi.) Pulim yo‘q emish… Axir ishchilarga to‘lash kerakmi? Kerakmi — yo‘qmi?
Ivanov. Bilmayman. Bugun yonimda hech nima yo‘q. Moyana olgunimcha kutib turing, birinchilarga olaman.
Borkin. Bundaqa sub’ektlar bilan gaplashib bo‘larmidi!.. Ishchilar pulga birinchida emas, ertaga ertalab kelishadi!..
Ivanov. Xo‘sh, bo‘lmasa men nima qilay? Bo‘lmasa, meni nimtalab tashlang, arra solib yuboring… Juda yomon odatingiz bor-da, doim o‘qib turganimda, yoki yozib turganimda kelib tiqilinch qilasiz, yoki…
Borkin. Sizdan so‘rayapman: ishchilarga to‘lash kerakmi yo yo‘qmi? E, siz bilan gapirishib nima savob topardim. .. (Qo‘lini siltaydi.) Pomeshchiklar ham, aytmoqchi, yer egalari-ku… Ratsional xo‘jalik… Ming desyatinalab yerlari bor-u, cho‘ntaklarida bir miri ham yo‘q… Vino qo‘yadigan yerto‘lalari bor-u, lekin shtoporlari yo‘q… Jahlim chiqsa, ertaga troykani chiqarib sotaman yuboraman. Mana ko‘rasiz!.. Sulini o‘sib turgan joyida sotib yubordim, ertaga javdarni ham sotib yuboraman. (Sahnada u yoqdan-bu yoqqa yuradi.) Meni andishaga boradi deb o‘ylaysizmi? Labbay? Yo‘g‘-e, meni bilmabsiz, undaqalardan emasman…

II

Haligilar, Shabelskiy (sahna orqasida) va Anna Petrovna. Oyna tagidan Shabelskiyning: «Siz bilan hech ham muzika chalib bo‘lmaydi. Ohangni ajrata bilishda cho‘rton baliqchalik ham qobiliyatingiz yo‘q, barmoq bosishingiz undan besh badtar», degan ovozi eshitiladi.

Anna Petrovna (ochiq derazadan ko‘rinib). Hozir kimning ovozi keldi? Misha, sizmisiz? Nega bunday qadam tashlab qoldingiz?
Borkin. Sizning «Nicolas-Viola»ngiz kishini yo‘rg‘a ham qilib yuborishi hech gap emas.
Anna Petrovna. Misha, ayting, kroketga poxol olib kelishsin.
Borkin (qo‘lini siltab). Xudo xayr bersin, meni tinch qo‘ying…
Anna Petrovna. O‘-ho‘, tilini qarang-u… Sizga bunday til hech ham yarashmaydi. Agar xotinlar meni yaxshi ko‘rishsin desangiz, ularning oldida hech jahl qilmang, o‘zingizni ham katta tutmang… (Eriga qarab.) Nikolay, yuring poxolda dumbaloq otib o‘ynaymiz!..
Ivanov. Anyuta, ochiq deraza oldida turmasang-chi, kasal bo‘lib qolasan. Turma deraza yonida… (Baqiradi.) Tog‘a, derazani yopib qo‘y! (Deraza yopiladi.)
Borkin. Esingizdan chiqmasin, ikki kundan keyin Lebedevga protsent to‘lash kerak.
Ivanov. Esimda bor. Bugun Lebedevnikiga boraman, bir oz sabr qil, deb iltimos qilaman. (Soatiga qaraydi.)
Borkin. Siz ularnikiga qachon ketasiz?
Ivanov. Hozir.
Borkin (jon kirib). To‘xtang, to‘xtang!.. Bugun Shurochkaning tug‘ilgan kuni-ku, te-te-te-te… Esimdan ham chnqib ketibdi… Shu ham es bo‘ldi-yu, a? (Sakraydi.) Men ham boraman, boraman… (Ashula aytadi.) Boraman… Borib bir cho‘milib olaman-da, qog‘oz chaynayman, uch tomchi nashatir spirt ichib olaman, shu bilan qarabsizki, yana yalloni boshidan boshlaymiz-da… Azizim, Nikolay Alekseevich, otaxonim, malagim, jonim, siz diqqinafas bo‘lganingiz bo‘lgan, noliganingiz noligan, doim qovog‘ingiz soliq, holbuki ikkalamiz bir bo‘lib olsak, ne-ne ishlar qo‘limizdan kelmaydi! Siz uchun men hech narsadan qaytmayman… Xohlaysizmi, siz uchun Marfusha Babakinaga uylanaman? Qalinining yarmi sizniki… Ya’ni yarmi emas, hammasini ola qoling!..
Ivanov. Jinniligingizni bas qilsangizchi…
Borkin. Yo‘q, rost aytyapman! Xohlaysizmi, Marfushaga uylanaymi? Qalinini arra qilamiz… E, nima deb buni sizga gapirib o‘tiribman? Bunga aqlingiz yetardimi?! (Tegajog‘lik qiladi.) «Jinniligingizni bas qiling». O‘zingiz yaxshi odam, aqllisiz-u, lekin sizda ana shu uquv, bilsangiz, ana shu o‘ktamlik degan narsadan yo‘q-da. Shunday quloch otish kerakki, shaytonning ham kapalagi uchib ketsin… Siz devona, yig‘loqi odamsiz, rasmana odam bo‘lganingizda, bir yilda millionlik bo‘lib olardingiz. Masalan, hozir ikki ming so‘m pulim bo‘lsa, ikki haftadan keyin yigirma minglik bo‘lib olardim. Ishonmaysizmi? Sizcha, bu bekorchi gapmi? Yo‘q, bekor gap emas… Qani menga ikki ming so‘m bering-chi, men sizga, bir haftadan keyin yigirma ming qilib olib kelay. Suvning naryog‘ida, xuddi bizning ro‘paramizda Ovsyanov yeridan bir bo‘lagini ikki ming so‘mga sotyapti, agar shu yerni sotib olsak, suvning ikki tomoni ham bizniki bo‘ladi. Agar ikki tomoni ham bizniki bo‘lsa, bilasizmi, suvni bo‘g‘ib olishga haqqimiz bo‘ladi. Shunday emasmi? Tegirmon qurmoqchi bo‘lamiz, suvga to‘g‘on solamiz deb e’lon qilgan zamonimiz suvning etak tomonida turuvchilarning hammasi janjal ko‘tarishadi, unda biz darrov: kommenziir, to‘g‘on qurilmasin desanglar, qani to‘lab qo‘yinglar, deymiz. Tushundingizmi? Zarevskiy fabrikasi besh ming beradi. Korolkov uch ming, monastir besh ming beradi…
Ivanov. Bularning hammasi, Misha, nayrangbozlik… Agar men bilan achchig‘lashib qolmaylik desangiz, nayranglaringiz o‘zingizga buyursin…
Borkin (stolga utirib). Bo‘lmasachi! Shunday bo‘lishini o‘zim ham bilardim!.. O‘zingiz ham hech nima qilmaysiz, mening qo‘limni ham boylab qo‘ygansiz…

To‘liq o‘qish