Anton Chexov. Hazil (hikoya)

Charaqlab turgan qish kuni. Tush payti… Qattiq sovuqdan havo charsillab turadi. Meni qo‘ltiqlab olgan Nadenkaning chakkalaridagi jingalak sochlari va yuqori labi ustidagi tuklarini kumushdek qirov bosmoqda. Biz tog‘ tepasida turibmiz. Oyog‘imiz ostidan to pastgacha nishab tekislik cho‘zilib yotibdi. Unda quyosh oynadagidek aks etadi. Yonimizda to‘q qip-qizil movut qoplangan kichik chana turibdi.
— Nadejda Petrovna, chanaga o‘tiring! — deb yolvoraman unga. — Atigi bir marta! Hech nima bo‘lmaydi, ishona bering, eson-omon tushamiz.
Lekin Nadenka qo‘rqadi. Uning jimit kaloshidan muz tog‘i tubigacha bo‘lgan masofa unga dahshatli, tegsiz jarlikdek tuyiladi. Uni chanaga o‘tirishga taklif qilganimda pastga qaradi-yu, kapalagi uchib, o‘takasi yorilayozdi. Bu ham mayli-ya, shu tubsiz jarga chena otib tushganimizda uning ahvoli nima kecharkin? Yuragi yorilib o‘lsa, yoki jinni bo‘lib qolsa kerak.
— O‘tinaman sizdan! — deyman. — Qo‘rqmang! Tushunsangiz-chi, axir, bu yuraksizlik, qo‘rqoqlik-ku!
Nihoyat Nadenka rozi bo‘ladi, men uning yuz-ko‘zidan, tavakkal qilib, rozi bo‘lganini ko‘raman. Bo‘zday oqarib, titrayotgan Nadenkani chanaga o‘tqazib, mahkam ushlab olaman-da, o‘zimni pastga otaman.
Chana o‘qdek uchib ketadi. Biz kesib borayotgan havo shiddat bilan yuzga urilar, bo‘kirar, vizillar, qahr-g‘azab bilan tarmashar va boshni uzib ketguday bo‘lardi. Shamolning shiddatidan nafas olib bo‘lmasdi, nazarimda, bizni iblis changaliga siqib olgan-u, bo‘kirganicha jahannamga sudrab ketmoqda. Atrofni o‘ragan barcha narsalar chopib o‘tayotgan lentaga aylanadi… Yana bir ondan keyin — biz halok bo‘lamiz!
— Nadya, men sizni sevaman! — dedim shu lahzada shivirlab.
Chananing chopishi tobora sustlashadi, shamolning o‘kirishi ham, chana ostidagi qo‘shqoraklarning vijillashi ham uncha dahshatli bo‘lmay qoladi, nafas olish yengillashdi, nihoyat biz pastga tushdik. Kapalagi uchib ketgan Nadenka qimir etmas, yuzi oqarib ketgan, zo‘rg‘a nafas oladi… Men uning o‘rnidan turishiga yordamlashaman.
— Endi o‘lsam ham chanaga o‘tirmayman, — deydi u qo‘rqinch to‘la ko‘zlarini katta ochib menga qararkan, — sira-sira tushmaganim bo‘lsin! O‘layozdim!
Oradan sal vaqt o‘tmay u o‘ziga keladi-da, nafasini rostlaydi va boyagi to‘rt so‘zni aytgan menmi yoki uyurma shovqini ichida menga shunday eshtildimi? degan tarzda ko‘zimga tikiladi. Men esa uning yonida turib, papiros chekaman, diqqat bilan qo‘lqopimni ko‘zdan kechiraman.
Nadenka meni qo‘ltiqlab oladi, biz tog‘ etagida uzoq sayr qilib yuramiz. Boyagi jumboq aftidan hamon unga tinchlik bermaydi. O‘sha to‘rt so‘z aytildimi yo aytilmadimi? Hami yo yo‘qmi? Hami yo yo‘qmi? Bu savol izzati-nafs, or-nomus, hayot-mamot, baxt-saodat masalasi bo‘lganidan juda muhim, dunyoda eng muhim masaladir. Nadenka sabrsizlik va g‘amginlik bilan yuzimga nazar tashlaydi, savollarimga ham noo‘rin javob beradi va biron nima demasmikin deb og‘zimni poylaydi. Eh, uning yoqimli yuzidan qanday ifodalar o‘qish mumkin! Men shu topda qizning ruhan qiynalayotganini, nimadir demoqchi, allanimani so‘ramoqchi, lekin nima deyishni bilmay, kerakli so‘z tiliga kelmay, o‘zini noqulay ahvolda sezayotganini, qalbini to‘ldirgan quvonch gapirishga xalaqit berayotganini sezib turaman…
— Bilasizmi? — deb qoladi u menga qaramay.
— Nimani? — deyman.
— Keling yana… chanaga tushamiz.
Biz zinapoyadan tog‘ tepasiga chiqib bordik. Rangi oqarib, titrab turgan Nadenkani yana chanaga o‘tqazdim, shundan so‘ng tubsiz jarlikka yana uchib ketdik, yana shamal o‘kirib, chananing qo‘shqoraklari vijilladi. Men yana chana eng bir dahshat bilan uchib tushayotgan paytida:
— Nadenka, men sizni sevaman! — deb shivirladim.
Chana to‘xtadi, Nadenka hozirgina tushib kelganimiz tog‘ tepasiga bir ko‘z tashlab oldi, keyin yuzimga uzoq qarab turib, mening beparvo va his-tuyg‘usiz ovozimni tingladi. Uning mana shu fursatdagi butun qiyofasi, hatto muftasi bilan quloqchinigacha, butun vujudi nihoyatda taajjublanganini ko‘rsatib turardi. Yuziga bir qaragan kishi, darhol:
«Nima gap o‘zi? Haligi so‘zlarni kim aytdi? U aytdimi yo menga shunday eshitildimi?» degan ma’noni o‘qib olishi mumkin edi.
Mana shu noma’lum holat uni tashvishga solar, toqatini toq qilardi. Bechora qiz savollarimga ham javob qilmas, qosh-qovog‘i osilib, hozir yig‘lab yuborgudek edi.
— Uyga ketsak qalay bo‘larkin? — deyman.
— Menga… menga chanada uchish yoqib qoldi, — deydi u qizarib. — Yana bir marta tushsakmikin?
Tavba, chanada uchish unga «yoqarmish». Vaholanki, u bu safar ham chanaga o‘tirishi bilan yuzlari avvalgiday oqarib, qo‘rqishdan nafasi ichiga tushib, titraydi.
Biz uchinchi marta chanaga tushdik, qizning yuzimga tikilayotgani, labim qimirlab qolmasmikin deb kuzatayotganini bilib turibman. Men ohista ro‘molchamni olib, labimga tutdim-da, sekin yo‘talib qo‘ydim, chana yaxmalakning o‘rtasiga yetganda:
— Nadya, men sizni sevaman! — deb bildirmay aytib oldim.
Jumboq yana yechilmay qoldi! Nadenka indamas, nima to‘g‘ridadir o‘ylardi… Uyiga kuzatib qo‘ydim, u sekin yurar, o‘sha so‘zlarni yana takrorlamasmikin deb kutardi. Men Nadenkaning qalbi iztirob chekayotganini va:
«Axir, u so‘zlarni shamol aytmadi-yu! Uning aytishini o‘zim ham istamayman!» deb yubormaslik uchun o‘zini bosib kelayotganini fahmlab borardim.
Ertasi kun ertalab men: «Bugun yaxmalakka borsangiz, biznikiga kirib, meni ola keting. N.» degan maktubcha oldim. Shu kundan boshlab Nadenka bilan harkuni yaxmalakka boradigan, chanada pastga tusharkanmiz har safar:
— Nadya, men sizni sevaman! — deb shivirlaydigan bo‘ldim.
Tez orada Nadenka vino yoki morfiyga o‘rgangan odamday, bu so‘zlarga odatlanib qoldi. U endi bu so‘zlarni eshitmasa turolmaydi. Gapning ochig‘i, hali ham uning uchun tepadan uchib tushish g‘oyat qo‘rqinchli-yu, lekin endi bular muhabbat haqidagi ana shu so‘zlarga alohida fazilat bag‘ishlardi, bu muhabbat so‘zlarini kim aytayotgani esa hamon jumboqligicha qolgandi, bu esa qiz yuragini ezardi. U hanuz ikki narsadan: men bilan shamoldan shubha qilardi… Bulardan qay biri unga muhabbat izhor qilayotganini bilmasdi, aftidan endi buning farhi qolmagan edi. Chunki, u, qaysi idishdan ichma, kayf qilsang bo‘lgani degan gapga amal qilayotganga o‘xshardi.
Bir safar, yolg‘iz o‘zim yaxmalakka bordim; odamlar orasida turib, Nadenkaning tog‘ yoniga kelganini, odamlar ichidan ko‘zi bilan meni izlayotganini ko‘rib turdim… Keyin u cho‘chibroq zinadan yaxmalak tepasiga chiqdi… Bir o‘zi, naqadar dahshat! U, qorday oqarib ketgan, xuddi o‘limga borayotganday titrar, lekin, yo‘lida davom etar, orqasiga qaramay, qat’iyat bilan zinadan chiqib borardi. Nihoyat Nadenka: qani ko‘raychi, u yo‘g‘ida ham o‘sha ajoyib lazzatli so‘zlar eshitilarmikin? deb bilishga jazm qilganga o‘xshardi. Uning rangi oqarib, angrayib chanaga o‘tirganini, bu dunyo bilan xayrlashib, ko‘zlarini chirt yumganicha, pastga o‘zini otganini ko‘rib turdim… «Jjjj» — chana qo‘shqoraklari vijillab ketdi. Nadenka o‘sha so‘zlarni yana eshitdimi, buni bilmadim… Faqat holdan toygan, madori qurib, zo‘rg‘agina chanadan turayotganini ko‘rdim. Biron so‘z eshitgan yo eshitmaganini o‘zi ham bilmagani uning yuzidan ko‘rinib turibdi. Bu Nadenka yuzidagi ifodadan aniq bilinib turardi. Pastga g‘izillab tushayotgandagi qo‘rqish uni eshitish, ovozlarni farq qilish, tushunish qobiliyatidan mahrum qilgandi…
Mana, bahor oyi — mart keldi… Quyosh tobora iliq nur sochadi. Bizning yaxmalak tog‘imiz o‘zining yaltiroq tusini yo‘qotib, qoraya boshladi, keyin butunlay erib ketdi. Bizning chana sayrimiz tugadi. Bechora Nadenka endi u so‘zlarni eshitmaydi, bundan keyin unga u so‘zlarni hech kim aytmaydi ham; shamol ham tingan, men ham uzoq muddatga, ehtimol bir umrga — Peterburgga jo‘nab ketaman.
Bir kun, jo‘nab ketishimdan ikki kun oldin, kechqurun bog‘chada o‘tirardim. Bog‘cha Nadenkalar hovlisidan ustiga nayza mix qoqilgan baland taxta devor bilan ajralgan edi… Kunlar xiyla sovuq, go‘ng ostidan hali qor ketmagan, daraxtlar ham uyg‘onmagan, lekin bahor nafasi kelib turardi, quzg‘unlar tunash oldidan qattiq chug‘urlashardi. Men taxta devor tagiga kelib, teshikdan uzoq qarab turdim. Nadenka zinaga chiqdi-da, g‘amgin va tashvish tortib osmonga boqdi. Bahor shamoli uning rangsiz, ma’yus yuziga kelib urildi… Bu shamol, unga tog‘dagi yaxmalakda o‘kirgan shamolni, o‘sha ajoyib to‘rt so‘z eshitilgan shamolni eslatdi, uning yuzi yanada qayg‘uli bo‘lib qoldi, yuzlariga yosh tomchilari dumalab tushdi… Bechora qiz go‘yo shamoldan o‘sha so‘zlarni qaytarib olib kelishni iltijo qilayotganday ikkala qo‘lini oldinga cho‘zdi. Men ham shamolning qattiq esgan fursatini poylab turib:
— Nadya, men sizni sevaman! — deb shivirladim.
Eh, bu so‘zlardan Nadenka ne holga tushmadi! Qichqirib yubordi, benihoya mamnun jilmayib, shamol qarshisiga qo‘llarini uzatdi, shu topda u g‘oyat shod, quvnoq, go‘zal.
Men buyumlarimni yig‘ishtirgani ketdim…
Bu voqea bir vaqtlar bo‘lgan edi. Endi Nadenkaning eri bor; erga berishganmi yo o‘zi tekkanmi — buning ahamiyati yo‘q, u hozir dvoryan vasiyligi mahkamasi sekretarining xotini, uning uch bolasi bor. Bir vaqtlari bizning yaxmalakka birga borganimiz, shamol qulog‘iga yetkazgan «Nadenka, men sizni sevaman» jumlasini hali-hali unutmagan; bu esa endi Nadenka hayotining eng baxtli, eng jozibali, qalbida kuchli ta’sir qoldirgan ajoyib xotiralari bo‘lib qolgan…
Endi men katta kishi bo‘lib qoldim, u so‘zlarni Nadenkaga nega aytganimni, nega hazillashganimni o‘zim ham bilmayman.

Sami Abduqahhor tarjimasi