Pianino sozlovchi, soqol-mo‘ylovi toza qirilgan, yuzi za’faron, qulog‘iga paxta tiqqan Murkin degan bir odam nomerdan koridorga chiqdi-da, do‘rillagan ovoz bilan:
— Semyon! Hoy, malay! — deb chaqirdi.
Uning yuzini shunday qo‘rquv bosgan ediki, ko‘rgan odam boshiga shift tushib ketdimi, yo bo‘lmasa nomerdan jin chiqdimi deb o‘ylardi:
— Bu nima qilganing, Semyon? — dedi u, baqirib, oldiga yugurib kelgan malayga. — Bu nima qilganing? Men kasalmand odam bo‘lsam, oyog‘imda bodim bo‘lsa, sen meni yalangoyoq yurishga majbur etasan! Nega shu mahalgacha etigimni keltirmaysan? Qani mening etigim?
Semyon, Murkinning nomeriga kirdi-da, etikni tozalab keltirib qo‘yadigan joyga qarab, yelkasini qashidi: etik yo‘q edi.
— Qayerga yo‘qoliptiykin, la’nati? — dedi Semyon, hayron bo‘lib. — Kecha kechqurun toptoza qilib keltirib qo‘yganday edim… Hm… Rostini aytsam, kecha biroz kayfim bor edi… Boshqa nomerga kiritib qo‘ydimmikan, a? Ha, a, Afanasiy Yegorich, boshqa nomerga kiritib qo‘ygan ekanman! Nima ko‘p, etik ko‘p, mastlikda otangni ham tanimaganingdan keyin, qaysi etikligini bilasan… Boyvuchcha xonimning nomeriga kiritib qo‘ygandirman, xuddi sizning yoningizda turadi… O‘zi aktrisa…
— Sening kasringdan endi boyvuchcha xonimni bezovta qilishga to‘g‘ri keladi! Arzimagan bir narsaga ayol kishini bezovta qilgan yaxshimi?
Murkin nafasini rostladi, bir yo‘talib oldi-da, narigi eshikni borib sekin qoqa boshladi.
— Kim u? — degan xotin kishining ovozi eshitildi birpasdan keyin.
— Men, men! — dedi Murkin, xuddi kibor xonim bilan gaplashayotgan olifta yigitga o‘xshab va yolvoruchi bir ohangda. — Bezovta qilganim uchun kechirasiz, xonim, ammo men kasalmand odamman, oyog‘imda bodim bor… Doktor oyog‘ingni issiq tutib yur deb buyurgan, buning ustiga men hozir generalsha Shevelitsinaning uylariga borib, royallarini sozlab berishim kerak. Yalangoyoq borolmayman!..
— Ha nima kerak sizga o‘zi? Qanaqa royal?
— Royal emas, xonim, men etigimni aytaman! Nodon Semyon mening etigimni tozalab, bilmasdan sizning nomeringizga kiritib qo‘yipti. Iltifotingizni ayamang, etigimni chiqarib bering!
Uy ichidan birovning turgani, krovatdan sakrab tushgani, oyoq tovushi eshitildi, keyin eshik qiya ochildi-da, ayol kishining momiqday semizgina qo‘li Murkinning oyog‘i tagiga bir juft etikni chiqarib tashladi. Sozchi tashakkur bildirdi-da, etikni olib, o‘z nomeriga kirib ketdi.
— Ajabo, — deb po‘ng‘irladi u, etikni oyoqqa tortaboshlab. — Bittasi o‘ng etikka o‘xshamaydimi, nazarimda? Iyya, ikkovi ham chap oyoqniki-ku! Hoy, Semyon, menga qara: bu mening etigim emasku! Mening etigimning qulog‘i qizil, but-butun edi, bularing yamalganku! Qulog‘i ham yo‘q bularning!
Semyon etikni qo‘lga oldi-da, ko‘zining oldiga keltirib, bir-ikki marta aylantirib ko‘rdi, qovoqlarini soldi.
— Bu Pavel Aleksandrovichning etiklari bo‘lsa kerak… — dedi Semyon qiya boqib.
Uning bir ko‘zi g‘ilay edi.
— Qaysi Pavel Aleksandrovichning?
— Aktyor Pavel Aleksandrovichning etiklari… har seshanba kuni kelib yotib ketadilar… siznikini adash kiyib ketiptilarda… Kecha etigingizni boyvuchchaning uyiga kiritib qo‘ygan edim, ikkalasini ham kiritib qo‘ygan edim. E, dardisar!
— Kirib alishtirib chiqaqol!
— Anovi kishining gaplarini qarang! — dedi Semyon tirjayib. — Kirib alishtirib chiqaqol emish… Qayerdan topaman endi u kishini? Ketganiga bir soatdan oshdi… Endi topib bo‘ladimi!
— Uyi qayerda?
— Kim biladi! Har seshanba oqshom kelib yotib ketadi, qayerda turishi bizga noma’lum. U seshanbadan bu seshanbagacha kutish kerak.
— Ko‘rdingmi, qilgan ishingni, tentak odam! Men endi nima qilaman? Generalsha Shevelitsinaning uyiga borishim kerak, axir jin urgur! Oyoqlarim sovuqotib ketdi-ku!
— Etikni alishtirish qiyin emas. Kechqurungacha shu etikda yuraturing, kechqurun teatrga boraqolarsiz. — Borib, Blistanov degan aktyorni so‘raysiz… Agar teatrga bormayman desangiz, kelasi seshanbagacha kutasiz. U kisha bu yerga faqat seshanba kunlari keladi…
— Yo‘g‘a, nega endi ikkovi ham chap oyoqniki? — dedi Murkin, etikni xazar bilan qo‘lga olib.
— Xudoning qudrati-da, nega bo‘lardi. Kambag‘al odam… Yaxshisini aktyor qayerdan olsin?„ «Shu ham etikmi, Pavel Aleksandrovich! Sharmandabozlik-ku!..» desam, «Jim bo‘l! Men shu etikda graf va knyaz rollarida o‘ynaganman!» deydi. Juda alomat xalq bo‘larkan, shu aktyorlar. Artist artistligiga boradi-da! Men gubernator yoki katta mansabdor odam bo‘lganimda, hamma aktyorlarni to‘plab, qamattirar edim.
Murkin qiynala-qiynala poyma-poy etikni kiydi va oqsoqlanib-oqsoqlanib generalsha Shevelitsinaning uyiga ketdi. Ertadan kechgacha shaharni kezib, har kimlarning pianinolarini sozlab yurdi, uning nazarida hamma odamlar xuddi uning poshnalari qiyshayib ketgan, yamok-yasqoq etigidan ko‘zini uzmay qarab yurganga o‘xshardi. Buning ustiga, oyoqlarining barmoqlari qavarib, shilinib ketgan edi.
Kechqurun teatrga bordi. «Ko‘k soqol» spektakli o‘ynalayotgan ekan. Oxirgi parda oldidan Murkin naychi bir tanishining yordami bilan sahna orqasiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Erkaklar pardozxonasiga kirib qarasa, butun uy ichi erkak artistlar bilan liq to‘la. Ba’zilari kiyinmoqda, ba’zilar yechinmokda, ba’zilari yuzlariga grim surkamoqda, boshqalari tamaki chekib o‘tirar edilar. Ko‘k soqol korol Babesh bilan birga allanimalarni gapirishar, unga to‘pponchasini ko‘rsatib turar edi.
— Ol! — derdi, Ko‘k soqol. — Kurskdaligimda bir payti kelib qoluvdi, sakkiz so‘mga olgan edim, sen olti so‘m beraqol… Juda bexato otadi o‘zi ham!
— Ehtiyot bo‘l, o‘qlangan bo‘lsa…
— Blistanov afandini ko‘rsam bo‘ladimi? — dedi sozchi, pardozxonaga kirib.
— Ha, men bo‘laman! — dedi Ko‘k soqol, unga qayrilib qarab. — Xizmat?
— Kechirasiz, afandim, bezovta qilganim uchun, — dedi Murkin, yolvorgan bir ovoz bilan. — Men bir kasalmand odamman o‘zim, oyog‘imda bodim bor. Doktorlar oyog‘ingni issiq tut deb buyurishgan…
— Ha, nima demoqchisiz o‘zingiz?
— Gap shundaki… — deb davom etdi sozchi, Ko‘k soqolga murojaat qilib, — ha… shu kechasi siz Baxtev degan savdogarning musofirxonasiga borgan ekansiz… 64-nchi nomerga…
— Bu gaping nimasi! — dedi kulib, korol Babesh. — 64-nchi nomerda mening xotinim turadi!
— Sizning xotiiingiz? Juda yaxshi… — Murkin iljaydi. — Bu kishining etiklarini sizning rafiqangiz menga chiqarib berdilar-da… Bu kishi, — sozchi Blistanovni ko‘rsatdi, — bu kishi chiqib ketganlaridan keyin etigimni kiyay deb qarasam, ish shunaqa… Keyin malayni chaqirdim, malay: «Sizning etigingizni adashib boshqa nomerga kiritib qo‘ygandirman!» dedi. Ichib mast bo‘lganida, mening etigimni ham siznikiga qo‘shib 64-nchi nomerga kiritib qo‘ygan ekan, — dedi Murkin, yana Blistanovga murojaat qilib. — Siz bu kishining rafiqalari yonidan chiqib ketayotganingizda mening etigimni kiyib ketibsiz…
— Bu nima deganingiz? — dedi Blistanov, qovog‘ini solib! — Bu yerga chaqimchilik qilgani keldingizmi?
— Hech bir-da! Xudo saqlasin msni bu ishdan! Gapimga tushunmadingiz… Men nima demoqchi bo‘laman? Men etikni aytmoqchiman! Siz shu kechasi 64-nchi nomerga kirib yotganmidingiz?
— Qachon?
— Shu kecha.
— O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib aytayotibsizmi?
— Yo‘q, men ko‘rganim yo‘q, — dedi Murkin, hijolat bilan. Kursiga o‘tirdi-da, oyog‘idagi etikni yecha boshladi. — Menku o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘g‘a, ammo mana bu sizning etigingizni bu kishining rafiqalari o‘z qo‘llari bilan chiqarib berdilar… Mening etigim o‘rniga.
— Bunday gaplarni gapirib yurishga qanday haqingiz bor, afandim? O‘zimni aytaman, men erkak kishiman, ammo xotin kishini, o‘z erining oldida haqorat qilishga qanday haqingiz bor?
Sahna orqasida to‘s-to‘palon boshlanib ketdi. Tahqir etilgan er, korol Babeshning birdan yuzi qip-qizarib ketib, kuchining boricha stolni bir urgan edi, narigi uyda o‘tirgan aktrisalardan ikkitasi hushidan ketib yiqildi.
— Sen shu gapga ishonasanmi, a? — deb baqirardi Ko‘k soqol, — shu ablahning gapiga ishonasanmi? — O-o-o! O‘ldir degin shu zahoti til torttirmay o‘ldiraman bu odamni! O‘ldiraymi? O‘ldiraymi? Hozirning o‘zida chalpak qilib tashlayman. Tilka porasini chiqarib yuboraman!
Shu kecha yozlik teatr yonidagi bog‘da sayr qilib yurganlar to‘rtinchi pardadan oldin teatrdan yalangoyoq bir odamning yugurib chiqib, katta xiyobondan qochib ketganini ko‘rganlarini aytadilar, qochgan odamning yuzi za’faron, ko‘zlariga dahshat to‘la deydilar. Uning ketidan Ko‘ksoqol kiyimi kiygan bir kishi qo‘lida to‘pponcha ushlab quvgan ekan. Voqianing buyog‘i nima bo‘lganini hechkim bilmaydi. Faqat shunisi ma’lum bo‘ldiki, Murkin Blistanov bilan tanishgandan keyin ikki hafta betob bo‘lib yotipti va «men kasalmand odamman, oyog‘imda bodim bor» degan so‘zlarga «men yarador odamman» deb qo‘shib aytadigan bo‘pti…
O. Rahimiy tarjimasi