Yaqinda uy qurgan eri-xotin kichkina stantsiya platformasida sayr qilib yuradi. Eri xotinning belidan ushlagan, xotin esa butun vujudi bilan eriga yopishib olgan, ikkovlari ham nihoyatda baxtiyor va bir-birlaridan mamnun. Bulut orqasidan ularga mo‘ralab qaragan oy, xuddi ularning baxtiga havasi kelgan va o‘z iffatining hech kimga kerak emasligidan alam qilganday, qovog‘i soliq edi. Sokin havoda siren gul va shumurt gullarining hidi anqiydi. Allaqayerda, temir izlariing narigi tomonida, sa’va sayraydi…
— Qanday rohat, qanday rohat-a, Sasha! — derdi xotin. — Tushimizmi bu yo o‘ngimizmi? Qara, bir qaragin: hov anovi o‘rmoncha shunday shinam ko‘rinadiki!.. Qimir etmay turgan telegraf ustunlari… Shu ustunlar, Sasha, tabiat manzarasiga jon kiritadi, allaqayerlarda, olis yerlarda odamlar bor, madaniyat borligidan darak beradi… Yiroqdan kelayotgan poyezd shovqinining eshitilishi senga yoqmaydimi?
— Ha, albatta… qo‘llaring muncha issiq? Bu hayajonlanganingdan, Varya… Bugun uyda qanaqa ovqat pishirisharkin?
— Yaxna sho‘rva hamda jo‘ja qovurdoq… Bitta jo‘ja ikkovimizga bemalol yetadi. Shahardan senga sardin ham oldirib keltirdim.
Oy aksa urmoqchi bo‘lganday, bulut orqasiga kirib yashirindi. Odamlarning baxti unga tanholigini, qirlar, o‘rmondar oshib, ko‘rpaga yolg‘iz o‘zi kirib yotishini eslatdi…
— Poyezd kelmoqda! — dedi Varya. — Qanday rohat bu!
Yiroqdan yonib turgan uchta ko‘z ko‘rindi. Bekat boshlig‘i stantsiya platformasiga chiqdi. Signal chiroqlari temir yo‘l izlarining uyer, buyerini yoritdi.
— Poyezdni kuzatamiz-u, uyga qaytamiz, — dedi Sasha, xomiza tortib. — Shunday yaxshi yashaymizki, ikkimiz Varya, hatto kishining ishongusi ham kelmaydi!
Qopqora bahaybat poyezd platforma yoniga kelib to‘xtadi. Xira yorug‘ oynalardan uyqudan turgan basharalar, shlyapalar, odamlarning yelkalari ko‘rindi…
— Ax! Ax! — degan ovoz eshitilib qoldi bir vagondan. — Varya eri bilan bizni kutgani chiqipti! Ana, ana ular!.. Varenka!.. Varechka!.. Ax!
Vagondan ikki qizcha yugurib chiqib, Varyaning bo‘yniga osilib oldi. Qizlardan keyin to‘ladan kelgan keksa bir xotin bilan chekkasiga soqol qo‘ygan oriq bir erkak kishi, ulardan keyin bir talay yuk ko‘targan ikki gimnazist bola, gimnazistlardan keyin murabbiya, murabbiyadan keyin buvilari chiqdi.
— Mana biz ham yetib keldik, do‘stim! — deb, gap boshladi, chekkasoqol qo‘ygan kishi, Sashaning qo‘lini siqib. — Kuta-kuta toqating toq bo‘lgandir? Nega kelishmaydi deb rosa xafa bo‘lgandirsan? Kolya, Kostya, Nina, Fifa… bolalar, kelinglar, ko‘rishinglar Sasha amaking bilan! Ko‘rdingmi, Sasha, hammamiz keldik, uch-to‘rt kun turib ketamiz. Seni siqib qo‘ymaymizmi? Ochiq aytaver, uyalma.
Birtalay qarindoshlarini ko‘rgan er bilan xotinni vahima bosdi. Amaki jiyani bilan ko‘rishar va o‘pisharkan, Sashaning ko‘z oldiga shu narsa keldi: o‘zi va xotini uchchala xonani ularga bo‘shatib beradilar, ko‘rpa-yastiqlar ham ularga beriladi; sardin, yaxna sho‘rva va jo‘ja bir zumda talab ketiladi, tog‘avachchalar gullarni uzishadi, stolga siyoh to‘kishadi, shovqin-suron ko‘tarishadi, kelinoyi esa ertadan kechgacha «biqinim og‘riydi» deb o‘z dardidan noliydi, o‘zining baron Fon-Fintix qizi ekanligini gapiradi…
Shularni o‘yladiyu, Sasha xotiniga qarab:
— Bularing seni deb kelgan… qurib ketsin! — deb shivirladi.
— Yo‘q, seni deb kelishgan! — dedi xotini, eriga nafrat bilan qarab. — Bular mening qarindoshim emas, seniki!
Keyin mehmonlarga qaradi-da, chehrasiga yoqimtoylik yugurtirib dedi:
— Xush kelibsizlar, mehmonlar!
Bulut orqasidan oy suzib chiqdi. U xuddi iljayib, o‘zining hechqanaqa qarindosh-urug‘i yo‘qligidan xursand bo‘lganday ko‘rinadi. Sasha nafrat va alamini yashirish uchun yuzini mehmonlardan o‘girib, juda xursand bir tovush bilan:
— Marhamat, marhamat! Yaxshi kelibsizlar! Xush kelibsizlar, aziz mehmonlar! — dedi.
O. Rahimiy tarjimasi