1863 yil, 11 may. Bizning oltmish yoshga kirgan buxgalterimiz Glotkin yo‘taldan qutilish uchun sutga konyak qo‘shib ichib, endi isitmalab o‘lasi bo‘lib yotganmish. Doktorlarning mo‘tabar fikrlariga ko‘ra, ertaga o‘larmish. Ha, axir mening ham buxgalter bo‘lar kunim bor ekan-a! Uning joyini menga beramiz deb va’da qilganlariga ancha bo‘lgan.
Bir arizachi, kotib Kleshchyovni byurokrat deganida Kleshchyov uni tutib olib urgan edi. Endi uni sudga berishsa kerak. Bu masala hal bo‘lganga o‘xshaydi.
Me’da og‘rig‘idan giyoh dori ichdim.
1865 yil, 3 avgust. Buxgalter Glotkinning yana ko‘krak og‘rig‘i boshlanipti. Yo‘tali tutib, sutga konyak qo‘shib ichayapti. O‘lsa, uning joyi, albatta, meniki bo‘ladi. Umidvorimizu, ammo umid ro‘yobga chiqadimi, yo‘qmi, negaki, isitmadan hamma ham o‘lavermasa kerak, deb o‘ylayman.
Kleshchyov bir armanining qo‘lidan vekselini olib, yirtib tashladi. Ishi sudga tushsa kerak.
Bir kampir (Gurevna) kecha menga sening kasaling me’da kasali emas, bovosil deb aytdi. Shunday bo‘lsa ham ajab emas!
1867 yil, 30 iyun. Gazetalarda yozishlariga qaraganda, Arabistonda vabo emish, Rossiyaga ham kelib qolsa, juda ko‘p mansab bo‘shab qolar edi. Chol Glotkin o‘lgur o‘lsaydi, uning joyini men olardim. Juda joni qattiq ekan, bu la’natining! Buncha uzoq yashash, menimcha hatto ayb bo‘lsa kerak!
Me’dam og‘riydi, nima ichsam ekan? Isiriqni qaynatib ichnb ko‘raymi?
1870 yil, 2 yanvar. Glotkinning qo‘rasida kechasi bilan it ulib chiqdi. Mening kuxarkam Pelageya it ulisa egasi, albatta, o‘ladi deydi, kechasi soat ikkigacha men buxgalter bo‘lganimdan keyin, albatta, pochapo‘stin va shlafrok olishimdan gapirishib o‘tirdik. Uylansam ham ehtimol. Albatta, qizga uylanmayman, negaki, yoshim o‘tib qolgan, uylansam — bevaga uylanaman.
Kecha Kleshchyov klubda odamlarga beodob latifalar aytib bergani va savdo deputatsiyasi a’zosi Ponyuxovning vatanparvarligidan kulgani uchun, klubdan haydab chiqarilipti. Odamlarning aytishicha, Ponyuxov Kleshchyovni sudga tortarmish.
Me’damni Botkinga ko‘rsatmoqchiman. Yaxshi boqadi deyishadi…
1878 yil, 4 iyun. Vetlyankada vabo boshlanipti. Gazetada yozishlaricha, odamlar tutdek to‘kilayotgan emish. Shu munosabat bilan Glotkin pertsovka[1] ichayotgan emish. Bunday cholga pertsovka kor qilarmidi! Agar vabo bu yerga bostirib kelsa mening buxgalter bo‘lishim muqarrar.
1883 yil, 4 iyun. Glotkin o‘sal yotipti. Unga doim o‘lim tilaganim uchun oldiga borib, ko‘z yoshi to‘kib, afv so‘radim. U ham ko‘z yoshi qilib, olijanoblik bilan gunohimni kechdi; me’da kasaliga cho‘chqa yong‘oqni ezib, qaynatib ichishni maslahat berdi.
Kleshchyovning yana sudga tushishiga oz qoldi: ijaraga olgan fortepyanoni bir yahudiyga garovga qo‘ygan ekan. Shularga qaramasdan unga Stanislav ordeni ham tegdi, kollegiya asessori martabasiga ham ko‘tarildi. Bu dunyoning ishlariga aqling hayron qoladi-da! Tavba!
2 misqol isiriq, 1,5 misqol sassiqalaf urug‘i, 1 misqol o‘tkir araq, 5 misqol uzoq qarindoshning qoni; hammasini aralashtirib bir shisha araqqa qo‘shish va me’da kasaliga har kuni nahorga bir ryumkadan ichish kerak ekan.
O‘sha yilning 7 iyuni. Kecha Glotkinni ko‘mdik. Evoh! Bu bechora cholning o‘limidan menga zarracha foyda bo‘lmadi. Kechalari tushimga kirib chiqadi: oq kafan kiyib, nuqul meni imlaydi. Oh sho‘rpeshonam! Buxgalterlikka meni emas, Chalikovni qo‘yishdi. Bu joy menga emas, mendan ancha yosh bir yigitga tegdi, uning xolasi generalning xotini ekan-da. Butun orzu-havaslarim puchga chiqdi!
1886 yil, 10 iyun. Chalikovning xotini tashlab ketipti. Bechorani g‘am bosib yuripti. Qayg‘u-alamdan o‘zini o‘zi o‘ldirsa ham ajab emas. Agar o‘zini-o‘zi o‘ldirsa — mening buxgalter bo‘lishim aniq. Hamma ham shunday deydi. Demak, umid hali puchga chiqmagan, bu dunyoda yashasa bo‘ladi, pochapo‘stin ham qo‘limga kirdi hisob, albatta. Uylanish masalasiga kelganda, bunga qarshiligim yo‘q. Payti kelganda nega uylanish mumkin emas? Mumkin, ammo oldin biron kimsa bilan maslahatlashib ko‘rish kerak, chunki uylanish jiddiy ish.
Kleshchyov maxfiy sovetnik Lirmansning kaloshini alishtirib kiyib ketipti. Ana mojaro!
Shveytsar Paysiy me’da kasaliga simob ichishni maslahat berdi. Ichib ko‘raychi.
O. Rahimiy tarjimasi
[1] Pertsovka — araqning qalampir qo‘shilgan bir xili.