Onasining yolg‘iz o‘g‘li Sasha Smirnov «Birja vedomostlari» gazetasining 223-soniga o‘ralgan bir narsani qo‘ltig‘iga qistirib, yuzi so‘lg‘in bir holda doktor Koshelkovning xonasiga kirdi.
—E-e, keling, yaxshi yigit!—deya kutib oldi doktor.—Xo‘sh, sog‘ligingiz qalay? Qanday xushxabarlar keltirdingiz?
Sashaning ko‘zlari pirpiradi, o‘ng qo‘lini chap ko‘kragiga bosib, hayajonlangan holda dedi:
—Oyim sizga salom yubordi va minnatdorlik bildirdi, Ivan Nikolayevich… Men oyimning yolg‘iz o‘g‘liman, siz meni o‘limdan saqlab qoldingiz… Og‘ir darddan forig‘ qildingiz. Bu yaxshiligingizni aslo unutmaymiz.
—Bunday gaplarni qo‘ying, yigit!—dedi doktor, bu so‘zlardan erib ketib.—Men qilgan ishni hamma qiloladi.
—Men oyimning yolg‘iz o‘g‘liman…Kambag‘al odammiz, xizmatingizga yarasha haq to‘lashga ojizmiz… Juda uyatga qoldik, doktor. Shuning uchun oyim va uning yolg‘iz o‘g‘li—men, sizga minnatdorlik sifatida mana bu narsani hadya qilishga ahd qildik. O‘zi qimmat narsa, qadimgi bronzadan ishlangan. Kamyob san’at asari.
—Hech keragi yo‘q!—dedi doktor aftini burishtirib.
—Yo‘q demang endi,—dedi Sasha qog‘ozni ocha turib.—Olmasangiz meni ham, oyimni ham xafa qilasiz. Juda asl buyum. Qadimgi bronzadan ishlangan. Marhum dadamdan qolgan, biz buni qimmatli yodgorlik deb saqlab kelardik. Dadam qadimgi bronzadan yasalgan buyumlarni olib ishqibozlarga sotardi. Hozir oyim ham, men ham shu ish bilan mashg‘ulmiz.
Sasha qog‘ozni ochdi-da, keltirgan narsasini tantanali suratda stolga qo‘ydi. Bu buyum qadimgi bronzadan nafis ishlangan pastak qandil edi. Qandilda tasvir ham bor edi: shohsupada ikki qaddi-qomati kelishgan qip-yalang‘och nozanin figurasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning holatini tasvirlashga jur’atim ham,zarur ishtiyoqim ham yo‘q. Xonimlar tannozona jilmayishar, shamdonni ko‘tarib turish vazifasi bo‘lmasa, xuddi supachadan sakrab tushib, uy ichini ostin-ustin qilishga ham tayyor edilar-ki, buni tasavvur etishning o‘zi xijolatli edi.
Doktor sovg‘aga bir muddat tikilib turdi-da, qulog‘ining orqasini qashladi, keyin bir yo‘talib, burnini qoqdi.
—Haqiqatan, asl narsa ekan,—dedi u to‘ng‘illab.—Ammo nima desam ekan… Hech kimga ko‘rsatib bo‘lmaydigan buyum ekan-da…
—Nega endi?
—O‘taketgan ustasi ham bundan battarini o‘ylab topolmaydi. Bu narsani stolga qo‘yish—butun uyni harom qilish demakdir.
—San’atga nega bunday ko‘z bilan qaraysiz, doktor,—deb xafa bo‘ldi Sasha.—Axir, bu san’at asari, o‘zingiz bir qarang! Bundagi nafislik va go‘zallikdan kishining qalbi shodlikka, ko‘zi yoshga to‘ladi! Bunday go‘zallikni ko‘rgan kishi butun dunyoni unutib yuboradi. Qarang, qanday malohat, qanday nafosat, orzu bor bunda!
—Buni o‘zim ham ko‘rib turibman, azizim,—dedi doktor, Sashaning so‘zini bo‘lib.—Ammo men oilali, bola-chaqali odamman, uyimga xonimlar kelib turadi…
—Albatta, agar nodon xalq nazari bilan qaralsa, bu yuksak san’at asari boshqacha bo‘lib ko‘rinadi,—dedi Sasha.—Ammo siz, doktor, oddiy xalqdan baland turmog‘ingiz kerak. Bu buyumni olmasangiz, oyim ikkimizni qattiq xafa qilasiz. Men oyimning yolg‘iz o‘g‘liman… Siz meni o‘limdan saqlab qoldingiz. Biz sizga eng qimmatbaho buyumimizni taqdim etayapmiz. Faqat shunga mos keladigan boshqa narsamiz yo‘qligi meni achintiryapti…
—Rahmat, rahmat, azizim, ko‘p minnatdorman… Oyingizga salom ayting.
—Qandilni mana bu yerga, vazani yoniga qo‘ying! Attang, jufti yo‘qda… Eh, attang! Xo‘p, xayr, doktor.
Sasha chiqib ketgandan keyin doktor ancha vaqtgacha qandilga tikilib qoldi, qulog‘ining orqasini qashib, uzoq o‘yladi.
«O‘zi yomon narsa emas,—deb o‘yladi u.—Uloqtirish uvol… Bu yerda qoldirib ham bo‘lmaydi… Toza mushkul vaziyatda qoldim. Kimga hadya qilsam ekan?»
Uzoq o‘ydan keyin Uxov degan o‘zining qalin o‘rtog‘i esiga tushdi. U advokat bo‘lib, doktorning janjalli ishlarini boshqarardi.
—Juda soz-da,—dedi doktor o‘ziga o‘zi.— Do‘stlik vajidan mendan sira pul olmaydi. Biron narsa hadya etsam, juda xursand bo‘ladi. Mana shuni bera qolaman.
Keyin doktor darrov kiyindi-da, qandilni ko‘tarib, Uxovnikiga ketdi. Advokat uyida ekan.
—Yaxshimisan, og‘ayni!—dedi doktor.—Menga qilgan xizmatlaring uchun tashakkur bildirgani keldim. Pul bersam olmaysan, juda bo‘lmasa, mana buni ol. Juda ajoyib bir narsa!
Buyumni ko‘rgan advokat o‘zida yo‘q sevinib ketdi.
—Ana xolos!—dedi u qah-qah urib.—Odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya! Haqiqatan ham ajoyib narsa ekan.
Advokat ichidagi butun sevinchini izhor qilib bo‘lgach, uyning eshigiga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi-da:
—Yo‘q, birodar, buni olib ket, men olomayman,—dedi.
—Nega ololmaysan?—dedi doktor, qo‘rqib ketib.
—Ololmayman-da…Uyimga onam kelib turadi, mijozlar keladi… xizmatchi ayollar oldida ham uyat.
—Bu gaplaringni qo‘y, og‘ayni,—dedi doktor.—O‘zi juda nafis buyum. Olmasang, xafa bo‘laman!
—Ba’zi joylari yopiq yoxud barg bilan berkitilgan bo‘lsa ham mayli edi…
Doktor baribir sovg‘ani qoldirdi-da, uyiga qarab ketdi.
«O‘zi yomon narsa emas ekan,—dedi o‘ziga o‘zi Uxov.—Tashlasang uvol bo‘ladi, u yerda qoldirish ham uyat. Yaxshisi, biron kishiga sovg‘a qilaman. Ha, topdim! Bu qandilni qiziqchi artist Shashkinga taqdim etaman… U bunday narsalarga o‘lgudek o‘ch».
Juda puxta o‘ralgan qandilni Uxov kechqurun Shashkinga sovg‘a qildi. Yarim kechagacha Shashkinning pardozxonasi sovg‘ani ko‘rish uchun kelgan erkak artistlar bilan liq to‘la edi. U yerdan hadeb ot kishnashiga o‘xshash kulgi eshitilardi. Biron aktrisa eshik oldiga kelib: «Kirsam maylimi?» deb so‘rasa, qiziqchi darhol:
—Yo‘q, yo‘q, xonim, men kiyingan emasman!—degan ovoz eshitilardi.
Tomoshadan keyin artist kiftini qoqib:
—Bu matohni nima qilsam ekan?—dedi atrofidagilarga qarab.— Axir birovning uyida ijarada tursam, uyimga aktrisalar kelib turadi… Bu fotosurat emaski, darrov g‘aladonga yashirsam.
—Uni soting, qo‘ying,—deb maslahat berdi sahna sartaroshi.—Bir joyda shunaqangi qadimgi bronzalarni olib sotuvchi bir kampir bor. Borib Smirnovni so‘raysiz. Uni hamma taniydi.
Shashkin sartaroshning aytganini qildi…
Oradan ikki kun o‘tib, doktor Koshelkov o‘z kabinetida barmog‘ini peshonasiga tirab, me’da kislotalari haqida o‘ylab o‘tirardi. Birdan eshik ochilib, kabinetga Sasha Smirnov kirib keldi. Uning og‘zi qulog‘ida, yuzida shodlik aks etardi. Qo‘lida gazetaga o‘ralgan bir narsani ko‘tarib olgandi.
—Doktor!—deya gap boshladi Sasha, nafasi bo‘g‘ilib.— Shu topda dunyoda mendek xursand odam bo‘lmasa kerak. Baxtingizga qandilingizning juftini topishga muvaffaq bo‘ldik! Oyim ham juda xursandlar. Men oyimning yolg‘iz o‘g‘liman… Siz meni bir o‘limdan olib qoldingiz…
Minnatdorligidan titroq bosgan Sasha qandilni doktorning stoli ustiga qo‘ydi. Doktor qandilga tikilgancha gapirmoqchi bo‘lib og‘zini ochdi, ammo hech nima deyolmadi: uning tili tanglayiga yopishib qolgandi…
Odil Rahimiy tarjimasi