Kichkinagina, lo‘ppigina qizchaning bir echkisi bo‘lib, qizcha shu echkisini boqib, sutini sog‘ib kun kechirar ekan.
Egniga yashil ko‘ylak, boshiga sariq durracha o‘ragan bu qizcha sut idishini ko‘tarib olgan ko‘yi uyma-uy yurib, xaridorlarning ko‘zachalariga sutdan quyib berarkan. Quvnoq va sho‘x bu qiz hammaga birdek shirin muomala qilarkan: bemorlarniig dardiga davo tilar, bo‘y yetgan qizlarga esa tezroq baxtli bo‘lishlarini tilar ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hamma uning kelishini sabrsizlik bilan kutar, chunki chiroyli tabassumi g‘amnok xonadonlarga yorug‘lik, hatto bahor nafasini olib kelarkan. Odamlar uni erkalab Sutchi Momaqaymoq deb atasharkan. Bu laqab qizga yoqqani uchun shu nom bilan chaqirishganidan sira xafa bo‘lmaskan.
Vaqt o‘tishi bilan Momaqaymoqning ham bo‘yi yetibdi, unga yigitlarning tez-tez ko‘zi tushadigan bo‘libdi. Birinchi bo‘lib O‘rgimchak Momaqaymoqning yoniga sudralib kelibdi. U faqat o‘zinigina sevuvchi xudbin odamlardek muhabbat haqida so‘z ochmay, qandaydir keng va yorug‘, ravon uyi borligini aytibdi. Bu uyda Sutchi Momaqaymoq bilan rohat-farog‘atda hayot kechirishlari, hech kim ularga xalal bermasligi uchun eshiklariga katta qulf solib qo‘yishini aytibdi. Qiz kulib, shunday javob qaytaribdi:
− Kulbangda o‘zing sog‘-salomat yashayver, menga desa eshigingga uchta qulf solmaysanmi, biron kimsa yana o‘g‘irlab ketmasin seni! Menga qasringning keragi yo‘q. Pul yig‘ib, o‘zimga uy qurib olaman-da, durustroq erga tegib olaman.
Lekin kim yoshlikda pul yig‘a oladi deysiz? Shunga o‘xshab, Sutchi Momaqaymoq ham deyarli har kuni yangi sariq ro‘mol, yangi tufli yo bo‘lmasa yashil ko‘ylak sotib olib kiyarkan, qarabsizki, o‘z-o‘zidan pul yig‘olmas ekan.
Go‘zal qizga boy Qovoqari oshiq bo‘lib qolibdi. U Sutchi Momaqaymoqning yoniga kelib, qo‘lini so‘rabdi. U qo‘l ostida bir poda xonqizi borligi bilan maqtanibdi, lekin Sutchi Momaqaymoq bunday badjahl erga tekkandan ko‘ra oq echkisi bilan yolg‘iz kun kechirishni afzal ko‘ribdi.
− Men pul yig‘ib, o‘zimga uy qurib olaman. Uyim bitgach, tuzukroq erga ham tegib olaman, − deya ertayu kech xirgoyi qilar ekan Momaqaymoq.
Sutchi Momaqaymoq asta-sekin uy qurishga kirishibdi, echkisini sog‘ib, sutini sotib, pul yig‘a boshlabdi. U endi yangi ro‘mol sotib olmay qo‘yibdi, eskilarini yuvib o‘rayveribdi.
Pullari yig‘ilgandan-yig‘ilaveribdi. Lekin sevgi-muhabbatdan darak yo‘qmish! Muhabbati qayerda qoldi yo yonidan o‘tib ketganini sezmay qoldimikin, a? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, chunki muhabbat har bir tirik mavjudotning nasibasi. Nima uchun uning peshonasiga yozilgan kuyov tezroq qo‘lini so‘rab kelmayapti ekan? Balki u shu atrofda, yonginasida yurgandir yoki obro‘-e’tiborli kuyovlarning muhabbatini rad etgani uchun sovchi yuborishga boshqalarning yuragi betlamayaptimikan, a?
Sutchi Momaqaymoq kundan-kunga o‘ychan va xayolparast bo‘lib boraveribdi. Erta tongda echkisini shabnam tushgan o‘tloqqa olib chiqarkan-da, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, go‘yo o‘z savollariga javob axtarayotgandek samoga tikilib qolarkan. Samoda hech narsa ko‘rinmas, faqat yuksaklikda To‘rg‘aygina o‘zining uzundan-uzoq qo‘shig‘ini xirgoyi qilib yurarkan, xolos. To‘rg‘ayning qo‘shig‘i Sutchi Momaqaymoqqa juda-juda yoqar, bu qo‘shiq qizning qalbini ajib bir hayajonga solar ekan.
Vo ajabo, nima uchun Sutchi Momaqaymoq uchun dunyo go‘zalligi To‘rg‘ayning qo‘shig‘ida mujassamdek tuyuladigan bo‘lib qoldi ekan-a? Mabodo o‘tlayotgan echki boshini silkitib, qo‘ng‘iroqchalarini jiringlatib qo‘ysa ham To‘rg‘ay uchib o‘tib ketmayaptimikan, degan xayolda qiz tepaga qararkan. Arg‘uvon shoxida Qizilishton “to‘q-to‘q” qilsa ham Sutchi Momaqaymoq boshidan ro‘molini olib, ko‘kdan To‘rg‘ayni axtararkan. Tunlari esa kimdir eshikni qoqib qo‘shiq kuylayotgandek bo‘lib tuyular, Sutchi Momaqaymoq esa bu To‘rg‘ay bo‘lmasin yana degan o‘yda o‘rnidan sapchib turib ketarkan.
− Momaqaymoqning xayoliga menga nasib etgan muhabbat shu bo‘lsa kerak! − degan o‘y kelibdi. U o‘zini bag‘oyat baxtli his etibdi.
− Hoy To‘rg‘ay, pastga tush! Quloq sol, senda gapim bor!
To‘rg‘ay havoda doira yasab chir aylanibdi-da, o‘t ustiga kelib qo‘nibdi. Sutchi Momaqaymoq o‘zini yo‘qotib qo‘yganidan tili kalimaga kelmay qolibdi.
− Nima gaping bor? − so‘rabdi To‘rg‘ay undan.
− Men… Men… Sen kuylaydigan qo‘shiqning so‘zlarini bilmoqchi edim, − ochig‘ini aytibdi Sutchi Momaqaymoq.
− Marhamat, − debdi To‘rg‘ay va:
Bisotdagi qo‘shiqlarimni
Bag‘ishlayman senga tamoman… −
deb kuylabdi.
− Menga! − xitob qilibdi Sutchi Momaqaymoq, − Menga bag‘ishlagaysan?! O‘zim ham birgina men uchun kuylasang kerak deb o‘ylardim, qara-ya, bu so‘zlarni o‘z og‘zingdan eshitdim. Unday bo‘lsa tezroq to‘yimizni o‘tkaza qolaylik.
− To‘y? − hayron bo‘lib so‘rabdi To‘rg‘ay. − Ammo…
− Oh, bilaman, bilaman, azizim, unchalik boy-badavlat emassan, lekin menga boyliging kerak emas. Muhabbatingning o‘zi kifoya, − uning gapini bo‘libdi Sutchi Momaqaymoq.
− Muhabbatim? − sarosimaga tushib so‘rabdi yana To‘rg‘ay. − Ammo men…
− Mug‘ombirlik qilmay qo‘ya qol, ayyorvoy! − To‘rg‘ayga po‘pisa qilibdi qiz barmog‘ini nuqib. – Ma, ol, echki sutidan ich, qolgan gapni keyin gaplashamiz.
Sutchi Momaqaymoqning gaplaridan To‘rg‘ay hang-mang bo‘libdi, og‘zi quruqshaganidan sutdan bir qultum ichibdi-yu, shu zahoti tuflab tashlarkan:
− Suting buncha taxir! − debdi.
To‘satdan Sutchi Momaqaymoqning uch kundan buyon echkisi sog‘ilmay qolgani esiga tushibdi.
− Ziyoni yo‘q, lekin issiq bo‘salarim juda shirin! − debdi-yu, Sutchi Momaqaymoq shu zahoti To‘rg‘ayning bo‘yniga osilib olibdi. Biroq To‘rg‘ay qizning bu xatti-harakatiga chap berib, osmonu falakka parvoz etib, qo‘shig‘ini kuylay ketibdi:
Bisotdagi qo‘shiqlarimni
Bag‘ishlayman Tojdorimga…
Sutchi Momaqaymoq To‘rg‘ay uni emas, balki Tojdorni sevishini tushunib yetibdi. Evoh, Sutchi Momaqaymok endi nima qiladi, nima qilsin, kimdan maslahat so‘rasa bo‘ladi?
Sutchi Momaqaymoq oqarib ketgan ro‘molini silkitib qichqiribdi:
− Hoy, To‘rg‘ay, shoshma, ketmay tur, senga yana bir gap aytmoqchiman! Yonimga tush, mening pulim juda ko‘p!
To‘rg‘ay bo‘lsa borgan sari balandlab ketaveribdi, o‘zining sevgan qo‘shig‘ini kuylashda davom etibdi.
− Borimni ko‘kka sovuraman! − qichqiribdi Sutchi Momaqaymoq. Hamyonini ochibdi-da, jamg‘argan oltinlarini olib To‘rg‘ayning ortidan sochib yuboribdi.
Sariq oltinlarni esa shamol tevarak atrofga sochib yuboribdi. Bahor kelganda butun yaylovni tillarang momaqaymoq gullari qoplabdi.
Rus tilidan Dildora Ro‘zimahamadova tarjimasi