Anna Sakse. Guldan kelur muhabbat bo‘yi (lirik badialar)

KUNGABOQAR

Quyosh qizlari cho‘milib bo‘lgach, ketishga chog‘lanib, qayiqlariga o‘tirib yo‘lga chiqqan paytlarida ular eng kenja singillari eman daraxtining shoxida oltin gulchambarini unutib qoldirganligini eslab qolishdi. Gulchambarsiz uyidagilarning ko‘ziga ko‘rinishdan qo‘rqib, orqaga qaytib, gulchambarini olib kelishlarini opalaridan iltimos qilibdi. Opalari juda charchaganlarini va uyqulari kelayotganini bahona qilibdilar. Hamma ayb singillarining o‘zida bo‘lganligi sababli yakka o‘zi sohilda qolib, ular ertaga cho‘milgani kelgunlariga qadar kutib turishini maslahat beribdilar.
Kenja qiz sohil tomon suzib ketibdi, ammo ne ko‘z bilan ko‘rsinki, eman shoxida gulchambarini ko‘rmabdi. Daraxt yonida esa qora soch, ko‘zlari moviy, qad-qomati kelishgan bir yigit unga kulib qarab turardi. U baquvvat qo‘llarini cho‘zib Quyosh qizini quchoqlab olibdi-yu, tilidan bol tomib so‘zlay ketibdi: – Ey go‘zallarning go‘zali, bir umrga men bilan qol, qaylig‘im bo‘lasan, bir-birimizni sevib ardoqlaymiz, hech qachon ajralmaymiz, – deya yigit Quyosh qizining qulog‘iga shivirlabdi va uning dudoqlaridan uzoq vaqt bo‘sa olib, erkalabdi.
– Nimalar deyapsiz! Qanday qilib yerda yashashim mumkin? Bu yerda tunlar qorong‘i va sovuq bo‘ladi, samoda esa men oltin saroyda yashayman, uyimiz shiftlarida oltin yulduzlar charaqlab nur sochib turadi, kunduz kunlari tilla ip yigiraman, kechalari dengizda cho‘milaman. Bayram kunlari biz Oyning o‘g‘illari bilan raqs tushamiz, uchqur tulporlarni minib, sayr qilamiz. Yer yuzida sen menga qanday hayotni va’da qila olasan? – so‘rabdi yigitdan Quyosh qizi.
– Senga shabnam tushgan tonglarni, qushlarning sayrashi, daraxtlarning sokin shivir-shivirini muhayyo qilaman. Yana men sening kunduz kunlari mehnat qilib, kechalari hordiq chiqarishingga sharoit yaratib beraman. Tunlari qaynoq bag‘rim senga olamjahon rohat baxsh etadi, – deya Quyosh qiziga javob qaytaribdi Yer o‘g‘loni.
– Qani, bo‘lmasa avval menga Yerning jozibalarini ko‘rsat-chi, so‘ng Yerda qolish-qolmaslik haqida o‘ylab ko‘raman, – debdi Quyosh qizi.
Er o‘g‘loni Quyosh qizini shumurt gullayotgan hamda bulbullar xonish qilayotgan daryo sohili tomon boshlabdi.
Er o‘g‘loni Quyosh qizidan:
– Bunday ajoyib qo‘shiqni hech eshitganmisan? – deb so‘rabdi.
– Yo‘q, eshitmaganman, – to‘g‘risini aytibdi Quyosh qizi Yer o‘g‘loniga.
– Daryoning sirli shovillashini-chi, umringda eshitganmisan? Shumurtning qanday muattar bo‘y taratishini hech tuyganmisan? Muhabbatning qanday qudratga ega ekanligini sezganmisan?
– Sen mening muhabbatimsan, sen bilan bir umr birga qolaman, – deb so‘z beribdi Quyosh qizi Yer o‘g‘loniga. Shunda Yer o‘g‘loni Quyosh qizini uyi tomon boshlabdi. Uyga yetib kelgach, Quyosh qizining ko‘zi mixda osig‘liq turgan gulchambarga tushibdi.
Ertasi kuni ertalab Quyosh qizini uyi tomon chorlabdi, begona yurtda uni qanday qismat kutayotganligini qanchalik jon kuydirib tushuntirmasin, qiz uyga qaytishdan qat’iyan bosh tortibdi, unga yerdagi hayot Quyosh saltanatida ertadan-kechaga ip yigirishdan ming chandon afzal ko‘rinibdi. Yerda shumurt chappar urib gullab, muattar bo‘y taratar, daryo shovullar, bulbullar chax-chax urib sayrashardi.
Har kuni Quyosh qiziga shunday pand-nasihat qilarkan:
– Qizim, men Yer o‘g‘lonini sevishingni istamayman, biroq uni sevishingni taqiqlamayman ham. Faqat muhabbat deb o‘z vatanini tark etish yaxshi emas. Vaqti kelib tug‘ilib o‘sgan uyingni sog‘inib qolsang-chi?
– So‘zimdan qaytmayman, – viqor bilan javob qilibdi Quyoshning kenja qizi.
Quyosh qizi bilan Yer o‘g‘lonining to‘yi bo‘lib o‘tibdi. Ona-Er keliniga: “Endi ishni qo‘lga olish payti yetdi, hozircha, bog‘dagi asalarilarga qarab turaqolsin. Oqbilak boshqa nimaning ham uddasidan chiqardi”, debdi.
Quyosh qizi har kuni bog‘ning o‘rtasida turib olib asarlarilar begona uyaga kirib ketmasinlar, deya ko‘z-quloq bo‘lib turarkan. Kunlar ortidan kunlar asalarilarning g‘o‘ng‘illashi kabi bir maromda o‘tib boraveribdi. Uchqur tulporlarga minib sayr qilishlar, Oyning o‘g‘illari bilan quvnoq raqsga tushishlar, opalari bilan birga dengizda qayiqda sayr qilishlar qayda qoldi?
Qo‘shga qo‘shilgan horg‘in otlar oyoqlarini zo‘r-bazo‘r bosib kelar, ishdan horib-tolib qaytgan eri bo‘lsa endi xotinining qulog‘iga shirin, muloyim so‘zlarni shivirlamay qo‘ygandi.
Kunlardan bir kun Quyosh qizi eriga:
– Dengiz yoqasidan menga shumurt keltirib ber, – deb o‘tinibdi.
– Shumurt har doim ham ochilavermaydi-ku, – jahl bilan to‘ng‘illabdi Yer o‘g‘loni xotiniga.
– Bo‘lmasa bulbullar qo‘shig‘ini eshitgim kelayapti, yur, aylanib kelamiz.
– Bulbullar har doim sayrashavermaydi.
– Meni anchadan buyon o‘pganing ham yo‘q. Nahotki muhabbat ham abadiy bo‘lmasa?
– Ha, muhabbat ham abadiy emas.
– Bo‘lmasa yer yuzida nima abadiy?
– Mehnat abadiy, – javob qilibdi Yer o‘g‘loni va chalg‘isini olib, o‘tloqqa yo‘l olibdi.
Quyosh qizi yana yolg‘iz qolibdi. U tug‘ilib o‘sgan go‘shasini juda sog‘inganidan g‘ururni ham unutib, boshini ko‘tarib onasiga yolvora boshlabdi:
– Oh, mehribon onajon, qizingning gapiga quloq sol. Tug‘ilib o‘sgan vatanimni juda sog‘indim. Har tun tushimda yoshligim o‘tgan yerlarni ko‘raman, opalarimning charx yigirishlarini eshitaman. Kechalari dengiz tarafdan qayiq eshkaklarining shaloplashini eshitganimda opalarimning cho‘milgani kelishayotganini his etaman. Yodimdan ko‘tarilib ketgan qo‘shiqlarini tinglayman. Ey, mehribon onajon, o‘zboshimcha qizingni kechir, uni o‘z bag‘ringga ol!
Quyoshdan sado chiqmabdi.
Quyoshning kenja qizi bo‘lsa yolvorishdan aslo to‘xtamabdi:
– Ey, onajon, onajonim, nahotki qizingning begona yurtlarda baxtsiz bo‘lib yurganligini his etmasang? Yoningga chaqir meni, endi meni qizim demasang, mayli, cho‘ring bo‘la qolay. Har kuni ertalab, kechqurun bulutli choyshablaringning changini o‘zim qoqay, ostonang-ni sochlarimni supurgi qilib, supurib-sidiray. Opalarimning charxlari ostidagi chang-g‘uborlarni tozalay, shunda vatanimda yashayotganimdan o‘zimni g‘oyat baxtiyor his etaman.
– Oh, qizginam, sen begona yurtda uzoq vaqt qolib ketding, o‘tgan vaqt mobaynida oyoqlaring yerga xuddi ildiz kabi o‘sib kirib ketdi. Endi senga yordam berish qo‘limdan kelmaydi. Kech bo‘ldi, – Quyosh shunday deb javob beribdi-yu, so‘ng nam ko‘zlarini oq bulutli sochig‘i bilan berkitib olibdi. Kenja qizning qo‘llariga billur marjonlar – Ona quyoshning ko‘z yoshlari oqib tusha boshlabdi.
Kenja qiz oyog‘ini qimirlatmoqchi bo‘lgan ekan, darhaqiqat, Yer uning oyoqlarini mahkam ushlab turganligini sezibdi. Shunday qilib, Quyosh qizi yerda qolib, gulga aylanibdi, bu gul vatanini qo‘msab hamisha Quyoshga boqqani-boqqan ekan. Mana shuning uchun ham bu gulni Kungaboqar deb atar ekanlar.

TUNGI BINAFShA

Yanov bayrami kechasi kishilar to‘da-to‘da bo‘lib sayr qilishar, sho‘x qo‘shiqlardan kuylashardi: yig‘ilganlarning ovozi qanchalik avjga chiqsa, aks-sado shunchalik ko‘p jaranglardi.
Faqat Yanisninggina ko‘ngliga chiroq yoqsa yorimasdi. Har galgidek shu bayram kuni birdan ma’yuslanardi-yu, yotib uyquga ketardi. Har galgidek uni Yanov kechasi mardonavor ruhda aytilgan qo‘shiq uyg‘otib yuborardi.
– Baqiroq ashulachilar tinchlik berishmadi-berishmadi-da, – deb Yanis to‘ng‘illadi-da, o‘rnidan turib kiyinib, asta-sekin cho‘ponlar so‘qmog‘idan yurdi, o‘yin-kulgi qilayotganlardan o‘zini olib qochib, Qora qarag‘ayzor tomon yo‘l oldi.
Qarag‘ayzor qalin va qop-qorong‘i. Adl archalar asrlar osha g‘amgin qo‘shiqlarini kuylardi, qarag‘aylarning qizg‘ish tanalari go‘yo tabiatning yashil ibodatxonasidagi ustunlardek ko‘rinardi kishi nazdida.
O‘rmonga shunchalar orziqib chorlayotgan narsa nima ekanligini Yanisning o‘zi ham bilmasdi. Bu o‘rmon haqida judayam ko‘p qo‘rqinchli afsonalarni hikoya qilishgandi. Garchi odamlar qo‘rqqanlarini aytishga og‘izlari bormay, indamasalar ham faqat jasur botirlargina Qora qarag‘ayzordagi yo‘ldan yurishga jur’at qilardilar, xolos. Bir vaqtlari Yanis ham bu Qora qarag‘ayzor haqidagi afsonalarning qo‘rqinchli ekanligidan yuragini hovuchlab yurardi, lekin uning sevgilisi Zane shu o‘rmonda dom-daraksiz ketgandan buyon uning oyoqlari beixtiyor shu o‘rmon so‘qmoqlari tomon yo‘l boshlardi.
Ayniqsa, Yanov bayrami kechasi uni ajib bir hol qamrab olardi. O‘rmonga chorlayotgan narsa sevgilisining sirli shivirlashimi yoki qushlarning mastona sayrashimi, yo gullarning dimoqqa xush yoquvchi muattar bo‘yimi, har holda, nima ekanligini Yanisning o‘zi ham tushunib yetmasdi. Bu o‘ttiz yildan buyon jon-dildan sevib, ardoqlab kelayotgan o‘rmon gullari bo‘lsa kerak.
Har safar bayram kuni arafasi, xushbo‘y tungi binafsha ochilgan chog‘ Yanisni qandaydir tushunib bo‘lmaydigan bezovtalik qamrab olardi. Uyquni tark etgan Yanis tinmay o‘rmon kezar va tungi binafshaga to‘lib ketgan yalanglikni qidirib topardi-da, unga yaqinroq bo‘lgan joyga kelib yotardi-yu, gullarning muattar bo‘yiga mast bo‘lardi-qolardi. Tungi binafshalarni qanchalik sevmasin, aqalli ularning biron-bir donasiga qo‘l tekkizib, uzib olmasdi. Uning novdalari nozik va mo‘rt, oppoq gullar esa go‘zal, hidi shunchalar muattar ediki, bunday gulni Yanis mehnatda qadoq bo‘lgan qo‘llari bilan uzib olishni go‘yo katta gunoh hisoblardi.
Yanis gullarni bunchalik sevishiga sabab, sevgilisi Zane binafshani yaxshi ko‘rishidandir, ehtimol. Yigitning o‘ziga qolsa, o‘rmondagi har bir gulni silab-siypab qo‘ygan bo‘lardi, chunki bular Zanening tongda va tunda uning xonasiga xushbo‘y rang-barang guldastalar olib kelgan kunlarini yodga solardi.
Mana bu kecha ham Yanis o‘rmonga oshiqdi, o‘zi bilmagan holda tungi binafshalar qulf urib ochilgan joyga – chor-atrofni gullar qoplab olgan yalanglikka yetib keldi.
Yanis yerga uzala tushib yotib oldi-da, yana sevgilisi – Zane haqida xayolga berildi. Zanening g‘oyib bo‘lganiga o‘ttiz yil bo‘lsa-da, ammo sevgilisi haqidagi o‘y-xayollar na tushida, na o‘ngida Yanisga sira-sira tinchlik bermaydi.
– Zane, jonginam Zane, sen yonimda bo‘lgan paytlaringda hayot naqadar go‘zal va quvonchga to‘la edi-ya, – deya shivirladi Yanis, so‘ng lablarini tungi binafshaning gullariga tekkizdi. Yanisning yodiga o‘sha damlar tushib ketdi – o‘shanda u endi yigirma to‘rt yoshga to‘lgandi – u istiqomat qiladigan qishloqqa Vaydune aya qizi Zane bilan ko‘chib kelgandi. Zane tortinchoq, hurkak qiz bo‘lib, ahyon-ahyondagina qo‘ng‘ir sochlarini shabada siypab to‘lqinlantirganini Yanis ko‘rishga muyassar bo‘lardi, xolos.
Vaydune aya turli xil giyohlardan dori tayyorlashni yaxshi bilardi, u ancha yoshga borib qolganligi sababli dorivor giyohlarni qizi Zane terib kelardi. Qiz kun chiqmasidanoq dalaga chiqib ketar, tonggi shudringdan hamma yog‘i ho‘l bo‘lgancha etagini xushbo‘y giyohlaru gullarga to‘ldirib nonushta paytigacha qaytib kelardi. Ba’zan u choshgohda ham dalaga chiqib ketardi, chunki turli-tuman gullarning ochilish vaqti har xil bo‘lar edi-da.
Yanis Zane bilan do‘stlashib oldi. U ham qiz bilan turli giyohlar terishga bora boshladi. Bu bir umr yoddan chiqarib bo‘lmaydigan damlar edi. Zane Yanisga o‘simliklar va gullar haqida juda ko‘p hikoya aytib berar, har bir qushning sayrashiga qarab qanday qush ekanligini darhol topar, suhbatlashib charchagan chog‘larida esa goh zarg‘aldoqqa, goh chug‘urchiqqa taqlid qilib sayrardi. Zane hatto qaysi gulning hididan qanday tush ko‘rish mumkinligini ham yaxshi bilardi. Ba’zida kechqurunlari Zane Yanisning xonasiga ba’zi bir gullardan qo‘yib ketardi-da, ertalab uning ko‘rgan tushini aytib berib, yigitga tegajoqlik qilardi.
Yanov bayramiga bir necha kun qolganida Zane negadir g‘alati bo‘lib qoldi, u ko‘p xayol suradigan, dam-badam tunlari tanho Qora qarag‘ayzorda sayr qiladigan odat chiqarib oldi. Yanis bo‘lsa qizga: “Senga nima bo‘ldi, Zane”, deb tinmay savol berardi, lekin qizning o‘zi ham nima bo‘layotganligini tushunmasdi. Goh-gohida qiz shunday derdi: “Yarim kechada yo kunduz kunlari giyoh yig‘ish uchun o‘rmonga borganimda kimdir changalzorda otimni aytib chaqirayotgandek tuyuladi. Bu ovoz kimniki ekanligini ajratolmayman, yuragimni vahima bosib ketadi”.
Yanov bayrami kechasi boshlandi, Yanis va Zane o‘rmon etagiga borib gulxan yoqdilar. Ular gulxan yonida o‘tirib, butun borliqni sho‘x-shodon kulgiga ko‘mib quvnashar, bir-birlariga gul otib o‘ynardilar.
Birdan Zane kutilmaganda o‘rnidan turdi-da: ¬
– Yanis, sezyapsanmi, chakalakzorda qandaydir gul ochilganga o‘xshaydi. –Shamol uning muattar isini dimog‘imga olib kelyapti, bu tarovat meni sening bo‘salaringdan ortiq mast qilyapti. Shu tun ana shu gulni uzib senga taqdim etaman. Azizim, meni kut, albatta yoningga qaytib kelaman, – dedi-yu yugurib ketdi.
– Sevgilim, seni intizorlik bilan kutaman, – dedi Yanis va yolg‘iz o‘zi gulxan yonida qoldi.
Yigit qizni uzoq kutdi, nihoyat, kutaverib toqati toq bo‘lgach, sevgilisini qidirib ketdi.
Yanis tinmay: “Qayoqdasan, jonim Zane”, deb chaqirar, lekin qizning ovozi eshitilgan yerga borishi bilanoq, ovoz eshitilmay jimjit bo‘lib qolar, so‘ng shu ondayoq qizning qahqahasi boshqa yerdan eshitilib qolardi.
– Zane, azizam, hazilni qo‘ysang-chi, sendan o‘tinib so‘rayman, boshqa bunday hazil qilma! – yalinardi Yanis, biroq Zane hamon unga ko‘rinish bermasdi.
Yanis tong otishi bilan uyga holdan toyib, qizdan nihoyatda ranjigan holda qaytarkan: “Hazil ham evi bilan-da, tun bo‘yi men bilan berkinmachoq o‘ynab qiynashning nima hojati bor! Kelib-kelib yilda bir marta keladigan Yanov bayrami kechasida bunchalik qiynashini-chi!”– deb qizdan xafa bo‘ldi.
Biroq Zane shu kuni ham, ertasi tuni ham qaytib kelmadi…
Yanis uyidagilari bilan birgalikda qizni qidirishga tushdi. Ular o‘rmonning tit-pitini chiqarib yubordilar, biroq qizni hech qayerdan topa olmadilar. O‘rmonda tanho Yanisning o‘zi qoldi.
U tinmay Zaneni qidirar, ovozi boricha nomini aytib chaqira-chaqira, oxiri o‘rmonning qalin chakalakzoriga kelib qolganini sezmay qolardi. Banogoh uning nigohi boshni aylantiruvchi muattar bo‘y taratib turgan qandaydir g‘alati bir gulga tushdi.
– Bu, o‘sha, muattar hidi Zaneni bo‘salarimdan ham kuchliroq mast qilgan va uni o‘rmon chakalakzoriga yetaklab kelgan o‘sha gul! – deya qichqirib yubordi Yanis, so‘ng g‘azab bilan gullarni yulqib tashlamoqchi bo‘lib, endi qo‘l cho‘zgan ham ediki, banogoh qandaydir to‘nkaga qoqilib, oyoqlari shilinib, qonab ketdi.
Yanis qonagan oyog‘ini yuvish uchun buloq qidirib ketdi.
“Gulda nima ayb, gunohi muattar bo‘y taratayotganimi?” – degan xayolga bordi yigit. Yanisning sevgilisi Zanedan esa hamon darak yo‘q edi.
Yanis sevgilisini o‘lgan deb gumon qilsa-da, hayotini qaytadan izga sololmas edi. Gohida bu dunyoda yashashning unga qizig‘i qolmagach, foniy dunyodan bosh olib ketgisi kelardi, yana shaytonga hay berib, bu niyatiday qaytardi. “Zanesiz hayot menga o‘limdan ham dahshatliroq”, derdi o‘ziga-o‘zi. – Toki tirik ekanman, hech bo‘lmasa Zaneni tushimda ko‘raman-ku! – deya o‘ziga taskin berardi.
Tungi binafshalar sehrli hid taratar edi…
Ularning muattar bo‘yi yigit nazdida dabdurustdan quyuqlashib, yengilgina quyunga aylangandek va unda noaniq shakllar paydo bo‘lgandek tuyuldi. Evoh, shakl tobora aniqlashib bordi-bordi-da, beixtiyor Yanis sevgilisi Zaneni ko‘rib qoldi. Zane yaqinlashib kela-kela, yigitning qarshisida tiz cho‘kdi va sovuq lablarini Yanisning ko‘zlariga bir lahza bosib turdi.
– Zane! Zaneginam! – shodlikdan o‘zini yo‘qotib qichqirib yubordi Yanis. – Oh, jonim, nihoyat seni topdim-a! Shuncha yillardan buyon qayerlarda eding, azizam? Sochlarimning oqarib ketganini ko‘rayapsanmi?
Yanisni yoqimli hid chulg‘ab oldi.
– O, sevgilim! Sobiq do‘stim! Nega sen o‘shanda, esingdami, to‘nkaga qoqilib yiqilganingda tungi binafshalarni yulqib tashlamading? O‘shanda sochlaring barvaqt oqarmagan bo‘larmidi, men bo‘lsam bu chakalakzorda yillar bo‘yi tungi binafsha qiyofasida ochilib azob chekmagan bo‘larmidim, jonim.
Yanis sevgilisining bu g‘aroyib gapiga tushunmay, ang-tang bo‘lib qoldi. Zane esa bo‘lgan voqealarni oqizmay-tomizmay yigitga so‘zlab berdi:
– O‘sha bayram tunida meni qari Iblis aldab olib ketgan ekan. Senga aytardim-ku, avvallari kimdir otimni aytib chaqirgani-chaqirgan deb, lekin kim chaqirayotganini bilolmay doim qo‘rqib yurardim. Shunda u bir hiyla o‘ylab topibdi. Sening bo‘salaringdan ham ortiqroq mast qiladigan bo‘y taratguvchi gul o‘stiribdi. Seni qanday yaxshi ko‘rsam, gullarni ham shunday sevishimni bilar ekan. Yanov bayrami oldidan senga ajoyib sovg‘a hozirlamoqchi bo‘ldim, esingdami, senga hech bir inson ko‘rmagan gulni tortiq qilmoqchi edim. Shu on Iblis dimog‘imga tungi binafshaning muattar bo‘yini purkagan ekan, shundan so‘ng men bu g‘aroyib gulni senga taqdim etmoqchi bo‘lib qidirib ketdim. Xuddi mana shu yerda meni Iblis tutib oldi. U menga, allaqachondan beri seni ko‘z ostimga olib qo‘yibman, umrbod shu o‘rmonda qol, menga tekkin, dedi. Men Iblisga bu maqsadiga aslo erisha olmasligini, yolg‘iz senigina sevishimni aytdim. Tun bo‘yi u menga xotin bo‘l, deb yalinib-yolvordi, ammo men rozilik bermadim, chunki kelib meni qidirib topishingni va ana shunda uning sehri o‘z kuchini yo‘qotishini bilardim.
Ertasi kuni chakalakzorga bir o‘zing kelgan paytingda Iblis meni sendan yashirib darhol tungi binafshaga aylantirib qo‘ydi. Azizim, o‘shanda sen guldan uzib olganingda bormi, men yana aslimga aylanib qolgan bo‘lardim. Biroq Iblis to‘nkaga aylanib, oyog‘ing ostida paydo bo‘ldi, sen bo‘lsang unga qoqildingu buloq tomon yugurib ketding.
Sen tungi binafshani yulib olarsan, degan umidda to‘qqiz yil kutdim, ammo sen bu nozik gulni uzishga ko‘zing qiymadi. To‘qqiz yil mobaynida men Iblisga turmushga chiqishdan bosh tortib keldim… U bo‘lsa, “menga turmushga chiq”, deb ham yolvordi, ham do‘q-po‘pisa qildi, lekin men zor-intizor seni kutdim. Oradan uch marta to‘qqiz yil o‘tsa, inson O‘rmon ruhi sehrini yenga olmas ekan, shuning uchun umrbod o‘rmonda qolishga mahkum etildim.
– Oh, do‘stim, vafodor do‘stim-a! Nega o‘sha Yanov bayrami kechasidan keyin kelib gulni uzib olmading?! Evoh!..
Yanisni yana xushbo‘y hid chulg‘ab oldi-yu, Zanening tumanli qiyofasi tobora xiralashib, ko‘zdan uzoqlasha boshladi.
– Zane, jonginam, meni tashlab ketma, Zane! Sensiz yasholmayman! – deb qichqirib yubordi Yanis qaylig‘ini ushlab qolish niyatida uni quchoqlab oldi. Biroq Yanisning qo‘lida boshni aylantiruvchi muattar hid taratayotgan bir dona nozik oq binafshagina qolgandi, xolos.

TONG ShABADASI

Bog‘ devori orqasida Yovvoyi atirgul ochilibdi. Lolarang, iboli nozik gulbarglari tonggi shudringga yo‘g‘rilgan bu gul xuddi baxtdan ko‘zlari namlangan yosh navnihol qizdek suluv ko‘rinardi. Erta tongda hammadan avval qushlar uyg‘onganligi sababli, bu gulning chiroy ochganini dastlab ular ko‘rishga muyassar bo‘lar edilar.
– Iya! Mo‘jiza-ku! Bu gulning chiroyliligini-chi! Qanday go‘zal-a! – deb zavqlanishibdi yon-atrofdagilar.
– Bunchayam go‘zal bo‘lmasa! – uning gapini tasdiqlashibdi boshqalar.
– Qamishzor chumchug‘i bundan darhol Bulbulni ogoh qilish uchun daryo qirg‘og‘i tomon uchib ketibdi, chunki u Bulbul atirgulni jon-dildan sevishini bilar edi-da.
Bu xabarni eshitgan Bulbul shu onning o‘zidayoq muhabbat haqida hech kimning me’dasiga tegmaydigan yangi qo‘shiq yaratibdi, axir har safar qalblarda muhabbat paydo bo‘lganida Yovvoyi atirgul yangi ochilgan ko‘rinishi kabi durkun, go‘zal bo‘lar ekan-da.
Bulbulning qo‘shig‘idan Tonggi shabada uyg‘onib ketibdi. Bu shov-voz kun bo‘yi charchaganligi sababli qayin daraxtining shoxidagi belanchakda tunab qolgan edi.
– Voy-bo‘y, bunchayam maqtamasang, shunchalik ofatijon ekanmi? – qo‘ng‘ir sochlarini tararkan ishonqiramay so‘rabdi Bulbuldan Tonggi shabada.
– U tong jolasi kabi go‘zal, quyoshning ilk shu’lasi kabi nozik, yon-atrofga taratgan mushk-anbarini aytmaysanmi, mast qiladi kishini, – berilib maqtab ketibdi Bulbul Yovvoyi atirgulni.
– Gaplaringga qaraganda daryo qirg‘og‘ida o‘sadigan shumurtdan ham go‘zal ekan-da, a? – luqma tashlabdi Tonggi shabada Bulbulga.
– Shumurtdan ham, Arg‘uvondan ham, hatto Olma gulidan ham chiroyli, – tinmay maqtabdi uni Bulbul. Bulbulning qo‘shig‘idan Tong-gi shabadaning qalbida muhabbat alanga olibdi, u kechagina Shumurtni ohista quchib, la’li lablaridan bo‘sa olganligi, umrbod sodiq qolishga ont ichib erta tongda qaytib kelishga va’da berganligini ham esidan chiqazib yuboribdi.
Tonggi shabada Bulbulga havoyi bo‘sa hadya etib, bog‘ devori orqasida ochilgan Yovvoyi atirgul tomon yelib ketibdi.
– O, go‘zallarning go‘zali! – ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim bajo etibdi Tonggi shabada Yovvoyi atirgulga.
Yovvoyi atirgul Tonggi shabadaning bu gapidan loladek qizarib ketibdi, boshini xiyol burib devor tomonga uni imlab chaqiribdi-da, shivirlabdi:
– Iltimos, xushomadgo‘ylik qilmasangiz. Devor orqasida bog‘bonning mehr-muhabbatidan qulf urib o‘sayotgan opa-singillarim oldida men bir bedavoman-ku, – debdi.
– Sening bu xislating bir go‘zalligingga ming go‘zallik qo‘shadi, kamtarliging esa qalbingning naqadar tiniqligiyu pokligini namoyish etadi, – deb uni maqtay ketibdi Tonggi shabada.
Quvonchdan hayratda qotgan Yovvoyi atirgul boshini tik ko‘taribdi-da, Tonggi shabadaning tillarang ko‘zlariga tikilib:
– Yo alhazar, siz qalbimni birinchi bo‘lib tushungan kimsasiz! – debdi. – Qiziq, hamma husnimga mahliyo bo‘ladi-yu, lekin… husn abadiy emas-da, axir…
– Dunyoda faqat muhabbat abadiy, seni jon-dilimdan yoqtirib qoldim, ha, sevib qoldim, sevib! – deya Yovvoyi atirgulni avrabdi Tonggi shabada, so‘ng uning qulog‘iga sehrgar butun borliqni sehrlash uchun o‘ylab topgan gapini ohista shivirlabdi.
Yovvoyi atirgul bu sehrli so‘zning tuzog‘iga ilinmadi, deb o‘ylaysizmi? Afsuski, ilindi! Bu so‘z faylasuflarni va qadimgi donishmandlarni ham o‘z yo‘liga solgan, “sevgi” degan ilohiy ishqqa shohu gado mubtalo bo‘lganlar.
Tonggi shabada kuni kecha Shumurtni bag‘riga bosib erkalagancha dudog‘idan bo‘sa olgan edi-ya, endi-chi, endi bo‘lsa Shumurtni unutdi. Endi Yovvoyi atirgulni kun bo‘yi quchib, tinmay dudog‘idan bo‘sa olayapti!
Qosh qoraygach, Tonggi shabada charchab ko‘zlarini yumibdi-da:
– Xayrli kech, azizam, – deya ohista shivirlabdi. – Tong otgunga qadar xayr. Meni kutgil, jonim! – deya sevgilisiga havoyi bo‘sa yo‘llagancha qayin shoxidagi belanchagi tomon yelib ketibdi.
Yovvoyi atirgul ham shirin uyquga ketibdi, uning ko‘z oldidan hamon mehribon sevgilisi – xushro‘y Tonggi shabada ketmasdi.
Yovvoyi atirgul erta tongda uyg‘onibdi-yu, Tonggi shabadaning kelishini zoriqib kuta boshlabdi. Kun issiq va nihoyatda dim.
– Sevgilim hali uxlab yotgan bo‘lsa kerak. U muhabbat lazzatidan charchagan bo‘lsa ehtimol, – debdi o‘ziga-o‘zi Yovvoyi atirgul va Tonggi shabadaning ko‘ziga yanada suluvroq ko‘rinish uchun birin-ketin gullarini ocha boshlabdi.
Bog‘ning bir burchagida Chittak Qamishzor chumchug‘iga:
– Tong otib ulgurmasidanoq Tonggi shabada yaylovdagi Bo‘tako‘zning yoniga yugurib ketibdi. Yovvoyi atirgulga bildirmay qo‘ya qolamiz, xo‘pmi? – deyishibdi yon-atrofdagilar.
– Aytmaymiz, albatta, aytmaymiz.
Yovvoyi atirgul kun-bakun sevgilisini zor-intizor kutibdi. Novdasida dasta-dasta gullarning jamolini barchaga ko‘z-ko‘z qilibdi. Yonidan o‘tib ketayotganlar uning oldida to‘xtab:
– Qarang-a! O‘zi Yovvoyi atirgul-u, chiroyli bo‘lib ochilganini-chi! – deb yo‘llarida davom etar ekanlar.
Yoz ham kelibdi, hanuz Tonggi shabadadan darak bo‘lmabdi.
– Devor ortida o‘sayotgan opamizni bilasiz-a, endi tengini topib uzatsak bo‘larmidi? – deya shivirlashibdi opa-singillar.
– To‘g‘ri aytasan. Uning yoniga Oq Kapalakni yuboraman. Menimcha, u Yovvoyi atirgulga juda munosib qayliq.
Kapalak Yovvoyi atirgulning yoniga kelib o‘ziga qayliq bo‘lish uchun qo‘lini so‘rabdi. Yovvoyi atirgul g‘azab bilan unga rad javobini beribdi:
– Afandim, bu gapni aytishga qanday jur’at etdingiz? Axir men sizni sevmayman va bundan keyin ham seva olmayman.
– Men bo‘lsam sizni sevaman, – ming mulohaza bilan debdi kuyovto‘ra va: – Judayam xunuk bo‘lmasam kerak, vaqt o‘tishi bilan sizni o‘zimga rom etib olaman, – deya qo‘shib ham qo‘yibdi.
– Aslo! – xitob qilibdi Yovvoyi atirgul. – Agar siz o‘z tashqi ko‘rinishingiz bilan maqtanmoqchi bo‘lsangiz, shuni aytib qo‘yayki, siz karam barglari ustida o‘rmalab, ularni kemirib yurgan paytingizda yashilqurt bo‘lib, qanday jirkanch tusga kirishingizni bir eslab ko‘ring-a, hammasi yodimda! Hm! – debdi-da, Kapalakning yuziga bir tarsaki tushiribdi.
So‘zi rad bo‘lgan kuyovto‘ra o‘zini uyoqdan-buyoqqa urgancha qochib ketibdi.
Jazirama yoz kunlari ham kelibdi. Yerning nami qochib, qotib qolibdi. Bog‘bon bog‘dagi gullarga har kuni suv quyib, ertalab va kechqurun sug‘orar ekan. Biroq devor ortidagi Yovvoyi atirgulni hech bo‘lmasa biron marta sug‘orish bog‘bonning xayoliga ham kelmasdi. Yovvoyi atirgul nozik gullarini saqlash maqsadida tunning nam nafasini o‘zimga singdirib olay deb gullarini faqat kechga borib ochar ekan. Kunduz kunlari esa u gullariniyu barglarini yopib olganicha uyquga ketar, go‘zal sevgilisi haqida shirin xayollar surib uyquga ketar ekan, demak, Tonggi shabada albatta qaytadi, uni og‘ushiga oladi, suyadi, to‘yib-to‘yib dudoqlaridan bo‘sa oladi…
Dahshatli quyun Yovvoyi atirgulni shirin uyqusidan uyg‘otib yuboribdi. Yo‘l yoqasida o‘sgan qayinlar butoqlariga qapishganlaricha, og‘ir xo‘rsinibdilar. Aftidan, pastak bo‘yli Yovvoyi atirgul ko‘ra olmaydigan dahshatli narsani ko‘rganga o‘xshardilar.
Oh, buni ko‘rgandan ko‘ra ko‘zlari ko‘r bo‘lgani yaxshi emasmidi! Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, bu o‘sha Tonggi shabada edi! U daraxtlarning shoxlarini sindirib, barglarini shart-shurt uzgancha yelib kelmoqda. Uning aft-angori tamoman o‘zgarib ketgandi! U yerga tushibdi-da, qo‘liga siqqancha yo‘l chetidagi qumdan olib bog‘dagi gullarga:
– Surbetlar! Sizlardan nafratlanaman! – deya qum socha ketibdi.
Tonggi shabada Yovvoyi atirgulning yonginasiga kelib to‘xtabdi.
Yovvoyi atirgul unga qarab jilmayibdi va jingalak sochlaridan tortqilab hazillashmoqchi bo‘libdi, ammo uning ko‘ziga shu zahoti qum to‘libdi! U ko‘zlarini ishqaguncha Tonggi shabada uzoqlashib ketib qolibdi.
– Tavba, unga nima bo‘lgan o‘zi? Nega u bunchalik g‘azabda? – hayron bo‘libdi atirgul.
– Xi-xi-xi! – kulibdi boshqa atirgul. – Ukam dalada baliqchilarning gaplarini eshitib qolibdi. Tonggi shabada Suv nilufariga oshiqu beqaror bo‘lib qolgan emish. Suv nilufari Tonggi shabadaga ko‘z suzib, uni bosh-ko‘zini aylantirib qo‘yibdi. Xi-xi-xi!
– Bu gaplarni yana Yovvoyi atirgulga aytib qo‘ymagin-a! –ogohlantirishibdi bir-birlarini.
– Bechora! U meni izlab adashib qolganga o‘xshaydi, ayriliqdan ko‘zlari kirtayib qolibdi! – xo‘rsinibdi Yovvoyi atirgul va gullari qiyg‘os ochilgan novdalarni to‘g‘rilay boshlabdi. – Sevgilim albatta qaytib keladi, ha, rost, bunga shubham yo‘q, axir uning o‘zi muhabbat abadiy degan edi-ku.
– Devor ortidagi opamiz qachongacha turmushga chiqmaydilar? – debdi bir gul yonidagi gulga murojaat etib.
– To‘g‘ri aytasan, – tasdiqlabdi uning gapini dugonasi. – Vaqti o‘tib ketyapti. Kuz ham yaqinlashib qoldi. Opamiz ancha shashtidan tushib qolgandir. Oddiy er bo‘lsa ham tegishga rozi bo‘lar. Uning huzuriga Qo‘ng‘izni yuboraman.
Qo‘ng‘iz Yovvoyi atirgulning yoniga o‘rmalab kelibdi, orqa oyoqlarini tirabdi-da, gerdaygancha Yovvoyi atirgulga shoxlarini silkib:
– Salom, hamqishloq! Gapimni qisqa va lo‘nda qilib aytmoqchiman: senga uylanishga jazm etdim! – deb ko‘zlarini lo‘q qilibdi.
Yovvoyi atirgul unga javoban o‘zining nashtardek tikanini sanchibdi. G‘azabdan barglari silkina boshlagan Yovvoyi atirgul kuyovto‘raga qarab:
– Afandim! Siz o‘ta qo‘pol ekansiz. Men Tonggi shabadaning qaylig‘i bo‘laman, bilmasangiz, eshitib qo‘ying, menga uylanaman degan so‘zni kallangizdan chiqarib tashlang! – debdi.
– U betayin bilan oralaringizda bo‘lgan oshiq-ma’shuqlik savdosi qulog‘imga chalingan. Lekin buni yuzingizga solmoqchi emasman.
– Bilishimcha, qalb sozlarining musiqasini aslo tushunmas ekansiz!
– Gapingiz to‘g‘ri! Buni tan olaman. Kasbimning o‘zi shunaqa, – shodon xitob qilibdi kuyovto‘ra. – Go‘ngdan ildizlaringiz ostiga bir-ikki hovuch tashlab yuborishim ham mumkin. Anvoyi gullaringiz o‘g‘itsiz uzoq yashay olarmikan? Xo‘sh, taklifimga nima deysiz, azizam, rozimisiz?
Yovvoyi atirgul uning gapiga javob qaytarish o‘rniga uzatgan panjalariga tikanini sanchib olibdi. Alamiga chidolmagan kuyovto‘ra, asta-sekin yo‘lning narigi betiga o‘tib ketibdi.
Kuz ham kelibdi. Bog‘bon gullarini sovuqdan saqlash uchun ularga barglardan to‘qilgan gilamcha hozirlashga kirishibdi.
– Ey xudoyim, bu so‘nggi gulim bo‘lsa kerak, – xo‘rsinib debdi Yovvoyi atirgul. – Gulim so‘lib qolmasidan Tonggi shabada kela qolsaydi. Ha-ya, aytgandek, u gulim bo‘lmasa ham jon-dildan sevadi-ku, chunki u teran va pok qalbimni his eta bilgan va tushungan yagona kimsa-ku. Uchrashuv kuni ajoyib so‘zlar aytib, ko‘nglimni ko‘targan edi.
Er zarang tortib qolgandi, avvalgi yildagidek qish fasli muruvvatini ko‘rsatib qor to‘shagini barvaqt to‘shab, yer bag‘rini qoplashga hali oshiqmasdi. Yovvoyi atirgul sovuqqa ortiq bardosh berolmabdi. U yoz bo‘yi gullarini ketma-ket ochib, Tonggi shabadaning erkalashlarini qo‘msab, o‘zining bor kuchini sarf etib bo‘lgandi. Bu hol endi uni o‘ta befarq qilib qo‘ygandi. Endilikda uni na muhabbat, na go‘zalik, na qalb pokligi qiziqtirardi, shuning uchun ham “o‘lim” kelib uni poymol etganda “g‘ing” degan ovoz chiqarmabdi.
Beshafqat, bag‘ritosh O‘lim! Nega sen bu yo‘lni chetlab o‘tib keta qolmading? Nega xazon bo‘lishga boshqa birovni tanlamading? Qaragin-a, qaqragan qariqiz shamolda titramoqda, ana kulrang yalpiz esa shilvirab bukilmoqda, sen avval ularni domingga tortsang bo‘lmasmidi? Endi bo‘lsa yovvoyi atirgul jinoyatchi kabi junjikib titramoqda, chunki daraxtni silkitgancha Tonggi shabada ma’yus kelmoqda. U juda qarib qolibdi, soch-soqoli oppoq oqaribdi, balki sochlari-yu, paxmaygan soqolida oppoq qor uchquni yiltirayotgandir? Ana, Tonggi shabada tilga kirdi, eshityapsanmi, uning bo‘g‘iq ovozidagi iztirobini his etyapsanmi?
– Oh, mehribonim Yovvoyi atirgul! – bo‘g‘iq ovozda yolvordi u. – Faqat sengina meni astoydil sevarding. Ijozat ber, seni voyaga yetkazgan shu aziz tuproqni tirnog‘ingga ham arzimaydigan mendek benavo bir o‘psin! Agar gunohimdan o‘tib kechirsang, biron-bir novdangni bo‘lsa-da, silkitib qo‘y. Kechirsang bormi, oyog‘ing ostida to bahor kelgunga qadar tiz cho‘kib yotaman. Jonginam Yovvoyi atirgul, sen ochilgunga qadar kutishga tayyorman.
O‘z ahdiga sodiq qolib, umri xazon bo‘lgunga qadar kutgan Yovvoyi atirgul endi Tonggi shabadani sira-sira kechira olmasdi.

PIONGUL

Pioniyaning to‘yi bo‘lish arafasida to‘satdan onasi vafot etib, olti bola bo‘zlab qoldi. Buyog‘i qandoq bo‘ldi, opalari erga tegib ketsa, ukalari kimning qo‘lida qolishadi? Muhabbati qallig‘i Simeon tomon undasa, ammo onasiga bergan va’dasi-yu, uka va singillariga qilinajak g‘amxo‘rlik uni uyga chambarchas bog‘lab qo‘yibdi. Nahotki Simeon sevgilisining boshiga tushgan musibatni tushunmasa?
– Qizim, bir-ikki yil sabr qil, tez orada singling katta bo‘lib, ukalaringga qaraydigan bo‘ladi, – debdi otasi Pioniyaga. Qiz otasining gapiga quloq solib, onalik qilib ukalariga qaray boshlabdi. Biroq singlisi bo‘yi yetishi bilanoq tengi topilibdi-yu, opasiga uzr aytib, yig‘lab-siqtab o‘zini baxtsiz qilmasligini o‘tinib so‘rabdi. Pioniya singlisiga: “Mayli, sevganing bilan baxtli bo‘l!” deb, yana bir necha yil sabr qilishga rozi bo‘libdi.
– Bir-ikki yil ko‘z ochib-yumguncha “g‘ir” etib o‘tib ketadi, bu o‘tgan davr muhabbatimizni yana sinovdan o‘tkazadi, – deb tasalli beribdi Pioniya yigiti Simeonga.
– Yaxshi, kutish kerak bo‘lsa, kutaman! – debdi Simeon. Lekin Simeonnnig ota-onasi o‘g‘illarining fikrini ma’qul topmabdilar, ular so‘zlariga kirmagan bo‘ydoq o‘g‘illarini uydan haydab yuboribdilar.
Uydan quvilgan Simeon qallig‘iga ikki yildan keyin oldingga javob xati olib boradigan kabutarni yuboraman deb, olamni kezgani “hayyo-huv” deb jo‘nabdi.
Oradan ikki yil ham o‘tibdi. Nihoyat, kabutar tumshug‘ida Simeonning xati bilan begona yurt gulidan olib kelibdi.
“Rahmat, sevgilim, – deya Simeonga javob yoza boshlabdi Pioniya. – Meni unutmabsan. Har soat, har daqiqa yodimdasan. Lekin ukam katta bo‘lguniga qadar yana ikki yil kutishga to‘g‘ri keladi.”
Ukasi balog‘atga yetgach, ichkuyov qiladigan oilani topibdi, u bu qulay fursatni qo‘ldan boy bergisi kelmabdi.
Pioniya Simeonga yana xat yozib, ikki yil kutishni iltimos qilibdi. Oradan u kutgan ikki yil ham o‘tibdi, lekin Pioniya baribir otasining uyini tashlab ketolmabdi, chunki o‘rtancha singlisi kuyov topib, to‘yini bir kunga ham kechiktirishga rozi bo‘lmabdi.
– Men baxt izlab dengizning narigi tomoniga ketmoqchiman. Yozib yubor, senga qanday sovg‘a olib kelay, – degan mazmunda xat olibdi Simeondan.
– Menga gul ko‘chati olib kel, – deb javob yozibdi Pioniya, chunki Simeon chet elga borgach, boyib ketib kumushu oltinlar olib kelishiga ko‘zi yetmas ekan.
Yillar bo‘lsa tutqich bermay, g‘izillab o‘tardi… Ikki yildan keyin Simeon yana xat yozib, to‘ylari qachon bo‘lishini sevgilisidan so‘rabdi. Pioniya Simeonga yana ikki yil kutgin, debdi, chunki balog‘atga yetgan ukasida dunyoni ko‘rish ishtiyoqi tug‘ilibdi. Pioniyaning oldida eng kenja ukasini katta qilish vazifasi turarkan. U oyoqqa turib olsa, nihoyat, Pioniya bilan Simeon orziqib kutgan to‘y bo‘ladi.
Bechora Pioniya yomon kasallik dastlab erga tekan singlisini olib ketib, uchta yosh bolalarining yetim bo‘lib qolishini tush ko‘ribdimi? Bechora yetimlarni kim boqadi, kim tarbiyalaydi? Kuyovi bo‘lsa tong otgandan kun botgunga qadar dalada yer haydab ekin ekish bilan ovora. U bolalarini o‘rmonga olib borib tashlayman, menga keragi yo‘q, deb turganda, Pioniya qanday qilib singlisining bolalarini o‘z bag‘riga olmaydi deysiz?
Pioniya yana sevgilisiga xat yozib, undan to kuyovi boshqa xotinga uylanib, bolalarini o‘z bag‘riga olguniga qadar kutishni iltimos qilibdi.
Vafot etgan singlisining barcha ma’rakasi o‘tibdi. Kuyov uylanibdi, lekin yangi xotin o‘gay bolalarni boqish haqidagi gapni eshitishni ham istamabdi. O‘zi tug‘adigan bolalarining tashvishi yetib-ortishini pesh qilibdi.
Pioniya bilan Simeon bo‘lajak to‘ylarigacha qolgan yillarni sanashadimi yo yo‘qmi, bu noma’lum. Lekin singlisining sag‘ir qolgan bolalari katta bo‘lgach, ukalari-yu, singillarining bolalarini boqishga to‘g‘ri keldi. Yillar xuddi chopqir tulpor kabi o‘tib borardi. Mehnat Pioniyaning qaddini bukib qo‘ydi, g‘am va yor hijroni sochini oppoq oqartirdi. Uning endi hech kimga keragi yo‘q edi, u tarbiyalagan barcha bolalar yolg‘iz yashaydigan bu mushtipar kampirning kulbasini unutib yuborgan edilar. U har kuni ertalab hassasiga suyanganicha eshikka chiqib turar va qaltiroq qo‘llari bilan: “Men seni kutyapman”, deb yozilgan maktubni berib yuborish uchun kabutarni nigoron kutgani-kutgandi.
Nihoyat, kabutar xatni olib ketgach, Pioniya to‘yga tayyorgarlik ko‘ra boshlabdi. U egniga yoshligida tikilgan nikoh ko‘ylagini kiyib olib, boshiga gulchambar kiyibdi. U shu qiyofada kun bo‘yi eshik oldida Simeonni kuta boshladi.
O‘tkinchilar barmoqlari bilan niqtab:
– Qaranglar, qaranglar, anovi kampir aqldan ozib qolganga o‘xshaydi, – deb mazax qilib ketishardi.
U umr bo‘yi nigoron kutgan kimsadan darak yo‘q edi. Boqib katta qilgan bolalar-ku, uni eslamasdilar ham. Lekin yovuz ajal baxt nimaligini bilmay armonda ketayotgan Pioniyani imlab chaqira boshladi.
– Ey yovuz Ajal, o‘z to‘yimni kutganimdek, sen ham bir necha yil sabr qilib turolmaysanmi? – ajalga yolvoribdi Pioniya.
– Men uchun gado ham, shoh ham barobar. Kimning umri tugasa, qo‘l siltaganimda har qanday kimsa ham so‘zsiz amrimga bo‘ysunadi, – deb javob qaytaribdi berahm Ajal.
Ettiyot begona odamlar Pioniyaning jasadini qabristonga olib borib ko‘mibdilar, qabr ustiga tuproq tortibdilar. Hamma ketgach, qabristonga qandaydir bir kimsa, aftidan, muhojir bo‘lsa kerak, kelibdi-da, yangi qabrni izlab topibdi.
– Uchrashgan joyimizni qara-ya, sevgilim Pioniya, – debdi notanish kimsa go‘yo lahadda yotgan murda uning gapini eshitayotgandek. – Men bo‘lsam xatingni olgach, oyog‘imni qo‘limga olib, necha dengizlardan osha kemada suzib o‘tdim, sahrolardan oshdim, botqoqliklardan kechib, visolingga oshiqdim. Mana, senga gul olib keldim. Bu gulni sening noming bilan atab, Pion deb nom qo‘ydim. Uning hidi xuddi bizning muhabbatimiz kabi ham shirin, ham achchiq.
Simeon engashib uzoq o‘lkadan olib kelgan ko‘chatni sevgilisi qabriga ekib qo‘yibdi.
Qabristonda o‘sayotgan chiroyli, bu diyorda bo‘lmagan guldan xabar topib Pioniyaning qarindosh-urug‘lari qabriston tomon oshiqib kelibdilar. Ular bu gulning ildizidan qazib olibdilar-da, o‘z bog‘lariga:
– Keksa Pioniyadan bizga xotira bo‘lsin, – deb ekib qo‘yibdilar.

NILUFAR

Jak uzoq yurtga urushga jo‘nab ketishga majbur edi, uni olib qolish uchun na ko‘z yoshi-yu, na dod-faryod yordam bermadi. U qaylig‘i Nilufarni Frantsiyada qoldirishga jazm etdi. Ular xayrlashayotgan vaqtlarida Jak ko‘ksidan yuragini sug‘urib oldi-da, uni Nilufarga uzatib, dedi:
– Jangchi toshyurak bo‘lmog‘i darkor, yurak esa bunga xalal berishi turgan gap. Qaytib kelgunimga qadar sen uni avaylab-asragin.
Nilufar Jakning yuragini kumush qutichaga solib qo‘yibdi-da, sevgilisining qaytishini zor-intizor kuta boshlabdi. Kutgan odam uchun vaqt naqadar imillab o‘tishi o‘zingizga ma’lum. Yillar esa had-hisobsiz, adoqsizdek bo‘lib tuyularkan. Nilufar nima ish qilmasin, nigohi hamma vaqt Jak ketgan tarafda bo‘lardi. Shu alfozda u kunlarning hisobidan ham yanglishib ketdi, yillarni-ku hisoblamay ham qo‘ydi. Kunlardan bir kuni otasi:
– Qizim, mana, qaylig‘ing urushga ketganiga ham o‘n yil bo‘ldi. U endi qaytib keladimi-yo‘qmi – bu birgina Xudoga ayon. Endi boshqa odamga turmushga chiqib uy-joy, bola-chaqa qilsang bo‘larmidi, – deb nasihat qilganida, Nilufar yuragidagi alamini yashirolmay:
– Otajon, Jak menga yuragini tashlab ketgan, uning qalbi men bilan birga ekan, Jakni aslo unutolmayman,– debdi.
Otasining qiziga rahmi kelib, boshini chayqab qo‘yibdi, xolos. Ha, otasi orzu-havas ko‘rsam, nabiralarim atrofimda parvona bo‘lsa, deb tunu kun o‘ylarkan.
Oradan yana o‘n yil o‘tibdi, urush ham tugabdi, jangchilar uy-uylariga qaytibdilar, – kimdir oyog‘idan ajrab, yana kimdir qo‘lsiz qaytib kelibdi. Nilufar bo‘lsa sabrsizlik bilan, nigoron Jakni kutarkan, qo‘l-oyog‘idan ajragan jangchilardan qaylig‘i haqida so‘rab-surishtirarkan. Jakdan hamon dom-darak yo‘q edi.
– Boshqani sevib, begona yurtlarda qolib ketgan bo‘lsa ehtimol, – degan so‘z bir kuni opasining og‘zidan chiqib ketdi, lekin Nilufar opasining so‘ziga ishonmabdi.
– Uning yuragi menda-ku, qanday qilib boshqani sevadi? Yuraksiz qanday qilib sevish mumkin, axir?
Urush tugagach, qalbi tosh bo‘lib ketgan Jak odamlarni tunab kun kechira boshlabdi. U endi o‘zgacha hayotni xohlamas ekan. U begona yurtlardagi bosqinchilar to‘dasiga boshliq ham bo‘lib olgandi. Jak yo‘lovchilarni talab, ularning oltinlari, boyliklarini tortib olardi-da, topgan pullarini qovoqxonalarda ayamay sarflab, sovurardi.
Kunlardan bir kuni keksa Per betob bo‘lib qolibdi. Jak uni to‘dadan haydab yuboribdi. Per boshlig‘idan o‘ch olish uchun Jakning qon-qarindoshlari va yoru-do‘stlariga qanday razil va qabih ishlar qilib yurganligini bir gapirib beray deb, to‘g‘ri u yashagan qishloqqa yo‘l olibdi.
Per o‘n yil davomida yo‘l bosibdi. Nihoyat, Frantsiyaga yetib kelib, Jak yashaydigan qishloqni izlab topibdi. Bu qishloqda u kimningdir yo‘liga nigoron ko‘z tutib turgan oppoq sochli kampirga duch kelibdi.
– Sen shu qishloqda yashagan Jakni taniysanmi? – so‘rabdi Per kampirdan.
– Yo xudoyim-ey! Mendan Jakni so‘rayapsizmi?! – debdi o‘zini yo‘qotib: Men uchun jondan ortiq bo‘lgan Jakimni, u urushga ketgandan buyon yo‘liga zor-intizor ko‘z tikkan aziz Jakimni taniysizmi? Tezroq gapiring, unga nima bo‘ldi, qayerlarda yuribdi pahlavonim!
Keksa Per kampirning ko‘zlarida umid uchqunlari chaqnab ketganini ko‘rgach, ayol sevgilisi Jakni hali-hanuzgacha jismi joni bilan qo‘msashini payqabdi. U ayolga qaylig‘i haqida dahshatli haqiqatni – sevgilisi sanalmish Jak razil yo‘lto‘sar va ichkilikka mukkasidan ketganligini aytishga og‘zi bormabdi. Yo‘q, bundan ko‘ra bechora ayol yolg‘on bo‘lsa-da, qalbida hamon yorqin yulduzdek yashayotgan sofdil jangchi halok bo‘lganligini, endi ortiq uni kutishning hojati yo‘qligini aytgani ma’qul.
– Ie, sen Jakning xotinimisan? – so‘rabdi Per kampirdan.
– Ha, men uning qaylig‘i Nilufar bo‘laman. Biz u bilan unashtirib qo‘yilgan edik, – Perning gapini tasdiqlabdi kampir.
– Afsus, ming afsus! Senga shumxabar keltirganim uchun meni kechir! – debdi Per ko‘zlarini kampirdan olib qochib. – Qaylig‘ing Jak jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi. U seni juda sevar ekan! O‘limi oldidan: “Nilufar, jonim Nilufar! Alvido!” deb ismingni qayta-qayta tilga oldi.
O‘ch olishni yuragiga tugib qo‘ygan Per nima maqsadda uzoq yo‘l bosib kelganligini hech kimga aytmay yana o‘z yo‘liga ravona bo‘libdi.
“Jakim halok bo‘libdi, – miyasiga chaqin urilibdi Nilufarning, – lekin u yer qa’rida qanday qilib yuraksiz yotibdi ekan! Qabrini qanday bo‘lmasin, izlab topishim kerak, unga olijanob, meni bir umr sevgan yuragini qaytarib bermog‘im ham farz, ham qarz”.
Nilufar kumush qutichani avaylab ko‘targanicha eri dafn etilgan o‘lka sari og‘ir va mashaqqatli yo‘lga tushibdi. U kunlar va yillarning hisobidan yanglishib ketgan. U uchragan har bir kimsadan yo‘lni so‘rab-surishtirib borarkan. U qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i quyadigan jazirama yerlardan o‘tibdi, dovul to‘lqinlarida dengizda chayqalgan kemalarda suzib, nihoyat, Jak urushga yuborilgan sahroga ham yetib kelibdi.
Yo‘lovchilar unga bu yo‘lda yolg‘iz ketmaslikni, chunki sahroda qaroqchilar ayovsiz ravishda tunashlarini aytib, ogohlantiribdilar, biroq Nilufarning qulog‘iga ularning gapi kirmabdi.
– Qarib qolganman, bir oyog‘im yerda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda, shoshilmasam, Jakning yuragini qaytarib berishga ulgurolmay qolaman.
Kishilar aytganidek, Nilufarni qaroqchilar talabdi, undan qimmatbaho kumush qutichani tortib olib qo‘yishibdi. Nilufar ularga xudoning zorini qilib yolboribdi, yig‘lab-siqtabdi, o‘zining baxtsiz muhabbati haqida – Jakka naqadar sodiqligi haqida so‘zlab beribdi, lekin ayolning bu yalinib-yolborishlari yo‘lto‘sarlarning ko‘nglini zarracha yumshata olmabdi. Ular qutichani boshliqlari huzuriga olib borib, qandaydir aqldan ozgan bir kampir qaylig‘i urushga ketaturib o‘z yuragini unga tashlab ketganligini, u bo‘lsa shuncha yo‘l bosib kelib, qaylig‘ining qabrini qidirayotganligini kalakaomuz hikoya qilib beribdilar.
Qaroqchilarning boshlig‘i ko‘zi oldida nimadir elas-elas bo‘lib, qutichani ochibdi-yu, yuragiga ko‘zi tushibdi. U shuncha yillar mobaynida yuragidan mahrum bo‘lib yurgan ekan-da. Shu payt g‘aroyib mo‘jiza ro‘y beribdi – yurak sobiq egasiga qarab xuddi odamga o‘xshab:
– Hoy, battol, inson bolasi bo‘l! Bu ko‘rinishda ahdiga vafodor Nilufarning ko‘ziga ko‘rinma. Yaxshisi, u seni o‘lgan deb o‘ylasin-da, qalbida yorqin, pok siymong qolsin, – debdi.
Jak qutichani yopib qo‘yibdi-da, qo‘l ostidagi yo‘lto‘sarga buni kampirga qaytarib berishlarini va ko‘m-ko‘k bir tepalikni ko‘rsatib, Jak shu yerga ko‘milgan, deb aytishlarini buyuribdi. Boshliqning bu gapidan g‘azablangan yo‘lto‘sarlar yo‘lda ketaturib, boshlig‘imiz qariganida miyasi aynib qolibdi, degan xayolga borib, kumush qutichani o‘zlari olib qolishga kelishib olibdilar. So‘ng Nilufarga qabrni ko‘rsatib yuboribdilar – yon-atrofda shamol tuproqni surib olib kelib hosil bo‘lgan tepaliklar oz deysizmi!
Bechora Nilufar sevgilisi Jakni yoshlikda qanday qalb qo‘ri bilan sevgan bo‘lsa, hamon shundayligicha sevardi. Bechora kampir sevgilisini yuraksiz qoldirishga ko‘ngli bo‘lmay, ko‘ksidan o‘z yuragini yulib olib, Jakning jasadi ko‘milgan deb xayol qilgan bir tepalikka ko‘mib qo‘yibdi.
Yurak ko‘milgan yerdan bir gul unib chiqibdi, uni shu bugunga qadar Nilufar deb atab kelisharkan. Bu gulni poklik, vafodorlik va sadoqat ramzi sifatida e’zozlar ekanlar.

JAROHATLANGAN QALB VA MARVARIDGUL

Uni biron kimsa hech qachon do‘stim deb atamagan, uning og‘zidan ham bu so‘z chiqmagan ekan. Muhabbat so‘zini faqat kitobdangina o‘qib bilgan, saboning asta erkalab esishi kabi muhabbat kishi qalbini shirin tuyg‘uga chulg‘ab erkalashiyu, alanga-otashida kuydirib kul qilishi va insonni ko‘klarga parvoz ettirib, har baloga giriftor etishini ham tushunar edi.
So‘qqabosh Bukri na saboning mayin yelishiyu, na alangali jazirama uning xasta, notekis tepuvchi yuragiga zahmat yetkazmasligiga ishonchi komil. Bukri shunchalik badbashara ekanki, mabodo oynaga qarab qolgudek bo‘lsa xunukligidan a’zoyi badanini titroq bosib ketardi.
Dunyoda shuncha kelishgan, zabardast yigitlar turganda meni kim ham sevardi, deb o‘ylar ekan bechora Bukri. O‘zi-chi, o‘tsiz qalbi bilan qaysi qizni seva olardi deysiz? Yo‘q, u faqat qalbi toshgina emas, balki ichqora va hasadgo‘y ham ekan. Bukrining og‘zidan faqat qarg‘ish so‘zlarigina chiqarkan. Uning qisiq ko‘zlari na chiqib kelayotgan quyoshning shafag‘ini, na oyning oydin shu’lasini sezarkan, doimo yerga qarab yurib, faqat iflos ko‘lmaklarniyu yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirliklarini ko‘rarkan. Uning qirra burni gullarning kishini mast qiluvchi hidlarini sezmas, ammo o‘laksa va mog‘or bosgan isni uzoqdan turib payqardi. Tez orada butun dunyo uning ko‘ziga jirkanch, iflos bo‘lib tuyula boshlashi ajablanarli hol bo‘lmay, faqat shu tuyg‘ugina unga shodlik bag‘ishlar ekan, chunki shunday paytda o‘zini yolg‘iz deb his etmas ekan-da.
Ammo kunlardan bir kuni – kutilmaganda u xiyobonga sayr qilgani chiqqan malika Atirgulni ko‘rib qolsa bo‘ladimi!
Yo‘lovchilar malikani ko‘rgach, hurmat-la ta’zim qilar, u o‘tib ketguniga qadar joylaridan jilmasdilar, faqat Bukrigina o‘zini yo‘qotib, ko‘zlarini pirpiratgancha dunyoda shunday go‘zal mahliqo borligiga aqli bovar qilmay, serrayib turarkan. Malikaning pushtirang yonoqlari, quralay ko‘zlari, gilosdek qip-qizil lablari va kelishgan qad-qomatidan yoshlik va go‘zallik ufurib turar, uni ko‘rgan har bir kishi yelkasidan qarilikni itqitib tashlarkan.
Ko‘pchilik keksalar uni hech bo‘lmasa bir martagina ko‘rgach, yosharib uylariga qaytish niyatida olis-olislardan mashaqqat bilan yo‘l bosib kelardilar. Malika hammaga tabassum baxsh etar, yo‘lovchilarning salomiga xushmuomalalik bilan javob qaytararkan. Faqat bir kimsa – esi og‘ib qolgan badbashara Bukrigina yo‘l chekkasida serraygancha turar va yuzini burishtirib malikaning sollona-sollona qadam tashlab kelishiga tikilib qolgan edi. Bu ayanchli kimsaning ko‘rinishi shunday yoqimsiz va achinarli ediki! Malika Atirgulning juda rahmi kelib, Bukriga sidqidildan mayin tabassum hadya etibdi.
Bu tabassum bir ondayoq Bukrining hayotini tubdan o‘zgartirib yuborsa bo‘ladimi! Bukri shu ondan boshlab boshini tik ko‘tarib, yon-atrofga boqadigan bo‘libdi. Oq, gunafsha sirenlarning barq urib ochilishini, do‘lananing gullashini hamda barglariga quyosh nuri ingan daraxtlarning naqadar go‘zalligini his etibdi. Xushbo‘y gullarning muattar bo‘yini olib kelayotgan yengil shabada unga shunday rohat baxsh etibdiki! Shundoqqina yo‘l yoqasida binafshalar o‘sib yotarkan. Bu jajji gullar o‘tgan-ketganlarga shodlik baxsh etish uchun qayerdan kuch olar ekanlar-a! Daraxtlar uzra quyosh nurining aksi, arg‘uvon daraxti barglarining shabadada sirli shitirlashi, qushlarning sayrog‘iyu bolalarning chug‘urlashlari kishi kayfiyatini yanada ko‘tarardi.
Bukrining eshitish va atrofni ko‘rish qobiliyati bunchalik o‘zgarib ketganligi, bu dunyo go‘zalligini seza boshlaganining tagiga yetolmay xayoli parokanda bo‘lib qolibdi.
– Bu o‘zgarishning sababini kimdan so‘rasam ekan-a? – o‘ziga o‘zi savol beribdi u.
– Mendan so‘ra! – javob qilibdi shu tob uning qalbi.
– Ey, zulmatday qorong‘u, baxtiqaro, sen nima ham derding?
– Men nihoyatda shod-baxtiyorman, chunki gullarni kim ochiltirayotganini, qushlarning sayrashiga kim ilhom bag‘ishlashini, ko‘zlaring va quloqlaringni kim ochganini yaxshi bilaman! – tantanavor ohangda so‘zlabdi uning qalbi.
– Xo‘sh, bo‘lmasa ayt, kim ekan u? – so‘roqqa tutibdi Bukri qalbini.
– Bu – muhabbat. U naqadar nozik, osuda va jo‘shqin, yoqimli va alangasi zo‘r muhabbatdir! Sen sevib qolibsan! Malika Atirgulni-ya!
– Yo tavba, malika Atirgulni? – qo‘rqib so‘rabdi Bukri qalbidan. – Malika Atigulni sevishga meni jur’at etadi deb o‘ylaysanmi?
– Malika Atirgulni sevishni senga kim man eta oladi? – bahslashardi u bilan qalbi. – Har kuni erta tongda shu yerga kelgin-da, hamma qatori u bilan salomlash.
Bukri qalbiga quloq solib har kuni Atirgulning yoniga keladigan bo‘libdi, malika uning yoniga yaqinlashganida hurmat-la boshini egib, u bilan salomlashib o‘tib ketarkan. Malika uning yonginasidan tabassum hadya etib o‘tarkan, Bukriga bu uni go‘yo erkalayotgandek tuyularkan.
Bu daqiqalar uning hayotida unutilmas on bo‘lib qolarkan. Har kuni ertadan kechgacha toshni ham eritib yuborishga qodir kuchni malika qayerdan olar ekan? To‘rg‘aylar va bulbullar bilan qo‘shilishib kuylashga unda qayerdan ovoz paydo bo‘lgan ekan? Bukri to‘rg‘ay va bulbullarning nima haqda kuylayotganiga sira tushunmas ekan, ammo u Atirgul haqida, uning go‘zalligiyu, o‘z sevgisi haqida kuylarkan.
Faqat tabiatgina emas, balki inson qalbi ham kutilmagan g‘alayon to‘fonlar ko‘tarilishidan bechora Bukri xabarsiz ekan. Ana shu kutilmagan to‘fon tong otgach, dabdurustdan, u bog‘ga borib malikaning husnidan bahramand bo‘lib, bir kunga yetadigan kuch-quvvat to‘plash maqsadida xiyobonga ketayotganida butun shahar shishadan yasalgan kichkina fonuscha va gullar marjoni bilan bezatilganini, ko‘chalarda yasan-tusan qilib olgan odamlarni ko‘rgan dam uning boshiga kulfat tushibdi. Odamlar qo‘llariga nay, doira olvolgan edilar. Faqat bir qizning qo‘lida qo‘ng‘iroqchasi bor edi, xolos. Bu qiz kambag‘al molboqar Mayya edi, u hech qayerdan surnay topolmagach, echkisining bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqchasini yechib olib kelgandi, chunki shunday shodiyona bayram kuni u ham xursandchiligini namoyish qilmoqchi ekan-da.
Bukri bir o‘tkinchidan shahar nima uchun bunchalik dabdaba bilan bezatilganiyu, odamlarning bunchalik ko‘pligini so‘rabdi.
Yo‘lovchi ajablanib:
– Ie, xabaring yo‘qmi, malika erga tegayapti-ku! O‘zing qayerdan kelgansan? – deb so‘rabdi.
– Malika deysanmi? Qaysi malika? – g‘o‘ldirab so‘rabdi o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Bukri.
– Nahotki bu yerda bitta malika borligini bilmasang? Malika Atirgulni aytyapman-da!
Kimdir Bukrining boshiga tosh bilan tushurganda ham u bechora bunchalik dovdirab qolmagan bo‘lardi. Bu gapdan dong qotgan Bukri kutilmaganda yerga qulabdi, lekin o‘zini qo‘lga olib, dik etib o‘rnidan turibdi, chunki u yerga xuddi lovullab yonayotgan gulxan ustiga tushgandek sezibdi o‘zini. U go‘yo alanga-otashda yonayotgandek har kuni tongda Atirgulni uchratadigan xiyobon tomon yugurib ketarkan.
– Mening Atirgulim! Gulim! – deb qichqirib borarkan u yo‘ldan.
Daryo bo‘lib oqayotgan ko‘z yoshlari qalbidagi o‘tni o‘chira olmasligini yaxshi his etarkan. Qo‘shiq va kuylarning ovoziyu, shodiyona qiy-qiriqlar osmonu falakni tutib ketgandi. Olomon xiyobondan o‘tib borayotgan yosh va go‘zal malika bilan muhojir shahzodani tabriklayotgan ekan. Kelin bilan kuyov olqishlayotganlarga tabassum hadya etib borardilar. Ular o‘z baxtlaridan sarmast ekanlar, shu tob olomon orasidan qandaydir Bukri otilib chiqib, malikaning oyoqlari ostiga tiz cho‘kib:
– Malika, axir sen mening gulimsan-ku! Yoningdagi shahzodani yo‘qot, men bilan birga yur! – deb “oh-voh” qilganini sezmabdilar ham.
– Hoy tentak, es-hushingni yig‘ib ol! – baqirib berishibdi unga yig‘ilganlar. – Voy galvars-e, bir chuvrindi bo‘laturib malikaning ko‘ziga ko‘rinishga qanday jur’at etding! Obbo kuyov bola-ey! – deb bag‘ritosh odamlar Bukrini birlari olib-birlari qo‘yib mazax qila ketishibdi, ayollar esa qo‘llarini bigiz qilib uni ko‘rsatgancha rosa kulishibdi.
Na pand-nasihat, na mazax Bukridagi sevgi otashini so‘ndira olibdi.
Muhabbat alangasi tamoman Bukrini aql-hushidan ozdiribdi. Shunda Bukri yonidan xanjarini sug‘urib olibdi-yu, malikaning ko‘ksiga sanchibdi.
Odamlar “hay-hay”lagancha Bukrini ushlabdilar. Ammo vaqt o‘tgandi. Ular motamsaro, boshlarini quyi egibdilar. Oradan bir oz vaqt o‘tgach boshlarini ko‘targan ekanlar, hayratdan dong qotib qolibdilar. Malikaning qoni to‘kilgan yerdan xushbo‘y qizg‘ish tusda ajoyib gul o‘sib chiqibdi. – To‘planganlar bu g‘aroyib gulga tikilishgancha hayajon bilan:
– Bu o‘zimizning Gulimiz-ku!– deya shivirlashibdi. – U o‘limidan keyin ham bizga quvonch baxsh etish uchun chiroyli gul bo‘lib ochilibdi-ya,– deya bir-birlariga hayratomuz boqishibdi.
Malika yashagan mamlakat qonuniga binoan rashk sababli sevgilisi hayotiga qasd qilgan odamni haydab yuborib, tog‘u toshlarda yashashga mahkum etar ekanlar. Qarg‘ish va toshbo‘ronga uchragan Bukri ham tog‘-toshlarga chiqib ketibdi. O‘shandan buyon uni hech kim uchratmabdi, faqat kelasi yilning bahorida podadan qolib ketgan echkisini qidirib yurgan molboqar qiz Mayya tog‘ etagida jarohatlangan qalbni uchratib qolibdi. Qiz tentaklarcha o‘z sevgisi deb halok bo‘lgan Bukrini eslabdi-yu, jarohatlangan qalb yonida cho‘kkalab o‘tirgancha uvvos solib yig‘lab yuboribdi, chunki qiz ham yolg‘iz ekan, uni biron kimsa sevmagan ekan-da. Shunda g‘alati hodisa ro‘y beribdi: Mayyaning ko‘z yoshlari toshga singib, bir juft gul o‘sib chiqibdi. Birining gulbargi pushtirangda bo‘lib, tanasi atrofiga o‘ralgan holda xuddi ozor chekkan jajji yurakchalarga juda-juda o‘xshab ketarkan, ikkinchisi esa qo‘ng‘iroqchaga o‘xshab gullarkan, u xuddi tiniq ko‘z yoshidek yurakchalarning tepasida osilib turarkan.
Keyinroq odamlar bu gullarni bog‘lariga ko‘chirib o‘tkaza boshlabdilar. Pushti rangdagisiga jarohatlangan qalb, ikkinchisiga esa marvaridgul deb nom beribdilar.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 3-son.