Amrita Pritam. Amakri (hikoya)

Ojizlik va kuchli nafrat o‘tidan Kishorning lablari titrardi. To‘yining birinchi kechasiyoq xotinining ko‘ksiga lablarini bosganda, og‘zida sholg‘om ta’mini tuygandek bo‘ldi…
Bugun otasi hovlining hammayog‘ini elektr chiroqlari bilan bezattirib qo‘ydi. Alohida ajralib turishi uchun opalari, yangalariyu do‘stlari Kishorning yotoqxonasiga shamchiroqlar qadab chiqishdi.
Kishor sham yorug‘ida xotinining yuziga tikildi. Uning go‘zal chehrasida tabassum o‘ynardi. So‘ng shamchiroqlarga naear soldi: ulardan mum yoshlari oqardi. Shunda Kishor xayolan, xotinini bor kuchi bilan siltab, «Ko‘rib qo‘y, sening birgina tabassumingni deb, qancha ko‘z yoshlari to‘kilmoqda», demoqchi bo‘ldi. Biroq tilini tishlab qoldi. Xotini shu zahoti qah-qah urib: «Hovlidagi dabdabani ko‘ryapsanmi? Bir tomonda radio bo‘lsa, bir tomonda yaxdon, bir tomonda karavotu javon bo‘lsa, bir tomonda kiyim-kechak to‘la sandiq. Darvoza yonida esa mashina! Bularning hammasini sen o‘zing orzu qilganding-ku!» deyayotgandek edi.
Kishor ko‘z yoshlarini artayotgandek, shamchiroqlarning hammasini bir-bir o‘chirib chiqdi. Zulmat xotinining tabassumini o‘z ro‘moli ila bekitgandek bo‘ldi. Ancha vaqtdan so‘ng, uydagilarning hammasi uxlagach, u o‘rnidan turib eshikni avaylab ochdi va hovliga chiqib ketdi.
Hovlida chiroqlar charaqlab turardi. Katta xo‘jayinning amriga ko‘ra hovli tun bo‘yi shu tariqa yorishib turishi lozim edi.
Kishor diqqat bilan kaftiga tikilgan edi, Amakrining marjon tugmali, ixchamgina qora kamzuli yodiga tushdi. Uning xotirasida buvisi jonlandi. Buvisining qishlog‘idagi odamovi jat* va uning qizi Amakri ko‘z o‘ngidan o‘ta boshladi.
Kishor kollejda o‘qib yurgan kezlarida, dastlab onasining ra’yiga qarab, yozgi ta’tilni buvisinikida o‘tkazish uchun qishloqqa ketdi. So‘ngra o‘zi uch yil yozgi ta’tilni yana qishloqda o‘tkazdi.
— Amakri, menga qara, nega ota-onang senga bunday nom qo‘yishgan? — deb so‘ragandi bir kuni Kishor qizdan.
— Bizning qishlog‘imizda anbah** ko‘p o‘sadi. Odamlar undan murabbo tayyorlaydilar. Qishda tanovul qilish uchun esa tilimlab quritishadi va sirlangan xumlarga g‘amlab qo‘yishadi. Onam meni ham anbahning bir tilimiga o‘xshatgani uchun Amakri deb nom qo‘ygan,— deya javob berdi nozikkina, qorachadan kelgan qiz soddalik bilan…
Ilk ta’til faqat o‘yin-kulgi bilan o‘tdi. Kishor qishloqqa ketayotib, onasiga: «Men gapingiz yerda qolmasin deb jo‘nayapman, lekin shuni aytib qo‘yay, u yerda uzoq turmayman, besh-olti kundan keyin biror do‘stimnikiga boraman»,— degandi. Ammo Amakrini uchratgach, bu gaplar Kishorning esidan ham chiqib ketdi.
Qishloqda anbahzorlar juda ko‘p, shulardan bittasi Amakrilarniki edi. Kishor kuni bo‘yi ularning bog‘ida o‘tirib kitob o‘qir, quyosh tikkaga kelganda anbah soyasiga chorpoya qo‘yib uxlardi. Qoq tushda, xoh issiq shamol bo‘lsin, xoh yer qizib yotsin, daraxtzordagi suv baribir muzdek bo‘lardi, Shuning uchun Amakri boqqa yap-yangi ko‘za keltirib, uning bo‘g‘ziga misdan yasalgan yaltiroq kosacha ham osib qo‘ygandi.
Negadir Kishor ko‘p chanqar edi. U xuddi anbahzor qo‘riqchisiga o‘xshab o‘tirar va Amakridan suv so‘rardi.
— Kishor babu, nega siz hadeb chanqayverasiz? — derdi Amakri unga. Qizning jarangdor kulgisi Kishorning xayolini o‘g‘irlardi. Kishor Amakrini anbah novdasiga, uning yashil ko‘ylagini esa xuddi novdadagi yaproqlarga o‘xshatardi. Amakri bu ko‘ylagini boshqasiga almashtirib kelgan kunlari Kishor buni uning esiga solar va qiz ertasigayoq o‘sha ko‘ylagini yuvib, yana kiyib kelardi. Xullas, birinchi yilgi dam olish o‘yin-kulgi bilan o‘tib ketdi. Kishor shaharga qaytib keldi. Harholda uni kichkinagina, qushchadek Amakri sehrlab qo‘yganga o‘xshardi. Ayniqsa, u keyingi yili dam olish vaqti kelganda buni chuqurroq his etdi va darhol buvisinikiga jo‘nadi.
Kishor bu safar qishloqqa kelganda o‘tgan yilgi nozikkina, qorachadan kelgan, bir mahallar o‘zi anbah novdasiga o‘xshatgan soddagina qizni emas, balki, sochlari quyuq yaproqlar kabi yelkasini to‘ldirgan, butunlay anbah daraxtiga aylangan Amakrini uchratdi. Uning ko‘zlari ham anbah mevalari kabi o‘zgarib ketgandi. Kishor Amakrining yuziga mahliyo bo‘lib tikildi. Qiz qo‘llari bilan ko‘zlarini bekitib olgandan keyingina hushi joyiga keldi. Anbah mevalari ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, Amakri yugurib bog‘dan chiqib ketdi.
Ikkinchi kuni Kishor bog‘da o‘zi uchun daraxtlar soyasiga qo‘yilgan chorpoya va uning yonida suvga to‘latilgan yap-yangi ko‘zani ko‘rdi. O‘sha kuni tush paytida Amakri boqqa keldi. U egniga yashil ko‘ylak kiyib, qo‘llariga o‘shanday rangdagi billur bilakuzuklar taqib olgan edi.
Bu ta’tilda Kishor Amakrini bag‘riga bosgisi kelaverdi. Bu xohish uning vujudini yondira boshladi. Bu istak kundan-kun alangalanib, Kishorning toqatini toq qildi.
Bir kuni u shartta Amakrining qo‘lidan tutdi. Amakri qo‘lini shoshib tortib olarkan, «Kishor babu! Bu anbah, bo‘lagiga changal solishdan nima foyda sizga? Bugun yeb ko‘rib, ertaga bir po‘choq singari tashlab yuborasiz»,— deya boshini quyi egdi. Kishorning yuzi xijolatdan qizarib ketdi.
Bu ta’tilda o‘yin-kulgi o‘z o‘rnini ko‘z yoshlariga bo‘shatib bera boshladi. Kishorga u shaharga qaytib kelganida o‘zi bilan bir qancha «oh-voh»lar olib keldi va ularning bir ulushini Amakriga ham qoldirdi.
Uning keyingi yozgi ta’tilgacha sabri chidamasdi. Qishki dam olishdayoq oyog‘ini qo‘lga olib, bir dunyo orzular bilan buvisinikiga yetib keldi. Bu safar Amakri o‘z qalbining bo‘laklarini vujudiga o‘rab, unga baxsh etdi.
Kelgusi yil yozgi ta’til boshlanishi bilan Kishor yana buvisining qishlog‘iga jo‘nadi. U Amakrini, o‘sha anbah bo‘lagini o‘pib erkalarkan:
— Bugun sening qo‘ng‘iroq sochlaring asalari uyasiga o‘xshaydi, lablaring esa naq asalning o‘zginasi! — dedi.
— Ko‘zlarim-chi? Ular asalariga o‘xshamayaptimi? Uyasiga tegsang, qo‘lingni chaqadi-ya…
Amakrining javobidan so‘ng rostdan ham bu ko‘zlar xuddi asalarilar kabi uning yuragiga hujum boshladi. Yuragida og‘riq to‘la shish paydo bo‘lib, tobora kattarib borayotgandek edi.
«Anbah bo‘lagi»ning asalari uyasiga aylanganiga bir necha kun bo‘lgan edi hamki, bir kuni Kishor uning yuvib-taralgan sochlarini hidlab: «Men hech qachon may ichmaganman, lekin seni ko‘rishim bilan aqlu hushimni yo‘qotyapman», dedi. Shu yo‘sin Amakri goh anbah bo‘lagiga, goh asalari uyasiga, gohida esa bir qultum sharobga aylanadigan bo‘ldi.
O‘shanda Kishor Amakri bilan xayrlashayotgan edi. Ajralish paytida Amakrining qo‘llari unga mahkam chirmashib oldi. Bunga ham toqat qilmay yuragi to‘lib-toshgan qiz yigitning qo‘lidan tishlab, qizil izlar qoldirdi.
— Toki bu anor suvi izlari qo‘lingda turarkan, sen meni unutmaysan,— dedi u.
— Voy yovvoyi mushukcha-ey, voy tentakvoy-ey…
Kishor qo‘lida paydo bo‘lgan shishga labini bosdi. U anbah bo‘lagining, asalari uyasining, bir piyola sharobning yana bir qilig‘iga duch kelgan edi.
Shu yozda barsat*** ancha erta tushgandi. O‘sha kuni kechqurun xiyla salqin bo‘lgani uchun Amakri marjon tugmali qora kamzulini kiyib chiqqan edi. U qulog‘iga kumush sirg‘a, qo‘llariga billur bilakuzuklar taqib olgandi. Uning bezagi bor-yo‘g‘i bir siqim tugmayu arzimagan kumush va bir nechta billurdan iborat edi, xolos. Shu kuni Kishor ilk bor oddiy qishloq qizi bilan o‘qimishli shaharlik qizlarning o‘ziga zeb berishdagi farqini anglab yetdi. O‘sha kundan boshlab Kishorga shahar va kollejdagi qizlar har xil andozada tikilgan kiyimlar kiydirib namoyish etish uchun ko‘rgazmaga qo‘yilgan do‘kon qo‘g‘irchoqlariga o‘xshab tuyula boshladi.
Kishor va Amakrining qalbida paydo bo‘lgan muhabbatning muattar bo‘yi qishloqdan shaharga yetib keldi. Bundan xabar topgan Kishorning otasi uning onasini yoniga o‘tqazib: «Agar odam bir marta muhabbat qudug‘iga tushib qolsa bormi, uni hech kimsa u yerdan tortib chiqara olmaydi. Shunday, o‘g‘lingdan ajralib qolmaylik tag‘in. Uni bu quduqdan chiqarib olish uchun tezroq to‘y arqonini eshaver endi», dedi. Bu voqea ro‘y bermaganda-ku, Kishor nochor ahvolda qolmagan bo‘lardi. Uning ota-onasi qo‘llarida to‘y arqonini tutishgancha qaysar suzuvchi kabi quduqqa tushib kelishdi va Kishorning oyoq-qo‘lini bog‘lab, undan olib chiqishdi.
To‘yning birinchi kuni Kishor bu quduq dunyosi uzra termilarkan, Amakrini xotirlar edi. Kishor qanchalar istasa ham bu quduqqa qaytib tusha olmasligini bilardi. U to‘y arqoni bilan chandib bog‘langan edi. Biroq bu quduq dunyosini tark etib ham ketolmasdi. Qachonlardir bu quduqdan ichgan suvlari bugun o‘z haqqini talab qilib, uning tomirlarida ko‘pirar edi.
Tun oxirlab borardi. Hovlidagi chiroqlar birin-ketin o‘cha boshladi. Bundan esa Amakrining egnidagi kamzulning marjon tugmalari bir-bir uzilib tushayotgandek tuyuldi Kishorga.
Tun bo‘yi uyqusizlikdan ko‘zlari qizarib ketgan, bir kechadayoq o‘zini oldirib qo‘ygan Kishorni ko‘rgan opalari, yangalari ertalab unga hazillasha boshladilar:
— Hoy, nima bo‘ldi o‘zi? Kelin qochib ketmadimi mabodo? Juda g‘amga botib, mijja qoqmaganga o‘xshaysiz?
Biroq Kishor churq etmadi. Opalari esa sepga berilgan yaxdonni ochib, qiziqib tomosha qilishga kirishdilar.
— Hoy qahramon, endi bunga nimalar qo‘ymoqchisiz? — deb so‘rashdi ular. Kishorning tund yuzi bir zum o‘zgarib:
— Bu yerga sholg‘om qo‘yaman,— dedi va ulardan uzoqlashdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, anbah mavsumi boshlandi. Uydagilarning hammasi rosa anbahxo‘rlik qilishdi. Yaxdonga ham bir qancha anbah solib qo‘yishdi. Ammo Kishor anbah tomonga qayrilib ham qaramadi. Ertalab nonushta paytida stolda anbah turgan bo‘lsa, u choy ham ichmasdan xonadan chiqib ketardi. Bir kuni Kishorning uyiga do‘sti keldi. Yaxdonda bir necha shisha sharob bor edi. Qanchalik qistashmasin, Qishor undan bir qultum ham ichmadi. Bundan opasining jahli chiqdi, yangalari xafa bo‘lishdi. Do‘sti achchiq-achchiq uzib olgandan keyingina Kishorning tili aylanib, «Siz menga yeb-ichish uchun hech narsa bermang, menga sholg‘om bersangiz bo‘ldi… menga sholg‘omning o‘zi bas… men sholg‘om yeyish uchun kelganman bu dunyoga», dedi.
Yana yoz keldi. Quda tomondagilar Kishorning xonasiga sovutgich o‘rnattirib berishdi. «Bizning Gullumiz issiq xonada yashab o‘rganmagan»,— deyishdi ular.
Kishor ishxonadan chiqib uyiga tushlik qilish uchun kelganda, xotini har doim uni salqingina xonada bir oz dam olishga undardi. Bundan Kishorning yuragi yanada ezilib ketardi. «Men erkak emasman, men bir ho‘kizman. Xotinim ko‘zimni bog‘lab qayerga sudrasa o‘sha tomonga ketaveraman»,— deb o‘ylardi u. Kishor xotinining gapini sira ikki qilmasdi.
Kunlardan bir kun Kishorga butun vujudi toliqib borayotgandek tuyuldi. U birpas dam olish uchun karavotga cho‘zildi va shu yotganicha kun bo‘yi turmadi. Uning qoni sovib borardi. U endi butunlay befarq bo‘lib qoldi. Hatto Amakrini ham eslamasdi…
Kishorning ahvoli hammani shoshirib qo‘ydi. Doktorlarning biri kelib, biri ketardi. Barcha o‘tkir dori-darmonlar ham unga kor qilmadi. U borgan sari cho‘kib, bir parcha muzga aylandi.
So‘ngra bir voqea sodir bo‘ldi. «Ehtimol, Kishorga qishloqning toza havosi darmon bo‘lar» degan mazmunda uni qishloqqa chorlab, buvisidan xat keldi. Kishor xatni o‘qib chiqdi. Biroq uning sovuq chehrasida hech qanday o‘zgarish sezilmadi. Shu kechasi Kishor bir tush ko‘rdi. Tushida uning chorpoyasi anbah daraxti tagida turganmish. Chorpoya yonida yap-yangi ko‘za, ko‘zaning tepasiga esa mis kosacha to‘ntarilib qo‘yilgan emish. Shunda Amakri mis kosachaga suv quyib, Kishorga uzata boshlabdi, biroq kosacha uning qo‘lidan tushib ketib, Amakri birdan kakkuga aylanib qolibdi va uning yonidan uchib ketibdi.
Kakkuning «ku-ku»lashi Kishorni uyg‘otib yubordi. Kishor muzdek qo‘llari bilan yuzini siladi. Uning ko‘zlaridan qaynoq ko‘z yoshlari quyilardi. Kishor bezovtalanib karavotga o‘tirib oldi. «Shu soat, shu daqiqa ichida xonadan chiqib ketmasam, zildek suyaklarimu madorsiz tizzalarim, to‘zg‘igan o‘ylarim kabi ko‘z yoshlarimni ham idora etishga qurbim yetmay qoladi», degan fikr miyasiga urildi. So‘ngra u bekat tarafga jo‘nadi. Qayerdan kakkuning «ku-ku»lagan ovozi kelib turgan bo‘lsa, o‘sha tomonga qarab boraverdi.
Kishor ikkinchi kuni peshinda anbahzorga yetib kelganda, rostdan ham o‘sha joyda bir chorpoya turganini ko‘rdi. Ha, bu uning uchun rosa uch yil asrab kelingan o‘sha joy edi. Kishor turgan joyida qotib qoldi. «Kim bilsin, mening bu chorpoyamda kim yotibdi endi?» deb o‘yladi. Chindan ham chorpoyada kimdir yotgandi. U yoniga ag‘darilganda, qo‘ng‘iroq ovozi Kishorning xayolini buzdi. Kishor oldinga talpinib, Amakrining oyoqlarini quchdi. Amakri qaltirab, oyoqlarini tortib oldi. Kishor ko‘rdiki, Amakri endi anbah bo‘lagi emas — uning po‘chog‘i edi: asalari uyasi emas — asalari edi; endi may to‘la qadah emas — sopol sinig‘i edi.
— Kishor babu!..— dedi Amakri kakkuning «ku-ku»lashidek jaranglagan ovoz bilan.
Kishor tizzalari qaltirab, boshini chorpoyaga qo‘ydi.
— Nega bu yerga kelding? — so‘radi Amakri rangi oqarib.
— Men ado bo‘ldim… Men olovli jaziramani sog‘inib keldim…— Kishor chorpoyadan boshini ko‘tarib, titragan qo‘llari bilan Amakrini bilagidan tutdi. — Men ham insonman axir…
— Ha, insonsan, erkaksan,— dedi Amakri pichirlab.
— …insonman… erkakman,— beixtiyor takrorladi Kishor.
— Muhabbatni oyog‘osti qilib, nikoh mehrobiga qadam qo‘ygan kishi inson bo‘lolmaydi! O‘zini erkak deb atashga haqqi yo‘q uning!
Amakri shiddat bilan Kishorning qo‘liga yopishdi va unga tishlarini botirdi. Kishor qo‘lida paydo bo‘lgan qonli izga tikilib qoldi. Aqldan ozgan Amakri qalt-qalt titrardi.
— Bu anor suvi emas, zaharli tomchi bu! Sen meni yovvoyi mushuk derding, yo‘q, men quturgan mushukman…
— Sen haqsan, Amakri! Tishlaring zahri butun borlig‘imni kemirib boryapti. Men endi dardi bedavoman,— zorlandi Kishor.
— Bilasan-ku, quturgan hayvon tishlagan odamni o‘n to‘rt marta emlashadi. Sen hozircha bir marta uylanding, bu sening birinchi emlanishing. Yana kamida o‘n to‘rt marta uylanishing kerak…
Amakrining ko‘zlari sovuq chaqnardi.

______________
* Jat — dehqon.
** Anbah — mango daraxti.
*** Barsat — namgarchilik.

Hindiy tilidan Abdusattor Jumanazarov tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil, 2-sonidan olindi.