Daryo suvi ikkiga ayrilgan joydagi botqoqlikda o‘sgan qamishzorga yaqin uyda yolg‘iz bir qirg‘iz oilasi hayot kechiradi. Azal-azaldan bu yerda tubjoy uyg‘ur dehqonlari yashab kelgandi. Hozir xarsang toshga yondosh qurilgan eski kulbalar xarobasidan tashqari, to‘rt uyg‘ur oilasining uyi saqlanib qolgan. Uezd shahri bu yerdan olisroqda joylashganiga qaramay, shaharga qatnaydigan bozorchilar ko‘p ham qiynalishmasdi.
Odamlarning aytishiga qaraganda, bir zamonlar issiqko‘llik qirg‘izlar bu tomonlarga ko‘chib kelib, keyin qaytib ketishibdi. O‘shalardan biri Kelginboy ismli yigit oilasi bilan bu yerni makon tutib yashab qoladi. Yoshi o‘ttizdan oshgan Kelginboy davosi qiyin bo‘lmish yuqumli terlama xastaligiga chalinadi. Uning uzoq safarga xoli kelmasligini tushungan ayoli Oymoqjon eldan ajrab, erini tuzatib, keyin yurtga qaytmoqni niyat qiladi. Kelginboyning qarindosh-urug‘lari yosh oilaning ro‘zg‘oriyu kafanligini tayyorlab berib:
– O-o, Oymoqjon! Er deb, uning etagidan tutib qolding. Xor bo‘lmagaysan. Ota-bobolarimizning arvohi qo‘llab, eringni o‘z eliga qo‘shgin! – deya qo‘l ochib duo qilishadi.
Kelginboyning taqdiri Oymoqjonga topshirilganidan keyin qaynotasi soqoliga tomgan yoshni artib, el-ulusning oldida shunday deydi:
– Yorug‘ dunyoda ko‘rgan yolg‘iz bolamni senga omonat qoldiraman! Iloyim, menga o‘z yurtimning tuprog‘i buyursin. Qarib qolgan chog‘imda xudo eldan ayirmasin. Nabiramni enangning etagiga solib ber, bolam, isi dimog‘imdan ketmaydigan bo‘lsin…
Chaqalog‘ini qaynotasiga tutqazgan Oymoqjonning ko‘ziga yosh qalqib chiqdi.
– Manovi tugunchani olib qo‘y, – dedi qaynotasi safar oldidan, – bordi-yu, ering og‘irlashib qolsa, suvda ezib, og‘ziga tomiz. Tuzalib ketsa, qo‘liga topshirasan.
Qirg‘izlar biri otda, biri piyoda yo‘lga tushishdi.
Yuzi sarg‘ayib, lablari gezarib, tirik murdaga aylangan Kelginboy yolg‘iz jonkuyari Oymoqjoning qo‘lida qoldi. Ayol azob-uqubatlarga chidab, bemorning atrofida parvona bo‘ldi… Erining boshini quchoqlab, qop-qora ko‘zlaridan yosh to‘kib, bir necha kun uxlamay chiqdi.
Tashvishli kunlar boshlandi…
Boshidan sochi to‘kilib, qoqsuyak bo‘lib qolganida Kelginboy biroz o‘ziga kelganday bo‘ldi, lekin har kuni bir choynak qaynatilgan suv ichib, tomirlari bo‘rtib chiqqan ozg‘in qo‘llariga tikilib to‘shakda uzoq yotib qoldi. Og‘riqlari oza-yib, tomog‘i ta’m sezadigan bo‘lguncha ikki oy o‘tdi. Obdon tuzalib yurtiga ketmoqchi bo‘lganida, kech qolganini angladi: sarhad yopilgandi. Kelginboy qonunga bo‘ysunib, o‘sha daryo ayrilishida to‘rt xonali uy solib, uzoq yillar yashadi.
Oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tib, Kelginboy keksayib qolganida, uning boshiga og‘ir musibat tushdi.
Gomindanlik zolimlar hukmronlik qilib turgan og‘ir yillarda el orasida terlama kasali tarqaldi. O‘lim-yitim ko‘p bo‘ldi. Ko‘pgina uylarning mo‘risidan tutun chiqmay qoldi. Uezd shahri atrofidagi tepaliklar qabristonga aylandi. O‘lim ko‘paygani uchun zambarga solingan murdani ikki kishi ko‘tarib chiqib, duch kelgan yerni qazib ko‘ma boshlashdi. Oq kafanlik topilmay qolgani uchun avval choyshablardan foydalanishdi, u ham yetmay qolgach, ba’zilar o‘likni qamishdan to‘qilgan bo‘yraga, boshqa birovlar somonga o‘rab ko‘ma boshlashdi. Bu ofat dinga ham ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Narz-niyoz, ko‘ngil so‘rashlar ham tamoman unutildi!
O‘sha og‘ir yillarda Kelginboy kampirining murdasini ko‘tarib yo‘lga tushdi. Uch kishi – go‘rkov, qo‘shni erkak va cholning o‘zi Oymoqjonni choyshabga o‘rab yerga qo‘yishdi. Qabr ustiga tuproq tortilgach, chol ancha mahalgacha o‘sha joyda qimirlamay unsiz o‘tirdi. Qirq yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan ayoli bilan mangu vidolashuv osonmi? Turmush o‘rtog‘ining butkul hayoti cholning ko‘z o‘ngidan birma-bir o‘tdi. Boshqacha aytganda, u kampiri bilangina emas, balki hayotning iliq bag‘ri bilan ham xayrlashganday bo‘ldi.
Chol qabr boshidan turganidan so‘ng etak-engini qoqib, ko‘z yoshini kafti bilan artib, uyi tomon yurdi.
Qaytib kelgach, xonaning to‘rt burchiga nazar tashlab, qoziqda ilinib turgan kampirining ko‘k ko‘ylagiga nigohi tushdi. «O, Xudoyim! Bu yolg‘onchi dunyoda menday sho‘rlik bormikan? Elni yamlamay yutayotgan terlama nima uchun mendan hazar qilmoqda?» – deb o‘yladi chol. Bu sovuq uyda o‘zining yolg‘iz qolganini o‘ylab, boyaqish bo‘zlab yubordi:
– O, qudratli, omonatingni ol! Meni xor qilma!
Bo‘tasi o‘lgan tuyagina ana shunday bo‘zlaydi.
Agar umid degan narsa bo‘lmasa, har qanday kishi ham tushkunlik qurboni bo‘lishi turgan gap. Umid va vaqt oldida har qanday qayg‘u bilan hasrat ham chekinadi. Kelginboy chol ko‘ksini kuydirgan dard-alamni ko‘z yoshlari bilan yuvib tashladi: taqdirga tan berib, o‘zini-o‘zi ovuta boshladi.
Har qanday baxtsiz kishi ham o‘zining turmushi borasida o‘yga botadi. Kelginboy chol ham o‘zining arzimas ro‘zg‘origa nazar tashlab, uy ichida sochilib yotgan narsalarni yig‘ib, eski xurjunga solib qo‘ydi. Keyin nimadir yodiga tushgach, namat ustida chordona qurib o‘tirib, cho‘ntagidan kichik tuguncha oldi-da, uning ipini yecha boshladi. Tuguncha ichida bir hovuch tuz bor edi. Kelginboy bir chimdim tuzni kaftiga solib, unga bir necha marta tilini tegizib, bol tatiganday yutindi. Boshiga qiyinchilik tushgan kezlarda tugunchadagi tuzdan kuch-mador topardi. O‘z yerining bir totim tuzi Kelginboy cholning g‘am-g‘ussalarini tarqatib, uning qalbida yashashga umid uyg‘otardi…
* * *
Yigit o‘z eliga qayta olmay, begona yurtda yolg‘iz oilasi bilan qolgach, Oymoqjon bir qiz va ikki o‘g‘il tavallud qildi. Ikki farzandini tuproqqa qo‘ygan hasratli cholga ermak bo‘lsin deb, taqdir uning bir o‘g‘lini tirik qoldirdi. Bolaning nomi Eshbo‘l edi. U uyezd shahrida o‘qib, o‘qituvchi bo‘lganidan keyin boshlang‘ich maktabda ishlay boshladi. Lekin uchinchi yili gomindanlik politsiya tomonidan ushlanib, qamoqqa tashlandi. Uning gunohi o‘zining ota yurti to‘g‘risida ikki marta hikoya qilib bergani edi: «Sho‘rolar yurtida bolalar Qrim degan joyga borib dam olishadi, bo‘yinlariga qizil galstuk taqib yurishadi». Bu yosh o‘qituvchining jurnalda ko‘rgan suratlardan olgan taassuroti edi. O‘sha kezlarda gomindanlik josuslar bunday so‘zlarni aytgan kishilar borasida chaqimchilik qilishni tirikchilik usuliga aylantirib olishgandi. Sho‘rolar haqidagi «ma’ruzasi»dan keyin besh kun o‘tib, zobitlar tunda Eshbo‘lni uyg‘otishdi.
O‘sha paytlarda mayda elatlarning eng ilmlisi o‘qituvchi edi. Gomindanlik xitoylar bu kasbni uddalay olmagani uchungina, ana shu elat vakili bo‘lmish o‘qituvchilarga maktabda ishlash uchun ruxsat berishga majbur bo‘lardi. «Molingizni boqib, ekiningizni ekib yuravering. Sizlarga maktabning nima keragi bor? Xalq madaniyatsiz ham yashab kelgan!» – degan haqoratomuz gaplarni oshkora aytishdan hayiqishmasdi.
O‘qituvchi uchun har qadamda tuzoq bor edi. Hammasi bo‘lmasa ham, ba’zilar bu qopqonga tushib qolardi. Ularning o‘rniga tajribasiz, bilimsiz kishilarni yoki mulla va so‘filarni tayinlashardi. Gomindanchilar xalq savodxonligini oshirishni shu tariqa teskari tushunishardi. O‘qituvchining uyini tunda qurolli kishilar bosibdi, degan gap tarqalsa bas, o‘sha sho‘rlik o‘qituvchi izsiz yo‘qolib ketardi.
Zobitlar kirib kelganida, Kelginboy chol bolasidan tirik ayriladigan fursat yetganini sezib, uni o‘qitgani uchun o‘zini la’natlab, to‘shagi ustida g‘ussaga botib o‘tirardi.
Zobitlar atrofni kalamushday iskab, uydagi bor qog‘ozlarni yig‘ishtirib olishdi. Keyin ofitser qisqa buyruq berdi:
– Tur, kiyin!
Eshbo‘l shoshilmadi. Istar-istamas kiyindi. O‘qituvchiligi tufayli «borsa kelmas»ga ketib borayotganini ichki sezgisi bilan tushunib yetdi. «Hozirgi soatdan boshlab yorug‘ dunyo bilan xayrlashib, ota-onamni qayta ko‘rolmaydigan joyga ketyapman!» – deb o‘yladi u. Nima bo‘lsa ham, kiyimlarini kiyib, eshik tomonga yo‘naldi. Ko‘rpadan boshini chiqarib murdaday holsiz yotgan sho‘rlik Oymoqjon dod soldi.
– Eshon! – dedi Kelginboy chol shoshilib, u bolasini shunday erkalatardi. – Ozgina kutib tur!
Hozirgina cho‘chib turgan bechora ayol cholining gapidan ruhlanib, yugurib borib qoqsuyak qo‘llari bilan Eshbo‘lning bo‘yniga osildi. Uyning ichi inson zoti chiday olmas oh-nolaga to‘ldi. Chol teskari qarab, namlangan ko‘zlarini artdi. Eshbo‘l qo‘rqmas, esli yigit edi. Bunday paytda nima qilish kerakligini yaxshi bilardi.
– O‘rgilay, enajonim, yig‘lamang, jonim omon bo‘lsa, qaytib kelaman, – deb onasining yosh yuvib tushayotgan yuz-ko‘zidan o‘pdi. Sho‘rlik ayolning ko‘ngli bir oz tinchlandi.
– Qo‘y, xudo panohida saqlasin desang, o‘g‘lingning omonligini tilagin… Haligi tuguncha qayerda? Tuzdan hech ulug‘ narsa yo‘q. Tuz totiganning qaytib kelmog‘i bor, – dedi Kelginboy chol soqolini tutamlab. Keyin o‘zi borib, yashirib qo‘ygan joyidan tugunchani oldi.
– Eshon, – dedi qariya qo‘li qaltirab, – mana bu tuzni olib, undan totib yurgin. Ota-bobomizning tanglayi mana shu tuz bilan qotgan. O‘z yurtingning tuzi!
Chol bu gaplarni aytib bir oz xotirjam bo‘ldi. Eshbo‘l qayerda bo‘lsa ham, bu xosiyatli tuz uni asrab, o‘z uyiga qaytarib keladiganday tuyuldi. Yigit ayriliq arafasida otasining eski aqidasini yo‘qqa chiqargisi kelmadi. Tuzni qo‘liga olganidan so‘ng bir chimdimini og‘ziga soldi.
Sho‘rlik onaning qo‘llari hali ham Eshbo‘lning bo‘ynida edi. Yigit onasining jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini artib, o‘zidan bo‘shatdi-da, gomindanchilarning oldiga tushdi. Oyog‘ini zo‘rg‘a ko‘tarib ostona hatladi. Uy ichidan bo‘zlagan ovozlar anchagacha eshitilib turdi.
Bu voqeadan bir yil o‘tib, uyezdga qarashli hamma qishloqlarda yuqumli terlama tarqaldi.
Mana, endi baxtiqaro Kelginboy xastalikdan vafot etgan kampiri Oymoqjonni tuproqqa qo‘yib, bo‘m-bo‘sh uyda yolg‘iz qoldi.
Chol xayolga botib o‘tirgani uchun kampirining marosimida ishtirok etgan uyg‘ur qo‘shnisining uyga kirganini sezmadi. Qo‘shnisi ham uning o‘ziday oqibatli kishi edi.
– Allohu akbar! – dedi qo‘shnisi cho‘kka tushib o‘tirgach. – O‘zingni qo‘lga ol, Kelginboy. Xorlik mol-davlatning emas, balki boshning yo‘qligida ekanligini yodingdan chiqarma. Xudo xohlasa, Eshbo‘lni ko‘rish senga nasib qiladi. Dala-dashtda o‘sgan bola, omon bo‘lsa, falokat arib, kunlarning birida tuyqusdan uyga kirib keladi. Sabr qilib, choyingni ichib, belingni mahkam bog‘lab, yolg‘izingning omonligini xudodan tilab yuraver. Kir-chiring bo‘lsa, mening bola-chaqam yuvib berar. O‘lganning ortidan o‘lib bo‘lmaydi. Nasib qilsa, elingga ham borib qo‘shilasan.
Yuragi g‘ussa bilan limmo-lim to‘lgan chol qo‘shnisining so‘zlarini jimgina tingladi.
Baxtsizlikning ham nihoyasi bo‘ladi. Vaqti yetib, u ham o‘z erki bilan o‘rnini baxtga bo‘shatib beradi. Hayotning azaliy sir-asrori ham shunda. Kelginboyning kampiri ko‘z yumganidan keyin zamon ham hayratlanarli darajada o‘zgarib ketdi. Zulm suyakka borib taqalgach, zolimlarga qarshi kurash boshlandi. Gomindanchilar devor ostiga kirib ketgan ilonday yashirinishdi. Tarixdan ma’lumki, xalqning kuch-qudratini hech qanday qo‘rg‘on to‘sib qololmagan. Oyog‘ida yurib, qurol ko‘tarishga yaraydiganlarning hammasi ko‘chaga chiqdi! Panshaxa va cho‘qmor ko‘targan xalq zamonaviy qurollar bilan qurollangan Gomindan armiyasining yo‘lini to‘sib, qurol-aslaha omborlarini egallab hujum boshladi. Boshlangan harakat tez quloch yoyib, bir oyga yetmay Ili aymog‘i to‘lig‘i bilan xalq qo‘shini ixtiyoriga o‘tdi. Yangi tuzilgan milliy armiya Oltoy, Tarbag‘atay tomonlarda ezilib yotgan qardosh xalqlarni ham ozodlikka chiqarish uchun jang olib bordi. Bu voqea yer yuzida fashizm o‘chog‘i yanchib tashlangan shavkatli qirq beshinchi yilning boshlarida sodir bo‘ldi.
Yolg‘iz yashasa ham, keyingi hayoti Kelginboy chol uchun juda tez o‘tganday tuyuladi. Uning yuragidan qayg‘u chekina boshladi. Ko‘ksida qotib qolgan dard-alam gomindanchilar bilan qo‘shilib ketganday edi.
Shunday yaxshi kunlarning birida Kelginboy chol xursandchilikdan o‘zini yo‘qotayozdi. Peshin mahali askar kiyimidagi bir yigit uyga kirib keldi.
– Kelginboy oqsoqolning uyi shumi?
– Ha, aylanay, – dedi boyaqish chol o‘rnidan qo‘zg‘alib. Keyingi yillarda hech kim uni shunday so‘rab kelmagandi. – Keksalik qursin, bo‘tam, sen kimsan?
– Japarov bo‘laman.
– Qani, ichkariga kirgin…
Yigit ko‘krak cho‘ntagidan bir surat chiqarib, cholga ko‘rsatdi:
– Taniysizmi?
Sho‘rlik chol uni ko‘rgan zahoti yosh boladay ho‘ngrab yubordi. Bu Eshbo‘lning surati edi.
– Yig‘lamang, ota. Mayor Kelginboyev Eshbo‘l hozir komissar. Gomindanchilarning adabini berib yuribdi. Men shu tomonga kelayotganim uchun mana shu suratni berib, «Otam tirik bo‘lsa, suratimni uning qo‘liga topshir. Vafot etgan bo‘lsa, onam bordir, unga berasan», deb salom aytib yubordi, – dedi Japarov.
Bolasiga bo‘lgan sog‘inchi tufayli cholning boshini quyuq tuman qoplab yotgan edi, endi xosiyatli bir shamol esib, tumanni tarqatib, uning yuragi tubidagi sog‘inchni yuzaga chiqardi. Chol avvallari umidsiz edi, endi ko‘ksida umid va ishonch tug‘ildi.
– Oqsoqol, – dedi yigit unga tikilib, – xavotir bo‘lmang. O‘g‘lingizning tirik ekaniga quvoning. Men ham Eshbo‘l singari gomindanchilar tomonidan qamalganlarning biriman. O‘g‘lingizga o‘xshagan o‘n chog‘li mahbusning oyoq-qo‘liga kishan solib haydab ketishayotganda, bizni qo‘riqlab borayotgan uch askarni o‘ldirib, kishanlarni yechib toqqa qochganmiz. Keyin borib qo‘zg‘olonchilarga ko‘shildik. O‘sha kundan buyon gomindanchilardan o‘ch olyapmiz. Bizning taqdirimiz mana shunday… Endi yaxshi qoling!
Shoshib qolgan chol darhol Japarovning qo‘lidan tutdi:
– Ovozingdan aylanay, bolam, uyimdan tuz totib ketgin. Qaytib kelishing oson bo‘ladi.
Esankiragan mo‘ysafid nimadir yegulik axtarib yurib, savollar bera boshladi:
– Eshon bir kelib-ketsa bo‘lmaydimi?
– Hozircha kela olmaydi.
– Qaysi urug‘dansan, bolam? Bizning ko‘llikka o‘xshab turibsan… Tiriklik chog‘imda Eshon bir kelib, ko‘rinib ketsin, – dedi yigitga non tutib.
Bolasining ko‘ngli qattiq og‘rishini o‘ylab, kampiri to‘g‘risida og‘iz ochmadi:
– Yolg‘izimga ota-onang sog‘-omon ekan degin…
Keyin yigitni kuzatib chiqdi.
«O, xosiyatli yerimning tuzi, Eshonimni qo‘llab, tirik saqlaganing uchun minnatdorman! Qaniydi, o‘lganim tirilib, o‘chganim qayta yongani rost bo‘lsa! O, xosiyatli yerimning tuzi, endi yolg‘izimni falokatlardan asragin! Menday sho‘rlik mo‘ysafidning manglayidagi yulduzi yonib, boshidan qayg‘u-hasratning arigani rostmikin? Ko‘p yillik umrimning xorlikda o‘tgan kunlari unutilarmikan? O, ota yerimning tuzi, yolg‘izimni o‘z eliga eson-omon qo‘shgin!» – deya chol yerga tiz cho‘kib, ikki qo‘li bilan yoqasini ushlab, uzoq nola qildi…
Kelginboy o‘rnidan turganidan keyin qayg‘usiga sherik bo‘lib yurgan qo‘shnisi bilan quvonchini baham ko‘rgisi kelib, uyg‘ur cholning uyi tomon jo‘nadi.
* * *
Oradan oylar o‘tdi.
Oziq-ovqat, kiyim-kechakka yetishgan elning hayoti o‘nglana boshladi. Qora bulutlar yomg‘iri tinib, borliq yorishdi. Erkka intilgan oddiy fuqaro qo‘liga qurol olib maydonga chiqdi. Bu yo‘lda ne-ne er yigitlarning qoni to‘kildi. Gomindanchilar mustahkam o‘rnashib olgan Jinxi aymog‘ida qattiq jang bo‘ldi. Milliy armiya xalq ozodligi uchun kurashda bir qadam ham ortiga chekinmadi. Nihoyat Urumchining katta darvozasi ochilib, Jinxi gomindanchilardan tozalandi. O‘sha qirg‘in-barotda bizning Eshbo‘l ham qurbon bo‘ldi. El-yurt ozodligi uchun kurashib, uning chegarasini Jinxiga qadar yetkazgach, o‘zi ham o‘sha yerda mangu orom topdi. Batalon o‘nlab miltiqlardan o‘q otib, komissarni so‘nggi yo‘lga kuzatib ko‘ydi.
O‘g‘lining halok bo‘lgani xabarini eshitgach, jabrdiyda chol esini yo‘kotdi. Qo‘shnisi yuziga suv sepib o‘ziga keltirgach, u ko‘rgan kishini tashvishga soladigan ayanchli ahvolda o‘rnidan turdi-da:
– Yolg‘izim, qulunim! – deb hayqirib yerga quladi.
Bir umr manglayidan sho‘ri arimagan bandaning holiga guvoh bo‘lganlarning ham ko‘ziga yosh keldi. G‘am-g‘ussadan horigan chol bir kun ichida aql-hushidan ayrildi. Sochi oqarib, yuz-ko‘zi so‘lib, avvalgidan battar og‘ir ahvolga tushib yotib qoldi. Suyanchig‘idan ayrilib qolgan qayg‘uli qariyaning ko‘rgan kuni qursin!
Ertasi uyg‘ur qo‘shnisi musofir cholni o‘zining uyiga kiritib, xonasining burchidan joy berdi. Ko‘radiganini ko‘rib, bo‘ladigani bo‘lgan qariyaning ahvoliga achinmagan kishi qolmadi. Kelginboy goh o‘ziga kelar, goh alahsiray boshlardi, lekin shunda ham tugunchani qo‘lidan qo‘ymasdi.
– Kecha Eshonim kelib, bugun ancha sog‘ayib qoldim. Elga qaytadiganga o‘xshaymiz. Eshonim yonimga kelib, «Ota, yuring, yurtimizga qaytaylik, g‘am-g‘ussadan qutulaylik. Tuzingizni bo‘lib yeb qo‘ya qolaylik», deb aytdi-ku, sadag‘ang bo‘layin.
U alahsirash bilan birga, o‘zining ko‘rgan-kechirganlari, orzu umidlari haqida avvalgiday aniq-tiniq gapira boshladi:
– Mening katta armonim Eshonning qo‘lidan tutib, el-yurtimga qo‘shmoq edi. Endi o‘zimning kindik qonim to‘kilib, tanam yuvilgan yerga boryapman. – Sevinib qo‘lidagi tuzni ko‘rsatadi. – Bu Issiqko‘lning – men tug‘ilgan yerning tuzi. O, aylanay, uyg‘ur qarindoshlar, Eshonim bilan meni kuzatib qo‘yinglar. Bizni o‘z yerimizning tuzi tortyapti. Och qolgan paytimda uni yalab to‘yganman, og‘ir kunlarda yonimda olib yurganimda, ko‘nglim taskin topib, vujudimga kuch-quvvat oqib kirgan. Tuz yonimda bo‘lsa, el-yurtimda, qarindosh-urug‘larimning yonida yurganday bo‘laman. Yerimni, vatanimni qo‘msab g‘amga botganimda, mana shu tuzdan totib, sog‘inchimni yozganman. Men uchun dunyoda bundan qadrli narsa yo‘q. Eldan, yerdan ajrab, uni sog‘inishdan ortiq azob yo‘q ekan! Men Issiqko‘ldan kelib, qismatning qamchisini yedim, boylarning zo‘rligini, yo‘qchilikning ko‘rligini ko‘rdim. O‘shanda o‘lib qolamanmi deb qo‘rqmadim, o‘z yerimni ko‘rmay qolamanmi deb qo‘rqdim! Ko‘r- gan xo‘rligim uchun o‘zimga achinmadim, eldan, yerdan ayrilib qolganimga achindim! O, qardoshlar, bizni kuzatib qo‘yinglar, o‘z yerimizning tuzi chorlayapti…
Shundan so‘ng Kelginboy tunlari kiprik qoqmay chiqdi, taom ham yemadi. Oradan uch kun o‘tmay, quruq suyakka aylandi.
Bir kuni erta bilan Kelginboyning to‘shakda jonsiz yotganini ko‘rishdi. Uzoq yillar mobaynida qayg‘u va hasrat, sog‘inch va armon ich-etini yeb bitirgan musofir chol azobli hayot bilan mangu xayrlashdi. Marhumni tuproqqa qo‘ygan savobtalab odamlarning aytishicha, cholning og‘zida o‘z yerining bir totim tuzi bor ekan!
Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi