Avvaliga bir yigit va uch qariya edilar. Yigit yozuv stoli oldida havorang qalamni o‘ynab o‘tirar va bir ko‘zini qisib unga so‘zlayotgan kar tegirmonchi Druktyanisni tinglardi. Tegirmonchining yoshi o‘tgan, Xudo uni yasayotganda loyni ayamagan edi. Uning burni katta, uzun mo‘ylovlari dikkaygan, yelkalari osilgan, qo‘llari esa misoli qorayib ketgan boltadek zalvorli.U bilan gaplashish qiyin, chap qulog‘i tagiga kelib, bor ovozing bilan baqirishingga to‘g‘ri keladi.
– Sen – hukumat vakilisan, sen qayg‘urishing kerak, – g‘uldirab, bochkadan chiqayotgandek ovoz bilan gapirardi Druktyanis. – Tegirmonni olib qo‘ydilaring, ammo unga qarashni bilmaysizlar. Hademay o‘g‘ir qidirib qolasizlar.
Yaqinginada qishloq kengashi raisligiga saylangan yosh yigit stol ustiga engashib baqirdi:
– Ertaga tekshirgani boraman! Xavotir olmang, tegirmon qulab tushmaydi!
– O‘zim ishlaganimda tegirmon yana yuz yil turardi, hozir bo‘lsa, barmog‘ingni qayerga tekkizsang, o‘sha yer teshik, – asabiy so‘zladi Druktyanis.
Shunda suhbatga hammadan uzoqda, eshikka yaqin o‘tirgan boshqa bir qariya qo‘shildi. Bu yosh raisning otasi Rutkus edi. U bu yerga shunchaki, xizmat vazifasini bajarishga kirishgan o‘g‘lini ko‘rgani kirgandi. Qariyaning o‘g‘li okrugda juda muhim odamga aylanganidan g‘ururlanib yurgan kunlari edi.
– Bekorlarni aytibsan, qo‘shni! – dedi qari Rutkus, – sen tegirmonni qanday qoldirgan bo‘lsang o‘shanday turibdi. Nahotki, u bir yil ichida chirib bitgan bo‘lsa?
Druktyanis nimanidir eshitdi, shekilli, u tomonga o‘girildi. Tegirmonchi gapning ma’nosini tushunmadi, ammo yaxshi gap aytilmaganini cholning nigohlaridan uqdi. Druktyanis butkul xo‘mraydi.
– Yana o‘zlarini bechorayu tahqirlanganlarning himoyachisi deb atashadi! – ming‘irladi u. – Hammani kambag‘alga aylantirib qo‘yganlaringdan keyin haqiqiy kambag‘allar hukumati bo‘ladi. Ish shunga qarab ketayotgani ko‘rinib turibdi.
– Shirin kulcha yeganning qora nonga ham tishi o‘tadi, – ovoz berdi mo‘ylovi o‘siq ozg‘in uchinchi qariya, – bu bir uyum qog‘ozlarni olib kelgan va odamlarning suhbatlarini tinglash uchun qolgan pochtachi edi.
Alhol eshik ochilib, xonaga yashil katak ko‘ylak kiygan, miltiqli bir yigit bostirib kirdi. Xavotirga to‘la moviy ko‘zlari bilan qariyalarga bir-bir boqib, nigohini yosh Rutkusga qadadi. Endi xonada hamma jamuljam: ikki yosh va uch qariya.
Yashil ko‘ylakli yigitning qo‘lidagi miltiq hech kimni ajablantirmadi, urushdan keyingi o‘sha davrda shahardan keladigan ko‘plab vakillar o‘zlari bilan qurol olib yurardi. Hatto uning xavotirli o‘ynayotgan ko‘zlari, oqargan yuzi ham shubha uyg‘otmadi. Axir har qanday odam ham o‘rmon oralab yurganda qo‘rqishi mumkin.
– Qishloq kengashi raisi kim? – ko‘zini yosh Rutkusdan uzmasdan, salmoqlab so‘ragandek bo‘ldi u.
– Sizga nima kerak? – bosiqlik bilan so‘radi stol ortidagi odam.
Qariyalar unga nima kerakligini hali ham tushunmasdan, yashil ko‘ylakli yigitga jim qarab turishardi.
– Menga yangi rais kerak.
– Menman rais, – javob berda yosh Rutkus.
Erkak miltiqni ko‘tardi.
– Kommunistlarga ko‘rsatgan jinoiy xizmating uchun o‘limga mahkumsan.
Nima sodir bo‘lganiga hech kim tushunib ulgurmasdan o‘q ovozi eshitildi va xonani porox hidi tutdi. Ikki qariyaning qulog‘i zirillab ketdi, uchinchisi esa miltiqdan o‘q uzilganini ovozidan emas, xonani tutib ketgan hiddan bildi.
Qari Rutkus o‘ziga kelib stolga qaradi va o‘g‘lining osilib qolgan boshini ko‘rdi. Qo‘llari ostida yotgan oppoq qog‘ozlardan qonli siyoh oqa boshladi.
– Qotil! – g‘ayrioddiy ovoz bilan o‘kirdi Rutkus va tuyqus yashil ko‘ylakli yigitning qo‘lidagi miltiqqa tarmashdi. Yigit bir qo‘li bilan eshik tutqichini ushlab, qochishga shaylandi. Eshik ochiq qoldiyu yigit xonadan chiqa olmadi, qariya qo‘lidan tortib olgan miltig‘ini qaytarishi kerak edi. Tentak chol! Qayerdan unda shuncha kuch! Omburdek qo‘llari bilan miltiqqa yopishib, alam ichida tortqiladiki, yigitni tezda ter bosdi. Tishini tishlab, kimdir ularni bir-birlariga bog‘lab qo‘ygandek, xona bo‘ylab aylanishardi. Qariya kursiga qoqilib yiqildi, ammo darhol o‘rnidan turdi. Rutkus nigohlarini qotilga qadab, aqldan ozgan kishidek kurashardi, ikkinchisining esa oppoq tishlari milkigacha ko‘rinib turardi. Qariya o‘zini unutgan, o‘g‘lining ma’nisiz va shafqatsiz o‘limi uchungina qasos olishni istardi, xolos. To‘g‘ri, u yashil ko‘ylakli yigitdan ancha ulug‘, kuchi qaytgan edi, ammo matonatda unga teng keladiganlar kamdan-kam uchraydi. Butun umr ertadan kechgacha omoch, panshaxa yoki boshqa biror dala anjomini qo‘ldan qo‘ymasang, qo‘llaring hatto itlar ham kemira olmaydigan qayishga aylanib qolar ekan.
Soniyalar ichida yigit kuchda ustunligini his qildi, bir urinsa bas, chol yengiladi. Ana, chol qoqildi, uning oyoqlari chalishib, tanasi silkinib ketdi. Yana bir soniya va…
Ammo o‘sha hal qiluvchi so‘nggi urinishni yashil ko‘ylakli yigit uddalay olmadi, unga xonaning ikki burchagida toshdek qotgan ikki qariyaning tikilib turganlari xalaqit berardi. Kimdir boshiga bir tushirsa – tamom. Yoki shahardan yana biron kim kelib qolsa-chi. Ishonchsizlik yosh erkakni har bir tovushdan cho‘chitib, kuchsizlantirib qo‘ydi.
Pochtachi avvaliga juftakni rostlamoqchi bo‘ldi, ammo yigitni tashqarida do‘stlari kutib turishgandir degan hayolga borib, burchakda o‘tirib hammasi nima bilan tugashini kutishga qaror qildi. Uning Rutkusga rahmi kelardi. U yaxshi odam va yaxshi qo‘shni edi. Yordam berishi kerakmidi?.. Agar ular ikkovlashib miltiqqa tarmashsa, yashil ko‘ylakli yigitni yengisharmidi. Ammo keyin nima bo‘ladi? Tunda o‘rmonchilar kelib hammasini chumchuqdek otib tashlashadi-yu. Ko‘z oldiga qonga belangan holda yotgan xotini va bolalari keldi. Yo‘q, bu ishga aralasha olmaydi. Xudo qo‘llasa, Rutkusning o‘zi eplaydi.
Tegirmonchi Druktyanis kursisi bilan birga devorga yaqinroq surilib oldi. U jangni, xuddi ikki yigitcha hazillashib kurashayotgandek, bexavotirlik bilan kuzatardi. Qariya Rutkusga yordam berishni istamasdi, Druktyanisning qizillar tomonda bo‘lganlarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Agar ular yo‘q qilinsa, tegirmoniga yana ega bo‘larmidi? Yashil ko‘ylakliga ham yordam berib bo‘lmaydi. Narigi burchakda qo‘rquvdan titrab pochtachi o‘tiribdi… Yana kimdir kirib qolib hukumatga xabar bersa-chi. “Shoshib nima qildim, hammasi nima bilan tugashini kutaman!”
Ko‘cha eshik ochiq edi. Yoz quyoshi yoritgan maysalar va yiqilgan devorning burchagi ko‘rinib turardi. Yashil ko‘ylakli yigitga tashqarida jang qilish osondek tuyuldi, miltiqni choldan tortib oladi-yu o‘rmonga qochadi. Otryad oldiga qurolsiz qaytish uyat. Qandaydir qariya qarshilik qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz? Otryadga yangi kelib qo‘shilganni jiddiy ishga yuborgan Perkunas ham buni oldindan bilmagan. O‘zicha, bu shunchaki yengilgina chigal yozish bo‘ladi degan-da.
Yosh yigit miltiqqa mahkam tarmashib, Rutkusni tashqariga sudray boshladi. Qariya avvaliga qarshilik qildi, biroq keyin taslim bo‘ldi. Unga ham qurolni tashqarida tortib olish osonroqdek tuyuldi. Qattiq yerni his qilganda insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi.
Olishib yerga qulashdi va kurashga yana ham kuchliroq kirishdilar. Ajal sirtmog‘i bilan bog‘langan qurolga yopishib tirsaklari va tizzalarini ishga solishdi. Yashil ko‘ylakli yigitga bir oz qiyin, u qariya ko‘ksini to‘ldirayotgan nafrat va alamni his qilmayapti. Unga sira duch kelmagan. Soch-soqoli o‘sgan bu odamni ilgari ko‘rmagan. Yigit otryad oldiga yolg‘iz kelib, qishloq kengashi raisini tinchita olaman, deya maqtanganiga pushaymon bo‘ldi. To‘g‘ri, bir oz kayfi bor edi, Perkunas ham uning gaplariga e’tibor bermasligi kerak edi. Kayfda nimalar demaydi kishi! Ammo Perkunas uni atayin tilidan ushladi. “Bu sening birinchi sinoving bo‘ladi”, – dedi u.
Qariya bilan olishuv – mana senga sinov!.. Qayerdadir it hura boshladi. Uni qo‘rquv bosdi. Nihoyat, yashil ko‘ylakli toqat qilolmadi, miltiqni qo‘yib qochishga tushdi. Yigitning oyoqlari chalkashib, tizzalari bukilib, har qadamda qoqilib borardi. Boshi aylanar va yuragi xapriqardi. O‘rmonga tezroq yetib olsa edi! Qariya Rutkus esa g‘olib chiqqanini hali ham anglab yetmagandi. U bazo‘r o‘rnidan turdi. Boshi aylanardi, yuragi qiniga sig‘masdi. Yashil ko‘ylakli yigitning qoqila-suqila qochib borayotganini ko‘rdi. Qariya miltiqni ko‘tarib, yigitni mo‘ljalga oldi va tepkini bosdi. Yigit qo‘llarini havoda o‘ynatib yana bir necha qadam oldinga tashlandi va yuzi bilan maysa ustiga quladi. Rutkus bir necha soniya gullab yotgan kartoshka dalasida cho‘zilib qolgan yigitga qarab turdi. U kutardi, balki yigit o‘rnidan turar, ammo miltiqni uloqtirib, o‘krab yig‘lagancha devor yoniga yiqildi.
Qishloq kengashi hovlisiga xavotir bilan pochtachi va tegirmonchi o‘rmalab chiqishdi. Ikkisi ham yig‘lab yotgan qo‘shnilari yonida to‘xtashib, uning oppoq boshi va ter bosgan yelkasi silkinishini kuzatishardi. Endi yoshlar yo‘q edi, endi ular uchovlon qolishdi – uch qariya.
Rus tilidan Gulchehra Botirbekova tarjimasi