Aleksandr Vampilov. O‘rdak ovi (uch pardali drama)

Ishtirokchilar

Zilov
Kuzakov
Sayapin
Kushak
Gagina
Vera
Valeriya
Ofitsiant
Bola
Irina

BIRINChI PARDA

Birinchi ko‘rinish

Zilovlarning ikkita xonadan iborat yangi uyi. Yakka deraza raxida bo‘yniga tasma bog‘langan kattakon movut mushuk-o‘yinchoq turibdi. Nosarishtalik.
Bir chekkadagi karavot-taxtada Zilov uxlab yotibdi. Uning bosh tomonidagi pastak stolga telefon apparati qo‘yilgan. Derazadan ro‘paradagi uyning orqasida xira osmonning bir parchasi ko‘rinib turibdi. Yomg‘ir yog‘moqda.
Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Zilov hadeganda uyg‘onavermaydi. Telefon qayta-qayta jiringlagandan keyingina ko‘rpa tagidan bir qo‘lini chiqarib, go‘shakni ko‘taradi.
Zilov. Labbay?
Qisqa sukut. Qo‘ng‘iroq qilgan odam go‘shakni qo‘yib qo‘ydi shekilli, telefon jimib qoladi.
Qiziq… (Go‘shakni joyiga qo‘yib, ikkinchi yonboshiga o‘girilib yotadi. Bir necha soniyadan keyin esa ko‘rpani ustidan sidirib, turib o‘tiradi va paypoqlarini yechmasdan yotib qolganligini ko‘rib hayron bo‘ladi. Kaftini peshanasiga qo‘yib ko‘radi, so‘ng boshini ushlar ekan og‘riqdan yuzi bujmayadi. Bir nuqtaga tikilganicha xayol surib o‘tiradi, so‘ng deraza oldiga borib, uni ochadi. Yomg‘ir yog‘ayotganini ko‘rib, norozi qiyofada qo‘lini siltaydi.)
Zilov – yoshi o‘ttizga yaqinlashib qolgan, baquvvat gavdali, novchagina, odam. Uning yurishida, qo‘l harakatlarida, gapirish uslubida jismoniy barkamolligiga ishongani holda o‘zini erkin tutishi sezilib turadi. Shu bilan birga barcha harakatlariyu gapirish uslubida atrof-muhitga befarqlik, zerikish mavjud bo‘lib, buning sababini bir qarashda aniqlash qiyin.
(Oshxonaga kirib, shisha bilan stakan ko‘tarib chiqadi. Deraza oldida turib pivo ichadi, so‘ng shishani qo‘lidan qo‘ymagan holda badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladi. Telefon jiringlaydi. Go‘shakni ko‘tarib) Eshitaman?.. Gapirasizmi-yo‘qmi?…
Javob bo‘lmaydi.
Shu ham hazil bo‘ldi-yu… ( Go‘shakni joyiga qo‘yib, pivoni ichib tamomlaydi, so‘ng telefon raqamlarini terib, quloq soladi. Javob bo‘lmaydi.) Ahmoqlar… (Raqamlarni qaytadan teradi. Ob-havo haqidagi ma’lumotlarni xabarlovchilarning ovoziga taassuf qilib) Shu kecha-kunduzda ob-havoning o‘zgarib turishi, yengil shamol esishi, o‘n olti daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda. (O‘zining rosmana ovozi bilan) Tushundingmi? Chelakdan quygandek, yomg‘ir yog‘yapti. Dima, salom. Qariya, tabriklayman. Sen haq bo‘lib chiqding… Yomg‘irni aytyapman. Butun yil davomida kutgan edik. Kelib-kelib, mana, endi shovullatib quya boshladi! (Hayron bo‘lib) Kim gapiryapti, deysanmi?.. Zilovman… Albatta. Nahot ovozimdan tanimagan bo‘lsang?.. O‘lgan?.. Kim o‘libdi?.. Men?! Yo‘q, o‘lmaganman shekilli, tirikka o‘xshayman… Shunaqami? (Kuladi.) Yo‘q, yo‘q, tirikman. Ov boshlanay deb turgan bir paytda o‘lish – shu yetmay turgan edi!. Nima-a?! Bormayman! Bu gapni qayerdan topding?.. Aqldan ozibmanmi? Shoshma, balki men bilan borishni xohlamayotgandirsan?.. Bo‘lmasa gap nimada?.. Topgan hazilingni qara-yu… (Boshini ushlab) Bosh-ku og‘riyapti-ya. Bu tabiiy. Lekin hozircha joyida… Kechami? (Entikib) Ha, eslayapman… Yo‘q, barini eslay olmayman. (Yana entikadi.) Janjalmi? Janjalni eslayman. Lekin nimaga janjal qildim – bilmayman. Nima sabab bo‘lganligini Xudo biladi. (Afsuslanib.) Aytma… Eslayman… Oxiri mutlaqo esimda yo‘q… Militsiya kelmadimi?.. O‘zimiznikilar, deysanmi? Bunisiga ham shukur… Qattiq xafa bo‘lishdimi?.. Nima balo, hazilni tushunishmaydimi?.. Bo‘lar ish bo‘libdi, na chora. Xo‘sh, endi nima qilamiz? Qachon jo‘naymiz? Kutamiz, deysanmi?.. Qachon boshlangan?.. Kecha? Nima deyapsan?.. Eslay olmayman – yo‘q! (Engagini ushlab ko‘radi.) Shunday! Kecha mushtlashish ham bo‘ldimi? Yo‘q?.. Taajjub… Ha, kimdir tushirib qolganni bilaman. Bir marta… Ha, basharamga tushirdi… Mushti bilan bo‘lsa kerak… Qiziq, bu kim bo‘ldi ekan, sen ko‘rmadingmi? Mayli, buning ahamiyati yo‘q… Yo‘-o‘q. Vahima qiladigan hech narsa bo‘lgani yo‘q. Odatdagi musht tushirish…
Eshik taqillaydi.
Dima, bunaqa ob-havo bir haftaga cho‘zilsa nima qilamiz? Vahima qilayotganim yo‘q… Tushunarli… Uyda o‘tiribman… Kutyapman… (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Kiravering.
Eshik ochilib, qarag‘ay shoxchalaridan yasalgan, yirik qog‘oz gullar bilan bezatilgan, qora tasma o‘ralgan, arzon narxda sotiladigan kattagina gulchambar ko‘tarib o‘n ikki yoshlardagi bola kirib keladi.
Bola. Mumkinmi?
Zilov. Kiraver. (Quvnoq ohangda) Salom!
Bola. Assalom alaykum. Zilov sizmisiz?
Zilov. Men.
Bola (gulchambarni devorga suyab qo‘yib). Sizga berib yuborishdi.
Zilov. Menga? Nima uchun?
Bola jim.
Hoy, yigitcha, sen nimanidir adashtiryapsan…
Bola. Siz Zilovmisiz?
Zilov. Ha, Zilovman. Xo‘sh, nima bo‘pti?
Bola. Demak, bu sizga.
Zilov (bir nafas esankirab). Seni kim yubordi? Qani, mana bu yerga o‘tir-chi.
Bola. Ketishim kerak.
Zilov. O‘tir.
Bola o‘tiradi.
(Gulchambarga qarab turadi, so‘ng qora tasmani to‘g‘rilab qo‘yib, undagi yozuvni ovoz chiqarib o‘qiydi) “Ishda bevaqt kuyib ado bo‘lgan Viktor Aleksandrovich Zilovga dardmand do‘stlaridan”… (Jim bo‘lib qoladi, so‘ng kulib) Gap nimadaligini angladingmi? Viktor Aleksandrovich Zilov – bu men… Ammo, ko‘rib turganingdek, tirik va sog‘man … Bunga nima deysan? Shu senga ma’qulmi?
Bola jim.
Ular qayerda? Pasda turishibdimi?
Bola. Yo‘q. ketishdi.
Zilov. Hazil qilishib, jo‘nab qolishibdi-da…
Bola. Men boray
Zilov. Ha. boraver… Yo‘q, to‘xtab tur. Ayt-chi, senga shunaqa hazillar ma’qulmi?.. Bu qiziqmi-yo‘qmi?
Bola jim.
Yo‘q, o‘zing ayt-chi, hali kayfi tarqab ulgurmay, boshi garang bo‘lib turgan bir paytda, yana shunaqa ob-havoda o‘z o‘rtog‘iga bunaqa narsani jo‘natish o‘ta ketgan razillik emasmi? Do‘st degan shunaqa bo‘ladimi? Sen nima deysan?
Bola. Bilmadim. Iltimos qilishgandi olib kirdim…
Qisqa sukut.
Zilov. Seni qara-yu. Tirik odamga marhumlarga atalgan gulchambar ko‘tarib yuribsan, hoynahoy pionersan. Men sening yoshingda bunaqa ishlarni qilmagan bo‘lardim.
Bola. Tirik ekanligingizni bilmagan bo‘lsam…
Zilov. Bilganingda olib kirmagan bo‘larmiding?
Bola. Yo‘q, albatta.
Zilov. Shunga ham rahmat.
Qisqa sukut.
Bola. Men boray.
Zilov. To‘xtab tur. Ular senga nima deyishdi?
Bola. Beshinchi qavat, yigirmanchi xonadon, deyishdi… Yana, eshikni qoqib, Zilovni chaqirasan-da, gulchambarni berib orqangga qaytasan, deyishdi. Bo‘lgani shu.
Zilov. Qara-ya, jo‘ngina. Lekin qanchalik kulgili ekanligini aytmaysanmi. (Gulchambarni bo‘yniga iladi.) Kulgili, a? (Ko‘zgu oldiga borib, sochlarini namoyishkorona taraydi.) Kulgilimi-yo‘qmi?.. Nega kulmayapsan?.. Hazilni tushunmaysan shekilli. (G‘olib sportchi sifatida o‘ng qo‘lini qisib tabriklaydi.) Vitya Zilov! ES-eS-eS-eR. Birinchi o‘rin… Lekin nima uchun?.. (Qo‘lini tushirib) Kulgili emasmi?.. Unchalik emas, to‘g‘rimi? (Gulchambarni yerga tashlaydi va karavotga borib, deraza tomonga qarab o‘tiradi.) Balki har ikkalamiz ham hazilni tushunmaydigan bo‘lib qolgandirmiz?
Sukut.
Ketishing kerak-a?
Bola. Ha… Darsimni qilishim kerak…
Zilov. To‘g‘ri… Dars – bu jiddiy ish… Aytgandek, isming nima?
Bola (bir nafasli sukutdan so‘ng). Vitya.
Zilov. Shunaqami? Sen ham Vitya ekansan-da… Bu senga g‘alati tuyulmayaptimi?
Bola. Bilmadim.
Qisqa sukut.
Zilov. Ha. mayli. Bora qol, darsingni qil. Kirib turgin. Kirasanmi?
Bola. Xo‘p.
Zilov. Bora qol.
Bola chiqib ketadi.
Qisqa sukut.
Demak, hazil qilib ketishibdi.

Zilov karavotda o‘tiribdi. Nigohi xona o‘rtasiga qadalgan. Motam kuyi eshitilib, uning tovushi kuchayib boradi. Chiroq asta-sekin so‘nib, birin-ketin ikkita chiroq yonadi. Ulardan biri Zilovni, ikkinchisi sahna o‘rtasidagi doirani yoritadi. Xonaning jihozlari esa qorong‘ilikda qoladi.
Projektorning yorqin nuri bilan yoritilgan maydonda Zilovning xa­yoliy tasavvuridagi kishilar paydo bo‘ladi, ularning ovozlari eshitiladi. Motam kuyi yengil, quvnoq kuy bilan almashadi…
Sayapin bilan Kuzakov paydo bo‘lishadi.
Sayapin. Yo‘g‘-e, nima deyapsan. Bo‘lishi mumkin emas.
Kuzakov. Dalil bor-ku.
Sayapin. Bo‘lmagan gap. Har qachongidek hazillashgan. Uning qanaqaligini bilmaysanmi?
Kuzakov. Afsuski, bu safar hammasi jiddiy. Bundan jiddiyrog‘i bo‘lmaydi.
Sayapin. Kel, bahslashamiz. Uning o‘zi shunaqa ovoza tarqatgan. O‘zi, meni aytdi, dersan, hozir “Nezabudka”da o‘tiribdi.
Kuzakov bilan Sayapin g‘oyib bo‘lib, Vera, Valeriya,
so‘ng Kushak paydo bo‘lishadi.
Valeriya. Tavba-a, kechagina ovga borishga hozirlik ko‘rayotgan, hazil-huzul qilib o‘tirgan edi… Bugun esa…
Vera. Bunaqa bo‘lishini hech ham kutmagan edim. Yigitmisan-yigit edi.
Kushak. Qanaqa baxtsizlik bu, dahshat! Men hech qachon ishonmagan bo‘lardim. Ammo, bilasizlarmi, u keyingi paytlarda boshqacha bo‘lib qolgan edi. Men riyokor emasman, ammo shuni aytishim kerakki, allaqanday beparvo, parishonxotir bo‘lib qolgan edi. Bunaqa kayfiyat esa yaxshilikka olib kelmaydi.
Vera, Valeriya va Kushak g‘oyib bo‘lishadi. Galina, uning orqasidan Irina paydo bo‘lishadi.
Galina. Ishonmayman, ishonmayman, ishonmayman… Nega bunaqa qildi ekan?
Irina. Nima sababdan?
Galina (Irinaga). U seni yaxshi ko‘rarmidi?
Irina. Bilmayman…
Galina. Men u bilan olti yil yashadim, ammo uni tushuna olmadim. (Irinaga.) Biz do‘st bo‘lamiz. Rozimisan?
Irina. Ha.
Quchoqlashib, har ikkalasi yig‘laydi.
Galina. Men bu yerdan ketyapman… batamom… Menga xat yozasanmi?
Irina (yig‘i aralash). Ha…
Galina g‘oyib bo‘ladi. Kushak bilan ofitsiant paydo bo‘lishadi.
Kushak (Irinaga). G‘oyat, g‘oyat mamnunman.
Ofitsiant. Bunday holatda o‘zingiz yakka qolmaganingiz ma’qul.
Kushak. Ha, lekin… To‘g‘ri, albatta… Har qalay…
Ofitsiant. Soat oltida “Nezabudka”da kutamiz, kelishdikmi?
Irina (yig‘i aralash). Yaxshi…
Irina, Kushak va ofitsiant g‘oyib bo‘lishadi. Kuzakov paydo bo‘ladi.
Kuzakov. Kim biladi… Bundoq o‘ylab qarasang, hayot yakunlangandek. (G‘oyib bo‘ladi.)
Patnis ko‘targan ofitsiant paydo bo‘ladi.
Ofitsiant. Xullas, o‘rtoqlar, pul yig‘ishimizga to‘g‘ri keladi. (Iljaya­di.) Yo‘q, meni noto‘g‘ri tushundilaringiz. Gulchambarga pul yig‘ishimiz kerak, deyapman.

Galina , Kuzakov, Sayapin , Valeriya, Vera, Kushak va Irina patnisga pul tashlab, o‘tib ketishadi. Quvnoq kuy birdan motam kuyi bilan almashadi. Projektorlar so‘nadi, musiqa to‘xtaydi. Qorong‘ilikdan tanga pullarning patnisga tushib jaranglashi eshitiladi. Sahna yorishadi. Zilov karavotda o‘tiribdi. Nigohi hamon xonaning o‘rtasiga qadalgan. O‘rnidan turib, oshxonaga kirib ketadi va bir shisha pivo ko‘tarib chiqadi. Deraza oldida turib, halizamon xayoliga kelgan motam musiqasini hushtak chalib ifoda etadi. Deraza rahiga o‘tirib, duxoba mushukka, go‘yo uni birinchi marta ko‘rayotgandek, diqqat bilan uzoq qarab turadi, so‘ng telefon yoniga borib, go‘shakni qo‘liga oladi, raqamlarni teradi.
Zilov. Magazinmi?.. Iltimos, Verani telefonga chaqirib yuboring… Kim, deysizmi?.. Zilov, deng… Ha, Zilov. (Kutadi.) Band ekan, deysizmi?.. Tushunarli. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, deraza oldiga boradi. Pivo ichib, o‘ychan turib qoladi.)
Chiroq o‘chib-yonadi. Yangi sahna ko‘rinishi namoyon bo‘ladi.
Zilovning birinchi xotirasi.
“Nezabudka” qahvaxonasining bir burchagi. Katta bo‘lmagan deraza, tashqariga olib chiqadigan eshik va ikkita-uchta stol. Ulardan birida Zilov va Sayapin o‘tirishibdi.
Salyapin Zilov bilan tengdosh, lekin sochlari to‘kila boshlagan, to‘ladan kelgan, ko‘rinishi sodda, hatto ba’zi hollarda besabab ham kulaveradigan xushchaqchaq yigit.
Sayapin (baland ovozda). Dima! Salom!.. Bizlarga ham qarab qo‘y.
Ofitsiant (Zilovlarning oldiga kelib). Salom, yigitlar.
Ofitsiant
U Zilov bilan Sayapinga tengdosh bo‘lib, ish paytlarida o‘zini hamisha bir me’yorda tutadigan, o‘ziga ishonchi baland, qadr-qimmatini yaxshi biladigan, ishchan odam. Lekin tashqi qiyofasi bir muncha g‘alatiroq.
Sayapin. Salom, Dima.
Zilov. Qalaysan, qariya?
Ofitsiant. Rahmat, hammasi joyida. O‘zing qalaysan?
Zilov. Yomonmas.
Ofitsiant. Tayyorgarlik ko‘ryapsanmi?
Zilov. Tayyorgarlik ko‘rib qo‘yganman.
Ofitsiant (iljayib). Tayyormisan? Balli-e!
Zilov (ayanch bilan). Yana bir yarim oy-a!
Ofitsiant ( iljayib). O‘sha kunga yetib borasanmi?
Zilov. Bilmadim. U kunga qanday yetib borishni tasavvur qilmayman.
Ofitsiant. Yaxshi ovchi bo‘laman, desang, sabr-toqat bilan kut. Behuda hayajonlanma. Muhimi – hayajonmaslik.
Sayapin. Yigitlar, senlarning ovlaring boshlanishigaga bir yarim oy bor. Tanaffusimizning tugashiga esa o‘ttiz besh daqiqa qoldi. (Zilovga) Biz nimaga keldik, unutib qo‘ydingmi?
Zilov. Dima, yarim soat vaqtimiz bor. Biron narsa ichib, tamaddi qilib olishga ulguramizmi?
Ofitsiant. Harakat qilib ko‘ramiz.
Zilov. Demak, uchta salat, uchta shashlik va ichkilik… ( Sayapinga). U nima ichadi?
Sayapin. Menimcha, oshkora hech narsa ichmaydi.
Zilov. Musallas-chi?
Sayapin. O‘zing bilasan, lekin hozir tanafus payti, ichkilik masalasida u…
Zilov (Ofitsiantga). Rahbarimizni kutyapmiz.
Ofitsiant. Tushunarli.
Zilov. Menimcha, u aroq simiradi. Kechasi.
Sayapin. Umuman olganda, to‘g‘ri qiladi. Buni ham bilish kerak.
Ofitsiant. Yangi kelgan pivo bor.
Zilov. Pivoning keragi yo‘q. Bir shisha vino. Yo‘q, ikki shisha. Kvartira oldim. Bayram qilishga haqqim bor.
Sayapin (Ofitsiantga). Eshityapsanmi, kvartira oldi. Tabriklab qo‘y.
Ofitsiant . Rostdanmi?
Zilov. O‘zim ham ishonmayapman.
Ofitsiant. Qayerda?
Zilov. Ko‘prikning oldida.
Ofitsiant. Rostdanmi? Demak, qo‘shni bo‘lar ekanmiz-da?
Zilov. Mayakovskiy ko‘chasi, o‘ttiz yetti, yigirmanchi xonadon.
Ofitsiant. Zo‘r bo‘libdi. Tabriklayman, qariya. Qoyil.
Zilov. Hovli to‘yi: sakkizu nol-nolda Bugun. Kutaman.
Ofitsiant. Rahmat, Vitya. Lekin men borolmayman. Bugun kechasi o‘n birgacha ishlashim kerak.
Zilov. Birontasi bilan almashtirgin.
Ofitsiant. Hozir hamma otpuskada.
Zilov. “Kasal” bo‘lib qol.
Ofitsiant. Yo‘q, qariya, bunaqa qilolmayman. Kechirgaysan.
Zilov. Attang.
Ofitsiant. Kechirasan-u, lekin bugun ilojim yo‘q. (Qog‘ozga yoza boshlaydi.) Ikkita vino, uchta salat, uch marta shashlik… (Zilovga) Lekin hisobga olib qo‘y. Bir shisha…
Zilov. Gap bo‘lishi mumkinmas.
Ofitsiant ketadi.
Sayapin (Ofitsiant haqida). Uning qanaqa bo‘lib ketganiga e’tibor bergin. Maktabda mo‘mintoy bola edi. Undan ofitsiant chiqadi, deb hech kim o‘ylamagan.
Zilov. Qo‘liga miltiq ushlab ov qilganini ko‘rsang edi. Dahshat!
Sayapin. Shunaqa, de…
Zilov. Haybat. Ellik metr narida uchib ketayotgan narsa u uchun hech gap emas. Eh, qani edi men ham shunaqa mergan bo‘la olsam.
Sayapin. Menga qara, ziyofatingga rahbarimiz keladimi?
Zilov. Ha. Yo‘lma-yo‘lakay sizlarni ham olib keladi.
Sayapin. U qanday bizlar bilan ovqatlanishga rozi bo‘la qoldi?
Zilov. Bo‘lmasa qayerda ovqatlanishi kerak?
Sayapin. Uyi bu yerga yaqingina-ku. O‘tirishingga yana xotini bilan birga kelsa kerak. Usiz qadam bosmaydi, shekilli.
Zilov. Yo‘q. Xotinini kecha dam olgani janubga jo‘natibdi.
Sayapin. Gap bu yoqda ekan-da… Demak, taralla-bedod boshlanar ekan-da… Yo‘g‘-e, u o‘ta jiddiy odam… Kvartira masalasini olaylik. Va’da qildimi – bajaradi. Sen kvartiralik bo‘lding. Men ham olaman. Yuqorida suyangan odami bor, deyishadi. Shu to‘g‘rimikin?
Zilov (kimnidir ko‘rib qolib). To‘xta! Mana bu yerga o‘tir… (Uning panasiga berkinadi.) Beri o‘tir! Beriroq!
Sayapin (alanglab). Nima bo‘ldi?.. Bu Verochka-ku. Yanglishmasam, o‘zingni sevgiling.
Zilov. Qimirlama, shunday o‘tir. U bilan bugun uchrashmaganimiz ma’qul. Umuman jonimga tekkan u.
Sayapin. Berkinmay qo‘ya qol, befoyda. Seni ko‘rdi.
Zilov (oldingi joyiga o‘tiradi). Ajina! Bu magazinlardagi tartib-qoidalarni tushunib bo‘lmaydi. Hamisha ish paytida sanqib yurgan bo‘ladi. (Qo‘lini ko‘tarib) Salom.
Vera paydo bo‘ladi. Uning yoshi yigirma beshlarda. Bir muncha qo‘polroq bo‘lsa-da, xushsurat, yoqimli qiz. Ayni chog‘da sanoat mollari magazinining sotuvchisi kiyimida. Lekin, aslida bashang kiyinadi, chiroyli tarashlangan ko‘rkam sochini ko‘z-ko‘z qilib, mag‘rurona qadam bosadi.
Vera. Salom, aliklar. Sizlarni ko‘rmaganimga ancha bo‘ldi-ya. (O‘tiradi.)
Ofitsiant vino bilan salatlarni olib keladi.
Meni kutayotgan edingizmi?.. Juda soz.
Ofitsiant (Veraga). Salom, kichkintoy.
Vera. Salom, Dimka.
Ofitsiant (Zilovga). Yanglishmasam, yana bir karra shashlik?
Zilov. Ha, og‘ayni.
Ofitsiant ketadi.
Vera. (Zilovga). Xursandchilik qilyapman, de? Kvartira oldingmi?
Zilov. Oldim.
Vera. G‘oyat xursandman. Daraging yo‘q, qayerlarda yuribsan?
Zilov. Uyda, Verochka. Uyda va ishda.
Vera. Seni sog‘ingan bo‘lsam-chi? Haftalab yo‘q bo‘lib ketishing nimasi?!
Zilov. O‘ta zarur , qistalang ishlar bor edi. Kechayu kunduz ish va yana ish.
Sayapin. Idoramizdagi barcha odamlar ta’tilga ketishgan. Ikkovimiz bir amallab turibmiz.
Zilov. Shunday. Mehnatda yaraqlab yonyapmiz.
Vera. Alik, aytib qo‘yay, boshqa birovni topib olishim mumkin!
Zilov. O‘zing topasanmi yoki yordam beraymi?
Vera. Rahmat, yosh emasman.
Sayapin. Menga qara, nima uchun hammani shunaqa deb chaqirasan?
Vera. Qanaqa, alik debmi?
Sayapin. Ha. Sen uchun hamma Alik. Buni qanday tushunish kerak? Alkogolik, degan ma’nodami?
Zilov. Buni uning o‘zi ham bilmaydi.
Sayapin. Balki birinchi sevgiling Alik bo‘lgandir?
Vera. To‘g‘ri topding. Birinchi sevgilim – alik. Ikkinchisi ham alik. Uchinchisi ham. Hammasi alik.
Zilov (Sayapinga). Biron narsa tushundingmi?
Sayapin (kimnidir ko‘rib). Kelyapti. (Veraga) Boshlig‘imiz. Bizning o‘zaro munosabatlarimizni oshkor qilib o‘tirmalaring. O‘ta talabchan o‘rtoq. (O‘rnidan turadi.)
Zilov (uning gapini ma’qullab). Ha, uning oldida odob saqlab o‘tirish kerak.
Vera. Xo‘p, xo‘p. Tushundim.
Sayapin. Siz ikkalangiz shunchaki do‘stsizlar, xolos. Tushunarlimi?
Vera. Tushunarli. Bizlar sinfdoshmiz.
Sayapin chiqib ketadi.
Kechga ko‘rishamizmi?
Zilov. Bugunmi? Yo‘q, Verochka. Bugun iloji yo‘q.
Vera. Nega? Ochiq aytaver.
Zilov. Yashiradigan hech gap yo‘q. Bugun yangi kvartirani yuvmoqchimiz.
Vera. Shunaqa de… Meni ham taklif qilsang bo‘lmaydimi?
Zilov. Senimi?.. Jon-jon deb taklif qilardim-u, lekin xotinim qarshilik qiladi, deb o‘ylayman.
Vera. Nima uchun? Sinfdoshingni mehmonga chaqirsang nima bo‘pti?
Zilov. Xotinimni ahmoq deb o‘ylaysan, shekilli.
Vera. Nima, shunaqa aqllimi?.. Bizni tanishtirib qo‘y.
Zilov. Bu nimaga kerak?
Vera. Undan aql-farosat o‘rganardim. Nima, mumkinmasmi?
Zilov. Shu yetishmay turgan edi. Bo‘lmagan gaplarni gapirma. Ertaga ko‘rishamiz. Gap tamom.
Sayapin bilan Kushak kirishadi.
Kushak ellik yoshga borib qolgan, salobatli kishi. O‘z idorasida, ishda talabchan, qattiqqo‘l, ishbilarmon shaxs. Idoradan tashqarida esa ancha bo‘shang, xokisor odam. Biron yerga mehmonga boradigan bo‘lsa shaxsiy mashinasi bor aksariyat kishilar kabi, tez-tez derazadan tashqariga qarab qo‘yadi.
Zilov. Vadim Andreevich, mana bu yerga o‘tiring.
Kushak. Xayrli kun.
Vera. Salom alaykum.
Zilov. Ismlari – Vera.
Kushak. Tanishganimdan mamnunman.
Ofitsiant shashlik olib kelib, stolga qo‘yib ketadi.
Zilov (shishani qo‘liga olib). Shashlikdan oldin ozgina-ozgina qilsak, nima deysiz?
Kushak. Hozir tushlik tanaffus payti. (Veraga) Bilasizmi, bizning idoramizda bu masalada…
Vera. Hechqisi yo‘q. Tartibdan mustasno ravishda ozgina ichilsa, zarar qilmas.
Kushak. Shunaqa deb o‘ylaysizmi? Undoq bo‘lsa, mayli. Aytgandek, bu aroq ham emas. (Atrofga qarab qo‘yadi.)
Sayapin. Vadim Andreevich, buning ustiga nima munosabat bilan degan gap ham bor. Sabab katta. Bir odam kvartiralik bo‘ldi. Bu hazilakam gap emas.
Kushak. Ha, jiddiy sabab bor.
Zilov (hammaga vino quyadi). Vadim Andreevich, buni kechga bo‘ladigan o‘tirishimizning debochasi, deb bilgaysiz. Yodingizdan ko‘tarilib ketmadimi? Sizni, kelishganimizdek, soat sakkizda kutamiz.
Kushak. Rostimni aytsam, borsammi-yo‘qmi, deb o‘ylanib qoldim. Bilasizmi, bu kunlarda kayfiyatim unchalik yaxshi emas. Buning ustiga yonimda xotinim yo‘q, vaqtincha, albatta.
Zilov. Vadim Andreevich, va’da bergan edingiz-ku!
Vera. Agar sir bo‘lmasa, xotiningiz qayerda?
Kushak. U hozir Suxumida. Dam olgani ketgan.
Zilov. Xotiningiz-ku dam olayotgan ekan. Sizga dam olish mumkinmasmi?
Kushak. Darhaqiqat… ammo bir o‘ylab qarasangiz, xotinim u yerda yolg‘iz o‘zi, men esa bu yerda mehmondorchilikda o‘tiribman – bu insofdanmas. (Veraga) Siz nima deb o‘ylaysiz?
Vera. Siz yaxshi er ekansiz. Muzeyga qo‘yadigan kamyob erkaklardan ekansiz. Bunaqa erga har qanday joyga borishga ruxsat etiladi. Har qanday ulfatu gurungda bo‘lsa arziydi.
Zilov. Vera. Yuz foiz haq. Masala hal bo‘ldi – albatta kelasiz.
Kushak (Veraga). Demak, borishimni maslahat berasiz…
Vera. Ha, men shunaqa fikrdaman. Sodiq erlarni qattiq hurmat qilaman.
Zilov. Bunga nima deysiz? Vadim Andreevich! Ehtiyot bo‘ling.
Vera. (Kushakka). Oling. Bilib qo‘ying, men sizni alik deyman. Qarshi emasmisiz?
Kushak. Alik?.. Nima uchun Alik?
Vera. Yoqmaydimi?
Kushak. Bilmadim, har qalay…
Vera. Xo‘p, deng…
Kushak. Alik… G‘alati-ku… Lekin siz uchun… Sizga bu ma’qul ekan…
Vera. Halitdan beri shunaqa deb qo‘ya qolmaysizmi. (Barmog‘ini uning burniga tekkizib qo‘yib). Alik.
Sukut. Sayapin iljayadi. Zilov Vera bilan Kushakni kuzatadi. Kushak atrofga alanglab qarab qo‘yadi.
Kushak. Bilasizmi, bu yerning ovqatlari menga ma’qul. Rostini aytsam, anchadan beri kelmagan edim…
Vera. Kelib turing. Kechqurunlari musiqa ham bo‘ladi.
Kushak. Nima, bugun ham bo‘ladimi?
Vera. Nimani so‘rayapsiz?
Kushak. Musiqani aytyapman.
Vera. Albatta. Lekin siz bugun mehmonga bormoqchisiz-ku.
Kushak. Siz-chi?
Vera. Meni taklif qilishgani yo‘q.
Kushak. Nahot?
Vera. Yo‘q, bari binoyiday. Hovli to‘yiga, odatda, do‘stlar yig‘ilishadi. Biz Viktor bilan shunchaki… Qachonlardir bir maktabda o‘qiganmiz. Bugun tasodifan uchrashib qoldik.
Kushak. Shunaqami?..
Vera. Shunday ekan… borgim kelib turgani ham yo‘q.
Kushak. M-m…

Sayapin Zilovning biqiniga turtib qo‘yadi.
Qisqa sukut.
Zilov (Veraga). Bo‘lmagan gap. Hali senga aytishga ulgurmagan edim. Marhamat, jonim bilan…
Vera. Faqat, elanib qoldi, deb o‘ylamangizlar.
Kushak. Yo‘g‘-e! Kim bunaqa deb o‘ylayapti?
Sayapin. Hech kim.
Zilov. Ha, sening qatnashishing hammamizga ma’qul. Quvnoq gurung bo‘ladi. Qisqasi, aynan sen yetishmay turgan eding. Yozib ol: Mayakovskiy ko‘chasi…
Zilovning birinchi xotirasi
davom etadi
Zilovning xonadoni. Zilov bilan Galina mehmonlarni kutishmoqda. Galina dasturxon yozayotgan stolu bir dona stul, temir karavot, chamadon – bor jihoz shulardan iborat.
Galina yigirma olti yoshda. Qaddi-qomati kelishgan, ixcham, nozik tabiatli, o‘ta odobli, didi o‘tkir ayol. Ammo bolaligidan singdirilgan bu fazilatlar yengil tabiatli er bilan yashash jarayoniyu kundalik mehnat, turmush ikir-chikirlari tufayli bir muncha so‘ngan. Uning yuzida doimo allaqanday tashvish alomatlari aks etib turadi. Maktabda o‘qituvchilik qiladi. O‘qituvchilik esa doimiy tashvishlar blan bog‘liq. Ayni paytda egnida qora ko‘ylak. Uning ustidan oq fartuk bog‘lab olgan, oyoqlarida – uy shippagi.
Zilov (stol oldida turib) Ovqatlar zo‘r. Ularning, boshlig‘imizdan o‘zga, birontasi bunaqa to‘kin dastarxonga arzimaydi.
Galina. Bu-ku mayli-ya. Gap bunda emas. Ularni qayerga o‘tqazamiz?
Zilov. Ayollarni karavotga, men stulda o‘tiraman, boshqalar polda o‘tirishadi.
Galina. Boshliq-chi?
Zilov. U ham yerda o‘tiradi. Yanagi safar jihozlangan kvartira berishadigan bo‘ladi.
Galina. Uyat-e. Karavotda uch kishi, stul, chamadon – beshta o‘rin. Keladiganlar necha kishi? Bir, ikki, uch… olti kishi.
Zilov. Yetti.
Galina. Yetti? Nega?.. Biz ikkimiz, Sayapinlar, Kuzakov va Kushak – bo‘ldi. Kushakning xotini kelmaydi, deb o‘zing aytding. Jami – olti kishi.
Zilov. Yana bir odam keladi.
Galina. Yana kim bo‘ldi? Nahot o‘sha yaramas Dima bo‘lsa?
Zilov. Yo‘q, u bugun ishda. Uning nimasi yoqmaydi senga?
Galina. Bilmayman. Lekin… Odamga qarashining o‘zi… Men undan qo‘rqaman.
Zilov. Bo‘lmagan gap. Binoyiday yigit.
Galina. Xo‘sh, yettinchi kishi kim bo‘ldi – qiziq.
Zilov. Yoqimtoy bir ayol.
Galina Shunaqami?
Zilov. Senga aytmaganmidim?
Galina Ajabki, aytmagansan.
Zilov. Yodimdan ko‘tarilibdi. Ismi – Vera. Mening nazarimda, yomon odammas. Ko‘rinishi ham binoyiday. Kushak unga mahliyo bo‘lib qoldi.
Galina. Tushunarli. Qo‘shmachilik qilmoqchisan shekilli. Birinchi kechasiyoq uyimizni…
Zilov. Nima deyapsan?! Sof muhabbat.
Galina. Uyda xotini o‘tirsa-yu… Sof muhabbatmish…
Zilov. Uning xotini – qari yalmog‘iz. Aytgancha, u sen bilan gaplashib qo‘yishimni iltimos qilgan edi. Yodimdan ko‘tarilibdi.
Galina. Nima to‘g‘risida?
Zilov. Bu yerda uchrashib turishlariga ruxsat berishingni iltimos qilmoqchi.
Galina. Yo‘q, desam-chi?
Zilov. Endi kech bo‘ldi.
Galina. Rozi bo‘la olmayman. Uyimizni birovlar uchun…
Zilov. Bechora Kushak, darvoqe, agar bilmoqchi bo‘lsang, bu kvartirani bizga boshqa birovmas, ayni shu Kushak harakat qilib olib berdi. Xo‘sh, bu yerda biror soat dam olib, orzuga berilsa, yaxshi ko‘rgan ayoliga ikki og‘iz shirin gap aytsa, nima, uyingga bir nima bo‘lib qoladimi?
Galina. Bu menga yoqmayapti.
Zilov. Gap bu uyda ham emas. Sen ham shunaqa deb o‘ylamasang kerak. Men unga shunchaki rahmim kelganidan rozi bo‘ldim. U bechoraning ahvolini tushunsang-chi, bunchalik toshbag‘ir bo‘lma.
Galina (stolga qo‘shimcha likopcha, qoshiqlar keltirib qo‘yar ekan). Ha, sen do‘stlaring uchun hamma narsaga hozir turasan.
Zilov (uni quchib). Bas qil. Kel, yaxshisi senga yordam beray.
Galina. Hamma narsa tayyor.
Zilov. Juda yaxshi. Bo‘lmasa qittak-qittak ichib olaylik.
Galina. Ikkovimizmi?
Zilov. Bir qadahdan ichib olsak, nima bo‘pti?
Galina. Yo‘q, sabr qilaylik, mehmonlar kelsin
Zilov (shishalarni ko‘zdan kechirib). Menimcha, yaxshisi, aroqdan boshlaylik. (Quyadi.)
Galina. Yaxshimas. Mehmonlar kelganda ikkalamiz qiyshayib tursak…
Zilov. Bu aybmas.
Galina. Vitya, bugun oshirib yuborma.
Zilov. Xo‘p, xo‘p.
Galina. Xonadoshimiz qutlug‘ bo‘lishi uchun ichamizmi?
Zilov. Ketdik.
Galina. Kecha bu yerga ko‘chib kelayotganimizda mashinaga o‘tirar ekanman, mana, nihoyat boshpanalik bo‘ldik, deb o‘ylanib turib o‘zimcha: “Xayr sizga, Moti xolalar, Peti amakilar!” deb qo‘ydim.
Zilov. Mash’ala yoqilsin!
Ichishadi.
Galina. Bu yerda ahil bo‘lib yashaymiz, to‘g‘rimi?
Zilov. Albatta.
Galina. Dastlabki kunlarimizdagidek. Kechalari kitob o‘qiymiz, gap­lashib o‘tiramiz… Shunaqa bo‘ladi-a?
Zilov. Shubhasiz.
Galina. Eng yomoni shuki, sen ko‘p hollarda uyda bo‘lmaysan, qayerda yurganingni ham bilib bo‘lmaydi.
Zilov. Telefon o‘rnatib olamiz.
Galina. Telefonni jinim suymaydi. Bilasanmi, men bilan telefonda gaplashsang yolg‘on gapirayotganga o‘xshaysan.
Zilov. Buning noo‘rin. Texnikaga ishonmay bekor qilasan. Axir, odamzodning kelajagi ana shu texnikaga bog‘liq-ku!
Sukut. Galina deraza oldiga boradi.
Galina (derazaga qarab). Men bugun xat oldim. Hech qachon kutmagan odamimdan. Kimdan deb o‘ylaysan?
Zilov. Xo‘sh? (Stakanga aroq quyadi.) Kimdan ekan?
Galina. Tasavvur qilib ko‘rgin-a, bolaligimdagi do‘stimdan. Meni shunaqa ta’riflab eslabdiki…
Zilov ichadi.
Ota-onalarimiz do‘st edilar. Kuyov va kelinchak edik. O‘n ikki yoshga yetganimizda tomonga ko‘chib ketdik. (Kuladi.) Kulgili qiziq bola edi. Xayrlashgan chog‘imizda birdan yig‘lab yubordi, so‘ng, bilasanmi, mutlaqo jiddiy ravishda: “Galka, meni yaxshilab tishlab qo‘y”, dedi.
Zilov. Nima bo‘pti? (Yana aroq quyadi.) Tishladingmi?
Galina. Ha. Barmog‘ini tishladim.
Zilov. Qiziq. (Ichadi.)
Galina. Oilaviy turmushimiz qovushmadi, deb yozibdi. Endi bir umr bo‘ydoq bo‘lib qolishga qaror qildim, debdi.
Zilov. Umuman, yomon fikr emas.
Galina. Kimdir keldi shekilli. Yanglishmasam biznikiga. Menimcha, mehmonlarimiz. Ha, o‘shalar. Sayapin, xotini – Valeriya, uchinchisi?
Zilov (deraza oldiga borib). Xo‘jayin. Mashina shuniki.
Galina. Kuzakov qani?
Zilov. Keladi. Qayoqqa ketardi?
Galina. Sen aytgan xushsurat ayol-chi? Qani u?
Zilov. Tashvishlanma. U kechroq keladi. (Dahlizga chiqib ketadi.)
Galina shippagini yechib, tufli kiyib oladi, so‘ng fartukni yechadi, keyin qaytadan tutib oladi. Dahlizdan Zilovning ovozi eshitiladi.
Ovoz. Marhamat.
Kushak, Sayapin va Valeriya kirishadi.
Valeriya harakatchanligi ko‘zga tashlanib turadigan, yigirma besh yoshlardagi ayol. Erkaklarga xos tashabbuskorligi uning yoqimtoy qiyofasiga mos kelmagandek. Qisqa qilib tarashlangan sochi bo‘yalgan, hozirgi modalarga xos bashang kiyingan.
Kushak (Galinaga guldasta uzatib). Yangi uyingiz muborak bo‘lsin! Chin qalbdan tabriklayman!
Valeriya (xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib). Qani, qani, ko‘raylik.
Sayapin. Yaxshi, yaraydi, ma’qul.
Kushak. Zo‘r. Gap yo‘q. Bu xonadonda yaxshi hayot kechirishingizga tilakdoshman.
Valeriya oshxonaga o‘tib ketadi.
Valeriyaning ovozi. Sovuq suv?.. Issiq suv?.. G‘aroyib!.. Gaz! Go‘zal!
Kushak. Uy zo‘r! (Deraza oldiga borib, mashinasiga qarab qo‘yadi.
Valeriya boshqa xonaga o‘tib ketadi. Galina uning ortidan yuradi
Sayapin (havas bilan). Gap yo‘q, hammasi ko‘ngildagidek. (Qo‘shni xonaga kirib ketadi.)
Valeriyaning ovozi. Bu yerda bolaxona ham bor ekan. Bu tomon janubmi, shimolmi?
Kushak. Ha, kvartira – bu katta gap. Yana bir marta tabriklayman.
Zilov. Yana bir marta minnatdorchilik bildiraman.
Valeriyaning ovozi. Bari juda ajoyib.
Kushak. G‘aroyib, g‘aroyib… Xo‘sh, hamma yig‘ildimi? (Qo‘shni xonaga bosh suqib, qarab qo‘yadi.)
Zilov (xonaning eshigini yopib qo‘yib). Hali kelgani yo‘q, lekin, ishonchingiz komil bo‘lsin, tezda kelib qoladi. U siz bilan astoydil qiziqib qoldi, chamamda.
Kushak. Shunaqa deb o‘ylaysanmi?
Zilov. Kamtarinlik qilmang. Yuragidan urib qo‘yganga o‘xshaysiz.
Kushak. Viktor! (Alanglab olib) Bu bilan nima demoqchisan?
Zilov. Alangsib qolmang, demoqchiman.
Kushak. Shoshma, o‘zing ayt-chi, axir menga noqulay-ku. Bu yerda Sayapinlar bor, xotining bor. Odobdan bo‘larmikin?
Zilov. Bo‘lmagan gap. Dadil harakat qilavering. Bunaqa ishlar dadillik, tezkorlik bilan amalga oshiriladi.
Kushak. Ana xolo-os. Men seni bunaqa yengil tabiat deb o‘ylamagan edim. Viktor, sen meni yo‘ldan ozdiryapsan.
Zilov. Qachondan beri sizga biron yaxshilik qilsam, deb yurardim.

Valeriya, Sayapin va Galina paydo bo‘lishadi.
Valeriya. Mebel! Zudlik bilan jihozlar olish kerak. (Dahlizga o‘tib ketadi.)
Kushak. Ha, jihozlar zarur… Hechqisi yo‘q. Hamma narsa ham birdan bo‘lavermaydi. Asta-sekin… (Deraza oldiga borib, mashinasiga qarab qo‘yadi.)
Galina. Hozir esa karavotda o‘tirishga to‘g‘ri keladi.
Hojotxonadan suvning shovullagani, Valeriyaning “G‘aroyib!” degan ovozi eshitiladi, so‘ng xonaga Valeriyaning o‘zi kirib keladi.
Valeriya. Yana bir karra tabriklayman. Endi xonadoningizda haqiqiy rosmana hayot boshlanadi. (Sayapinga) Tolechka, qasam ichib aytamanki, agar yarim yildan keyin shunaqa uyga ko‘chib kirmas ekanmiz, sen bilan ajrim qilib ketib yuboraman!
Kushak. M-m… Yarim yildan keyin bu masala… m-m… hal bo‘lib qolar. Har qalay, umid qilamiz…
Valeriya (ishva bilan). Voy, Vadim Andreevich! Men sizni, bilsangiz agar…
Zilov. Nimani?
Valeriya. Sizga sig‘inishga hozirman. Chin so‘zim!
Zilov. Sig‘ingin, qizginam, sig‘ingin…
Sayapin (shoshib). Xullas, mana bu yerda televizor, bu yerda divan, uning yonida muzlatkich. Muzlatgichda pivo va boshqa narsalar. Bari do‘stlar uchun.
Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.
Zilov dahlizga chiqib ketadi. Qisqa sukut.
Zilov (dahlizdan kirib). Vadim Andreevich! Kutib oling.
Kushak eshik tomon yuradi.
Valeriya (Zilovga). Kim ekan?
Zilov. Vadim Andreevichning tanishi. Dilbar bir ayol.
Valeriya (ajablanib). Qanaqa tanish?
Zilov. Yosh va xushrabo. (Dahlizga chiqib ketadi.)
Valeriya. Voy, azamat-ey.
Galina. Kimni aytyapsan?
Valeriya. Vadim Andreevichni aytyapman. Yoshi qirqlarga borgan bo‘lsa kerak-a?
Sayapin. Qirq oltida.
Zilov, Vera va Kushaklar kirishadi.
Veraning qo‘lida kattakon tsellofan xalta.
Zilov. Marhamat.
Kushak (Veraga). Marhamat qiling.
Zilov (barchaga qarata). Tanishinglar.
Vera. Mening ismim Vera.
Valeriya. Valeriya.
Vera. Mamnunman.
Zilov (Galinaga ishora qilib). Xotinim.
Kushak. Shu xonadonning bekasi.
Galina. Galina.
Vera. G‘oyat mamnunman. Yangi uylaringiz bilan tabriklayman. Mana… (Qo‘lidagi xaltani Zilovga uzatadi.)
Valeriya (Zilovga). Nima ekan? Nima?
Zilov. Bomba bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Valeriya. Qani, ko‘rsata qol, sabrim chidamayapti.
Zilov xaltadan kattakon duxoba mushuk olib ko‘rsatadi. Sayapin mushuk bo‘lib miyovlaydi.
Valeriya (seskanib). Voy!
Hamma kuladi.
Odamni qo‘rqitib yubordilaring-ku. (Mushukni qo‘liga olib) Lekin mushukmisan-mushuk!
Kushak. Mo‘yloviga qaranglar! Ko‘zlari-chi! Tirik mushukka o‘xshaydi-ya. (Veraga) Zo‘r sovg‘a.
Valeriya (mushukni Galinaga beradi). G‘oyat yoqimli mushuk.
Galina (Veraga). Katta rahmat.
Vera. Tasavvur qilinglar, men unga Alik deb ot qo‘ydim.
Zilov. Voy, xudoyim-ey…
Kushak (ginali ohangda). Verochka…
Vera. Ma’qul bo‘lsa, shunaqa atashlaringiz mumkin.
Valeriya. Alik. Ajoyib ot. (Galina bilan Zilovga) U sizlarga baxt keltiradi.
Zilov. Hozirdan sezilmoqda bu.
Kushak. Endi navbat bizga, shunaqami?
Valeriya. Tolya, olib kir.
Sayapin dahlizga chiqib, bir necha o‘ram narsani­ ko‘tarib kiradi va ularni yechmoqchi bo‘ladi.
Yo‘q, avval nimaligini topsin.
Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.
Galina. Kuzakov. (Dahlizga chiqib ketadi)
Zilov (Valeriyaga). Nimani topishim kerak?
Valeriya. Senga nima sovg‘a qilmoqchimiz, shuni top.
Kuzakov bilan Galina kirishadi.
Kuzakovning yoshi o‘ttizga yaqinlashib qolgan. Tashqi qiyofasi ko‘zga tashlanadiganlardan emas, pala-partish kiyingan. Kam gapiradi, ko‘proq boshqalarni eshitishga moyil, Doim o‘ychan holatda bo‘ladi. . Shu bois ham ulfatchilikda odatda bir chekkada o‘tiradi.
Kuzakov. Bu yangi xonadonda barchangizni olqishlayman. (Oldinga o‘tib, stolga qarab oladi.) Kech qolmabman.
Valeriya. Vaqtida kelding. Sovg‘alarimizni topshiryapmiz.
Kuzakov. Sovg‘alar?… (Valeriyaga) Nega menga bunaqa qarayapsan? Quruq qo‘l bilan keldi, deb o‘ylayapsanmi? (Zilovga) Vitya! Yur, menga ko‘maklashib yuborasan.
Zilov. Shunaqami?
Kuzakov. Faqat shunaqa.
Valeriya. Qiziq.
Kuzakov bilan Zilov chiqib ketishadi.
Bir o‘zi ko‘tarib kira olmasmish, qarang-a.
Kushak. Verochka, o‘tiring, marhamat.
Vera. Rahmat, alik.
Sayapin (tugunlarga ishora qilib Valeriyaga). Ochaymi?
Kushak deraza oldiga borib, mashinasiga qarab qo‘yadi.
Valeriya. Yo‘q, yo‘q. Avval Kuzakov nima olib kelganini ko‘raylik.
Galina. Qo‘yaveringlar. Yaxshisi, dasturxonga o‘tiraylik.
Eshik taqillaydi. Kuzakov bilan Zilov boqqa qo‘yiladigan skameyka (uzunchoq kursi) ko‘tarib kirishadi. Hamma kuladi.
Kuzakov. Mana, marhamat.
Valeriya. Yalangoyoq bechora.
Galina. Rahmat, Kuzya. Ayni chog‘da bundan yaxshi sovg‘a bo‘lmaydi.
Zilov (kursiga o‘tirib). Modern. (Kuzakovga) O‘tir, darbadar.
Galina. Stolga yaqin qo‘yinglar. Unga xonimlar o‘tirishadi.
Valeriya. Mana endi – biz. Diqqat! (Zilovga) Qani, top-chi, biz senga nima sovg‘a qilmoqchimiz.
Zilov. Bilmayman. Menga, ziqna bo‘lmasalaring, orol sovg‘a qilinglar.
Valeriya. Yo‘q, jiddiy gap.
Zilov. Bilmasam.
Valeriya. Sening eng yaxshi ko‘radigan narsang nima?
Zilov. Nima desam ekan. O‘ylab ko‘ray-chi.
Valeriya. Xotiningni yaxshi ko‘rishing – bu o‘z-o‘zidan ma’lum…
Galina. Yo‘q ko‘pdan beri yaxshi ko‘rmaydi meni.
Vera. (iljayib). Balki o‘ynashini yaxshi ko‘rar?
Sayapin xoxolab kuladi.
Kushak (ajablanib). Verochka…
Valeriya (Zilovga). Xo‘sh? Topdingmi?
Zilov. Kallam ishlamayapti.
Valeriya…. Ayta qolsang-chi, nimani ko‘proq yaxshi ko‘rasan?
Galina. U do‘stlarini ko‘proq yaxshi ko‘radi.
Vera. Ayollarni yaxshi ko‘radi. Unga biron ayolni sovg‘a qilinglar.
Kuzakov. Bo‘lmagan gap. Vitya o‘z ishini hamma narsadan a’lo ko‘radi.
Baravar kulgi.
Kushak. Buning nimasi kulgili? To‘g‘ri, hali tajriba unchalik yetishmaydi. Lekin, umuman olganda, qobiliyatli yigit.
Valeriya. Yo‘q, undan bir gap olish qiyin. Ha, mayli. Sen bilmasang, biz bilamiz nimani yaxshi ko‘rishingni. ( Sayapinga.) Tolya, qani, ol bu yoqqa.
Sayapin tugunni yechadi va pichoq, o‘q teriladigan
kamar, bir nechta yog‘ochdan ishlangan o‘rdak shakllari kabi
ovchilik ashyolarini olib, atrofdagilarga ko‘rsatadi.
Zilov. Vo-o!
Hamma kuladi.
Sayapin (Zilovga). Ushla.
Zilov (sovg‘alarni olib). Bu boshqa gap! Mana bu chinakam sovg‘a! Men ahmoq, o‘zimning kallamga kelmagan ekan.
Galina. Ha, ayni unga xush yoqadigan narsalar.
Zilov. Rost aytasizlar. O‘rdak ovi – bu hazilakam gapmas. (O‘qlar kamarini beliga bog‘lab, unga yog‘och o‘rdaklarni osib qo‘yadi. Ularni ko‘rinishning oxiriga qadar egnidan tushirmaydi.)
Valeriya. Sentyabrda uyingga parranda go‘shti yegani kelamiz. Shuni bilib qo‘y.
Zilov (to‘lqinlanib). Kelinglar. Lekin, oldindan aytib qo‘yay, parranda magazindan olib kelingan bo‘ladi.
Kushak. Bu, endi, qanaqasi bo‘ldi?
Galina. Bu odatdagi hol. Uning uchun muhimi: ovga tayyorgarlik ko‘rish, ov haqida gap sotish.
Zilov. Uning gapiga quloq solmanglar.
Galina. O‘zing aytaqol, Biron marta biron narsa otib olganmisan? Tan olaqol. Aqalli kichkinagina, (barmog‘ini ko‘rsatib) mana bunaqa qushcha?
Kuzakov. Sen nimani ko‘rsatyapsan? Bunaqa kichkina narsaga bir umr o‘q tekkiza olmaydi.
Hamma kuladi.
Zilov (sovg‘alardan mamnun, shu bois o‘z ustidan kulishlariga e’tibor bermaydi). Xo‘p, mayli, ko‘ramiz. Bu yog‘i bir gap bo‘lar.
Sayapin. Vitya! (Uning belida osig‘lik turgan yog‘och o‘rdaklarga ishora qilib) Sen har ehtimolga mana bularni nishonga olaver. Bular uchib ketishmaydi.
Kulgi.
Zilov. Bo‘ldi-e. Sizlar ovchilik haqida nimani tushunardilaringiz.
Galina (kaftini kaftiga urib). Diqqat. Mehmonlarni stolga taklif qilamiz. Marhamat!
Barcha stol atrofiga o‘tiradi. Kushak deraza oldiga borib, mashinasiga qarab qo‘yadi.
Vera. (Kushakka). Alik, nega hadeb derazadan qarayverasan? U yerda nima qoldirgan eding?
Kuzakov. Avtomobil. Bor-yo‘g‘i shu.
Kushak (xijolat chekib). Yo‘q, ya’ni ha. Avtomobil!
Valeriya. Vadim Andreevich, tashvishlanmang. Bizlar derazaning oldida o‘tiribmiz. Qarab turish bizga qulay. (Sayapinga). Ko‘z tashlab tur.
Kuzakovdan o‘zga hamma o‘tiradi.
Vera. (Kuzakovga) Siz-chi? (Bir tomonga surilib, joy beradi.) O‘tiring, Alik, tortinmang.
Kuzakov. Rahmat. (O‘tiradi.) Lekin siz yanglishdingiz, mening ismim Nikolay, siz esa Alik dedingiz.
Vera. Farqi nima.
Kushak (ajablanib). Verochka?
Valeriya. Mutlaqo to‘g‘ri. U rostdan ham mushukka o‘xshaydi. (Kuzakovga) Bahslashma, o‘xshaysan. Mushukni ko‘rsatib yuboringlar.
Galina Kuzakovga duxoba mushukni ko‘rsatadi. Hamma kuladi.
Valeriya. Aynan o‘zi.
Kuzakov. Hech qanday o‘xshashlik joyi yo‘q. Bu ig‘vogarlik.
Zilov (Kuzakovga). Bahslashib o‘tirasanmi, xo‘p, deb qo‘yaqol, qariya.
Kuzakov. Yaxshi. (Veraga) Lekin keyinroq sizdan aniqlik kiritishingizni talab qilaman.
Vera. Gaplashamiz.
Zilov. Shunday qilib, do‘stlar… (Qadahni qo‘liga oladi.) Ketdikmi?
Sayapin. Jildik.
Valeriya. To‘xtanglar! “Kettik”, ”jildik”! Bu nimasi! Nima, pivoxonada o‘tiribmizmi? Yanglishmasam, uy to‘yida o‘tiribmiz.
Zilov. Xo‘sh, sen nima taklif qilmoqchisan?
Valeriya. Qandaydir odat, rasmlar bor-ku. Kimdir bilsa kerak.
Hamma jim. Zilov barchaga vino quyadi.
Vera. Masalan, men stol ustida o‘ynab berishim mumkin. Istasalaringiz.
Kushak. Verochka! (Zilovga) E’tibor berdingmi?… M-m… (Valeriyaga) Hazillashishda hech kim unga bas kelolmasa kerak.
Kuzakov. Elas-elas eslayman. To‘rtburchak uchun to‘rt marta ichishadi. Rasm-odat shunaqa.
Valeriya (Kuzakovga tegishib). “Elas-elas eslayman”. Bechora darbadarlar. Vadim Andreevich, butun umidimiz sizdan.
Kushak (o‘rnidan turib). Do‘stlar! Boshimizni qotirib o‘tirmaylik. Hammalaring yoshsizlar…
Valeriya (ajablangan bo‘lib). Siz-chi? Vadim Andreevich!
Vera. To‘g‘ri, alik, o‘zingni yerga urma, hali baquvvatsan.
Kushak (Vera bilan Valeriyaga). Minnatdorman, minnatdorman. Xullas, yosh kishilar ekanmiz, bobolarimizdan qolgan har xil rasm-rusumlarning nima keragi bor? Sodda qilib aytganda, do‘stlarimizni yangi boshpana bilan tabriklaylik, yangi kvartira uchun ichaylik.
XITOBLAR:“Yangi uy muborak bo‘lsin!”, “Salyut!”, “Rahmat!”
Zilov. Ketdik.
Sayapin. Jo‘nadik.
Salobatli kuy yangramoqda. Nur so‘nib, bir necha soniyadan so‘ng qaytadan yonadi. Kuyning tovushi pasayadi.
Birinchi xotiraning davomi musiqa jo‘rligida davom etadi. Mehmonlar xayrlashadi.
Zilov va yomg‘irpo‘sh kiyib olgan Vera turishibdi.
Vera. Xotining menga yoqib qoldi. Qanday qilib shunaqa ayolga uylana olding, hayronman.
Zilov. Bilmayman. To‘g‘rirog‘i, bilmasam kerak. Bunga ko‘p bo‘lgan, olti yil oldin…
Vera. Sen bilan qanchalik azob chekib kelayotganini tasavvur qila olaman. Axir sen aliklarning aligisan-ku.
Zilov. Xo‘p, mayli. Ishxonaga telefon qil. Ertaga.
Vera. Qilaman… vaqtim bo‘lsa
Zilov. Yana o‘zing bilasan.
Vera. Ana u sipoyi chamamda, mendan umidvor shekilli.
Zilov. Umid qilaversin, senga nima.
Vera. Balki u bilan ketarman? Nima deysan? Qarshi emasmisan?
Zilov. Bo‘ldi, ko‘p vaysama. U qiladigan ishini qilib bo‘ldi. Endi aravasini tortsin.
Vera. Balki, rostdan ham… Harqalay, boshliq.
Zilov. Bilganingni qil. Barini boshlagan o‘zing.
Dahlizda shirakayf Kushak paydo bo‘ladi.
Kushak. Ajoyib kecha. Sehrgar kecha, degan bo‘lardim… Taqdirdan minnatdorman…
Vera. Siz taqdirga emas, mehmondo‘stlik uchun va umuman barchasi uchun Viktorga minnatdorchilik bilidirishingiz lozim.
Galina oshxonadan chiqadi.
Sizga ham, Galina Nikolayevna, katta rahmat. Men bu kechani bir umrga eslab qolaman.
Vera. Men ham.
Galina. G‘oyat xursandman. Biznikiga kelib turasiz, degan umiddaman. Xursand bo‘laman.
Vera. (Galinaga). Baxtli bo‘ling. (Zilov bilan Kuzakovga). Xayr, aliklar.
Kushak bilan Vera chiqib ketishadi.
Galina. Kuzatib qo‘yaman. (Ularning orqasidan chiqib ketadi.)
Zilov (Kuzakovga). Hammasi joyida bo‘ldi. Hammaga ma’qul, hamma xursand. Quvnoq kecha bo‘ldi.
Kuzakov. Ana u Vera kim o‘zi, qayoqdan kelib qoldi?
Zilov. Yoqib qoldi shekilli?
Kuzakov. Rostini aytsam, shunday.
Zilov. Shunaqa ekan, ko‘nglini ovla.
Kuzakov. Bir narsani tushunmayapman: Kushakning nima aloqasi bor unga? Yo ularning o‘rtasida…
Zilov. Ularning o‘rtasida? Deyarli hech narsa. Mast-alast xayol.
Kuzakov. O‘zim ham shunaqa deb o‘ylagan edim.
Zilov. U boyoqish bekorga jonini jabborga beryapti, deyapman-ku.
Kuzakov. Demak, o‘zini yengiltak qilib ko‘rsatishi shunchaki o‘yin ekan-da.
Zilov. Shunaqa deb o‘ylayapsanmi?
Kuzakov. Nima ko‘rmadingmi? Bunaqalarni uchratmaganmisan?
Zilov. Qanaqalarni?
Kuzakov. O‘sha Veraga o‘xshaganlarni. Bilasanmi, ular ataylab o‘zlarini yengiltak qilib ko‘rsatishadi, aslida esa…
Zilov. Aslida nima?
Kuzakov. Vitya, u mening nazarimda, aslida batamom boshqacha ayol.
Zilov (Kuzakovning yelkasiga qoqib). Qariya, sen har qachongidek, yanglishyapsan.
Dahlizda Kushak paydo bo‘ladi.
Kushak. Viktor!.. M-m… Sen bilan gaplashsam bo‘ladimi?
Kuzakov. Bo‘ladi, bo‘ladi. Biz gaplashib bo‘ldik. (Zilovga) Xayr, Vitya.
Zilov. Salomat bo‘l, Kolya.
Kuzakov chiqib ketadi.
Kushak. Bilasanmi, u… m-m… Men unga qoyil qoldim Ammo… qanday qilib?
Zilov (dangal). Nahot bilmasangiz? Va’dalar bering, elaning, po‘pisa qiling. Odatdagidek…
Kushak. Lekin… M-m… qanaqa shaklda?
Zilov. O, xudo! Dunyoga ko‘mib yuboraman, uylanaman, o‘ldiraman – yana nima leyishingiz mumkin? Dadil bo‘ling.
Kushak (eshik tomon yeladi, so‘ng orqasiga qaytib). Ishonching komilmi… m-m… Biron ishkali chiqib o‘tirmaydimi?
Zilov. Voy, xudoyim, yosh bolaga o‘xshaysiz-a.
Kushak. Yo‘q, sen meni to‘g‘ri tushun, men ikkiyuzlamachi emasman, lekin… Har qalay…
Zilov. Erkaklardek ish tuting, bari joyida bo‘ladi.
Kushak chiqib ketadi, Zilov yolg‘iz qoladi. Sovg‘alarni ko‘zdan kechiradi. Galina kiradi.
Galina. Mast bo‘lib qoldim shekilli.
Zilov. Bo‘lmasam-chi. G‘irt mastsan.
Galina. Jiddiy gapiryapsanmi? Mehmonlar nima deb o‘ylashadi?
Zilov. Bari jonimga tegdi. .
Qisqa sukut.
Galina. Bilasanmi, nima demoqchiman?
Zilov. Nima ekan?
Galina. Bolam bo‘lishini istayman.
Zilov. Yana boshladingmi?
Galina. Allaqachon vaqti kelgan, eshityapsanmi?
Zilov. Shunaqa deb o‘ylaysanmi?
Galina. Farzandimiz bo‘lishini hech qachon bugungidek orzu qilgan emasman. Xo‘sh, sen nima deysan?
Zilov. Menmi? Vaqti kelgan bo‘lsa… shunaqa ekan…
Galina. Yo‘q, bilaman, sen istamaysan.
Zilov. Nega endi? Qayerdan o‘ylab topding buni? Men qarshi emasman… Nega kayfiyating o‘zgardi? Axir bu muammo emas-ku. Shunga qaror qilsak – bas.
Galina. Senga Bola kerakmas.
Kushak paydo bo‘ladi, Galina qo‘shni xonaga
kirib ketadi.
Kushak (alamli qiyofada). U yo‘q… g‘oyib bo‘libdi!
Zilov. Nima? Kim g‘oyib bo‘libdi? Ayolmi yo mashinami?
Kushak (shoshib deraza oldiga boradi va mashinasiga qarab olib). Vera yo‘q. Qochib ketibdi… Bu nimasi? Buni qanday tushunmoq kerak?
Zilov. Dinamo.
Kushak. Nima?
Zilov (jahli chiqib). Dinamo. Buni dinamoni aylantirish deyishadi… U dinamongizni burib qo‘yibdi. Tushunmayapsizmi?
Kushak (hushyor tortib). Viktor, sendan ko‘nglim qoladiganga o‘xshaydi.
Quvnoq musiqa qayg‘uli kuyga aylanadi. Sahna qorong‘ilashib, birinchi ko‘rinishdagi sahna tiklanadi.
Zilov deraza rahida o‘tirgan holatda pivo ichar ekan, to‘satdan o‘rnidan turib, duxoba mushukni bir chekkaga otadi.

Ikkinchi ko‘rinish

Zilov (telefon raqamlarini terib). Kuzakov sizlardan olisda emasmi?.. Kuzakov yo‘q, deysizmi?… Mayli. ( Yangi raqamlarni teradi.) Axborot byurosimi? Go‘shakni Salyapinga bering… Yo‘qmi? Ishga kelmadimi? Tushunarli. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Mana, sizga xizmatchilar! (Xayol surib o‘tiradi.)

Nur qorong‘ilashib, yangi sahna paydo bo‘ladi.
Chiroq yonadi

Zilovning ikkinchi xotirlashi

Idoradagi yolg‘iz derazali xonalardan biri. Ikkita qo‘polgina javon va to‘rtta kursi. Ulardan birida Sayapin o‘tiribdi.
Zilov paydo bo‘ladi.
Zilov. Xo‘jayinning kayfiyati chatoq. (Oldinga o‘tib, stullardan biriga o‘tiradi.) U nima o‘ylab topibdi, de? Ish uslubini modernizatsiya qilishni talab etishyapti. Rivojlanayotgan navqiron korxona bo‘lsin ekan. Zudlik bilan amalga oshishi kerakmish!
Sayapin. Buni o‘tgan haftada o‘ylab topgan edi. Nima, esingdan chiqdimi?
Zilov. Shunga o‘xshash biron korxona bormi?
Sayapin. Chinni zavodi bor. (Stol g‘aladonidan bir dasta qog‘oz oladi.) Bir yildan beri yotibdi.
Zilov. Ber-chi. Men bir ko‘ray. (Varaqlab ko‘radi.) Rekonstruktsiya rejasi… Bizga ayni keragi ham shu.
Sayapin. Bu loyiha, xolos.
Zilov. Kimning ishi? (Loyihani varaqlab) Smirnov. Bosh injener. Uni Taniyman. O‘ta jiddiy shaxs.
Sayapin. Lekin bizga loyihalar kerak emas. Bizga dalillar kerak.
Zilov. Dalillar? Bu dalillarni qayoqdan olamiz? Ertaga-chi?.. Shoshma… Shoshma! Injener hammasini hozirgi kunda deb bayon qilgan.
Sayapin. Nima bo‘pti?
Zilov. Bu nima deganing? (Qog‘ozlarga ishora qilib) Bu yerda izohlanishicha, go‘yo hamma narsa tayyor. Tushunarlimi?.. Xo‘sh, bunga qancha vaqtimiz ketadi?.
Sayapin. O‘rta hisobda – bir yil.
Zilov. Juda soz. Bu ajoyib loyihal bir yil ichida amalga oshdi, deb hisoblaymiz. Orzular amalda namoyon bo‘ldi. Imzo chekaman. ( Imzo chekadi.)
Sayapin. Zo‘r, lekin… xavfli.
Zilov. Vahima qilma. O‘tib ketadi. Bunga hech kim e’tibor bermaydi. Kimga ham kerak bu?.. Imzo chek.
Sayapin. Jonim bilan, lekin…
Zilov. Dadilroq bo‘l. Bizning ishimiz zo‘r, lekin bir muncha quruqroq. Ozgina dadillik va ijodiy xayollar zarar qilmaydi.
Sayapin. Baribir tekshirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Zavodga, injenerga qo‘ng‘iroq qilish lozim bo‘ladi.
Zilov. Injener umidimizni puchga chiqarib qo‘ymasa, deb qo‘rqaman.
Sayapin Gaplashib ko‘ramiz.
Eshik taqillaydi. Zilov ochadi.
Ovoz. Pochta!
Zilov. Olib keling.
Ovoz. Mana bu yerga qo‘l qo‘ying.
Zilov bir dasta paketlarni stolga tashlaydi.
Sayapin. (paketlarni titkilab). Senga xat.
Zilov. Ayol kishimi?
Sayapin. Zilovdan. (Xatni stol ustidan Zilovga qarata otadi.) Xat olibdi Fedot nabirasidan bugun…
Zilov. Otamdan. Qani, ko‘ramiz, keksa ahmoq nima debdi. (Xatni o‘qiydi.) Ana xolo-os… O, xudo. Yana o‘layotgan emish. (Xatni bir chekkaga qo‘yib turib) E’tibor bergin, qariya har yili bir yo ikki marta o‘lgani yotib oladi. Bu qoida tusiga kirib qolgan. Mana, eshit. (Xatni o‘qiydi.) “…bu safar endi tamom – yuragim sezyapti. Kelgin, o‘g‘lim, ko‘rishib qolaylik. Bir yo‘la onangning ko‘nglini ovlab ketasan. Axir ko‘rishmaganlaringga ham to‘rt yil bo‘lyapti. “Bilasanmi, nima qiladi? Xuddi shunaqa xatlarni turli tomonlarga jo‘natib, kutib yotadi. Qarabsanki, qarindoshlar yig‘ilib, oh-voh qilishadi, u esa bundan xursand bo‘lib yotadi-yu, bir payt, qarabsanki, birdan oyoqqa turib ketadi – soppa-sog‘. Aroq ichishni boshlaydi. Bunga nima deysan?
Sayapin. Nafaqachimi?
Zilov. Faxriy nafaqachi.
Sayapin. Yoshi nechchida?
Zilov. Yetmishdan oshgan. Yetmish ikki yo yetmish besh. Shunaqa.
Sayapin. Qari ekan. Rostdan ham o‘lib qolishi mumkin.
Zilov. Umi? Yo‘-o‘q, otam hali baquvvat.
Sayapin. Har qalay, borib kelsang yomon bo‘lmasdi.
Zilov. Qachon?
Sayapin. Masalan, otpuskang paytida, sentyabrda.
Zilov. Iloji yo‘q. Sentyabr – daxlsiz oy – ov mavsumi boshlanadi.
Qisqa sukut.
Sayapin. Xo‘sh, maqolani nima qilamiz?
Zilov. Kelishib oldik, shekilli. Topshiramiz. Men imzo chekdim.
Sayapin. Senga oson, men esa… Hozir kvartira masalasa ko‘ndalang bo‘lib turgan bir vaqtda… o‘zing bilasan…
Zilov. Bo‘lmasa, kel qur’a tashlaymiz – vassalom – ish tamom. Pukka tushsa – topshiramiz, chikka tushsa – bizda hech qanaqa maqola yo‘q, deb tan olamiz.
Sayapin (chuqur nafas olib). Bo‘pti…
Eshik taqillaydi.
Zilov. Marhamat. (Tangani otadi.)
Irina kiradi. Tanga e’tiborsiz qoladi. Uning yoshi o‘n sakkizda. Quvliq-shumlikni bilmaydigan, soddadil, hayotda o‘zining ilk mustaqil qadamini bosayotgan qiz.
Irina. Salom alaykum.
Zilov. Xayrli kun.
Irina. Bu yer redaktsiyami?
Qisqa sukut.
Zilov. Xizmat?
Irina. E’lon bermoqchi edim.
Zilov. E’lon? Qanaqa e’lon?
Irina. Men bitta odamni yo‘qotib qo‘ydim. Biz uchrashmoqchi edik…
Zilov. O‘tiring, shoshmasdan gapirib bering. (Uni o‘tqazib, Sayapinga imlab qo‘yadi.) Sizga yordam bera olamiz, deb o‘ylayman.
Irina. Rostdanmi?
Zilov. Harakat qilamiz.
Sayapin. Ha, u barcha imkoniyatlarini ishga solishi mumkin.
Irina. Rostdanmi? Rahmat, katta rahmat…
Zilov. Marhamat. Lekin gap nimada?
Irina. Bilasizmi, bir odamni topishim juda zarur. Biz u bilan bir vagonda keldik. Ismi Kostya, familiyasini esa bilmayman…
Zilov. Keyin nima bo‘ldi?
Irina. Men uni aldadim. Lekin bunga men aybdor emasman, chin so‘zim.
Zilov. Nima bo‘ldi?
Irina. Bilasizmi, biz u bilan bugun soat o‘n ikkida pochtamt oldida uchrashishga va’dalashgan edik. Ammo aksiga olgandek, bizda bugun insho bor ekan.
Sayapin. Kirish imtihonimi?
Irina. Ha, chet tillar institutiga kiryapman. Agar pochtamtlaringizning qayerdaligini bilganimda, inshoni oldinroq yozib topshirgan bo‘lardim. Qisqasi, chopqillab pochtamtga bordim. Ammo u yo‘q edi…
Sayapin. Bo‘lgani shumi?
Irina. Yaxshi bo‘lmadi.
Zilov. Ha, quloq eshitmagan aldaqiliq bu. Bizning shaharda bunaqa qilishmaydi. Qayerdan kelgansiz?
Irina. Mixalyovkadan.
Zilov. Mixalevkangiz qayerda o‘zi?
Irina. Olisda. Shimolda.
Zilov. Ismingiz nima?
Irina. Irina.
Sayapin. Chiroyli ism ekan.
Zilov. Xo‘sh, Irina, endi nima qilmoqchisiz?
Irina. Gazetalaringizda e’lon bersalaringiz, balki…
Zilov. Qanaqa e’lon?..
Irina (shoshib). O‘ylab qo‘yganman. Masalan: “Kostya! Men aytilgan vaqtda yetib kelolmadim. Meni sakkizinchi avgust kuni soat o‘n ikkida pochtamt oldida kut. Irina…” Shunaqa bo‘ladimi?
Sayapin. “Meni kut, men albatta qaytaman, faqat orziqib kut”.
Irina. Nahot mumkin bo‘lmasa? Albatta o‘qigan bo‘lardi. U barcha gazetalarni o‘qib borar ekan. Barcha bekatlarda gazeta olib chiqardi. Uning o‘zi ham she’r yozar ekan.
Zilov. E-e, shoir ekan-da. Balki Konstantin Simonovdir?
Irina. Hazillashyapsiz. Simonov qari, Moskvada yashaydi.
Zilov. Bo‘lmagan gap. Ilgari Moskvada yashagan, hozir esa – shu yerda.
Irina (ajablanib). Rostdanmi?
Zilov. Bo‘lmasam-chi. Moskvada yashash jonimga tegdi. Shovqin-suron, g‘ala-g‘ovur, shuncha yashadim – bo‘ladi-da, Endi, ruxsat bersangiz, tinchroq bir yerda yashasam, degan emish.
Irina. Yo‘q, u Simonov emas. U bor-yo‘g‘i ikkita she’r yozibdi. Uchinchisini vagonda yozdi.
Zilov. Va uni sizga bag‘ishlagan. To‘g‘rimi?
Irina. Qayoqdan bilasiz?
Zilov. U sizga bag‘ishlab she’r yozgan, shuning uchun ham uni sevib qolgansiz. Yo shunaqa emasmi?
Irina. Sevib qoldim?.. Yo‘q, nimalar deyapsiz…
Zilov. Nima, siz uni yaxshi ko‘rmaysizmi?
Irina. Yo‘q, albatta.
Zilov. Unday bo‘lsa uni qodirishingizga nima hojat?
Irina. Tushuntirishim kerak. Bo‘lmasa, aldab ketdi, deb o‘ylashi mumkin.
Zilov (Sayapinga). Bunga nima deysan?
Sayapin. Ozodlik chog‘imda sev meni, qizaloq, sev meni hozircha seniki ekanman…
Kushak kiradi.
Kushak. Maqola qani? Nima bilan shug‘ullanyapsizlar? (Irinaga qarab) Siz nima masalada kelib turibsiz?
Zilov. Ismi Irina. Shaxsiy masala bo‘yicha.
Kushak. Faqat sinfdoshim deb ayta ko‘rmang.
Zilov (Irinaga boshdan-oyoq qarab olib). Jimman. Lekin, shunaqa desam, baribir hech kim ishonmagan bo‘lardi.
Sayapin. Do‘stini qidirib yurgan ekan.
Kushak. Bu yerda-ya? Sizlarning oralaringizdami?
Irina. Yo‘q. Gazetalaringizga e’lon bermoqchiman.
Kushak. E’lon? Qanaqa e’lon?
Sayapin unsiz kuladi.
Irina. Axir bu yer redaktsiya-ku.
Kushak. Redaktsiya?.. (Zilov bilan Sayapinga mushtini ko‘rsatadi.) Sing­lim, adashibsiz. Bu yer redaktsiya emas.
Irina. Yo‘g‘-e?
Zilov. Redaktsiya yonginamizda.
Irina. Shunaqa ekan nega meni… Hayronman.
Kushak (jahli chiqib). Hayron bo‘ladigan nimasi bor? Sizga redaktsiya kerak, bizning idoramiz esa – TAMB. Texnikaviy axborotlar markaziy byurosi.
Irina (o‘rnidan turib). Kechirasizlar. (Eshik tomon yuradi).
Kushak ( bir muncha mayinlashib). Hech qisi yo‘q… Sizni “axborot” degan so‘z adashtirgan. Muvaffaqiyat tilayman.
Irina (eshik oldiga borganida, Zilovga). Nimaga bunaqa qildingiz?
Zilov (Irinaning orqasidan borib). Irina, tashvishlanmang, bari joyida bo‘ladi. (Kushak bilan Sayapinga o‘girilib) Men hozir kiraman. (Chiqib ketadi.)
Kushak. Maqola to‘g‘risida o‘ylayapsizlarmi?
Sayapin. O‘ylayapmiz.
Kushak. Nima to‘g‘risida o‘ylayotganlaringizni ko‘rib turibman. Bu yer visol ko‘rishadigan uymi yo idorami? Necha marta ogohlantirish kerak sizlarni!
Sayapin. Mening aybim nima? Meni bilasiz-ku, ayollar bilan deyarli qiziqmayman.
Kushak. Bema’nilik bu. Hamma narsaning o‘z joyi, vaqti-soati bo‘ladi. Oxirgi marta ogohlantiraman. Ishni jadallashtiring. Maqolani tushdan keyin redaktsiyaga jo‘natmoqchiman. (Chiqib ketadi.)
Sayapin. Unga – qizlar, menga esa – xayfisan. (Qo‘ng‘iroq qiladi.) Redaktsiya?.. Kuzakov?.. Salom. Yo‘g‘-e, jin ursin o‘sha shaxmatlaringni. Zilov yoningdami?.. Yo‘q? Havoi!.. Yo‘q. sen emas… Shunaqa ekan, istasang, sen ham!
Zilov kiradi.
Zilov. Xo‘sh, u haqida nima deysan?
Sayapin. O‘sha qizing bilan birga qo‘shmozor bo‘lmaysanmi! Jo‘na!
Zilov. Qayoqqa? Maslahat ber. Kinoga tushsak bo‘ladi. Boshlanishi uchun yomonmas.
Sayapin. Yo‘qol-e! (Kushakning xonasiga ishora qilib). Maqolani talab qilyapti. Nima qilamiz? Bunaqa qoldirmaydi… Shuni hisobga olib qo‘yginki, senda qasdi bor uning. O‘sha, uyingdagi o‘tirishdan keyin… Nima, esingdan chiqdimi?
Zilov. Qo‘rqadigan joyim yo‘q. (Yomg‘irpo‘shini kiyadi.) Bunaqa qizlar hamisha ham uchrayvermaydi. Hech narsa tushunmabsan shekilli. Farishta-ku… Balki, men uni bir umrga yaxshi ko‘rib qolarman, kim biladi. (Eshik tomon yuradi.)
Sayapin. To‘xta! To‘xta, deyapman senga!
Zilov. Nima demoqchisan? Qisqa qil. Meni kutib turibdi.
Sayapin. Ular maqolani talab qilishyapti. Nima qilamiz?
Zilov. Yana maqola! Ming la’nat o‘sha maqolaga. Berib yuboramiz, vassalom. Imzo chek.
Sayapin. O‘zing bilasan, bu men uchun o‘ta xavfli.
Zilov. Jin ursin! Birinchi marta tavakkal qilayotganimiz yo‘q-ku. (Esiga tushib) To‘xta-to‘xta! Qur’a nima bo‘ldi? Tanga! Qani u?
Har ikkalasi halizamon tashlangan tangani qidirishadi.
Qanaqa edi?
Sayapin. Pukka – topshiramiz, chikka – yo‘q… Mana. Chikka. O‘zing ko‘r.
Zilov. Yurishmadi. Ishim o‘ngidan kelmadi… To‘xtab tur, menimcha, sen adashding, chalkashtirib yubording. Chikka – topshiramiz, pukka – yo‘q… Kel, qaytadan tashlaymiz! Chikka – topshiramiz, pukka – yo‘q. (Tangani osmonga otadi.)
Sayapin. Pukka.
Zilov (alam bilan) Jin ursin!.. Nachora – taqdir ekan. O‘sha ahmoqona maqola bilan shug‘ullanamiz. (Eshik tomon yuradi.)
Sayapin. Bo‘lmasa, uning oldiga birgalikda kiramiz. Uning dakkilarini bir o‘zim eshitishni istamayman.
Zilov. Yana bir dahshat!… Menga qara! Xudo uchlikni yaxshi ko‘radi, deyishadi… Uchinchi marta tashlab ko‘ramiz… Chikka – tan olamiz, pukka – yo‘q. (Tangani osmonga otadi.)
Sayapin. Pukka
Zilov (engil tortib). Xudoga shukur, hech qursa bir ishni uddaladik. (Eshik tomon yuradi.)
Telefon jiringlaydi.
Sayapin (go‘shakka). Xa… Hozir… (Zilovga) To‘xta! Seni so‘rashyapti.
Zilov. Kim?
Sayapin. Menimcha, xotining.
Zilov. Men yo‘qman.
Sayapin. Shu yerda, deb aytib qo‘ydim-ku.
Zilov. Tentak! (Go‘shakni qulog‘iga tutib). Nima?… Nima gap? (Go‘shakni kafti bilan bosib , Sayapinga) Iltimos, bir daqiqa uni gapga solib tur. Ko‘cha eshik oldida turibdi. Qo‘pollik qilib yurma. Uni hurkitib yuborish hech gapmas. Bor…
Sayapin chiqib ketadi.
Xo‘sh, nima bo‘ldi? Uchrashishimiz kerak?.. Hozirmi? Buning iloji yo‘q… Qistalang ish bor. Hisobot… Hamma ta’tilga ketgan. Hamma uchun ikki kishi terga botib o‘tiribmiz… Yo‘q. Yo‘q… Shunchalik kuyib-yonib borayotgan nima ekan? Senga nima bo‘ldi?.. Biron narsa bo‘ldimi?.. Nima?.. Farzand?.. Aniqmi?.. Juda soz. Tabriklayman… O‘g‘il, ishonchim komil… Bo‘lmasam-chi… Xursandman, albatta… Ha, xursandman, behad xursandman… Nima qilishim kerak? Qo‘shiq aytaymi, raqsga tushib beraymi? Ko‘rishish?… Bugun ko‘rishamiz. Ayni chog‘da tug‘ilmaydi-ku… Nima?.. To‘xtab tur! (Aloqa uziladi. Afsuslanib) Ana, xafa bo‘lib qoldi. (Chiqib ketadi.)
Nur so‘nib, sahna almashadi. Chiroq qayta yonadi.
Zilov o‘z xonasida telefon oldida o‘tiribdi. O‘rnidan turib, u yoqdan bu yoqqa yuradi. Gulchambar oldida to‘xtab, bir necha soniya turib qoladi.
Zilov. Shu ham hazil bo‘ldi-yu! La’natilar!..

Parda tushadi

IKKINChI PARDA

Beshinchi ko‘rinish

(Zilovning xonasi. Deraza ortida yomg‘ir yog‘moqda.
Zilov telefonda gaplashmoqda).
Zilov (betoqat bo‘lib). Men sizga, bu telefonda gaplashish befoyda, deyapman! Ha, befoyda. Sizlarda hamisha shunaqa: vaqti-vaqti bilan havo bulutlanib, yengil shamol esib turadi. Nima? Derazaga bir qarang… Bu, sizningcha, vaqti-vaqti bilan havo bulutlanib turgani, menimcha, jala quymoqda. Men jala qachon to‘xtashini bilmoqchiman… (Osoyishta) Buni kim biladi? Xudo, deysizmi? Shu ham javob bo‘ldi-yu. Tabiatni bo‘ysundiruvchilar emish! Hatto yomg‘irning qachon to‘xtashini bilmaysizlar-u… Qiziq, sizlar o‘zi nima bilan mashg‘ul bo‘lasizlar.. Nima? Shoshmang, shoshmang! Keling, ozgina laqillashaylik. Baribir sizlarning ishlaringizdan hech qanday naf yo‘q… Singilginam, jahlingiz chiqmasin… Qirq yoshda? Nima bo‘pti? Yoshligingizni eslasangiz yomonmi? Mening yoshimmi? Nima desam ekan. “Men yosh qizchaman, ammo qalbim ming yillik…” Shunaqa qo‘shiqni eshitganmisiz? Nima? Sizni chaqirib qolishdimi? Afsus. O‘ta afsuslanib qolaman. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, karavotga chalqanchasiga yotadi.)
Xona qorong‘ilashib, sahnada chiroq yonadi.

Uchinchi xotirlash boshlanadi

Zilovlar xonadoni. Karavot-taxta, bir necha stul, deraza rahida esa movut mushuk turibdi. Erta tong. Galina chiroq yonganicha qolgan, bir dasta daftarlar turgan stolga boshini qo‘ygan holda uxlab o‘tiribdi.Eshikning qulfi shiqirlaydi. Galina uyg‘onib boshini ko‘taradi. Ko‘zoynagini yechib stolga qo‘yadi va deraza tomonga o‘giriladi.
Zilov paydo bo‘ladi.
Zilov: Salom.
Galina: Xayrli tong. (Stolda turgan chiroqni o‘chiradi.)
Zilov: Nega uxlamayapsan?
Sukut.
Nima, ishing shunaqa ko‘pmi? (Kostyumini yechib, karavot ustiga tashlaydi.) Nima, umuman yotganing yo‘qmi?
Qisqa sukut.
Yo‘q-yo‘q, bas. Bunaqa ko‘p ishlash yaramaydi. Axir ot emasmiz-ku. (Taxtaga o‘tiradi.) Turgan joyimda yiqilib tushgudekman. (Esnaydi.) Yo‘q, bu idoradan ketish kerak. Ketish, ketish… O‘zing o‘ylab ko‘r, shu ham ish ekanmi? Bilasanmi, qayoqqa borib keldim?
Qisqa sukut.
Tasavvur qilib ko‘rgin, Svirskda bo‘ldim. Kecha tushdan keyin mutlaqo kutilmagan bir paytda… Qayoqqa? Chinni zavodiga. Zudlik bilan jo‘nab ketishga to‘g‘ri keldi! Katta ko‘lamdagi voqea: tsexni rekonstruktsiya qilish. Tubdan o‘rganish, umumlashtirib xulosa chiqarish va ilm olamini xabardor qilish. Nima to‘g‘risida? Nomiga zavod, aslida – sanoat arteli. Bir pulga qimmat. Yo‘q, bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Axir men, nima deganda ham, injenerman…
Qisqa sukut.
Maktabingga telefon qilgan edim. Darsda, deyishdi… Uyga telefon o‘rnatishimiz kerak. Bu o‘ta zarur, ho‘p de… Galka!
Jimlik.
Nima, men bilan gaplashging yo‘qmi… Ajab…
Sukut. Karavotga yotadi.
Nima bo‘ldi? Nimadan norozisan? Balki, biron aybim bordir, ayt, nima ekan… Balki, ko‘pdan beri xat olmaganingga? Bolalik do‘stingdan. Lekin mening gunohim nima? Charchadim, uyqum kelyapti. Ko‘rpa-yostiq ber menga… Eshityapsanmi? Ikki soatgina uxlaganman. Vokzalda…
Qisqa sukut.
Yo‘q, nima gap o‘zi? Balki menga ishonmayotgandirsan?
Galina: Kechki payt seni shaharda ko‘rishibdi.
Zilov: Nima-a.. Qiziq… Kim ko‘rgan ekan? Meni kechki payt shaharda ko‘rganmish… G‘aroyib!
Qisqa sukut.
Kechki payt, deb nimani aytasan? Agar soat yettini nazarda tutayotgan bo‘lsang,marhamat, tushuntirib berishim mumkin.
Galina: Bitta so‘zingga ham ishonmayman.
Zilov: (haqoratlangandek bo‘lib). Jiddiy gapiryapsanmi?
Galina: .Sening bitta so‘zingga ham ishonmayman!
Zilov: (osoyishta). Chakki qilasan. Xotin eriga ishonishi kerak. Bo‘lmasam-chi. Oilaviy hayotda muhimi – bu ishonch. Aks holda, oilaviy hayot bema’nilik. Xo‘sh, kecha kim meni shaharda ko‘rgan ekan. To‘g‘rirog‘i, go‘yo ko‘rgan emish?
Galina: Buning ahamiyati yo‘q.
Zilov: Yo‘q, senda hech qanday shubha qolmasligi uchun barini aniqlashimiz kerak. Meni kim qayerda ko‘rgan ekan?
Galina: Soat o‘nda gastronomda ko‘rishibdi.
Zilov: Kim?
Galina: Baribir emasmi! Qo‘shni ayol ko‘ribdi.
Zilov: Marya Vasilevnami? O‘shami? Unday bo‘lsa bari tushunarli. Axir u uzoqdan yaxshi ko‘rmaydi-ku. O‘zing o‘ylab ko‘r, u meni ko‘ribdi-yu, men uni ko‘rmabman. Bunday bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Kampiri tushmagir, adashtirgan. (Uning oldiga borib) Galka, judayam shubhachi bo‘lib qolding. Menga nisbatan ko‘proq qo‘shnilarimizga ishonasan. Uyalmaysanmi. (Uni quchadi.)
Galina: (uning quchog‘idan chiqib). Charchagansan…
Zilov: Nima bo‘pti?
Galina: Meni quchoqlamay qo‘ya qol, yaxshisi, yotib uxla.
Zilov: Unchalik charchaganim yo‘q. (Yana uni quchoqlamoqchi bo‘ladi.)
Galina (undan nari ketib). Yo‘q. Bu menga yoqimsiz… Umuman endi ikkimiz o‘rtamizda bunaqa ish bo‘lmaydi.
Qisqa sukut.
Zilov: (shoshib). Bu nima deganing? Senga nima bo‘ldi o‘zi? Nega menga bunaqa qarayapsan? Buning nimasi? Begonalarga, masalan, zo‘rlik qilmoqchi bo‘lgan odamga shunaqa qarashing mumkin. Nima bo‘lganda ham eringman… Hatto menga bola tug‘ib bermoqchisan.
Galina: Tashvishlanmay qo‘ya qol. Bola bo‘lmaydi.
Zilov: Nima-a? Bu bilan nima demoqchisan? Kasalxonaga borib keldingmi?
Qisqa sukut.
(Do‘q bilan) Gapir! Kasalxonada bo‘ldingmi?
Galina: Go‘yo sen buni istamagansan, deb o‘ylash mumkin.
Zilov: ( u yoqdan bu yoqqa yurib). Nima qilib qo‘yding! Bunday qilishga qanday jur’at etding! Nega yashirincha qilding bu ishni? Gapir! Bunaqa ishni yakka o‘zing hal qilishga haqqing yo‘q, eshityapsanmi? Nima qilib qo‘yding! Tushunyapsanmi? Yo‘q, men buni kechira olmayman!
Galina:. Ayyorlik qilma.
Sukut.
Zilov: Dahshat bu… Men bilan maslahatlashmaganingni kechirib bo‘lmaydi. (Qisqa sukut.) Xo‘sh, endi bu yog‘i nima bo‘ladi? Bo‘lar ish bo‘libdi.. (Uning yoniga keladi.) O‘zing qalaysan? Tuzukmisan? (Qisqa sukut.) Kuyinma. Bo‘lar ish bo‘libdi. Bu xatoyimizni to‘g‘rilaymiz. Hammasi joyida bo‘ladi, eshityapsanmi? Yanagi safar mening maslahatimsiz qadam bosmaysan. Xuddi shunday. Doim mening nazoratimda bo‘lasan. Ishonmaysanmi?
Galina: Bitta so‘zingga ham ishonmayman.
Zilov: Nega? Men senga ishonaman-ku.
Galina: Men esa senga mutlaqo ishonmayman.
Zilov: Ajabo. (bir nafas jim turib) Qachonlardir bir-birimizga ishonamiz, deb so‘z bergan edik, eslab ko‘rgin… Qo‘shnilarga emas, bir-birimizga… Balki bunaqa bo‘lmagandir? Yo yodingdan ko‘tarilib ketganmi?
Galina: “Qachonlardir”… Esingga kelibdi-da. Qachonlardir nimalar bo‘lmagan…
Zilov: Yoki biron narsa o‘zgardimi?
Galina: O‘zgardimi, deysanmi? Yo‘g‘-e. Faqat bari o‘tdi-ketdi.
Zilov: Gapimga quloq sol. Kel, yaxshisi, vahima qilmaylik. (Uning oldiga bormoqchi bo‘ladi, Galina orqaga chekinadi .Xona o‘rtasidagi stulga o‘tiradi.) To‘g‘ri, ba’zi narsalar o‘zgardi. Axir hayot davom etyapti. Lekin sen bilan biz boyagidaymiz-ku. Masalan, men hamon o‘shandagidayman, hech narsam o‘zgargani yo‘q. Olti yil oldin qanday bo‘lsam, shundayman. O‘sha kechadagiday. Esingdan chiqmagan bo‘lsa kerak?
Galina: Hozir kecha emas, tong otdi. Bas qil. Yo‘q, hech narsa qolmadi.
Zilov: Yo‘g‘-e, hammasi joy-joyida. Biron narsa ko‘ngildagidek bo‘lmasa, takrorlashimiz mumkin. Ayni chog‘da… Bari o‘z qo‘limizda.
Galina: Hech narsani qaytara olmaymiz.
Zilov: Ishonmayapsanmi? Mana, hozir ko‘ramiz. Ko‘zlaringni yum. (Qisqa sukut.) Mayli, qarab turaqol. (Xonani ko‘zdan kechirib chiqib) Mana bunaqa… Aytgandek, u kichikroq edi… Stol mana bu yerda edi. (Stolni joyidan jildiradi.) Karavot – mana bu yerda. (Karavotni jildiradi.) Mana buning keragi yo‘q. (Deraza rahida turgan mushukni olib, karavot tagiga tashlaydi.) Yana nima? Vino bor edi. Uyda vino yo‘qmi? Afsus. Ha, gul! Gullar bor edi… Qanaqa gulligi esingda yo‘qmi? Menimcha, boychechak edi. Ha, aprel edi-da. Aprelmidi?
Galina: Bas qil. Bunga tegma. Yaxshisi tegma.
Zilov: (ko‘ngli qolib). “Tegma?” Bu bilan nima demoqchisan? O‘sha kecha men uchun ilohiy bir narsa. Bayram. Hozir biz uni qaytaramiz, ko‘rasan… Gullar! (Stolda turgan mis kuldonni qo‘liga olib, uni Galinaga ko‘rsatadi.) Bu boychechaklar. Men senga boychechak olib kelganman.
Galina: Nima, meni mayna qilyapsanmi?
Zilov: Yo‘g‘-e! Nahot tushunmasang? Mana bu yerga o‘tir… O‘tira qol, iltimos… Men kirganimda sen deraza oldida o‘tirgan eding. Mana bu yerda o‘tir… (Kuch bilan o‘tqazadi.)
Galina (stuldan turib).Tinch qo‘y meni, iltimos.
Zilov (yana o‘tqazib qo‘yadi). Derazadan tashqariga qarab o‘tirarding.Derazaga qaragin… Deraza ochiq edi. (Derazani ochib qo‘yib, orqaga qaytadi.) Yana nima edi?
Galina: Xudo haqqi, bas qil.
Zilov: Yo‘q, xudo yo‘q edi. Lekin ro‘paramizda cherkov bor edi, esingdami? Yo‘q, planetariy. Ha, ichida planetariy, tashi esa cherkov edi. Esingdami, cherkovda nikoh o‘qitishni istayman, degan eding? Men senga nima javob qilgan edim?
Qisqa sukut.
O‘shanda, adashmasam, seni o‘pib qo‘ygan edim… Hozir barini takrorlaymiz. Hozir shunaqa deysan, men esa seni o‘pib qo‘yaman.
Galina:. Meni o‘z holimga qo‘y, deyapman. Iltimos.
Zilov: To‘g‘ri, oldinga o‘tib ketmaylik. Sen derazadan qarab o‘tirarding. Kirishim hamon menga qayrilib qarading… Xullas, kirib keldim. Sen o‘tirgan joyingda o‘girilib, menga qaraysan. Qayrilib qara… Yo‘q, qayrilib qarashing kerak. Sen qayrilib qaraganingda bir-birimizning ko‘zimizga tikildik. Ana shu damlarda hamma narsa shu kecha hal bo‘lishini angladim. Buni sen ham his qilgan bo‘lsang kerak… Xo‘p. Hammasi navbat bilan. Men kiraman, sen menga qayrilib qaraysan. (Qichqirib) Kiryapman!
Galina beixtiyor qayrilib qaraydi.
Ha, mayli… Bunaqasi ham bo‘laveradi… (O‘zicha ijro etadi.) Kech qolmadimmi?
Galina: Kech qolding. Bugun ertalab emas, kecha oqshom kelishing kerak edi.
Zilov: Voy, xudoyim-ey! Tushunsang-chi, hozir sen bu yerda emas, u yoqdasan, eski uyingdasan. Anglayapsanmi? O‘sha kecha. Qani… (Ijro etadi.) Kech qolmadimmi?
Galina jim. Zilov uning oldiga kelib,
Kuldon – gullarni beradi.
Galina: istehzo bilan). Rahmat.
Zilov: Bu yerda kimni poylab o‘tiribsan, rostingni ayt?
Galina (bir nafasdan so‘ng iljayib). Salom, Vitya. Ayt-chi, biron marta cherkovda bo‘lganmisan?
Zilov: Ha. Yigitlar bilan bir marta mast paytimizda kirganman. Sen-chi?
Galina (zaharxanda kulib). Men esa buvim bilan birga kirganman.
Zilov uni o‘pmoqchi bo‘ladi.
Iltimos, suykanma.
Zilov: Yo‘q-yo‘q. “Suykanma”. Bunaqa bo‘lmagan. Qani, o‘shanda nima deganingni eslab ko‘r.
Qisqa sukut.
(Achchiq gina bilan). Mana,ko‘rdingmi, hech narsani eslay olmayapsan.
Galina: Mening-ku esimda-ya. (Masxaraomuz iljayib) Tasavvur qilgin: ikkovimiz zinalar osha tepaga ko‘tarilamiz, uyga kiramiz, u yerda esa sokinlik. Shamlar yonib turibdi. Harqalay, tantanali holat edi…
Zilov: Xuddi shunday! Keyin men mana bu yerga o‘tirdim (o‘tiradi) va sendan: “Uy sohibasi shu yerdami?”, deb so‘radim.
Galina: Batamom boshqacha bo‘lgan. Sen hayajonlanayotgan eding…
Zilov (ijro etadi). Xonadon sohibasi uydami? (Javob kutadi,so‘ng o‘rnidan sapchib turadi,) Yo‘q, navbatchilikka ketgan… Xo‘sh! (Ijro etadi.) Sohiba uydami?
Galina (o‘ychan holatda). Ha. U o‘sha kecha navbatchilikda edi…
Zilov (ijro etadi). Demak, bugun uyda bo‘lmas ekan-da?
Zilov Galinani quchoqlaydi. Galina sekingina o‘zidan uzoqlashtiradi.U o‘tmish xotiralariga berilib ketadi.
Zilov: Demak, bugun uyda bo‘lmaydi?
Galina:. Bunaqa emas. Men senga… (Sekin ovoz bilan o‘sha so‘zlarni takrorlaydi.) Biron yoqqa boraylik.
Zilov ( “o‘yin”ni davom ettirib).Yo‘q.
Galina:. Planetariyga boramiz. Axir biron marta ham bo‘lmaganmiz u yerda.
Zilov: Yo‘q.
Galina: Xohlasang, yotoqxonanggacha kuzatib qo‘yaman.
Zilov: Meni ketsin deyapsanmi?
Galina: Yo‘q…Yur, ko‘chada sayr qilamiz, iltimos…
Zilov: Hech qayoqqa bormayman.
Galina: Nega?
Zilov: Negaki… (Yamlanib) Negaki…
Galina (toqatsizlanib). Nima uchun?
Zilov (eslab). Chunki seni sevaman.
Galina: Ozgina aylanib yursak, sevmay qo‘yasanmi?
Zilov (ikkilanib). Yo‘q, lekin ortiq chiday olmayman…
Galina (dadil). Yur, iltimos. Meni yaxshi ko‘rishingni isbotla… (Kutadi, so‘ng) Xo‘sh, nima deysan? (Hayajonlanib) Gapir, gapirsang-chi.
Zilov (notabiiy ohangda). Sensiz yashay olmayman.
Galina: Bunaqa emas. Hech ham bunaqa emas. Nahot his qilmayotgan bo‘lsang? Qani?
Zilov (ikkilanib). Azizim…
Galina: Bunaqa emas!
Zilov (so‘roq ma’nosida). Sevgilim?
Galina: Yo‘q!
Zilov (shumlik bilan). Bebaho jonginam!
Galina (iztirob bilan). Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Nahot shunchalik…
Zilov: Tashvishlanma… Bir daqiqa, bir daqiqa… Hozir hammasi joyida bo‘ladi… Esladim! (Qo‘lidan tutib) Kel!
Galina (qo‘lini tortib olib). Yo‘q! Sen menga eng muhimini aytmading.
Zilov: Buning ahamiyati yo‘q. (Quchoqlamoqchi bo‘ladi.)
Galina: Yo‘q! Sen buni eslashing kerak… Qani, eslab ko‘r, iltimos.
Qisqa sukut.
(Ruhi tushib). Eslaysanmi yo yo‘qmi?
Sukut. Galina kutadi.
Zilov: Jin ursin! Erkaklar bunday damlarda nimalar demaydi!
Galina (iztirob bilan). Hammasini esingdan chiqaribsan. Hammasini!
Zilov: Xo‘p, yetar. (Bir muncha dag‘allik bilan) Kela qol. (Uni kuch bilan o‘ziga tortadi.)
Galina uning quchog‘idan chiqib,sekin orqaga chekinadi. Har ikkalasi jim bo‘lib qoladi. Galina stulga o‘tirib yig‘lay boshlaydi.
(Astoydil afsuslanib) Ana xolos… Yoshlikni esladik.
Chiroq o‘chadi.

Oltinchi ko‘rinish

Karavotda yotgan Zilov o‘rnidan turib, xonada u yoqdan bu yoqqa yuradi. Derazaning oldiga borib to‘xtaydi, so‘ng telefonda raqam teradi.
Zilov: Dima? Bu men, Zilovman… Bu yomg‘ir hech qachon to‘xtamaydi, shekilli… Surunkasiga qirq kechayu qirq kun quyadi. Nima? Bir zamonlarda shunaqa bo‘lgan ekan… Dima! Hozir ketaversak nima bo‘ladi? Nima? Klyuchida tunaymiz-a? Kajavasiz ketsak-chi? Mototsikl kajavasiz bo‘lsa, osongina olib o‘tamiz, ishonchim komil… Bo‘lmaydi, deysanmi? Yaxshimas… Ochig‘ini aytsam, kayfiyat yomon… Bu ham yetmagandek, do‘stlarim meni g‘oyat xursand qilishdi… Eshitmadingmi? Bilasanmi, ular menga nima yuborishibdi? Gulchambar… Gulchambar! Go‘rga tobut ustiga qo‘yiladigan rostakam gulchambar… Shunaqa hazil qilishibdi la’natilar! Senga kulgilimi? Menga esa unchalik kulgili emas… Bilasan, mening ko‘nglim nozik, endi bu hazil tushlarimga kirib chiqadi… Do‘stlarmish! Haqiqiy do‘stlar shunaqa qilishadimi? Menga qara, sen bilmaganmiding buni? Xudoga shukur, bitta bo‘lsa-da, bama’ni odam bor ekan… (Bezovta bo‘lib) Dima! Kecha mabodo senga musht tushirmadimmi? Xudoga shukur… (Hayajonlanib) Qariya, bema’ni savolim uchun kechirasan, ayt-chi, menga munosabating qanaqa? (Tinglaydi.) Men esa… Men senga shuni aytishim mumkinki, kechagi kundan boshlab yakka o‘zim qoldim…. Yo‘q. Shunday his qilyapman o‘zimni. Xullas, menga eng yaqin odam sen ekansan… (Soxta kulgi.) Yo‘q, gap bunda emas…Umuman, xudoga shukurki, birga ovga boramiz… Ha, qo‘ng‘irog‘ingni kutaman. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, xonada yuradi, so‘ng derazaning ro‘parasiga borib turadi.)

Navbatdagi xotirlash

Texnikaviy axborot Byurosi. Zilov bilan Sayapin o‘tirishibdi.
Zilov: Soat beshdan oshdi. Bas. (Qog‘ozlarni stol g‘aladoniga solib qo‘yadi.) To‘xtat. Keyingi paytlarda xuddi mashinadek ishlayapsan.
Sayapin: Na chora? Munozara qilish, bahslashish – senga oson, alohida uy-joyi bor odamsan. Bu katta yutuq. Masalan, birovning uyida hamma narsa kaftdek ochiq-oydin ko‘rinib turadi. Xotining janjal qila boshlasa, yuvosh odam bo‘lsang, chidaysan… Men esa, balki kaltaklashni xohlarman? Yo‘q, darhaqiqat… Kvartira bergandan keyin ko‘ramiz, kim kimni…
Zilov (kuladi). Yangi uyga ko‘chganingizda sizlarga boks qo‘lqoplarini sovg‘a qilaman.
Sayapin: Ha, kvartira masalasida sen erkin odamsan. Bu idora yoqmay qolsa, xohlagan paytingda jo‘nab qolishing mumkin.
Zilov: Masalan, qayoqqa?
Sayapin: Bironta zavod yoki ilm-fan idorasiga.
Zilov: Bu gaplaringni qo‘y, qariya, sen bilan mening zamonimiz o‘tib ketdi.
Sayapin: Nega endi?
Zilov: Chunki, masalan, sen, mening dadam aytganlaridek, yalqov va mafkuraviy buzuq odamsan.
Sayapin: Sen o‘zing-chi?
Zilov: Menmi? (Iljayib) Men-ku yana biron narsa bilan shug‘ullanishim mumkin. Lekin istamayman. Xohishim yo‘q.
Sayapin: Shaxsan menga bu yerda ham yomon emas, faqat xotinim…
Zilov: Yo‘q, qariya, bu idora sen bilan men uchun eng maqbul joy. Jonajon vatanimiz shu yer.
Sayapin: Ko‘ramiz. (Stol ustidagi qog‘ozlarni yig‘ishtiradi.) Sening rejalaring qanaqa? Biz futbolga bormoqchimiz.
Zilov: Boringlar.
Sayapin: Ungacha (stoldan shaxmat taxtasini oladi) bir qur o‘ynashga ulguramiz.
Zilov: Bemalol.
Sayapin: Bugun qiziq o‘yin bo‘lishi kerak. Biznikilar Krasnoryarsk bilan o‘ynashadi. (Telefon raqamlarini teradi.)
Zilov: Telefonni band qilma. Qo‘ng‘iroq qilishini kutyapman.
Sayapin (telefonga). Kuzakov? Kayfiyating qalay? Bir karra mot qilishni istaysanmi? Unday bo‘lsa, vaqtim borligida kiraqol.
Zilov: Qo‘ng‘iroq qilishini kutyapman, eshityapsanmi?
Sayapin (telefonga). Esingdan chiqmadimi, men oq donalar bilan o‘ynashim kerak… Bo‘laqol. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Senga kim qo‘ng‘iroq qilishi kerak? (Shaxmat donalarini tera boshlaydi.) O‘sha qizcha emasmi?
Zilov: O‘sha bo‘lsa nima qilibdi?
Sayapin: Unga qattiq yopishgan ko‘rinasan.
Zilov: Menga yoqib qoldi.
Telefon jiringlaydi.
(Go‘shakni qo‘liga olib) Ira? Salom, jonginam… Qayerdasan?
Sayapin: “Sevgilim, quvonchim mening, nega men bilan birga emassan…”
Zilov: Seni sog‘indim… Ishonmayapsanmi? Qanday qilib isbotlashim mumkin? Qanchalik ozib ketganligimni o‘zing ko‘rasan… Ha, kechadan beri… Bunga ko‘p vaqt kerak emas. Bunaqa ishlar tez bo‘ladi… Qayerdasan?. Nima? Avtomatdan? Xalaqit berishyaptimi? Kim? Tegajoqlik qilishyapti? (Sayapinga) Yigitchalar tegajoqlik qilishayotgan ekan.. Ana, ko‘rdingmi, naqadar pokiza qiz… (Telefonga) Daf bo‘linglar, deb haydab yubor. Militsiya chaqiraman, de… Faqat jilmaya ko‘rma, eshityapsanmi! Soat oltida “Nezabudka”da kutaman… “Nezabudka”da soat oltida. Kech qolma… Nima? Ular bilan gaplasha ko‘rma. Mutlaqo! (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Bezori bolalar surbet bo‘lib ketishdi.
Sayapin: Men bir narsani tushunmayapman, sen uni chindan sevib qoldingmi yoki shunchaki…
Kushak paydo bo‘ladi.Uning qo‘lida yupqagina kitobcha.
Kushak: Nima, meni qamatib yubormoqchimisizlar?!
Qisqa sukut.
Bu soxta dardisarni qayerdan oldilaring?
Qisqa sukut.
Mana bu g‘irt qalbaki ma’lumotni qaysi biringiz qo‘limga tutqazdingiz?
Zilov: Xo‘jayin, nima bo‘ldi?
Kushak: Ha, albatta, hech narsadan xabarlaringiz yo‘q…
Zilov: Nima, bu yerda biron mavhumliklar bor ekanmi?
Kushak: Mavhumliklar? Sizlarni bu qadar kamtarsizlar deb o‘ylamagan edim. Mavhumlik! Bari havodan olingan to‘qima gaplar! Turgan-bitgani g‘irt yolg‘on!
Zilov: Aniqrog‘i nima ekan?
Kushak: (kitobni ochib ko‘rsatadi). Mana! Mana! Go‘yo hech narsa bilmaysizlar!
Zilov: Chinni zavodimi? Nahotki?
Kushak: U yerda hech qanday qayta qurish bo‘lmagan.
Zilov: Yo‘g‘-e, nahotki?
Kushak:. Bu yerda rost bo‘lgan bironta so‘z yo‘q!
Zilov: Shunaqa bo‘lsa, bu rostdan ham dahshat. Janjal! Nega bunaqa bo‘ldi ekan? Aniqlaymiz, boshqa nima ham qila olardik? Hozir… Asl nusxasi qayoqda ekan? (Stol g‘aladonlarini ochib ko‘radi.)
Kushak:. Bu bilan qaysi biringiz shug‘ullangansiz?
Qisqa sukut.
Zilov: Men.
Kushak: Zilov, siz menga tobora ko‘proq yoqmayapsiz.
Zilov: Ilojim qancha. Yo sochimni boshqacha tarashlatsammikin?
Kushak: Kinoya qilishning o‘rni emas, Zilov. Buning bari, siz o‘ylagandek, kulgili emas. O‘tiring, tushuntirish xati yozing. (Sayapinga.) Siz ham.
Sayapin: Men hammi?
Kushak: Ha, siz. Aynan siz. Maqolaga har ikkalangiz imzo chekkansizlar. Ikkalangiz javob berasizlar.
Zilov: Bunga Sayapinning aloqasi yo‘q.
Kushak: Demak, birgina siz aybdorsiz bunga?
Zilov: Demak, shunaqa.
Kushak: O‘zim ham shunday deb o‘ylagan edim. Bu siz tomondan oliyjanoblik, hatto o‘ta oliyjanoblik. Sizni yaxshi tushunib turibman. Haqiqiy do‘stlargina shunaqa qilishlari mumkin.
Zilov: Unga men pand berganimni tushunib turibman.
Kushak: (istehzo bilan). Ah-ha, demak, unga siz pand bergansiz. Demak, sizni jazolash, uni esa taqdirlash lozim. Sizni to‘g‘ri tushundimmi?
Zilov: Mantiqan mutlaqo to‘g‘ri.
Kushak: Shunaqa, shunaqa. Umuman olganda, yomonmas. G‘oyat ajoyib… Faqat bir narsa yomon… Boshqalarni o‘zlaringizga nisbatan ahmoqroq deb o‘ylaganlaringiz yomon, do‘stlarim. Yoki bu ham yaxshimi?
Zilov: Bu yomon, albatta.
Kushak: Yomon! Juda yomon. Nima uchun uni himoya qilayotganingiz hammamizga, jumladan, menga yaxshi tushunarli… Xo‘sh, men nimaga asosan hammangizdan ahmoqroq bo‘lishim kerakligini ayta olasizmi? (Zilovning ko‘zlariga tik boqib). Xo‘p, deng. Bu masalani sizlarning oldilaringizga ko‘ndalang qo‘yishim kerak edi. Ertami yo kechmi.
Eshik oldida Valeriya paydo bo‘ladi. Xonadagilar uni ko‘rishmaydi.
Zilov: Ha, qiziq masala…
Kushak: Davomi yanada qiziqroq bo‘ladi. Aytinglar-chi, bizning idoramizda ishlash sizlarga ma’qulmi?
Zilov (bir muncha taradduddan so‘ng). Ha, ma’qul. Nima, masala shu daraja keskinmi?
Kushak: Mana bu o‘taketgan mas’uliyatsizlik birgina sizning aybingiz bo‘lsa, men sizni ishdan bo‘shataman. (Qisqa sukut.) Do‘st-birodarlar, ko‘rib turibsizki, haqiqatni aytishingizga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bu bilan kim shug‘ullandi? Bir o‘zingizmi yoki har ikkalangizmi?
Qisqa sukut.
Sayapin: Bu maqoladan mening xabarim yo‘q. Uni Zilov tayyorlagan. Men unga ishongan edim.
Kushak:. Yaxshi-i… (Zilovga) Xo‘sh, endi nima deysiz?
Zilov: Aytdim-ku. Maqolani men tayyorlaganman.
Kushak: Unday bo‘lsa, masala hal. (Sayapinga) Lekin baribir hayfsan olasiz. Kelajakda to diqqat bilan o‘qib chiqmaganingizcha hech narsaga imzo cheka ko‘rmang. Bu o‘z vaqtida hatto yosh bolaga ham ma’lum bo‘lgan haqiqat. Bema’nilik!
Valeriya: Salom.
Kushak: Xayrli kun.
Valeriya: (Kushakka). Ular bu yerda nima gunoh qilib qo‘yishibdi? Yengiltaklar! Vadim Andreevich, ularni urishish emas, kaltaklash kerak. Afsuski, men nochor ayolman…
Kushak: Ha, men sizga arz qilishga majburman. Ular ishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishibdi. Kechirib bo‘lmaydigan darajada xato, desam to‘g‘riroq bo‘ladi.
Valeriya: Shunaqami? Yaxshilab jazolang bularni. Birinchi navbatda erimning jazosini berishingizni so‘rayman.
Kushak: Eringizga, bilasizmi, nima yetishmaydi… m-m…
Zilov: Barqarorlik.
Kushak: Ha, aynan barqarorlik!
Valeriya: (Sayapinga). Yaramas. (Kushakka) Vadim Andreevich, siz ularni qanchalik jazolamang, bajonu dil ma’qullayman.
Kushak: Qanchalik ayanchli bo‘lmasin, bu safar jazolamay tura olmayman.
Valeriya: Vadim Andreevich! Kallamga zo‘r bir fikr keldi. Unga bundan yaxshiroq jazo o‘ylab topish qiyin. Siz ularga hayfsan e’lon qilishingiz mumkin. Lekin bu ular uchun bir pul. Hatto ishdan haydasangiz ham… Faqat bir narsa…
Sayapin: Qiziq,nima ekan?
Valeriya (Kushakka). Aytaymi?
Kushak: Ayting, Valeriya. Xudoga shukur, sizning es-hushingiz joyida.
Valeriya (Sayapinga ishora qilib). Uni futboldan mahrum qilamiz. Bugun. A, nima deysiz?
Sayapin (jahli chiqqandek bo‘lib). Nima deyapsan!
Valeriya: Ha, shunaqa..Futbolga borish o‘rniga bu yerda o‘tirib ish qilasan. Tushundingmi? Futbolga esa bizlar boramiz. Men va Vadim Andreevich!
Zilov: Yomonmas.
Valeriya (Kushakka). Nima deysiz?
Sayapin: (yana norozi ohangda). Sen bu yerda xo‘jayinlik qilma…
Valeriya: (Kushakka). Ma’qulmi?
Kushak (yasama kulgi bilan). Qiziq, albatta… Lekin shu bilan birga … bu jazo…
Valeriya: Demak, masala hal… Axir siz ham futbol ishqibozlaridansiz-ku.
Kushak: Menmi? Unchalik emas…
Valeriya: Unda Kolya uchun futbol nimaligini tasavvur qila olmaysiz. Yuring! Yuring! Gapimga ishonavering, uning uchun bu haqiqiy jazo.
Kushak: Lekin men… qandoq bo‘larkin?
Valeriya: Vadim Andreevich! Ular bilan masala hal: har ikkalasi bu yerda qolib, ish bilan band bo‘lishadi. Men-chi? Futbolga bir o‘zim so‘ppayib bormayman-ku…
Kushak: Yo‘q, men-ku… lekin odamlar buni qanaqa tushunishlari mumkin? Har xil gap-so‘z…
Valeriya: Vadim Andreevich! Qanaqa gap-so‘z bo‘lishi mumkin? (Sayapinga) Sen qanday fikrdasan, ayt-chi?
Sayapin: Vadim Andreevich, afsuski, bizda buyruq beradigan u. Ha, uni gapidan qaytarib bo‘lmaydi.
Valeriya: (Kushakni qo‘ltig‘idan tutib).Vadim Andreevich, kech qolyapmiz. Zilovni esa ta’tilga chiqarmay turing. Bir haftaga. Ovga vaqtida yetib bormasa…
Zilov: Bu to‘g‘rida sen tashvishlanmay qo‘yaqol.
Valeriya: Bu uning uchun eng oliy jazo bo‘ladi. (Garangsib qolgan Kushakni eshik tomon yetaklaydi.) Bo‘pti, shoshib turibmiz.
Kushak. (ostonaga yetganlarida). Valeriya, ular shundayligicha qoladi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz.
Valeriya: Albatta, har kim aybiga yarasha jazolanishi kerak. Do‘stlik o‘z yo‘liga, ish – o‘z yo‘liga… (Chiqib ketishadi.)
Sayapin (g‘urur bilan). Ko‘rdingmi?
Zilov: Ha, u bilan xor bo‘lmaysan.
Sayapin: Turmush o‘rtog‘im.
Zilov: Ha, bir-biringdan qolishmaydigan oilasanlar. Sen ham anoyi emassan…
Sayapin: Qariya, seni ishdan haydamaydi… Lekin meni ham tushun. Kvartira masalasi puchakka chiqay deb turgan edi. Sening ko‘z oldingda. Nahot tushunmasang?
Eshik orqasidan ovoz eshitiladi.
Ovoz. Telegramma!
Zilov chiqib, tezda qaytib kiradi va qo‘lidagi telegrammani ochib o‘qiydi-yu,bir yerda turib qoladi.
Sayapin: Nima ekan?
Zilov: Otam qazo qilibdi.
Sukut.
Sayapin:Qachon?
Zilov: Kecha, soat oltida… (Qisqa sukut.) Ota, ota… Bilganimda edi… (Sukut. Telefon raqamlarini teradi.) Galka… Otam qazo qilibdi… Ha…Ha… Senda pul bormi? Qancha bo‘lsa barini olib kel. Men ketyapman… Bugun… Hozir… Ha… Idorada kutaman. Kutaman… (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.)
Sayapin: Ulgurasanmi?
Zilov: Ulgurishim kerak… Samolyotda besh soat, kemada yarim sutka, u yog‘iga avtobusda… Ulgursam kerak, degan umiddaman.
Sayapin: . Ha-a… Endi u seni ishdan haydamasa kerak.
Zilov: Nima?
Sayapin: Shunaqa baxtsizlik bo‘la turib, ishdan haydamasa kerak, deb o‘ylayman. Bunday qilishga haqqi yo‘q.
Zilov: Ovozingni o‘chir, tentak!
Zilov boshini quyi eggan holda o‘tiribdi. Kuzakov bilan Vera kirishadi.
Kuzakov: Aliklarga salom.
Qisqa sukut.
Nega g‘amginsizlar, qarchig‘aylar? Yoki biron narsa ichkilaring kelib qoldimi? (Shaxmat taxtasining oldiga borib o‘tiradi.) Qani, boshla, grossmeyster…
Sayapin: Shoshmay tur. Boshqa gap bor.
Kuzakov: Biron narsa bo‘ldimi?
Vera: Hayotdan ko‘ngillari qolgan shekilli.
Kuzakov: Na chora. Balki ular haqdir. Hayot, umuman olganda, boy berildi.
Sayapin telegrammani Kuzakovga ko‘rsatadi.
Vera (Zilovga). Alik, senga nima bo‘ldi? Kechagi ichkilikdan keyin boshing og‘riyaptimi?
Zilov: Og‘zingni yum, tentak!
Vera: Rostdan ham fe’li aynibdi.
Zilov: Ovozingni o‘chir, deyapman!
Kuzakov (Veraga). Tegma unga.
Zilov: (Veraga). Sen nega kelding bu yerga? Bu yerda nima bor senga?
Kuzakov: U men bilan birga keldi.
Zilov: Idora-ma idora yurishga boshqa odam topmadingmi?
Vera: (Kuzakovga). Bunga nima deysan?
Kuzakov Veraga telegrammani uzatadi.
Motam kuyi eshitiladi.Sahna qorong‘ilashadi. Musiqa tinadi. Chiroq yonadi.

Xotirlash davom etadi

“Nezabudka” kafesi. Zilov bilan Galina eshik oldida to‘xtashadi.
Zilov: Endi sen ketaver.
Galina: Uyga kirib chiqishga ulgurmaysanmi?
Zilov: Nimaga?
Galina: Kerakli narsalaringni olmaysanmi?
Zilov: Qanaqa narsa? To‘yga ketayotganim yo‘q-ku… Bora qol. Uyga bor.
Galina: Har qalay, balki biron narsa…
Zilov: Nima?
Galina: Balki birga borarmiz?
Zilov: Yo‘q-yo‘q, bir o‘zim ketaman.
Galina: Birga borsak yaxshi bo‘larmidi? Sen bilan birga borsam…
Zilov: Nimasi yaxshi? Bo‘lar ish bo‘libdi, hech qanday ko‘mak yordam bera olmaydi… Soat nechchi bo‘ldi?
Galina:. Yigirma daqiqasi kam olti.
Zilov: Xayr. Samolyotning vaqti bo‘lib qolibdi. Bu yoqqa kirib chiqay. Ozgina ichib olishim kerak… Xayr… (Kafega kirib, stollardan biriga o‘tiradi.)
Galina eshik oldida qoladi.
Dima!
Ofitsiant keladi.
Ofitsiant (Galinaga). Salom, Galina. Kir, mehmon bo‘lasan. (Zilovning oldiga keladi.) Salom,Vitya.
Zilov: Salom, Dima. Aroq keltir.
Ofitsiant. (sekin). Nega xotining men bilan salomlashmadi? Menga-ku baribir-a, lekin bu odobdan emas… Necha gramm?
Zilov: Ikki yuz.
Ofitsiant ketadi. Galina stol oldiga keladi.
Hali ham shu yerdamisan?
Galina (O‘tiradi). Shu yerdaligingda sen bilan o‘tirib turay.
Zilov: Men yolg‘iz qolmoqchiman, tushunyapsanmi?
Galina: Tushunmayman. Ayni hozir yoningda bo‘lishim kerak, deb o‘ylagan edim.
Zilov: Ayni hozir bir o‘zim qolmoqchiman.
Qisqa sukut.
Galina: Ha, tushunaman. Otang uchun men begona edim… Sen uchun ham ko‘pdan beri begonaman… Senga aytmoqchi edim, ko‘pdan beri aytmoqchi bo‘lib yurardim… Ustma-ust xat olyapman…
Zilov: Qanaqa xat?
Galina: Har kuni xat olaman.
Zilov: Shunaqami? Qiziq, kimdan ekan? O‘sha bolalikdagi do‘stingdan albatta.
Galina: U meni sevadi.
Qisqa sukut.
Zilov: Sen-chi? Sening munosabating qanaqa?
Galina: Bilmayman… Lekin ikkovimiz o‘rtamizda… Ortiq chidab bo‘lmaydi.
Zilov: Shuning uchun ham ayni shu paytda aytishga qaror qilibsan-da?
Galina: Men senga kerak emasman.To‘g‘risini aytib qo‘ya qol.
Zilov: Bu gaplarni hozir aytgani uyalmadingmi?. Ayni otam o‘lgan kunda dasturxon qilib yozyapsan! Rahmat, ancha tinchlantirding meni.
Qisqa sukut.
Galina: Men aybdor bo‘lsam kerak. Lekin ortiq chiday olmayman… Gunohim bo‘lsa, kechir.
Zilov: Yo‘q, tortinmay aytaver. Qani, gapirib ber-chi, o‘rtalaringda…
Galina: Aytadigan hech narsa bo‘lmagan.
Zilov: Hech narsa? Bilmadim, bilmadim. Lom-mim demay yurding, demak, aldading meni. O‘rtalaringda nimalar bo‘lganligini men qayoqdan bilay?
Galina:. Bas qil. O‘ylab topgan gapingni qara-yu.
Zilov: Men o‘ylab topibmanmi? Endi kimni sevishimni bilmayman, deb o‘zing aytding.
Galina: Yolg‘on!
Zilov: Qay darajaga yetganingni tushunyapsanmi? Shunaqa xotinni otamning qabriga boshlab boramanmi? Hech qachon! Jo‘na bu yerdan, seni ko‘rgani ko‘zim yo‘q!
Galina: Aqldan ozibsan! Nima deyayotganingni o‘zing bilmayapsan.
Zilov: Ket, deyapman senga! Umuman ko‘zimga ko‘rinmasliging mumkin. O‘sha do‘stingning oldiga jo‘na. Marhamat. Baxtli bo‘lishingga tilakdoshman!
Galina: Uning xatlariga ko‘pdan beri javob yozmay qo‘yganman… Men unga ikkita xat yozganman, xolos. Bor-yo‘g‘i ikkita xat. Sen nimalar deyapsan?
Zilov: (birdan osoyishtalik bilan). Xo‘p, mayli. Kechirasan, asabiylashdim.Asablarim taranglashib ketgan…
Galina: O‘zim aybdorman. Meni kechir…
Zilov: Mayli, sen xafa bo‘lma… Yolg‘iz qolishim kerak, dedim-ku senga… (Qisqa sukut.) Endi uyga boraqol. Xo‘pmi?
Galina: (o‘rnidan turib). Yaxshi.
Zilov: Xafa bo‘lma.
Galina: Xafa bo‘layotgani yo‘q. Qachon qaytasan?
Zilov: Qachon? Bir yo bir yarim haftadan keyin.
Galina: Kerakli narsalaringni tayyorlab bermaganim yaxshi bo‘lmadi. Hatto yomg‘irpo‘shingni ham olmading.
Zilov: Hech vaqosi yo‘q, bir amallarman… (Uning oldiga kelib,chakkasidan o‘padi.) Ko‘rishguncha.
Galina chiqib ketadi.Sukut.
Ofitsiant keladi.
Zilov: Soat necha bo‘ldi?
Ofitsiant: Besh daqiqasi kam olti… Yeydigan biron narsa kerakmasmi?
Zilov: Yo‘q… Dima, men bilan birga ichgin.
Ofitsiant (o‘tiradi). Rahmat, Vitya. Lekin ish paytida bir gramm ham… Bilasan, bu – men uchun qonun.(Bir nafasli sukutdan so‘ng) Qalaysan, kun sanayapsanmi? Qancha qoldi? Mototsiklim taxt bo‘lib turibdi. Vitya, qayiqni qatron bilan moylab qo‘yish kerak. Xromovga xat yozib yuborsang bo‘lardi.
Zilov: Nima edi?
Ofitsiant: Qayiqni aytyapman. Xat jo‘natgin.
Zilov: Barini qilib qo‘yganman. Qayiq suvda turibdi.
Ofitsiant: Yasha, azamat.
Zilov: O‘n sakkiz kungina qolibdi. (Jim bo‘ladi.)
Ofitsiant: Nima to‘g‘risida qayg‘uryapsan?
Zilov: Baxtsiz hodisa, Dima.
Ofitsiant:. Nima bo‘ldi?
Zilov: Otamni dafn qilgani ketyapman…
Ofitsiant (qisqa sukutdan so‘ng xayrixohlik bilan). Tushunarli.
Qisqa sukut. Zilov ichadi.
Og‘ir musibat bu.
Zilov: Aytma… Yaramas o‘g‘il bo‘ldim men unga. To‘rt yil mobaynida biron marta xabar olmadim…
Ofitsiant: Ha, yaxshi bo‘lmabdi.
Zilov: Mana, endi ko‘rishadigan bo‘ldik.
Ofitsiant: Uzoqdami?
Zilov (tasdiqlash ma’nosida boshini siltab). Ulgurmayman, degan xavfdaman. (Bir nafasdan so‘ng) Qancha berishim kerak?
Ofitsiant: Bir so‘m oltmish tiyin.
Zilov (yonidan pul olib). Aytgandek, men sendan uch so‘m qarzman.
Ofitsiant: Uch so‘m yigirma tiyin, Vitya.
Zilov: Kechirasan… (Pulni berib) Rahmat.
Ofitsiant (pulni sanab). Endi men senga o‘ttiz besh tiyin qarz bo‘ldim.
Zilov ( qo‘lini siltab). Qo‘yaver.
Ofitsiant: Minnatdorman.
Eshik oldida I r i n a paydo bo‘ladi.
Zilov (ofitsiantga). Ko‘rishguncha, Dima.
Ofitsiant: Hozircha xayr. Bardam bo‘l, qariya, ruhan tushkunlikka berilma. (Ketadi.)
Irina (yaqinlashib). Xayrli kech.
Zilov: O‘tir.
Irina partada o‘tirgandek qo‘llarini stolga qo‘yib, qaddini tikib o‘tiradi, so‘ng to‘satdan kulib yuboradi.
(Uning qo‘llariga kaftini qo‘yadi.)
Xo‘sh? Nima qilding?
Irina: Men itoatkor qizchaman. Sen aytganingdek qildim.
Zilov: Barakalla, aqlli qiz. Ana u bezorilar nima bo‘ldi? Telefon budkasi oldidagi yigitchalarni so‘rayapman.
Irina: Aytma. Ulardan arang qochib qutuldim. Allaqanday jinnisifat bolalar ekan. Avval telefon budkasidan chiqqani qo‘yishmadi.
Zilov: Voy, yaramaslar-ey.
Irina: Yo‘q, ular rostdan ham aqldan ozishgan. Eshikni ochinglar, bo‘lmasa so‘kinib beraman, dedim. Bittasi nima deydi, de? Yo‘q, so‘kinma. Yaxshisi, biz bilan birga yur. Mening tug‘ilgan kunim, deydi. Men yigitim bilan uchrashgani ketyapman, dedim. Ular, biz seni kuzatib qo‘yamiz, deyishdi. Sen meni aldabsan. Ozib qolmabsan. Jindek ham ozmabsan. Lekin g‘amgin ko‘rinasan.
Zilov: Men ketyapman.
Irina: Qachon?
Zilov: Hozir. Xayrlashamiz-u, aeroportga jo‘nayman.
Qisqa sukut.
Irina: Albatta ketishing zarurmi?
Zilov: Zarur.
Irina: Unday bo‘lsa, bor. Men seni kutaman. Uzoq kutishim kerakmi?
Zilov: Uzoq. Butun bir hafta.
Galina paydo bo‘ladi. Qo‘lida yomg‘irpo‘sh bilan portfel. Zilov bilan Irina o‘tirishgan stolga yaqinlashar ekan, ularni ko‘rib, to‘xtaydi.
Qisqa sukut. Galina ularga, ular Galinaga qarab qolishadi. Zilovning kafti hamon Irinaning qo‘llariga qo‘yilgan.
Galina stolga yaqin turgan stullardan biriga yomg‘irpo‘sh bilan portfelni qo‘yib, tezda chiqib ketadi.
Qisqa sukut.
Irina: U kim?
Zilov: Mening xotinim.
Irina ( hayratlanib). Xotining?
Zilov: Ha, men uylanganman…
Sukut.
Shunaqa… Hayratlanib qolding… Yer bilan yakson bo‘lding. Sen uchun hamma narsa tamom …
Qisqa sukut.
Hamma narsa tugadi, to‘g‘rimi? A? Nega jimsan? Bunaqa paytlarda, bilasanmi, nima deyishadi? Men senga o‘rgatishim mumkin…
Irina (sekin). Yo‘q…
Zilov: Nima “yo‘q”? Xotinim bor, deyapman-ku… Nima,buning ahamiyati yo‘qmi?
Irina: Ahamiyati yo‘q… Baribir emasmi…
Zilov: yoniga o‘tirib, uni quchoqlaydi). Jonginam, quvonchim! Devordek oqarib ketding. Tinchlan. Bularning bari hech gapmas. Men rostdan uylanganman, nikoh qilinganman, ammo biz ko‘pdan beri er-xotin emasmiz, shunchaki do‘st bo‘lib qolganmiz, xolos.
Irina: Rostdanmi?
Zilov: Birinchi kuniyoq senga barini aytib berishim mumkin edi. Lekin nimaga kerak bu? Qo‘ysang-chi! Agar seni aldamoqchi bo‘lganimda bugun hozir aldardim. Singlim, deb aytgan bo‘lardim.
Irina: Dastlab naq o‘lib qolay dedim… Keyin o‘zimcha, uylanganmi-yo‘qmi – baribir emasmi dedim-u, dahshatga tushdim.
Zilov: Bechora qizaloq! O‘zimning go‘zalim! Naqadar jozibali ekanligingni o‘zing hatto tasavvur ham qilolmaysan…
Qisqa sukut. Zilov Irinaning qo‘lini o‘padi. U atrofga qarab qo‘yadi.
IRINA. Biron narsa yegim kelyapti…
Zilov: Ajoyib fikr. Hozir ovqatlanamiz.. Biron narsa ichamiz, to‘g‘rimi? (Baland ovoz bilan) Dima!
Irina: .Samolyoting nima bo‘ladi? Ulgurasanmi?
Zilov (shashtidan tushib). Sen haqsan. Shoshilishim kerak.
Ofitsiant keladi.
Ofitsiant (Zilovga). Meni chaqirdingmi?
Zilov: Ha… (Qisqa sukutdan so‘ng bir muncha ikkilanib). Yeydigan biron narsa va vino… Ko‘p emas.
Ofitsiant: Aniqroq ayt, yeydigan nima?
Zilov (Irinaga). Nima istaysan?
Irina: Sen nima yesang, men ham shu.
Zilov: (qat’iy). Bifshteks. Salat, bir shisha vino va ikki yuz gramm konyak.
Irina: Samolyotga kech qolmaysanmi?
Zilov: Ertaga jo‘nayman. (Ofitsiantga) Sen barini anglading-mi?
Ofitsiant: Tushunarli.
Motam kuyi boshlanadi-yu,shu zahoti boshqa, bachkana kuy bilan almashadi. Chiroq o‘chib, qayta yonadi.

Ettinchi ko‘rinish

Zilov o‘z uyida xona o‘rtasida deraza tomonga qarab turibdi.
Zilov: (telefon raqamlarini terib). Yotoqxonami? Iltimos, qirqinchi xonadan Irinani chaqirib bering… Nima? Ko‘p bo‘ldimi? Buyumlarini ko‘tarib ketdi, deysizmi? Institutga kira oldimi, bilmaysizmi? Bugunmi? Bir daqiqa! Qabul komissiyasining telefoni bormi sizda? Ikki yigirma uch o‘ttiz yetti… Rahmat. (Qaytadan raqam teradi.) Qabul komissiyasimi? Sizni tahririyatdan bezovta qilyapti… Kuzakov… Ha, Kuzakov… Sizga iltimos. Institutlaringizga Rojkova Irina Nikolayevna degan qiz hujjat topshirgan… Rojkova. Ingliz tili kulliyatiga… Tanlovdan o‘ta oldimi, yo‘qmi, shuni bilib bersangiz… Ha, zudlik bilan… Telefon – besh yigirma qirq sakkiz… Qirq minut? Rahmat. Kutamiz. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, telefon oldida o‘tiradi.)
Chiroq o‘chadi.

Navbatdagi xotirlash

Zilovlarning biri ikkinchisidan o‘rtadagi devor bilan ajratilgan ikki xonali kvartirasi. Mehmonlar kutib olingan birinchi xonada turli qutilar, ov miltig‘ining o‘qlari turgan stolda o‘tirgan Zilov ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Devorga osib qo‘yilgan ov miltig‘i, yog‘och o‘rdaklar va Zilovning fotosurati ko‘zga tashlanadi. Ikkinchi xonada esa Galina safarga hozirlik ko‘rmoqda. Stolda yangi telefon apparati paydo bo‘lgan. Galina safarga hozirlik ko‘rishni tugallab, chamadon qopqog‘ini yopadi va stulga o‘tirib xayol suradi.
Qo‘shni xonadan Zilov kiradi.
Zilov: Tayyor bo‘ldingmi? Yo‘lga chiqishdan oldin bir zum o‘tiraylik. (O‘tiradi.) Telegramma jo‘natdingmi?
Galina: Ha.
Zilov: Kutib olishadimi?
Galina: Ha, kutib olishadi…
Zilov: Ularning uydaligiga aminmisan?
Galina: Ha, hamisha kimdir uyda bo‘ladi.
Zilov: Yaxshilab dam ol. Qo‘ziqorin tergani olib borishsin… Amaking ovchi emasmi?
Galina: Menimcha, yo‘q…
Zilov: Umuman ov masalasi qalay u yerda? Bilmaysanmi?
Galina: Menimcha, yaxshi. Zo‘r o‘rmon, ko‘l… (To‘satdan) Birga boraylik.
Zilov: O‘sha yergami? Ovga-ya?
Galina: Yo‘q, hazillashdim. Seni olib bormayman u yerga… Sensiz o‘zim miriqib dam olaman.
Zilov: To‘g‘ri, alohida-alohida ketganimiz ma’qul.
Galina: Rost aytasan.
Zilov: Tezda ov mavsumi boshlanadi, yangi joy qidirib yurish noo‘rin. Bir yildan beri kutaman, tavakkal qilib bo‘lmaydi.
Galina: Ha… Tavakkal qilishning zaruriyati yo‘q. (Sukut. O‘rnidan turadi.) Meni kuzataman, deb o‘tirma. Chamadonim yengil… Taksida ketaman.
Zilov: Ixtiyoring… Qachonga kutay seni?
Galina: Kutish? Sen meni kutarmiding?
Zilov: Bo‘lmasam-chi. Qachon kelasan?
Galina: Qachonlardir kelaman…
Zilov: Qachonlardir? Bu nima deganing?
Galina: Hazillashdim. Bir oydan keyin kelaman… Xo‘p, kel, xayrlashaylik.
O‘pishadi.
Senga omad yor bo‘lsin. Meni eslab tur. Ba’zi-ba’zida. Xayr.
Zilov: Xayr… Qaytishingdan oldin albatta telegramma jo‘nat. Eshityapsanmi?
Galina: (ostonaga borganida). Albatta… (Chiqib ketadi.)
Zilov: (bir nafasga o‘ylanib o‘tirib qoladi, so‘ng xonani aylanib chiqib, deraza oldiga boradi, tashqariga qarab olib, yana xonani aylanib chiqadi. Keyin karavotga o‘tirib, telefon raqamlarini teradi). Yotoqxonami? Iltimos, qirqinchi xonadan Irinani chaqirib qo‘ying… Rojkova Irina Nikolayevna… Chaqiradigan odam yo‘q? Bo‘lmagan gap. Men institutdan ish yuzasidan chaqiryapman… Prorektor… Ha, prorektorman… Marhamat qiling… Kutaman. (Divanga yotadi. Sukut.)
Telefon jiringlaydi.
(Go‘shakni ko‘tarib, begona ovoz bilan) O‘rtoq Rojkova?. Yanglishmasam, Irina Nikolayevna… Sizni prorektor bezovta qilyapti… Gap shundaki, bizda bir masala chiqib qoldi… Komsomolmisiz? Yo‘q? Nega? Bu izohmas… Balki, Xudoga ishonarsiz? Bo‘lmasa nimaga ishonasiz? Buni , sizningcha, kim bilishi kerak? Men bilishim kerakmi? Jiddiyroq bo‘lish kerak, o‘rtoq Rojkova, jiddiyroq… Xo‘p, yaxshi, sizni institutga qabul qilyapmiz, stipendiya beramiz… imtiyozli stipendiya. Bilasizmi, nima uchun? Chiroyli ko‘zlaringiz uchun… Yanglishmasam, ko‘zlaringiz ko‘k… (O‘z ovozi bilan) Salom, mening quvonchim… (Kuladi. ) O‘zimman… Chindan ishondingmi? Bo‘ldi, so‘kinma… Ko‘rasan, hammasi xuddi shunaqa bo‘ladi… Uydaman… (Dadil) Gap bundoq. Tezda menikiga yetib kel… Hozirning o‘zida… Ha… Bir o‘zimman… Yolg‘iz bechoraman… Jo‘nab ketdi… Hozircha bir oyga… Hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Kutaman… Osongina topasan… Ko‘rsatgan edim-ku… Ha, bekatdan ikkinchi uy… Yashil bolaxona… juda to‘g‘ri. Beshinchi qavat, yigirmanchi xonadon… Yigirmanchi… Kutaman… (Go‘shakni joyiga qo‘yib, u yoqdan bu yoqqa yuradi,so‘ng deraza rahiga o‘tiradi.)
Galina kirib keladi.
Nima bo‘ldi? Biron narsang esingdan chiqib qolibdimi?
Galina: Yo‘q, men senga rostini aytmoqchi bo‘lib orqamga qaytdim. Men batamom ketyapman.
Zilov: Batamom?
Galina:. Ha.
Qisqa sukut.
Zilov: “Batamom” – buni qanday tushunish kerak? Bir umrgami?
Galina:. Shunday. Bir umrga.
Zilov: Sen buni jiddiy aytyapsanmi?
Qisqa sukut.
Buni o‘ylab topganingga ko‘p bo‘ldimi?
Galina: Ha.
Zilov: Demak, bir og‘iz aytmasdan ketib yuborishing ham mumkin ekan-da?
Galina: Bunday qila olmadim, ko‘rib turibsan.
Zilov: To‘g‘ri qilayotganingga ishonching komilmi?
Galina: Meni taksi kutyapti. Alvido.
Zilov: To‘xtab tur. Bunaqa ishlar shu yo‘sinda qilinmaydi. Bir umrga ketmoqchisan-u, mening qanday fikrdaligim bilan hatto qiziqmaysan.
Galina: Iltimos, boshqa gaplar ortiqcha. Nima keragi bor? Hamma gaplarni aytib bo‘lganmiz… Olti yil davomida… Ortiq bardosh bera olmayman… Alvido.
Zilov: Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. “Batamom”, “Bir umrga”, “Alvido” – bularning barini kallangdan chiqarib tashla. Bir oyga ketasan, bundan ko‘pmas.
Galina: Poyezdga kech qolaman.
Zilov: Tupurdim o‘sha poyezdingga. Qaytib kelaman, deb so‘z ber. Bo‘lmasa uydan chiqarmayman… So‘z ber va manzilingni yozib qoldir. Eshityapsanmi?
Galina: Qanaqa manzil.
Zilov: Amakingning manzili.
Qisqa sukut.
Galina: Men amakimnikiga ketayotganim yo‘q.
Zilov: Nima-a? Bo‘lmasa qayoqqa ketyapsan? Kimnikiga? Bolalikdagi do‘stingnikigami?
Qisqa sukut.
O‘shanikigami?
Galina: Ha.
Qisqa sukut.
Boshini quyi egib o‘tiradi.
Zilov (jig‘ibiyron bo‘lib). Gap bu yoqda ekan-da…
Galina: O‘zingni go‘llikka solma. Qayoqqa ketyapman, kimnikiga ketyapman – sening uchun bari bir. Bu seni mutlaqo tashvishlantirayotgani yo‘q. Seni allaqachon hech narsa tashvishlantirmay qo‘ygan. Sen uchun hamma narsa befarq. Dunyoda hech narsa seni qiziqtirmaydi. Senda yurak degan narsaning o‘zi yo‘q. Gap shunda. Mutlaqo yurak yo‘q…
Zilov (uni silkitib). Senda-chi, yaramas, senda bormi yurak? A? Qayerda u? Qayerda, deb so‘rayapman? Agar bor bo‘lsa ko‘rsat menga!
Galina: Qo‘yib yubor… Qo‘yib yubor, deyapman.
Zilov: Ha, shoshyapsan… Bilib turibman, menga xiyonat qilishga oshiqyapsan… Yo‘q, jin ursin! (Ikkinchi xonaga sudrab kiradi.) Bu unchalik oson gapmas. (Stulga o‘tqazadi.) O‘tir, joyingdan jilma! Buzuqi ayol! (Boloxonaga chiqib qichqiradi) Hoy, birodar! Haydovchini chaqirib yuboring, iltimos.
Galina boshini quyi eggan holda o‘tiraveradi.
Kelishi bilan aytib qo‘ying. Chamadonni olib, yuqoriga ko‘tarilsin. Rahmat! (Orqaga o‘girilib qo‘shni xona sari chopadi. Ammo Galina eshikni ichidan qulflab olishga ulguradi.)
Och! (Eshikni taqillatadi.) Och, deyapman! (Orqaga qaytib,elib borib yelkasi bilan eshikka uriladi. Eshik ochilmaydi.) Och!. Och, deyapman! Och! Bo‘lmasa, o‘zingga yomon bo‘ladi!
Galina eshik oldiga o‘tirib yig‘laydi.
(Bir nafas jim turib) Och eshikni, yaxshilikcha so‘rayman… Qonimni qaynatma, keyin afsus qilasan.
Galina ho‘ngrab yig‘lay boshlaydi.
(Jim turib qoladi.) Ha, mayli. Och, tegmayman. Ana u do‘stingni esa, eshityapsanmi, o‘ldiraman… Ochaqol… Hech qayoqqa bormaysan… Bu bema’nilik.
Galina o‘rnidan turib, ko‘zyoshlarini artadi.
Mening xotinim ekanligingni unutma… Shu gapingni eshitishim bilan seni bo‘g‘ib qo‘ymaganimga hayronman. (Bir nafas jim bo‘lib turadi.) Quloq sol! Men sen bilan ochiqchasiga gaplashmoqchiman. Ochiqchasiga gaplashmaganimizga ko‘p bo‘ldi. Masala shunda.
Galina sekin yurib eshik oldidan ketadi.
(Astoydil ehtiros bilan) Men o‘zim aybdorman. Buni bilaman. Seni shu darajaga olib kelgan o‘zimman… Seni qiynab yubordim. Lekin, qasam ichib aytamanki, bunaqa hayot o‘zimning ham mana bu yerimga kelgan… To‘g‘ri aytding, bu dunyoda nima bo‘lmasin, hammasiga befarq qarayman. Men bilan nimalar bo‘layotganini o‘zim ham bilmayman… Bilmayman… Nahot menda yurak degan narsa bo‘lmasa? Ha, ha, menda hech narsa yo‘q, birgina sen borsan. Buni men bugun tushundim, eshityapsan-mi? Sendan boshqa nimam bor mening? Do‘stlarimmi? Hech qanday do‘stim yo‘q mening… Ayollarmi? Ha,ular bo‘lgan. Lekin ularning nima keragi bor?! Gapimga ishon, ular menga bir pulga kerak emas… Yana nima? Idoradagi ishimmi? Voy, Xudoyim! Tushunsang-chi, bularning barini yurakka yaqin olib bo‘ladimi! Men yakkaman, yolg‘izman, bu dunyoda sendan boshqa hech narsam, hech kimim yo‘q. Yordam ber. Sensiz xarob bo‘laman… Biron yoqqa ko‘chib ketamiz! Turmushni yangidan boshlaymiz, hali unchalik qari emasmiz-ku…
Irina paydo bo‘ladi.
Eshityapsanmi?
Irina to‘xtab qoladi.
Eshityapsanmi?
Irina: Ha.
Zilov:. Istasang, ovga olib boraman. Xohlaysanmi?
Irina: Xohlayman.
Zilov: Juda soz… U yerda bilasanmi, nimalarni ko‘rasan? Qasam ichib aytamanki, bunaqa narsalarni tushingda ham ko‘rmagansan. Faqat o‘sha yerlarda o‘zingni odam deb xis qilasan. Men seni qayiqda olib ketaman, eshityapsanmi? Sen qayig‘imizni hatto ko‘rmagansan. Nargi qirg‘oqqa o‘tkazib qo‘yaman, xohlaysanmi?
Irina: Ha. (Bu gaplarning sehriga berilgandek, angrayib turib qoladi.)
Zilov: Ammo, bilib qo‘y, juda erta, tong yorishmasdan turishimiz kerak. U yerda qanaqa tuman bo‘lishini ko‘rasan. Biz, xuddi tushdagidek, noma’lum tomonga suzib ketamiz. Oftob chiqqanda esa… Aytma! Bu manzarani hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bilasanmi, qanaqa sokinlik. Go‘yo sen o‘zing ham yo‘qsan u yerda. Ha, hech narsa yo‘q, hech narsa bo‘lmaydi ham… O‘rdaklarni ham ko‘rasan. Albatta. To‘g‘ri, men unchalik mergan emasman. Lekin gap bunda emas-ku… Ovga bironta ayolni olib bormagan bo‘lardim. Faqat seni… Bilasanmi, nima uchun? Chunki, seni sevaman… Eshityapsanmi? Och eshikni!
Irina: Nima, yopilib qolganmisan?
Zilov eshikni itaradi.
Rostdan ham. (Kalitni buraydi.)
Zilov eshikni lang ochadi.Sukut. Zilov hayron, o‘zini bir muncha yo‘qotib qo‘ygan.
Nega menga bunaqa qarayapsan?
Zilov: Jin ursin! Qirolichaning o‘zisan! Ko‘ylaging buncha chiroyli! G‘aroyib! Qayerdan olding uni?
Irina: Eski ko‘ylak… Kecha ham, o‘tgan kuni ham shu ko‘ylakda edim-ku…
Zilov: Yo‘g‘-e… Baribir bugun boshqachasan… Men seni hech qachon bunaqa ko‘rmaganman.
Irina (shodlanib). Rostdanmi? Kim seni bu yerga qamab qo‘ydi?
Zilov: Kim deysanmi? Ha, qo‘shnimiz. Yoshi katta odam-u, shunaqa bema’ni ishlarni qilib yuradi.
Irina: Sen rostdan ham meni shunaqa yaxshi ko‘rasanmi?
Zilov: Qanaqa?
Irina: Hozir aytganingdek.
Zilov (uni quchoqlab). Bunga shubhang bormi?
Irina: Yo‘q… Men ekanligimni qayoqdan bila qolding? Yo qadamlarim tovushini bilasanmi?
Zilov: Bo‘lmasam-chi.
Irina (o‘zini baxtiyor his qilib). Ishonsammi-yo‘qmi?
Zilov: Nega ishonmasliging kerak? Sening kelishingni kutayotgan edim… Lekin, rostini aytsam, kelayotganingni bolaxonadan ko‘rgan edim.
Irina: Ovga boradigan joying olismi?
Zilov: Nima deding? Ha, ha, ancha olisda. Judayam uzoqda.
Irina: Dadam ham meni ovga olib borardi… Nima bo‘lganda ham sen bilan birga boraman. Institutga kiramanmi-yo‘qmi – baribir boraman. Qachon?
Zilov: Nima qachon?
Irina: Ovga qachon ketamiz, deyapman?
Zilov kula boshlaydi.
Nega kulyapsan?
Zilov kulishda davom etib, javob bera olmaydi.
Senga nima bo‘ldi? Nega kulyapsan?
Zilov (kulgi aralash). Yo‘q, yo‘q… Menga e’tibor berma… Men shunchaki… Ba’zi narsalarni eslab qoldim… Hozir… Hozir… (Kulishdan to‘xtab) Mana, bo‘ldi.
Irina (sergaklanib). Mening ustimdan kulayotganing yo‘qmi?
Zilov: Yo‘g‘-e, nima deyapsan?! Bir latifani eslab qoldim. Kecha idorada aytib berishgan edi. Birdan eslab qoldim. Shunaqa ham bo‘lib turadi-ku.
Irina: Menga ham aytib ber.
Zilov: Nimani aytay?
Irina: O‘sha latifani.
Zilov: Arzimaydi.
Irina:. Mayli. Aytaqol.
Zilov: Xo‘p, mayli… Er ish yuzasidan safarga, yo‘q, xotin ish yuzasidan safarga ketadi… Bor-e, bo‘lmagan gap.
Irina: Yo‘q, gapirib berasan.
Zilov boshini chayqab “yo‘q” ishorasini ifoda etadi.
Nega?
Zilov: Senga mumkinmas. Bama’ni latifalardan emas.
Irina:. Ovga qachon ketamiz?
Zilov: Ozgina qoldi.
Chiroq o‘chadi.
Qorong‘ilikdan telefonning jiringlagani eshitiladi.Chiroq yonadi.
Telefon oldida o‘tirgan Zilov go‘shakni qulog‘iga tutadi.
Zilov: Ha…ha… Nima? Hujjatlarini qaytib olibdi? …Tanlovdan o‘tmabdimi? Siz buni aniq bilasizmi? Bir daqiqa! Hujjatlarini qachon qaytarib olgan? Tushunarli… Shoshmang, yana bir daqiqa! Sizdan katta iltimos… Ayting-chi, siz uni shaxsan taniysizmi? Undoq bo‘lsa, mabodo, tasodifan ko‘rib qolguday bo‘lsangiz, Zilov… Ha, Zilov qo‘ng‘iroq qildi, deb aytib qo‘ying. Menga albatta qo‘ng‘iroq qilsin. Iltimos… (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Demak, ketgan.

Parda

UChINChI PARDA

Zilovlar xonadoni.Stolda kattakon qopchiq-ryukzak bilan g‘ilof kiydirilgan ov miltig‘i turibdi. Divanda paxtalik kamzul, polda kirza etiklar yotibdi. Deraza ortida hamon yomg‘ir yog‘moqda.
Boshiga kepka, egniga sviter bilan keng-mo‘l shim kiygan, yalang oyoq Zilov telefonda gaplashmoqda.
Zilov: Yo‘q, ortiq chiday olmayman… Dima, bilasanmi, men nobop ovchiman, lekin, Xudo shohid, yomon o‘rtoq emasman. Men senga o‘xshab… Yo‘q, kutmayman… Toqatim toq bo‘ldi. Mayli… Xudo senga yor bo‘lsin… Mototsikling ham o‘zingga… Ha, hozir, shu daqiqalarda… Ha, yomg‘irda shibba bo‘lib… Bir amallarman… Klyuchigacha avtobusda ketaman, u yog‘iga – piyoda… Piyoda qanaqa yurish kerakligini bilmaysanmi? To‘g‘ri, demak esingdan chiqmabdi… Nima? Qayiqmi? Har qachongidek – marhamat… Ha, meniki, nima bo‘pti? Har qachongidek tengma-teng… Yo‘q, hech ham ayayotganim yo‘q, bekorga tashvishlanyapsan… Bir daqiqa, Dima, sabr qilib tur! Bir narsani so‘ramoqchi edim… to‘xtab tur… Ha! Kecha mening basharamga tushirgan sen emasmisan? Hech eslay olmayapman… Yo‘-o‘q, shubha qilayotganim yo‘q, shunchaki so‘rayapman… Bilganimda so‘ramagan bo‘lardim… Mayli, kechirasan, bunga e’tibor berma… Shunchaki, qiziq-da. Yana bir karra uzr, xafa bo‘lma… Xo‘p, o‘sha yerda ko‘rishamiz… Ko‘rishamiz… Salom. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Etiklarni kiyadi.)
Eshik taqillaydi.
Hozir!
Eshik ortida ovoz. Telegramma!
Zilov (chiqib ketadi va telegrammani ko‘tarib kiradi, uni ovoz chiqarib o‘qiydi). “Qadrli Alik! Eng yaxshi do‘stimiz Zilov Viktor Aleksandrovichning bevaqt vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildiramiz… Bir guruh o‘rtoqlar…” (Sukut) Bir guruh o‘rtoqlar… Ana senga… (Telegrammani shoshmasdan maydalab yirtadi.)

Motam kuyi eshitiladi va u tezda sho‘x kuy bilan almashadi. Qorong‘ida sahna o‘zgaradi.Chiroq yonib, kuy to‘xtaydi.

Oxirgi xotirlash boshlanadi

“Nezabudka” kafesi. Ikkita stol birlashtirilgan. Ofitsiant dasturxon tuzaydi. Qora kastyum kiygan Zilov allaqanday tantanali, hayajonlangan qiyofada o‘tiribdi.
Zilov: Xullas. Yana bir juft shampan vinosi. Bo‘lmasam-chi. Axir biz uchun bayrammi-yo‘qmi?
Ofitsiant: Qancha odam bo‘ladi?
Zilov: Yetti kishi.
Ofitsiant:. Kimlar?
Zilov: Har qachongidek. Do‘stlar! Yana kim bo‘lishi mumkin? Rostini aytsam, ularni ko‘rgim yo‘q.
Ofitsiant: Nima, arazlashib qoldilaringmi?
Zilov: Arazlashib deysanmi? Shunga o‘xshash… Balki bunaqamasdir… – E-e, bizlarni tushunib bo‘larmidi? Mana, biz ikkimiz do‘stmiz. Shunday bo‘laturib, seni bir chaqaga sotib yuboraman. Keyin ikkovimiz uchrashib qolamiz-u: “Qariya, men seni yaxshi ko‘raman. Ozgina pulim bor, sen bilan birga ichkim kelib qoldi”, – deyman. Birga o‘tirib ichamiz. Keyin, bu pul menga qayoqdan kelganligini yaxshi bilganing holda, men bilan quchoqlashasan, o‘pishasan. Baribir men bilan o‘tirib ichasan, chunki, sen uchun buning ahamiyati yo‘q… Ertaga sen meni kutib olasan va bari qaytadan boshlanadi… Mana shunaqa, og‘ayni. Sen bo‘lsang, arazlashib qoldilaringmi, deysan… Xullas, ularni ko‘rgim yo‘q.
Ofitsiant: Shunaqa ekan nega taklif qilib o‘tiribsan?
Zilov: Shunchaki o‘z ko‘ngilxushligim uchun.
Ofitsiant: Tushunmadim.
Zilov: Har jihatdan baxtli bo‘lish uchun. O‘zing o‘ylab ko‘r, bugun ularning basharalariga qarab o‘tiraman, ertaga esa ovda bo‘laman – farqi nima.
Ofitsiant: G‘alati odamsan.
Zilov: Ertaga barvaqt ketishga harakat qilamiz, ov to‘g‘rimi? Soat oltilarda-a, nima deysan? Vaqtli ketsak, kechga qadar yetib boramiz.
Ofitsiant: Ulguramiz. Ovga rasmiy ravishda indinga ruxsat beriladi.
Zilov: Gap shunda-da. Demak, ertaga o‘sha yerda bo‘lishimiz shart. Aks holda, birinchi ovni o‘tkazib yuboramiz.
Ofitsiant: Tashvishlanaverma, ulguramiz.
Zilov: Jin ursin, bir sutka o‘tar-o‘tmas qayiqda o‘tirgan bo‘lamiz-a? Sokinlikda. Tuman qo‘ynida. Ozgina ichgin, Dima. Ilk ov uchun ichib yubor.
Ofitsiant: Vitya, qistama, men ishdaman.
Zilov: Axir bugun oxirgi kecha.Ta’tilga chiqdim, deb hisoblayver.
Ofitsiant: Yo‘q, dedim-ku. Hali hisobat berishim, pullarni topshirishim kerak. Umuman mening qonunimni o‘zing bilasan.
Zilov: Hozir o‘sha qonuningni yig‘ishtirib qo‘y. (Stakanni unga tutadi.) Bitta… Ilk tong uchun.
Ofitsiant: Bir qultum ham ichmayman. Ertaga – marhamat. Qancha desang…
Zilov: Mayli… Vijdonan aytadigan bo‘lsam, bu qahvaxonang medamga tegdi. Xudoga shukurki, biz uni rosa bir oy ko‘rmaymiz. Shunday qilib o‘rdak ovi uchun! (Ichadi.) Bu safar ovim o‘ngidan kelishini yuragim sezib turibdi.
Ofitsiant: Xayoliy hissiyotlar – bo‘lmagan gap. Otishni bilmasang, bu hissiyotlar yordam bera olmaydi. Nishonga qanday urolmagan bo‘lsang, shunday urolmay qolaverasan.
Zilov: Dima. Men qachongacha nishonga urolmay qolaveraman? Nahot bu safar ham…
Ofitsiant: Vitya, men senga yuz marta tushuntirganman: o‘zingni qo‘lga olib, tinchlanmaganingcha nishonga urolmaysan.
Zilov: Bu nimasi-a?“Hayajonlanma”, “Tinchlan”! Dima, nima, meni mayna qilmoqchimisan? To‘g‘ri, ko‘z kerak, senikiga o‘xshagan qo‘l kerak, bunga aqlim yetadi…
Ofitsiant: Vitya, ko‘zlaring joyida, qo‘llaring ham binoyiday, barini yaxshi tushunasan.Ammo otishga kelganda no‘noqsan. Nega? Ov shunaqa narsaki, uni egallay olish kerak. Shoshmasdan, hayajonlanmasdan, asabiylashmasdan, osoyishtalik bilan… Masalan, suvda deyaylik. Xo‘sh sen nima qilasan?
Zilov (o‘rnidan turib). Nima qilardim?
Ofitsiant (uning gapini bo‘lib). Mana, ko‘rdingmi, halitdan o‘rningdan turib ketding, bu nimaga kerak? Shoshmasdan, hovliqmasdan, sarishtalik bilan qilish kerak barini.
Zilov: Osmonda uchib ketayotgan bo‘lsa-chi? Bunda ham shoshmaslik kerakmi?
Ofitsiant: Nega endi? Bunda tezkorlik zarur. Lekin yana osoyishtalik talab etiladi. Qanday tushuntirsam ekan? Go‘yo ular tabiatda emas, suratda uchib ketayotgandek.
Zilov: Lekin ular suratda emas-ku! Ular tirik parrandalar-ku.
Ofitsiant: Ular nishonga urolmaganlar uchun tirik. Nishonga uradiganlar uchun o‘lib bo‘lgan. Faraz qilyapsanmi?
Zilov (engiltaklik bilan). Tushunarli… Yana ozgina ichib olay. Hayajonlanmaslik uchun ichaman. (Ichadi.) Bu safar bari (bosh barmog‘ini ko‘rsatib) mana bunday bo‘ladi. O‘zing ko‘rasan…
Ofitsiant (kulimsirab). Ha, ko‘ramiz… Obi-havo aynimasa bo‘lgani.
Zilov: Yo‘g‘-e. Nafasingni sovuq qilma.
Qisqa sukut.
Ofitsiant: Vitya, xotining ketganmish.? Shu rostmi? Bitta o‘zing qolgan emishsan?
Zilov: Nimaga so‘rayapsan? Kalit kerak bo‘lib qoldimi? Bir o‘zim emasman. Qaylig‘im bilan birga turibman.
Ofitsiant: Qayliq dedingmi? (Iljayib qo‘yadi.) Chakki emas.
Zilov (asabiylashib). Nega tirjayyapsan? Balki u bilan birga yotgandirsan?
Ofitsiant (hayron bo‘lib). Bema’ni gapni gapirma. Senga nima bo‘ldi?
Zilov: Hech narsa. Sen o‘rni kelmagan joyda bekorga tirjayma. Qayliq, dedimmi, qayliq. Men unga uylanmoqchiman, tushundingmi?
Ofitsiant: Nima, men qarshi ekanmani?
Zilov: Menga qara, yana ikki shisha olib kel. (Yonidan pul olib, unga beradi.) Yiliga bir marta yayrab o‘tirishga haqqim bormi?
Ofitsiant: Albatta, Vitya. O‘zingga o‘zing xonsan, har qachongidek, bilganingni qilasan.
Vera bilan Kuzakov paydo bo‘lishadi. Veraning qo‘lida bir necha dona qo‘qongul.
Kuzakov: Aliklarga salom.
Zilov: Salom, salom.
Ofitsiant: Salom.
Zilov:. O‘tiringlar.
Vera (Zilovga). Qaranglar, bugun u qanaqa bashang.
Kuzakov: Gap yo‘q, xushsurat.
Vera: Go‘yo tug‘ilgan kunini nishonlayotgandek.
Kuzakov: Shahzoda.
Zilov: Bo‘ldi. Laqillashni bas qilinglar. Stolga o‘tiringlar.
Vera (gullarni ofitsiantga berib). Alik, iltimos, guldonga solib kel.
Ofitsiant (iljayib). Xo‘p bo‘ladi. (Ketadi.)
Kuzakov (Veraga). Sen u bilan tanishmisan?
Vera: Afsuski, shunday.
Zilov: Yaxshisi sen undan, kim bilan tanish emassan, deb so‘ra.
Kuzakov: U menga yoqmaydi.
Vera: Menga ham. Lekin, men uni tanimayman deyishning nima keragi bor?
Zilov: Qo‘yinglar, u zo‘r yigit. (Kuzakovga) Sen uni rashk qilasan shekilli?
Kuzakov (Verani bag‘riga tortib). Haqsan. Rostdan ham rashk qilaman.
Vera: Buning nimasi yomon? (Kuzakovni quchgan bo‘ladi.)
Zilov: Naqadar xushmuomala… (Kuzakovga istehzo bilan). Unga uylansang bo‘larmidi.
Kuzakov: Bilasanmi, xuddi shunday qilaman.
Zilov (ajablanib). Jiddiy gapiryapsanmi?
Kuzakov:. Nima, sen bunga qarshimisan?
Zilov (yana istehzo bilan). Men qarshi ekanmanmi? Nima deyapsan, aksincha. Oq fotiha berishim mumkin.
Valeriya, Sayapin va Kushak kelishadi.
Sayapin: Aliklarga salom!
Salomlashishadi. Ofitsiant vino va gullarni olib kelib, stolga qo‘yib ketadi.
Zilov: Dasturxonga marhamat. Joylashib olinglar. Vadim Andreevich, mana bu yerga o‘tiring.
Kushak: Ha, men shu yerga o‘tiray. Ta’tilga chiqqan odamning yonida o‘tirganim ma’qul. (Zilovning yoniga o‘tiradi.)
Zilov: Mana, jamoat jam. Hozir qaylig‘im ham kelib qoladi.
Valeriya: Qayliq?
Zilov: Nima bo‘pti? Balki bu sizga ma’qul bo‘lmayotgandir?
Valeriya: Har qalay mutlaqo kutilmagan yangilik…
Vera: Qaylig‘ing bormi?
Zilov: Xuddi shunday. Sening kuyoving bor ekan, nega mening…
Valeriya (uning gapini bo‘lib). Yaxshi, yaxshi. Qayliq bo‘lsa qayliqda. Lekin bizni taklif qilgan ekansan, oldindan ichmay sabr qilib tursang bo‘lmasmidi.
Zilov: Gap bunday. Hozir qaylig‘im keladi-yu, ichishni boshlaymiz. Birgalikda ichishmaganimizga ancha bo‘ldi, to‘g‘rimi, Vadim Andreevich?
Kushak (o‘zini noqulay his qilib) O‘zingizga ma’lum, men bu sohada unchalik…
Zilov: Hech narsa ma’lum emas. Menimcha, siz kechasi uyda ichsangiz kerak.
Valeriya: Bo‘lmagan gap. Bizning oramizda alkogolik bo‘lmagan yagona erkak bu – Vadim Andreevich.
Sayapin: Birodarlar! Nima ko‘rayapman? Stolga qaranglar!
Zilov: Nima bo‘libdi?
Sayapin: Qisqichbaqa!
Valeriya: Qisqichbaqa? G‘aroyib! Tantilik bu!
Kushak: Hozir qisqichbaqalar rostdan ham kamyob bo‘lib qoldi.
Chiroyli, guldor ko‘ylak kiygan Irina paydo bo‘ladi. Ko‘tarinki kayfiyatda.
Irina: Xayrli kech.
Salomlashishadi.
Zilov: (tundlik bilan).Qayerda eding?
Irinaning yuzidagi quvnoqlik alomatlari so‘nadi. Javob bermaydi.
Bo‘pti. Bu yoqqa kel.
Irina uning yoniga boradi.
(Hammaga qarata.) Mana. Tanishinglar. Ismi Irina. (Irinaga) Tanishib qo‘y. Bu kishi – Vadim Andreevich.
Kushak: G‘oyat mamnunman.
Zilov: Bizning xo‘jayinimiz, ya’ni rahbarimiz. O‘ta ko‘ngilchan odamlardan.
Irina hammaga bir-bir yengilgina bosh egib, mamnuniyat bildiradi.
Bu kishi – Sayapin. U ham yirik arbob… (Valeriyaga ishora qilib) Uning janjalkash rafiqasi… Ular esa… Kuzakov. Hozirgina aniqlashimcha, kuyov yigit… (Vera to‘g‘risida.) U esa… o‘zing ko‘rib turibsan. U ham, kelinchak ekan… Bari mening eng yaxshi do‘stlarim.
Irina (mayingina). G‘oyat xursandman.
Zilov: Ular ham g‘oyat xursand. (Barchaga) Yoki sizlar xursand emasmisizlar?
Qisqa sukut.Zilovning yakka o‘zi ichadi.
Kuzakov (istehzo bilan). Qalay, yaxshi ketdimi?
Zilov: Yaxshi ketganda qandoq.
Kuzakov: Sen bizni qanday ichishingni ko‘rsatish uchun chaqirganmisan bu yerga?
Zilov: Yo‘g‘-e. Hushyor odamlarni ko‘rish uchun taklif qilganman.
Valeriya: Hali yana uzoq qarab o‘tirasanmi?
Zilov: Yo‘q. Yetarli. Endi ichishingiz mumkin. Bo‘lg‘uvchi ov uchun. Oldindan ogohlantirib qo‘yay, bugun hammangiz faqat ov uchun ichasizlar.Faqat ov uchun.
Qisqa sukut.
Kushak: (ehtiyotkorlik bilan). Viktor, tushunaman,ov – sen uchun sevimli ermak, xobbi. Lekin…
Zilov: (uning gapini bo‘lib). Qanaqa ermak, jin ursin! Ov – bu ov! (To‘ng‘illab) Xobbimish! Kelinglar, bunaqa bema’ni gaplardan ko‘ra, ov mavsumining ochilishi uchun ichaylik.
Valeriya (Zilovga). Sen shu oving bilan aqldan ozganga o‘xshaysan.
Kushak: Rostdan ham. Bu yerda o‘tirganlarni har birining o‘zi qiziqadigan narsasi bor, deb o‘ylayman. Shunday ekan… Axir biz sening mehmonlaringmiz….
Zilov: Bo‘lmagan gap. Faqat ov uchun ichasizlar, gap tamom-vassalom! Bo‘lmasa bu yerga nega to‘plandingiz?
Zilovning es-hushi hozircha joyida.
Kuzakov: Tushunmayapman,sen nima istaysan? O‘rinlaringdan turib ketinglar, demoqchimisan?
Sayapin: Yo‘g‘-e, Vitya hazillashyapti. Har qachongidek. Nima, uning qanaqaligini bilmaysizlarmi?
Zilov: (Irinaga). Mana bu ulfatlarga qaragin. Qanaqa jiddiy, salobatli bari! Ular ichishmaydi, biron narsa yeyishmaydi. Ularning miyasida batamom boshqa narsalar. Menga qanday yashash kerakligini o‘rgatish uchun kelishgan bari.
Vera: Yetar! Me’damga tegdi bari!
Zilov: Me’damga tegdi, deysanmi? Albatta! Sen uzoq gaplashishga o‘rganmagansan.
Irina (alahsirab qolgan holatda, sekin). Bas qil…
Zilov: To‘xtab tur! Sen ularni bilmaysan. Ular shunaqa oliy janob odamlarki, hatto men bilan bir stol atrofida o‘tirishga hazar qilishadi. (Veraga) To‘g‘rimi, Verochka? Mana, hozir ham nomus qilganingdan yerga kirib ketgundek bo‘lib o‘tiribsan, to‘g‘rimi? Axir sen kelinchagimizsan. (Kuladi.)
Kuzakov (o‘rnidan turadi). Menga qara! Men seni qachondan beri bilgan bo‘lsam, hamon buzg‘unchilik qilib kelasan. Tag‘in nima bo‘ldi? Bu safar maqsading jiddiyroq ko‘rinadi. Xudo ko‘rsatmasin, janjal boshlanib ketishi ham hech gapmas.
Vera: Qachon janjal boshlanadi, deb kutib o‘tiramizmi? Balki, ketganimiz ma’quldir?
Zilov: Yo‘q, nega endi? Shoshmay turingizlar. Diydorlaringizga to‘yib olaylik. Siz ikkovingiz shunaqa ajoyib juftliklarsizki. Sizlarni televizorda ko‘rsatish kerak. Ayniqsa kelinposhshoni.
Irina. Viktor!
Kuzakov o‘rnidan turib,Zilov sari yuradi. Sayapin ham joyidan turib, Zilovnning ikkinchi tomoniga o‘tadi.
Vera (o‘rnidan sapchib turib). Tegmanglar unga!
Kuzakov bilan Sayapin to‘xtashadi.
Mast odamni urmoqchisanlarmi?! U to‘g‘ri aytyapti.
Valeriya (Veraga). Nima deyapsiz? Haddidan oshib ketdi-ku! U o‘zini qo‘shog‘iz miltig‘i bilan o‘sha botqoqdaman, deb faraz qilyapti shekilli.
Kushak (Zilovga). Viktor! Sen rostdan ham haddingdan oshib ketding! Sen o‘rmonda emassan. Bu yer jamoatchilikning joyi, oilali kishilar, qizlar o‘tirishibdi…
Zilov: Ha-ha. Albatta! Oila, oila do‘sti, kelinchak, qayliq – uzr so‘rayman… (G‘amgin) Bas qilingizlar. Kimni aldamoqchi bo‘lyapsizlar? Nima uchun? Shunchaki odab saqlash uchunmi? Bo‘lmasa eshitinglar: Tupurganim bor o‘sha odoblaringga! Eshityapsizlarmi? Tartib va odoblaringiz mana bu yerimga keldi
Irina (Zilovni silkitib). Viktor!
Kushak (g‘azabnok bo‘lib). Bu endi! Riyokor emasman-u, lekin bu endi hammasidan oshib tushdi! (O‘rnidan turadi.)
Zilov (Kushakka).Ha, albatta! Siz bu oqshomni madaniyatli, tinch-totuv, ko‘ngilli o‘tkazish niyatida kelgansiz. Qarabsizki, bunaqa bema’nilik. Shunaqami? Yaxshisi, to‘g‘risini ayting-chi, bu yerga nimaga keldingiz? Xo‘sh, nimaga?. Jimsiz? Sizga nima kerakligini men o‘zim aytaman. Sizga qiz kerak. Shuning uchun bu yerga qadam ranjida qildingiz.
Kushak: Bas qiling, bezori!
Irina: Viktor!
Ofitsiant keladi.
Ofitsiant: Vitya, shovqin qilma, qariya. Bu yerda shovqin qilish man etilgan…
Zilov (yulqinib hammaga qarata). Maynavozchilik qilmalaring. Yetar, bas! Qiz kerakmi – aytinglar.
Valeriya: Beadab, surbet!
Zilov (Kushakka)Qiz kerakmi marhamat! Xohlaganingizni oling. (Veraga ishora qilib) ana uni, yoki (Valeriyaga ishora qilib) ana uni olsangiz ham bo‘laveradi (Sayapinga ishora qilib) U yo‘q demaydi, jon-jon deb rozi bo‘ladi. Nima bo‘pti? Axir oila do‘stisiz-ku.
Irina (Zilovni silkitib). Ovozingni o‘chir! Bo‘lmasa, ketaman.
Valeriya: Surbet! (Sayapinga) Nimaga bezrayib turibsan? Bizni haqorat qilyapti, eshitmayapsanmi!
Sayapin Zilov sari yuradi, lekin uni ofitsiant to‘xtatib qoladi.
Ofitsiant: To‘xta-to‘xta, tinchlan. Bu yerda mumkinmas.
Zilov (Kushakka). Nimaga qarab turibsiz. Tanlang.
Irina (noumid iltijo bilan). Ketyapman, eshityapsanmi!
Valeriya: Surbet! (Kushak bilan Sayapinga). Yuringlar, ketdik.
Valeriya, Kushak va Sayapinlar tashqariga qarab yurishadi. Vera bilan Kuzakov ularga ergashadi.
Zilov: (qichqirib). To‘xtanglar!
Chiqib ketayotganlar to‘xtashadi.
(Irinani qo‘lidan ushlab, o‘rnidan turg‘azadi). Mana sizga yana bittasi! Uni ham oling, ushlang!
Irina (qichqirib). Viktor!
Zilov: Tavsiya qilaman! O‘n sakkiz yoshda. Ajoyib zot. Qayliq. Xo‘sh! Nega hang-mang bo‘lib qoldingiz? Befoyda, deb o‘ylaysizmi? Bo‘lmagan gap! Menga ishonavering, bu oddiy bir narsa!
Ofitsiant: Tinchlan, tinchlan… (Uni stol tomon jildiradi.)
Irina Zilovga dahshat bilan qarab qoladi.
Kuzakov (Irinaga). Biz bilan yuring…
Zilov: Juda to‘g‘ri.Uni olib ketinglar, daf bo‘linglar!
Valeriya: (ostonaga yetganida). Telba!
Sayapin: Qonunbuzar!
Kushakov, Vera, Kuzakov, Valeriya va Sayapinlar chiqib ketishadi. Ofitsiant Zilovni stolga o‘tqazadi. Irina dovdiragan bir holatda, nima qilarini bilmay xona o‘rtasida turib qoladi.
Zilov (chiqib ketganlarning orqasidan). Juda soz! Itvachcha ajinalar sari yo‘qolinglar! Endi menga bir pulga kerak emassizlar! Ko‘rgim yo‘q senlarni! Ablahlar! Aliklar! Basharalaring qursin! (Aroq quyib bir ko‘tarishda ichib yuboradi. Ana shundan keyin g‘irt mast bo‘ladi. Irinaga qarab.) Ular bilan birga sen ham daf bo‘l!
Ofitsiant: Uni bekorga xafa qilyapsan. Men sening o‘rningda bo‘lganimda bunaqa qiz bilan bu darajada gaplashmagan bo‘lardim.
Zilov: Sen o‘zing kimsan? Eh, malaysan, malay…Sen yetishmay turganding.U senga kerak bo‘lsa, olaqol. Menga baribir.U ham o‘shalarga o‘xshagan yaramas. Hozir bo‘lmasa, keyin bo‘ladi. U uchun hammasi hali oldinda…
Ofitsiant (Irinaga o‘zi uchun, Zilov uchun uzr so‘ragandek bo‘lib). Es-hushini batamom yo‘qotdi. Nima deyayotganini o‘zi bilmaydi.
Zilov: (Irinaga). Nega menga buncha tikilib qolding? Mendan senga nima kerak? (Ofitsiantga) Hoy, malay! Mana buni yo‘qotgin bu yerdan.O‘zing ham ket. Yolg‘iz o‘zim qolmoqchiman… Birontangizga ishonmayman, eshityapsanmi?
Irina sekin yurib,chiqib ketadi. Zilov boshini stolga qo‘yib, jim bo‘lib qoladi.
Ofitsiant (Zilovning yoniga kelib, biqiniga turtadi va uning boshini ko‘tarib). Men malaymanmi?
Zilov: (gangigan bir holatda). Nima bo‘ldi?
Ofitsiant: Men malaymanmi? Men-a?
Zilov: Senmi? Bo‘lmasam-chi? Boshqa kimsan?
Ofitsiant atrofga qarab olib, uning yuziga musht tushiradi. Zilov stullar orasiga yiqiladi. Ofitsiant stol ustini yig‘ishtira boshlaydi.
Kuzakov bilan Sayapin kirishadi.
Sayapin: Qani u?
Ofitsiant (erda yotgan Zilovni ko‘rsatadi). Tayyor bo‘ldi. Qimirlashga holi yo‘q.
Sayapin: Qahramon!
Kuzakov (Zilovni yerdan ko‘tarib,Sayapinga). Yordamlashib yubor.
Ofitsiant: Yaxshiyam sizlar keldinglar. Men u bilan band bo‘la olmayman. Xizmatdaman. (Patnisni ko‘tarib ketadi.)
Kuzakov bilan Sayapin Zilovni o‘rnidan turg‘azib, stulga o‘tqazishadi va uni hushiga keltirishga harakat qilishadi.
Kuzakov: Hoy, janjalkash, ko‘zingni och.
Zilov (garangsib). Nima gap?
Kuzakov: Uyga boramiz.
Zilov: Uyga? Nega? U yerda nimam qolibdi? Yo‘q, uyga borgim yo‘q. Hech qayoqqa borgim yo‘q. Shu yerda qolaman. Qaror qat’iy!
Sayapin (Zilovning qulog‘iga qichqirib). Hoy, tun bo‘ldi. Kafe yopilyapti. Yarim kecha bo‘ldi, deyapman! Tun!
Zilov: Tun? (Birdan jonlanib) Qani tun? Tun bo‘lganligini qayerda ko‘ryapsan? Tunda qorong‘i bo‘ladi. (Ochiq eshikdan ko‘rinib turgan, chiroqlar bilan yoritilgan ko‘chaga ishora qiladi.) U nima? Ko‘rib turibsan, kunduzdagidek charog‘on. Yo‘q, bari jonimga tegdi. (Yana hushini yo‘qotadi.)
Kuzakov: O‘lgudek mast… (Zilovga) O‘zing yura olasanmi?
Zilov: Ha, hozircha yura olaman. Avval ichamiz. Ichib, keyin ketamiz… (To‘satdan) Shoshmanglar! Qaylig‘im qani?
Sayapin: Qaylig‘ing endi esingga kelibdi-da!
Zilov: Qaylig‘im qani? Qani u? Qaytaringlar uni! Qaytaringlar! Biz u bilan planetariyda nikohdan o‘tamiz…
Ko‘chada shovqin ko‘tarilib, yomg‘ir yog‘a boshlagani ko‘rinadi.
Sayapin: Yomg‘ir yog‘a boshladi.
Kuzakov: Yomg‘ir ostida olib ketamiz. Ketdik!
Ular Zilovni stuldan ko‘tarishadi,u qarshilik ko‘rsatadi.
Zilov: Qayoqqa olib ketayapsanlar?
Sayapin: Planetariyga. Qonuniy nikohdan o‘tasan.
Zilov (qarshilik ko‘rsatib). Istamayman.
Kuzakov (Sayapinga). To‘xtab tur… (Zilovga qichqirib) Hoy, bezori! Ertaga ovga ketishing kerak. Esingdan chiqdimi?
Zilov: Ovga? (Hushiga kelgandek) Jin ursin! Rost aytasanlar, shoshilish kerak. (Oyoqqa turar ekan, yiqilib ketay deydi.)
Kuzakov bilan Sayapin uni suyab qolishadi.
Kuzakov:. Murda. Qo‘ltig‘idan ushlaylik.
Sayapin: Murda?
Kuzakov: Bo‘lmasam-chi, murdaning o‘zi. Qo‘lda ko‘tarib ketishi-mizga to‘g‘ri keladi, shekilli.
Sayapin (kaftlarini bir-bir ishqalab). Murdacha! (Kuladi.) Menda ajoyib bir g‘oya paydo bo‘ldi. (Kuladi.) Ertaga unga ajoyib tomosha ko‘rsatamiz!
Kuzakov: Qanaqa tomosha?
Sayapin (bosh barmog‘ini ko‘rsatib). Mana bunaqa! Kutilmagan sovg‘a bo‘ladi. U bizga bugun tomosha ko‘rsatdi. Biz unga ertaga ko‘rsatamiz! Murdacha! (Xoxolab kuladi.) Ketdik.
Kuzakov bilan Sayapin Zilovni qo‘ltig‘idan ko‘tarib olib chiqib ketishadi. Yomg‘ir tovushi kuchayadi. Motam musiqasi eshitiladi. Sahna bir necha soniyaga qorong‘ilashadi, so‘ng birinchi ko‘rinishdagi ikki projektor birin-ketin yonadi. Birinchi xiraroq nur eshik oldida birinchi ko‘rinishdagi holatda turgan Zilovni yoritadi. Ikkinchi projektor esa xona o‘rtasidagi doiraga nur sochadi. Hozir bu yerda Zilovning birinchi ko‘rinishdagi xotirasi namoyon bo‘ladi.
Bu sahna boshidan oxirigacha motam kuyi jo‘rligida davom etishi lozim.
Doirada projektorning yorqin nuri ostida Kuzakov bilan Sayapin paydo bo‘lishadi.
Sayapin: Yo‘g‘-e, nima deyapsan. Bo‘lishi mumkin emas.
Kuzakov: Shubhasiz.
Sayapin: Yo‘g‘-e, har qachongidek hazil qilgan.
Kuzakov: Afsuski, bu safar ish jiddiy. Bundan jiddiyroq bo‘lmaydi.
Sayapin: Kel, bahslashamiz, u shunaqa ovoza tarqatib, hozir o‘zi “Nezabudka”da o‘tiribdi.
Vera bilan Valeriya, ularning ketidan Kushak paydo bo‘lishadi.
Valeriya: Buni qarang-a, kechagina ovga ketishga hozirlik ko‘rib qo‘ygan, hazillashib o‘tirgan edi… Kechagina-ya! Bugun esa?!
Vera: Undan bunaqasini kutmagan edim. Aliklarning aliki edi…
Kushak: Qanday baxtsizlik! Hech qachon ishonmagan bo‘lardim. Lekin, bilasizmi, so‘nggi paytlarda u o‘zini batamom boshqacha tuta boshlagan edi… Riyokor emasman-u, ammo shuni aytishim kerakki, u o‘zini o‘ta g‘alati tuta boshlagan edi… O‘ta beparvo, befarq desammikin. Bu esa yaxshilikka olib kelmaydi.
Barchasi g‘oyib bo‘ladi. Galina, uning ketidan Irina paydo bo‘lishadi.
Galina: Ishonmayman, ishonmaymanan. Nega bunaqa qilib qo‘ydi?
Irina: Nima uchun?
Galina: Ayt-chi, u seni yaxshi ko‘rarmidi?
Irina: Men bilmasam…
Galina: Biz birgalikda olti yil yashadik, lekin uni sira tushuna olmadim.Biz ikkimiz do‘stlashamiz, ho‘pmi?
Irina: Yaxshi.
Yig‘lab ko‘rishishadi.
Galina: Men bu yerdan ketaman, batamom ketaman… Xat yozasanmi?
Irina (yig‘i aralash). Yaxshi…
Galina g‘oyib bo‘ladi. Kushak bilan ofitsiant paydo bo‘lishadi.
Ofitsiant: Singlim, Bunday holatda yolg‘iz qolganingiz yaramaydi.
Kushak: Shunday, lekin… Yo‘q, albatta. Har qalay…
Ofitsiant: Biz sizni soat oltida “Nezabudka”da kutamiz. Kelasizmi?
Irina (yig‘i aralash). Yaxshi.
Barcha ketadi. Kuzakov paydo bo‘ladi.
Kuzakov: (xayolchan). Kim bilsin… Bundoq o‘ylab qarasang, hayot boy berilgan… (G‘oyib bo‘ladi.)
Birin-ketin motamsaro Galina, Kushak, Kuzakov, Sayapin, Valeriya va ofitsiant, ular so‘ngidan gulchambar ko‘targan bola o‘tib ketishadi.
To‘satdan har ikkala projektor so‘nib,musiqa tinadi.Sahnada bir-ikki soniyali qorong‘ilik hukm suradi.
Sahna yorishadi. Zilov o‘z xonasida chala ochilgan deraza oldida uzoq vaqt qimirlamay turadi. Deraza ortida yomg‘ir yog‘moqda.U derazani yopmoqchi bo‘ladi, lekin to‘satdan uni lang ochib qo‘yadi.
Zilov: (derazadan boshini chiqarib qichqiradi). Vitka! Qayoqqa ketyapsan? Darslaring nima bo‘ladi? Bajarib qo‘yganmisan? Yasha! Nima? Tashvishlanma, bari joyida… Bo‘pti, boraver. Yaxshi qol, Vitka. Alvido. (Derazani yopadi, so‘ng boshidan kepkasini yechib,polga otadi. Telefon yoniga kelib, raqamlarni teradi.) Dima? Bilasanmi, men bormaydigan bo‘ldim… Yo‘q, seni ogohlantirib qo‘ymoqchiman. Umuman bormayman. Shunga qaror qildim… Boshqa rejalarim bor. Ha, boshqa joyga… Yo‘g‘-e, Senga tenglashib bo‘larmidi… Menga qara, hozir nima bilan mashg‘ulsan? Seni uyga taklif qilmoqchiman… Janozamga… Mening janozam… Yo‘q, jonimga tegdi. Balki men uning joniga tekkandirman. Ikkovidan biri… Gapning qisqasi, seni janozamga taklif qilyapman. Ha-da, qo‘shni sifatida… Ko‘chani kesib o‘tishga erinasanmi? Ichadigan, deysanmi? Nega bo‘lmasin, bo‘ladi… Kelasanmi? Demak, kelishdik. (Go‘shakni qo‘yadi, so‘ng yana uni ko‘tarib, raqamlarni teradi.) Menga Sayapin kerak… Salom, Zilovman… Ha, tirikman… Oldim, rahmat. G‘oyat kulgili… Kuzakov ham o‘sha yerdami? Juda soz… Yashanglar. Kulgidan o‘lay deb qoldim… Albatta… Hammasi to‘g‘ri, azamatlar… Xo‘sh, bo‘lmasa, janozamga kelinglar… Bo‘lmasam-chi. Axir bu ishni oxiriga yetkazishimiz kerak-ku… Men nima deyapman? Janozamga kelinglar, deyapman. Nima qilamiz deganing nimasi? Odatimizga ko‘ra, ichamiz, ovqatlanamiz… Hozirning o‘zida… Kelyapsanlarmi? Juda soz. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, stolga o‘tiradi va qog‘oz bilan ruchka olib, nimalarnidir yozib qo‘yadi, so‘ng o‘rnidan turib, qopchiqdagi o‘qlik kamardan bir dona o‘q olib, shoshilinch ravishda miltiqni o‘qlaydi.Stulga o‘tiradi, miltiqni polga qo‘yib, tig‘ini ko‘ksiga qadaydi. Avval bir qo‘li,keyin ikkinchi qo‘li bilan tepkiga barmoq bosib ko‘radi. Stulni stolga yaqin keltirib qo‘yadi. Miltiqning qo‘ndog‘ini stolga tirab, tig‘ini ko‘ksiga qadaydi. Shundan keyin miltiqni bir chekkaga qo‘yib, o‘ng oyog‘idagi etikni, so‘ng paypog‘ini yechib, yana miltiqni stol bilan ko‘kragi oralig‘iga qo‘yib, oyog‘ining barmog‘ini tepkiga tekkizib ko‘radi.
Telefon jiringlaydi.U esa qimirlamay o‘tiraveradi. Telefon uzoq jiringlaydi. Nihoyat o‘rnidan turib, miltiqni qo‘lidan qo‘ymagan holda ikkinchi qo‘li bilan go‘shakni ko‘taradi.)
Eshitaman… Gapiring, eshitaman… Gapirsangiz-chi! (Qattiq hayajonlanib) Kim bu? Hoy, menga qarang, siz bilan hazil qiladigan holatda emasman…
Eshikni taqillatmasdan Kuzakov bilan Sayapin kirib kelishadi.Ular Zilovning qiyofasiyu gapirish ohangidan bir muncha hadiksirab,ostonada turib qolishadi. Zilov orqasini o‘girib turgani uchun ularni ko‘rmaydi.
Kim bu? Kim qo‘ng‘iroq qilyapti? Javob bering! (Go‘shak tutgan qo‘lini pastga tushurib,bir nafas turib qoladi,so‘ng go‘shakni qoldirib,stol yoniga qaytadi. Stulni joyiga surib qo‘yadi. Ayni shu paytda Kuzakov uning qo‘lidagi miltiqqa tashlanadi. Zilov sapchib o‘rnidan turadi.)
Qisqa sukut.
Zilov: Bu yoqqa ber! (Kuzakovga tashlanadi.)
Tortishib ketishadi.
Sayapin: Vitya… Vitya… Senga nima bo‘ldi?
Kuzakov bilan Sayapin ikkovlashib, Zilovni stulga o‘tqazishadi.
Kuzakov (miltiqni qo‘lidan qo‘ymagan holda). Aqldan ozgan tentak.O‘zingga o‘yinchoq topibsan-da,a!
Zilov (og‘ir nafas olib). Surbetlar!
Sayapin: Yana bizlar surbet bo‘ldik.
Zilov: Eshikni taqillatib kirish kerak, jin urgurlar!
Sayapin: Quturib ketibsan-ku. (Stol ustida turgan qog‘ozni qo‘liga olib,undagi yozuvni ovoz chiqarib o‘qiydi.) “Mening o‘limimda hech kimni aybdor qilmasliklaringizni so‘rayman…” Vitya, senga nima bo‘ldi, qariya? Aqldan ozdingmi, nima balo!
Kuzakov (miltiqni buklab, undan o‘qni chiqarib oladi-da, unga bir zum qarab turadi). Sen rostdan aqldan ozganga o‘xshaysan.
Sayapin (Kuzakovdan o‘qni olib, cho‘ntagiga solib qo‘yadi. Zilovga ) Ha-a, bunaqa ishlar uchun… (Kuzakovga) Piyoda kelganimizda nima bo‘lardi, a? (Zilovga) Nahot sen…
Zilov: Senlar barvaqt kelib qoldilaring. Ketinglar.
Kuzakov: Hech qayoqqa ketmaymiz.
Sayapin (o‘tiradi.) Senikida o‘tirib turamiz. Dam olamiz, chekib olamiz, to‘g‘rimi, Kolya? Mana, qanaqa hangomalar. (Kuzakovga) Sen bo‘lsang, piyoda boramiz, deysan. Men esa taksini ko‘rib qolib, yo‘q, taksida g‘izillab bora qolayli , dedim. Yuragim sezgan shekilli.
Kuzakov: (Zilovga). Esingni yig‘, og‘ayni. O‘zingni qo‘lga ol… Avval boshlanishiga etigingni kiyib ol.
Sukut.
Zilov: Ketinglar.
Kuzakov: Hech qayoqqa ketmaymiz.Bu haqda o‘ylab ham ko‘rma.
Zilov: Ixtiyorlaring. Mening shoshayotgan joyim yo‘q.
Kuzakov: Nima bo‘ldi o‘zi? Nahot sen uchun hayotning lazzati qolmagan bo‘lsa?
Zilov: Meni avrab o‘tirmanglar. Befoyda.Bu ishni oxiriga yetkazmay qo‘ymayman.
Kuzakov (telefon raqamlarini terib). Magazinmi? Verani telefonga chaqirib qo‘ying. Vera? Sen meni xayallab qoldi, deb tashvishlanma. Kechroq boraman… Kutilmagan ish chiqib qoldi… Qachon? Aniq ayta olmayman. Uyda bo‘lib tur, xo‘pmi? Sog‘ bo‘l. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.)
Sayapin: Vitya, balki gulchambar tufayli kayfiyating buzilgandir? Vitya, nahot bizlardan shunchalik xafa bo‘lgansan?
Zilov: Taksiga balo bormidi? Nima, to‘rtta guzarni piyoda bosib o‘tolmasmidilaring?
Kuzakov: Nima bo‘ldi, aytaqolsang-chi? Nima gap? Nimadan ko‘ngling qoldi? Senga nima yetishmayapti? Yoshsan, sog‘lomsan, yaxshi ishdasan, kvartirang bor. Ayollar yaxshi ko‘rishadi. Rohat qilib yashayvermaysanmi. Yana nima kerak senga?
Zilov: Ketishlaring kerak.
Sayapin: Vitya, nima deyayotganingni bilasanmi o‘zing? Axir biz sening do‘stlaringmiz-ku. Qanday qilib seni bu holatda tashlab keta olamiz? Seni shunaqa holatda tashlab ketish! Nima deyapsan!
Zilov: Men bu ishni oxiriga yetkazmay qo‘ymayman. Hech kim, jin ursin, biron tirik jon menga xalal bera olmaydi. Tushunarlimi? Gap tamom…
Sukut.
Sayapin: Yigitlar, nimaga jim bo‘lib qoldilaring? Kelinglar, boshqa biron narsa to‘g‘risida gaplashaylik?
Qisqa sukut.
(Soddadillik bilan) Vitya, pollaring qurib, darz keta boshlabdi, sezganmisan?Ta’mirlashing kerak bo‘ladi. (O‘rnidan turib, xona bilan oshxona o‘rtasidagi devorni taqillatadi.) Karton… Ustidan shuvoq qilingan karton. Chala-chulpa qilingan. Uylarni yomon qura boshlashdi. (Ikkinchi to‘siq-devorning oldiga boradi.)
Zilov unga hayratlanib qaraydi.
Bu-chi? (Taqillatib) Bu ham shunaqa…
Qisqa sukut.
Zilov: Nega to‘xtab qolding, davom et. Xonalarni aylanib chiq, qayerga nima qo‘yishni mo‘ljalga olib qo‘y.
Sayapin: Vitya! Nima deyapsan! Nahot meni bu yerga da’vogar deb o‘ylasang…
Zilov: Da’vogar, deysanmi? Yo‘q, sen kalitlarni olib ketgani kelgansan. Mana ular! (Cho‘ntagidan bir nechta kalit olib, Sayapinga otadi.) Ol… Olaver, uyalma.
Sayapin: Qariya, sen rostdan ham aqldan ozibsan!
Kuzakov: Bas qil,sen uni noto‘g‘ri tushunding.
Sayapin: .Bizlarni kim deb o‘ylayapsan?
Zilov: Qo‘ysalaring-chi, hissiyotga berilishning kimga keragi bor.Tan olinglar, mening o‘limim har ikkalang uchun ham qo‘l keladi. Yo noto‘g‘rimi? Shunday ekan, bu yerda nimani kutyapsizlar? Miltiqni qaytarib beringlar-da, aynib qolmasimdan jo‘nanglar bu yerdan.
Kuzakov: Nimalar deb valdirayapsan, hushingni yig‘. Sening o‘liming hech kimga kerak emas, o‘zing o‘ylab ko‘r. Unga kerakmi? Mengami? Sening o‘zingga ham kerakmas. Hozirgi turmushing o‘zingga yoqmas ekan, boshqacha yasha, kim senga xalaqit beradi? Hammani o‘zingga o‘xshatma, odamlar to‘g‘risida yomon o‘yga borma.
Zilov: Xo‘p, yetar. (Sayapinga). Tolya, mana bu taqvodorni uyingdan hayda.
Sayapin: Nega endi…
Kuzakov: Guchambarga keladigan bo‘lsak, men sendan uzr so‘rashga tayyorman.
Zilov: O‘chir ovozingni, senga ishonmayman.
Kuzakov: Bu ishda men qatnashmaganman. Lekin bilardim. Gulchambar bu yerda ekan, demak, men ham aybdorman.
Zilov: Men senga ishonmayman. Ishonmayman. Tushundingmi? Endi jo‘na.
Kuzakov: Ketmayman. O‘z o‘zingga suiqasd qilish to‘g‘risidagi ahmoqona o‘ylaring miyangdan chiqib ketmaguncha hech qayoqqa bormayman.
Ofitsiant paydo bo‘ladi.
Ofitsiant: Salom… Nimaga shovqin qilyapsanlar?
Sayapin:. Sening kelib qolganing ham yaxshi bo‘ldi. Unga qara va qanday niyatda ekanligini eshit.
Ofitsiant: Janoza qachon?
Zilov: Bilasanmi, tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmadim.
Ofitsiant: Ichkilik-chi, ichkiliklar qani?
Zilov: Buning ustiga men endi bu yerga xo‘jayin emasman.
Sayapin (Ofitsiantga o‘z boshiga ishora qilib). Ko‘rmayapsanmi? Ma, o‘zing o‘qi. (Qog‘ozni unga uzatadi.) Biron narsa de unga…
Ofitsiant (ovoz chiqarib o‘qiydi). Mening o‘limimda hech kimni aybdor qilmasliklaringizni so‘rayman”.
Sayapin: Shunaqa harakat bir marta bizning ko‘z oldimizda bo‘ldi.
Ofitsiant: Shunaqami?
Kuzakov: Ha, bo‘ldi.
Sayapin: Mana. (Miltiqdan chiqarib olingan o‘qni unga beradi.)
Ofitsiant (o‘qni sinchiklab ko‘rib). Pitra…Lekin pistoning yaxshimas. Oddiy pistonlar bilan almashtir.
Zilov: Maslahating uchun rahmat.
Ofitsiant (o‘tiradi). Albatta, almashtir. Yomg‘ir to‘xtadi. (Miltiqni qo‘liga oladi.) Bir soatdan keyin jo‘nash kerak. (Miltiqni o‘qlaydi.) Tushundingmi? G‘idi-bidilarni bas qil, bir soatdan keyin kelaman. Jo‘naymiz.
Zilov: Hech qayoqqa bormayman, dedim-ku. (Kuzakov bilan Sayapinga) Senlar esa tashvishlanmanglar.Tutgan yo‘llaring to‘g‘ri.
Sayapin: Vitya! Jinnilikni bas qil! Ovga otlan.
Kuzakov: Etigingni kiy. (Qopchiqni qo‘liga oladi.) Mana buningni yelkangga osib ol. (Sayapin bilan ofitsiantga) Ko‘chaga olib chiqaylik.
Kuzakov bilan Sayapin Zilovga yaqinlashadi.
Zilov: Yaqinlashmanglar, tegmanglar menga.
Ofitsiant: Qisqasi, o‘jarlik qilib turasanmi yo ovga borasanmi?
Zilov: Hech qayoqqa bormayman.
Ofitsiant: Nima desam ekan? Ahmoqsan. Boshqa narsa deb bo‘lmaydi. (O‘rnidan turadi).
Sayapin: Nima, ketasanmi?
Ofitsiant: Men nima qilishim mumkin? Hech narsa.
Zilov: To‘g‘ri, Dima. Sen bo‘lmag‘ur yigitsan, lekin menga ko‘proq yoqasan. Har qalay mana bularga o‘xshab qiyshanglab turmaysan… Qo‘lingni ber…
Ofitsiant bilan Zilov bir-biriga qo‘l berishadi.
Ofitsiant: Xo‘p, hozircha, Vitya. Birga ketsak yaxshi bo‘lardi, afsus. Bevaqt aynab qolding. Yana o‘ylab ko‘r. Tuzalib qolsang – bor.
Zilov: Xo‘p, Dima, xayr.
Ofitsiant: Shoshma, qayig‘ing qayoqda?
Zilov: Xromovnikida.
Ofitsiant: Omborxonasidami?
Zilov: Ha, omborxonasida turibdi.
Ofitsiant: Demak, men…
Zilov (xirilloq ovoz bilan). Olib ketaver.
Ofitsiant: Rahmat, Vitya, bordi-yu…
Zilov: O‘zimniki, deb hisoblayver… Olaveringlar… Hammasini olinglar…
Sayapin: Vitya, nima deyapsan?!
Zilov: Halitdan barini bo‘lishib oldilaring. Mening o‘limimdan xursand bo‘lasizlar. Bilaman, xursandsizlar!
Kuzakov: Bekorlarni aytibsan!
Zilov (to‘satdan g‘azab bilan). Men hozircha tirikman, lekin senlar halitdan bu yerda turibsanlar. Yopirilib qoldilaringmi? O‘z bisotlaring kamlik qilyaptimi? Senlarga yer yuzida joy torlik qilyaptimi? Yalaqilar! (Ularga tashlanadi.)
Olishish boshlanadi.
Kuzakov: Yolg‘on! Tuhmat! Tuhmat!
Ofitsiant: (Zilovga). Tinchlan… O‘zingni qo‘lga ol! O‘zingni bosib olishing mumkinmi?
Zilov: (qarshilik ko‘rsatishdan to‘xtab). Mumkin. (Osoyishta) Lekin endi mendan hech narsa ololmaysanlar. Hech narsa. (Kutilmaganda Sayapinning qo‘lidan miltiqni olib, bir qadam orqaga jilib) Qani, jo‘nab qolinglar!
Qisqa sukut.
Ofitsiant: ( ajablanib). Jiddiy aytyapsanmi?
Zilov: (osoyishta). Ketinglar.
Ofitsiant: Qo‘ysang-chi, qariya.
Zilov: Yo‘qolinglar.
Sayapin eshik tomon orqaga jiladi. Kuzakov joyida,Zilovning ro‘parasida, ofitsiant esa uning orqasida, eshikka yaqinroq joyda turib qolishadi.
Zilov: (Kuzakovga). Ket.
Kuzakov: Ketmayman. Ketmayman, dedim-ku. To…
Zilov: Ket.
Kuzakov: Ketmayman.
Zilov: Otaman. (Miltiqning tig‘ini unga qaratadi.)
Kuzakov: Ot.
Ofitsiant: Miltiq o‘qlangan.
Zilov: Juda soz.
Sayapin g‘oyib bo‘ladi.
Ofitsiant: Qani, (Kuzakovni itarib, eshikdan chiqarib yuboradi.) Shundoq qilganimiz ma’qul… Endi miltig‘ingni tushir.
Zilov: Sen ham yo‘qol.
Ular bir nafas bir-biriga qarab qolishadi va nihoyat ofitsiant eshik tomon chekinadi.
Tezroq!
Ofitsiant ostonada paydo bo‘lgan Kuzakovning yo‘lini to‘sib, u bilan birgalikda g‘oyib bo‘ladi. Zilov miltiq tutgan qo‘lini pastga tushirib, xonada yuradi, so‘ng o‘zini karavotga mukka tashlaydi. Yotgan joyida qayta-qayta seskanib tebranadi. Kulyaptimi, yig‘layaptimi – bilib bo‘lmaydi. Shu holatda oradan chorak daqiqa vaqt o‘tadi. U qimirlamay yotaveradi. Yana qo‘ng‘iroq uzoq jiringlaydi. Zilov qimirlamay yotaveradi. Qo‘ng‘iroq ovozi tinadi, bir nafasdan so‘ng qaytadan jiringlaydi. Zilov qimir etmay yotaveradi. Qo‘ng‘iroq ovozi tinadi.
Zilov o‘rnidan turadi. Ko‘rinishi osoyishta, yuz holatidan kulgan yoki yig‘laganligini bilib bo‘lmaydi.
Zilov: (telefon go‘shagini ko‘tarib). Dima? Zilovman… Ha… Kechir, qariya, qizishib ketibman. Ha, bari o‘tib ketdi… Mutlaqo osoyishtaman… Ha, ovga borgim kelyapti. Hozir kelasanmi? Juda soz. Men tayyorman. Ha, hozir chiqaman.

Parda

Tamom

Rus tilidan Muhammadjon Xayrullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 8-9-sonlar