Qadim zamonlarda o‘tib bo‘lmas daralar, ulkan qoyalar va qalin o‘rmonlar qurshovida butun dunyodan ajralib qolgan yassi tog‘ tepaliklaridan birida chorvachilik bilan kun kechiruvchi tinchgina xalq osoyishta yasharkan. Temir sovutlarga burkangan, begona, baquvvat va daroz odamlar janubdan bu yerlarga qachon va qanday qilib kelib qolganliklari noma’lum.
Kashf qilingan mamlakatning iqlimi – mo‘tadil, tuproqlari unumdor, suvi lazzatli, odamlari esa beozor ekanligi kelgindi johil sipohiylarga juda yoqib qoldi va shu yerlarda umrbod qolishga qaror qildilar. Bu yerlarni bosib olishga ehtiyoj yo‘q edi, chunki odamlari urush, qurol-yarog‘ nimaligini bilmas, qalblarida yovuzlikdan asar ham yo‘q edi. Mahalliy aholini zabt etish shundan iborat bo‘ldiki, kelgindilar bor-yo‘g‘i og‘ir temir sovutlarini yechib, shu yerli chiroyli qizlarga uylandilar va o‘zlari barpo qilgan yangi davlatning boshlig‘i etib yo‘lboshchilari bo‘lmish olijanob va dov-yurak Ernni qo‘ydilar. Unga qirollarga xos cheksiz hukmronlik qilish va taxtni vorisiga qoldirish huquqini berdilar. O‘sha zamonlarda bu narsalar mumkin edi.
Shundan buyon ming yillarcha vaqt o‘tdi. O‘sha sipohiylarning avlodlari mahalliy aholi bilan shu darajada qo‘shilib ketdiki, bora-bora ular orasida tillarida ham, tashqi qiyofalarida ham farq yo‘qolib ketdi. Sipohiy-ritsarlar siymolaridan asar ham qolmadi. Hatto qirollar tomonidan ham unutilgan qadimiy tildan esa faqat tantanali marosimlaru saroy udumlarida ahyon-ahyonda mo‘tabar hissiyotlarini bildirmoqchi bo‘lganlaridagina foydalanardilar. Ern Birinchi, Buyuk Ern, Muqaddas Ern haqidagi xotiralar esa xalq tomonidan yaratilgan go‘zal afsonalar orqali, xuddi hindularning Gayavatasi, Finnlarning Veynemeyneni, ruslarning Vladimir Birinchi, yahudiylarning Muso, frantsuzlarning Sharleman haqidagi rivoyatlari kabi abadiy xotira bo‘lib qoldi.
Aynan mana shu dono Ern Ernoterra aholisini bug‘doy va sabzavot yetishtirishga, temirni qayta ishlashga o‘rgatdi. Yozuvni, san’atni joriy qildi. Din asoslarini, qonunni kiritdi; din – Xudoga ibodat qilish – tushunarsiz tilda duo o‘qishdan iborat bo‘lib, qonun esa birgina asosga – Ernoterrada hech kim yolg‘on gapirmasligiga tayandi. Taxtga o‘tirgan kunidan boshlab huquq va burch bobida erkaklar va ayollarga tenglik joriy etilib, har qanday unvon va imtiyozni bekor qilindi. Qirol o‘zi esa “Xalqning birinchi xizmatkori” degan unvonni oldi.
Buyuk Ern taxt vorisligi haqida qonun kiritdi: unga ko‘ra qizmi, o‘g‘ilmi, to‘ng‘ich farzand vorislik huquqiga ega bo‘lib, sevgan odami bilangina turmush qurardi. Va nihoyat, Ern Birinchi o‘zlari tug‘ilib o‘sgan madaniy mamlakatlarda keng tarqalgan buzuqlik, yovuzlik kabi illatlar bu yurtga ham kirib kelmasligi choralarini ko‘rib, o‘zlari kelgan yolg‘izoyoq yo‘lni ham yo‘q qilib tashladi.
Mana shu Ern avlodi qirollarining o‘z xalqiga otalarcha g‘amxo‘rligi, donolik va ezgulik asosida yurtni boshqarishi tufayli Ernoterra gullab-yashnab ketdi, xalq esa osoyishta va farovon hayotga erishdi. Bu mamlakat xalqi na jinoyat, na urush nimaligini bilmay, muhtojlik ko‘rmasdan ming yil davomida tinch hayot kechirib keldi.
Bu qadimiy qirollik saroyida Ern Birinchiga tegishli qandaydir buyumlar: uning sovutlari, dubulg‘asi, qilichi, nayzasi va ov qurollari xonasida devorga o‘yib yozilgan bir necha tushunarsiz so‘zlar esdalik sifatida qolgandi. Ernoterraliklarning hozirgi avlodlaridan birontasi ham bu buyumlarni ko‘tara olmas va yozuvlarni o‘qiy olmas edi. Shuningdek, uning uch xil rasmi: mayda mozaika bilan ishlangan yon tomondan ko‘rinishi, bo‘yoqda ishlangan old tomondan ko‘rinishi, uchinchisi – marmardan ishlangan xaykalchasi yodgorlik bo‘lib qolgandi.
Har uchchala portret mehr bilan yuksak san’at darajasida ishlangan bo‘lsa-da o‘z xalqini ranjituvchi bir tomoni bor edi. U ham bo‘lsa qirolning o‘ta xunuk, hatto badbashara ko‘rinishi edi. Ammo shunday bo‘lsa-da, yuz ifodalarida na yovuzlik, na yoqimsizlik ko‘rinmasdi. Ernoterraliklar o‘zlariga xos bo‘lgan go‘zalliklari bilan faxrlanishar, birinchi qirollarini esa afsonaviy qalb go‘zalligi uchun qadrlar, tashqi qiyofasidagi xunuklikni esa ayb deb hisoblamasdilar.
Irsiyat qonunlarining o‘ziga yarasha injiqliklari bor. Ayrim hollarda bola na o‘z ota-onasiga, na bobo va buvilariga o‘xshamaydi-da, uzoq o‘tmishdagi ajdodlaridan biriga o‘xshab ketishi mumkin. Ernlar sulolasi solnomachilari qayd qilishlaricha, ular avlodida vaqti-vaqti bilan o‘ta xunuk bolalar tug‘ilgan bo‘lib, keyinchalik bunday holatlar kamdan-kam uchraydigan voqeaga aylangan. To‘g‘risini aytish kerakki, xunuk tug‘ilgan shahzodalar ajoyib qalb sohiblari: yaxshi xulqli, aqlli, rahmdil va xushchaqchaq bo‘lganlar. Taqdir taqozosi bilan shahzodalarning bunday xunuk ko‘rinishlari go‘zallik va nafosatning farqiga boruvchi ernoterraliklar orasiga nifoq sola olmagan.
Saxovatli qirol Ern XXIII o‘zining ajoyib go‘zalligi bilan ajralib turar, mamlakatdagi eng go‘zal qizni ehtiros bilan sevib qolib uylangandi. Uzoq vaqt ular farzand ko‘rmadi – deyarli o‘n yil. Sevimli qirolicha yaqinda ona bo‘lishini bilgan xalq bu yangilikni qanchalik shodiyona kutib olganligini tasavvur qilish qiyin emas. Qirol taxtni bevosita o‘z zurriyotiga qoldirayotgani oilasini ham, xalqini ham shodligiga shodlik qo‘shdi. Olti oydan so‘ng qirolicha eson-omon qutulib, dunyoga malika Ern XIII kelganligini eshitgan qirol bu xabarni xushnud kutib oldi. O‘sha kuni malika sog‘ligi uchun qadah ko‘tarmagan odam qolmadi.
Faqat saroy ahli xursand emasdi. Endigina tug‘ilgan chaqaloqni qo‘liga olgan doya alam bilan bosh chayqab qo‘ydi. Qirolichaga olib kelganlarida chaqaloqni ko‘rib, qo‘llarini yoygancha xitob qildi:
–Ey, Xudoyim-e, bunchalar xunuk bo‘lmasa! – deya yig‘lab yubordi. Bir oz o‘ziga kelgach, qo‘llarini chaqaloq tomon uzatib:
–Bolaginamni menga beringlar, bechoraning xunukligi mehrimni kamaytirmaydi, aksincha, o‘n chandon oshiradi, – dedi.
Qirol ham juda xafa bo‘lib:
– Bunchayam peshonasi sho‘r bo‘lmasa! Sulolamizda badbashara shahzodalar bo‘lganligini eshitgandik, lekin bunday xunuk malikaning Ernlar avlodida tug‘ilishi birinchi marta yuz berishi! Xudodan iltijo qilamiz, zora buning evaziga qalbi go‘zal, aql-hushli bo‘lib ulg‘aysa.
Malikaning xunukligini eshitgan xalq ham xuddi shunday iltijo qildi.
Shu asnoda malika kun sayin ulg‘ayib, soat sayin xunuklashib borardi. O‘zining xunukligini tushunmagan go‘dak to‘yib-to‘yib uxlar, ovqat yer, quvnoq va betashvish hayot kechirardi. Uch yoshga to‘lay deganda u o‘z bobokaloni Buyuk Ernga judayam o‘xshashligi ravshan bo‘lib qoldi. Shu yoshda u o‘zining eng yaxshi sifatlarini: beozor, sabr-toqatli, atrofidagilarga mehribon, g‘amxo‘r, ziyrak va xushmuomala ekanligini namoyish etdi.
O‘sha paytlarda bir kun qirolicha qirol huzuriga kirib:
–Podshohim va rafiqim! Malol kelmasa, qizimiz uchun bir iltifot ko‘rsatishingizni so‘ramoqchi edim, – dedi.
–Sevikli rafiqam, bilasiz-ku, sizdan hech narsani darig‘ tutmayman.
–Qizimiz o‘sib-ulg‘ayib kelayapti. Ko‘rinishidan Xudo unga yoshiga nomunosib ajoyib aql-idrok ato qilgan. Bir kunmas bir kun o‘zining yuz qiyofasi xunuk ekanligini bilib qolishi muqarrar. Bu unga umrbod g‘am-alam keltirishidan xavotirdaman.
–Siz haqsiz, rafiqam. Qizimiz muqarrar tarzda duch kelishi mumkin bo‘lgan bu taqdir zarbasini qanday yo‘l bilan oldini olish mumkin?
–Fikrim sizga ahmoqona tuyulsa ham, g‘azabingiz kelmasin, podshohim. Qizimiz hech qachon ko‘zguga qaramasligi chorasini ko‘rishimiz kerak. Mabodo birorta odam yovuzlik qilibmi yoki ixtiyorsizmi, uning xunukligi haqida o‘ziga aytadigan bo‘lsa-da, ko‘zguda o‘zini ko‘rmaguncha buni bilmasdan yurishi mumkin.
–Shuning uchun nimani xohlardingiz?
–Ha… Ernoterrada birorta ham ko‘zgu qoldirmaslik kerak!
Qirol o‘ylanib qoldi. Keyin:
–Bu narsa xalqimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ladi. Buyuk ajdodim chiqargan qonunga ko‘ra yurtimizda erkak ham, ayol ham bashang kiyinishni yaxshi ko‘radi. Xalqimizning qirol va oilasiga bo‘lgan sadoqatini ham yaxshi bilamiz va bu yo‘qotishni chidam bilan qarshi olishiga aminman. Qirollikda birorta ham ko‘zgu qoldirmasdan yo‘q qilib yuborish haqida shu bugunoq Farmon beraman.
Qirol o‘z xalqiga ishonib adashmagandi, chunki xalq yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham qirol oilasi bilan hamjihat edi. Xalq farmonni hamdardlik bilan kutib oldi va barcha ko‘zgularni, hatto sinig‘ini ham, qoldirmay davlat soqchilariga to‘plab berdi. To‘g‘ri, ayrim hazilkashlar sochlarini hurpaytirib, yuzlariga loy surtib qiziqchilik qilishdi. Lekin xalq kular ekan, garchi hajv qilib kulsa ham, qirol xavotir olmasa ham bo‘ladi. Masalaning muhim tomoni yana shundaki, mamlakatning barcha suvlari tez oquvchi tog‘ daryolari va jilg‘alaridan iborat bo‘lib, biror narsa suvda aks etmasdi.
Malika Erna o‘n besh yoshga yaqinlashib qoldi. U chidamli va baquvvat bo‘lib o‘sdi. Bo‘yi uzun, eng daroz erkak ham uning yelkasidan kelardi. U kashtachilikda ham, arfa chalishda ham juda mahoratli edi. To‘p otishda unga teng keladigani yo‘q edi. Toshdan-toshga xuddi kiyikdek chaqqon sakrardi. Uning yuzidan ezgulik, hamdardlik, adolat, iliqlik va quvonch nurlari doim taralib turardi. Bemorlarga, keksalarga, beva-bechoralarga yordam berib charchamasdi. Jarohatlarni qanday bog‘lashni, qanday o‘t-o‘lanlar malham bo‘lishini yaxshi bilardi. Yiqilgan, mayib bo‘lganlar uning mehribon qo‘llaridan shifo topardi. Xalq uni haddan tashqari sevar, doim izidan duo qilardi. Lekin ziyrak Erna ko‘pincha unga achinib qarayotganliklarini, bilintirmasdan hamdardlik qilayotganliklarini sezib qolardi.
“Balki men boshqalarga o‘xshamasman?” deya xayol qilardi va huzuridagi xizmatchi ayollardan so‘rab qolardi:
–Aytinglar-chi, hurmatli dugonalarim, chiroylimanmi yoki yo‘qmi?
Ernoterrada hech kim yolg‘on gapirmasligi sababli saroy xonimlari samimiyat bilan javob qaytarishardi:
–Sizni go‘zal deb bo‘lmasa ham, so‘zsiz dunyodagi barcha qiz va ayollardan ko‘ra yoqimliroq, aqlliroq, xushfe’lroqsiz. Hatto sizga uylanadigan odam ham xuddi shunday deyishi mumkin, bunga ishoning. Ayol latofati haqida biz ayollar unchalik farqiga bormaymiz.
Ernaning tashqi qiyofasi haqida mulohaza yuritish ular uchun mushkul ekanligi ayon. Na bo‘y-basti, na gavda va yuz tuzilishi ernoterralik ayollarga mutlaqo o‘xshamasdi.
Erna o‘n besh yoshga to‘lgan kunni saroyda zo‘r ziyofat va bazm bilan nishonlashdi – mamlakat qonuniga ko‘ra qiz bola shu yoshda balog‘atga yetgan hisoblanardi. Ertasiga ertalab rahmdil malika savatchasiga ziyofatdan ortgan tansiq shirinliklardan solib bilagiga osgancha to‘rt chaqirim narida turadigan sevikli enagasini ko‘rgani jo‘nadi. Erta tongdagi sayr va yoqimli toza tog‘ havosi unga odatdagidek quvonch keltirmadi. Uning fikru hayoli kechagi bazmda kuzatganlari haqida edi. Uning qalbi tog‘ cho‘qqilaridagi abadiy qorliklardek oppoq va toza edi, lekin o‘tkir nigohlari, ayollarga xos sezgirligi va navqiron yoshi unga ko‘p narsalarni bildirib qo‘ydi. Raqs tushayotgan yigit va qizlarning bir-birlariga sirli qarab qo‘yishlari uning nazaridan chetda qolmadi. Bu nigohlar bevosita unga qaratilmagan bo‘lsa-da, hurmat ifodasi bo‘lgan tabassum va ta’zimlarda itoat, sadoqat va nazokat ko‘rinardi. Ammo ularning har biriga achinish hissi soya tashlab turardi. Nahotki jirkanch, badbashara bo‘lsam va bu haqda menga aytishga hech kim jur’at eta olmasa?
Shunday g‘amgin xayollarga botgancha Erna enagasining uyiga yetib keldi va eshikni taqillatdi. Javob bo‘lmagach, eshikni ochib (bu mamlakatda qulf nima ekanligini bilishmasdi) ichkariga kirdi. Ilgari ham hech kim yo‘qligida ichkariga kirib enagani kutib o‘tirardi.
Deraza yonida g‘amgin xayollarga berilgancha dam olib o‘tirarkan, beixtiyor atrofdagi tanish jihozlarga ko‘z tashladi va birdan uning e’tibori enagasi doim yashirib yuradigan qutichasiga tushdi. Enagasi bu qutichada o‘zining bolaligi, yoshligi, birinchi muhabbati, erga tekkanligi, saroydagi hayoti bilan bog‘liq turli mayda-chuydalarni: rangli toshlar, arzon taqinchoqlar, kashtalar, tangachalar va uzukchalarni saqlab yurardi. Malika hali bolalik chog‘idanoq qutichani titkilashni yaxshi ko‘rar va ular bilan bog‘liq xotiralarini enagasidan qayta-qayta eshitardi. Nima sababdan bu quticha ko‘z tushadigan joyda turganiga ajablandi. Malika doim ko‘rgisi kelganda qutichani enagasi berar va ko‘rib bo‘lgach, chiroyli matoga avaylab o‘rar va yashirib qo‘yardi.
“Balki enaga shoshib tashqariga chiqqan-u, qutichani yashirish esidan chiqqan bo‘lsa kerak”, deb o‘yladi malika va stolga yaqinroq o‘tirib qutichani tizzasiga qo‘ydi. Ichidagi tanish narsalarni beparvolik bilan bitta-bitta olib etagiga sola boshladi. Qutichaning tagiga yetganda qiyshiq burchakli katta yassi bir siniq parcha ko‘rindi. Uni qo‘liga olib ko‘zdan kechirdi. Bir tomoni qizil bo‘lib, boshqa tomoni kumushrang, yaltiroq va go‘yo chuqurroq edi. Tikilib qaragandi, xonaning supurgi tirab qo‘yilgan burchagi ko‘rindi… Biroz burganida xonadagi eski javon, yana biroz burganida… judayam xunuk bir bashara ko‘rindiki, bunday basharani u tasavvur ham qilolmasdi.
Qoshini tepaga ko‘targandi, badbashara ham uni takrorladi. Boshini qiyshaytirgandi – u ham shunday qildi. Qo‘lini lablariga tekkizdi – siniq parchada ham shu harakat takrorlandi. Erna endi tushunib yetdi: qo‘lidagi parchadan uning o‘zi unga qarab turardi. Qo‘lidagi ko‘zgu tushib ketdi, qo‘llari bilan ko‘zlarini yashirgancha alam bilan stolga boshini urdi.
Shu daqiqada enaga qaytib keldi. Malikani, ochiq qutichani va siniq ko‘zgu parchalarini ko‘rdi-yu, gap nimada ekanligini tushundi. Erna qarshisiga tiz cho‘kkancha muloyim so‘zlarni gapira boshladi. Malika keskin o‘rnidan turib, qaddini rostladi va ko‘z yoshisiz, lekin qahrli tarzda barmog‘i bilan ko‘zguni ko‘rsatib:
–Hammasini so‘zlab ber,– deya buyruq berdi.
Uning ovozi qat’iyatli yangradi. Buni kutmagan sodda ayol yo‘q deyishga botina olmadi: badbashara, lekin oliyjanob shahzodalar haqida, badbashara qiz tuqqan qirolichaning g‘am-anduhlariyu mehr-shafqati haqida, qanday qilibtaqdir zarbasidan qizini qutqarmoqchi bo‘lgani va ko‘zgularni yo‘qotish to‘g‘risidagi qirolning farmoni haqida batafsil so‘zlab berdi. U o‘zining ahmoqona ojizligini aytib sochini yular, sevikli Ernani musibatga qo‘ygan shu bir parcha taqiqlangan ko‘zguni qutichasiga yashirib qo‘ygan kuniga la’natlar o‘qirdi.
Uni eshitib bo‘lgach, malika g‘amgin tabassum bilan:
–Ernotarrada hech kim yolg‘on gapirmaydi!– deb qo‘ydi.
U tashqariga chiqdi. Tashvishga tushgan enaga ortidan chiqmoqchi bo‘lgandi, Erna uni keskin to‘xtatdi:
– Qol, shu yerda!
Enaga bo‘ysundi. Qanday yo‘q deya olardi? Uni emib katta bo‘lgan kichkina Ernaning ovozi emasdi bu, balki ajdodlari ming yildan beri hukmdor bo‘lib kelayotgan mag‘rur malikaning buyrug‘i edi.
Egri-bugri tog‘ yo‘llaridan, tik jar yoqasidan o‘tib borarkan, baxti qaro Ernaning harir ko‘k ko‘ylagi etaklarini shamol hilpiratar, jar ostida oqayotgan daryoning guvillashi qulog‘iga kirmas, atrofidagi yovvoyi tabiat qo‘shig‘ini eshitmasdi. Bolaligidan tanish bo‘lgan bu yolg‘izoyoq yo‘lda borarkan, qalbi ham yolg‘izlikdan, ham boshiga tushgan musibatdan aziyat chekardi. Qalbida nimalar kechayotgani haqida kim ham aytib bera olardi? Balki, o‘ziga o‘xshash, taqdir zarbasiga uchragan birorta boshqa bir malika bo‘lganda tushungan bo‘larmidi?..
Yo‘lda ketarkan, keskin burilishga duch keldi. Ulkan qoyalar ko‘chkisi yo‘lni to‘sib qo‘ygan, bu vahshiy to‘siqlarni olib tashlashning iloji yo‘q edi. Pastdan esa qandaydir tushunib bo‘lmas tovush eshitildi. Malika jarga engashib, quloq sola boshladi. Shundoqqina oyog‘i ostidagi jar tubidan kimdir ingrab yordam so‘rardi. Shunda u o‘z qayg‘usini ham unutib, yurak amriga bo‘ysungancha pastga otildi. Xuddi kiyikdek qoyadan-qoyaga, toshdan-toshga sakrab tegirmon toshi kattaligidek maydonchaga tushdi. Bu yerdan endi na tepaga, na pastga tushishning iloji yo‘q edi, lekin Erna bu haqda o‘ylab ham o‘tirmadi.
Ingrayotgan odamning ovozi qo‘l yetgudek joydan kelayotgandi. Yarmi suvga tegib turgan tosh ustiga yotib pastga qaragandi, o‘tkir qoya uchiga osilib qolgan odamni ko‘rdi. U bir qo‘li bilan qoyani, bir qo‘li bilan omonatgina o‘sgan daraxt shoxini ushlab olgan, chap oyog‘i uchini tosh yorig‘iga tiragan, o‘ng oyog‘i esa muallaq turardi. Kiyimiga qaraganda u Ernoterralik emasdi, chunki malika uning ipakdan tikilgan kiyimlariyu charm etik poshnasidagi shporlarni va zarhal kamarni umrida ko‘rmagandi.
–Hoy! Musofir! Bardam bo‘ling, hozir yordam beraman, – deb qichqirdi Erna.
Notanish ingragancha boshini ko‘tarib, silkitib qo‘ydi. Malika unga qanday yordam berishi mumkin? Pastroqqa tushishning iloji yo‘q, ham foydasiz. Eh, arqon bo‘lganda edi!.. Ular orasidagi masofa ikki odam bo‘yicha kelardi. Nima qilish kerak?
Birdan malikaga ajoyib bir fikr keldi. Bunday fikr xavfli vaziyatlarda jasur va mard insonlardagina paydo bo‘ladi. Malika o‘ylab-netib o‘tirmay egnidagi ajoyib ko‘ylagini shartta yechdi-yu, qo‘llari va tishlari yordamida uzun-uzun bo‘laklarga bo‘lib, arqon esha boshladi. Ko‘ylak bo‘laklarini bir-biriga qattiq bog‘lab, pishiqligini tekshirib ko‘rdi-da, beso‘naqay tosh ustiga yotib, oyoq-qo‘llari shilinganiga qaramay, bir uchini osilib turgan notanish odamga tashladi. Xayriyat, arqon uzungina bo‘lib,,, yigit uni kamariga bog‘ladi. Malika uni asta-sekin tepaga torta boshladi. Yigit esa, malikaga yengil bo‘lishi uchun qoyaning bo‘rtib turgan joylariga oyoq-qo‘llarini tirab tepaga intilardi. Boshi va ko‘kragi Erna turgan maydonchaga yetay deganda yigit kuch-quvvati tugadi, malika zo‘r berib, mashaqqat bilan uni balandga tortib chiqardi.
Maydoncha judayam tor edi, malika o‘tirgan joyida yigitning boshini ko‘kragiga bosib, holsizlangan tanasini qo‘llari bilan o‘rab oldi.
–Kimsan ey, sehrli mavjudot? – oqarib ketgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib so‘radi yigit. – Tangri yuborgan farishtamisan? Yoki shu tog‘larning mehribon parisimisan? Balki ma’jusiy ilohalardan birimisan?
Malika uning tilini tushunmadi, ammo muloyimlik bilan, minnatdorchilik izhor qilib turgan qora ko‘zlari hamma gapni bildirib turardi. Lekin shu ondayoq yigitning kipriklari yumilib, yuzi o‘likdek oqarib ketdi va malikaning ko‘kragiga bosh qo‘ygancha xushini yo‘qotdi. Malika esa qimirlay olmas, ko‘kragida behush yotgan yigitning yuzidan moviy ko‘zlarini uzolmasdi.
Malika o‘zicha fikrlay boshladi.
“Bu baxti qaro yo‘lovchi xuddi menga va ajdodim Buyuk Ernga o‘xshash xunuk ekan. Menimcha har uchchalamizning tuprog‘imiz bir joydan olingan bo‘lsa kerak. Go‘zal Ernoterraliklarga qiyoslaganda biz uchchalamiz shunday badbasharamizki, bu narsa bizni yaxshilikka olib bormasa kerak. Lekin nima sababdan yigitning menga boqqan nigohlari shunchalik yoqimli? Kechagi bazmda raqs tushayotgan yigit va qizlarning rahmi kelgandek qaraganlari judayam ayanchli emasmi? Bu nigohlarning lipillab turgan shamchiroq bilan quyoshdek farqi bor-ku. Nima sababdan tomirlarimdagi qon gupillab urib ketdi, nima sababdan yonoqlarim lovullab, yuragim gursillamoqda, nega hayajondan borlig‘im quvonchga to‘ldi? Ey, Parvardigor! Sen meni shunchalik xunuk qilib yaratganliging uchun noliganim yo‘q. Shu yigit uchun men dunyodagi barcha qizlardan ham go‘zalroq bo‘lib ko‘rinishni istardim!”
Shu payt tepadan ovozlar eshitila boshladi. To‘g‘ri, malikaning qat’iy buyrug‘idan keyin enaga anchagacha o‘ziga kelolmadi, lekin o‘zini o‘nglab olgach, darhol uning izidan yugurdi. Uning toshdan-toshga sakrab jarlik tubiga oshiqqanligini, notanish kimsaning ingrab yordamga chaqirganligini eshitdi-yu, gap nimadaligini tushunib yetdi. Darhol qishloqqa yugurib hammani oyoqqa turg‘azdi: kimdir arqon, kimdir narvon va tayoq olib jar yoqasiga yugurishdi. Hushdan ketib yotgan yo‘lovchini sog‘-omon tepaga tortib olishdi. Enaga esa malikaga o‘z kiyimlarini chilvirga bog‘lab tushirdi. Shundan so‘ng malikaning buyrug‘i bilan musofirni saroyga olib borishdi va eng yaxshi xonaga joylashtirishdi. Uning bir qancha joyi qattiq lat yegan va qo‘li chiqqandi. Uni malikaning o‘zi davolay boshladi. Bunga hech kim ajablanmadi, chunki malikaning rahmdilligi, tabiblikdan ham yaxshigina xabardorligini hamma bilardi. Garchi yigit xunuk bo‘lsa-da, aslzoda oiladan ekanligi sezilib turardi.
Shu voqeadan so‘ng nima bo‘lganligini batafsil gapirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak? Ernaning uzluksiz parvarishi natijasida u tezda oyoqqa turib ketdi, xotirasi tiklandi va o‘z xaloskorini ko‘rib zavq-shavqqa to‘ldi. Malika kirib kelishini u intizorlik bilan kutar, Erna ham undan hech ajralgisi kelmasdi. Qanday qilib bir-birining tilini o‘rganganligini aytmaysizmi? Kunlardan bir kun Erna musofir yigit tilidan “amo!” degan yoqimli so‘zni eshitgach, quvonch va uyatdan qizarib, tortinchoqlik bilan shivirlab o‘sha so‘zni takrorladi. “Amo”, ya’ni “sevaman” degan so‘z, ayniqsa, birinchi bo‘sa bilan hadya etilsa, buni tushunmaydigan qiz dunyoda bormikan?
Eng yaxshi til o‘qituvchisi – sevgidir. Yigit tuzalgach, malika bilan birga saroy bog‘ida sayr qila boshlashdi. Shu asnoda ular bir-birlarini yaxshi bilib olishdi. Erna qutqargan yigit boy va qudratli Frantsiya davlatini boshqarayotgan qirolning yagona o‘g‘li bo‘lib, ismi Sharl ekan. Sayohat va sarguzashtlarga o‘chligi uni o‘tib bo‘lmas Ernaterra tog‘lariga kelib qolishiga sabab bo‘lgan. Qo‘rqoq kuzatuvchilari uni tashlab ketishgach, qoyadan yiqilitb, o‘lishiga bir bahya qolgan. U chaqaloqligida buyuk frantsuz bashoratchisi Nostradamus tuzib bergan munajjimlar jadvali haqida aytib berishni ham unutmadi. Bashoratda shunday so‘zlar bor ekan:
“… shimoli-sharq tomondagi yovvoyi tog‘larda katta falokatga yo‘liqasan, keyin esa moviy yulduz umrbod hayotingni yoritib turadi”
Erna ham Sharlga o‘z mamlakati va qirol oilasi tarixini so‘zlab berdi. Hatto, bir kuni Buyuk Ernning qurol-yarog‘larini ham faxrlanib ko‘rsatdi. Sharl ularni ehtirom bilan ko‘rib chiqdi. Qirolning qilichini olib bir necha zarb usullarini yengilgina namoyish qildi. Ernaning Buyuk ajdodi suratini ko‘rib, go‘zallik, donolik va ulug‘lik unga xos ekanligini aytib o‘tdi. Ern Birinchi tomonidan devorga o‘yib yozilgan xatni o‘qib quvonch bilan ayyorona jilmayib qo‘ydi.
–Nega kulayapsiz, shahzoda?– deya xavotirlanib so‘radi malika.
–Azizam Erna,– deya uning qo‘lini o‘pib javob berdi Sharl,– buning sababini albatta aytaman, lekin biroz keyinroq.
Tez orada Sharl qirol va qirolichadan qizlariga uylanishga izn so‘radi, chunki malika uni allaqachon dildan sevib qolganini bilardi. Ular nikohga rozi bo‘lishdi. Balog‘atga yetgan Ernoterra qizlari o‘zlari yoqtirgan yigitga turmushga chiqish erkinligidan to‘la foydalanar, shahzoda esa o‘z odobi, oliyjanobligi va obro‘-e’tibori bilan malikaga qalliq bo‘lishga loyiq edi.
Unashtirish munosabati bilan saroyda ham, axloq orasida ham tantanali bayram o‘tkazilib, keksayu yosh xursandchilik qildi. Faqat ona qirolichagina ma’yus holda o‘z xonasida o‘tirar va “Sho‘rliklar! Ularning bolalari ham badbashara bo‘lib tug‘ilsalar kerak…”– deya g‘amgin o‘ylarga borardi.
O‘sha bayram kunlari Erna qallig‘i bilan raqs tushayotganlarni kuzatar ekan, unga qarab:
–Sevgilim! Seni deb Erneterralik ayollarning eng xunugiga o‘xshashni istardim,– dedi.
–Bunday balodan Xudoning o‘zi asrasin,– deya cho‘chib javob berdi Sharl.– Sen juda chiroylisan.
–Yo‘q,– deya ma’yusgina e’tiroz bildirdi Erna.– Menga tasalli bermay qo‘yaqol, azizim. Nuqsonlarimni o‘zim yaxshi bilaman: oyoqlarim judayam uzun, tovonlarim va qo‘llarim judayam kichkina, belim yuqoriroqda, haddan tashqari katta ko‘zlarim ajoyib sariq rangda emas, balki yoqimsiz moviy rangda, lablarim esa yassi emas, do‘rdoq, xuddi kamonga o‘xshash qiyshiq.
Lekin Sharl malikaning ko‘kimtir tomirlari ko‘rinib turgan uzun barmoqli oppoq qo‘llarini tinmasdan o‘par, nafis so‘zlar bilan erkalar va raqsga tushayotganlarga qarab telbalarcha qahqaha urib kulardi.
Nihoyat bayramlar tugadi. Qirol bilan qirolicha baxtli juftlikka oq fotiha berishdi, qimmatbaho sovg‘a-salomlar hadya qilib yo‘lga kuzatib qo‘yishdi. (Unga qadar oq ko‘ngil Ernoterraliklar bir oy davomida yo‘llarni tekislab, daryo va jarliklarga vaqtincha ko‘priklar o‘rnatib qo‘yishgandi). Bir oy o‘tgach Sharl kelin bilan birga ajdodlari barpo qilgan poytaxtga kirib kelishdi.
Ma’lumki, ovoza har qanday uchqur otidan ham tez tarqaladi. O‘zining sofdilligi, soddaligi va sahovati bilan xalq orasida shuhrat qozongan valiahdni kutib olishga buyuk Parijning barcha aholisi chiqdi. Nafaqat erkaklar, hatto ayollar ham bir og‘izdan Ernani mamlakatning, binobarin, butun dunyoning eng go‘zal ayoli, deb tan oldi. Saroy darvozasi oldida qirolning o‘zi bo‘lajak kelinini kutib oldi va peshonasidan o‘pib dedi:
–Bolaginam, go‘zalligingni maqtaymi yoki saxovatingnimi – bilolmay qoldim, menimcha, har sohada kamolga yetgansan…
Unga ko‘rsatilgan hurmat va iltifotni kamtarlik bilan kutib olgan Erna esa o‘zicha:
“Badbasharalar yurtiga kelishim nasib etgani juda yaxshi bo‘ldi, har holda rashk balosidan qutulaman”,– deb o‘ylardi.
Bu ishonch uni uzoq vaqtlar tark etmadi. Sayyor ashulachilaru maddohlar malikaning chiroyi va xulq-atvorini ko‘klarga ko‘tarib, jahonga jar solib yurishdi, ritsarlar esa ko‘zlari rangiga taqlid qilib moviy rang liboslarni afzal ko‘rishdi.
Oradan bir yil o‘tib Sharl va Ernaning osoyishtalik bilan kechirayotgan baxtli hayotiga yana bir quvonch qo‘shildi: ular juda sog‘lom va antiqa o‘g‘il ko‘rishdi. Erna o‘g‘lini birinchi marta eriga ko‘rsatar ekan, tortinibgina dedi:
–Sevgilim! Sizga aytishga uyalib turibman, lekin: o‘g‘limiz judayam chiroyli, u sizgayam, mengayam o‘xshab ketadi lekin hamyurtlarimizning birortasiga ham o‘xshamaydi. Yoki mehrdan ko‘zim qamashdimikan?
Bunga javoban Sharl quvonch bilan kulib qo‘ydi:
–Malikam, dono Ernning ov qurollari saqlanadigan xona devoridagi yozuv ma’nosini keyin aytib beraman deganim esingdami?
–Endi eshit. U qadimiy lotin tilida bo‘lib, quyidagi ma’noni bildiradi: “Mamlakatimdagi barcha erkaklar – aqlli, vafodor va mehnatkash; ayollari – pok, samimiy va ziyrak. Ammo –ularni Xudoning o‘zi yorlaqasin – ayollar ham, erkaklar ham – badbashara”.
Ruschadan Abdunabi Abdulqodir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.