Aleksandr Kuprin. Zumrad ot (hikoya)

Beqiyos yo‘rg‘a Xolstomer xotirasiga bag‘ishlayman.

1

To‘rt yashar poygachi ayg‘irni Zumrad ot deb atashardi. U bo‘ychan, kulrang, qaddi tik, tanasi kumush­rang. Odatdagiday yarim tunda sayisxonasida uy­g‘ondi. Unga yonma-yon, chap va o‘ng, dahliz orqali o‘ti­ladigan qarama-qarshi tomondagi otlar bir tekis, yoqimli tovushda pichan chaynashar, shirin g‘ir­chillatib, ahyon-ahyonda pishqirib qo‘yishardi. Nav­batchi otboqar burchakdagi poxol uyumi ustida xurrak otardi. Zumrad Vasiliyni xurragidan tanidi, beixtiyor kunlarni sanadi. U hali yosh bola, otlar uni otxonada badbo‘y tamaki chekkani uchun yoqtirishmasdi, tez-tez shirakayf kirib kelar, tizzalari bilan otlarning qorinlariga tepar, ko‘zlariga musht ko‘tarar, no‘xtalarini qo‘pollik bilan siltab tashlar, otlarga notabiiy, tahdidli, bo‘g‘iq yo‘g‘on ovozda baqirardi.
Zumrad eshik oldidagi panjara yoniga bordi. Ro‘­parasidagi eshikda yoshgina, qorachadan kelgan biya Shegolixa turardi. Yo‘rg‘a qorong‘uda uni aniq ko‘­rol­masa-da, har gal pichan chaynashdan oldin bosh ko‘tarib, orqaga qayrilib qarab qo‘yar, katta-katta ko‘zlaridan qizg‘ish binafsharang olov sachrab ketardi. Ot burun teshiklarini ohista kengaytirib, uzoq vaqt havo simirdi, biyaning terisidan bilinar-bilinmas kelayotgan to‘lqinlantiruvchi hidni his etdi va astagina kishnab qo‘ydi. Biya ham shitob bilan orqaga qarab, mayin, tit­raganday, mehr bilan o‘ynoqlab kishnadi. Shu payt Zumrad yonginasida, o‘ng tarafda rashkchil, qahrli nafasni eshitdi. Oraga Onegin aralashdi – qari, qaysar, qo‘ng‘ir poygachi ot, ko‘pdan buyon ahyon-ahyonda faqatgina shahar birinchiliklarida qatnashib yuradi. Ikkala ot ham yupqa notekis taxtalar bilan ajratib qo‘yilgan, bir-biriga ko‘zi tushmasdi, biroq panjaraning o‘ng burchiga yonboshlayotib, Zumrad to‘sqichlardan chaynalayotgan issiq pichan hidini tiniq tuydi, bu tez-tez nafas olayotgan Oneginning no‘xtalaridan sizayotgan edi… Otlar shu yo‘sin biroz vaqt bir-bi­rini qorong‘uda hidlashdi, quloqlarini ko‘tarishgan ko‘yi bo‘yinlarini egib, asabiylashishdi. Kutilmaganda ikkalasi birdan qahrlanib, bor ovozda kishnab yuborishdi, yer tepinishdi.
– Jim bo‘l, jin ursin! – Otboqar uyqusirab, tah­didli qichqirdi.
Otlar panjaradan tislanishdi va hushyor tortishdi. Ular avvaldan bir-birini yoqtirishmasdi. Uch kun oldin otxonaga qomati kelishgan qora biyani olib kelishdi, odatda bunday qilinmasdi. Bu poygachi otlarga joy yetishmasligidan kelib chiqdi. Shundan buyon kunlari janjalsiz o‘tmay qoldi. Otxonada ham, aylanada ham, sug‘orilayotganda ham bir-birini olishuvga chaqirishardi. Biroq Zumrad ich-ichidan uzun bo‘yli, niyati yovuz, yumaloq tuya tuyoqli, ko‘zlari qayg‘uli, tanasi toshday mustahkam, yillar bo‘yi yugurishlar, poygalar, olishuvlarda toblangan suyakdor ot oldida qo‘rquvni his etardi.
Yo‘rg‘a o‘zini hech nima bo‘lmaganday, qo‘rqmayot­ganday ko‘rsatishga urinib, qayrildi, oxurga boshini tiqib, pichanni maydalab, tez-tez kavshay boshladi. Avvaliga tantiqlanib, o‘t-o‘lanlarni saralab, terib yedi, chaynagani sari pichan shirinlashib ketdi, oxurdan bosh ko‘tarolmay qoldi. Shunda xayoliga asta-sekin turfa o‘ylar yopirila boshladi, xotirasidagi olis qiyofalar, hidlar, tovushlar bir-biriga ulanib, ay­ni chog‘da qop-qora girdob ichida butkul yo‘q bo‘lib ketishardi.
“Pichan”, – deb o‘yladi va kechqurun pichan solgan katta otboqar Nazarni esladi.
Nazar – yaxshi qariya, undan hamisha xushbo‘y qo­ra non va sal-pal sharob hidi keladi, shoshmas­dan yumshoq qadam tashlaydi, pichan va sulisi ham­manikidan mazali tuyuladi, otlarni tozalayotganda yarim ovozda mehr bilan so‘zlashayotib, yoqimli tarzda tomoq qirib qo‘yadi. Unda katta, boshqalarga o‘x­shamaydigan alohida xislatlar yo‘qday, faqat pi­chan solayotganda, jilov tortganda be­o‘xshov qo‘llari tit­rab ketadi.
Vasiliy har qancha baqirib-chaqirmasin, olishmasin, qo‘rqoqligi bor, buni barcha otlar bilishadi, undan qo‘rqishmaydi. U otda yurolmaydi, tortadi, nuqul aylanadi. Ko‘zlari qiyiq uchinchi otboqar ikkalasidan ham yaxshi, lekin otlarni xush ko‘rmaydi, beshafqat va besabr, qo‘llari yog‘ochday qattiq. To‘r­tinchisi – Andryashka, juda yosh, toychoqqa o‘xshab otlar bilan o‘ynaydi, no‘xtalar orasidagi yuqori lablarini yashirib-yashirib o‘pib qo‘yadi, bu – yoqimli ham, kulgili ham emas.
Baland bo‘yli, oriq, bukchaygan, yuzlari tekis qirtishlangan va tilla ko‘zoynakli chavandoz esa – butunlay boshqa gap. U o‘xshashi yo‘q otga o‘xshaydi – aql­li, kuchli va qo‘rqmas. Hech qachon jahli chiqmaydi, xipchin bilan urmaydi, biroq ustiga minganda tulpor uning har bir ishorasi, barmoqlarining harakatiga so‘zsiz, allaqanday quvonch, g‘urur va qo‘rquv hissi bilan bo‘ysunardi. Bu Zumradga cheksiz xursandchilik ato etar, yugurayotib, butun vujudi qaynab-toshar, naqadar ajib, baxtiyor damlar edi.
Otning xayolidan otchoparga olib boradigan qisqa yo‘l, har bir uy, ustunchalar, to‘shalgan qum, chopayotgan otlar, yashil maysalar, bog‘ichlardagi sarg‘ish dog‘lar o‘tdi. Uch yashar qora to‘riqni esladi, u shu kunlarda oyoq chigilini yozayotganday oqsoqlanardi. Zumrad ham bir zum oqsoqlanib yurishni tasavvuriga keltirdi.
Bir dasta pichan og‘ziga juda yoqdi, boshqalaridan o‘zgacha, ajoyib ta’mi bilan ajralib turardi. Ay­g‘ir uni uzoq vaqt chaynadi, yutganida bir muddat qovjiragan gullar va maysalarning nafis xush bo‘ylarini ilg‘adi. Ot ongida noaniq, allaqanday ayqash-chuyqash, uzoq xotiralar sirg‘aldi. Bu kashanda odamlarda bo‘lib turadigan holatga o‘xshab ketardi, ya’ni – ko‘chada papirosni beixtiyor chuqur tortganda ushlab bo‘lmas soniya, eski gulqog‘ozlar yopishtirilgan g‘ira-shira dahliz va bufetdagi yagona sham, yoki olis tun yo‘li, qo‘ng‘iroqlarning tekis tovushlari, og‘ir mudroq, yoki yaqin o‘rtadagi zangori o‘rmon, qor, ochilib-ochilmayotgan ko‘zlar, ko‘chkilar guldurosi, eh­tirosli betoqatlik, tizzalar qaltirashi – barisi bir daqiqada yelib o‘tishadi-da, yurakni unutilgan, hayajonli, yelvizak hislar ohista, g‘amgin va tushuniksiz qalqitib ketadi.
Qorong‘ulikda bog‘cha uzra hanuzgacha ko‘zga ko‘­rin­mas narsalar bo‘zarib, zo‘rg‘a ko‘zga tashlanardi. Otlar erinchoqlik bilan kavshanishar, birin-ketin og‘ir va sekin xo‘rsinib qo‘yishardi. Hovlida tanish xo‘rozning jarangdor, tetik, karnayday keskin qichqirig‘i yangradi. Olis-yaqinlardan xo‘rozlarning birin-ketin xonishlari uzoq vaqt tinimsiz eshitilib turdi. Zumrad boshini oxurga egib, unda boyagiday zarif, jonli, uzun xotiraning aks-sadosi, g‘aroyib ta’mini ushlab qolmoqqa va kuchaytirmoqqa urindi. Lekin uni tiriltirolmadi, o‘zi ham sezmagan holda mudray boshladi.

2

Uning tanasi va oyoqlari benuqson, mukammal ko‘rinishga ega edi, tik turib uxlar, oldga va ortga sal-pal chayqalib qo‘yardi. Ba’zan titrab ketar, shunda shirin uyqusi bir necha onga yengil mudrash bilan almashar, biroq uzoq davom etmagan orom shu qadar ajoyib ediki, bundan otning muskullari, asablari va terisi tiniqlashardi. U saharlab uyg‘ondi, tushini esladi. Tushida erta bahor tongi, ko‘tarilayotgan qizg‘ish shafaq, quyuq o‘tloqni ko‘rdi. Maysalar qalin va shirali, tiniq, ertakdagiday sehrli, yam-yashil, borliq ma­yin binafsharangda jilolanardi. Bunday manzarani ko‘rish odamlar va jonzotlarga faqat bolaligida nasib etadi, xolos. Shudringlar miltirab shu’lalanar, tiniq havoda barcha-barcha islar ingichka jilvalanib, yoyilardi. Salqin havo oralab tutun isi uriladi, u qishloqdagi quvurdan esadi. O‘tloq gullari turfa-turfa hid taratadi, shahar chekkasidagi namxush burama yo‘ldan bir-biriga aralashib ketgan turli-tuman islar keladi: odamlar, qoramoy, ot yuklari, chang, o‘tib ketayotgan podadan sigir sutlarining bug‘i, devor ortidagi archa novdalaridan oqayotgan yoqimli qatron hidlari.
Etti oylik Zumrad toychoq polda behol yotadi, boshini pastga tirab, orqa oyoqlari bilan tepinib-tepinib qo‘yadi. U havodan tushganday tanasining og‘ir­ligini sezmasdi. Oppoq quruq moychechak gullari oyoqlari ostida uchib yurishardi. U quyosh tomon parvozga intilardi. Ayollar tizzaga uradigan nam maysalar oralab o‘tishar, maysalardan sovuqlik sachrar, bora-bora qorayib ko‘rinardi. Moviy osmon, yashil maysa, oltin quyosh, toza havo, bolalik, yoshlik hayratlari, kuch va poyga tezligi!
Biroq u qisqa, notinch, juda tanish kavshanishni eshitdi, buni minglab tovushlar ichidan olisdan bo‘lsa ham bilib olardi. U yugurayotganda bir to‘xtab olar, bir soniya quloq tutar, boshini baland ko‘tarib, bejirim quloqlarini qimirlatib, kalta muloyim supurgi dumini bo‘sh qo‘yib, uzun quyma ovoz bilan javob berar, shunda tik, oriqroq, uzun oyoqli tanasi titrab ketar va onasi tomon chopardi. Onasi – keksaygan, vazmin biya maysadan ho‘llangan boshini ko‘tarib, toychog‘ini suyib, hidlab olardi-da, qilmasa bo‘lmaydigan ishni bajarib qo‘yishi kerakday yana o‘t-o‘lanlarni yeyishga tushib ketardi. Toychoq kichik bo‘ynini egib, onasining qorniga tiqilib, yuzini balandga qayirib, shirin, salgina nordon sut bilan to‘lib turgan issiq yelinni topib olar, sut uning og‘ziga ingichka iliq jilg‘achalarday sharillab tushar, undan ajralgisi kelmasdi. Onasi uni itarib, o‘zini bolasining chotidan tishlab olmoqchiday ko‘rsatardi.
Otxona butunlay yorishdi. Sersoqol, qari, bad­bo‘y echki otlar orasida yashardi, ichkaridan qir­rali narsa tiqib qo‘yilgan eshik oldiga borib, or­qaga, otboqar tomonga qarab, ma’ray boshladi. Vasiliy oyoqyalang, patak sochli boshini qashidi-da, eshikni ochish uchun turdi. Salobatli kuz tongi sovuq edi. To‘rtburchak eshik ochilishi bilan otxonadan chiqqan issiq havo bug‘lanib ketdi-da, bir zumda qotib qoldi. Tollar va ularning to‘kilgan yaproqlaridan kelayotgan yoqimli islar nafis, ohista sayisxona bo‘y­lab sirg‘alardi. Otlar hozir yem berishlarini yaxshi bi­lishardi, sabrsizlik bilan panjaralar yonida pishqirib qo‘yishardi. Ochko‘z va injiq Onegin tuyoqlari bilan qoqib qo‘yilgan yog‘ochni yuqori tishlari bilan tishlab-tishlab, oxurning temir bilan parchinlangan, chaynab tashlangan bort qirralariga bo‘ynini cho‘zib, havo yutindi va kekirdi. Zumrad yuzini panjara yonboshlariga ishqaladi.
Boshqa otboqarlar ham kelishdi. Ular to‘rt kishi edi – qat’iy o‘lchangan miqdorda oxurlarga yem tashlay boshlashdi. Nazar og‘ir shovdirab turgan yemni Zumradning oxuriga solarkan, tulpor yemga hov­li­qib, qariyaning yelkalari, qo‘llari oralab, issiq no‘x­talarini silkitib, bosh suqardi. Zumradning erka qiliqlari, besabrligi otboqarga juda yoqar, u ham ataylabdan shoshilmas, tirsaklari bilan oxurni to‘­sib olar, samimiy dag‘allik bilan g‘udranardi:
– Obbo, ochofat-ey… Shoshilma, ulgurasan… Ha, seni-ya… qani basharamga yana basharangni tiqib ko‘r-chi. Men ham yomon qilaman…
Oxur uzra pastga qarab to‘rtburchak ustunga quyosh­ning zarrin nurlari qiyalab tushib turar, unda millionlab tilla o‘rgimchak iplari aylanishar, bo‘­li­nib-bo‘linib, deraza gulqog‘ozlariga uzundan-uzun soyalar solishardi.

3

Uni tashqariga olib chiqish uchun kelishganida Zumrad endigina yemni yeb bo‘lgan edi. Havo iliq­lashdi, tuproq yumshadi, biroq otxonaning devorlari hali qirovdan oqarib turardi. Otxonadan olib chiqilgan, quyuq bug‘lar chiqarayotgan uyum-uyum go‘nglar ustida gujg‘on o‘ynayotgan qarg‘alar bor ovozda qichqirishar, bir-birlari bilan janjallashayotganga o‘xshardi. Bo‘ynini egibroq, ehtiyotkorlik bilan bo‘­sag‘adan o‘tayotib, Zumradni quvonch hissi qamrab oldi, toza havodan to‘yib simirdi, bo‘ynini silkitib, butun vujudi bilan jaranglatib aksirdi. “Sog‘ bo‘l,” – dedi Nazar jiddiy ohangda. Zumrad bir joyda turolmasdi. U shitob bilan yelish, qitiqlovchi havo, ko‘z o‘ngida silkinayotgan no‘xtalar, yuraklarning olovli qalqib ketishlari, chuqur-chuqur nafas olishni istardi. Ot qoziqqa bog‘lab qo‘yilgan edi, orqa oyoqlari bilan o‘ynoqlab, kishnadi, bo‘ynini avaylab qayirdi-da, ortiga, qorato‘riq biyaga qaradi, uning katta qora ko‘zlaridagi qizil qon tomirlari chiziqlarigacha ko‘rdi.
Nazar qattiq-qattiq nafas olib, bor kuchi bilan boshi uzra suv to‘la chelakni ko‘tardi va suvni tulporning yelkasidan oshirib, yag‘rinidan to dumigacha quydi. Bu Zumrad uchun juda tanish, yoqimli va ba’zan kutilmagan holatlarni tug‘dirguvchi dahshatli tuyg‘u edi. Nazar yana suv keltirdi, yo‘rg‘aning yonboshlari, ko‘kragi, oyoqlari, dumg‘azasi ostiga sepalab chiqdi. U qadoq qo‘llari bilan ot tanasini yunglari bo‘ylab qattiq, bos­­tirib ishqalab chiqar, suvlarni chaplashtirardi. Zumrad ortiga qarab, o‘zining baland, quyoshda yaltirab, qoraygan va cho‘g‘lanib turgan sag‘riniga ko‘zi tushdi.
Poyga kuni edi. Zumrad buni o‘ziga xos asabiy, shoshqin harakatlardan bilar, otboqarlar otlar at­­rofida aylanib, shapatilashlaridan sezardi, ay­rim otlar tanasiga nazokat nuqtai nazaridan odatiy belgilarni qo‘yishar, biyalarga guldor terilarni ildirishar, ba’zilarning oyoqlarini qattiq bog‘ichlar bilan bo‘g‘inlaridan tizzalarigacha o‘rab tashlashar yoki ko‘krak ostidan old oyoqlargacha yung bilan qoplangan keng qo‘ltiqchalarini ham bog‘lab qo‘yishardi. Saroydan xushbichim ikki g‘ildirakli, baland o‘rindiqli ajnabiy rusumdagi aravalarni olib chiqishdi, ularning metalldan yasalgan ninalari, qizil chambarak­lari, keng tortilgan qizg‘ish shotidagi yangi bo‘yoqlar ko‘zlarni qamashtirardi.
Otxonaning bosh otlig‘i yetib kelguncha Zumrad butkul qurib bo‘lgan, cho‘tkalar bilan tozalangan, jun matodan tikilgan qo‘lqoplar bilan artilgan edi. Uzun bo‘yli, oriqdan kelgan, biroz bukchaygan, uzun qo‘lli bu odamni hamma birday hurmat qilishar, ayni paytda undan odamlar ham, otlar ham qo‘rqishardi. Uning yuzi kuygan, qirtishlangan, chizib quyilganday kulgili lab­lari qattiq, yupqa, egik ko‘rinardi. U tilla ko‘zoynak taqardi, ko‘zoynak ortidan moviy, yorug‘ ko‘zlari dadil va xotirjam tikilib turardi. Bosh otliq tozalash ishlarini kuzatar, uzun oyoqlarida baland etiklar, qo‘llarini pantolonining cho‘ntaklariga chuqurroq kirgizib olgan, sigarasini og‘zining goh bu burchiga, goh u burchiga olib-borib keltirardi. Egnida – yoqasi yungli kulrang kurtka, boshida – ensiz hoshiyali va to‘g‘ri chiziqli to‘rtburchak soyabonli qora shapka. Ba’zan keskin, pala-partish ohangda qisqa-qisqa tanbehlar berar, shunda barcha otboqarlar va ishchilar unga qayrilib qarashar, otlar ham quloqlarini dikkaytirib, hushyor tortishardi.
U Zumradning irg‘ishlashlariga alohida e’tibor berar, otning butun tanasi, peshonasidan tortib tuyoqlarigacha qarab chiqar, tulpor ham uning mehrli nigohini sezib, boshini baland ko‘tarar, chi­royli bo‘y­nini asta egib qarar, yaltirab turgan qu­loq­la­ri­ni tikkaytirardi. U ot ayilining mus­tah­kamligini ko‘rdi, qo‘llari bilan qornini siladi. Otga kulrang matoli, qizil uqali, ko‘z oldlariga qizil aylana qilib, orqa oyoqlariga qizil kashtali jul kiydirishdi. Ikki otboqar – Nazar va qiyiq ko‘z ikki tomondan Zumradning yuganidan ushlab, tanish ko‘prik usti bo‘ylab, ikki qatorli kamyob ulkan toshli binolar oralig‘idagi otchoparga olib chiqishdi. Yugurish aylanasigacha bo‘lgan masofa to‘rt chaqirimga ham yetmasdi.
Otchopar hovlisida otlar ko‘p edi, ularni doira bo‘ylab bir yo‘nalishda, yugurish aylanasida, soat millarining teskari harakatida olib yurishardi. Hovlida metin oyoqli, dumlari kalta qilib kesilgan, do‘g‘aga bog‘langan otlarni aylantirishardi. Zumrad oq tulporni darrov tanidi, ular doim birga, yonma-yon yugurishardi, ikkalasi bir-biri bilan so‘zsiz, ko‘zlari kulib salomlashishdi.

4

Otchoparda qo‘ng‘iroq chalindi. Otboqarlar Zumrad ustidagi julni olib tashlashdi. Chavandoz quyosh nurlaridan qamashgan ko‘zoynak ostidagi ko‘zlarini qisib, uzun so‘yloq tishlarini irjaytirib, unga yaqinlashdi, yurgan ko‘yi qo‘lqoplarini kiyib olarkan, xipchinni qo‘ltiqlab oldi. Otboqarlardan biri Zumraddagi bashang nimarsalar, dumidagi kapalak­larigacha yig‘ib oldi, ularni ehtiyotkorlik bilan o‘rindiqqa qo‘ydi, bu bilan go‘yo go‘zal xotima yasadi. Ot gavdasining og‘ir­ligidan nozik arava shotisi tarang tortildi. Zumrad ortga ko‘z qirini tashladi va otliqni ko‘rdi. U ot sag‘­riniga qulay o‘rnashib olib, oyoqlarini oldga tirab, arava shotisiga osiltirib turardi. Otliq shoshilmasdan jilovni oldi, otboqarlarga ovozini jiddiy tarzda balandlatib gapirdi, hammasi birday qo‘llarini ishdan tortishdi. Poyga sururidan quvonchga to‘layotgan Zumrad shitob bilan oldga urindi, lekin uni kuchli qo‘llar ushlab qoldi, orqa oyoqlarini ko‘taroldi, xolos. Bo‘ynini silkitdi va sekin-sekin yo‘rtib, keng darvozadan yugurib chiqdi-da, otchoparga kirdi.
Hovlida har bir chaqirimda ellips shaklidagi yog‘och ustunlar o‘rnatilgan, sariq qum sepilgan nam va zich yugurish yo‘laklari oyoq ostida g‘irchillab, yoqimli ohangda qayishib ketar, bosim goh ko‘tarilib, goh pasayib borardi. Tuyoqlarning tekis va o‘tkir izlari, temir chambaraklardagi to‘g‘ri chiziqlar iz solib borardi.
Minbar cho‘zilganday ko‘rindi. Ikki yuzta ot si­g‘adigan bu yog‘ochli binoga baland ingichka ustunlar tirab qo‘yilgan, qora-qura olomon oldga intiladi, guvillaydi. Zumrad jilovning yengil, eshitilar-eshitilmas silkinishidan tushundiki, qadamini tezlatsa bo‘ladi, xursand pishqirib qo‘ydi. U bir tekisda yo‘rtib borardi, belini urintirmasdan, yo‘lga dadil tikildi, chiroyli bo‘ynini chap tomonga qayirib, arava shotisiga qarab qo‘yarkan, yuzini to‘g‘riga qaratdi. Otning betakror uzun-uzun qadamlari uzoqdan kuzatilganda yugurish tezligi katta emasdek taassurot qoldirardi, u shoshilmasdan yo‘lni aniq o‘lchab borardi, tsirkulga o‘xshab, old tuyoqlari uchini yerga sal-pal tekkizib qo‘yardi. Bu haqiqiy poygachi otning chiqishi edi. Yo‘rg‘a nafasini yumshatib olar, har bir qarshilikni oxirgi nuqtasigacha kamaytirib, qaytadan harakatlanish uchun barcha nokerak urinishlarni olib tashlar, kuchi, go‘zalligi ko‘zni qamashtirar, u tirik, benuqson ishlaydigan mashinaga aylanganday tuyulardi.
Ikki yugurish oralig‘idagi antraktda otlarni sovutish boshlandi, bunda ayg‘irlar nafasini rostlab olishadi. Otlarning ko‘pchiligi aylanada Zumrad bilan bir yo‘nalishda, ichki aylanada esa unga qarama-qarshi tomonda yugurishardi. Tanasi kulrang, qora tanga-tangali, bo‘yi uzun, yuzi oqish, bo‘yni yumaloq, dumi quvurday, ko‘rgazma otlariga o‘xshash, nasli sof orlovcha bedov Zumradni quvib o‘tdi. U yo‘l bo‘yi sergo‘sht, keng, terdan qoraygan ko‘kragi va ho‘llangan chotlarini silkitib chopar, old oyoqlarini tizzasidan yon tomonga uloqtirar, har bir qadamida jigarining lo‘qillagani eshitilib turardi. Orqa tomondan tik qomatli, tanasi uzun, duragay naslli, qora yolli biya kelib to‘xtadi. U ham Zumradday ajoyib, poygaga puxta tayyorlangan edi. Kalta, ozoda qalin mato unga shunday yarashib turardiki, hatto teri osti muskullarining harakatlari bilinib turardi. Otliqlar bir-birlari bilan suh­batlashib borishardi, ikki ot birozgina yonma-yon yurish­di. Zumrad biyani hidlab ko‘rdi, yo‘l-yo‘lakay u bilan o‘ynamoqchi bo‘ldi-yu, bunga otlig‘i yo‘l qo‘ymadi, ot bo‘ysundi.
Ro‘paradan dokalar, tizzabog‘lar va qo‘ltiqosti bog‘ichlari bilan tang‘ib tashlangan katta qora arg‘umoq bor kuchi bilan yo‘rtib, yelib kelar, o‘ng tomonida yarim gaz keladigan uzunroq shoti do‘ppayib chiqib turardi, boshi doira shaklida qattiq bog‘lab qo‘yilgan, temir tasmasi qayirib o‘ralgan, beshafqatlarcha siqib tashlangan, og‘riqdanmi otning asabiy xirillashi eshitilardi. Zumrad va biya bir vaqtning o‘zida unga qarashdi, ikkalasi ham shu lahzada kuchli, chopqir va chidamli yo‘rg‘ani ko‘rishdi, ayni paytda qo‘rqinchli, qaysar, jahldor, kekchi va izzattalabligini his etishdi. Qora otning ortidan kulgili darajada kichkina, och kulrang hashamdor tulpor chopib o‘tdi. Tashqaridan qaralganda, uni juda katta tezlikda yugurib ketayapti, deb o‘ylash mumkin edi, oyoqlari bilan yerni tez-tez urib qo‘yar, tuyoqlarini tizzasidan yuqoriga ko‘tarar, afti-angoridan tirish­qoqlik, ishbilarmonlik nuqsi ufurib turar, chiroyli, kichkina boshiga silliq bo‘yni yarashgan edi. Zumrad unga ko‘zlarini olaytirib, kinoya bilan qaradi, bir qulog‘ini u tomonga qimirlatib qo‘ydi.
Boshqa otliq suhbatini tugalladi, baland ovozda qisqa-qisqa xoxoladi, go‘yo kishnab yubordi va biyani erkin yugurishiga qo‘yib berdi. U hech qanday zo‘riqishsiz, xotirjam chopardi, Zumrad bilan yo‘llari ayrildi, oldinga qarab yugurdi, yaltirab turgan boshini orqa yelkasidan bilinar-bilinmas oshirib, qora tasmasini tarang va tekis tortib qo‘yardi. Kutilmaganda tillarang-malla yo‘rg‘a shitob bilan sakradi, chopdi, uni Zumrad va oq biya oq to‘sqichlar oralig‘idan ko‘rib turishardi, yo‘rg‘a ularni ortga irg‘itib yubordi. U uzun-uzun qadam tashlab yugurar, ba’zan cho‘zilar, ba’zan yerga egilib, yo havoga ko‘tarilib, oldingi oyoqlarini orqa oyoqlari bilan birlashtirib olardi.
Uning otlig‘i bor gavdasini orqaga tashlab, o‘tir­masdi, tortilgan tizginga osilib, yotib olgan edi. Zumrad hayajonlandi, chap bermoqchi bo‘ldi, am­mo ot­liq uning qizishib ketganini sezib, tizginni sezdirmay tortib qo‘ydi, otning har bir harakatini oldindan bilguvchi epchil va sezgir qo‘llar birdan temirday qotib qoldi. Malla ot minbar atrofini yana bir bor aylanib chiqdi-da, Zumradni quvib o‘tdi. U chopib borar, terga botib ketgan, ko‘zlari qontalash, xirillab nafas olardi. Oldinga egilib olgan otliq zo‘r berib beliga yaqin joylariga xipchin bilan savalardi. Nihoyat, otboqarlar darvozaga yaqin yerda uning yo‘lini kesib chiqib, tizgin va yuganni ushlab qolishdi. Terga botgan, titrayotgan, zo‘rg‘a nafas olayotgan ot­ni bir muddatga otchopardan olib chiqishdi.
Zumrad bor kuchi bilan yo‘rtib, yarim aylanani bosib o‘tdi, keyin yo‘lga qayrildi, yugurish maydonini kesib o‘tuvchi yo‘ldan darvoza orqali hovliga chiqdi.

5

Otchoparda bir necha bor qo‘ng‘iroq chalindi. Har zamonda ochiq darvoza yonidan yugurayotgan otlar yelib o‘tishar, minbardagi odamlar qichqira boshlashar, qarsak chalishardi. Zumrad boshqa otlar chizig‘ida ko‘­pincha Nazar bilan birga qadam tashlardi, boshini osiltirib, u yoq-bu yoqqa silkitganicha g‘ilof ichidagi quloqlarini qimirlatib qo‘yardi. Sovutishdan so‘ng tomirlaridagi qonlar osoyishta va qaynoq oqdi, nafasi chuqurlashdi, erkin tin oldi, vujudi shu qadar tiniqlashib, salqinladiki, butun muskullarida yana yugurish istagi yonayotganini tuydi.
Yarim soat o‘tdi. Otchoparda yana qo‘ng‘iroq chalishdi. Endi otliq otga qo‘lqopsiz o‘tirdi. Bu qo‘llar oppoq, sehrli, keng, ayni paytda Zumradning qalbiga ham hayiqish, ham mehr tuyg‘usini solardi. Otliq shoshilmasdan otchoparga chiqdi, bu yerda otlar sovutilgandan so‘ng birin-ketin hovliga chiqishardi. Aylanada faqat Zumrad va u bilan o‘tish joyida uchrashgan ulkan qora yo‘rg‘a qoldi. Minbardan olomon boshdan-oyoq quyuqlashib, qoraygancha ko‘rinar, bu qop-qora to‘dada son-sanoqsiz, quvnoq, pala-partish chehralar, qo‘llar tovlanar, rang-barang yomg‘irpo‘shlar, bosh kiyimlar ko‘zga tashlanar, oq varaqdagi dasturlar havolanardi. Zumrad qadamlarini asta-sekin tezlatib, minbar yonidan yugurib o‘tayotib, minglab ko‘zlar kiprik qoqmay uni kuzatayotganini sezdi, bu ko‘zlar ochiq-oydin undan yeldan uchqur yugurishni, butun kuch-quvvatini ishga solishni, yuragi zarb bilan urishini istashardi. Bu idrok unga baxtiyor va tantiq lahzalarni baxsh etdi. Tanish oq yo‘rg‘ada yosh bola o‘tirar, oti Zumrad bilan yonma-yon, o‘ng tomonda qattiq kishnagancha sakrab chopardi.
Zumrad tanasi chap tomonga sal egik holda tekis va qadamlarni o‘lchab olganday yugurayotib, qay­rilishni chamalab ko‘rdi, qizil aylanadagi ustunga yaqinlashdi. Otchoparda qisqa qo‘ng‘iroq chalindi. Otliq bildirib-bildirmay o‘zini o‘rindiqda bazo‘r o‘nglab oldi, qo‘llari qo‘qqisdan qattiqlashdi. “Endi yur. Kuchlaringni avayla. Hali erta”. Belgini tushundi Zumrad, bir lahza orqaga qayrilib, ziyrak quloqlarini dikkaytirdi. Oq yo‘rg‘a yonboshda tekis chopib borar, faqat ozroq orqada edi. Zumrad uning yag‘rinidan kelayotgan yangi va tekis nafasni yaqindan eshitdi.
Qizil ustun ortda qoldi, yana bitta keskin burilish, yo‘lakcha bo‘ylab rostlanib, yaqinlashgani sari ikkinchi minbar qorayib ko‘rinar, olisdan gurillayotgan olomon yanada qalinlashar, har bir qadamda o‘sardi. “Yana! – qo‘yib berardi otliq, – yana va yana!” Zumrad biroz shiddatlandi, bor kuchini yig‘ib, zo‘r berib, yugurishga sarflashni xohlardi. “Mumkinmi? – o‘yladi u. “Yo‘q, hali bor, hayajonlanma, – deya uni sehrgar qo‘llar tinchlantirardi. – Keyin”.
Ikki yo‘rg‘a ham ustunlarni birday aylanib o‘tishdi, faqat bu ustunlar diametrning qarama-qarshi tomonida, ikki minbarni birlashtiradigan joyda joylashgan. Qattiq tortilgan iplar ozgina qarshilikdan ham uzilib ketishi mumkin, shiddat zarbidan Zumrad bir lahzaga quloqlarini berkitib olishga majbur bo‘ldi. Biroq buni shu zahotiyoq unutdi, bor diqqatini ajoyib qo‘llarga qaratdi: “Yana biroz! Qizishma! To‘g‘riga qarab yurish kerak!” – buyruq berdi otliq. Ot chayqalayotgan qop-qora minbar yonidan uchib o‘tdi. Yana bir necha sarjin va to‘rtalasi – Zumrad va uning otlig‘i, oq yo‘rg‘a va do‘g‘aga bog‘langan, kavsharlangan, qisqa uzangidagi bola ot yolidan ko‘z uzolmay, baxtiyor yuzlari yashnab, butun borlig‘i bilan otni yugurtirardi, ularga erkinlik jarangdor musiqaday ilhom baxsh etar, har biri o‘z vazifalarini a’lo darajada uddalashmoqda edi. Ta-ta-ta-ta! – yerni ravon qoqib boradi Zumrad. Ta-ta-tra-ta! – g‘o‘la bola qisqa va keskin ravishda qaytaradi. Yana bitta burilish va ikkinchi minbar tomonga yuguradi. “Men ham tezlataymi?” – so‘raydi Zumrad. “Ha, – deydi qo‘llar, – faqat shoshilma”.
Ikkinchi minbar g‘izillab o‘tganini ilg‘ab ham qololmaysan. Odamlar nimalardir deb qich­qi­ri­shadi. Bu Zumradning e’tiborini tortadi, u qi­zi­shadi, tizginning haroratini-da sezmay qoladi, bir muddat ichida yo‘llarni to‘g‘ri chamalab, o‘ng tomondan to‘rt marta qaysarlik bilan sakraydi. Biroq tizgin o‘sha zahotiyoq qattiq tortiladi va otning og‘zini achitib o‘tadi, bo‘ynini pastga o‘rab oladi, boshini o‘ng tomonga aylantirib tashlaydi. Endi o‘ng oyoq bilan sakrash noqulay. Zumradning jahli chiqdi, oyoqlarini almashtirishni istamadi, otliq esa uning kayfiyatini payqab, sekin yo‘rtishiga qo‘yib berdi. Zumrad o‘z maqomiga kirib oldi, do‘stona qo‘llar mayinlashdi. Zumrad xatosini tushundi, tezligini ikki barobar oshirishga urindi. “Yo‘q, hali erta, – ochiq ko‘ngillik bilan yupatdi ot­­liq. – biz buni to‘g‘rilashga ulguramiz. Hechqisi yo‘q”.
Ular havas qilgudek do‘stlarday bir-birini ang­lab, hech qanday savalashlarsiz yana bir aylana va yarim aylanani bosib o‘tishdi. Biroq qora ot bugun a’lo ko‘rinishda edi. Zumrad ishni buzib qo‘yganda ot­liq yo‘rg‘a ustiga qalin matoni tashlashga muvaffaq bo‘ldi, Zumrad ko‘zdan yo‘qolgan, oxiridan oldingi us­tunni izlardi, ustungacha uch chorak mil qolgan edi. “Endi – olg‘a. Qani, yur!” – buyruq berdi otliq. Zumrad quloqlarini dikkaytirdi va bir marta ortga ilkis nazar tashladi. Otliqning yuzlari qizarib ketgan, keskin, qat’iy, besabr, sarg‘ish, katta-katta, burishgan, qattiq qisilgan lablari yaltirab ketdi. “Endi o‘zingni ko‘rsat! – yuqoriga ko‘tarilgan qo‘llardagi tizginlar buyruq berardi. – Yana! Yana!” Otliq birdan keskin dirillagan, sirenalarday chinqiroq tovushda qichqirdi:
– O – e-e-e-ey!
– Mana, mana, mana, mana! – g‘o‘la bola o‘tkir va jarangdor ovozda ot choptirib borardi.
Shiddat tuyg‘usi eng baland cho‘qqiga ko‘tarildi, hozir uzilib ketgudek eng nozik tolada ilinib turardi. Ta-ta-ta-ta! – yerga oyoqlarini bir maromda urib borardi Zumrad. Trra-trra-trra! – oldda Zumradni ortidan ergashtirib kelayotgan oq yo‘rg‘aning sakrashlari eshitilardi. Arava shotilari chayqalar, sakrash maqomlari ko‘tarilar, bola egarga o‘tirib, ot bo‘yniga batamom yotib olgan edi.
Shamol qarshidan kelar, quloqlar yonidan hush­tak chalib o‘tar, otning burun teshiklarini qi­tiqlar, bo‘lak-bo‘lak, katta-katta bug‘lar ko‘tarilar, nafas olish qiyin edi, terisi qizib ketgan edi. Zumrad so‘nggi burilishni ham bosib o‘tdi, butun vujudi ichiga tortib ketganday edi. Minbar tirikday o‘sib borar, ming­lab tovushdagi qiy-chuvlar Zumradni ham qo‘rquvga solar, ham hayajonlantirardi. Unda yo‘rtish uchun boshqa kuch qolmadi, sakragisi keldi, biroq bu azamat qo‘llar ham buyruq berar, ham tinchlantirardi: «Azizim, sak­rama! Faqat sakrama!… Mana shunday, mana shunday, mana shunday». Zumrad ustun yonidan shitob bilan o‘tib borarkan, nazorat ipini uzib yubordi, buni hatto o‘zi ham sezmay qoldi. Minbardan qichqiriqlar, kulgi, qarsaklar sharsharaday oqib tushardi. Afishalarning oq varaqlari, soyabonlar, tayoqchalar, bosh kiyimlar chir aylanishar, harakatlanayotgan yuzlar, qo‘llar oralab lip-lip o‘tardi. Otliq tizginni ohista tashladi. “Albatta, rahmat, azizim!” – dedi Zumrad va bor kuchini qi­yinchilik bilan bo‘lsa-da, ushlab turdi va asta-sekin qadam tashladi. Bu paytda qora ot qarama-qarshi tomondagi o‘z ustuniga yetti daqiqa kechikib, yetib kelgan edi.
Otliq mashaqqat bilan uvishib qolgan oyoqlarini ko‘tarib, Zumrad otning ustidan og‘ir sakrab tushdi va baxmal o‘rindiqni oldi, u bilan birgalikda tarozi tomon yo‘naldi. Otboqarlar yugurib kelishdi. Uning issiq belini jul bilan yopishdi va hovliga olib chiqishdi. Olomonning shovqin-suronlari, hay’at a’zolari davrasida uzoq chalingan qo‘ng‘iroq ovozi jarang­lab turardi. Yengil, sarg‘ish ter tomchilari otning yuzidan yerga va otboqarlar qo‘liga tushardi.
Bir necha daqiqadan so‘ng o‘zini tutib olgan Zumradni minbar yoniga keltirishdi. Egniga uzun palto va boshiga yangi yarqirab turgan shlyapa kiygan baland bo‘yli bu odamni Zumrad otxonada ko‘p ko‘rgan, u tez-tez kirib turar, bo‘yinlarini shapatilab qo‘yar, kaftiga bir bo‘lak qand solib, otning og‘ziga tutardi. Otliq ham shu yerda, odamlar ichida jilmayib turar, aftini burishtirib, uzun tishlarini takillatardi. Zumradning ustidan julni olib tashlab, uni quti oldida uch oyoqlatib qo‘yishdi, qop-qora matoga o‘ralgan quti ostida kulrang kiyimdagi janob yashirinib olgancha nimadir qilardi.
Odamlar minbardan qop-qora bo‘tqa singari yoyi­lib tushib kelishar, bir-birini siqib, otni har tomondan o‘rab olib, qo‘llarini silkib, baqirishar, bir-biriga engashib, yuzlari qizargan, qizishib ketgan, ko‘zlari yonib turardi. Olomon nimadandir norozi edi, har biri barmoqlarini Zumradga bigiz qilib, oyoqlarini ko‘rsatar, bosh, qo‘llarini yonboshiga tiqib olardi. Chap tomondan ot sag‘rinidagi matoni hurpaytirib ko‘rishdi, u yerda tamg‘a ko‘rindi, barcha bir ovozdan qichqirishga tushdi: “ Qalbaki, soxta yo‘rg‘a, aldov, firibgarlik, pulni qaytaringlar!” – Zumrad bu so‘zlarni eshitar, ammo ma’nosini tushunmasdi, quloqlarini bezovtalanib qimirlatardi. “Ular nima haqda gapirishayapti? – hayron bo‘lib o‘y­lardi u. – Axir, men juda yaxshi yugurdim!” Shu payt uning ko‘zi otliqqa tushdi. Uning hamisha xotirjam, yengil kinoya bilan kulimsirab turadigan jiddiy ko‘zlarida g‘azab yonardi. U kutilmaganda baland bo‘g‘iq ovozda qichqirib yubordi, qo‘llarini silkidi, banogoh uchgan tarsaki tovushi olomonning g‘ovur-g‘uvurini bo‘lib tashladi.

6

Zumradni sayisxonaga olib borib qo‘yishdi, uch soat o‘tgach, unga suli berishdi, qechqurun quduqdan sug‘orishdi. Katta sariq oy devor ortida turgan otning qalbiga qo‘rquv hissini soldi.
Shundan so‘ng zerikarli kunlar boshlandi.
Uni boshqa ag‘anatib o‘ynatishlarga, sovutish, yugurishga olib chiqishmadi. Ammo har kuni notanish odamlar kelishar, hovliga olib chiqishar, obdon ko‘zdan kechirishar, hamma joylarini ushlab ko‘rishar, og‘zini ochishar, chilvir toshga mahkam boylab, bir-biriga baqirishardi.
Kunlardan bir kuni uni kechqurun otxonadan olib chiqishgani, uzun, toshli, bo‘m-bo‘sh ko‘chadan, chiroqlari yoniq uylarning yonidan olib o‘tishganini esladi. Ke­yin – vokzal, dirillab turgan qop-qora vagon, hor­g‘in­lik va titroq uzoq yo‘lda oyoqlarini tark etmadi, parovozlar qichqirig‘i, relslar guldirashi, tutundan tarqalayotgan dimiqtiruvchi hid, fonusning jilvagar chayqalishlari. Bir stantsiyada uni vagondan olib chiqishdi, notanish yo‘ldan uzoq olib yurishdi, keng, bo‘m-bo‘sh kuzgi dalalar, qishloqlar oralab o‘tdi, nihoyat, notanish otxonaga olib kelishdi va boshqa otlardan olisroq joyga qo‘yishdi, lekin qamashmadi.
Avvaliga poygalar, yugurishlar, qadrdon otlig‘i, Vaska, Nazar va Oneginni esladi, ularni tez-tez tushlarida ko‘rdi, biroq vaqt o‘tishi bilan hammasini unutdi. Uni kimdandir berkitishardi, otning yosh, qay­noq va bemisl kuchga to‘la vujudi sog‘inch, noilojlik, harakatsizlikdan bo‘shashib, so‘lib borardi. Ba’zan yangi notanish odamlar kelar, Zumrad atrofida to‘planishar, paypaslab ko‘rishar, tortib tashlashar, asa­biylashib, bir-birlari bilan janjallashishardi.
Ba’zan Zumrad tasodifan ochiq eshikdan boshqa otlarni ko‘rib qolar, ular erkinlikda yurishar, chopishar, shunda u otlarga qarab, achchiq va mungli ovozda kishnab yuborardi. Biroq odamlar o‘sha zahotiyoq eshikni yopib qo‘yishar, yana tussiz kunlar, yolg‘izlik tunlari boshlanardi.
Otxona boshlig‘i – boshi katta, ko‘zlari kichik, yuzi salqi, yupqa qora mo‘ylabli odam Zumradga lo­qayd ko‘rinardi, lekin ot undan tushunib bo‘lmas qo‘r­quv hissini tuyardi. Bir kuni ertalab, hali boshqa otboqarlar uyg‘onishmagan payt u sassiz, shovqinsiz, oyoq uchida Zumradning yoniga keldi, oxurga suli tashladi va ketdi. Zumrad biroz hayron bo‘lib turdi-da, bo‘ynini egib, yeya boshladi. Suli shirin edi, salgina achqimtir, biroq tansiq taom edi. “G‘alati, – o‘yladi Zumrad, – men hech qachon bunday sulini yeb ko‘rmagan ekanman”.
Kutilmaganda qornida yengil og‘riq sezdi. Og‘riq yana turdi, keyin to‘xtadi, yana kuchaydi, daqiqa sayin zo‘raydi. Nihoyat, og‘riq chidab bo‘lmas darajaga borib yetdi. Zumrad bo‘g‘ilib zorlandi. Uning ko‘z oldidan olovli g‘ildirak aylanib o‘tdi, holsizlikdan butun tanasi terlab ketdi, zaiflashdi, oyoqlari qaltirab, bukildi va polga gursillab yiqildi. U turishga harakat qildi, faqat oldingi oyoqlarini ko‘taroldi va yonboshga yiqildi. Otning boshida shovqin g‘u­villardi, ko‘z o‘ngidan tishlarini g‘ijirlatib ot­liqlar, baland ovozda kishnab-kishnab Onegin suzib o‘tdi. Noma’lum kuch Zumradni shafqatsizlik bilan pastga, qop-qora va sovuq girdobga tortib ketardi. U endi qimirlay olmasdi.
Qaltiroqlar avval oyog‘i, keyin bo‘ynini qotirib, belini sindirishdi. Ot tanasini bir nafasda o‘t­kir hidli ter qopladi. Fonusning sirg‘alayotgan sar­g‘ish nuri bir lahza uning ko‘zlarini kesib o‘tdi va so‘nayotgan nigohlarida o‘chdi. Ammo quloqlari hali odamlarning qo‘pol qichqiriqlarini eshitar, afsus­ki, poshnalari bilan itarib, tepib ko‘rishayotganini sezmasdi. Shundan so‘ng hammasi birdan abadiy o‘chdi.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 3-son.