Venetsiyalik buyuk skripkachi va bastakor Nikkolo Paganini sehr-li skripka evaziga Iblisga iymonini sotganligi haqidagi rivoyatni kim ham bilmaydi? Hattoki hamma narsadan shubhalanuvchi, dahriy va hajvchi bo‘lgan atoqli shoir Henrix Heyne ham bu afsonaga ishongan. Lekin bu kelishuvda kim yutib chiqqanligi – insonmi yoki uning dushmanimi – bu hech kimsaga ayon emas. Vengriyadagi ko‘chmanchi lo‘lilar orasida bir g‘alati rivoyat yuradi. Bunga ishonasizmi yo‘qmi – o‘zingizga havola.
Taqdir yosh Nikkologa o‘ta shafqatsizlik qildi. O‘sha yili u qarzlaridan, omadsizlikdan va yuzlab mayda-chuyda ko‘ngilsizliklardan qochib, Venetsiyadan Venaga yo‘l oldi. Bu yerda u to‘yma-to‘y izg‘ib, huvillagan qahvaxonalarda arzimas choychaqaga skripkasini chalib yurdi. Juldurvoqi kiyimlari tufayli durustroq mehmonxonalarga uni qo‘yishmasdi.
Ayniqsa, 21 oktyabr uning uchun eng og‘ir va mushkul kun bo‘ldi. O‘sha kuni ertalabdan qor aralash yomg‘ir yog‘di. Ilma-teshik boshmoqlari shaloplab, har qadamda loy sachratib borardi, o‘zi esa botqoqdan chiqqan kuchukdek boshdan-oyoq ivib ketgandi.
Kechga tomon shahar havosi yanada xiralashib, allaqanday mudhish tun boshlandi. Unda-bunda fonuslar yomg‘ir tomchilarini yoritib xira nur sochardi.
Bunday rutubatli kunlarda inson o‘z qalbini hammaga ham ochavermaydi, o‘zganing qayg‘u-hasratiga hamdard bo‘lavermaydi. Bunday paytlarda qashshoq odam sovuq, ochlik va yolg‘izlikni boshqalardan ko‘ra ko‘proq his qiladi.
Kun bo‘yi Paganini sariq chaqa ham ishlab topmadi. Kechqurun allamahal bo‘lganda bir misgar chala qolgan, tamaki kuli tushgan pivoni unga uzatdi. Boshqa bir joyda esa shirakayf talaba uchta mayda chaqani unga uloqtirar ekan:
– Bu senga choychaqa, faqat chalishni bas qil!– dedi.
Zarda bilan berilgan bu sadaqangi Paganini qo‘liga olarkan: “Mayli! Mashhur bo‘lganimdan so‘ng sadaqa berganingni esimga solarsan!” deb tishlarini g‘ijirlatib qo‘ydi. Shuni aytish kerakki, taqdir boshiga qancha balolar yog‘dirmasin, Paganini o‘zining daho ekanligiga sira shubha qilmasdi. “Durustgina kiyim-kechak, qulay sharoit va tuzukroq skripkam bo‘lsa men dunyoni hayratga solardim!” deb o‘ylardi u. So‘nggi qahvaxonada ham uni ko‘chaga haydlashdi. U har qadam bosganda ko‘lmak hosil bo‘lardi.
Uchta chaqaga kichkina bir bo‘lak oq non sotib oldi va yo‘l-yo‘lakay ishtahasiz kavshanib bordi. Baland chordoqdagi katalakday xonasiga bazo‘r ko‘tarilarkan, umidsizlikka tushib, g‘amgin qalbi g‘azabga to‘ldi. Namiqqan ayanchli skripkasini bir tepib burchakka tiqdi va ko‘kragiga mushtlab, ayanch bilan baqirdi.
–Iblis! Iblis! Agar sen kaltafaxm xotinlar o‘ylab topgan afsona emas, haqiqatan ham bor bo‘lsang, hoziroq huzurimga kel! Mag‘rur insonning mag‘rur qalbi ijodkor daho bilan birga arzonga sotiladi. Kela qolsang-chi! Aks holda o‘zini osgan bir kambag‘aldan senga qanday naf tegadi?
Shu ondayoq Iblis paydo bo‘ldi. Oltingugurt tutuniga chulg‘anib, juft oyoqli sassiq taka ko‘rinishida emas, balki kamtarona keksa ishboshi yoki notariusdek kiyingan, kulrang pokiza kamzuli jimjimador sariq to‘r bilan bezatilgan kiyimda paydo bo‘ldi. U siyohdon, g‘oz patidan ishlangan ruchka va shartnomalar daftarini ham qo‘lida tutgan edi, ularni shoshmasdan, jiddiy tarzda cho‘ltoq stolga yoyib qo‘ydi. Moy chiroq atrofni yoritdi.
–Ko‘rib turganingizdek, yigitcha,– deya xotirjamlik bilan gap boshladi Iblis,– shovqin-suronsiz, masxarabozlik qilmasdan, do‘zaxni eslatuvchi kiyimlarsiz darhol yetib keldim. Sizdan qon bilan yozilgan tilxat ham talab qilmayman.
O‘rta asrlardan qolgan bunday ahmoqona yasama mashmashalarga berilib o‘tirmaymiz. Bizning asrimiz – xushmuomalalik, oddiy hisob-kitob asri. Yashirib o‘tirmayman. Biz shaytonlarga soddadil aldovlardan ko‘ra halollik bilan xizmat qilish qulayroq va foydaliroqdir. Shuning uchun bu kelishuvimizda men faqat xaridor sifatida, kerak bo‘lsa himoyachi sifatidagina qatnashayotganimga hayron bo‘lmang. Shunday ekan, iymoningiz evaziga nimani xohlardingiz?
–Pul! Oltin! Umrbod behisob oltin!
–Mana, ko‘rdingizmi? Huquqiy maslahatim ham kerak bo‘lib qoldi. Bu istaklarni har qanday esi past, shalpangquloq yigitcha ham aytgan bo‘lardi. Shon-shuhrat borasida nima deya olasiz?
–Buning yo‘li oson! Shon-shuhratni pulga ham sotib olish mumkin. Buning uchun ziqnalik qilinmasa bo‘ldi.
–Yo‘q, do‘stim, shoshqaloqlik qilayapsiz. Oltin bilan faqat tilyog‘lamachilarnigina sotib olish mumkin. Bu bilan siz atrofingizdagi xushomadgo‘y va laganbardorlardan nariga o‘tolmaysiz. Yaxshisi, menga boshqa biror narsa haqida ayting. Masalan, sevgi haqida.
–Jin ursin! Axir sevgini boshqa narsalardan ko‘ra osonroq sotib olish mumkin!
–Har qanday sevginimi? Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Bekorga, bekorga shunday deb o‘ylayapsiz, yosh do‘stim Nikkolo! Agar shunday bo‘lganda edi, yer yuzi allaqachon butunlay va abadiyan Iblis ixtiyoriga o‘tgan bo‘lardi. Biz esa tekin ovqatdan semirib, yalqov-dangasa bo‘lib qolardik. Xohlasangiz judayam maxfiy bir sirni – nima sababdan Iblis dunyoda eng baxtsiz ekanligini sizga aytaymi? Chunki u bor vujudi bilan sevishni istaydi, lekin uddasidan chiqa olmaydi… Yo‘q, yigitcha, agar har ikkalamiz uchun ham foydali bo‘lgan kelishuvga ko‘nsangiz, o‘sha dastlabki kamtarona shartlaringizda qoling: durustgina kiyim-kechak, qulay sharoit va tuzukroq skripka.
Paganini bir necha daqiqa o‘yladi va jur’atsizlik bilan dedi:
–Men o‘z ahdimdan qaytmayman. Siz haqsiz, janob mutasaddi. Lekin shoshqaloqlik qilib abadiy azob-uqubatga mahkum qilingan iymonimni arzon bahoga sotmayapmanmi?”.
–Iblis engashib stol ostidan ho‘kiz terisidan ishlangan g‘ilofni oldi va ehtiyotkorlik bilan Paganiniga uzatdi.
–Skripkani o‘zingiz ko‘rishingiz va chalishingiz ham mumkin. Bu – tekinga.
Paganini ehtirom bilan tilla suvi yugurtirilgan bronza ilgakni yechib, g‘ilofdan uch qavat choyshabga o‘ralgan asbobni oldi: yumshoq teri, duxoba va ipak choyshablarni stolga yoydi va nihoyat sirli asboblarni, go‘yo butun go‘zalligi bilan yalang‘och ayolning adl qomatini eslatadigan shakl-shamoyildagi skripka ko‘rindi. Bu – kichkina boshchasini ko‘tarib turgan, uzun bo‘yniga tutashgan yassi yelkasi silliqqina nozik beliga tutashib, baquvvat soniga mayinlik bilan uy-g‘unlashgan ayol qiyofasidagi skripka edi.
– Bu Stradivari emas,– deya zavq bilan xitob qildi Paganini,– bu hatto Amati ham, Gvarneri ham, Gvadanani ham emas! Bu mukammal skripka, bundan ortig‘i inson qo‘lidan kelmaydi ham! Demak, siz menga biroz chalishga ruxsat berasiz-a?
–Ha, marhamat,– erinibgina, istar-istamas ohangda dedi Iblis,– Men sizga aytgandim-ku.
Skripka torlari sozlangan, kamonchasi yetarli darajada mumlangan edi.
Paganini alangali ehtiros bilan chalar ekan, kuy shu darajada yangradiki, qashshoqlikdagi bechorahol ahvoli yashirin iste’dodini yuzaga chiqarmaganligini o‘zi ham tushundi.
U xursand holda dedi:
– Sohib, xizmatingizga tayyorman va menga bergan maslahatingiz uchun sizga minnatdorchilik izhor qilaman. Lekin, agar sizga og‘ir botmasa, ayting-chi – nima sababdan ma’yus tortib qoldingiz, xafa bo‘ldingiz – mendan xafa bo‘ldingizmi?
–To‘g‘risini aytsam,– dedi Iblis, o‘rnidan turar ekan,– iste’dodingiz men kutgandan ham ko‘ra cheksizroq ekanligi meni biroz xafa qildi. Lekin aytilgan so‘z – otilgan o‘q, so‘zimning ustidan chiqaman. Skripka sizniki, umrbod egalik qiling. Mana sizga kichkina xaltachada oltin – bu hozirchalikka, Ertaga huzuringizga saroy a’yonlari kiyimlarini tikuvchi va venalik eng usta sartarosh keladi. Ertasiga esa artsegertsogning shaxsan o‘zi uyushtirgan tantanali musiqa tanlovi o‘tkaziladi, o‘shanda qatnashasiz. Endi, marhamat qilib, mana bu sahifadagi shartnomaga imzo cheking. Ha, mana shunday. Yaxshi. Rahmat, ko‘rishguncha xayr, yaxshi yigit.
–Ko‘rishguncha? – ayyorlik bilan so‘radi venetsiyalik Paganini.
–Unisini bilmadim,– quruqqina javob berdi Iblis.– O‘ylaymanki, sizga ajratilgan muddat tamom bo‘lguncha, undan oldin emas. Siz mendan uzoq umr so‘ramadingiz, shekilli?.. Maqtovimni qabul qiling, maestro!
Iblis skripkachini hech bir aldamagandi. Hamma voqea rejadagidek amalga oshdi. Musiqa tanlovidan so‘ng toj-taxt vorisi – valiahd oldida Paganini obro‘si ko‘klarga ko‘tarildi, ko‘zlarni qamashtirdi va hozirgi kunlargacha kamaygani yo‘q. Ammo Nikkolo Paganini dunyoda eng baxtsiz odam bo‘lib qoldi.
Qondirilmagan ehtiroslar, shuhratparastlikka o‘chlik, pulga telbalarcha ochko‘zlik, shu bilan birga jirkanch va pastkash xasislik: nafaqat o‘tmish va o‘z davrining yetuk skripkachilariga, balki kelajakdagi buyuk skripkachilarga nisbatan ham yengib bo‘lmas hasad uning iymonini zaharlab, kulga aylantirdi. U o‘zi to‘qigan musiqa asarlarini notalarga joylarkan, shu darajada chalkashtirib, topishmoqqa aylantirib ifodaladiki, uni o‘zidan boshqa kimsa anglay olmasdi. Lekin u san’atining shu darajada cheksizligi vaqti kelib uning o‘rniga o‘zidan ham zo‘rroq musiqachi kelishiga, uning iblisona topishmoqlaridan ham go‘zalroq va osonroq tarzda undan ham o‘tib ketishiga aqli yetardi. U kelajakka mana shunday oldindan nafrat va hasad bilan qarardi.
Puli oshib-toshib ketganiga qaramay, u ko‘chada ketayotib qog‘ozlarnimi-e, arqon bo‘laklarinimi-e, axlatnimi-e terib yurar, bir kunlik ovqati bir talerdan ham oshmasdi. Uning g‘ayritabiiy san’atidan zavqlangan qanchadan-qancha go‘zal ayollar unga muntazir bo‘lib, o‘zini, qalbini, taqdirini, borlig‘ini baxshida qilganlarida ham, ular mening oltinlarimni egallash niyatida kelgan, degan xayolda ulardan nafratlanib, yuz o‘girardi.
Eri davlat majlisi raisi bo‘lgan, o‘z boyligi, shon-shuhrati, sevgisidan voz kechib, ajralish sharmandaligini ham bo‘yniga olgan, unga mushtoq bo‘lgan aslzoda xonimning ham sevgisini rad etib, oldiga bir nechta chaqa tashlab: “Shu uch tangani eringizga berib qo‘ying. Ularni menga bir zamonlar boshqa skripka chalmaslik sharti bilan bergandi. Sizni esa bu yerdan ketishingizni iltimos qilaman, hozir men mashg‘ulot bilan bandman”, deya haydadi.
Qanchadan-qancha haqiqiy do‘stlari, qadriga yetgan muxlislarini: “Sen mening boyligim va shuhratimga sherik bo‘lish uchun ortimdan yuribsan”, degan ta’nalar bilan o‘zidan uzoqlashtirdi.
U ayanchli ahvolga tushgan, umri ruhiy azob-uqubatda o‘tar, taskin beradigan yaqin odami yo‘q edi. Chunki u hech kimga ishonmasdi.
Ajal vaqti kelganda uning huzuriga bo‘zargan Notarius kirib keldi va Paganini unga xotirjamlik bilan dedi:
–Men tayyorman, xo‘jayin. Ammo mening hayotim quvonchsiz o‘tdi.
–Ha, ochig‘ini aytganda, men ham sizdan biror naf ko‘rmadim. Ikkalamiz tuzgan bitim ikkimizga ham foyda keltirmadi. Mana bu daftardagi shartnomalar ro‘yxatini ko‘ring, u yerda sizning nomingiz yo‘q. Uni kimdir o‘chirib yuborgan. Kimligini aytishga jur’at eta olmaymiz.
–Endi men nima qilaman?– ko‘ngilchanlik bilan so‘radi Paganini.
–Hech narsa,– javob berdi bo‘zargan Notarius.– Hech narsa, do‘stim. Birorta ham kontsertingizni o‘tkazmasdan hammasiga bordim va shu bilan sizdan qarzimni uzdim. Rahbarlarim menga salbiy baho berishdi. Siz ham o‘z navbatida o‘sha nomini tilga olishga jur’at etolmaganimiz oldida qarzingizni uzdingiz. Haqiqiy san’atni biz emas U yaratadi. Lekin hsiob-kitobni kim qiladi? Alvido. Bu gal endi umrbod xayrlashamiz. Skripkani sizga qoldiraman. E, yo‘q! Mendan xavotir olmang. Bu xizmatimdagi arzimas ko‘ngilsizlik, xolos. Xayr…
–Ertasiga ertalab buyuk Paganinining joni uzildi: peshonasidagi ajinlar o‘sha tiriklik paytidagidek mag‘rur va shafqatsiz, lablarida esa shodiyona baxtli tabassum qotib qolgandi.
Iblis skripkasi esa izsiz yo‘qoldi.
Ruschadan Abdunabi Abdulqodir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.