Aleksandr Kuprin. Minnatli non (hikoya)

– Sudlanuvchi, sizga qonunga binoan oxirgi so‘z beriladi, – dedi sud raisi toliqqan ko‘zlarini arang ochib, loqayd bir ohangda, – o‘z qilmishingizga oydinlik kiritish yoki o‘zingizni oqlash uchun yana nimalarni qo‘shimcha qila olasiz?
Ayblanuvchi bu murojaatdan so‘ng bexos o‘rnidan sapchib turdi va asabiy bir holatda ingichka, uzun barmoqlari bilan sudlanuvchi kursisini to‘sib turgan panjarani mahkam ushlab oldi. U ko‘rimsizgina, ozg‘in kishi edi, hadiksirar, ko‘zlarida aks etayotgan qo‘rquvni yashirishga harakat qilardi. Oq oralab qolgan siyrak soch-soqoli va oppoq kiprigi bo‘zdek oqargan rangini xuddi kamqonlik kasaliga chalingan bemor kabi yanada xastahol qilib qo‘ygan edi…
U uzoq qarindoshi graf Ventsepolskiyning uyida yashab, 23 yanvardan 24 yanvarga o‘tar kechasi oldindan o‘ylangan reja asosida uning xonadoniga qasddan o‘t qo‘yganlikda ayblanmoqda edi. Tibbiy ekspertiza ayblanuvchining aqliy va ruhiy holatini o‘rganib, normal deb xulosa chiqardi. Shuning
dek, uning asab tizimidagi ba’zi o‘zgarishlar, ya’ni ichki hissiyotlarini tutib turish holatining zaifligi, kutilmaganda ko‘z yosh qilishga moyilligi borligi kabi jihatlar qayd etilgan edi.
Ayblanuvchi shu paytgacha davom etayotgan ayblov ishining muhokamasiga aralasholmay, beparvo, xuddi bu jarayonda ishtirok ham etmayotgandek jim o‘tirgan edi. O‘ta rasmiy tarzda olib borilayotgan sud yig‘ilishidagi dabdabali vaziyat, sudyalarning o‘ziga xos liboslari, sudya stolining tilla popukli qizil movuti, ikki xil rangda tantanavor bezatilgan keng, issiq zal va uning devorlariga osib qo‘yilgan mahobatli portretlar, sud zaliga yig‘ilganlarning maxsus to‘siq orqasini to‘ldirib o‘tirishlari, hovliqma nozirlar, kiborli sud maslahatchilari, sovuqqon prokurorning salobati, himoya chining bemazmun qiliqlari – bularning barcha-barchasi ayblanuvchini yanada esankiratib qo‘ygan edi. U go‘yo bahaybat, qo‘rqinchli mashinaning tishlari orasida qolib ketgan-u, bu maxluqni bir nafas bo‘lsa-da to‘xtatishga biror-bir inson va biror-bir kuch qodir emasdek edi.
U himoyachisi nutq so‘zlayotgan paytda bir necha bor shart o‘rnidan turib: “Janobi advokat, siz umuman boshqa narsa haqida gapiryapsiz. Voqea aslida unday bo‘lgan emas. Menga imkon bering, qilgan aybim haqida o‘zim gapirib beray”, deyishga chog‘landi, ammo aytolmadi. Unga so‘z berib qolishlarini ham kutdi. Mabodo so‘z berilsa, shu zahoti barcha voqeani, o‘zining o‘sha paytdagi ruhiy iztiroblari, o‘y-xayollari, boshqa birov tasavvur qilishi qiyin bo‘lgan barcha ichki kechinmalarini aniq va tushunarli qilib so‘zlab bermoqchi bo‘ldi. Lekin harakatga tushib ketgan bu beayov mashinaning tinimsiz, befarq aylanayotgan g‘ildiraklarini to‘xtatishga uning jur’ati yetmadi.
Sud raisining kutilmaganda aytgan oxirgi gapi umidsizlik holatidan uyg‘otib, unga g‘ayrioddiy dadillik baxsh etdi. Shu payt o‘zini tutishi xuddi o‘limga mahkum etilgan kimsaning o‘limi oldidan jallod kundasiga bosh qo‘yish yoki o‘lim sirtmog‘ini bo‘yniga solishga qarshilik ko‘rsatib, jazavaga tushayotgan holatini eslatib yubordi.
U birdan, yalinganga o‘xshash baland ovozda:
– Ha, janobi rais!.. Xudo haqqi, meni eshiting… Hamma narsani o‘zim gapirib, tushuntirib berishimga ruxsat eting!.. – dedi.
Uni eshitgan sud maslahatchilarining qiyofasi xuddi diqqat-e’tiborini unga qaratgandek o‘zgardi, sudyalar birin-ketin oldidagi varaqlarga engashdilar, yig‘ilganlar esa uning nima deyishini kutib, diqqat bilan jimib qolishdi. Ayblanuvchi so‘zlay boshladi:
– Men o‘tgan yilning boshida bu shaharga kelganimda kelajak hayotim borasida biror-bir rejam yo‘q edi. Chunki men bu dunyoga faqat omadsizlik uchun kelgan bo‘lsam kerak, degan fikrda edim. Aslida ham shunday, hayotim davomida menga hech qachon hech narsada omad kulib boqmagan. Hattoki hozir ham qirq yoshga kirganimga qaramay, xuddi yoshligimdagi kabi notavon va tajribasizligimcha qolib ketganimga aslo shubham yo‘q.
O‘shanda Graf Ventsepolskiydan joy topishimda yordam berishini so‘radim. Chunki u kishi marhuma onamning uzoq qarindoshi edi. Saxiy, ochiqqo‘l, o‘zgalardan yordamini ayamaydigan graf esa negadir o‘sha paytda meni hech qayerga joylashtira olmadi, ammo biror qulay sharoit tug‘ilib qolgunicha o‘zining uyida yashab turishimni taklif qildi. Men uning uyiga ko‘chib keldim. Dastlab u menga qandaydir e’tibor ko‘rsatgandek bo‘ldi. Ammo tezda uning ko‘ngliga urdim, shekilli, bormanmi-yo‘qmanmi-parvo ham qilmay qo‘ydi. Hatto ba’zan mendan umuman xijolat ham bo‘lmasdi. Uyida yurganimga shunchalar tez ko‘nikdiki, nazarimda, meni buyum qatorida sanay boshladi. Aynan o‘sha payt dan boshlab mening nochor, achchiq va qayg‘uli, sig‘indilikda toptalgan hayotim boshlandi. Itoatgo‘ylarcha so‘zlash va iljayib turishdan boshqa ilojim yo‘q edi.
O‘sha paytdagi azobli kechmishimni o‘z tanidan o‘tkazmagan inson tushuna olmaydi. O‘ziga to‘q, mag‘rur insonlar toifasi nochorlar, ularning tili bilan aytganda “tekinxo‘r, sig‘indilar” haqoratlardan yig‘laganini, tahqirlardan titraganidagi zaifligini ko‘rib, bularni istagancha xo‘rlash, toptash mumkin, ular ko‘nikib ketaveradi, deb o‘ylaydilar. Ammo, ishoning, tekinxo‘r yoki sig‘indi ekanimni kinoya qilishganida men mutlaqo ko‘nikolmadim, aksincha, bunday so‘zlardan juda yomon ta’sirlanganman, ularni o‘ta og‘ir olganman. O‘sha kezlar bunday munosabatlardan mening qalbim qanchalar toptalganini bilsangiz edi. Har bir aytilayotgan so‘z, muomala qalbimni battar ezar, yaralar, xuddi qizdirilgan temir kabi jizillatib kuydirardi, ta’riflashga bundan ortiq so‘z topolmayman. Ammo vaqt o‘tgani sayin bunday xo‘rliklardan qutulishimga ishonmay qo‘ydim, chunki kuchim yetmasligini sezardim, o‘ta nochor va qo‘rqoq ekanimni bilib turardim. Grafning uyidagi to‘q hayot va undagi men tushib qolgan muhit meni butkul bo‘shang qilib qo‘ygandi, u irodamning qolganini ham xuddi zang kabi kemirib, yeb bitirdi. Ba’zi paytlar uyquga ketishdan oldin kunduzi xo‘rlanganim alam qilib, g‘azabim qaynar, shundan so‘ng o‘z-o‘zimga: “Yo‘q, bo‘ldi yetar, ertaga bularning barchasiga chek qo‘yaman! Ketaman, Grafning surbetligiyu qo‘polligini yuziga aytib, ketaman. Bunday pastkashlarcha kun ko‘rgandan ko‘ra yupun ki­­yimda bo‘lsa-da, sovuqda, ochlikda qolib bo‘lsa-da, erkin yashagan afzal”, derdim.
Ammo men aytgan o‘sha “ertaga” ham kelar, qarorim o‘z-o‘zidan so‘nardi. Labimni majburan qiyshaytirib, iljayib ko‘rinishga harakat qilardim. Har kungidek hijolatdan o‘zimni o‘nglay olmasdim, rejalashtirganim kabi tushlik paytida stolga qo‘limni shart qo‘yib, ichimdagini to‘kib-sololmasdim. Uning o‘rniga ahvolim o‘ta nochor va ayanchli ekanidan yana ozor chekardim, xolos.
Bir kuni garfga uning meni qayergadir joylashtirib qo‘yishni va’da qilganini eslatmoqchi bo‘lganimda, doimgiday qattiq nigoh qadab e’tiroz bildirdi:
– Qayerga shoshilyapsiz, azizim?.. Mening uyimda yomon kun kechiryapsizmi?.. Hozircha tura turing-chi, keyin bir o‘ylab ko‘rarmiz…
Uning bu javobidan keyin men yana jim bo‘lib qoldim. Irodamni bukib, itoatkorlik qilishga shunchalar majbur edimki, graf birorta eski kiyimini sovg‘a qilganida, kiyimlari menga katta va keng kelsa-da, hech qanday e’tiroz bildira olmay kiyar edim. Bir kuni grafning uyiga kelgan mehmonlardan biri egnimdagi ko‘ylagim tog‘avachchamniki bilan bir xil ekanini aytib qoldi. Buni eshitgan bir isqirt va surbet janob, uni muttaham deyishar edi, mendan bezbetlarcha so‘radi:
– Fedorov, yanglishmasak, siz liboslari­ngizni graf bilan bitta tikuvchiga buyurtma qilsangiz kerak?
Ularning birortasi meni Falonchi Pistonchayevich deb chaqirmasdilar. Graf esa meni tanishtirishni har doim yodidan chiqarib qo‘yardi. Aslini olganda, yig‘ilganlarning ko‘p­chligi tekinxo‘r va sig‘indilardan boshqa hech hech kim emas edi. Ammo ular surbetlarcha grafning atrofida girdikapalak bo‘lishar, unga o‘zlarini teng qilib ko‘rsatishga, o‘zlarini unga yaqin va munosib sanashga harakat qilishar edi. Men esa ulardan farqli o‘laroq, o‘zimni chetga olardim, jur’atsiz va itoatgo‘y edim. Ular menga shunday o‘tkir nafrat bilan qarardiki, bunday yomon ko‘rish xo‘jayinning mehri uchun kurashadigan odamlar orasidagina bo‘ladi, xolos.
Grafning xizmatkori ham shu kasb egalari singari kalondimog‘lik bilan surbetlarcha muomala qilardi. Menga atab ham dasturxonga osh-ovqat, ichimlik keltirishga odatlanishgan bo‘lsa-da, ularning malaylarga xos so‘zlari va qarashlaridan menga nisbatan tekinxo‘r xizmatchiga qaragan kabi ijirg‘anishlarini sezar edim. Men turarjoyim, ko‘rpa-to‘shaklarimni o‘zim yig‘ishtirar va kiyimlarimni ham o‘zim tozalar edim.
Kechalari ba’zan garfning uyida “vint” degan karta o‘yini tashkil qilinar edi. O‘yinga sherik yetishmay qolgan paytlar, graf menga ham karta uzatar edi. Men esa har doim pulsiz, ammo har gal yutish to‘g‘risidagi katta istak bilan o‘yinga kirishar edim. Har doim, ba’zan esa ich-ichimdan Xudoga iltijo qilar, yutishimni so‘rab, ishtiyoq bilan o‘yinar edim. Ammo men har doimgidek yutqazib qo‘yardim.
O‘yin tugab, sheriklar o‘zaro bir-birlari bilan hisoblashayotgan paytda uyatdan boshimni ko‘tarolmay, o‘lguday qizarib, titrab, barmog‘imni qayirib o‘tirardim. Bu holat uzoq davom etaversa, chidolmay, o‘zimning xijolatimni bildirish uchun g‘o‘ldirab:
– Iltimos… Graf… Hozircha pul masalasida qiynalib turganimdan xabaringiz bor. Mening yutqazganimni o‘zingiz to‘lab turing… Men sizga ertaga qaytaraman… – derdim.
Albatta, bu va’dani yolg‘on emas, chindan berardim. Ammo bu qarzimni ertaga ham, indinga ham qaytara olmasligim hammaga ayon edi.
Bir kuni kechasi garf va uning uyiga yig‘ilgan mehmonlar avval restoranga, keyin esa ayollar bilan uchrashuvga bormoqchi bo‘lishdi. Meni ham shunchaki til uchida taklif qilishdi. Men albatta rad javobini bermoqchi bo‘ldim. Chunki “yo‘q” degan javobim ularning hammasiga juda ma’qul tushishini bilar edim. Ammo, Xudo haqqi, hanuzgacha tushunolmayman, o‘shanda qandaydir bir kuch meni paltomni shosha-pisha kiyib olishga va ularga qo‘shilib jo‘nashga majbur qilgan edi.
Restoranda ovqat payti hamma yayrab, o‘zaro hazil-huzul qilib o‘tirdi. Men esa xuddi o‘rgatilgan kuchuk kabi tinmay qiyqirib kular edimki, bu menga behisob huzur baxsh etardi. Ammo xayolimga biror-bir qiziq yoki kulgili fikr kelib qolsa, men uni aytib beray desam, hech kim menga e’tibor qilmasdi. Men qanchalik og‘iz juftlashga urinmay, shu zahotiyoq so‘zimni bo‘lishar edi. Bir so‘zni o‘ninchi bor aytishga harakat qilib, hamsuhbatlarimning ko‘zlariga birin-ketin qarar ekanman, birortasining ham nigohi nigohimga qadalmasdi…
Ayniqsa, menga kechasi dahshatliroq edi. Xuddi koridorga o‘xshash, hamma kirib-chiqadigan tor xonada uxlar edim. To‘shagim prujinalari cho‘kib, o‘rtasi qiyshayib qolgan, tolasi titilib, tashqariga chiqib yotgan eski uzun kursi – kushetka edi. Oldindagi ikki oyog‘ining yo‘qligi uchun o‘rniga chamadonimni qo‘yib olgandim. Bu o‘rindiqni qanchalik yomon ko‘rishimni tasavvur ham qilolmaysiz! Uni hatto dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Eski narsalarga o‘ta o‘ch bo‘lgan ashaddiy eskifurush ham bunday rasvo, eski narsaning bahridan allaqachon kechgan bo‘lar edi. Navbatdagi uzun kechalar har kuni takrorlanar, chidab bo‘lmas azobli, uyqusiz tun o‘z bag‘riga chorlar edi. Nihoyat men o‘sha kech ham joyimga yotdim. Yotoq kursining bukchaygan qiyshiq joyi yelkamga botib, qaddimni tobora buka boshladi. Chiqib turgan prujinalar ikki yonimdan tanimga botar, yostig‘im juda kichkina bo‘lgani uchun boshimda turmay, surilib ketaverar edi. Besh daqiqa vaqt o‘tgach, har doimgidek belim va yelkamda og‘riq sezdim. Boshim qizib, bechora miyamda turli o‘y-xayollar aylanib, go‘yoki talvasa o‘pqonida charx ura boshladim… Shunda aql bovar qilmaydigan, hech qachon ro‘yobga chiqmaydigan, ushalmaydigan rejalar birma-bir miyamga kela boshladi. Negadir tunda bu kabi xayoliy rejalarga ishonardim, ammo tong yorishishi bilan ular meni xuddi isitma aralash alahsirash kabi dahshatga solardi.
Kunduzgi hodisalarning taassurotlari, o‘zim va boshqalarning aytgan so‘zlari, kechgan har bir dilsiyohlik, kamsitish va haqoratlar qayta-qayta xotiramda jonlanardi. Meni qiynoqqa solib, birin-ketin yodimga tushayotgan bu kabi dahshatli kechinmalar, iztiroblar ichida borlig‘imni jizillatib kuydirguvchi azoblardan yonib, kul bo‘lardim. Bu holatimni faqatgina yolg‘izlikka mahkum va xo‘rlangan insongina tasavvur qilishi mumkin, xolos. Bunday yaramas o‘ylarni xayolga keltirar ekanman, go‘yo qalbimning tub-tubidan jirkanch balchiq kavlab olayotganday his etardim o‘zimni… Yo‘q… bunday narsalar haqida sud zalida, hatto o‘zing ni himoya qilish uchun ham gapirib bo‘lmaydi…
Garfning do‘stlari men yotgan qiyshiq kursining yonidan o‘taverishda masxara qilishni yoqtirardi. Ular kushetkamni “qiynoq kursisi” deb atardilar.
O‘sha men jinoyat sodir etgan kunim grafning tanishlaridan biri janob Lbov barcha ulfatlarni restoranga taklif qilgan edi. Chunki u merosga ega bo‘lgandi. Men ham kiyina boshladim. Zinaga chiqayotgan paytda janob Lbovga noxos turtinib ketdim va darhol uzr so‘radim. U esa:
– Hechqisi yo‘q, ahamiyat bermang… – dedi. So‘ng to‘satdan qo‘shib qo‘ydi: – Ha, aytgancha, Fedorov, bekorga ovora bo‘lyapsiz, sizni hech kim taklif qilgani yo‘q.
Bu ayovsiz so‘zlardan dovdirab, nima qilishimni bilmay, pillapoyada to‘xtab qoldim. Mehmonlar shovqin solib, birin-ketin eshikka chiqayotgan edilar. Ulardan kimdir menga qarab:
– Bora qoling, o‘zingizning o‘sha qiynoq kursingizga, – deya qichqirdi.
Uning gapini boshqasi ilib ketdi:
– Rohatijon kursingizga, desa­ngiz-chi!
Ular yayrab kulishgancha, restoranga jo‘nab ketishdi. Men qaytib kelib, o‘rnimga cho‘zildim. Ich-ichimda esa nimagadir damba-dam “Ular aytgan gaplaridan afsuslanishadi, meni olib ketish uchun kimnidir yuborishadi”, degan xayol o‘tardi. Ammo hech kim kelmadi. Shundan so‘ng noiloj, alamimdan ikki-uch soatcha achchiq ko‘zyosh to‘kdim. “Rohatijon kursi”ning azblari ustiga ustak bo‘ldi. Sekin o‘rnimdan turdim. Yuragim ana shu kursiga nisbatan nafrat bilan to‘lgandi. Shlyapamdan bir necha bo‘lak karton sug‘urib oldim, uni eski gazetaga o‘rab, kerosinga botirdim va kursining tagiga qo‘yib, o‘t yoqdim. O‘sha paytda mening hushim, ixtiyorim umuman o‘zimda emas edi.
O‘zimga kelganimda butun xona olov ichida edi. Qilgan ishimdan qattiq dahshatga tushdim va odamlarni yordamga chaqirdim. Qolgan gap sizga ma’lum, janob sud maslahatchilari…

Rus tilidan Dilorom Murodova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 6-son