Sharq rivoyati
Bundan ko‘p yillar muqaddam kichkina, lekin farovon bir shaharda gilam, fil suyagi, ziravorlar va atirgul moyi savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdogar yashagan ekan. U aqlli, odobli, xudojo‘y va halol odam bo‘lib, ibrat bo‘larli darajada saranjom-sarishtalik bilan ish yuritgani sababli ko‘pchilik o‘rtasida ishonch va obro‘-e’tibor qozongan ekan.
Bir kun savdogarning omadi kelib, juda katta miqdordagi oltinli qumni arzon-garov sotib olib, qimmatroqqa sotish imkoni paydo bo‘pti va agar shu ishni amalga oshirsa, boyligi uch barobar ko‘payishi mumkin ekan. Ammo buning uchun qo‘lidagi bor naqd pullarini to‘plab, qarzga berganlarini undirib, barcha mollarini tezdan sotib, barcha mablag‘larini jamlashi zarur edi. U bo‘lajak ishidan keladigan foyda va zararlarni chamalab, agar shum tole to‘g‘anoq bo‘lmasa, juda katta foyda olishi mumkinligini o‘ylab, barcha boyligini qo‘rqmasdan shunga sarflashga qaror qilipti.
Shunday qilib, savdogar haqiqiy xojalarga munosib ravishda oilasidagilarni bunga aralashtitrmasdan bir hafta ichida zarur tayyorgarligini ko‘ripti. Xayrli kun bo‘lgan chahorshanbaning erta tongida turib, to‘ng‘ich o‘g‘liga shunday depti:
– Sariq baytalni o‘zingga, yuk ortiladigan xachirni esa menga egarla.
O‘g‘il ota gapini ikki qilmaslikka odatlangan bo‘lib, hech narsa so‘ramasdan aytganlarini bajaripti. Otasi bergan xurjunni egarga tashlab bog‘lab qo‘yipti. Yo‘lga chiqishdan oldin ota-bola duo o‘qib, sahar paytida ota olinda, o‘g‘il orqada uydan jo‘nab ketishipti.
Ular yo‘lini baxt yulduzi yoritipti. Barcha savdo va pul ishlari tez orada katta foyda bilan yakunlanipti. Doimo omad kulib turganidan savdogar o‘zicha xavotir olib, tez-tez “Xudo xohlasa”, “Xudo yarlaqasa” deb shivirlab qo‘yarmish.
Yo‘lda ketayotib u, farang shahzodasi ispan qirolining qiziga uylangani sharofati bilan zeb-ziynat buyumlari narx-navosi juda ham qimmatlashib ketganini eshitipti. Shu sababli mollarini mo‘ljalidan ham qimmat narxda katta shirinkomalar olib nasiyaga sotipti. Xaridorlar ham barchasi o‘ziga to‘q, so‘zining ustidan chiqadigan, halol odamlar bo‘lib, qarzlarini o‘z vaqtida to‘lashipti va ota-bola zudlik bilan yana yo‘lga chiqishipti.
Eson-omon ishlarini bitirgan savdogar to‘g‘ri dengiz bo‘yidagi ajoyib shaharga yo‘l olipti. Oldin buyurtma berilgan oltinli qumlari allaqachon yetib kelgan ekan. Ishlari zo‘r ketayotganidan quvongan savdogar ba’zan soqolini silab “Inshooloh” deb shivirlab qo‘yarkan.
Dengiz bo‘yigacha bir kunlik yo‘l qolganda ota-bola ovqatlanish va tunab qolish maqsadida karvonsaroy tomon burilishipti. Har doimgidek savdogar xurjunni o‘z yelkasiga olib oshxonaga, o‘g‘il esa otlarning egar-jabduqlarini yechib yem berish uchun otxonaga yo‘l olipti. Keyin ikkalasi tahorat olib, namoz o‘qishipti va kamtarona dasturxon atrofiga o‘tirishipti.
Kechki ovqatni tugatishga ulgurmaslaridan oshxonaga isqirt ki-yimlarda, shubhali bir to‘da odamlar baqirib-chaqirib kirib kelishipti. Ular may talab qilishipti va mast-alast bo‘lib olib, baqirib ashula aytishipti, paydarpay may ichishipti. Birozdan so‘ng bir-birlarini so‘kib, haqorat qilib janjal boshlashipti, janjal mushtlashuvga aylanipti: unda-bunda pichoq ham yaltirab ko‘rinipti.
–Yomondan nariroq yuraylik,– deb savdogar yuziga fotiha tortipti.– Men senga qarashib yuboraman.
Qorong‘ulikda tezdan otlarni egarlab yo‘lga chiqishipti. Karvonsaroydan eshitilib turgan shovqin-suron, darg‘azab ovozlar eshitilmay qolgunga qadar shoshib, to‘xtamdan yurishipti. Ovozlar tinganda savdogar xachirni to‘xtatib, egarni paypaslapti va o‘g‘liga bu-yuripti:
–To‘xta, orqaga qaytamiz!
Sabrsizlik bilan xachirni orqaga burib, ustma-ust qamchi urgancha karvonsaroy tomon oshiqipti, o‘g‘li ketidan ergashipti.
Karvonsaroyga kirib, oshxonani qarashsa hammayoq suv quygandek jim-jit emish. Chiroqlar yonib turgan emish-u, lekin hech kim ko‘rinmasmish. Diqqat qilib qarashsa yerda murdalar yotipti, hammayoq qon. Xo‘jayinni, xizmatkorlarni chaqirib ko‘rishipti. Lekin javob yo‘q. Balki, pichoqbozlikdan qo‘rqib, o‘rmonga qochib ketishgandir.
Savdogar yuganni o‘g‘liga tashlapti-yu, yugurgancha zinadan chiqib xonaga kiripti va yaqindagina o‘zlari ovqatlangan joydagi kursi ostiga engashipti.
O‘g‘li qarasa otasi xurjunni ko‘tarib yelkasiga olyapti. Ana shundagina xurjunni esdan chiqarib qoldirganlarini o‘g‘li tushunipti.
Savdogar hovliga chiqib o‘g‘liga hech narsa demasdan xurjunni xachirga ortib, qamchi qayishi bilan egarga mahkam bog‘lab qo‘yipti.
Uzoq yo‘l yurishipti. Mirshablar qahvaxonaga kirib, orqalaridan quvib kelmayaptimikin, ushlab olib qoziga sudramasmikin degan qo‘rquvga tushibdilar. Qozidan xudo saqlasin. Aybing bormi, yo‘qmi, deb surishtirib o‘tirmaydi, umrbod qutulmaysan, oxirgi sariq chaqangni olmaguncha qo‘ymaydi.
Tong saharga yaqin ular ikki chetida qalin daraxtlar o‘sib yotgan jilg‘aga yetib borishipti. Otlarni daraxtga bog‘lab tahorat olibdilar. Ota o‘g‘liga qarab:
–Xurjunni olib ketimdan yur,–debdi.
O‘zganing nigohi tushmaydigan kichik bir yalanglikka chiqishgach savdogar to‘xtab:
–O‘tir,– debdi.
O‘tirishibdi. Ota xurjunni har ikkala ko‘zini ochib ichidagi narsalarni ikki to‘pga ajratibdi. Teppa-teng qilib olmos, dur-javohirlar, feruza, yoqut har birini katta-kichikligiga qarab teng bo‘lib chiqipti. Tilla tangalar, badavlat badaviylarning bankdagi cheklarini ham teng bo‘lipti Taqsimlab bo‘lgach, o‘g‘liga depti:
– Bu ikkita teng ulush. Bittasi – seniki. Xohlaganingni olib qopingga sol, oting egariga mahkam qilib bog‘la. Otingga minib hoziroq yo‘lga tush. Ketayotgan yo‘limizdan to‘ppa-to‘g‘riga yurasan, besh daqiqacha yurganingdan so‘ng yo‘l ikkiga ayriladi – chapga yurasan – shu yo‘l uyimizga yaqinroq. Esingda tut, sen endi uyning eng kattasisan. Hayotingni o‘zing xohlagandek, o‘zing bilgancha yo‘lga sol. Senga maslahat ham, oq fotiha ham shu. Yaxshi bor. Yo‘lingda uchragan birinchi qishloqqa yetguncha orqangga qarama. Uzoq muddat uyga qaytolmayman. Balki, umuman qaytmasman.
O‘g‘il ota so‘zlarini sukut bilan tinglagach, uning oyog‘iga yiqilib yerni o‘pdi, o‘rnidan turdi-yu, o‘girilib otga mindi va daraxtlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Savdogar va o‘g‘li haqida hozircha shu.
Buyuk mamlakatning poytaxti bo‘lgan ajoyib va shon-shuhratli shaharda tantanali bayram arafasi edi. Shu sababli erta tongdan barcha aholi – qudratli va oliyhimmat hukmdordan tortib to mardikorgacha qat’iy tarzda ro‘za tutishga amal qilardi. To kech kirib oqni qoradan farqlash mumkin bo‘lmay qolgunga qadar barcha o‘zini ovqat yeyishdan tiyar, tashna bo‘lganlarga esa faqat toza suvda og‘zini cha-yishga ruxsat berilardi. Kechqurun esa barcha to‘kin-sochin dasturxon atrofida to‘planib, noz-ne’matlardan, lazzatli taomlardan bahramand bo‘lishardi.
Shuningdek, bu mamlakatda qadimdan qolgan yaxshi bir odat bo‘lib, o‘sha kech har kim o‘z uyiga beva-bechorayu yetim-esirlarni, yo‘qsillarni, yolg‘iz qolgan keksalaru adashgan musofirlarni taklif qilishi mumkin edi. Bu odatga xashamatli qasrlari egalari bo‘lgan boy-badavlat fuqarolar ham, eski kulbalarda yashovchi kambag‘allar ham amal qilar edilar.
Shaharning eng mo‘tabar va mashhur odamlaridan biri xufton namozidan so‘ng machitdan chiqib atrofidagi yoru birodarlariga bunday murojaat qilipti:
– Do‘stlarim! – depti u. – Iltimosimni yerda qoldirmanglar. Ko‘chada uchragan beva-bechoralarni uyimga olib kelinglar. Ular qanchalik bechorahol, ojiz va muhtoj bo‘lsa-da, men ularni katta hurmat va e’tibor bilan kutib olaman.
Bu odam beqiyos darajada boy-badavlat bo‘lib, uning sonsiz karvonlari mamlakatning eng ichkarisigacha – Buyuk daryoning yuqori oqimlarigacha borar: yelkanli kemalari dunyo bo‘ylab barcha ummonlarni kezar, zilol suvli favvoralari bo‘lgan soya-salqin bog‘-rog‘lar bilan o‘ralgan xashamatli uylari hammani hayratga solar ekan. Garchi boyligi unga izzat-hurmat keltirgan bo‘lsa-da, eng muhimi, ma’naviy fazilatlari – haqgo‘yligi, yaxshi ishlari va oqilligi bilan barchaning obro‘-e’tiborini qozongan ekan. Beva-bechoralarga saxiylik bilan xayr-ehson ulashar, o‘zganing boshiga ish tushganda, omadi ketganda yordamga tayyor, dono maslahatlari bilan eng qiyin ahvolga tushganlarni ham qutqarar, hatto Ollohning yerdagi soyasi bo‘lgan hukmdor ham undan maslahat so‘rar ekan.
Shu sababli do‘stlari uning iltimosini jon-dildan qabul qilishib, ta’zim qilgancha tarqalishibdi.
Ulardan biri alohida ta’kidlab:
– Ey, ezguliklar bulog‘i, kambag‘allarning saxovatli homiysi, duru gavharlar bilimdoni! Har bir e’tiqodli musulmon tez-tez borib turadigan hammomdan qaytgan xizmatkorlarim aytganlarini iltifot qilib eshit.
O‘sha hammomga, hatto bizni farovon shaharda ham tiqilib yotgan gadoylardan ham qashshoq bir munkillagan chol keldi. Bor narsasi: juldur kiyimi, charm xurjundan iborat – to‘rva xaltasiyu eski chorig‘idan boshqa hech narsasi yo‘q.
Hammomdan chiqib yechinish joyiga kelsa to‘rva xaltasi bilan chorig‘ini kimdir o‘g‘irlab ketipti, balki birorta hazilkash olgan bo‘lishi ham mumkin. Bechora faqat juldur kiyimda qolipti. Buni ko‘rgan odamlarning barchasi xafa bo‘lib jahli chiqibdi. Shunisi g‘alatiki, cholning jahli chiqishi o‘rniga quvonib kulib yuboribdi. U qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib chin qalbidan Xudoga va o‘z qismatiga shukronalar aytipti, hamdu sanolar o‘qipti. Bundan atrofdagilar hayron bo‘lib, xijolat chekkancha o‘zlarini chetga olishibdi. Garchi u odam sal g‘alatiroq ko‘rinsa-da, to‘g‘risini aytsam, u chol telba emasmikan deb ham o‘yladim.
Aslzoda odam boshini chayqatgancha dedi:
– U telbami yoki tabarruk odammi – biz bilmaymiz. Do‘stim, uni tezroq huzurimga olib kel. Aziz mehmonim bo‘ladi, dasturxon to‘riga o‘tqazaman.
Mana, kech kirib bayram dasturxoni yoziladigan payti keldi. Poytaxtning barcha uylarida chiroqlar yoqilib, xushbo‘y taomlarni – palov, qovurilgan jo‘jalar, ziravorlarning yoqimli hidi hammayoqni tutib ketipti. Shunda aslzodaning uyiga o‘sha keksa gadoni boshlab kelishibdi. Uy egasi o‘zi uni kutib olib, hurmatini joyiga qo‘yib, ziyofat bo‘ladigan xonaga olib kirib, dasturxon to‘riga o‘tqazipti. Taomlarni xizmatkorlar qo‘lidan olib, eng lazzatli bo‘laklarini mehmonga solib beripti. Ko‘rsatilgan izzat-hurmatdan cholning boshi osmonga yetib, yuzlaridan nur yog‘ilibdi. Mehmonning bu ahvolini ko‘rgan xo‘jayining mehri tovlanib, undan so‘rapti:
– Ey, marhamatli otaginam, biror-bir istaging bo‘lsa ayt, men bajo keltiray.
Chol yorqin tabassum bilan javob beribdi:
–Barcha farzandlaring va nevaralaringni menga ko‘rsat, fotiha beray.
Aslzodaning voyaga yetgan to‘rtta farzandi va uchta nevarasi kirib chol huzurida tiz cho‘kishipti. Chol esa ularning boshini silab, fotiha beripti. Bu qadimiy marosim tugagach, uy egasi choldan fotiha berishini so‘rapti. Chol unga fotiha beripti, quchoqlab yuz-ko‘zlaridan o‘pipti.
Tiz cho‘kib o‘tirgan uy egasi hayajonlanib o‘rnidan turipti va cholga murojaat qilib:
–Otaginam, sizdan ming bor uzr so‘rayman, aybga qo‘shmaysiz, sizga bir savolim bor. Uyimga kirganingizdan beri nuroniy yuzingizdan ko‘zimni uzolmayman. Dunyoda go‘yo sizdan boshqa yaqin odamim yo‘qday. Eslab ko‘r, otaginam, sen bilan ilgari biron yerda uchrashganmidik?
–Bajonidil seni kechiraman, o‘g‘lim,– javob beripti chol, tabassum bilan.– O‘z navbatida men ham senga savol bermoqchiman! Kichkina jilg‘a bo‘yidagi sersoya daraxtzor yodingdami? Daraxtga bog‘lab qo‘yilgan xachir bilan sariq baytal-chi, ota-bola xurjundan qimmatbaho duru gavharlarni, tillalarni teng bo‘lganimizni eslaysanmi?
Shunda savdogar qariyaning oyoqlariga yiqilib yer o‘pibdi va o‘rnidan turib xitob qilibdi:
–Ey sevikli otam, sizni bu yerlarga keltirgan Ollohga xamdu sanolar bo‘lsin! Mana, shu uy sizniki, men, o‘g‘illarim, nevalarim barchamiz sizning xizmatingizda, sizning qulingizmiz.
Ota-bola quchoqlashib, uzoq vaqt ko‘zlaridan quvonch yoshlari arimabdi. Bir muncha vaqt o‘tib o‘zlariga kelgach, savdogar odob bilan otasidan so‘rapti:
–Ey hurmatli otam, ayting-chi, o‘sha tongda barcha boyligingizni bo‘lishib ikkalamiz ikki tomonga qarab umrbod bo‘lmasa ham, uzoq muddatga ajralib ketganimizga sabab nima?
Qariya javob berdi:
– Gap bundoq: esingda bo‘lsa biz ish bilan uydan chiqqach, omadimiz yurishib ketdaverdi. Yodingdami, doim men “Inshoolloh” deb takrorlardim. Omad yuz o‘girmasin deb qo‘rqqandim o‘shanda. Karvonsaroyga qaytib barcha-barchaning ko‘z oldida qolgan boyligimizga hech kim tegmaganini ko‘rib, bu taqdirning bizga bergan oxirgi omadi bo‘lsa kerak deb o‘yladim, chunki insonga omad doim kulib boqavermaydi. Omadsizlik va baxtsizlik bizni ta’qib qilmasin dedim. Seni va oilamizni shu balolardan daf qilay va o‘zim giriftor bo‘laqolay, degan maqsadda qildim shu ishni… Eskidan bir gap bor: faqat axmoqlargina momaqaldiroq paytida daraxt ostiga yashirinadi… Ayriliq meni ne ko‘yga solganini ko‘rib turibsan. Ziyraklik bilan ish qilganimni endi bilgandirsan?
Bu gaplarni e’tibor bilan tinglab turganlar qariyaga ehtirom bilan ta’zim qildilar. Uning ziyrak aqli, donoligiga, oilasiga bo‘lgan mehriga qoyil qoldilar.
Mehmonlarning eng keksa va hurmatlilaridan biri so‘radi:
–Ey, tog‘amning mehribon akasi, nima sababdan bugun gadoy xaltangni o‘g‘irlatgach, yig‘lash o‘rniga shod-xurram bo‘lib quvonding? Beadablik bilan bergan savolimga jahling chiqmasin. Lozim topsang, javob ber.
Qariya yoqimli tabassum bilan javob beribdi:
–Men shuning uchun shod-xurram bo‘ldimki, o‘sha lahzada shum taqdir meni ta’qid qilishdan charchaganligini tushundim. O‘zing o‘ylab ko‘r: bu dunyoda gadoy bo‘la turib xaltasini o‘g‘irlatgan odamdan ko‘ra qashshoq va omadsiz inson bormi? Peshonamga bundan-da og‘ir qismat yozilishi mumkinmi? Bu borada xato ketmaganimni ko‘rib turibsan. Shu bugunning o‘zidayoq o‘g‘limni, nevara-chevaralarimni topib oldim-ku. Endi qolgan umrimni xavotir olmasdan, ularning boshiga og‘ir qismat toshi tushmasin deya, quvonch va mehr qurshovida oso-yishta o‘tkazish nasib etsin, inshoolloh!
Mehmonlar yana unga ta’zim qilishdi va bir ovozdan:
–Omad emas, qismat muhim ekan,– deb ta’kidlashdi.
Ruschadan Abdunabi Abdulqodir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.