Alber Kamyu. Yon daftarchalar

XX asr frantsuz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, adabiyot bo‘yicha 1957 yilgi Nobel mukofotining sohibi Alber Kamyu (1913-1960 yillar) mohir adib, dramaturg, faylasuf sifatida insoniyat madaniyatida yorqin iz qoldirgan. “Kaligula”, “Yot kishi”, “Tubanlashuv”, “O‘lat” kabi va yana boshqa o‘nlab mashhur asarlar san’atkor qalamiga mansubdir. Kamyuning “Yon daftarchalari” (yozuvchining o‘z tili bilan aytganda — “daftarlari”) o‘quvchida hassos san’atkorning ijod olami sirlari, dunyoqarashi, tabiat va jamiyatga munosabatlari haqida bir olam tasavvur hosil qiladi. “Yon daftarchalar” uzoq yillar davomida — 1935 yildan to adibning fojiali o‘limiga qadar bitilgan bo‘lib, mavzulari rang-barang: ularda adabiyot, san’at, falsafa, siyosat, tabiat, ijtimoiy hayot hodisalari, kundalik turmush ikir-chikirlari va boshqalar o‘z aksini topgan.
Adibning shaxsiy yozuvlari bo‘lgan “Yon daftarchalar” u vafot etganidan keyin Frantsiyaning “Gallimar” nashriyotida uch jildlik holida chop etilgan.
“Yon daftarchalar”ning bir qismi Moskvada 1990 yilda “Raduga” nashriyotida asarlar to‘plami tarkibida rus tilida bosilib chiqdi. Quyida biz ana shu nashrdan olingan o‘quvchilarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ayrim qaydlar va fikrlar tarjimasini e’lon qilayapmiz.

V VA VI DAFTARLARDAN

(1945 yil sentyabr— 1951 yil mart)

* * *

Men nechun faylasuf emas, san’atkorman! Sababi: fikru yodim g‘oyalar emas, so‘zlar olamida.

* * *

Shifokor eshigi oldida muk tushganlar xuddi daqqi jonivorlarga o‘xshab ketadi.

* * *

Odamlar nega ichishadi? Shuning uchun bo‘lsa kerakki, sharob butun tafakkurga jilo berib, jami vujudni junbushga keltiradi. Xulosa shul: qadah — nochorlik yoki norizolik alomati.

* * *

Hayotdagi eng muhim masala — odamlar orasida umrguzaronlikni qanday o‘tkazish.

* * *

Bizga “yaratgan obrazingda qiyofa yo‘q”, deb ta’na qilishadi. Biroq, hamma gap shundaki, timsolning o‘zi yuzsiz. To‘nkalardan o‘rnak olishimizni bilishmaydigandek, tag‘in muhabbatdan yiroqsizlar, deb yozg‘irishadi…

* * *

Sent-Byo: “Men hamisha shunday faraz qilamanki, mabodo inson zoti bir daqiqa yolg‘ondan to‘xtab, ichidagini oshkor aytsa bormi, jamiyat shu zahoti titilib ketgan bo‘lardi”.

* * *

Gimmlerning vrachi bo‘lib xizmat qilgan (va Daxaudan yaxshi xabardor bo‘lgan) Karl Gerxardning so‘nggi so‘zlari:
“Dunyoda hali ham adolatsizlik borligidan afsusdaman”.

* * *

1905 yil inqilobi Moskvadagi bosmaxonalardan birining ishchilari ishbay haq to‘lanishida nuqtalar va vergullarning ham harf qatorida sanalishini talab qilib, ish tashlashidan boshlangan…

* * *

Moskva Kommunasi paytida Quvurlar maydonidagi to‘plar o‘qidan vayron bo‘lgan bino oldida o‘lik jasadidan kesib olingan bir parcha go‘sht solingan likopcha turar va uning tagida shunday yozuv bor edi: “Jabrdiydalarga madad uchun o‘z hissangizni qo‘shing”.

* * *

Stolipinning qotili Dmitriy Bagrovga shohona iltifot ko‘rsatildi — u frak kiygan holida osilish baxtiga muyassar bo‘ldi.

* * *

Insonni o‘limga hukm qilish — uni odam bo‘lib olish imkoniyatidan mahrum qilish demakdir.

* * *

Yollash. Qalami uchidan uchqun chiqmagan adiblarning ko‘pchiligi o‘zlarini kommunistlar safiga urishayapti. Bu — san’atkorlarga tepadan qarab turish imkonini beradigan yagona ilinj. Shu ma’noda kommunistlar — tolei chopmaganlar partiyasi. Tabiiyki, bu qo‘rg‘onning darvozalari tirband.

* * *

Dostoyevskiy mazmunidan ko‘ra, bu hayotning o‘ziga ko‘proq muhabbat qo‘yish kerak, deydi. To‘g‘ri, darhaqiqat, hayotga muhabbat so‘nganida uning mazmuni ham o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi.

* * *

“Dorilbaqoda qabr degan bir qasr borligining o‘ziyoq dilga sevinch bag‘ishlaydi”.

* * *

Marksizm — qozibozlikka g‘ij-g‘ij to‘lib, huquq ilmi anqoning urug‘iga aylangan falsafadir.

* * *

Qullarga ehtiyoj mo‘l joyda imkoni boricha ko‘proq musiqa ijod qilinishi zarur. Tolstoyning aytishicha, bir nemis knyazi shunday fikrda bo‘lgan ekan.

* * *

Tolstoyning ish stolida qolib ketgan oxirgi, tugallanmagan asari shunday nomlangan: “Dunyoda gunohkorning o‘zi yo‘q”.

I.Bek tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 10-son