Akutagava Ryunoske. Tashlandiq bola (hikoya)

Asakusadagi Nagasumi-chyo ko‘chasida Shingyoji ibodatxonasi bor. Yo‘q-yo‘q, bu katta ibodatxona emas. Shunday bo‘lsa-da, u yerda muqaddas Nichironing yog‘ochdan yasalgan haykali mavjud, demak, bu ibodatxona o‘z tarixiga ega. Meyji davrining yigirma ikkinchi yili kuzida shu ibodatxonaning darvozasi oldiga bir bolani tashlab ketishdi. Turgan gapki, u bir yoshga ham to‘lmagan edi, yonidan uning ismi yozilgan qog‘ozcha ham topilmadi. Eski sariq ipak matoga o‘ralgan chaqaloqning boshi ostiga iplari uzilib ketgan ayollar zorisini* qo‘yib ketishgandi.
Shingyoji ibodatxonasining o‘sha vaqtdagi rohibi Tamura Nisso ismli chol edi; aynan tonggi ibodatni qilayotgan vaqtida uning oldiga keksa darbon keldi va chaqaloq tashlab ketishganini ma’lum qildi. Rohib Budda haykaliga qarab turgan edi; u darbonga o‘girilib ham qo‘ymadi va go‘yoki hech nima bo‘lmaganday dedi:
— Shunaqa de! Uni bu yoqqa olib kel.
Bu ham yetmaganday, darbon go‘dakni qisinib-qimtinib olib kelganida rohib shu zahotiyoq bolakayni qo‘liga oldi va uni beparvo erkalay boshladi:
— Ajoyib bolakay ekan! Yig‘lama! Yig‘lama! Bugundan boshlab seni o‘z tarbiyamga olaman.
Rohibga hurmati o‘zgacha bo‘lgan darbon bu voqeani ibodatxonaning qavmlariga illitsiy* shoxchasi va xushbo‘y shamlarni sotayotgan mahalida ko‘p martalab aytib bergan. Rohib Nisso avval Fukugavada suvoqchi bo‘lib ishlaganidan xabaringiz yo‘qdir, balki, biroq u o‘n to‘qqiz yoshida havozadan yiqilib, hushidan ketgan va qo‘qqisdan rohiblikni bo‘yniga olishga qaror qilgan. U juda g‘alati odam bo‘lib, tinib-tinchimasdi.
Rohib tashlandiq bolaga Yunoske deb nom qo‘ydi va uni o‘z o‘g‘liday tarbiyalay boshladi. Men “tarbiyalay boshladi”, dedim, lekin bu inqilobdan* buyon ayol zotining oyog‘i yetmagan ibodatxona sharoitida qiyin masala ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bolaga qarash va unga sut berish kabi hamma yumushlar bilan rohibning o‘zi sutralarni o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida shug‘ullanar edi. Bu ham mayli-ya, bir kuni, Yunoske kasal bo‘lib qolganida, shamollagan edi, shekilli, aksiga olib, ibodatxonaning doimiy qavmi asilzoda Kashi-no Nishitatsu sharafiga motam ibodatini amalga oshirayotganida rohib isitmasi baland bolakayni bir qo‘li bilan ko‘ksiga bosgancha, ikkinchi qo‘lida billur tasbeh bilan odatdagiday sutralarni o‘qiyverdi.
Ammo rohib, bolalarni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, iloji bo‘lsa bolakayning haqiqiy ota-onasini topish fikrini dilida yashirincha orzu qilib yurardi. Rohib minbarga ko‘tarilganda — darvoza oldidagi ustunda “Va’z har oyning o‘n oltinchi kuni aytiladi” deb yozilgan eski taxtacha hozirgacha ham turibdi — u Yaponiya va Xitoyning qadimiy tarixidan misollar keltirarkan, ota-ona mehrini yoddan chiqarmaslik Buddaga minnatdorchilik bildirish demakdir, deb kuyib-pishib gapirishni kanda qilmasdi. Va’z kunlari birin-ketin o‘tib borardi, biroq tashlandiq bolaning otasiman yoki onasiman, deya o‘zi kirib kelgan biror odam bo‘lmadi. Ammo bir gal, unda Yunoske uch yosh edi, yuzlariga oppoq qilib upa-elik surib olgan juvon kelib, uning onasi ekanligini aytdi. Lekin, aftidan, u tashlandiq boladan g‘arazli maqsadda foydalanish niyatida edi. Astoydil so‘rab-surishtirishlar natijasida bu ayol shubhalardan xoli emasligi ma’lum bo‘lgach, qiziqqon rohib uni ayamay so‘kib berdi va mushtini tugganicha haydab yubordi.
Shunday qilib, Meyji davri 27-yilining qishi ham yetib keldi, bu vaqt¬da yapon-xitoy urushi to‘g‘risidagi mish-mishlar kuchaydi; oyning o‘n oltinchi, ya’ni odatdagiday va’z o‘qiladigan kuni, rohib o‘zining hujrasiga qaytganida uning ortidan o‘ttiz to‘rt-o‘ttiz besh yoshlardagi kelishgan ayol kirib keldi. Hujradagi qozon-o‘choq yonida Yunoske po‘rtahol tozalab o‘tirgan edi. Uni ko‘rgach, ayol hech qanday kirish so‘zi ham aytmay qo‘llarini o‘tinganday juftlab, rohibga qaradi va ovozidagi titroqni zo‘r-bazo‘r bosib, jur’at bilan dedi: “Men bu bolaning onasiman”. Tabiiyki, hayratda qolgan rohib bir muddat u bilan so‘rashishga ham botina olmay turdi. Lekin ayol unga e’tibor ham qilmadi, poldagi bo‘yradan ko‘zini uzmay, uning ruhiy hayajonini tashqi ko‘rinishi anglatib turgan bo‘lsa-da, xuddi yod olganday shu kungacha bolani tarbiyalagani uchun rohibga boadablik bilan va mufassal minnatdorchilik bildira ketdi.
Bu holat rohib qizil kegayli yelpig‘ichini ko‘tarib, ayoldan bolani nima uchun tashlab ketganligini gapirib berishga majbur qilmaguncha davom etdi. Shunda ayol, hanuz ko‘zini poldagi bo‘yradan uzmay, quyidagilarni so‘zlab berdi.
Besh yil avval uning eri Asakusadagi Tavara-machi ko‘chasida guruch do‘konini ochadi. Ammo ilk foydani olishga ham ulgurmay, bor mol-mulkini sovuradi va shundan so‘ng ular asta-sekin Yokoxamaga ketishga qaror qilishadi. Lekin endigina tug‘ilgan bola ularning oyog‘iga tushov edi. Buning ustiga, baxtga qarshi, onaning ko‘kragiga sut kelmaydi va shu ham sabab bo‘lib, er-xotin ko‘zlarida yosh bilan go‘dakni Shingyoji ibodatxonasi darvozasi oldiga tashlab ketishadi.
Keyin chala-yarim tanish bir odamning yordami bilan hatto poyezdga ham o‘tirmay Yokoxamaga yetib kelishadi, u yerda eri kirakashlik idorasiga ishga yollanadi, ayol esa do‘konga ishga kiradi va ular ikki yil davomida tinim bilmay mehnat qilishadi. Bu vaqtga kelib taqdir ularga kulib boqdimikin, ishqilib, xizmatga kirganlarining uchinchi yili erining halol mehnatiga munosib baho bergan kirakashlik idorasining xo‘jayini unga Xommokuxen tumanidagi Omoto-dori ko‘chasida yangi ochilgan kichik bo‘limning ishlarini olib borishni ishonib topshiradi. Tabiiyki, ayol o‘sha zahotiyoq ishidan voz kechadi va eri bilan yashay boshlaydi.
Bo‘limning ishlari ancha jonlanib qolgan edi. Bundan tashqari, kelgusi yili ular o‘g‘il ko‘rishadi. Tabiiyki, bu vaqtga kelib bir paytlar tashlab ketilgan o‘sha bolakay to‘g‘risidagi achchiq xotiralar qalblarining to‘rida jonlanib qoladi. Ayniqsa, ayol chaqalog‘ining og‘izchasiga sut deyarli kelmaydigan ko‘kragini tutganida har gal xotirasida ular Tokiodan jo‘nab ketgan kecha yaqqol gavdalanardi. Lekin idorada ishlar mo‘l, bolakay esa kundan-kunga o‘sib-ulg‘ayib borar edi. Orttirgan pullarini bankka omonat qo‘yadigan ham bo‘lishdi. Ishlarning borishi chakki emas edi va har nima bo‘lganda ham, er-xotin yana baxtli oilaviy hayot kechirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Biroq ularning baxtli onlari uzoq cho‘zilmadi. Ular xursand bo‘lishga ham ulgurmay, yigirma yettinchi yilning bahorida eri terlama kasaliga duchor bo‘ldi va bir hafta ham yotmay olamdan o‘tdi. Buning o‘zi bo‘lganda edi, balki ayol taqdirga tan bergan ham bo‘larmidi, ammo erining o‘lganiga yuz kun ham bo‘lmay, uzoq kutilgan bolakay ichburug‘ bilan kasallanib qo‘qqisdan nobud bo‘lganiga chiday olmadi. O‘shanda ayol aqldan ozganday tunu kun dod-faryod qildi. Yo‘q, o‘shandagina emas, deyarli yarim yil u parishonxotir yurdi.
Yoam-g‘ussasi chekingach, ko‘ngliga kelgan birinchi narsa — tashlab ketgan katta o‘g‘li bilan ko‘rishish fikri bo‘ldi. “Agar bolaginam hayot va sog‘-salomat bo‘lsa, men uni olib kelaman va qanchalik qiynalmayin, o‘zim tarbiyalayman” deb, o‘ylardi u va o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. U darhol poyezdga o‘tirdi va yuragining to‘ridan joy olgan Tokioga kelgach, shu zahotiyoq Shingyoji ibodatxonasi darvozasi tomon oshiqdi. Bu aynan oyning o‘n oltinchi kuni, va’z aytiladigan kun edi.
Ayol avvaliga rohibning hujrasiga borib, kimdandir bola haqida so‘ramoqchi bo‘ldi. Lekin va’z hali tugamaganligi sabab, u rohib bilan uchrasha olmasdi, albatta. Shu bois sabri chidamay butun ibodatxonani to‘ldirgan xudojo‘y erkaklar va ayollar olomoni orasiga singib ketdi va rohib Nissoning va’zini e’tiborsiz tinglashga tutindi, yoki aniqroq aytadigan bo‘lsak, uning tugashini poylay boshladi.
Rohib esa bugun ham Nilufar ayol o‘zining besh yuz nafar farzandi bilan qanday uchrashgani-yu, ota-ona mehrining muqaddasligi haqida samimiyat ila nutq irod qildi. Nilufar ayol besh yuzta tuxum qo‘yadi. Tuxumlar oqim bo‘ylab suzib ketadi va qo‘shni mamlakat podshosining qo‘liga tushadi. Bu tuxumlardan chiqqan besh yuz bahodir Nilufar ayol onalari ekanligidan bexabar, uning qal’asiga hujum qiladi. Bundan xabar topgan Nilufar ayol qal’aning minorasiga ko‘tariladi va deydi: “Men besh yuz nafaringizga ham onaman. Mana dalil”. Shunday deya u ikkala ko‘kragini chiqaradi va ularni chiroyli qo‘llari bilan siqadi. Onaizorning suti besh yuzta buloqdan chiqqanday baland minoradan tizillab to‘ppa-to‘g‘ri besh yuz bahodirning og‘ziga tushadi. Bu hind afsonasi va’z-nasihatni shunchaki eshitayotgan bechora ayolga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois va’z tugashi bilanoq u ko‘z yoshlarini artib ham o‘tirmay ibodatxonadan chiqdi va ayvon bo‘ylab rohibni qidira ketdi.
Tafsilotlarini surishtirib bo‘lgach, rohib Nisso o‘choq yonida o‘tirgan Yunoskeni yoniga chorladi va uni besh yillik ayriliqdan so‘ng yuzi notanish bo‘lgan onasi bilan uchrashtirdi. Ayol aldamayotganini, aftidan, rohib tushunib turardi. Yunoskeni qo‘liga olgach, u ko‘z yoshini zo‘rg‘a tiyib oldi, muruvvatli rohibning kipriklarida esa tabassum aralash ko‘z yoshi yiltilladi.
Keyin nima bo‘lganidan xabaringiz bor, albatta. Yunoske onasi bilan Yokoxamaga ketdi. Eri va o‘g‘li o‘lgach, ayol kirakashlik idorasining ko‘ngilchan xo‘jayini va uning rafiqasi yo‘l-yo‘rig‘i bilan odamlarga tikishni o‘rgata boshladi va kamtarona, lekin qiynalmay turmush kechirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zining uzundan-uzoq hikoyasini tugatarkan, mehmon oldida turgan piyolani oldi. Lekin unga labini ham tekkizmasdan menga qaradi va sekingina qo‘shib qo‘ydi:
— O‘sha tashlandiq bola menman.
Indamay bosh irg‘ab, choynakka suv quydim. Tashlandiq bola haqidagi bu ta’sirli hikoya mehmonim Matsubara Yunoskening bolalik xotiralari ekanligini uni birinchi bor ko‘rib turgan bo‘lsam-da, boshidayoq tushungan edim.
Biroz sukutdan so‘ng mehmonga murojaat qildim:
— Onangiz hali ham hayotmilar?
Savolimga kutilmagan javob oldim:
— Yo‘q, u bir yil avval olamdan o‘tdi. Lekin… sizga hikoya qilib bergan ayol onam emas edi.
Hayratimni ko‘rib, mehmon ko‘zlari ila tabassum qildi:
— Uning eri Asakusadagi Tavara-machida guruch do‘koniga ega bo‘lgani, Yokoxamaga ko‘chib ketib u yerda ishlagani — bularning hammasi haqiqat, albatta. Lekin keyinroq ularning bolani tashlab ketishganligi haqidagi hikoyalari yolg‘on ekanligini bilib oldim. Onamning o‘limidan bir yil avval men do‘konimning ishlari bo‘yicha — xabaringiz bor, men yigirilgan ip savdosi bilan shug‘ullanaman – Niigata taraflarda yurardim va nogahon poyezdda bir paytlar onamning Tavara-machi ko‘chasidagi uyiga qo‘shni turgan qop sotuvchi bilan uchrashib qoldim. U mening so‘rab-surishtirishimni ham kutmay, onam o‘shanda qiz tuqqani va qizaloq do‘kon yopilishidan oldin o‘lib ketganini gapirib berdi. Yokoxamaga qaytgach, men shu zahotiyoq onamga bildirmay oilaviy ro‘yxatni ko‘zdan kechirdim va shuni aniqladimki, haqiqatan ham, qop sotuvchi aytganday, onam Tavara-machi ko‘chasida yashagan vaqtlari qiz ko‘rgan. Chaqaloq uch oyligida olamdan o‘tgan. Onam qandaydir sabablarga ko‘ra begona bolani, ya’ni meni o‘g‘il qilib olish uchun tashlandiq bola to‘g‘risidagi voqeani to‘qib chiqargan. Shundan so‘ng huzur-halovatdan voz kechib, yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida men haqimda kuyib-pishdi.
Nima sababdan u bunday qilganligini, qanchalik o‘ylamayin, hozirgacha ham tushunib yeta olganim yo‘q. Chindan ham shunday bo‘lganligini bilmayman, lekin onamning meni o‘z tarbiyasiga olganligiga asosiy sabab, hoynahoy, rohib Nissoning va’z-nasihati eridan va bolasidan ajrab qolgan onam uchun qattiq ta’sir qilgan bo‘lsa kerak. U va’zni tinglarkan, aynan men tanimagan ona bo‘lishni ko‘ngliga tukkan. Aftidan, shunday. Meni ibodatxona oldidan topib olishganligini, chamasi, ibodatxonaga va’z eshitish uchun tashrif buyurgan qavmlardan bilib olgan. Yoki unga bu haqda oqsoq darbon gapirib bergan.
Mehmonim jim bo‘lib qoldi va bir narsa esiga tushganday o‘ychan qiyofada choy ho‘play boshladi.
— Demak, siz onangizga uning o‘z o‘g‘li emasligingizni va bu haqda bilishingizni aytdingiz, shundaymi?
Bu savolni berishdan o‘zimni tiya olmadim.
— Yo‘q, aytmadim. Bu onamga nisbatan o‘ta shafqatsizlik bo‘lgan bo‘lur edi. Onam menga o‘limiga qadar bir so‘z ham demadi. Bu xususda og‘iz ochish menga nisbatan shafqatsizlik, deb o‘ylagan bo‘lsa ajab emas. Rostini aytsam, uning haqiqiy o‘g‘li emasligimdan xabar topgach, onamga nisbatan tuyg‘ularim biroz o‘zgardi.
— Qaysi ma’noda? — Mehmonning ko‘ziga tik qaradim.
— Ular avvalgiga qaraganda ham taftliroq bo‘lib qoldi. Chunki buni bilib olganimdan buyon u men, tashlandiq bola uchun onadan ham azizroq bir xilqatga aylandi, — yumshoqqina dedi mehmon, go‘yoki o‘zi ham onasi uchun o‘g‘ildan-da azizroq ekanligini bilmaganday.

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son

IZOHLAR
* Zori – poxol yoki bambukdan to‘qilgan shippak.
* Illitsiy – muqaddas shoxcha, ibodatxonalarga tashrif buyuruvchilarga shamlar bilan birga sotilgan.
* 1867 yildagi Meyji inqilobi nazarda tutilmoqda.