Bu voqeani ruhiy kasalliklar shifoxonasining birida yigirma uchinchi raqamli bemor hammaga gapirib beradi. U, chamasi, o‘ttizni qoralab qo‘ygan, ammo zohiran juda yosh ko‘rinardi. U nimalarni ko‘rgan-kechirgan… umuman olganda, nima farqi bor ko‘rgan-kechirganlarining? Mana, u men va shifoxona direktori shifokor S.ning oldida tizza quchib o‘tirgan ko‘yi o‘z tarixini uzundan-uzoq zerikarli hikoya qilarkan , vaqti-vaqti bilan panjara orqasida – qovog‘i soliq qorli bulutlar tomon panjalarini uzatgancha, eman daraxti ko‘rinib turgan deraza tarafga qarab-qarab qo‘yardi. U har zamon imo-ishoralar bilan butun gavdasini ishga solib, har xil qiliqlar qilardi. Masalan,“men qoyil qoldim”, deyayotib, u boshini keskin orqaga tashlardi. Men uning hikoyasini baholi qudrat aniq-tiniq qog‘ozga tushirdim,deb o‘ylayman. Mabodo hikoyamdan qoniqish hosil qilmasangiz, Tokio yaqinida joylashgan N. qishlog‘idagi shifokor S.ning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga boring. Yigirma uchinchi raqamli ko‘rinishi yoshgina bemor, ehtimol, sizga muloyim ta’zim qiladi va o‘tirishingiz uchun qattiq stolni ko‘rsatadi. Keyin ma’yus tabassum bilan sokin ovozda bu hikoyani takror gapirib beradi. Tugatgach esa… Men yaxshi eslayman uning yuzi qanaqa tusga kirishini. Hikoyasini tugatgach, u o‘rnidan turib, ikkala mushtini do‘laytirib baqira boshlaydi:
– Yo‘qol bu yerdan! Yaramas! Haromi! Ahmoq, ichiqora, uyatsiz, surbet, kattazang, beshafqat, jirkanch maxluq! Yo‘qol! Yaramas!
Bu voqea uch yil oldin ro‘y bergandi. Ko‘pchilik qatori men ham yelkamga safarxaltamni osib, Kamikoti issiq buloqlariga yetib keldim va u yerdan Xotakayaga ko‘tarila boshladim. Ma’lumki, Xotakayaga borish yo‘li bitta – Adzusagava bo‘ylab tepaga yuriladi. Mening ilgari ham Xotakayaga va hatto Yarigatakega ham borishimga to‘g‘ri kelgan, shuning uchun yo‘l ko‘rsatuvchining keragi yo‘q edi, tonggi tuman og‘ushida yotgan Adzusagava daryosi bo‘ylab yolg‘iz yo‘lga tushdim. Ha… tonggi tuman og‘ushidagi. Buning ustiga, bu tuman hali-beri tarqaydiganga o‘xshamasdi. Tarqash u yoqda tursin, borgan sari quyuqlashardi. Bir soatlar yurgandan keyin men toqqa ko‘tarilishni bas qilib, orqaga – Kamikotiga qaytish haqida o‘ylay boshladim. Garchi bu qarorim qat’iy bo‘lsa ham, baribir tuman tarqashini kutishga to‘g‘ri kelardi, u esa atay qilganday, har daqiqada quyuqlashib borardi . “E-e, chiqishmi, chiqish-da ”, – o‘yladim oxiri va o‘ngu so‘lga qaramay, g‘arovzorga o‘zimni urdim, ammo shu bilan birga qirg‘oqdan ham ko‘p uzoqlashmaslikka harakat qildim. Ko‘rganim faqat quyuq tuman edi. To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan tuman ichidan qora qayinning yo‘g‘on tanasi yo oqqarag‘ayning yashil shoxi ko‘rinib qolar, yoki to‘satdan ko‘z oldimda o‘tlab yurgan sigir va otlarning tumshug‘i paydo bo‘lardi, ammo bular bari ko‘rinib ham ulgurmay, o‘sha zahotiyoq quyuq tuman ichiga g‘arq bo‘lardi. Shu asnoda oyoqlarim tolib, qornim hushtak chala boshladi. Buning ustiga, tumanda namiqqan alpinistcha kostyum va pledim ham haddan ziyod og‘irlashib ketgandi. Men baribir chekinishga majbur bo‘ldim va toshlarga urilib oqayotgan suv ovozidan yo‘nalishni taxmin qilib, Adzusagava qirg‘og‘iga tusha boshladim.
Suv yaqinidagi toshga o‘tirib, eng avval ovqatga unnadim. Tuzlangan go‘sht solingan bankani ochdim, quruq novdalardan olov yoqdim… Bular uchun taxminan o‘n daqiqacha vaqt ketdi va shunda e’tibor berdimki, qalin tuman asta-sekin siyraklasha boshlayapti. Chaynagan nonimni yutayotib, xayol bilan soatga qaradim. Buni qarang-a! Birdan yigirma daqiqa o‘tib qo‘yibdi! Ammo bundan ham ko‘proq meni boshqa narsa hayratga soldi. Soatimning dumaloq oynasida qandaydir qo‘rqinchli bashara aksi ko‘zimga tashlandi. Qo‘rqib orqamga qaradim va… Ana shunda hayotimda birinchi marta o‘z ko‘zim bilan men haqiqiy tirik kappani1 ko‘rdim! U orqamdagi qoya ustida xuddi qadimgi rasmlarda tasvirlangandek, bir qo‘li bilan oqqayin tanasini quchib, ikkinchisini ko‘ziga soyabon qilib, menga qiziqsinib qarab turardi.
Hayratdan anchagacha qimir etmay turib qoldim. Aftidan, kappa ham taajjubda edi. U ham qo‘lini ko‘targan ko‘yi qotib turardi. O‘rnimdan sapchib turib unga tomon yugurdim. U ham naryoqqa qarab yugurdi. Harholda, menga shunday tuyuldi. Bir vaqt u o‘zini chetga tashladi-da, shu zahotiyoq xuddi yer yutganday ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Hayratim oshib, g‘arovzorni ko‘zdan kechirdim. Xo‘sh, nima bo‘ldi, deysizmi? Kappa bor-yo‘g‘i mendan ikki-uch metr narida ekan. U egilgancha qochishga shay bo‘lib, yelkasi osha menga qarab turardi. Bu yerda hali hayratlanarli hech nima yo‘q. Mening gangitib qo‘ygan va chalg‘itgan narsa uning tanasining rangi edi. Kappa qoyadan menga qarab turganida kulrang edi. Endi esa u boshdan-oyoq zumraddek yam-yashil bo‘lib qolgandi. “Hap sen yaramasni!” – deya baqirdim va yana unga tashlandim. Kutganimday, u qochdi. G‘arovzorni kesib, toshlardan sakrab o‘tib, o‘ttiz daqiqacha uning orqasidan yeldek uchdim.
1 Yapon afsonalarida uchraydigan afsonaviy maxluq.
Oyoqlarining tezligi va chaqqonlikda kappa maymundan hech qolishmasdi. Uni vaqti-vaqti bilan ko‘zdan yo‘qotib, sirpanib, qoqilib, o‘pkamni qo‘ltiqlagancha orqasidan yugurdim. Kappa sershox bahaybat kashtangacha yugurib bordi va baxtimga, uning oldini ho‘kiz to‘sdi. Ho‘kizki, juda baquvvat, oyoqlari yo‘g‘on, ko‘zi qonga to‘lgan. Uni ko‘rgan kappa ayanchli vangillab, lip etib o‘zini chetga oldi va bor kuchi bilan chakalakzorga – baland g‘arovlar orasiga otildi. Men-chi… Nimayam qilardim, shoshilmay uning izidan bordim, chunki u mendan qochib qutulib bo‘pti, degan xayolda edim.
Aftidan, u yerda yetti uxlab tushimga ham kirmagan chuqurlik bor edi. Barmoqlarim kappaning silliq badaniga tegishi bilan qorong‘ilik qa’riga dumalab ketdim. O‘lim yoqasida turib ham biz insonlar qandaydir bir bema’ni narsalar haqida o‘ylaymiz. Dahshatdan nafasim ichimga tushib ketgan paytda Kamikoti qaynoq buloqlari yonida “Kappabasi” deb nomlanuvchi ko‘prik borligi esimga tushdi. Keyin… Keyin nima bo‘ldi, eslay olmayman. Ko‘zimdan o‘t chiqqanday bo‘ldi va hushdan ketdim.
Hushimga kelganimda, meni kappalarning katta to‘dasi o‘rab olgandi. Men osmonga qarab yotardim. Tepamda semiz tumshug‘iga ko‘zoynak osgan kappa ko‘kragimga stetoskop bosgancha tizzalab turardi. Ko‘zimni ochganimni ko‘rib, imo-ishora bilan tinch yotishimni so‘radi va qayrilib to‘dadan kimgadir: “Quax, quax”, dedi. O‘sha zahotiyoq qayerdandir zambil ko‘targan ikkita kappa paydo bo‘ldi. Meni ko‘tarib zambilga yotqizishdi va biz katta olomon kuzatuvida shoshilmasdan qandaydir bir ko‘chadan keta boshladik. Bu ko‘cha Gindzidan hech nimasi bilan farq qilmasdi. Ikki chetiga buk ekilgan yo‘laklarda peshtaxtasining usti chodir bilan yopilgan risoladagiday do‘konlar qatorlashib turar, katta yo‘llarda avtomobillar g‘izillab uchardi.
Nihoyat, biz tor ko‘chaga burildik va meni bir binoga olib kirishdi. Keyin bildimki, bu ko‘zoynakli kappa – shifokor Chakkning uyi ekan. Chakk meni toza o‘ringa yotqizib, ichgani bir stakan rangi tiniq qandaydir dori berdi. Men o‘zimni Chakk marhamatiga topshirib yotardim. To‘g‘ri-da, boshqa nimayam qila olardim? Bo‘g‘inlarim shunaqangi zirqirardiki, qimirlashga holim yo‘q. Chakk kuniga bir necha marta meni tekshirgani kirardi. Birinchi marta ko‘rgan kappam – baliqchi Bagg ham ikki-uch kunda bir holimdan xabar olib turdi. Kappalar insonlar haqida biz ularni bilganimizdan ko‘ra ko‘proq bilishadi. Aftidan, kappalar bizning qo‘limizga tushganidan ko‘ra insonlar kappalar qo‘liga tez-tez tushib turgani uchun ham shunday bo‘lsa kerak. Ehtimol, “qo‘liga tushish” unchalik to‘g‘ri ibora emasdir, ammo bundan qat’i nazar, mengacha ham ko‘p insonlar kappalar mamlakatida bo‘lgan. Hatto ko‘pchiligi umrining oxirigacha bu yerda qolib ketgan. “Nega?” – deb so‘rarsiz. Negaligini aytsam, kappalar mamlakatida, biz kappa emas, inson bo‘lganimiz uchungina ishlamasdan, yeb-ichib yashashimiz mumkin. Insonlarning bu mamlakatdagi ustunligi shu edi . Baggning so‘ziga qaraganda, bir paytlar tasodifan kappalar qo‘liga bir yoshgina yo‘lsoz ishchi tushib qolgan. U urg‘ochi kappaga uylanib, o‘lgunicha birga yashagan. Ochig‘ini aytganda, u mamlakatning old go‘zallaridan bo‘lgani uchun ham juda mohirlik bilan eriga xiyonat qilib yurgan.
Bir haftadan so‘ng shu mamlakat qonunlariga binoan meni “alohida imtiyozlardan foydalanuvchi fuqaro” darajasiga ko‘tarishdi. Men Chakk bilan qo‘shni edim. Uyim unchalik katta emas, ammo did bilan jihozlangandi. Aytish kerakki, kappalar mamlakati madaniyati boshqa o‘lkalar, ya’ni harholda Yaponiya madaniyatidan deyarli farq qilmaydi. Mehmonxona burchagida, ko‘chaga qaragan deraza yonida kichkina pianino turadi, devorlarda romga solingan suratlar osilgan. Faqat atrofdagi narsalar, uyning o‘zidan tortib jihozlargacha tub aholi bo‘y-bastiga moslanganligi tufayli men bir qancha noqulayliklarga duch kelardim. Har oqshom mehmonxonamga Chakk va Bagg kelishar va men ular bilan shu mamlakat tilini o‘rganishni mashq qilardim. Biroq meni ko‘rgani keluvchilar faqat ular emasdi. Men alohida imtiyozlardan foydalanuvchi fuqaro sifatida hammani qiziqtirardim. Shuningdek, mehmonxonamga qon bosimini o‘lchatgani Chakkni har kuni uyiga chaqiradigan shisha firmasi direktori Gerday odamlar ham bo‘ylab turardi. Lekin hammasidan ko‘ra, dastlabki ikki haftada men baliqchi Bagg bilan yaqin bo‘ldim.
Dim oqshomlarning birida mehmonxonamdagi stolda Bagg bilan yuzma-yuz o‘tirardik. Birdaniga hech nimadan-hech nima yo‘q Bagg tilini yutib, katta-katta ko‘zlarini yanayam yirib ochib, menga baqrayib qoldi. Albatta, bu holdan men hayratga tushdim va so‘radim:
– Quax, Bag, quo quel quan?
Yaponchaga tarjima qilganda bu: “Menga qara, Bagg, senga nima bo‘ldi?” degani. Lekin Bagg hech nima deb javob bermadi. Buning o‘rniga u birdaniga stoldan sirg‘alib chiqib, uzun tillarini chiqarib, polga xuddi kattakon qurbaqaday yalpayib o‘tirib oldi. Hozir ustimga sakrasa-ya! Meni vahima bosdi va xonadan qochib chiqish niyatida sekin o‘rindiqdan turdim. Baxtimga, ayni shu payt mehmonxonaga shifokor Chakk kirib qoldi.
– Bagg, bu yerda nima qilib o‘tiribsan? – so‘radi u baliqchiga ko‘zoynagi ostidan jiddiy tikilib.
Bagg uyalib, kaftlari bilan boshini silagancha uzr so‘ray boshladi:
– Ma’zur tutasiz, janob shifokor. Men o‘zimni tutib turolmadim. Mana bu janobning qo‘rqishi juda kulgili ekan… Siz ham, janob, o‘tinib so‘rayman, muruvvat qilib meni kechiring, – qo‘shib qo‘ydi u menga qarab.
Hikoyani davom ettirishdan oldin sizlarga kappalar haqida ba’zi umumiy ma’lumotlarni berishni o‘z burchim deb bilaman. Kappa deb ataluvchi jonzotlarning haqiqatdan mavjudligi odamlarda haligacha shubha uyg‘otadi. Ammo men uchun bu masalada hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q, chunki o‘zim kappalar orasida yashaganman. Xo‘sh, bu qanaqa mavjudot? Ularning tashqi ko‘rinishi “Suyko-koryaku” singari manbalarda berilgan ta’rifga butunlay to‘g‘ri keladi. Haqiqatan ham kappalarning boshi kalta jun bilan qoplangan, oyoq va qo‘l barmoqlarini suzish pardalari bir-biriga bog‘lab turadi. Bo‘ylari o‘rtacha bir metr. Shifokor Chakk keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning og‘irligi yigirma-o‘ttiz funt orasida o‘zgarib turadi. Biroq aytishlaricha, ellik funtlik kappalar ham kam bo‘lsa-da uchrab turarkan. Keyin, kappa boshining qoq uchida suyri likopcha shaklida chuqurcha bor. Yosh o‘tgan sari bu likopchaning tagi qattiqlashib boradi. Masalan, qariyotgan
Bagg bilan yosh Chakkning boshidagi likopchasi bir-biridan farq qiladi. Ammo kappalarning eng ajablanarli xususiyati, o‘ylashimcha, tanasining rangi. Gap shundaki, ular terisining muqim bir rangi yo‘q. U tashqi muhitga qarab o‘zgaradi – masalan, mavjudot o‘tlar orasida yursa, rangi ularga moslashib, zumraddek yashil, qoyalarning ustida esa xuddi tosh kabi kulrang tusga kiradi. Biz bilamizki, xuddi shu xususiyat buqalamunda ham bor. Ular terisining ustki qatlami bir xil tuzilishga ega bo‘lsa kerak. Men bular haqida bilganimdan keyin esladimki, xalq og‘zaki ijodida g‘arbiy viloyatlardagi kappalar terisi zumrad-yashil, shimoli-sharq kappalari esa qizil rangli bo‘lishi qayd etilgan. Shuningdek, orqasidan quvganimda qanday qilib Bagg xuddi yer yutganday g‘oyib bo‘lganini ham esladim. Darvoqe, kappalar terisining ostida yog‘i ham durustgina bo‘lsa kerak: yer osti mamlakatida o‘rtacha harorat ancha past bo‘lsa ham (farengeyt hisobida ellik graduslar atrofida), ular kiyim nimaligini bilishmaydi. Ha, har qanday kappa ko‘zoynak taqishi, o‘zi bilan portsigar olib yurishi, hamyon tutishi mumkin. Ammo cho‘ntagi yo‘qligi ularga noqulaylik tug‘dirmaydi, chunki kappaning qornida xuddi kenguruniki singari o‘z qopi bor, u yerga turli mayda-chuydalarini solib yurishadi. Menga faqat ularning avratlarini hech nima bilan yashirmasliklari juda ajablanarli tuyulardi. Bir kuni Baggdan buning sababini so‘radim. Javobiga Bagg boshini orqaga tashlab uzoq qah-qah otib kuldi-da, dedi:
– Nima uchun sizlar uni yashirib yurasizlar, menga shunisi kulgili!
Men sekin-asta kappalar kundalik hayotda qo‘llaydigan so‘zlarni o‘rganib boraverdim. Shu yo‘sinda ularning tabiati va urf-odatlari bilan tanishish imkonini qo‘lga kiritdim. Hammasidan ko‘proq kappalarning kulgili va jiddiy narsalar to‘g‘risidagi g‘ayrioddiy, hatto teskari deyish mumkin bo‘lgan tasavvurlari meni hayratga soldi. Biz insonlar muhim va jiddiy qabul qiladigan odatlarimiz ular uchun kulgili tuyuladi, insonlar uchun kulgili sanalgan narsalarni esa ular muhim va jiddiy deb tushunishga moyillar. Mana, masalan, biz insonparvarlik va adolat tushunchalariga juda jiddiy munosabatda bo‘lamiz, kappalar esa bu so‘zlarni eshitishlari bilan kulgidan qorinlarini changallab qolishadi. Qisqasini aytganda, kappalar bilan bizning yumor haqidagi tushunchamizda yer bilan osmoncha farq bor. Bir kuni men Chakka tug‘ishni rejalashtirish to‘g‘risida gapirdim. U og‘zini ochib, shunaqangi xoxoladiki, ko‘zoynagi tushib ketdi. Men jahlim chiqib, uning bu kulgusi sababini tushuntirib berishini talab qildim. Ehtimol, men uning gaplarining nozik jihatlarini anglab ololmagandirman, chunki u paytlarda hali kappalar tilini yaxshi o‘zlashtirmagandim, ammo Chakkning javobi taxminan shunday bo‘lganini eslayman:
– Chindanam faqat ota-onaning xohishi bilan hisoblashish qiziq tuyulmaydimi? Chindanam bu xudbinlik va faqat o‘zini o‘ylashga kirmaydimi?
Biroq biz insonlar uchun kappalarning tug‘ruq jarayonidan ko‘ra bema’niroq narsaning o‘zi yo‘q. Chakk bilan suhbatimizdan so‘ng bir necha kun o‘tib, Baggning xotinini to‘lg‘oq tutdi va men jarayonni kuzatish uchun Baggning kulbachasiga bordim. Kappalarda tug‘uruq xuddi bizdagi kabi kecharkan. Tug‘ayotgan ayolga shifokor va doya yordam berarkin. Lekin tug‘ishdan oldin ota-kappa og‘zini tug‘ayotgan xotinining qorniga qo‘yib, xuddi telefonda suhbatlashgandek bor ovozi bilan so‘raydi: “Sen dunyoga kelishni xohlaysanmi? Yaxshilab o‘ylab ko‘rib, keyin javob ber!”. Bagg xotinining tepasida cho‘kkalab o‘tirib, bu savolni bir necha marta takrorladi. So‘ng turib, stol ustida turgan finjondagi tozalovchi suyuqlik bilan og‘zini chaydi. Shunda onasining qornidagi chaqaloqning uyalganga o‘xshagan tovushi elas-elas eshitildi:
– Men tug‘ilishni istamayman. Birinchidan, otamning suyak suruvchi savdoyiligi meni qo‘rqitadi. Bundan tashqari, kappalar o‘zi tiqilib yotibdi, yana ko‘payishning nima keragi bor?
Bunday javobni eshitgan Bagg xijolat bo‘lib gardanini qashladi. Shu orada doya yo‘g‘on shisha nayni uning xotinining qorniga tiqib, qanaqadir suyuqlik yubordi. Ayol yengil tortdi. Ayni paytda uning qorni dami chiqqan pufakday shalvirab qoldi.
Kappalarning bolalari onasining qornida yotib shunchalik javob berarkan, turgan gapki, ular dunyoga kelishi bilan mustaqil yuradi va suhbatlashadi. Chakkning gapiga qaraganda, hatto bir chaqaloq yigirma olti kunligidan “Xudo bormi?” degan mavzuda lektsiya o‘qigan. Chakk yana shuni ham qo‘shib qo‘ydiki, bu chaqaloq ikki oyligida olamdan o‘tgan.
Tug‘ilish haqida gap ketarkan, men bu mamlakatga kelganimga uch oy to‘lganida bir ko‘cha burchagida ko‘rganim haybatli shior varag‘i haqida aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Varaqning pastki qismida karnay chalayotgan va qilich o‘ynatayotgan kappalar tasvirlangandi. Tepa qismida esa kappalar yozuv deb qabul qilgan soat prujinalariga o‘xshash burama iyeroglif belgilar g‘ij-g‘ij edi. Varaqa matnining tarjimasi taxminan quyidagicha edi (bu yerda yana biror uncha ahamiyatga ega bo‘lmagan xatolarga yo‘l qo‘ymadim, deb so‘z berolmayman, ammo men cho‘ntak daftarchamga Rapp ismli talaba kappa bilan aylanib yurganimizda, u o‘qib berganlarini so‘zma-so‘z yozib qo‘yganman):
“Nosog‘lom irsiyatga qarshi kurashayotgan ko‘ngillilar safiga kiring!!! Sog‘lom modalar va narlar!!! Nosog‘lom irsiyatni tugatish uchun bemor modalar va narlar bilan turmush quring!!!”
O‘z-o‘zidan ravshanki, men o‘sha zahotiyoq Rappga bunday narsalarga yo‘l qo‘yish kerak emasligini ta’kidladim. Javobiga Rapp xoxolab kuldi. Varaqa yonida turgan boshqa kappalar ham qo‘shilib qah-qah otishdi.
– Mumkin emasmi? Lekin sizning gaplaringizga qaraganda, bizda qanday bo‘lsa, sizda ham shunday-ku. Nima deb o‘ylaysiz, nega sizlarning boyvachchalaringiz oqsoch qizlarga ilakishadi, boy qizlar esa haydovchilarga ko‘z suzishadi? Albatta, ichki sezgiga asoslanib, g‘ayriixtiyoriy tarzda nosog‘lom irsiyatdan qutulishga intilishadi. Mana endi siz tunov kuni gapirib bergan qandaydir bir temir yo‘l deb bir-birini qirib tashlagan ko‘ngillilarni olaylik, nazarimda, bizning ko‘ngillilar ulardan ko‘ra ancha oliyjanobroq.
Rapp bu haqida jiddiy gapirdi, ammo uning mesh qorni haliyam kulgini ichiga yutganday silkinib turardi. Ammo mening kayfiyatim quvonadigan darajada emasdi. Qandaydir bir kappa mening e’tiborsizligimdan
foydalanib, avtoruchkamni o‘g‘irlaganini sezib qoldim. G‘azablanib, uni ushlab olmoqchi bo‘lgandim, terisi sirpanchiq bo‘lgani uchun bu ish oson kechmadi. U qo‘limdan sirg‘alib chiqib, oyog‘ini qo‘liga olib, qochib qoldi. Chivinday ingichka tanasini oldinga eggancha shunaqangi tez yugurdiki, nazarimda hozir qoqilib, yo‘lda uzala tushib yotib qoladiganday ko‘rinardi.
Rappning menga ko‘rsatgan xizmati Baggnikidan kam emasdi. Lekin, eng avvalo, Tokk bilan tanishtirgani uchun men undan minnatdorman. Tokk – shoir. Shoir kappalar soch o‘stirishadi va shu jihati bilan bizning shoirlardan farq qilmaydi. Vaqti-vaqti bilan zerikib qolsam, ko‘nglimni yozish uchun Tokkning yoniga borib turardim. Har borganimda uni torgina hujrasida, baland tog‘larda o‘suvchi gullar ekilgan gultuvaklar orasida erkin chekib, she’rlar yozib, o‘zi xohlaganday rohatlanib o‘tirgan holida uchratardim. Hujra burchagida uning modasi qo‘lida tikish-bichishi bilan o‘tirardi. (Tokk erkin muhabbat tarafdori edi va o‘z ahdiga sodiq qolib , uylanmagan). Men kirib borsam, u doimgiday tabassum bilan kutib olardi. (To‘g‘ri, kappalar tabassumini ko‘rish unchalik zavqli emas. Harholda, men birinchi paytlarda qo‘rqardim).
– Kelganingdan xursandman, – derdi u. – Mana bu stulga o‘tir.
Tokk menga kappalar hayoti va san’ati to‘g‘risida tez-tez va ko‘p gapirardi. Uning fikricha, dunyoda oddiy kappalar hayotidan ko‘ra bema’niroq hech narsa yo‘q. Ota-onalar va bolalar, er-xotinlar, aka-singillar – hammalari hayotdagi yagona quvonchni bir-birlarini ayovsiz qiynashda ko‘rishadi. Va Tokkning aytishiga ko‘ra, eng katta bema’nilik bu – oiladagi munosabatlar tizimi. Bir kuni Tokk oynadan qarab, ijirg‘anish bilan dedi:
– Mana, bir tomosha qil!… Qanchalar telbalik!
Ko‘chada oyna tagida juda yosh bir kappa oyoqlarini bazo‘r sudrab yurib borardi. Uning bo‘yniga bir nechta moda va narlar osilgan, shulardan ikkita yoshi o‘tganrog‘i uning ota-onasi bo‘lsa kerak. Tokk uchun kutilmaganda bu yosh kappaning fidokorligi meni qoyil qoldirdi va uni maqtay boshladim.
– A-ha, – dedi Tokk, – ko‘rib turibman, sen bu mamlakatning munosib fuqarosiga aylanibsan… Aytgancha, sen sotsialistsan-ku?
Men, shubhasiz, “qua” deb javob berdim. (Kappalar tilida bu “ha” degani).
– Sen yuzta o‘rtamiyonalar uchun bir dahoni hech ikkilanmay qurbon qilarmiding?
– Sening e’tiqoding-chi, Tokk, qanaqa? Kimdir menga seni anarxist degandi.
– Men-a? Men a’lo odamman! – mag‘rur javob berdi Tokk.
San’at to‘g‘risida ham Tokkning qarashlari o‘ziga xos edi. Uning e’tiqodiga ko‘ra, san’at hech qanday ta’sirlarga bo‘ysunmaydi , san’at san’at uchun bo‘lishi kerak, bundan chiqdi, san’atkor hammadan baland, yomonlikka ham, yaxshilikka ham ko‘z yumib o‘tadigan bo‘lmog‘i lozim. Biroq bu qarash faqat Tokka tegishli emasdi. Deyarli barcha unga safdosh shoirlar shunday fikrda edi. Biz Tokk bilan a’lo odamlar klubiga bir necha marta bordik. Bu klubga shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar, tanqidchilar, rassomlar , bastakorlar, haykaltaroshlar, san’at havaskorlari va boshqalar yig‘ilardi. Ular hammasi a’lo odamlar sanalardi. Biz borganimizda ular hamisha elektr bilan yorqin yoritilgan dam olish xonasida kayfi chog‘ suhbat qurib o‘tirishardi. Vaqti-vaqti bilan ular bir-birining oldida g‘ururlanib a’lo odamlarga xos o‘z iste’dodlarini namoyish etishardi. Misol uchun, bir haykaltarosh shayton qirqquloqlari o‘sgan ulkan tuvaklar orasidan yoshgina kappani tutib olib, hammaning ko‘z o‘ngida astoydil ishratparastlik bilan shug‘ullandi. Moda yozuvchi esa stol ustiga chiqib, naqd oltmish shisha ermonga to‘yintirilgan aroq ichdi. Oltmishinchi shishani tugatgach, stoldan dumalab tushib, o‘sha zahotiyoq narigi dunyoga ravona bo‘ldi.
Oydin kechalarning birida biz Tokk bilan qo‘ltiqlashib a’lo odamlar klubidan qaytayotgan edik. Odatga qarshi Tokk dami ichiga tushib borardi. Kichikkina yorug‘ oyna yonidan o‘tayotganimizda u birdaniga to‘xtadi. Oyna ortida stol atrofida katta moda va nar, aftidan, er-xotin bo‘lsa kerak, va uchta bolacha ovqatlanib o‘tirishardi. Tokk xo‘rsinib dedi:
– Sen bilasan, men sevgida a’lo odamlarga xos qarashlar tarafdoriman. Lekin mana shunday bir manzarani ko‘rsam, havasim keladi.
– Senga bunda qandaydir bir qarama-qarshilik borday tuyulmayaptimi? Tokk oy shu’lasi ostida qo‘llarini ko‘ksida chalishtirib, besh kappaning osoyishtalikda o‘tayotgan tanovuliga bir qancha vaqt jim qarab qoldi.
– Ehtimol. Lekin nima bo‘lganda ham hu anavi stol ustidagi qovurilgan tuxum hozir har qanday sevgidan ko‘ra foydaliroq.
Gap shundaki, kappalar sevgisi insonlar sevgisidan butkul farq qiladi. O‘ziga mos narga ko‘zi tushgan moda darhol uni egallab olishga harakat qiladi. Bu yo‘lda u hech narsadan tap tortmaydi. Eng to‘g‘ri va ochiqko‘ngil modalar esa ortiqcha so‘zlab o‘tirmay ustiga tashlanadi. Bir moda aqldan ozganday undan qochgan sevgilisining orqasidan quvganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Buyam kamday, o‘sha qochoqning orqasidan yosh modaning ota-onalariyu aka-ukalari ham birgalikda quvlashadi… Bechora narlar! Hatto agar ularning baxti kulib qochishga muvaffaq bo‘lishsa ham, bunday ta’qibdan keyin ikki-uch oy uyiga qamalib jon saqlashiga to‘g‘ri kelsa kerak.
Bir kuni men uyda Tokkning she’rlar to‘plamini o‘qib o‘tirgandim. Kutilmaganda xonaga talaba Rapp uchib kirdi. U polga cho‘zilib, hansiragancha dedi:
– Qanday dahshat!… Meni baribir tutib olishdi!
Men kitobni qo‘yib, eshikni qulfladim. Keyin kalit teshigidan qaradim. Eshik orqasida qora saqich bilan upalangan pakanagina modacha u yoqdan-bu yoqqa o‘tib yurardi. Rapp bir necha hafta mening to‘shagimda yotdi. Buyam kamday, talabaning tumshug‘i chirib, undan butunlay ayrildi.
Biroq shunday holatlar bo‘ladiki, nar ham jonini jabborga berib, modaning orqasidan quvlaydi. Lekin bu holatning paydo bo‘lishiga ham moda sharoit yaratadi. U shunday qiladiki, ortidan quvlamaslikka narning iloji qolmaydi. Bir safar men modani telbalarcha ta’qib qilgan narni ko‘rib qoldim. Moda astoydil qochar, lekin onda-sonda to‘xtab, orqasiga qarab, ta’qibchiga tegajoqlik qilar, to‘rtoyoqlab turib olar, nozu firoqni yana davom ettirib bo‘lmasligini sezgach esa go‘yo kuchdan qolganday, bajonidil o‘zini tutib berardi. Nar uni tutib olib, yerga yotqizdi. Bir muddat o‘tib, o‘rnidan turganida uning ko‘rinishi juda achinarli, yuz ifodasidan yo afsuslanayotgani, yo hafsalasi pir bo‘lgani ko‘rinib turardi. Lekin u juda oson qutuldi. Menga boshqa bir tomoshani ham ko‘rishga to‘g‘ri kelgan. Kichkinagina nar modani quvlab ketayotibdi. Moda esa uni o‘ziga tortish uchun qilishi kerak bo‘lgan ishni qilardi. Shu payt ularning qarshisidagi tor ko‘chadan haybatli bir kappa pishillab chiqdi. Moda unga birrov ko‘z tashladi-da, birdaniga yoniga yugurib borib, ingichka tovushda bor ovozi bilan qichqirdi: “Yordamga! Yordam beringlar! Mana bu yaramas meni o‘ldirish uchun orqamdan quvlab kelayapti!” Bahaybat nar o‘ylab ham o‘tirmay kichkinasini ushlab, tosh ko‘chaga yiqitdi. Kichkintoy mitti panjalari bilan yelpingancha havoni chaqirib, joniqib nafas oldi-da, jon berdi. Urg‘ochi kappa-chi? U bahaybat kappaning bo‘yniga osilib ulgurgan, unga yanada mahkamroq yopishib, o‘ziga tortish uchun tirjaygani-tirjaygan edi.
Men bilgan nar kappalarning hammasi modalar ta’qibiga uchragandi. Moda kappalar hatto xotin , bola -chaqali Baggning ortidan ham quvlashgan. Bir necha marta uni tutib ham olishgan. Faqat birgina Magg ismli faylasuf (u shoir Tokka qo‘shni yashardi) hech qo‘lga tushmagan. Ochiqroq tushuntiradigan bo‘lsak, bunga sabablardan biri undan ko‘ra badbashararoq kappani uchratish qiyinligi bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, u ko‘chaga boshqa narlarga nisbatan kamroq chiqardi. Men unikiga goh-goh borib turardim va biz o‘tirib suhbat qurardik. Magg doim rang-barang oynali fonar bilan yoritilgan nimqorong‘i xonasida baland stol yonida qanaqadir qalin-qalin kitoblarni o‘qib o‘tirardi. Bir kuni u bilan sevgi muammolari haqida gaplashdim.
– Nega hukumatingiz tomonidan narlarni ta’qib qiluvchi modalarga jazo berilmaydi?
– Hammasidan avval shuning uchunki, – javob berdi Magg, – qonun chiqaruvchi apparatda modalar juda kam. Ma’lumki, modalar narlarga nisbatan rashkchi bo‘lishadi. Agar qonun chiqaruvchi organlarda urg‘ochilar soni ko‘paytirilganda, narlar yengilroq nafas olishardi. Biroq, yana ishonamanki, bunday choralar hech qanaqa natija bermagan bo‘lardi. Nima uchun deysizmi? Chunki birinchi navbatda amaldor ayollar hamkasb narlar orqasidan yugura boshlardilar.
– Bo‘lmasa sizga o‘xshab yashash kerak ekan-da?
Magg o‘rnidan turib, qo‘llari bilan mening ikkala qo‘limni siqib, xo‘rsingancha dedi:
– Siz kappa emassiz, shuning uchun buni tushunmaysiz. Ba’zan shu yaramas modalar meni ham ta’qib etishlarini shunchalar xohlaymanki…
Biz shoir Tokk bilan tez-tez kontsertlarga borib turardik. Ayniqsa, uchinchi kontsert esimda qolgan. Kappalar mamlakatidagi kontsert zali Yaponiya kontsert zallaridan deyarli hech farq qilmasdi. Zina shaklidagi qatorlarda o‘rnatilgan o‘rindiqlarda qo‘llarida, albatta, dastur tutgancha uch-to‘rt yuz moda va nar kappalar quloqqa aylanib o‘tirishardi. Gapirib bermoqchi bo‘lganim uchinchi kontsertga Tokk va uning modasidan tashqari faylasuf Magg ham men bilan borgandi. Bizning joyimiz birinchi qatorda edi. Avval violonchelda solo ijro etildi , keyin esa qo‘lidagi notasini o‘ynatib, nihoyatda qisiq ko‘zli kappa sahnaga ko‘tarildi. Dasturda ko‘rsatilishicha, bu mashhur bastakor Krabak edi. Dasturda…
Biroq menda dasturga ehtiyoj yo‘q edi. Krabak Tokk kabi a’lo odamlar klubi a’zosi bo‘lgani uchun menga yuztanish edi.
“Lied – Craback” (bu mamlakatda hatto dasturlar ham asosan nemis tilida chop etilardi).
Krabak zalda yangragan gulduros qarsaklarga javoban yengil bosh egib qo‘yib, royal tomon yurdi va o‘zi yozgan qo‘shiqni beparvo kuylay boshladi. Tokkning so‘ziga qaraganda, bu mamlakatda Krabakday daho bastakor hech qachon bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Krabak meni juda qiziqtirib qo‘ydi
– men uning ham musiqasi, ham lirik she’rlarini nazarda tutyapman – shuning uchun royaldan chiqqan ovozga diqqat bilan quloq tutdim. Ehtimol, musiqa Tokk va Magga mendan-da ko‘proq ta’sir qilayotgandir. Faqat birgina jonon (kappalar shunday hisoblardi) moda, vaqti-vaqti bilan nafratlanib, uzun tilini chiqarib qo‘yardi. Maggning gapiga qaraganda, moda o‘n yillarcha oldin Krabakni quvib, tuta olmagan va shu paytdan beri bu daho bastakorni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi.
Krabak chalishda davom etar va borgan sari royal bilan kurashganday musiqani berilib chalardi. Shu payt tanobiydan baqiriq eshitildi:
– Kontsertni taqiqlayman!
Men cho‘chib tushib, qo‘rqa-pisa orqamga qaradim. Ovoz, shubhasiz, oxirgi qatorda o‘tirgan baland bo‘yli, savlatli politsiyachiniki edi. Orqamga qaragan paytimda u o‘rnida yalpayib o‘tirgancha yanada balandroq ovozda baqirdi:
– Kontsertni taqiqlayman! Keyin esa…
Keyin dahshatli shovqin ko‘tarildi. Tomoshabinlar bir ovozdan bo‘kirishdi. “Politsiya zo‘ravonligi!”, “Chal, Krabak! Chal!”, “Ovsarlar!”, “Ahmoqlar!”, “Jo‘na!”, “Bo‘sh kelma!”… O‘rindiqlar ag‘darilgan, dasturlar to‘zg‘ib uchgan, kimlardir sidradan bo‘shagan shisha, tosh va hatto bodring qoldiqlarini ham irg‘itgan… Men butunlay o‘zimni yo‘qotib, Tokkdan nimalar bo‘layotganini so‘ramoqchi bo‘lardim, ammo Tokkning o‘zi o‘rindiqning ustiga chiqib olib, jazavaga tushgancha tinmay baqirar edi: “Chal, Krabak! Chal!” Hatto boyagi jonon ham Krabakka bo‘lgan nafratini esidan chiqarib, Tokkdan balandroq ovozda chinqirardi: “Politsiya zo‘ravonligi!” Shunda men Magga murojaat qildim:
– Nimalar bo‘lyapti o‘zi?
– Bizda bunaqa hodisalar tez-tez bo‘lib turadi. Bilasizmi, rangtasvir yoki adabiy asarda ifodalangan fikr… – Magg yonidan uchib o‘tayotgan narsalardan himoyalanish uchun yelkasini salgina qisib, doimgiday sekin va xotirjam gapirardi. – Deylik, odatda rangtasvir yoki adabiy asarda ifodalagan fikr bir qarashda hammaga tushunarli, shuning uchun mamlakatimizda kitoblar chop etish va ko‘rgazmalar o‘tkazish taqiqlanmaydi. Ammo bizda musiqa asarlarini ijro etishni taqiqlash amalda uchrab turadi. Axir musiqa asari fe’l-atvor uchun qanchalik zararli bo‘lmasin, baribir musiqa eshitish qobiliyatiga ega bo‘lmagan kappalar uchun tushunarli emas.
– Bundan chiqdi, manavi politsiyachida musiqa eshitish qobiliyati bor ekan-da?
– Nima desam ekan… Bilasizmi, bu biroz shubhaliroq. To‘g‘rirog‘i, bu musiqa unga xotini bilan to‘shakda yotganida yuragi qanday urishini eslatgan bo‘lsa kerak.
Mojaro borgan sari avjga chiqardi. Krabak boyagidek royal yonida o‘tirib, bizga yuqoridan takabburona boqardi. Vaqti-vaqti bilan otilgan aslahalardan himoyalanish kerakligi unga dimog‘dorlik qilishi uchun xalal bersa ham, umuman, u o‘zining buyuk musiqachiga xos qadr-qimmatini saqlashning uddasidan chiqar va qisiq ko‘zlaridan bizga g‘azab o‘tini sochardi. Men… Men ham hamma qatori xavf-xatardan har yo‘sinda qochishga harakat qilib, Tokkning orqasiga yashirinardim. Ammo qiziqishim ustun kelib, Maggdan so‘roqlashni davom ettirardim:
– Bunaqa tsenzura sizga vahshiylik bo‘lib tuyulmayaptimi?
– Aslo unday emas. Aksincha, bizning tsenzuramiz boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha ilg‘or. Birgina Yaponiyani olaylik. Atiga bir oy oldin u yerda…
Ayni shu payt bir bo‘sh shisha uchib kelib. Maggning qoq manglayiga kelib tegdi. U “quack” deb chirilladi-da, hushidan ketdi.
Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, shisha firmasi direktori Ger menga yoqardi. Ger uchiga chiqqan sarmoyador edi. Bu mamlakat kappalarining birortasida Gernikiday meshqorin yo‘qligiga shubha bo‘lmasa kerak, o‘zining chuqur qulay kursisida yastanib, ustritsaga1 o‘xshash xotini, bodringga o‘xshash bolalari qurshovida o‘tirarkan, u to‘laqonli baxtiyorlik ramzi bo‘lib ko‘rinardi. Vaqti-vaqti bilan hakam Bepp va shifokor Chakk bilan birga Gerning uyida uyushtirilgan ziyofatlarda bo‘lardim. Gerning tavsiyasiga ko‘ra, men nafaqat Ger, balki uning do‘stlari bilan aloqador shaxslarning har xil korxonalariga ham borib turardim. Shular ichidan meni ayniqsa qiziqtirgani bir kitob nashr etadigan kompaniya fabrikasi bo‘ldi. Bir yosh muhandis kappa bilan tsexga kirib qolganimda gidroelektrenergiyada ishlaydigan gigant mashinalarni ko‘rib, bu mamlakatda texnika darajasining yuqoriligiga yana bir bor qoyil qoldim. Aniq bo‘lishicha, bu fabrika har yili yetti milliongacha nusxada kitoblar ishlab chiqararkan . Lekin meni hayratga solgani nusxalar soni emas. Hayratlanarlisi shundaki, kitob ishlab chiqarish uchun hech qanday mehnat qilishning keragi yo‘q edi. Buni qarangki, bu mamlakatda kitob yaratish uchun maxsus voronkasimon o‘tkazgichdan mashinaga qog‘oz, bo‘yoq va qandaydir kulrang kukunsimon narsani solish kifoya ekan. Besh daqiqa ham o‘tmay, mashinaning ich-ichidan har xil – bir bosma taboqning biru sakkiz, biru o‘n ikki, to‘rtdan bir qismi shaklida tayyor kitoblar to‘xtovsiz oqib chiqib kelaverardi. Mashina ichidan chiqayotgan kitoblar sharsharasiga qarab turib muhandisdan o‘tkazgichga uzatilayotgan kulrang kukunning nimaligini so‘radim. Yaltiroq qora mexanizm yonida qimir etmay turgan muhandis parishonxotir javob berdi:
– Kulrang kukunmi? Bu eshakning miyasi. Quritib maydalangandan keyin undan kukun hosil bo‘ladi, bor-yo‘g‘i shu. Hozir ularning bir tonnasi ikki-uch senga tushadi.
Albatta, shunga o‘xshash texnik mo‘jizalar faqat kitob chiqarish kompaniyalaridagina uchramaydi. Taxminan bu usullardan rasm va musiqa ishlab chiqarish kompaniyalari ham foydalanadi. Gerning so‘ziga qaraganda, bu mamlakatda har oyda yetti yuzdan sakkiz yuzgacha yangi mexanizmlar kashf etiladi, yalpi ishlab chiqarish ishchi kuchisiz ham davom etaveradi. Natijada barcha korxonalarda yiliga qirq-ellik mingtacha ishchilar ishdan bo‘shashadi (ishsizlar soni oshadi). Shunga qaramay, men bu mamlakatda har tong qoldirmay o‘qigan gazetalarimda biror marta ham “ishsizlik” so‘ziga ko‘zim tushmadi. Bu hol menga g‘alati tuyuldi va bir kuni Bepp va Chakk bilan Gerning navbatdagi ziyofatiga taklif qilinganimizda tushuntirib berishlarini so‘radim.
1 U s t r i ts a – dengiz mollyuskasi.
– Ishdan bo‘shatilganlarni bizda yeb qo‘yishadi, – ovqatdan keyingi sigarasini puflab xotirjam javob berdi Ger.
U nimani nazarda tutayotganini men tushunmadim, shunda burnidan ko‘zoynagi tushmaydigan Chakk mening taajjubimga chek qo‘yishni bo‘yniga oldi.
– Barcha ishdan haydalganlarni o‘ldirib, go‘shtini ovqatga solishadi. Mana, gazetaga qarang. Ko‘ryapsizmi? Bu oyda oltmish to‘rt ming sakkiz yuz oltmish to‘qqiz ishchi ishdan bo‘shatildi va shunga yarasha go‘shtning narxi ham tushgani aniq.
– Ular o‘zlarini o‘ldirishlariga jim qarab turaverishadimi?
– Nimayam qila olishardi? Ishsizlarni o‘ldirish haqida qonun bo‘lgandan keyin.
Bu gapdan keyin aytilgan so‘zlar shaftoli ekilgan tuvak orqasida kayfi buzuq o‘tirgan Beppga qaratildi. Men butunlay esankirab qolgandim. Biroq na janob Ger, na Bepp va na Chakk bunda notabiiy biror nima ko‘rmasdi. Biroz sukutdan keyin Chakk ustimdan kulganday ishshayib davom etdi:
– Shu yo‘l bilan hukumat ochlik va joniga qasd qilish tufayli o‘lganlar sonini kamaytiradi. To‘g‘risi, ular bundan azoblanishmaydi, ozgina zaharli gaz hidlatiladi, xolos.
– Lekin baribir ularning go‘shtini yeyish…
– E, qo‘ysangiz-chi shu gaplaringizni. Agar hozir buni faylasufimiz Magg eshitganida bormi, kulgidan qorni yorilib o‘lardi. Kechirasiz, o‘z qizini fohishalik uchun sotuvchi omma sizning mamlakatingizdan emasmi? Ishchilarning go‘shti ovqatga solib ishlatilishidan oh-voh qilishingiz g‘alati!
Suhbatimizni eshitib o‘tirgan Ger yonimizdagi stolchadan buterbrodlar solingan idishni olib, men tomon surdi va bamaylixotir dedi:
– Xo‘sh, nima qildik? Balki mana bundan tatib ko‘rarsiz? Axir bu ham ishchilar go‘shtidan…
Men qotib qoldim. O‘zimni juda yomon his qilardim. Men Gerning mehmonxonasidan o‘qday otilib chiqib ketarkanman, Bepp va Chakk orqamdan qah-qah otib kulib qolishdi.
Tun qorong‘i edi, osmonda birorta ham yulduz porlamasdi. Men zimiston qa’rida uyga qaytayotib, yo‘l-yo‘lakay tinmay qayt qilardim. Hatto tim-qorong‘ida ham qayt qilganim narsalar oppoq dog‘ bo‘lib, orqamda izday qolardi.
Ammo baribir shisha firmasi direktori Ger, shubhasiz, g‘oyatda yoqimtoy kappa edi. Biz Ger bilan u a’zo bo‘lgan klubga tez-tez borib turardik va u yerda vaqtimizni xush o‘tkazardik. Gap shundaki, bu klub Tokk a’zo bo‘lgan a’lo odamlar klubiga nisbatan ancha shinam edi. Bundan tashqari, bizning Ger bilan suhbatlarimiz faylasuf Magg bilan bo‘lgan suhbatlarimizdek juda chuqur bo‘lmasa ham, lekin mening ko‘z oldimda mutlaqo yangi, cheksiz keng dunyoni ochardi. Ger tilla qoshiqcha bilan qahvasini aralashtirib o‘tirib har qanday mavzuda ishtiyoq va zavq bilan safsatabozlik qilardi.
Tumanli bir kechada qishki atirgullar solingan guldonlar orasida Gerning so‘zlarini tinglab o‘tirardim. Esimda, bu suhbatimiz eng yangi uslubda jihozlangan – oppoq devor, shift va jihozlariga ingichka zar hoshiyalar yugurtirilgan xonada bo‘lib o‘tgandi. Ger yaqindagina davlat boshqaruviga kelgan “Kuoraks” partiyasi vazirlar mahkamasi haqida kinoyali kulimsirab, o‘zidan doimgidan ko‘ra ham mamnunroq bo‘lib gapirardi. “Kuoraks” undov so‘z bo‘lib, hech qanday ma’no anglatmaydi, uni “voy-bo‘y, o-ho” deb tarjima qilish mumkin, xolos. Biroq, nima bo‘lishidan qat’i nazar, ular “Kappalar manfaati uchun” shiori ostida ish ko‘radi.
“Kuoraks” partiyasini ko‘zga ko‘ringan siyosiy arbob Roppe boshqaradi. Bismark qachonlardir: “To‘g‘rilik – eng yaxshi diplomatiya”, degandi. Roppe esa mana shu to‘g‘rilikni ichki siyosat qoidasi qilib oldi…
– Axir Roppening chiqishlarida…
– Gapimni bo‘lmay, eshiting meni. To‘g‘ri, uning hamma gapi butkul yolg‘on. Uning gaplari butkul yolg‘onligini hamma biladi, shuning uchun ham yolg‘on gapiradimi, mutlaqo haqiqatni aytadimi, deyarli ahamiyati yo‘q. Faqat siz insonlarga o‘xshagan noto‘g‘ri tushunchali jonzotlargina uni yolg‘onchi deyishingiz mumkin. Biz kappalar esa unday emasmiz… Biroq bularning ahamiyati yo‘q. Biz Roppe haqida gapirayotgandik. Shunday qilib, Roppe “Kuoraks” partiyasi ishini boshqaradi, deylik. Lekin Roppe ham birovga xizmat qiladi. Bu Kuikui, “Pu-Fu” gazetasining xo‘jayini. Biroq Kuikuining ham xo‘jayini bor. Bu xo‘jayin – hozir yoningizda o‘tirgan qandaydir bir Ger.
– Ammo… Kechirasiz, ehtimol, men umuman tushunmagandirman… Lekin “Pu-fu” gazetasi, bilishimcha, ishchilar manfaatini himoya qiladi. Agar ta’kidlashingizcha, gazeta xo‘jayini sizga bo‘ysunsa…
– “Pu-Fu” gazetasi xizmatchilariga kelsak, ular haqiqatdan ham ishchilar manfaatini himoya qiladi. Ammo ular faqat Kuikuining gapiga kirishadi. Kuikui esa sizning xolis xizmatkoringiz Gerning qo‘llab-quvvatlashisiz bir qadam ham oldinlay olmaydi.
Ger boyagiday kinoyali kulimsirab tilla qoshiqchasi bilan o‘ynardi. Men unga qarab turib nafrat hissini tuyishdan ko‘ra “Pu-Fu” gazetasining bebaxt xodimlariga achinib ketdim. Aftidan, Ger mening fikrimni angladi va mesh qornini yanayam oldinga chiqarib dedi:
– E yo‘-o‘q, “Pu-Fu”ning hamma xodimlari ham ishchilarning tarafini olavermaydi. Axir bari kappalar ham avval o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylaydi-da, chunki shunday yaralganmiz… Bundan tashqari, yana bir narsa vaziyatni qiyinlashtiradi. Gap shundaki, men, ya’ni, Ger ham erkin harakat qila olmayman. O‘ylashingizcha, kim meni boshqaradi?.. Xotinim! Go‘zal Ger xonim!
Ger qah-qah urib kuldi.
– Ger xonimning xizmatida bo‘lish katta baxt, – dedim men iltifot bilan.
– Umuman olganda, men mamnunman. Lekin bular haqida men, albatta, faqat siz bilan ochiqchasiga suhbatlashishim mumkin – chunki siz kappa emassiz.
– Shunday qilib, “Kuoraks” mahkamasini janob Ger boshqaradi deng?
– Hm… Ochig‘i, bunday deyish mumkinmi, yo‘qmi, bilmayman… Biroq yetti yil oldin biz boshqargan urush haqiqatdan ham modalar tufayli boshlangan.
– Urush? Demak, sizlarda ham urush bo‘lgan ekan-da?
– Albatta, bo‘lgan. Yana bo‘ladi! Bilingki, qo‘shni davlatlar bor ekan…
O‘shanda men birinchi marta bu dunyoda suvosti o‘lkasi turidagi mamlakat yagona emasligini bildim. Ger menga dunyo paydo bo‘lganidan beri qunduzlar kappalarga munosib kuchli dushman sanalishini aytdi. Qunduzlarning qurol-yarog‘ va asbob-uskunalari kappalarning qurol-yarog‘ va asbob-uskunalaridan hech qolishmaskan. Qunduzlar va kappalar o‘rtasidagi urush haqida suhbat meni qiziqtirib qo‘ydi. Haqiqatdan ham kappalar qunduzlarga ashaddiy dushman sanalishini hatto “Suyko-koryaku”ning muallifi ham tilga olmagandi, Kunio Yanagidaning “Yamasima xalq afsonalari to‘plami”ni-ku gapirmay qo‘yaqolaylik.
– O‘z-o‘zidan ma’lumki, – davom etdi Ger, – urush boshlanguniga qadar ikki taraf ham bir-birlariga ayg‘oqchilar yuborib turishgan. Biz qunduzlar oldida sarosimali qo‘rquv his etardik, shuningdek, qunduzlar ham bizdan qo‘rqishi aniq edi. Mana shunday bir paytda mamlakatimizda yashovchi qandaydir bir qunduz er-xotin kappalar uyiga mehmonga boradi. Bu er-xotinlarning urg‘ochisi o‘z juftini gumdon qilish payida yurardi. Eri o‘ta xotinboz edi va bundan tashqari uning hayoti sug‘urtalangani ham, ehtimol, xotinini yo‘ldan ozdirishga sabab bo‘lgandir.
– Siz ular bilan tanishmidingiz?
– Ha… Yo‘q desam ham bo‘ladi. Men faqat erini tanirdim. Xotinim uni vahshiy deb hisoblaydi, ammo, mening nazarimda, u faqat vahshiygina emas, balki aqldan ozgan, jinsiy aloqa borasida buzuq tasavvurli bir bechora kappa: unga doim modalar uni ta’qib qilayotganday tuyuladi…
Shunday qilib, xotini uning kakaosiga tsianli kaliy qo‘shib qo‘yadi. Bu qanday ro‘y berganini bilmadim-u, zahar solingan finjon mehmon-qunduzga tushib qoladi. Qunduz ichadiyu, albatta, o‘ladi. Va shunda…
– Urush boshlandimi?
– Ha. Baxtga qarshi bu qunduzning ordenlari bor ekan.
– Kim g‘alaba qozondi?
– Albatta, biz-da. Bu g‘alaba uchun uch yuz oltmish to‘qqiz ming besh yuz kappa jonini qurbon qildi! Ammo bu yo‘qotish dushman tarafning yo‘qotishlari oldida hech narsa emas. Bizda qunduz mo‘ynalaridan boshqa hech qanaqa mo‘ynalarni uchratmaysiz. Men urush paytida shisha ishlab chiqarishdan tashqari frontga toshko‘mir qoldiqlarini yetkazib berib turish bilan ham shug‘ullandim.
– Frontda toshko‘mirning nima keragi bor?
– Bu oziq-ovqat-ku axir. Biz kappalar qorinni aldab qo‘yish uchun to‘g‘ri kelgan narsani yeyaverishimiz mumkin.
– Lekin bilasizmi… Xafa bo‘lmang-u, jang maydonida jon olib-jon berayotgan kappalar uchun bu… Bizning Yaponiyada sizning bu faoliyatingizga isnod tamg‘asi bosilardi.
– Bizda ham bunday tamg‘a bosilishi mumkinligiga shubha yo‘q. Ammo bu haqida mening o‘zim tan olsam, hech kim meni sharmanda qilmaydi. Bilasizmi, faylasuf Magg nima deydi? “Qilgan yomonliging haqida o‘zing gapir, shunda yomonlik o‘z-o‘zidan barham topadi…” E’tibor berdingizmi, o‘shanda meni faqat boylik orttirish maqsadigina emas, oliyjanob vatanparvarlik tuyg‘usi ham harakatga keltirgan.
Shu daqiqada yonimizga klub malayi yaqinlashdi. U Ger bilan so‘rashgach, xuddi sahnadagiday ifoda bilan dedi:
– Sizning uyingiz yonida – yong‘in.
– Yo-yong‘in!
Ger qo‘rqib sapchib turdi. Tabiiyki, men ham turdim. Malay beparvo qo‘shib qo‘ydi:
– Lekin yong‘in o‘chirilgan.
Malayning orqasidan qarab qolgan Gerning yuzida yig‘lab turib kulayotgan odamnikiga o‘xshash ifoda zohir edi. Ayni shu paytda men o‘z ichimdan mana shu shisha zavodi direktoriga nisbatan anchadan beri saqlanib yotgan nafratni topib oldim. Ammo endi qarshimda yirik sarmoyador emas, eng oddiy bir kappa o‘tirardi. Men guldondagi qishki atirgullar dastasini olib, ularni Gerga uzatgancha dedim:
– Yong‘in o‘chirilibdi, lekin turgan gapki, xotiningiz qattiq tashvishga tushgan. Mana bu gullarni olib uyga boring.
– Minnatdorman…
Ger mening qo‘limni qisdi. So‘ng mamnun ishshaygancha shivirlab dedi:
– O‘sha qo‘shni uy ham menga tegishli. Endi men sug‘urta mukofoti olaman.
Bu ishshayish… Men o‘shanda o‘zimni yomon ko‘rmaslik va nafratlanmaslikka ko‘ndirolmaganim Gerning bu ishshayishini haligacha eslayman.
– Bugun senga nima bo‘ldi? – so‘radim men talaba Rappdan. – Nima buncha qiynayapti?
Bu yong‘inning ertasiga ro‘y bergandi. Biz mening mehmonxonamda o‘tirardik. Men sigaret chekardim, Rapp esa oyoqlarini chalishtirib, chirib ketgan burni ham ko‘rinmaydigan darajada boshini eggancha, yerga qarab, parishonxotir o‘tirardi.
– Senga nima bo‘layapti axir, Rapp?
Nihoyat Rapp boshini ko‘tardi.
– E yo‘-o‘q, arzimagan gap, muhim hech nima yo‘q, – pinqillagan tovushda g‘amgin gapirdi u. – Bugun oyna oldida turib, shunchaki sekingina: “O-ho, mana, pashshaxo‘r rosyanka1 ham gullapti…” dedim. Bilasizmi, opam buni eshitib qolib: “Bu nima deganing, sen meni pashshaxo‘rga chiqaryapsanmi?” deb menga tashlanib qoldi. Shu miyamni egovlay ketdi. Uning yoniga onam ham qo‘shildi, u doim opamning tarafini oladi.
– To‘xta-to‘xta, gullab turgan pashshaxo‘rning opangga qanday aloqasi bor?
– Menimcha, u meni doimo narlarning orqasidan quvib yurishiga sha’ma qilayapti, deb o‘yladi. Qarabsizki, tortishuvga xolam ham kelib qo‘shildi
– u doim onam bilan urishib yuradi. Janjal avjiga chiqdi. Doim birday mast bo‘lib yuradigan otam eshitib qolib, surishtirib o‘tirmay hammani do‘pposlay ketdi. Buyam yetmaganday, kichik ukam mojarodan foydalanib, onamning pul solingan hamyonini o‘g‘irlab kinogami… yo boshqa yoqqami…
tuyog‘ini shiqillatgan… Men esa… Men…
Rapp yuzini qo‘llari bilan to‘sib, ovozsiz yig‘lay boshladi. Tabiiyki, unga achinishimga to‘g‘ri keldi. Yana tabiiyki, shu zahoti men shoir Tokk oilaviy munosabatlar tizimidan nechog‘lik nafratlanishini esladim.
Men Rappning yelkasiga shapatilab, uni ovutish uchun bor kuchim va imkoniyatimni sarfladim.
– Shunga shuncha dilsiyohlikmi? – dedim men. – Bunaqa hodisalar hamma oilalarda ham bo‘lib turadi.
1 R o s ya n k a – botqoqlikda o‘sadigan hashoratxo‘r o‘simlik.
– Hech bo‘lmasa… hech bo‘lmasa tumshug‘im butun bo‘lganida edi…
– Qo‘lingdan nimayam kelardi, bu borada endi hech nima qila olmaysan. Menga qara, Tokkning uyiga bormaymizmi-a?
– Janob Tokkning meni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Axir men unga o‘xshab oilamdan butunlay voz kechishga qodir emasman.
– Unda Krabaknikiga boramiz.
Yuqorida eslab o‘tganim kontsertdan so‘ng biz Krabak bilan do‘stlashgan edik, shuning uchun men bu buyuk musiqachining uyiga Rappni olib borishga jur’at etardim. Krabak sarmoyador Gerdek serhasham yashamasa ham, deylik, Tokkdan ko‘ra ancha hashamatliroq yashardi. Uning xonasida xilma-xil mayda-chuyda bezakli narsalar (terrakota va eron sopolidan ishlangan haykalchalar kabilar)ga liq to‘la, turk divani joylashtirilgan bo‘lib, odatda unda Krabak o‘z shaxsiy portreti ostida yastanib o‘tirib bolalari bilan o‘ynardi . Ammo bu gal u negadir yolg‘iz edi. U qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha qovog‘idan qor yog‘ib o‘tirgandi. Oyoq ostida esa yirtilgan qog‘oz parchalari sochilib yotardi. Rapp shoir Tokka hamroh bo‘lib , Krabak bilan bir necha marta ko‘rishgan bo‘lishi kerak , lekin hozir Krabakning kayfiyati yo‘qligini ko‘rib juda qo‘rqib ketdi va unga jur’atsizlik bilan salom berib, burchakka qisilib oldi.
– Senga nima bo‘ldi, Krabak? – dedim men salomlashishga ulgurib-ulgurmay.
– E-e, nimasini aytay! – ovoz berdi buyuk musiqachi. – Anavi esi past tanqidchini ko‘rmaysanmi? Mening lirikamni Tokkniki bilan solishtirganda hech nimaga arzimaydi, deb jar solibdi!
– Lekin sen musiqachisan-ku…
– Shoshma. Hali bunisiga chidash mumkin. Lekin ko‘rmaysanmi, bu iflosning ta’kidlashicha, Rokka taqqoslaganda men hech kim emasmishman, hatto musiqachi deb atashga ham arzimasmishman!
Rokk – musiqachi, uni hamisha Krabak bilan solishtirishadi. Afsuski, a’lo odamlar klubiga a’zo emasligi uchun u bilan biror marta suhbat qurishimga to‘g‘ri kelmagan. Lekin uning puchuq burunli basharasini gazetalarda chop etilgan rasmlarida ko‘rganman.
– Rokk ham daho, albatta, – dedim men. – Ammo uning asarlarida zamonaviy ehtiros, jo‘shqinlik yetishmaydi, senda esa bu to‘lib-toshib yotibdi.
– Sen haqiqatan shunday deb o‘ylaysanmi?
– Ha, aynan shunday.
Krabak birdaniga sapchib turdi-da, tanagrad haykalchalaridan birini olib, polga irg‘itdi. Qo‘rqib ketgan Rapp chiyillab yuborib, juftakni rostlashga tayyorlanayotgan edi, Krabak bizlarni imo bilan tinchitib, sovuq ohangda dedi:
– Hamma o‘rtamiyonalar kabi sening ham eshitish qobiliyating yo‘q, shuning uchun sen shunday o‘ylaysan! Men …men esa Rokkdan qo‘rqaman!
– Sen? Bunaqa kamtarlik qilmagin, iltimos.
– Kim kamtarlik qilyapti? Nima uchun men kamtarlik qilishim kerak? Men sizning qarshingizda o‘zimni tanqidchilar oldidagidan ortiq kamtar ko‘rsatayotganim yo‘q! Men – daho Krabakman! Bu nuqtai nazardan Rokk men uchun qo‘rqinchli emas.
– Unda nimadan qo‘rqasan?
– O‘zim ham bilmayman… Ehtimol, Rokkning yulduzidandir.
– Negadir men seni tushunmayapman.
– Tushunarli bo‘lishi uchun boshqacharoq gapiraman. Rokk mening ta’sirimga tushmaydi. Men esa doim o‘zim bilmagan holda uning ta’siridaman.
– Sendagi ta’sirchanlik…
– E-e, bo‘ldi qil, iltimos. Bu yerda ta’sirchanlikning nima aloqasi bor? Rokk xotirjam va o‘ziga ishonch bilan ishlaydi. U hamisha yolg‘iz o‘zi uddalashi mumkin bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanadi. Men esa unaqa emasman. Men doim bezovtalanib va sarosimaga tushib yuraman. Ehtimol, Rokkning nazarida o‘rtamizdagi masofa bir qadam ham emasdir. Men esa bizni o‘nlab millar ajratib turadi, deb hisoblayman.
– Lekin, maestro, sizning “Qahramonlik simfoniyasi” asaringiz!.. – hadiksirab dedi Rapp.
– O‘chir ovozingni! – Krabakning qisiq ko‘zlari yanayam qisilib, nafrat bilan talabaga qaradi. – Sen nimaniyam tushunarding? Sen va senga o‘xshaganlar! Men Rokkni uning oyog‘ini yalab yurgan bu itlardan ko‘ra yaxshiroq bilaman!
– Xo‘p yaxshi, yaxshi, tinchlan!
– Agar men tinchlana olganimda… Men faqat shu haqida orzu qilaman… Qandaydir bir kuch meni, ya’ni Krabakni tahqirlash uchun yo‘limga mana shu Rokkni qo‘yib qo‘ygan. Faylasuf Magg bularning barini yaxshi tushunadi. Ha, ha, faqat o‘zining yetti xil rangli fonari ostida titilib ketgan foliantlarini1* varaqlashdan boshqasiga yaramasa ham, buni tushunadi!
– Qanaqasiga?
– Uning oxirgi “Telbaning so‘zi” kitobini o‘qib ko‘r.
Krabak menga kitobni uzatdi, to‘g‘rirog‘i, yuzimga otdi. Keyin yana qo‘llarini chalishtirib, qo‘pol ohangda dedi:
– Xayr.
Biz yana butunlay dami ichiga tushgan Rapp bilan ko‘chada paydo bo‘ldik. Doimgiday ko‘cha odamga liq to‘la edi, qoraqayinli salqin yo‘laklarning ikki chetida katta-kichik do‘konlar qatorlashib turardi. Biz anchagacha jim ketdik. Kutilmaganda oldimizdan uzunsoch shoir Tokk chiqib qoldi. U bizni ko‘rib to‘xtadi va qornidagi xaltasidan dastro‘molini chiqarib, peshonasidagi terni artdi.
– Sizlar bilan anchadan beri ko‘rishmadik, – dedi u. – Men hozir Krabaknikiga ketyapman. Unikiga ham ko‘pdan beri bormagandim…
Bu ikki san’at arbobi o‘rtasida nizo chiqishini istamasdim, shuning uchun men Tokka hozir Krabak sal o‘zida emasligini sha’ma qilib qo‘ydim.
– Ha, shundaymi? – dedi Tokk. – Nimayam qilardik, tashrifni keyinga qoldiramiz-da. O‘zi Krabakning asabi joyidamas… Ayni kunlarda o‘zimam uyqusizlikdan qiynalyapman.
– Balki biz bilan sayr qilarsan?
– Yo‘q, shart emas… Voy!
Tokk titrab -qaqshab qo‘limga chippa yopishdi. U boshidan oyog‘igacha butunlay sovuq terga botgandi.
– Senga nima bo‘ldi?
– Sizga nima bo‘ldi?
– Menga anavi mashina oynasidan yashil maymun chiqib kelayotganday tuyuldi…
Men Tokkning ahvolidan tashvishga tushib, unga har ehtimolga qarshi shifokor Chakka ko‘rinishni maslahat berdim. Ammo qanchalik undamay, bu haqida u eshitishni ham xohlamadi. Hech narsadan hech narsa u bizga shubhalanib qaray boshladi va oxiri sado berdi:
– Men hech qachon anarxist bo‘lmaganman. Eslab qoling va buni hech qachon unutmang… Endi esa yaxshi qoling. Va ma’zur tuting, shifokor Chakkingizning menga keragi yo‘q…
Biz esankirab, Tokkning orqasidan ajablangancha qarab qoldik. Biz…
E yo‘q, biz emas, men, bir o‘zim. Talaba Rapp birdaniga yo‘lning o‘rtasida paydo bo‘lib qolgandi. U enkayib olib, ikki tarafga keng yoyilgan oyoqlari orasidan uzluksiz qatnayotgan mashinalar oqimi va yo‘lovchilarni tomosha qilardi.
– Bu yana nimasi? Nima qilyapsan?
Rapp ko‘zlarini ishqalab, kutilmagan xotirjamlik bilan dedi:
– Aytarli hech gap yo‘q. Shunchaki, ko‘nglim behuzur bo‘lib ketdi, shunga dunyoni teskari tomosha qilmoqchi edim. Qarasam, bari shuning o‘zi ekan.
Faylasuf Maggning “Telbaning so‘zi” kitobidan parchalar:
* * *
Telba o‘zidan boshqa hammaning telbaligiga qattiq ishonadi.
* * *
Bizning tabiatga bo‘lgan muhabbatimiz tabiatda bizga nisbatan na hasad, na nafrat yo‘qligi bilan izohlanadi.
* * *
Eng oqil yashash tarzi o‘z zamonasining rasm-rusum va urf-odatlaridan nafratlanishiga qaramay, uni buzmasdan yashashdir.
* * *
Biz hammasidan ko‘proq o‘zimizda yo‘q narsalar bilan g‘ururlanishni xohlaymiz.
* * *
Haykallarni qulatishga hech kim norozilik bildirmaydi. Ayni paytda, o‘zi haykal bo‘lishga ham hech kim qarshi emas. Lekin pedestalda faqat Xudoning alohida marhamatiga sazovor bo‘lganlar – telbalar, jinoyatchilar, qahramonlargina xotirjam turishi mumkin. (Shu joyini Krabak tirnog‘i bilan chizib qo‘ygandi.)
* * *
Ehtimol, bizga hayotda kerak bo‘lgan barcha g‘oyalar uch yuz yillar oldin aytilgandir. Bizga esa, deylik, ularni ozgina yangitdan alangalatib (cho‘g‘ tashlab) qo‘yishning o‘zi yetarli.
* * *
Bizning xususiyatimiz hamisha o‘z ongimizni yengishdan iborat.
* * *
Agar baxtni og‘riqsiz, hayotni esa ko‘ngil sovishlarsiz tasavvur qilib bo‘lmasa, unda..?
* * *
O‘zini himoya qilish boshqalarni himoya qilishdan ko‘ra qiyinroq. Kimki bunga shubha qilsa, advokatga nazar tashlasin.
* * *
Dimog‘dorlik, shahvatparastlik, shubha – mana oxirgi uch ming yil ichida tanish bo‘lgan barcha illatlarning sababi. Balki, barcha fazilatlarning ham.
* * *
Jismoniy ehtiyojlarimizni jilovlash yaxshilikka olib kelishi shart emas. Balki biz yaxshilikka erishishimiz uchun o‘zimizning ma’naviy ehtiyojlarimizni ham jilovlashimiz zarur. (Krabak bu yerda ham tirnoq izini qoldirgandi.)
* * *
Biz kappalar odamlarga nisbatan kamroq baxtlimiz . Odamlar kappalarchalik rivojlanmagan. (Buni o‘qib, men tabassum qilishdan o‘zimni tiyolmadim.)
* * *
Namoyon qilish bu – uddasidan chiqish, uddasidan chiqish esa – namoyon qilish. Intihosini aytganda, bizning bu hayotimiz doim mana shu doira ichida aylanib yuradi, chiqib keta olmaydi. Boshqacha aytganda, bu yerda hech qanday mantiq yo‘q.
* * *
Aqli zaiflashgach Bodler o‘zining dunyoqarashini faqat bir so‘z bilan ifodalagan, bu – “ayol” so‘zi. Lekin hurmatini saqlash uchun u bunday demasligi kerak edi. U o‘zining daho ekaniga, buyuk shoirligiga haddan ziyod ishongan, chunki bu uning kun ko‘rishiga yordam bergan. Va shuning uchun u boshqa so‘zni unutdi. “Oshqozon” so‘zini. (Bu yerga ham Krabak tirnoq izini qoldirgandi).
* * *
Biz hamma narsada aqlga tayanaversak, hech shubhasiz, o‘z tirikligimizni inkor etamiz. Aqlni ilohiylashtirgan Volterning hayotda baxtli bo‘lgani insonlarning kappalardan orqada qolganini yana bir marta isbotlaydi.
Sovuq kunlarning birida “Telbaning so‘zlari”ni o‘qish jonimga tegib, faylasuf Maggning yoniga yo‘l oldim. Qaysidir bir bo‘sh yo‘lakda bo‘shashgancha devorga suyanib turgan chivinday kappani tasodifan ko‘rib qoldim. Adashgan bo‘lishim mumkinmas, bu o‘sha, bir paytlar mening avtoruchkamni o‘g‘irlagan kappa edi. “Qo‘lga tushdi!” – o‘yladim men va zudlik bilan yonimdan o‘tib ketayotgan haybatli kappani chaqirdim.
– Anavi kappani ushlang, iltimos, – dedim men. – Bir oycha oldin u mening avtoruchkamni o‘g‘irlagandi.
Politsiyachi tayog‘ini ko‘tardi (bu mamlakatning politsiyachilari qilich bilan birga tayoqcha ham olib yurishadi) va o‘g‘rini chaqirdi: “Ey, bu yoqqa kel-chi!” Men o‘g‘ri qochishga shaylanadi, deb o‘ylagandim. Bunday bo‘lmadi.
U o‘ta xotirjamlik bilan politsiyachining yoniga keldi. Buyam kamday, qo‘llarini ko‘kragida chalishtirib olib, qandaydir takabburlik bilan yuzimizga tik qaradi. Uning bu qilig‘i qornidagi sumkasidan kundalik daftarchasini olib, uni so‘roqqa tutayotgan politsiyachining jahlini chiqarmadi.
– Isming?
– Gruk.
– Nima ish qilasan?
– Biroz vaqt oldin pochtachi edim.
– Juda yaxshi. Mana bu odam uning avtoruchkasini o‘g‘irlaganingni da’vo qilyapti.
– Ha, bu bir oycha oldin bo‘lgandi.
– Nima sababdan?
– Uni kichkina bolamga o‘ynash uchun bergandim.
Politsiyachi Grukka o‘tkir tikildi:
– Xo‘sh, bolaga nima bo‘ldi?
– Bir hafta oldin o‘ldi.
– O‘lgani haqidagi guvohnoma yoningdami?
Ozg‘in kappa qornidagi sumkasidan bir varaq qog‘oz chiqarib, politsiyachiga uzatdi. U qog‘ozga ko‘z yugurtirib, jilmaydi va Grukning yelkasiga qoqib dedi:
– Hammasi joyida. Bezovta qilganimiz uchun kechir.
Men hayratdan dong qotib, politsiyachiga qaradim . Oriq kappa burnining tagidan bir nimalarni g‘o‘ldirab, yo‘liga ravona bo‘ldi. Nihoyat men o‘zimga kelib so‘radim:
– Uni nega qo‘yib yubordingiz?
– U aybdor emas, – javob berdi politsiyachi.
– Lekin u mening ruchkamni o‘g‘irlagan-ku…
– Bolasiga o‘ynagani berish uchun o‘g‘irlagan, bola esa o‘lgan. Mabodo nimadandir shubhalanayotgan bo‘lsangiz, jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasini o‘qing.
Politsiyachi menga orqa o‘girilib, nari ketdi. Nimayam qilardim? Men ichimda: “Jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasi”, deya qayta-qayta takrorlagancha Maggnikiga yo‘l oldim.
Faylasuf Magg mehmonni yaxshi ko‘rardi. O‘sha kuni uning nimqorong‘i xonasida hakam Bepp, shifokor Chakk va shisha firmasi direktori Ger yig‘ilishgandi. Ular hammasi chekishar, sigaradan chiqqan tutun yetti rangli fonargacha o‘rlardi. Mening eng katta omadim – hakam Beppning kelgani edi. O‘tirishga ulgurib-ulgurmay unga murojaat qildim, ammo bir ming ikki yuzu sakson beshinchi modda haqida so‘rash o‘rniga boshqa savol berdim:
– Ming bor uzr, janob Bepp. Ayting-chi, sizning mamlakatingizda o‘g‘rilarga jazo bormi?
Bepp zar hoshiyali sigarasidan tutun burqsitib, zerikarli qiyofada javob berdi:
– Albatta, jazolanadi. Hatto o‘lim jazosi ham joriy qilingan.
– Gap shundaki, bir oycha oldin…
Avtoruchka voqeasini aytib berib, jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasi haqida so‘radim.
– O-ho, – dedi Bepp. – Bu moddada shunday deyilgan: “Qay turdagi jinoyat bo‘lmasin, ushbu jinoyatning sodir etilish sababi yoki vaziyat barham topsa, jinoyat sodir etgan shaxs jazoga tortilmaydi”. Sizning voqeangizni olaylik. O‘g‘irlik sodir bo‘lgan paytda bu kappa ota edi, ammo endi u ota emas, shuning uchun ham uning jinoyati o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi.
– Qanday bema’nilik!
– Hech unday emas. Agar o‘tmishda ota bo‘lgan kappani hozirda otalik vazifasini bajarayotgani bilan tenglashtirilsa, bu bema’nilik bo‘lishi mumkin edi. Biroq Yaponiya qonunlarida bunga e’tibor berilmaydi. Ammo biz uchun, kechirasiz, bu kulgili tuyuladi. Xo-xo-xo-xo-xo…
Bepp sigaretini tashlab, qattiq kuldi. Shu payt huquqshunoslikdan butunlay yiroq bo‘lgan Chakk suhbatga aralashdi. U ko‘zoynagini to‘g‘rilab mendan so‘radi:
– Yaponiyada ham o‘lim jazosi bormi?
– Albatta, bor. O‘lim jazosi osish orqali amalga oshiriladi. Beppning loqaydligi jahlimni chiqardi va men zaharxanda qilib
qo‘shib qo‘ydim:
– Ammo sizning yurtingizda, shubhasiz, qatl ham ma’rifatli yo‘sinda amalga oshiriladi, shunday emasmi?
– Ha, bizda ma’rifatli yo‘sinda qatl etishadi, – o‘ta xotirjamlik bilan tasdiqladi Bepp. – Bizning yurtda qatl qilish osish orqali amalga oshirilmaydi. Ba’zida buning uchun elektr tokidan foydalanishadi. Umuman olganda esa bizga elektr qo‘llashning ham keragi yo‘q. Qoidaga ko‘ra, shunchaki jinoyatchining yuziga uning jinoyati aytiladi.
– Nima, jinoyatchi shundan o‘ladimi?
– Albatta, o‘ladi. Esingizdan chiqmasin, biz kappalarning asab tizimimiz tuzilishi siz insonlarnikidan ko‘ra ancha nozik.
– Bu usul nafaqat o‘limga mahkum etilganlarni qatl etishga, balki o‘lim jinoyatini amalga oshirishda ham ishlatiladi, – dedi shisha fabrikasi direktori Ger. U yuziga tushgan rang-barang shu’lalardan butunlay nofarmon tusga kirib, muloyim jilmaydi. – Yaqinda bir sotsialist meni o‘g‘ri degandi, yuragim yorilib o‘layozdim.
– Bu biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘proq uchraydi. Yaqindagina tanish bir advokatim ana shunday o‘ldi.
Bu gapni faylasuf Magg aytdi va men unga burilib qaradim. Magg hech kimga qaramay, odatdagiday kinoyali tirjayib davom etdi:
– Kimdir uni qurbaqa debdi… Siz bilasiz albatta, bizning mamlakatimizda qurbaqa deb haqoratlash pastkashdan ham pastkash deyish bilan teng… U ertayu kech o‘zining qurbaqami yoki qurbaqa emasligi haqida o‘ylayverib, o‘ylayverib, oxiri o‘ldi.
– Bu, e’tiboringiz uchun, o‘zini-o‘zi o‘ldirishga kiradi, – dedim men.
– Shundayya-ku, lekin uni o‘ldirish niyatida qurbaqa deyishgan. Sizning insoniy nuqtai nazaringizda balki bu o‘z joniga qasd qilish hisoblanar…
Ayni shu daqiqada devor orqasidan, shoir Tokk kvartirasi joylashgan tarafdan to‘pponcha o‘qining havoni portlatguday qattiq ovozi yangradi.
Biz zudlik bilan o‘sha tarafga otildik. Tokk baland tog‘ o‘simliklari ekilgan tuvaklar o‘rtasida polda cho‘zilib yotardi. O‘ng qo‘lida to‘pponcha, boshidan qon sizib chiqayotgandi. Yonida uning ko‘ksiga yuzini bosib, ho‘ngrab yig‘lagancha modasi o‘tirardi. Uni yelkasidan tutib turg‘azdim (Odatda men kappalarning sirpanchiq terisiga tegib ketishdan qochaman).
– Bu qanday ro‘y berdi?
– Bilmayman. Hech narsa bilmayman. U o‘tirib nimadir yozayotgandi
– birdaniga o‘zini otdi… Endi men qanday yashayman?.. Qur-r-r-r… Qur-r-r-r… (Kappalar shunaqa yig‘laydi).
Shisha firmasi direktori boshini g‘amgin chayqagancha hakam Beppga dedi:
– Mana, ortiqcha injiqlik nimaga olib keladi.
Bepp hech nima demay zar hoshiyali sigarasini cheka boshladi. Cho‘kkalab jarohatni tekshirayotgan Chakk o‘rnidan turib, mutaxassisga xos ohangda bizga qarab dedi:
– Hammasi tugadi. Tokk oshqozon kasalligidan qiynalardi va uning hayotdan ko‘ngli butunlay sovishi uchun shuning o‘zi yetarli edi.
– Biroq bir qaranglar, – dedi faylasuf Magg xuddi joniga qasd qiluvchining tarafini olganday, – bu yerda bir xat bor ekan.
U stoldan qog‘oz parchasini oldi. Hamma (faqat mendan tashqari) uning orqasiga to‘planib, keng yelkalari osha bo‘ynilarini cho‘zib, xatga qarashdi.
Tur! Dunyomizni o‘rab turgan vodiyga bor.
U yerda muqaddas adirlar va musaffo suvlar. O‘tlar va gullarning ifori.
Magg biz tomon burilib, kinoyali kulib dedi:
– Bu plagiat. Gyotening “Minona”si. Nazarimda, Tokk joniga qasd qilishining sababi, u shoir sifatida ham tamom bo‘lgan ko‘rinadi.
Ayni shu paytda Tokkning uyi yoniga avtomobil kelib to‘xtadi. Kelgan Krabak edi. U Tokkning murdasini ko‘rib, bir necha daqiqa eshik yonida jim turib qoldi. Keyin yonimizga kelib, Maggning yuziga qarab baqirdi:
– Bu uning vasiyatnomasimi?
– Yo‘q, bu uning oxirgi she’ri.
– She’ri?
Krabakning boshidagi sochlari tikka bo‘ldi. Magg doimgiday pinagini ham buzmay unga qog‘ozni uzatdi. Krabak hech kimga qaramay qog‘ozdagi she’r misralariga ko‘z qadadi. U Maggning savollariga deyarli e’tibor ham bermay, qayta-qayta o‘qirdi.
– Tokkning o‘limi haqida nima deb o‘ylaysiz?
– Tur… Men ham qachondir o‘laman… Dunyomizni o‘rab turgan vodiyga…
– Siz, nazarimda, Tokkning eng yaqin do‘stlaridan edingiz?
– Do‘stlaridan? Tokkning hech qachon do‘stlari bo‘lmagan. Dunyomizni
o‘rab turgan vodiyga… Afsuski, Tokk… U yerda muqaddas adirlar…
– Afsuski deysizmi?
– Musaffo suvlar… Sizlar baxtlisiz-ku… U yerda muqaddas adirlar…
Tokkning modasi hamon yig‘lar edi. Unga achindim va yelkasidan ushlab xona burchagidagi divanga obordim. U yerda hech nimadan bexabar ikki-uch yoshli kappacha kulib o‘tirardi. Men modasini o‘tqizib, uni qo‘limga oldim va biroz tebratdim. Ko‘zimga yosh kelganini sezdim. Bu mening kappalar mamlakatidagi birinchi oxirgi marta yig‘lashim edi.
– Bu bekorchining oilasiga rahmim kelyapti, – dedi ko‘zi tushgan Ger.
– Ha, bunaqalarning ulardan keyin nima bo‘lishi bilan ishi yo‘q, – ovoz berdi hakam Bepp o‘zining odatdagi sigarasini qo‘liga olib.
Krabakning baland ovozi bizni cho‘chitib yubordi. Qo‘lidagi she’r yozilgan qog‘ozni silkitib, o‘zicha baqirardi:
– Ajoyib! Bundan zo‘r dafn marosimi marshi chiqadi!
U qisiq ko‘zlari yaltillab, shoshilgancha Maggning qo‘lini qisdi-da, eshik tomon otildi. Tabiiyki, o‘sha paytda eshik yonida Tokkning qo‘ni-qo‘shnilari to‘planib, qiziqish bilan xona ichiga mo‘ralab turishardi. Krabak qo‘pollik va beandishalik bilan ularni itarib, mashinasiga sakrab chiqdi. O‘sha zahotiyoq mashina taraq-turuq qilib joyidan qo‘zg‘aldi va ko‘cha muyulishida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– Qani, qani, tarqalinglar, tomosha qiladigan hech narsa yo‘q bu yerda!
– baqirib qo‘ydi qiziquvchilarga hakam Bepp. U politsiya vazifasini bo‘yniga olib, olomonni tarqatdi va eshikni qulfladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, birdaniga xona suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi. Baland tog‘lar gullari va Tokkning qoni hidi aralashgan dim jimjitlikda dafn marosimi masalasi muhokama qilindi. Faqat faylasuf Maggina murdaga parishonxotir tikilgancha nimalarnidir o‘ylab, jim o‘tirardi. Men uning yelkasiga qoqib so‘radim:
– Nima haqida o‘ylayapsiz?
– Kappalar hayoti haqida.
– Xo‘sh?
– Biz kappalar hayotimizdan qoniqish hosil qilishimiz uchun, nima bo‘lishidan qat’i nazar… – Magg qandaydir uyalinqirab ovozini pasaytirdi, – nima bo‘lgan taqdirda ham, biz kappa bo‘lib yaralmaganlarning kuch-qudratiga ishonishimiz kerak.
Maggning so‘zlari dinni esimga soldi. Moddiyun bo‘lganim uchun, tabiiyki, men dinga jiddiy qaramaganman. Ammo hozir, Tokkning o‘limidan ta’sirlanib, birdaniga o‘ylab qoldim: suvosti mamlakatida dinni qanday tasavvur qilishadi? Men o‘sha zahotiyoq bu savol bilan talaba Rappga murojaat qildim.
– Bizda xristianlar ham, buddaga sig‘inadiganlar ham, musulmonlar ham, otashparastlar ham bor, – deb javob berdi u. – Ammo haliyam o‘sha “zamonaviy din” atalmish dinning ta’siri katta. Uni yana “tiriklik dini” deb ham atashadi.
(Ehtimol, “tiriklik dini” unchalik aniq tarjima emasdir. Kappalar tilida bu so‘z “Kuemucha” bo‘lib jaranglaydi. “Cha” qo‘shimchasi inglizcha “izm”ni bildiradi. “Kuemu” so‘zining o‘zagi “kuemal” esa shunchaki “yashash, kun ko‘rish” emas, balki “to‘yib ovqatlanish, vino ichish va qovushish” ma’nosini bildiradi).
– Bundan chiqdi, bu yerda ham ibodatxona va dindorlar bor ekan-da?
– Buning kulgili joyi yo‘q. Mamlakatdagi eng hashamatli bino bu – Buyuk ibodatxonadir. Borib ko‘rishni xohlaysizmi?
Tumanli kunlarning birida Rapp meni faxr bilan Buyuk ibodatxonani ko‘rishga olib bordi. Haqiqatan ham, bu ulkan bino Tokiodagi Nikolay Jomesidan o‘n martacha kattaroq. Ustiga-ustak, binoda xilma-xil me’morchilik uslublari qorishib ketgan. Ana shu ibodatxona oldida turib, uning baland minoralari va dumaloq gumbazlariga qarab, dahshatga tushdim. Ular son-sanoqsiz barmoqlarday osmonga bo‘y cho‘zib turardi. Biz asosiy darvoza yonida turib (ularning oldida biz chumoliday bir kichik jonzotga aylangandek edik) boshimizni osmonga cho‘zgancha beo‘xshov maxluqqa o‘xshab ketuvchi bu g‘alati inshootga uzoq tikilib qoldik.
Ibodatxona zali ham juda ulkan edi. Korinf ustunlari oralig‘ida bir dunyo sig‘inuvchilar aylanib yurardi. Ular ham Rapp ikkimiz kabi bu yerda mittigina bo‘lib ko‘rinardi. Shu orada yoshi qaytib munkaygan kappa bilan ko‘rishib qoldik. Rapp ta’zim qilib, hurmat ila u bilan gaplasha boshladi:
– Sizni sog‘-salomat ko‘rganimdan nihoyatda xursandman, muhtaram ruhoniy.
Qariya ham bizga ta’zim qilib, xuddi shunday izzat-ikrom bilan javob berdi:
– Adashmayotgan bo‘lsam, janob Rappsiz-a? Umid qilamanki, siz ham…
– aftidan, shu payt ko‘zi Rappning chirigan tumshug‘iga tushdimi, tutilib qoldi. – E-e… Ha. Harholda, umid qilamanki, siz unchalik qiynalganingiz yo‘q. Xizmat?…
– Men mana bu janobni olib keldim, – dedi Rapp. – Siz bilsangiz kerak, bu janob…
Va Rapp men haqimda obdon gapira boshladi. Nazarimda, u o‘zining mana shu tushuntirishlari orqali ruhoniyga oxirgi paytlarda juda muhim ishlar bilan bandligi uchun ibodatxonaga kelolmaganini bildirdi.
– Shu o‘rinda sizdan bu janobga ibodatxonani ko‘rsatishingizni iltimos qilgan bo‘lardim.
Ruhoniy iltifotli tabassum qilib men bilan so‘rashdi, so‘ng indamasdan bizni zalning old qismida joylashgan mehrob yoniga boshlab bordi.
– Men bajonudil sizga hamma narsani ko‘rsataman, – dedi u, – lekin siz o‘ylagancha foydam tegmasligidan qo‘rqaman. Biz dindorlar mana bu mehrobdagi “hayot daraxti”ga sig‘inamiz. Ko‘rib turganingizdek, “hayot daraxti”da oltin va zangor mevalar yetiladi. Oltin ranglilari “yaxshilik mevalari”, zangorilari esa “yomonlik mevalari” deb ataladi…
Uning gaplarini eshitgan sari zerika boshladim. Ruhoniyning iltifot bilan so‘zlayotganlari xuddi eski, siyqasi chiqqan hikoyalarga o‘xshab ketardi. Turgan gapki, men o‘zimni uning bitta so‘zini ham qo‘ymay tinglayotganday ko‘rsatar, ammo vaqti-vaqti bilan atrofga ham bildirmay ko‘z tashlab, ibodatxonaning ichki tuzilishini tomosha qilardim.
Korinf ustunlari, gotika uslubidagi gumbazlar, naqshli mavritancha farshlar, zamonaviy uslubda ishlangan ibodat stollari – hammasi bir bo‘lib, qanaqadir g‘alati bir johillarcha go‘zallik hosil qilganday taassurot qoldirardi. Hammasidan ko‘proq mening e’tiborimni tortgani
mehrobning ikki tarafida joylashgan tokchalar ichidagi tosh haykalchalar bo‘ldi. Negadir menga bu tasvirlar tanishday tuyuldi. Men adashmagan ekanman. “Hayot daraxti” haqidagi tushuntirishlar yakun topgach, munkaygan ruhoniy men bilan Rappni o‘ngdagi birinchi tokcha tomon boshlab borib, ichidagi haykalga qarab dedi:
– Mana bizning avliyolardan biri – Strinberg, u hammaga qarshi chiqqan. Aytishlaricha, bu avliyo juda ko‘p va uzoq azob chekkan, keyin esa Svedenborg falsafasidan najot topgan. Ammo aslini olganda u qutulib qolmagan. Xuddi biz kabi u ham “tiriklik dini”ga e’tiqod qilgan.
Aniqrog‘i, uning shu dinga e’tiqod qilishiga to‘g‘ri kelgan. Bu avliyo bizga qoldirgan birgina rivoyatlarini olib qaraylik. Ularda avliyo o‘zining joniga qasd qilgani haqida aytib ketgan.
Gaplaridan yuragim siqilib, keyingi tokchaga ko‘z tashladim. Keyingi tokchada qalin mo‘ylovli nemisning byusti o‘rnatilgan ekan.
– Bu esa Nitsshe, Zardushtiylik (Zaratustra) kuychisi. Bu avliyoga o‘zi yaratgan eng a’lo odamdan qutulish uchun yo‘l axtarishga to‘g‘ri kelgan. Biroq u qutula olmay aqldan ozgan. Balki u avliyolar safiga tushib qolmasdi, agar…
Ruhoniy biroz sukut saqlab, bizni uchinchi tokcha yoniga boshlab keldi.
– Bizning uchinchi avliyomiz Tolstoy. Bu avliyo o‘zini hammadan ko‘p qiynagan. Gap shundaki, uning kelib chiqishi aslzoda bo‘lgan va azob-uqubatlarini har narsaga qiziqaveradigan olomon oldida namoyon etishni o‘ziga ep bilmagan. Bu avliyo hech ishonish mumkin bo‘lmagan Iso (Xristos) ga o‘zini ishontirishga rosa harakat qilgan. Hatto shunday holatlar bo‘lganki, u ishonishi haqida oshkora e’lon qilgan ham. Umrining oxirida esa barchaning oldida fojiaviy yolg‘onchi shaxs bo‘lib ko‘rinishga uning toqati qolmagan. Hammaga ma’lumki, bu avliyo ham ba’zan xonasi shiftidagi ustunlarga qarab turib dahshatga tushgan. Ammo u o‘z joniga qasd qilmadi – buni uning avliyolar safiga kirib qolganidan ham bilish mumkin.
To‘rtinchi tokchada bir yapon manaman deb turardi. Bu yaponning yuziga yaxshilab razm solib uni tanigach, kutilganday ma’yuslanib qoldim.
– Bu Kunikida Doppo, – dedi ruhoniy. – Ishchilar ko‘nglini chuqur tushungan, poyezdning tagida qolib o‘lgan shoir. O‘ylaymanki, sizga u haqida gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Beshinchi tokchaga nazar soling…
– Bu Vagner bo‘lsa kerak?
– Ha. Qirolning do‘sti bo‘lgan inqilobchi. Avliyo Vagner hatto jamoat ibodatlarini ham olib borgan. Lekin baribir u nasroniy dinidan ko‘ra “tiriklik dini”ga sig‘inuvchilar izdoshi bo‘lgan. Uning xatlaridan ayon bo‘lishicha, foniy dunyo azob-uqubatlari uni ham bir necha marta o‘lim haqida o‘ylashga majbur qilgan.
Ruhoniy hali Vagner haqida gapirishni tugatmasidan biz oltinchi tokcha yoniga bordik.
– Bu endi avliyo Strindbergning do‘sti bo‘lmish frantsuz musavviri. U o‘zining xotini va bolalarini tashlab, o‘n to‘rt yoshli taityalikka uylangan. Uning tomirlarida dengizchining qoni oqqan. Ammo uning lablariga qarang. Zaharli margimush ta’sirida ularga yara toshgan. Endi yettinchi tokchaga kelsak… Ammo siz charchaganga o‘xshaysiz. Marhamat qilib, bu yoqqa yuring.
Men haqiqatdan charchagandim. Rapp ikkimiz ruhoniyga ergashgancha muattar isli koridor bo‘ylab yurib o‘tib, qandaydir bir xonaga kirdik. Xona kichkina, burchakda qad rostlagan qora Venera haykali ostida bir shingil uzum yotardi. Men hech qanaqa bezaklarsiz odmi rohiblar hujrasini ko‘raman, deb kutganim sabab esankirab qoldim. O‘ylashimcha, ruhoniy mening ajablanganimni payqadi. Bizga o‘tirishni taklif qilishdan oldin hamdardlik bilan dedi:
– Iltimos, unutmang, bizning dinimiz bu – “tiriklik dini”. Bizning Xudomiz… bizning “hayot daraxti”miz: “Ko‘nglingiz tusagancha yashang” deb o‘rgatadi. Ha-ya, janob Rapp, siz bu janobga muqaddas kitoblarimizni ko‘rsatib bo‘ldingizmi?
– Yo‘q, – javob berdi Rapp boshidagi likopchasini qashlab va iqror bo‘ldi: – Ochig‘ini aytsam, o‘zim ham yaxshi o‘qiganim yo‘q.
Ruhoniy doimgidek xotirjam jilmayib, davom etdi:
– Unda, tabiiyki, sizga hali hammasi tushunarli emas. Bizning Xudomiz borliqni bir kunda yaratgan. (“Hayot daraxti” daraxt bo‘lishiga qaramay, uning uchun mumkin bo‘lmagan narsa yo‘q.) Buning ustiga, u modani ham yaratgan. U zerikib qolib, narni axtarishga tushgan. Bizning Xudomiz modaning hasratiga quloq tutgan va uning miyasini olib, undan narni yasagan. Bizning Xudomiz bu kappalar juftligiga shunday degan: “To‘yib yeng, qovushining, ko‘nglingiz tusagancha yayrab yashang…”
Ruhoniyning gapini eshitib, shoir Tokkni eslardim. Baxtga qarshi shoir Tokk ham menga o‘xshab Xudoga ishonmasdi. Men kappa emasman, shuning uchun “hayot daraxti” haqida tushunchaga ega emasdim. Ammo tug‘ilganidan o‘lgunicha suvosti mamlakatida yashab o‘tgan Tokk “hayot daraxti”ning nima ekanini bilmasligi mumkin emasdi. Men mana shu ta’limotni qabul qilmagan Tokka achindim va ruhoniyning gapini bo‘lib, undan bu shoir haqidagi fikrini so‘radim.
– Ha-a, bu shoir har qancha achinishga loyiq, – dedi ruhoniy xo‘rsinib.
– Bizning mohiyatimiz nimada? Ishonch, holat, vaziyat. Siz, ehtimol, bu yerga irsiyatni ham qo‘shib qo‘yarsiz. Baxtga qarshi, Tokk dinni tan olmasdi.
– Menimcha, Tokk sizga havas qilgan. Mana, men ham havas qilyapman. Yoshlar ham, mana masalan, Rapp…
– Balki tumshug‘im butun bo‘lganida, men ham hayotbaxsh bo‘larmidim. Ruhoniy yana chuqur xo‘rsindi. U ko‘zlari yoshga to‘lgancha qimir etmay, qora Veneraga tikilardi.
– Agar to‘g‘risini aytsam… – dedi u. – Faqat buni hech kimga aytmang, bu mening sirim… To‘g‘risini aytsam, men ham o‘zimizning Xudoga ishona olmayman. Qachonlardir mening ibodatim…
Ruhoniy tugatishga ulgurmadi. Xuddi shu paytda eshik katta ochilib, bir bahaybat moda quyunday yopirilib kirdi-da, unga tashlandi. Biz uni to‘xtatib qolishga urindik, ammo u bir lahzada ruhoniyni polga yiqitdi.
– Eh, sen yaramas chol! – baqirdi u. – Bugun yana hamyonimdan ichish uchun pul o‘g‘irladingmi?!
Oradan o‘n daqiqacha vaqt o‘tganda biz ruhoniy va uning xotinini orqada qoldirib, ibodatxona zinalaridan yugurgilab tushardik. Bir qancha vaqt biz jim ketdik, keyin Rapp so‘zga kirdi:
– Ruhoniy so‘zini nega “hayot daraxti”ga ishonmasligi endi tushunarli. Men javob bermadim. Beixtiyor ibodatxonaga qayrilib qaradim.
Ibodatxona ilgarigidek o‘zining baland minoralari va dumaloq gumbazlari bilan son-sanoqsiz barmoqlarday tumanli osmonga bo‘y cho‘zib turardi. Undan xuddi cho‘ldagi sarobning ta’siri kabi vahima ufurardi…
Taxminan bir haftalardan so‘ng men shifokor Chakkdan g‘aroyib xabar eshitdim. Tokkning uyida arvoh paydo bo‘lganmish. O‘sha paytda baxtsiz do‘stimizning ma’shuqasi qayergadir ketgan, uyida esa fotostudiya ochilgan edi. Chakkning so‘zlariga qaraganda, bu studiyada olingan barcha suratlarning ortida Tokkning sharpasi g‘ira-shira ko‘rinib turarkan. Biroq Chakk butunlay moddiyunchi bo‘lgani uchun narigi dunyo borligiga ishonmasdi. Bularning hammasini gapirib bo‘lgach, u zaharxanda tirjayib
sharhlashga tushdi: “Ushbu arvoh siz bilan men kabi moddiy bo‘lsa kerak-da”. Arvohlarga ishonmaslik borasida mening ham Chakkdan farqim yo‘q edi. Lekin men Tokkni yaxshi ko‘rardim, shuning uchun darhol kitob do‘koniga yugurib borib, Tokk va uning arvohi haqidagi maqolalar hamda uning sharpasi tushirilgan rasmlar chop etilgan barcha gazeta va jurnallarni sotib oldim. Haqiqatdan ham qariyu yosh kappalar rasmlarida ularning orqa tarafidan kappa qomatiga o‘xshash g‘ira-shira sharpa sezilib turardi. Rasmlardan ko‘ra ko‘proq Tokkning arvohi haqidagi maqolalar, ayniqsa, spiritizm bilan shug‘ullanuvchi bir jamiyatning hisoboti meni hayratga soldi. Men bu maqolani deyarli so‘zma-so‘z tarjima qilgandim, quyida xotiramda qolganini keltiraman.
“Tokkning arvohi bilan suhbat haqidagi hisobot (Spiritik jamiyat jurnali” №8274).
O‘z joniga qasd qilgan Tokkning sobiq qarorgohi – hozirgi janob falonchining fotostudiyasi – 251-uyda bo‘lib o‘tgan jamiyatimiz hay’atining maxsus yig‘ilishi.
Biz, jamiyatning o‘n yettita a’zosi, raisimiz janob Pekk boshchiligida yigirma yettinchi sentyabr kuni soat o‘ndan o‘ttiz daqiqa o‘tganda tilga olingan fotostudiyaning bir xonasiga yig‘ildik. Medium sifatida biz cheksiz ishonchimizni qozongan boshqaruvchi Xopp xonimni sayladik. Xopp xonim tilga olingan studiyaga kirishi bilan ruhning yaqinlashib kelayotganini sezdi. Uni tutqanoq tuta boshladi va bir necha marta qayt qildi. Uning aytishicha, bu holat marhum janob Tokk hayotligida tamakiga qattiq ruju qo‘ygan bo‘lib, endi uning ruhiga ham nikotin singib ketgani bilan izohlanar ekan.
Komissiya a’zolari va Xopp xonim dumaloq stol atrofidagi joylarini jimgina egallashdi. Uch daqiqayu yigirma besh soniya o‘tib, Xopp xonim birdaniga chuqur karaxtlik holatiga tushdi va shoir Tokkning ruhi uning tanasiga kirdi. Biz komissiya a’zolari yoshimizga qarab navbatma-navbat Xopp xonimning tanasiga kirib olgan janob Tokkning ruhiga quyidagi savollarni berdik:
Savol: Sen nega yana bu dunyoga qaytding?
Javob: Vafotimdan keyingi shon-shuhratimni bilish uchun. Savol: Sen va boshqa ruhlar vafotingizdan keyin ham shon-shuhrat
istaysizlarmi?
Javob : Harholda, men bu chanqoqdan yiroq emasman. Ammo men qaysidir kuni uchratib qolganim bir yapon shoiri o‘limdan keyingi shon-shuhratdan nafratlanardi.
Savol: Sen bu shoirning ismini bilasanmi?
Javob: Afsuski, u esimdan chiqqan. Faqat uning bir sevimli she’rini xotirlayman.
Savol: Bu qanday she’r ekan?
Javob: Eski hovuz. Suvga qurbaqa sakraydi. Jimjitlikda “shalop” etgan ovoz.
Savol: Seningcha, bu buyuk asarmi?
Javob: Albatta, men uni yomon deb hisoblamayman. Faqat men “qurbaqa” so‘zini “kappa” so‘ziga almashtirardim, “sakradi”ning o‘rniga esa “ajoyib parvoz etdi” degan iborani ishlatardim.
Savol: Nima uchun?
Javob: Har qanday san’at asaridan kappani topishga astoydil harakat qilish biz kappalarga xos.
Shu yerda jamiyat raisi janob Pekk suhbatni to‘xtatib, hay’at a’zolariga ular adabiy munozarada emas, ruhiy tomoshada o‘tirishganini eslatib qo‘ydi.
Savol: Janob ruhlarning hayot tarzi qanday? Javob: Siznikidan hech farq qilmaydi.
Savol: Unda sen o‘z joningga qasd qilganingdan afsuslanasanmi? Javob: Yo‘q-da. Agar arvoh bo‘lib yashash ham jonimga tegsa, men yana to‘pponchani olaman-da, umrni o‘z jonimga hayot ato etish bilan tugataman.
Savol: O‘z joniga hayot ato etish osonmi?
Bu savolga Tokkning arvohi savol bilan javob berdi. Tokkning bu usuli uni tanigan barchaga ma’lum edi.
Javob: O‘z joniga qasd qilish osonmi? Savol: Ruhlar umri boqiymi?
Javob: Bizning hayotimiz davomiyligi masalasiga kelsak, bu haqida juda ko‘p nazariyalar mavjud, lekin ulardan birortasiga ham ishonish qiyin. Esdan chiqarmaslik kerakki, bizning oramizda ham xilma-xil – nasroniylik, buddaviylik, musulmon, otashparastlik kabi dinlar tarafdorlari bor.
Savol: Sen qaysi dinga sig‘inasan? Javob: Men hamisha skeptikman1.
Savol: Lekin, aftidan, sen ruhning borligiga shubha qilmasang kerak? Javob: Men ruhlar mavjudligiga sizdan ko‘ra kamroq ishonaman. Savol: O‘z olamingda do‘stlaring ko‘pmi?
Javob: Hamma zamonlar va barcha xalqlar orasida uch yuzdan kam emas. Savol: Sening barcha do‘stlaring o‘z joniga qasd qiluvchilarmi? Javob: Aslo unday emas. To‘g‘ri, masalan, o‘z joniga qasd qilishni
yoqlovchi Monten mening eng hurmatimga sazovor do‘stlarimdan biri. Anavi pessimist, o‘z joniga qasd qilolmagan Shopengauer degan nusxani men bilishni ham xohlamayman.
Savol: Shopengauer salomatmi?
Javob: Ayni paytda u o‘zining yangi shogirdining orqasidan yelib-yugurib, pessimistik ruhda umrni o‘z joniga hayot ato etish bilan tugatish yaxshimi yoki yomonligini aniqlashtirib yuribdi.
Keyin biz, hay’at a’zolari, Napoleon, Konfutsiy, Dostoyevskiy, Darvin, Kleopatra, Shakya Muni, Dante va boshqa buyuk shaxslar ruhlari haqida savollar berdik. Biroq Tokk ular haqida, afsuski, hech qanaqa qiziqarli ma’lumot bermadi, o‘z navbatida bizga o‘zi haqida savollar bera boshladi.
Savol: O‘limimdan keyin men to‘g‘rimda nima deyishyapti?
Javob: Qanaqadir bir tanqidchi seni “o‘rtamiyona shoirlardan biri” deb atabdi.
Savol: Bu men she’riy to‘plamimni sovg‘a qilmaganim uchun xafa bo‘lib yurganlardan biri. Asarlarimning to‘liq to‘plami nashrdan chiqdimi?
Javob: Nashr etilgan, aytishlaricha, deyarli olishmayapti.
Savol: Uch yuz yildan so‘ng mualliflik huquqi tushunchasi yo‘qolganda mening asarlarimni millionlab odamlar sotib ola boshlaydi. Aytganday, modam va ma’shuqamga nima bo‘ldi?
Javob: U kitob do‘koni xo‘jayini janob Rakka turmushga chiqdi. Savol: Bechoragina, u hali Rakkning ko‘zi yasama ekanini bilmasa kerak.
Bolalarim-chi, yaxshi yurishibdimi?
1 S k ye p t i k – hamma narsaga shubha bilan qarovchi shaxs.
Javob: Ular bolalar uyida bo‘lsa kerak.
Tokk bir qancha vaqt jim qoldi-da, keyin navbatdagi savolini berdi. Savol: Uyimga nima bo‘ldi?
Javob: Hozir u yerda qaysidir bir fotografning studiyasi joylashgan. Savol: Ish stolim qayerda?
Javob: Biz bilmaymiz.
Savol: Stol g‘aladonida men ayrim xatlarni yashirib qo‘yganman…
Ammo, janoblar, baxtimga juda band insonlarsiz, sizlarga buning hech aloqasi yo‘q. Endi esa bizning olamda kun botyapti, men sizlar bilan xayrlashishga majburman. Alvido, janoblar, alvido! Alvido, mening aziz janoblarim!
Mana shu oxirgi so‘zlar aytilgan paytida Xopp xonimning karaxtligi tarqab, o‘ziga keldi. Biz, barchamiz, o‘n yettita hay’at a’zolari Xudoni o‘rtaga qo‘yib, yuqorida bo‘lib o‘tgan suhbatning haqiqatdan ham rostligini tasdiqlaymiz. ( Ilova: bizning har qanday ishonchimizga loyiq Xopp xonim avval kun davomida aktrisalik qilib topgan pulini bizdan mukofot sifatida oldi.)”
Ushbu maqolani o‘qigach, asta-sekin ma’yuslana boshladim, bu mamlakatda qolishni ortiq istamasdim, qanday o‘zimizning dunyoga, insonlar dunyosiga qaytish haqida o‘ylardim. Qachonlardir yiqilib, shu yerga tushib qolganim o‘sha chuqurni axtarib topishga urindim. Bir kuni baliqchi Bagg gap orasida menga suvosti mamlakatining qaysidir bir chekka joyida yolg‘izlik va jimjitlikda kunlarini kitob o‘qib va nay chalib o‘tkazadigan qari bir kappa yashashi haqida gapirib bergandi. “Shu kappaga murojaat qilsam qanday bo‘larkin?” deb o‘ylab qoldim. Yana o‘yladimki, “Balki u menga bu mamlakatdan chiqib ketish yo‘lini ko‘rsatar”. O‘sha zahotiyoq shahar chetiga yo‘l oldim. Ammo qutidekkina hujrada men qari cholni emas, boshining ustida yumshoqqina likopchasi bor o‘n ikki-o‘n uch yoshlar atrofidagi navqiron kappani ko‘rdim. U sokingina nay chalib o‘tirardi. Tabiiyki, men adashib boshqa uyga kelib qoldim, deb o‘yladim. Tekshirib ko‘rish uchun unga Bagg aytgan ism bilan murojaat qildim. Yo‘q, bu o‘sha qari kappa ekan.
– Lekin siz xuddi yosh boladay ko‘rinarkansiz, – g‘o‘ldiradim.
– Sen buni bilmovmiding? Taqdir taqozosi bilan men onamning qornini oqsoch chol bo‘lib tark etganman. Keyin yil o‘tgan sari yosharaverdim, yosharaverdim, mana, endi ko‘rib turganingdek, yosh bolaga aylanib qoldim. Aslida esa tug‘ilgan paytimda men oltmish yoshlarda edim, hozir yoshim yuz ellik, yuz oltmishlar chamasi bor.
Xonaga ko‘z yugurtirdim. Ehtimol, bu kayfiyatim bilan bog‘liqdir, lekin nazarimda bu yerdagi oddiy stol-stullar orasidan qandaydir bir tiniq baxt ufurib turganga o‘xshardi.
– O‘ylashimcha, siz boshqa kappalarga nisbatan baxtliroq yashaysiz.
– Bo‘lishi mumkin. Men yoshligimda qariya edim, qariganimda esa yoshardim. Qondirilmagan xohish-istaklardan men boshqa chollarga o‘xshab qurib qolmadim va yoshlar kabi shahvoniy ehtiroslarga erk berayotganim yo‘q. Harholda, mening hayotim juda baxtli bo‘lmasa-da, tinch va osuda o‘tdi, deb o‘ylayman.
– Ha, bunaqa holatda hayotingiz tinch-osuda bo‘lishi kerak.
– Lekin shuning o‘zi hali xotirjamlik uchun yetarli emas. Bir umr mening sog‘lig‘im juda zo‘r, och qolmaslik uchun boyligim ham yetarli edi. Ammo, albatta, mening hayotimdagi eng baxtli hodisa bu – qariya bo‘lib tug‘ilganim.
Biz bir muncha vaqt suhbatlashib o‘tirdik. O‘zining joniga qasd qilgan Tokk, har kuni uyiga shifokor chaqiradigan Ger haqida gaplashdik. Lekin negadir qari kappaning yuzida bu gaplarga qiziqish ifodasi ko‘rinmadi. Oxiri men so‘radim:
– Nazarimda, siz boshqa kappalar kabi hayotga unchalik bog‘lanmaganga o‘xshaysiz.
Qari kappa yuzimga qarab turib sokin javob berdi:
– Men boshqa kappalar singari otam dunyoga kelishni xohlash-xohlamasligim haqida so‘rashidan oldin onamning qornini tark etmaganman.
– Men esa bu dunyoga mutlaqo tasodifan kelib qoldim, – dedim men.
– Shuning uchun, marhamat qilib menga qanday qilib bu yerdan chiqib ketishim mumkinligini aytsangiz.
– Faqat birgina bu yerdan ketish yo‘li bor.
– Qanday yo‘l ekan?
– Bu yerga qaysi yo‘ldan tushib qolgan bo‘lsang, xuddi o‘shanday.
Bu gapni eshitib, tepa sochim tikka bo‘ldi.
– Bu yo‘lni topishim amrimahol, – g‘o‘ldiradim.
Qari kappa menga buloq suvidek tip-tiniq ko‘zlari bilan tikildi. So‘ng o‘rnidan turib, xonaning burchagiga bordi-da, shiftda osilib turgan arqonni oldi. O‘sha zahoti ilgari e’tiborim tushmagan dumaloq shakldagi tuynuk ochildi. Bu tuynukdan qarag‘ay va sarv shoxlari ustidagi bepoyon, musaffo, ko‘m-ko‘k osmonni ko‘rdim. Osmonga esa Yarigatake cho‘qqisi ulkan kamon o‘qining nayzasi singari qadalib turardi. Quvonganimdan xuddi aeroplanni ko‘rgan boladay irg‘ishladim.
– Ana, – dedi qari kappa. – Ketishing mumkin.
U gapira turib arqonga ishora qildi. Lekin bu ilgari o‘ylaganimdek arqon emas, arqondan yasalgan narvon edi.
– Xo‘p mayli, – dedim men. – Ruxsatingiz bilan endi boray.
– Faqat oldin o‘ylab ko‘r. Keyin yana afsuslanib yurmagin.
– Hechqisi yo‘q, – dedim. – Afsuslanmayman.
Men narvonga tirmashib ketayotgandim, pastga qarab, uzoqdan qari kappaning boshidagi likopchani ko‘rdim.
Suvosti mamlakatidan qaytib, ancha payt inson terisining hidiga o‘rganolmay yurdim. Axir kappalar bizga nisbatan tozalikni nihoyatda yaxshi ko‘rishadi. Buyam kamday, men atrofimda faqat kappalarni ko‘rishga o‘rganib qolibman, shuning uchun insonlarning yuzi menga juda xunuk ko‘rinardi. Ehtimol, siz buni tushuna olmassiz. Mayli, ko‘z va og‘iz kabilariga chidasa bo‘lar, lekin ularning burunlari meni qandaydir bir tushunarsiz dahshatga solardi. Tabiiyki, birinchi paytlarda men hammadan o‘zimni olib qochib yurdim. Keyin, aftidan, asta-sekin odamlarga ko‘nika boshladim, oradan yarim yil o‘tib esa hamma joyga bora oladigan bo‘ldim. Goh-goh suvosti mamlakati jonzotlari tilidagi so‘zlar og‘zimdan chiqib ketishigina menga ko‘ngilsizlik keltirardi. Taxminan mana bunday:
– Ertaga uyda bo‘lasanmi?
– Qua.
– Nima deding?
– Ha, ha, bo‘laman.
Qaytganimdan so‘ng bir yil o‘tib men bir chayqovchilik tufayli bor-yo‘g‘imdan ayrildim, shuning uchun…
(Shu yerga kelganda shifokor S. gap qotdi: “Bu haqida gapirish shart emas”. U bemor bu haqida gapira boshlasa, qattiq jazavaga tushishi, bunday paytda unga hatto qorovullarning bir nechtasi ham bas kelolmasligini ma’lum qildi).
Yaxshi, bu haqda gapirmay. Xullas, bir chayqovchilik tufayli men xonavayron bo‘lib, yana suvosti mamlakatiga qaytmoqchi edim. Ha, aynan qaytmoqchi edim. Bormoqchi emas, jo‘namoqchi emas, aynan qaytmoqchi edim. Chunki o‘sha vaqtga kelib suvosti mamlakatini men o‘z vatanimday his eta boshlagandim. Sekingina uydan chiqib, Markaziy yo‘nalishdagi poyezdga chiqishga harakat qildim. Afsuski, men politsiyachilar qo‘liga tushdim va meni mana shu shifoxonaga keltirib tiqishdi. Ammo men bu yerda ham bir qancha vaqt suvosti mamlakatini sog‘inib yurdim. Hozir shifokor Chakk nima qilayotgan ekan? Faylasuf Magg-chi? Ilgarigidek yetti rangli fonusining ostida mulohaza qilib o‘tirgan bo‘lsa kerak. Tumshug‘i chirigan mehribon do‘stim talaba Rapp-chi? Xuddi bugungidek tumanli kunlarning birida, odatdagiday, do‘stlarimni eslab , o‘z xotiralarim og‘ushida o‘tirgandim, birdaniga baliqchi Baggni ko‘rib qolib, hayratdan baqirib yuborayozdim. Qanday qilib u oldimga kirdi, bilmayman, lekin u ko‘z oldimda cho‘kkalab o‘tirgancha menga ta’zim qilib, so‘rashardi. Sal o‘zimga kelganimda… yig‘ladimmi yo kuldimmi, eslay olmayman. Faqat esimda qolgani, uzoq tanaffusdan keyin birinchi marta qanchalar xursandchilik bilan kappalar tilida gaplashganim.
– Bagg, menga qara, bu yerga nega kelding?
– Sizni ko‘rgani. Aytishlaricha, tobingiz qochganmish.
– Qayerdan bilding?
– Radiodan eshitdim.
– Bu yerga qanday yetib kelding?
– Nima desam, bu ish qiyin emas. Tokioning daryo va chuqurliklari biz kappalar uchun ko‘chaday gap.
Shu paytda xuddi hozir bilib qolganday esimga tushdi, axir kappalar qurbaqalar kabi ham suvda, ham quruqlikda yashovchi jonzot sinfiga mansub-ku.
– Lekin bu yaqin orada hech qanday daryo yo‘q-ku?
– Yo‘q. Men bu yerga suv quvurlari orqali yetib keldim. Bu yerda esa men yong‘in quvurini ochdim.
– Yong‘in quvurini ochding?
– Nima, siz unutdingizmi, janob? Axir kappalarda ham mexaniklar bor.
Kappalar har ikki-uch kunda mendan xabar olib turishdi. Shifokor S. meni demenia praecox bilan kasallangan, deb hisoblaydi. Ammo shifokor Chakk (ochiq aytganim uchun kechiring) ta’kidlashicha, menda hech qanday demenia praecox yo‘q, o‘zlaring, shifokor S. dan boshlab hammalaring demenia praecoxga chalingansizlar. Tabiiyki, shifokor Chakk yonimga kelgan ekan, talaba Rapp va faylasuf Magg ham meni yo‘qlagan. Biroq baliqchi Baggdan tashqari birortasi kunduzi yonimga kelmagan. Ular ikkita, uchta bo‘lishib, doim tunda, oydin kechalarda kelishadi. Mana, kecha kechasi ham men oy nuri ostida shisha firmasi direktori Ger va faylasuf Magg bilan suhbatlashdim. Bastakor Krabak esa menga skripka chalib berdi. Stoldagi mana bu qora lolaguldan tuzilgan guldastani ko‘ryapsizmi? Buni kecha tunda menga Krabak sovg‘a qildi…
(Men burilib qaradim. Stol ustida hech qanaqa lolagul yo‘q, stol bo‘m-bo‘sh edi). Mana bu kitobni menga faylasuf Magg olib kelgan. Boshidagi she’rlarni o‘qib ko‘ring. Umuman olganda, keragi yo‘q. Siz ularning tilini bilmaysiz-ku. Keling, o‘zim sizga o‘qib beraman. Bu Tokkning yaqindagina nashr etilgan to‘la asarlar to‘plamining jildlaridan biri.
(U eski telefon daftarini ochib, quyidagi she’rni ovoz chiqarib o‘qidi:)
Bambuklar ichra kokos gullariga burkanib Budda allaqachon jon taslim qilgan. Va qurigan qari anjir daraxti tagida Charchagan Iso-da yotibdi o‘lib.
Orom vaqti yetmadimi endi bizga ham Loaqal shu teatr sahnasida?
(Lekin sahna ortiga ko‘z tashlasak, u yerda faqat yamalgan bo‘z matolarni ko‘rishimiz mumkin!) Ammo men manavi shoirdek pessimist emasman. Ha, hali mening oldimga kappalar kelib turar ekan… Darvoqe, mutlaqo yodimdan ko‘tarilibdi, Siz do‘stim hakam Beppni eslasangiz kerak. Gap shundaki, bu kappa ish joyidan ayrilib, rostakamiga aqldan ozdi. Aytishlaricha , u suvosti mamlakatida ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekan. Eh, agar menga shifokor S. ruxsat berganida bormi, jonim bilan undan xabar olgani borib kelardim.
___________
* Foliant – juda katta va qalin kitob.
Rus tilidan Oydin Niso tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalidan olindi.