Akutagava Ryunoske. Du Szichun (hikoya)

1

Bu voqea bahor oqshomlarining birida yuz bergandi.
Tan davlati poytaxti Loyan shahrining G‘arbiy darvozasida bir yigit osmonga xomush tikilgancha turardi. Uning ismi Du Szichun bo‘lib, bir badavlat kishining o‘g‘li edi. Ammo otasining bor boyligini havoga sovurgan yigitcha, shu darajada qashshoqlashib qolgandiki, hatto yeyishga bir tishlam noni qolmagandi.
U paytlarda Loyan ayni gullagan shahar bo‘lib, osmon ostida u bilan tenglashadigan go‘sha topilmasdi. Uning ko‘chalarida odamlaru aravalar daryomisol oqib borardi. Botayotgan quyosh shahar darvozalarini tilla rang yog‘duga chulg‘agan, yon-atrofdan boshiga ipak matodan do‘ppi kiygan keksalar, qulog‘iga turkcha oltin sirg‘a taqqan ayollar, xil-xil jilovli oq duldullar betinim u yoqdan bu yoqqa o‘tib turardi… Bu ajib manzara mohirlik bilan chizilgan suratni eslatardi.
Du Szichun bo‘lsa, darvozaga orqasi bilan suyangancha hamon osmonga loqayd tikilardi.
Bahor ifori bir tekisda shaharni qamradi-yu, osmonda yirtqich tirnog‘idan qolgan tirtiqday oy ham ko‘rinib qoldi.
“Qorong‘i tushyapti, mening esa qornim och, bosh qo‘yarga joyim yo‘q… Ming la’nat bunaqangi hayotga! Bundan ko‘ra, o‘zimni daryoga tashlab, o‘lganim yaxshi”, — Du Szichunning miyasida ana shunday yomon o‘ylar g‘uvillardi.
Shu payt kutilmaganda uning oldida go‘yo osmondan tushganday bir ko‘zi shilpiq, bir ko‘zi g‘ilay qariya paydo bo‘ldi! Botayotgan quyosh nurlariga yo‘g‘rilgani tufayli, darvozada uning kattagina soyasi ko‘rindi. Qariya Du Szichunning yuzlariga uzoq tikilib turdi-da, amirona dedi:
— Nima haqda o‘ylayapsan?
— Menmi? Nima qilsam ekan, deb o‘ylab turgandim. Tunagani ikki gazli joyim ham yo‘q.
Qariya uni tuyqus savolga tutgani uchun Du Szichun ham yer chizgancha to‘g‘risini aytib yubordi.
— Shunaqa degin! Senga rahmim kelib ketdi.
Chol bir oz o‘ylanib turdi-da, qo‘li bilan ko‘chani charog‘on etib botib borayotgan quyoshga ishora qildi.
— Senga bir maslahat bermoqchiman, quloq sol. Shunday turginki, quyosh orqangda qolsin-u, soyang old tomonga tushsin. Keyin boshing soyasi tushayotgan joyni belgilab qo‘y. Tunda kelib o‘sha yerni kavlasang, bir arava toza oltin qazib olasan.
— Rostdan-a?
Du Szichun hayrat bilan boshini ko‘tardi. Bu ne sinoat bo‘ldi? Chol go‘yo yer yutganday, izsiz g‘oyib bo‘lgandi.
Bu paytga kelib osmondagi oy yanada tiniqlashgan, had-hududsiz odamlar oqimi uzra ikki-uchta besabr ko‘rshapalaklar g‘uvillab ucha boshlagandi.

2

Du Szichun bir kechada shu qadar boyib ketdiki, Loyandek shahri azimda unga teng keladigan boy topilmasdi.
U cholning aytganlarini qilib, bosh soyasi tushgan joyni kavladi. Qarangki, u yerdan bir aravaga sig‘maydigan oltin qazib oldi.
Shu taxlit Du Szichun eng badavlat kishiga aylandi. U shundayin qasr sotib oldiki, hashamdorlik bobida hatto imperator Syuan-tszun bilan bellasha olardi. U faqat lanlin sharobini ichar, dasturxoniga Guychjoudan “ajdarho ko‘zi” atalmish jannatiy mevani maxsus keltirishlarini buyurar, bog‘iga esa yilda to‘rt marta rangini o‘zgartiruvchi gullar ekkan, ziynat bo‘ladi deb, allaqayoqdan oppoq tustovuqlar keltirgandi.Shuningdek, u qimmatbaho toshlar yig‘ar, o‘zi kimxobu parchalarga o‘ralib o‘tirardi. Ko‘cha-ko‘yda muattar hidli aravada sayr qilardi. Eng mohir ustalar unga atab fil suyagidan oromkursi yasashga kirishgandilar. Xullas, uning o‘tkinchi hoyu-havaslarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmasdi.
Ilgarilari Du Szichunning ba’zi o‘rtoqlari ko‘chada ko‘rsalar, u bilan arang so‘rashishardi. Ammo uning boyib ketgani haqidagi mish-mish butun shaharga yoyilgach, do‘stlari birin-sirin uni ko‘rgani kela boshlashdi. Bu ham mayliga, endi ular ertalabdan-kechgacha Du Szichunning uyida maishat qilishardi. Buni istovchilar soni esa kun sayin ortib borardi. Oradan yarim yil o‘tib, Loyan shahrida uning uyiga kelmagan bironta ham san’atkor, go‘zal jonon qolmadi.
Yigitcha kunda, kunora dabdabali ziyofat uyushtirardi. Bu bayramlarning qanchalar hashamat bilan o‘tishini tasvirlashga til ojiz. Bu yerda faqat Ovro‘padan keltirilgan sharob ichilardi, hind yoglari xanjar yutib, mehmonlar ko‘nglini ovlar, uy sohibi esa yigirmata go‘zal malak qurshovida o‘tirardi. Bir yonidagi o‘n sohibjamolning sochi qimmatbaho yashm toshidan yasalgan nilufargullar bilan bezalgan, ikkinchi yonidagi o‘n nozanin esa boshiga la’l- yoqutdan ishlangan atirgullarni tang‘ib olgandi. Bu go‘zallar nayni shunday chalishardiki, yuraklarni eritib yuborardi ohangi!
Yotib yeganga, tog‘ chidamas deydilar. Shu bois dabdabani xush ko‘radigan Du Szichun ham oradan bir-ikki yil o‘tib, kambag‘allashib qolganiga hayron bo‘lmaslik kerak. Chindanam odamlar toshyurak! Do‘stlashaman, deganlar son ming edi. Endi esa o‘zini eng qalin do‘stday tutganlar uning darvozasi oldidan yetti yot begonaday o‘tib ketishardi. Hatto ko‘ngil uchun ham bundoq mo‘ralashmasdi!
Uchinchi bahor kelgan dam — Du Szichun yana bir tiyinsiz qoldi. Loyandek shahri azimda bironta odam uyidan boshpana bermadi. Boshpana u yoqda tursin, bir piyola suvni arzanda qilishdi-ya!
Shunday qilib, bir kuni shom paytida Du Szichun yana Loyanning G‘arbiy darvozasiga jo‘nadi. U yo‘l bo‘yida osmonga loqayd tikilgancha g‘amgin o‘ylarga botib o‘tirardi.
Kutilmaganda, banogoh tevaragida yana o‘sha chol paydo bo‘ldi. Bir ko‘zi shilpiq, bir ko‘zi g‘ilay! Chol unga o‘sha savolini berdi:
— Nima haqda o‘ylayapsan?
Cholni ko‘rib, Du Szichun uyalganidan boshini egdi-yu, darrov javob bera olmadi. Biroq qariya u bilan avvalgiday muloyim gaplashdi, shu bois yigit ham mo‘minlik bilan dedi:
— Bugun yana boshpanasiz qoldim. Nima qilsam ekan, deb o‘ylab turuvdim.
— Shunaqami? Rahmim kelyapti senga. Bolam, bir maslahat bermoqchiman. Shunday turginki, shom quyoshidan soyang oldi tomonga tushsin. Bu safar ko‘krak soyang aks etgan joyni kavlagin — bir arava toza oltin qazib olasan.
Chol shunday dedi-da, zum o‘tmay odamlar to‘dasiga qo‘shilib, izsiz g‘oyib bo‘ldi.
Shu kunning ertasiga Du Szichun yana osmon ostidagi eng badavlat kishiga aylandi. Va yana hoyu havasga berildi. Bog‘ida tusini o‘zgartiruvchi gullar qiyg‘os ochilib yotar, gulzor atrofida oppoq tustovuqlar guldor patini yoyib, hovli ko‘rkiga ko‘rk qo‘shardi. Yana o‘sha hind jo‘gilari pichoq yutar — xullas, hammasi qaytadan takrorlandi!
Tabiiyki, uch yilga qolmay tog‘day oltin xazonday sovurilib ketdi.

3

— Nima haqda o‘ylayapsan?
Du Szichun qarshisida uchinchi marta paydo bo‘lgan, bir ko‘zi g‘ilay, bir ko‘zi shilpiq chol unga yana tanish savolni berdi. Bilganingizday yigit bu paytda Loyanning G‘arbiy darvozasi oldida, bahorning iliq kunlarida yangi chiqqan oyga xomush tikilgancha turardi.
— Menmi? Bugun bosh qo‘yarga joyim yo‘q. Nima qilsamikin, deb o‘ylab turgandim.
— Shunaqa degin? Senga rahmim kelyapti. Yaxshi, bir maslahat bersam, o‘g‘lim. Quyoshga ortingni o‘girgin-da, belingning soyasi tushgan joyni kavla, shunda bir arava…
Qariya fikrini aytib ulgurmay Du Szichun qo‘lini ko‘tarib, uning so‘zini bo‘ldi:
— Yo‘q, menga oltin kerakmas.
— Oltin kerakmas deysanmi? Xax-xax-xa! Dabdabali hayot joningga tekkan shekilli!
Qariya Du Szichunning so‘zlariga ishonmay, unga qattiq tikildi.
— Yo‘q, hashamat jonimga tekkani yo‘q. Undan ham battarrog‘i bo‘ldi — odamlardan ko‘nglim sovudi, — keskin javob berdi Du Szichun ma’yus.
— Bunisi qiziq bo‘ldi-yu? Nega odamlardan ko‘ngling qoladi?
— Dunyoda qancha odam bo‘lsa, birontasida ham rahmdillik yo‘q. Badavlat bo‘lgan paytimda hammasi oldimda jilpanglardi, xushomad qilardi. Qashshoq bo‘lib qolganimda-chi, qarang, qiyo ham boqishmaydi men tomonga! Shularni o‘ylasam, sira badavlat bo‘lishni istamayman.
Du Szichunning so‘zlarini tinglarkan, qariya ayyorona jilmaydi.
— Shunaqa degin! Sen boshqa yoshlarga o‘xshamas ekansan-da, hammasini juda yaxshi tushunib olibsan. Demak, endi och qornim, tinch qulog‘im, deb nochor, ammo xotirjam yashamoqchimisan, shundaymi?
Du Szichun biroz ikkilanib qoldi. Ammo keyin bir qarorga kelib, cholga iltijoli boqdi:
— Yo‘q, unday qismat meni qoniqtirmaydi! Sizga shogird tushib, umriboqiylik sirini bilsam, degandim. Mendan yashirmang, Axir siz oliy maqomatga yetgan, zohid sehrgarsiz-ku! Aks holda bir kechada meni osmon ostidagi eng badavlat kishiga aylantira olarmidingiz? Iltimos, meni shogirdlikka oling, sehrgarlik sirini o‘rgating.
Qariya bir muddat o‘ylanib qoldi, qoshlarini kerib, fikr qildi-da, jilmaygancha rozilik berdi.
— Ha, chindan ham men Te Guantszi ismli daos-zohidman, Emey-shan tog‘larida yashayman. Seni birinchi bor ko‘rganimda hayotning asl mohiyatini tushunishga qodir bu yigit, deb o‘ylagandim. Shu bois ikki bora seni badavlat kishiga aylantirdim. Agar sehrgar-zohid bo‘lishni juda istayotgan bo‘lsang, seni shogird qilib olaman.
Du Szichun behad xursand bo‘lib ketdi. Qariya Te Guantszi so‘zlarini tugatmay turib, yigit unga ta’zim qila ketdi.
— Bu qadar tirishib, menga ta’zim keltirma. Sehrgar-zohid bo‘la olasanmi-yo‘qmi, bu faqat o‘zingga bog‘liq. Agar sen buning uchun tug‘ilmagan bo‘lsang, mening bor ilmim besamar ketadi. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar. Hozir biz sen bilan Emey-shan tog‘ining eng ichkarisiga yo‘l olamiz. Osmon orqali u yerga bir soniyada yetib olamiz.
Te Guantszi yaqinda o‘rilgan bambuk tayoqchasini oldi-da, shivirlab duo o‘qidi. Keyin Du Szichun ikkovi unga otga minganday mingashishdi. Shu payt kutilmaganda — axir bu mo‘jiza emasmi?! — bambuk tayoqchasi, ajdahoday vahshat bilan osmonu falakka ko‘tarildi.
Du Szichun qo‘rquvdan tosh qotgancha, yurak yutib pastga qaradi. Pastda kun botayotgandi. Shu bois u shafaq tusiga cho‘mgan yam-yashil tog‘lardan bo‘lak hech nimani ko‘ra olmadi.
Nigohi ila u G‘arbiy darvozani bekor izladi. Chunki u allaqachon ortda qolib ketgandi. Te Guantszining oppoq sochlari shamolda yoyilib uchar, o‘zi esa asta qo‘shiq xirgoyi qilardi.

4

Bambuk tayoqchasi uning ustida o‘tirgan ikki kishi bilan birga Emey-shan tog‘iga ohista qo‘ndi. Bu yerda kattagina qoyatosh chuqur yoriq ichra qisilib qolgandi. Ular juda balandda ekani aniq, chunki tun qarosida yorqin nur sochib turgan Yetti og‘ayni yulduzi naq piyoladay ko‘rinardi. Tabiiyki, bu yerlarga asrlar mobaynida odam oyog‘i yetmagandi. Shu bois bir soniyagagina buzilgan sukunat yana o‘z hukmiga kirdi.
Faqat, qayerdadir tog‘ cho‘qqisida, naq uning boshi uzra yog‘ingarchiliklar qaddini dolday bukkan yolg‘iz qarag‘ay shamolda ohista shovullardi.
Ular qoyaga kelib tushishgach, qariya yigitni tik qoyaga orqa o‘girib qo‘ydi.
— Hozir samoga ko‘tarilib, Sivanmuni ko‘rgani boraman, — dedi Te Guantszi, — ungacha shu yerda o‘tirib, meni kut. Yo‘g‘imda yovuz ruhlar kelib, senga tajovuz qilishlari mumkin, ammo sen ovoz chiqarma. Har qanday holatda ham ovoz chiqarma. Mabodo bir og‘iz so‘z aytsang, sehrgar-zohid bo‘lolmaysan, bilib qo‘y. Hamma narsaga tayyor tur! Eshitdingmi? Hatto yeru ko‘k ikkiga bo‘linib, parcha-parcha bo‘lib ketgan taqdirda ham sukut saqla!
— Ishonchingiz komil bo‘lsin, umuman tovush chiqarmayman. Hatto hayotim qil ustida bo‘lsa ham, bir so‘z demaslikka so‘z beraman.
— Chindanmi? Unda sendan ko‘nglim to‘q bo‘ladi. Men tezda borib kelaman!
Qariya Du Szichun bilan xayrlashib, tayoqchaga qayta mindi-da, tog‘ qoyalari uzra osmonga parvoz qildi. Tun qo‘yniga singib, yo‘q bo‘lib ketdi.
Du Szichun qoya tog‘da bir o‘zi qolib, zavq bilan yulduzlarni tomosha qila boshladi. Bir soatcha vaqt shu taxlit o‘tdi. Tog‘lar ortidan esayotgan izg‘irin shamol uning yupqa kiyimidan o‘tib, badanini junjiktirardi.
To‘satdan samo uzra dahshatli ovoz eshitildi.
— Hoy, bu yerda kim bor, javob ber!
Ammo qariyaning so‘ziga amal qilgan Du Szichun miq etmay o‘tiraverdi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, yana o‘sha vahimali ovoz unga do‘q urdi:
— Agar hoziroq javob bermasang, o‘ldim deyaver!
Du Szichun sabot bilan sukut saqlayverdi.
Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, qoyatoshda bahaybat yo‘lbars paydo bo‘ldi. U dahshatli yovuz ko‘zlarini Du Szichunga qadagancha o‘kirdi. Bu ham yetmaganday, xuddi shu vaqtda yigitning boshi uzra qarag‘ayning shoxlari qattiq silkindi. Tik qoyadan yo‘g‘onligi naq buzoqday keladigan oq ilon olov tillarini chiqarib, yigit tomon o‘rmalab kela boshladi. Masofa esa qisqaraverdi…
Biroq Du Szichun kiprik ham qoqqani yo‘q. U avvalgiday xotirjam o‘tirardi.
Yo‘lbars bilan ilon o‘lja qay birimizga nasib qilarkin, deganday bir-birlariga qattiq tikilib turishdi-da, Du Szichunga baravariga tashlanishdi. Mana hozir yo‘lbars xanjar tishlarini unga botiradi, ilon zahri tanasiga beayov singgadi. Du Szichun kunim bitgan bo‘lsa kerak, deb turganida yo‘lbars ham, ilon ham bug‘ singari havoga singib ketdi. Faqat tepadagi qarag‘aygina hamon shamolda shovullardi. Du Szichun yengil tin oldi va nima bo‘lishini kuta boshladi.
Ana, ko‘ngli sezganday qattiq shamol turib, atrofni zimiston qopladi. Och binafsharang chaqmoq zulmat qa’rini tildi-da, momaqaldiroq gumburladi. O‘sha zahotiyoq jala sharsharadan oqib tushganday telbavor yog‘a ketdi. Du Szichun esa dahshatli bo‘ron tazyiqida qimir etmay, xotirjam o‘tirardi. Bo‘ronning uvillashi, ayovsiz, go‘yo atrofni boplab savalayotganday jalaning quyishiyu betinim chaqmoq chaqishidan Emey-shan ham qulashi tayin edi. Momaqaldiroq shundayin guldiradiki, bundan quloqlar tom bitdi. Osmonda, quyuq bulut qa’ridan alvon tusli ustun chiqib keldi-da, Du Szichunning boshiga tushdi.
Du Szichun quloqlarini qo‘li bilan berkitib, qoyaga yuztuban yiqildi. Biroq ko‘zini ochib, atrofga nazar tashlaganida hech nima o‘zgarmagandi. Osmon boyagiday charog‘on. Tog‘lar uzra kattaligi piyoladay keladigan Yetti og‘ayni yulduzi avvalgiday yorqin nur sochib turardi.
Demak, dahshatli dovul ham, yo‘lbarsu ilon ham iblislarning nayrangi ekan-da! Ular Te Guantszining yo‘qligidan foydalanishgan. Du Szichun ancha o‘ziga kelib qoldi, peshonasidagi reza-reza terni artib, qoyatoshda xotirjam chordana qurib o‘tirdi.
Ammo Du Szichun nafas olib ulgurmay, uning tegrasida oltin yarog‘ taqqan, bo‘yi naq uch metr keladigan haybatli samoviy sarkarda paydo bo‘ldi. U qo‘liga seshoxa tutgan, ko‘zlari yovuz chaqnardi. Sarkarda uch tishli ayrini yigitning ko‘kragiga tirab do‘q urdi:
— Hoy yigit, kimligingni ayt! Emey-shan tog‘i yeru osmon bunyod bo‘lgandan buyon mening makonim hisoblanadi. Betakalluflik bilan bu yerga bostirib kirgani qanday hadding sig‘di! Demak, sen oddiy odam bo‘lmasang kerak! Joningdan umiding bo‘lsa, javob ber!
Biroq Du Szichun, qariya aytganday, lom-mim demay o‘tiraverdi.
— Javob bermaysanmi? Sukut saqlamoqchimisan? Soz-da! Istaganingcha og‘zingga so‘k solib o‘tiraver. Buning uchun qarindoshlarim seni burda-burda qilib tashlaydi…
Samoviy sarkarda seshoxani azot ko‘tardi-yu, qo‘li bilan tog‘ etagidan kimlarnidir imlab chaqirdi. Nihoyat, zulmat chekinib, osmonu falakdan behisob askarlar bulutday yopirilishdi. Qilichu nayzalar bilan qurollangan, haybatli lashkar yoppasiga bostirib kela boshladi.
Bundayin tomoshani ko‘rib, Du Szichun baqirib yuborayozdi; ammo qariya Te Guantszining so‘zlarini eslab, arang og‘zini yumdi. Samoviy sarkarda yigitni qo‘rqitolmaganini ko‘rib, yana ham g‘azabga mindi.
— Shunchalar qaysarmisan? Javob berishni istamas ekansan, hayot bilan vidolashaver! — Samoviy sarkarda shunday deb bo‘kirdi-yu, yarqirab turgan seshoxani Du Szichunning ko‘kragiga sanchdi. Keyin esa butun Emey-shanni larzaga solib, qah-qah otib kulgancha zulmat ichra g‘oyib bo‘ldi.
Ammo bu voqea yuz berishidan avval behisob askarlar ham tungi shamol bilan birga go‘yo tushdagi kabi g‘oyib bo‘lishdi.
Etti og‘ayni yulduzi boyagiday charog‘on, atrofga sovuq nur taratar, qoyadagi yolg‘iz qarag‘ay shamolda shovullardi. Biroq Du Szichun vafot etgan, ko‘kka qaragancha qimir etmay yotardi.

5

Du Szichunning jasadi qoya toshda qolaverdi. Ruhi esa jonsiz tanani tark etib, jahannamga yo‘l oldi.
Bizning dunyomizda “Zulmat yo‘li” atalmish yo‘l borki, u jahannamga olib boradi. U yerda butun yil mobaynida qop-qora samo uzra sovuq shamol g‘uvillaydi. Uyurmaga tushib qolgan Du Szichun kuzgi yaproqday chirpirak bo‘lib ketdi. Kutilmaganda u hashamatli saroy qarshisida paydo bo‘ldi. Saroy peshtoqiga: “Behisob ruhlar saroyi” deb yozib qo‘yilgandi.
Saroy oldida turgan bir to‘da shaytonvachchalar yigitni ko‘rishlari hamona uni har tomondan o‘rab olishdi va zinapoya tomon sudrab ketishdi. Pillapoya cho‘qqisida egniga qaro libos kiygan, boshiga oltintoj qo‘ndirgan hukmdor o‘tirar, atrofga qahrli nigoh tashlardi. U jahannam sultoni, podshoh Yanlo bo‘lsa kerak. Du Szichun u haqda ko‘p eshitgan, shu bois, cho‘kka tushib o‘tirgancha, sukutda taqdiri azalini kutardi.
— Hoy, sen, nega Emey-shan cho‘qqisida o‘tirganding? — Shoh Yanloning guldirak ovozi atrofni tutdi. Du Szichun unga javob qilish uchun og‘zini juftlagandi hamki, tuyqus qariyaning ta’kidlari yodiga tushdi: “Og‘zingni ocha ko‘rma!” Shu bois u boshini quyi eggancha, jim o‘tiraverdi. Shunda podshoh Yanlo qo‘lida tutgan temir to‘g‘nog‘ichini bir silkitdi-yu, shunday o‘kirdiki, g‘azabdan sochu soqollari tikka bo‘lib ketdi.
— Hey, osiy, qayerdaligingni bilmayapsanmi, o‘zi? Hoziroq javob ber, aks holda o‘ylab ham o‘tirmay seni jahannamning bor azoblariga duchor etaman.
Biroq Du Szichun loaqal labini ham qimirlatmadi. Shunda shoh Yanlo shaytonlarga qaradi-da, qahr bilan azmoyish berdi. Shaytonlar o‘sha zahotiyoq unga qulluq qilib, ishga kirishdilar. Du Szichunni zulmat osmoni uzra baland ko‘tarishdi.
Do‘zaxda hammaga ma’lumki, Ignatog‘ bilan Xun daryosidan tashqari, zulmat qa’rida jahannam atalmish Olov vodiy, undan sal narida esa Ayozli do‘zax nomi ila mashhur muzlar dengizi bor. Shaytonlar yigitni navbatma-navbat goh u do‘zaxga, goh bunisiga tushirib azoblay boshlashdi. Du Szichunning ko‘kragiga behisob xanjarlar sanchilar, olov yolqini yuzlarini kuydirardi. Uning tillarini sug‘urishar, terisini shilib, oyog‘ini temir qisqichga solardilar. Qizdirilgan yog‘ga tashlab qovurishar, burgut uning ko‘zlarini cho‘qir, zaharli ilonlar miya qatig‘ini so‘rishardi. Xullas, uni do‘zaxning barcha azoblariga duchor etishdi. Biroq Du Szichun ularning hammasiga chidadi, kelishilganiday bir og‘iz so‘z aytmadi.
Nihoyat, uni qiynayverish shaytonlarning ham joniga tegdi. Ular Du Szichunni ortiga — “Behisob ruhlar saroyi”ga qaytarishdi. Uni pillapoya tagiga keltirib tashladilaru, jo‘r ovozda shoh Yanloga dedilar:
— Bu osiydan hech qanaqa yo‘l bilan gap sug‘urib ololmadik.
Shoh Yanlo qovoqlarini uyib, o‘yga toldi va shaytonvachchalarning biriga buyurdi:
— Bu odamning ota-onasi hayvonlarning do‘zaxiga tushganmi? Ularni oyog‘ini yerga tekkizmay bu yoqqa keltir!
Shayton shamolga mindi-yu, bir soniyada do‘zaxiy samovotda g‘oyib bo‘ldi. Ammo ko‘z ochib yumguncha u ikki jonivorni oldiga solib haydagancha uchar yulduzday “Behisob ruhlar saroyi”ga kelib tushdi. Du Szichun ularga nigoh tashlab, qay ahvolga tushganini bilsangiz edi.
Bu ayanchli, holdan toygan qirchang‘ilar qiyofasida, uning uchun aziz bo‘lgan ota-onasi chehrasini ko‘rib, Du Szichun hayrat va qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotayozdi.
— Xo‘sh, Emey-shan tog‘ida nima qilib o‘tirganding?! Ayt, tezroq! Aks holda ota-onangning holiga voy bo‘ladi!
Bundayin dahshatli dag‘dag‘ani eshitib ham Du Szichun javob qilmadi.
— Hoy, nobakor o‘g‘il! Seningcha, ota-onangni qiynayverishsin ekan-da! Faqat o‘zingga yaxshi bo‘lsa bo‘ldi ekan-da!
Shoh Yanlo shunday o‘kirdiki, guldurak ovozdan saroyning poydevorigacha zirillab ketdi.
— Hoy, shaytonvachchalar, urlaring ularni! Go‘shtlarigacha tilishlang, suyaklarini sindirib, mayda-mayda qilib tashlanglar!
Shaytonvachchalar jo‘r ovozda “Bosh ustiga!” deya javob qilishdi-da, temir darralarni olib, ikki qirchang‘i otni shunday shafqatsizlik bilan savalashdiki, har darra kelib urilganida, uning zabtidan shamol hushtak chalib yuborar, teri shilinib, suyaklar mayda-mayda bo‘lib ketardi. Ular esa, hayvonga aylantirilgan, qirchang‘i qiyofasidagi ota-onasi, og‘riq azobidan qaltirar, ko‘zlaridan yosh emas, qonlar oqar, kishnab, ingrashga o‘xshash tovush chiqarardilar.
Du Szichun bu manzaraga qaragani o‘zida kuch topa olmadi.
— Xo‘sh, hali ham og‘iz ochmaysanmi?!
Shoh Yanlo shaytonlarga bir soniya temir darralarni qo‘yishni buyurdi va Du Szichundan yana javob kuta boshladi. Bu paytda eti shilinib, abgor bo‘lgan qirchang‘i otlar zinapoya oldida o‘lim talvasasida yotardi.
Du Szichun beadad g‘amga botgan, ammo qariyaning so‘zlarini eslab, ko‘zlarini chirt yumib oldi. Shunda banogoh onasining unsiz ovozini eshitdi.
— Bolaginam, bizni qo‘yaver, boshimizga nimaiki tushmasin, sen baxtli bo‘lsang bo‘lgani. Ota-ona uchun bundan ortiq quvonch yo‘q. Jahannam hukmdori dag‘dag‘a qilsa qilaversin. Agar indamaslik kerak bo‘lsa, gapirmay qo‘yaqol, o‘g‘lim…
Oh, bu unga qadrdon bo‘lib qolgan onaizorining muloyim ovozi edi! Du Szichun nogahon ko‘zini ochib yubordi. Yerparchin bo‘lib yotgan otlardan biri unga xomush tikilib turganini ko‘rdi. Uning onasi og‘rig‘u azoblar iskanjasida yotgan bo‘lsa-da, o‘g‘liga hamdard edi va farzandi arjumandini deb, shaytonvachchalar uni temir darra bilan kaltaklasalar ham o‘g‘lidan xafa emasdi. Ha, pastkash kishilar, boy bo‘lganida unga laganbardorlik qilishdi, qashshoqlashib qolganida bezbetlarcha yuz o‘girdilar undan. Endi ota-onasining mehri daryoligini qarang! Onaizorning matonatini ko‘ring! Du Szichun qariyaning hamma o‘gitlarini unutdi. U yiqilgunday chopgancha o‘lar holatdagi otning bo‘ynidan quchdi-yu, ko‘zlaridan shashqator yosh oqizib: “Onajonim!” deb yubordi.
Du Szichun o‘z ovozidan o‘zi cho‘chib uyg‘onib ketdi. U avvalgi safargiday shom quyoshining zarrin nurlariga chulg‘angan Loyanning G‘arbiy darvozasi oldida turardi. G‘ira-shira tuman qoplagan osmonda balqigan uch kunlik hilol ham, beto‘xtov u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turgan odamlaru aravalar oqimi ham u hali Emey-shan tog‘iga uchmasidan ilgari qanday bo‘lsa, o‘shanday xolatda edi.
— Xo‘sh, qalay? Shogird tushishga yarar ekansanmi, sendan daos-zohid chiqarkanmi? — dedi kinoya bilan bir ko‘zi shilpiq, bir ko‘zi g‘ilay qariya.
— Qo‘limdan kelmas ekan. Eplolmas ekanman. Bundan juda xursandman.
Du Szichunning ko‘z yoshlari qurib ulgurmagandi hali. Shu ko‘yi u qariyaning qo‘llarini siqdi.
— Hay, mayli, zohid sehrgar bo‘ldim ham deylik. Ammo “Behisob ruhlar saroyi”da ota-onangni temir darra bilan ursalar, bunga qandoq chidab bo‘ladi?
— Bilib qo‘y, agar jim turganingda, seni o‘sha yerdayoq o‘zim o‘ldirib qo‘ya qolardim. Sendan zohid chiqmaydi, buni tushunding. Boy bo‘lish joningga tekkan. Endi kim bo‘lmoqchisan?
— Kim bo‘lishimdan qat’i nazar, odamlarday halol yashasam deyman.
Du Szichunning ovozi hech qachon bundayin quvonchli jaranglamagandi.
— Shu so‘zlaringni sira unutma. Alvido, sen bilan boshqa uchrashmaymiz.
Te Guantszi shunday deya o‘z yo‘liga ketgandi ham, ammo kutilmaganda to‘xtadi-da, Du Szichun tomon o‘girildi.
— E! Yaxshiyamki yodimga tushdi. Tayshan tog‘i yonbag‘rida kichkinagina uyim bor. O‘sha uyni yeri bilan birga senga hadya qilaman. O‘sha yerga borib, joylash. Hozir shaftolilar qiyg‘os gullagan payt, — jilmaygancha qo‘shib qo‘ydi u.

Mavluda Ibrohimova tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 12-son