Akutagava Ryunoske. Chakalakda (novella)

Mahkama to‘rasi tergovida o‘tinchining aytganlari

Xuddi shunday. Murdani men topdim. Bugun ertalab ham, hamishagidek o‘tin chopish uchun toqqa, uzoqroqqa chiqqan edim. O‘lik shu tog‘ tagidagi chakalakda yotgan ekan. Aniq qayerda? Yamasinga o‘tadigan qatnov yo‘lidan taxminan to‘rt-besh tyo* ichkarida bambuk bilan yangi kriptomeriy aralash o‘sgan ovloq bir joy.
Murdaning egnida poytaxtdagilar kiyadigan och-havorang suykan*, boshida nimdoshgina abosi* qalpoq bor edi. U chalqancha yotgan ekan. Keyin, mana, gavdasida bitta shu jarohat ko‘rindi, lekin qoq ko‘kragida, atrofidagi quruq bambuk xazonlari misoli aniq shingarfiga bo‘yalgandek. Yo‘q, qon boshqa ketmayotgan edi. Jarohati, ko‘rinishidan, qotgan shekilli. Ha, yana bitta narsa, jarohatda qon so‘rib to‘ygan so‘na ham qo‘nib turgan edi, oyoq tovushimdan uchib ham ketmadi.
Qilichmi yo shunga o‘xshagan biron narsa ko‘rinmadimi? Yo‘q, hech narsa ko‘rinmadi. Faqat yonida murda yotgan kriptomeriy tagida arqon ham tushib qolgan ekan. Ha yana… ha, ha, arqondan boshqa yana u yerda taroq bor edi. Yo‘q, bo‘ldi, murda yonida bori – shu ikkita narsa edi. Nima, ot yo‘qmidi? E, u yoqqa hech bir ot o‘ta olmaydi. Ot yo‘li nariroqda, chakalakdan keyin.

Mahkama to‘rasi tergovida yurtgashta rohibning aytganlari

Marhum bilan men kecha ko‘rishgan edim. Kecha… tush paytlari chamasi. Sekiyamadan Yamasinga boradigan yo‘lda. U otga mingan xotin bilan Sekiyamaga qarab ketayotgan edi. Xotin gardishi keng, hijobli shlyapa kiygan edi, shuning uchun yuzini ko‘rganim yo‘q. Xagi naqshi nigorli ipak ko‘ylagi ko‘rindi, xolos. Oti jiyronga moyil, yoli qirqilgan. Bo‘yimi? Odatdagidan chamasi to‘rt tyo balandroq. Rohibman-ku men, bunaqa narsalarni uncha farqlamayman. Erkakning… ha, belida qilichi bor edi, yelkasiga kamon o‘qli sadoq osilgan. Hozir ham esimda: loklangan qora ko‘n sadoq, yigirmatacha o‘qning uchi ham chiqib turgan edi.
Uning shunday qismatga uchrashi tushimga ham kirgani yo‘q. Rostdan ham, inson umri lahzalik gap, shudring nimayu chaqmoq nima! O‘h, bunga so‘z bormi, juda qayg‘uli.

Mahkama to‘rasi tergovida posbonning aytganlari

Shu, men tutgan odammi? Bu – nom ko‘targan yo‘lto‘sar Tadzyomaru. Ushlagan vaqtimda u Avadagutidagi tosh ko‘prik ustida otdan yiqilib, inqillab yotgan edi. qachon? O‘tgan kecha, birinchi tunqotar mahalida. Oldingi gal, ushlashimga sal qolganda, uning ustida xuddi shu suykan, kamarida qilichi taqilgan edi. Bu gal, mana, ko‘ryapsizki, kamon bilan kamon o‘qlari ham bor. E shunaqami? O‘lgan odamning narsalarining o‘zimi? Xo‘p, unda qotillik, shubha yo‘q, Tadzyomaruning ishi. Charm tortilgan kamon, loklangan qora sadoq, lochin patli o‘n yettita kamon o‘qi, shularning hammasi, demak, o‘ldirilgan odamniki bo‘lgan. Ha, ot, o‘zingiz aytgandek, jiyron, yoli qirqilgan edi. Taqdir-da, qarang-a, shu ot tashlabdi-da. Ko‘prikdan sal narida o‘tlab yurgan edi, uzun jilovini sudrab.
Bu Tadzyomaruning o‘zi poytaxtda izg‘ib yuradigan boshqa qaroqchilarga o‘xshamaydi, ayollarga juda o‘ch. Esingizdami, bultur Bindzuruga atalgan Akitoribe ehromi orqasidagi tog‘da bir ayolni. .meningcha, ziyoratchilardan bo‘lsa kerak, qizchasi bilan o‘ldirishgan edi? Ana shunda ham Tadzyomaruning qo‘li bor deb aytadilar. Ana, jiyron ot mingan juvon, agar Tadzyomaru erkakni o‘ldirgan bo‘lsa, u qayoqda qoldi, unga nima bo‘ldi? Noma’lum. Kechirasiz, aralashyapman, lekin buni bir surishtirib ko‘rish kerak.

Mahkama to‘rasi tergovida kampirning aytganlari

Ha, mening qizim turmushga chiqqan odamning murdasi. Faqat u poytaxtdan emas. Vakafadagi Kokufudan, samuray. Oti Kanadzava Takexiro, yigirma olti yoshda. Yo‘q, unga biron-bir odamning qasd qilishi mumkin emas – juda yumshoq fe’lli edi.
Mening qizimmi? Uning oti Masago, o‘n to‘qqiz yoshda. Uning fe’li botir, erkaklardan qolishmaydi. Takexirogacha hech qachon bironta ham xushtori bo‘lmagan. U bug‘doyrang, chap ko‘zining burchagida xoli bor, yuzi kichkina, cho‘zinchoq.
Kecha Takexiro qizim bilan Vakasaga ketgan edi. qaysi gunohi uchun bu musibat boshiga tushib turibdi? Nima bo‘ldi qizimga? Kuyovimning qismatiga-ku, ko‘ndim, na iloj, yo‘q, lekin qizimning kuyugiga chiday olmayapman. Men bir kampir odam, barcha avliyolar haqqi, yolvoraman, hamma o‘rmonu dalalardan izlang, faqat qizimni toping! qanaqa vahshiy ekan bu yo‘lto‘sar, oti inima edi, Tadzyomarumi? Faqat kuyovimni emas, qizimni ham… (boshqa gapirishga holi kelmay, yig‘lab yuboradi.)

Tadzyomaruning iqrori

Bu odamni men o‘ldirdim. Lekin juvonni men o‘ldirganim yo‘q. qayoqqa ketdi? Buni men ham bilayman. To‘xtang! Meni qancha qiynamang, bari bir, bilmagan narsamni bilaman, deb ayta olmayman-ku. Bundan tashqari, endi shunday bo‘lib qoldimi, qo‘rqib o‘tiramanmi, hammasini ochiq aytaman.
Bu erkak bilan juvonni tushdan sal o‘tib ko‘rdim. Juvonning ipak yopinchig‘ini shamol bir ko‘tardi, shu payti yalt etib yuzi ochildi. Bir lahzaga – lip etdiyu yana bekildi – balki shuning uchundir, yuzi menga malak siymosidek ko‘rindi. Shu zahoti erkagini o‘ldirib bo‘lsa ham juvonga erishaman deb qasd qildim.
Sizga bu vahshiylik bo‘lib tuyulyapti, a? Arzimagan narsa, erkakni o‘ldirish ham ish bo‘ptimi? Ayolga erishaman deganda erkakni doim o‘ldiradilar. Faqat men belimdagi qilichim bilan o‘ldiraman, siz esa qilich ishlatmaysiz, hokimiyat, pul, ba’zan esa shirin gaplar bilan o‘ldirasiz. To‘g‘ri, bunda qon to‘kilmaydi, erkak bus-butun turadi – lekin bari bir o‘ldirgan bo‘lasiz. Bunday o‘ylasa, qaysimizning gunohimiz og‘irroq – siznikimi, menikimi, – kim biladi? (Zaharxanda iljayish.)
Bu, erkakni o‘ldirmay ham ayolga erishish iloji bo‘lsa, ko‘nglim joyiga tushmaydi. degani emas. Bu gal esa ayolga erkakni o‘ldirmay ham shunday erishmoqchi bo‘ldim. Faqat qatnov yo‘lda bunaqa ishni qilish mushkul. Shuning uchun ikkovini ham chakalak ichkarisiga qanday kirgizishni o‘yladim.
Bu qiyin bo‘lmadi. Ularga yo‘lovchiman, deb qo‘shilib oldim-da, to‘g‘ridagi tog‘da bir qo‘rg‘on bor, bugun o‘sha yerni kavlagan edim, ko‘p qilich bilan oyna chiqdi, begona ko‘zdan pana qilib, tog‘
tagidagi chakalakka ko‘mib qo‘ydim, endi xaridor chiqsa, so‘ragan
narsasini arzongarovga sotaman, deb gapni to‘qidim. Erkak sekin-asta gapimga laqqa tushaverdi. Mana, nima deb o‘ylaysiz? Dahshatli narsa-da ochko‘zlik! Yarim soat ham o‘tmadi, ular otining boshini toqqa burib, so‘qmoq yo‘ldan menga ergashdilar.
Chakalakka yetib borganimizdan keyin narsalarning chakalak ichiga ko‘milganini aytib, kirib ko‘rishlarini taklif qildim. Ko‘zi ochlik erkakning ich-etini kemirayotgan edi, albatta u yo‘q demadi. Lekin juvon otdan tushmay, shu yerda kutaman, deb turib oldi. Uning aqli joyida ekan, chunki chakalakning juda qalinligini ko‘rib turardi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek bo‘ldi, juvonning o‘zini qoldirib, erkakni chakalakka ergashtirib kirdim.
Chekkada faqat bambuk o‘sgan edi. Lekin chamasi bir tyo yurganimizdan keyin kriptomeriya uchray boshladi. O‘ylagan ishimni qilish uchun bundan qulay joy yo‘q edi. Shox-shabbani yirib yo‘l ochib borib, xazinani kriptomeriya tagiga ko‘mganimni rostga o‘xshatib gapirdim. Erkak meni eshitgani sayin o‘sha yoqqa, kriptomeriyaning nozik novdalari ko‘rinayotgan joyga oshiqar edi. Bambuk kamaya borib, atrofni kriptomeriya tutgan joyda erkakka tashlandim-da, uni yerga bosdim. Uni daraxtga bog‘lash birpaslik ish bo‘ldi. Arqon hamishagidek belimda edi, chunki chetanlardan oshib o‘tishda doim menga asqotadi. Turgan gap, baqirmasin deb bambukning to‘kilgan barglarini og‘ziga tiqin qildim, u bilan qiladigan boshqa ish ham qolmadi.
Erkakni hal qilib, juvonning oldiga qaytib keldim, unga yo‘ldoshining birdan mazasi qochib qolgani, o‘zi borib ko‘rmasa bo‘lmasligini aytdim. Bu ish ham o‘ylaganimdek chiqqanini gapirib o‘tirish shart emas. U gardishi keng shlyapasini boshidan oldida, qo‘limni qo‘yib yubormay, chakalak ichiga yurdi. Lekin eri daraxtga bog‘langan joyga kelishimiz bilan, uni ko‘rdiyu qo‘lini qo‘yniga tiqib, shartta xanjar chiqardi. Hech qachon bunaqa chars, botir xotinni ko‘rmaganman. Hazir bo‘lib turmaganimda qornimdan tig‘ yeyishim hech gap emas edi. Bunga-ku chap berdim. Lekin u ayamay to‘g‘ri kelgan joyimni chavaqlayverdi. Ha endi, men ham bekorga Tadzyomaru emasman, axiyri qilich ishlatmay, qo‘lidagi xanjarini urib tushirdim. qurolsiz qolgandan keyin har qancha qo‘rqmas bo‘lmasin, juvonning qo‘lidan nima ham kelardi. Ha, mana. nihoyat, o‘ylaganimdek, erkakning umriga zomin bo‘lmay, ayoliga erishdim.
Ha. erkakni tirik qoldirib. O‘zi uni keyin ham o‘ldirish niyatim yo‘q edi. Lekin oxirida, ko‘zyoshiga cho‘mib yotgan juvonni shunday tashlab. chakalakka biqinib ketmoqchi edim, u birdan esini yo‘qotgandek yengimga tarmashdi-da, hirqirab: «Yo siz o‘lasiz, yo erim… Ikkovingizdan bittangiz o‘lishingiz darkor… Ikkita erkakning ko‘z oldida benomuslik o‘limdan battar. Bittangiz o‘lishingiz shart. Kim tirik qolsa, shuni er qilaman», deb chinqiraverdi. Shunda erkakni o‘ldirsammikan deb qoldim. (Ma’yus iztirob.),
Endi sizlarga bu gaplarni aytib berganimdan keyin meni juda bag‘ritosh deb o‘ylasangiz kerak. Sizga qolsa, shunday, negaki, bu juvonning yuzini ko‘rmagansiz. Negaki, uning yonib turgan ko‘zlarini ko‘rmagansiz. Shu qarashiga ko‘zim tushganida, mayli, turgan joyimda yashin urib o‘lsam o‘laman, lekin uni xotinlikka olaman deb ko‘nglimga tugdim. Kallamda uni xotin qilishdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Yo‘q. bu siz o‘ylagandek yovvoyi mayl emas. Agar xayolim faqat shahvatda bo‘lgan-da, ayolni bir tepib, tashlab ketgan bo‘lar edim. Unda qilichimni ham erkakning qoniga bulg‘ab o‘tirmasdim. Lekin o‘sha fursatda, chakalakning g‘ira-shirasida juvonning yuziga qaragan paytimda, erini o‘ldirmay bu yerdan ketmayman, deb ont ichdim.
Lekin, uni o‘ldirsam ham, nomardlarcha o‘ldirgim kelmadi. Uni arqondan bo‘shatdim, qilichda solishamiz, dedim. Daraxt tagidan topilgan arqon – o‘shanda men tashlagan arqon. Erkak o‘sha zahoti betini tirishtirib, qo‘liga og‘ir qilichni oldi-da, bir so‘z ham gapirmay, g‘azab bilan menga tashlandi. Bu olishuv qanday tugaganini aytib o‘tirish shart emas. qilichim yigirma uchinchi sermashda uning ko‘kragiga sanchildi. Yigirma uchinchi sermashda, – iltimos, shuni unutmang! Haligacha aqlim bovar qilmaydi – bu dunyoda faqat bitta shu odam men bilan yigirma marta qilich urishtirtirdi. (Shodon tabassum.)
U yiqilishi bilan, qo‘limda qonga belangan qilich, juvonga o‘girildim. Lekin, tasavvur qilasizmi, – hech qayerda yo‘q edi u. Daraxtlarni oralab izladim. Lekin to‘kilgan bambuk yaproqlarida hech qanaqa iz-piz yo‘q. Tevarakka quloq tutaman, erkakning bo‘g‘zidagi ramaqijon xirillashidan boshqa tovush kelmaydi.
Balki biz olishayotganda juvon yordamga chaqirish uchun chakalakdan chiqqandir? Shu gumon kallamga kelishi bilan, gap o‘zimning hayotimga taqalganini angladim. O‘lgan odamning qilichi, kamonu o‘qlarini olib, darrov avvalgi so‘qmoqqa chiqib oldim. U yerda ayolning oti tinchgina o‘tlab yurgan ekan. Keyin nima bo‘lganini aytib berish behuda gap sotish bo‘ladi deb o‘ylayman. Faqat bitta narsa – poytaxtga kirish oldida menda o‘sha qilich yo‘q edi. Mana, bor iqrorim shu. Meni eng shafqatsiz jazoga torting – axir, bir kuni kelib boshim xodaning uchiga sanchilib turishini bilaman-ku

Kiyomidzu ehromidagi izhori dilda juvonning aytganlari

Ko‘k kiygan erkak menga erishgandan keyin bog‘log‘li erimga o‘girilib qaradi-da, masxara qilib xa-xoladi. Erimga qanchalar og‘ir bo‘lgan bo‘lsa! Lekin u qancha to‘lg‘anmasin, bog‘langan arqon tanasini shuncha battar qiyar edi. Men beixtiyor butun vujudim bilan unga talpindim, – yo‘q. faqat talpindim, xolos. Lekin bu erkak meni bir tepib yerga ag‘natdi. Ana shu lahzada yuz berdi bu. Shu lahzada men erimning ko‘zida ta’rifga sig‘mas bir o‘t ko‘rdim. Ta’rifga sig‘mas… hatto hozir uning ko‘zlarini eslasam, titrog‘imni bosolmay qolaman. Bir og‘iz ham gapirishga chog‘i kelmasa-da, erim shu lahzada butun yuragini bir nigohda to‘kib berdi. Lekin uning ko‘zlarida g‘azab yo mashaqqat azobi emas, – menga bo‘lgan sovuq nafrati yonar edi, mana, qarashi nimani bildirardi! Anovi erkakning tepkisidan emas, shu qarashdagi dahshatdan o‘zimni yo‘qotib, qichqirib yubordim-da, hushimdan ketdim.
O‘zimga kelganimda ko‘k kiyimli erkakning qorasi o‘chgan edi. Faqat erim kriptomeriya tanasiga bog‘log‘ligicha turar edi. To‘kilgan bambuk yaproqlari ustidan bazo‘r turib, erimning yuziga termildim. Lekin uning qarashida tariqcha o‘zgarish sezilmadi. Ko‘zlarida boyagi-boyagidek sovuq nafrat va botiniy jirkanish bor edi. O‘shanda ne ahvolda ekanimni qanday aytishni bilmayman – ham nomus, ham alam, ham g‘azab… Gandiraklab, qaddimni zo‘rg‘a ushlab, erimga yondashib bordim.
«quloq soling! Endi bunday bo‘lgandan keyin siz bilan umr qilolmayman. Men o‘limni tanladim. Lekin… lekin siz ham yashamaysiz. Siz nomussizligimni ko‘rdingiz. Shundan keyin sizni qanday tirik yurgani qo‘yaman.»
Ming azob bilan unga shu gaplarni aytdim. Erimning sini o‘zgarmadi, menga boyagidek jirkanib qarab turaverdi. Yuragim ko‘kragimni yorib chiqib ketguday hayajonimni zo‘rg‘a bosib, uning qilichini axtara boshladim. Lekin, hammasini qaroqchi o‘g‘irlab ketgan shekilli, chakalakda faqat qilich emas, kamon ham, uning o‘qlari ham yo‘q edi. Oyog‘im ostida, baxtimga, faqat xanjar yotgan ekan. Xanjarni erimga o‘qtalib: «Endi sizning joningizni olaman. Va hoziroq o‘zim ham orqangizdan ergashaman», dedim.
Erim bu gaplarni eshitgandan keyin zo‘r bilan lablarini qimirlatdi. Albatta, ovozi eshitilmadi, chunki og‘ziga bambuk yaproqlari tiqilgan edi. Lekin lablariga qarab turib, nima deganini darrov angladim. Erim o‘sha jirkanishi bilan bitta «O‘ldir». so‘zni aytdi: Hushimni yo‘qotayozgan bir holatda xanjarni och-havorang ko‘ylagi ustidan ko‘kragiga chuqur sanchdim. Keyin yana hushimdan ketdim shekilli. O‘zimga kelgandan keyin atrofga alanglasam, erim o‘sha bog‘langan ko‘yi turibdi, endi nafasi tingan. Erimning oppoq yuziga kriptomeriyaning bambuk shoxlari bilan aymashgan qalin novdalari orasidan botayotgan quyoshning tutam nuri tushdi. O‘krab yig‘lashimni bosib murdaga chirmalgan arqonni yechdim. Keyin… keyin menga nima bo‘ldi? Buni aytishga holi-jonim yo‘q. Nima qilmayin, o‘zimni o‘ldirishga kuch topa olmadim. Bo‘g‘zimga xanjar qadadim, tog‘ bag‘ridagi ko‘lga o‘zimni cho‘ktirmoqchi bo‘ldim, juda urindim, – lekin mana, o‘lmadim, tirik qoldim, bu bilan faxr ham qilolmayman. (Ma’yus tabassum.) Balki mehribon va g‘amxo‘r ma’buda Kannon mendek arzimas bir jonzotdan yuz o‘girgandir. Nima -qilay, o‘z erini o‘ldirgan, nomusiga qaroqchi tekkan men nima qilay? Nima men… men… (birdan o‘krab yig‘lash.)

Karomatchi tili bilan marhum ruhining aytganlari

Xotinim bilan bo‘lgandan keyin yo‘lto‘sar u bilan yonma-yon yerga o‘tirib oldi-da, uni yupata boshladi. Og‘zim, turgan gap, tiqinlangan. O‘zim daraxtga chandib tashlanganman. Lekin tinmay unga ko‘zim bilan ishora qilaman: «Ishonma bunga! Hamma gapi yolg‘on», – mana, nima deb uqtirmoqchi bo‘ldim. Lekin xotinim to‘kilgan bargu xazonlar ustida g‘amga botib o‘tirganicha, tizzasidan ko‘zini uzmadi. Rostdan ham, u yo‘lto‘sarning gapini jon qulog‘i bilan tinglayotganga o‘xshardi. Men rashkdan buralib-to‘lg‘anardim. Yo‘lto‘sar ustalik bilan gapni maqsadiga burardi. Bir nomusidan ayrilgandan keyin eri bilan yashab ketishi dushvor. Eri bilan bu ahvolda qolganidan ko‘ra, yo‘lto‘sar bilan ketgani yaxshi emasmi? Yo‘lto‘sar yuragidan urgani uchun shu badkirdor ishlarni qildi-ku… – mana shunaqa yuzsiz gaplarni gapirdi u.
Xotinim yo‘lto‘sarni gapini eshitib, boshini ma’yus ko‘tardi. Hech qachon u ko‘zimga buncha chiroyli bo‘lib ko‘rinmagan. Lekin mening chiroyli xotinim bog‘liq paytimda yonimda turib yo‘lto‘sarga nima deb javob berdi deng? Hozir yo‘qlikda sargardonman, lekin o‘sha javobni eslasam, alam-achchiqda o‘rtab ketaman. «Xo‘p, meni xohlagan tomoningizga boshlang», – mana, xotinim nima dedi. (Uzoq sukut.)
Lekin uning aybi faqat shu emas. Bitta shuning o‘zi uchun zulumotda buncha azob bilan tentiramasdim. Nima bo‘ldi deng: xotinim xuddi tush ko‘rayotgandek, yo‘lto‘sarga ergashib, uning qo‘lidan ushlab oldi, chakalakdan chiqaman deganda birdan rangi bo‘zdek oqarib, qo‘lini daraxtga bog‘langan menga nuqib, «O‘ldiring buni! U tirik qolsa, men sizniki bo‘lolmayman!», deb telbalanib bir necha marta xuddi esini yo‘qotgandek chinqirdi. «O‘ldiring buni!» – endi bu so‘zlar to‘fon bo‘lib meni zulumotning eng chuqur qa’riga uchirib ketadi. Inson qulog‘iga biron-bir marta shunaqa iflos gaplar yetib kelganmikan? Biron-bir marta… (Birdan portlagan achchiq xaxolash.) Bu gaplarni eshitgan yo‘lto‘sar ham bo‘zarib ketdi. «O‘ldiring uni!» – deb xotinim uning yengiga tarmashib oldi. Yo‘lto‘sar unga ko‘zini uzmay tikilib, ha ham, yo‘q ham demadi, keyin birdan uni bir tepib xazon ustiga yiqitdi. (yana achchiq xaxolashning portlashi.). qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirimb, menga o‘girildi. «A bu xotinni nima qiish kerak, a? O‘ldiraymi yo rahm qilaymi? Javobiga boshingizni qimirlating. O‘ldiraymi?» Bitta shu gapi uchun ham uni kechirishga tayyor edim. (yana uzoq sukut.)
Men taraddudda qolgan paytim xotinim bir chinqirdi-da, chakalakning ichiga otildi. Yo‘lto‘sar shu zahoti orqasidan tashlandi, lekin hatto yengidan ham ushlashga ulgurmadi, shekilli. Men xuddi bosinqirayotgandek ko‘rib turardim.
Xotinim qochib ketgandan keyin, yo‘lto‘sar mening qilichim, kamon va o‘qlarimni oldi-da, men bog‘langan arqonning bir joyini kesib qo‘ydi. Uning chakalak ichiga kirib ketayotganda: «Endi o‘zimni o‘ylashim kerak», deb g‘uldiragani esimda.
U ketgandan keyin hamma yoq jimjit bo‘lib qoldi. Yo‘q, hamma yoq emas, qulog‘imga yonimda xuddi kimdir yig‘layotgandek bir tovush eshitildi. O‘zimni arqondan bo‘shatib, diqqat bilan q-uloq tutdim. Nima ekan deng? Bilsam, izillab o‘zim yig‘layotgan ekanman.
Azoblangan tanamni nihoyat daraxtdan uzdim. Oldimda xotinim tushirib qoldirgan xanjar yiltirab yotar edi. Uni qo‘limga olib, bir siltov bilan ko‘kragimga sanchdim. Tomog‘imga qandaydir qonli bir tuyur kelib tiqilgandek bo‘ldi, lekin bunda hech qanday azob sezmadim. Ko‘kragim sovugandan keyin atrof battar jimjit bo‘lib qoldi. Oh, bu qanaqa jimjitlik edi! Tog‘ bag‘ridagi bu chakalakda bitta qush ham chirq etgani yo‘q. Faqat botayotgan shafaq quyoshi kriptomeriyalar tanasida tovlanar edi. Shafaq quyoshi… lekin mana, uning nurlari ham sekin o‘chdi. Endi daraxtlar ham, bambuk ham ko‘rinmay qoldi. Meni, yerda uzala yotgan meni sim-siyoh qorong‘ulik chulg‘ab oldi.
Ha, mana shunda kimdir birov menga sekin yaqinlashdi. Kim ekan deb unga qaramoqchi bo‘ldim. Shunda o‘sha kimdir… shu kimdir ko‘rinmas qo‘li bilan ko‘kragimdagi xanjarni sekin sug‘urib oldi. Shu zahoti og‘zim sharqirab chiqqan qonimga to‘ldi. Shundan keyin yo‘qlikning zulmatiga mangu cho‘kib ketdim.

1922

Ahmad A’zam tarjimasi

Xurshid Davron saytidan olindi.