Fabrikaning betonlangan kenggina hovlisi qaytadan eritishga mo‘ljallangan siniq oynalar bilan to‘lib-toshib yotardi. Tog‘day uyulib yotgan oynalar tonggi quyoshning nurlarida olmos qirralarini yiltiratgancha harakatsiz yotardi. Mana, necha kundirki vagon-vagon siniq oynalarni qizigan bo‘tqaga aylantiruvchi pechlardan ko‘kka tutun o‘rlamaydi. Qeyinchalik mazkur qorishmadan suv ichish uchun qirrali stakanlar, nafis yupqa stakanchalar, xilma-xil rangdagi jilosiz, kulrang, moviy, ko‘kimtir va boshqa turdagi guldon hamda kuvachalar ishlab chiqariladi.
Kechayu-kunduz go‘yo afsonaviy devga o‘xshab olov hamda o‘t purkaydigan fabrika harakatsizlikda qotgandi. Daryoga tutashadigan, zanglagan tunuka hamda daryodan tutib olingan chirigan taxtalardan tiklangan g‘aribona kulbalar joylashgan kichkina tor. ko‘chalarning aholisi qachonlardan beri ertalablari odatlanib qolishgan gudok ovozini eshitishmaydi. Badqovoq, tashvishli, soqollari olinmagan odamlar uyqusizlikdan qizarib ketgan ko‘zlari bilan tongni faqat birdan-bir orzu bilan, ya’ni bir burda non orzusida intizorlik bilan kutishardi. Har kuni ertalab ularni ishga chorlovchi fabrikaning gudogi endilikda jim edi. Mana shu gudok bilan cham-barchas bog‘langan hayot va kelajakka bo‘lgan umid ham noma’lumlik qo‘ynida tosh qotgandi. Lekin haqqi rostiga ko‘chadigan bo‘lsak, odamlarning o‘zlari kelajaklari ayanchli va bedavo ekanligini tushunganlaridan so‘ng, xotin, bola-chaqalarining umidsiz nigohlariga dosh berishga qurbilari yetmasligini his qilishgach, fabrika gudogining ovozini o‘chirishga majbur qilishdi.
Sokin tonglar bir-birini quvib o‘taverdi va hattoki odatda sershovqin hamda beorom Bosfor ham shu kunlar davomida butunlay tinch va osoyishta bo‘lib, go‘yo umum qayg‘usiga hamdardlik bildirayotganga o‘xshardi. Na harakatu na qilt etgan shamol bor. O‘chirilgan fabrika pechlari sovuq, oyna quyiladigan qoliplar esa bo‘sh.
Biz — ishchilarmiz. Poshobog‘chadagi oyna fabrikasida ishlaymiz. Boyo‘g‘lidagi hashamatli magazinlarda qalbingizda shodlik va g‘urur hislarini uyg‘otuvchi chiroyli tarelkalar, guldonlar, stakanlarni ko‘rishingiz mumkin. Temperaturasi 1800 darajagacha ko‘tariladigan tsexlarda mana shu chinnilarni biz ishlab chiqaramiz. Fabrikada o‘ttiz yillab ishlayotgan ishchilar soatiga 150 qurushdan yoki soliqlarni qo‘shgan holda kuniga 12 liradan tushirishadi. Lekin shunday ishchilar ham borki, ular soatiga 55, 80, 90 qurush ishlashadi. Bizning o‘rtacha soatbay maoshimiz — 127 qurush…
Fabrika binosi oldida xalq to‘planib turibdi. Ishchilar oilalari, kichkina bolalari bilan kelishgan. Bosforning Anatoliya tomondagi qirg‘oqlarini oxiri yo‘q hoshiyaday o‘rab olgan tosh yo‘lda jonli barrikadalar qurilgan. Ishchilar yo‘ldan o‘tayotgan yuk mashinalari, avtobuslar, yengil mashinalarni «Istambulning muhtaram grajdanlariga…» deb boshlanadigan chaqiriqni topshirish uchun to‘xtatishardi.
Jingalak soqolli va mo‘ylovi kuzalgan kishi qo‘lida bir dasta varaqa ushlab u mashina bilan bu mashinaga chopgancha hamma o‘tkinchilarga — shofyor hamda yo‘lovchilarga chaqiriqni tiqishtirardi. Uning charchoq qoracha ko‘zida ko‘k ko‘zlari serhayajon yiltiraydi. Uni o‘rtoqlari Osim Bobo, deb chaqirishadi. Bir oyog‘i boshqasidan kaltaroq bo‘lgani uchun bu odam bir oz oqsoqlanib yurardi. Shuning uchun ham uning kalovlanib yugurishi kulgili ko‘rinadi.
Taksi tezligini oshirgancha to‘g‘ri barrikadaga bostirib kelardi. Osim Bobo mashinaning oldidan kesib chiqib yo‘l o‘rtasida oyoqlarini kerib, qo‘lini yoygancha tosh qotdi. Shofyor tormoz berganda esa u xuddi o‘z og‘irligi bilan mashinani to‘xtatmoqchi bo‘lgandek mashina ustiga quloch yozdida, ochiq oynaga mahkam yopishib oldi. Joni hiqildog‘iga kelgan shofyor:
— Bu qanday gap! Rasvogarchilik!—deb so‘kindi.
— Shoshma-chi,— deya gapga aralashdi yo‘lovchi.— Unga nima kerakligini bilaylik-chi.
Osim Bobo shoshmay, o‘zining yorilib ketgan kattakon barmoqlariga tuflagancha varaqa olib, ularning har ikkalasiga tutqazdi. Keyin xuddi politsiya komissaridek qomanda berdi:
— Sizlar bo‘shsizlar!
Shofyorning yonida o‘tirgan soch-soqoli taroshlangan, kraxmallangan ko‘ylak hamda galstuk taqqan yosh yigit oynadan qo‘lini chiqarib Osimning tirsagidan tutdi-da:
— Ota, o‘zing o‘qishni bilasanmi?— deb so‘radi.
— Yo‘q, nimaydi?
— Manavi qog‘ozda nima yozilganini bilasanmi?
— Bilmayman.
— U yerda yozilganlarni to‘g‘ri, deb o‘ylaysanmi? Osim Bobo keskin egilib, boshini oynadan ichkariga suqdi-da, bu harakatidan yigit o‘rindiqqa suyanishga majbur bo‘ldi, yigitning ko‘ziga qat’iy tikilgancha fabrika darvozasi tagida tizilishgan ishchilarga qulochini yozib ishora qildi:
— Uni bizning o‘rtoqlarimiz yozishgan, biz esa qo‘l qo‘yganmiz. U yerda nima haqda gapirilmasin, hammasi to‘ppa- to‘g‘ri!..
Biz, ishchilar, 2500 tamiz. Agar oilalarimizni ham hisoblaydigan bo‘lsak 10 000. Bizga kollektiv shartno-ma haqida qonun chiqqani va biz o‘z huquqlarimiz uchun kurashishimiz mumkinligi to‘g‘risida aytishdi. Shartnoma uch yil burun tuzilgan. Lekin halihanuzgacha shartnoma bo‘yicha hech vaqo olmadik. Biz uch yil kutdik. Endilikda kutishga tobi toqatimiz qolmadi. Boshqaruvchimiz Shaxob Kodjatopchu, o‘z-o‘zidan ma’lumki, katta boshliq hamda boy-badavlat odam. Lekin u biz bilan yangi shartnoma tuzishni xohlamayapti. U sizlarda bunday huquq yo‘q, deb da’vo qilyapti. Biz sudga hamda kassatsion sudga murojaat qildik. U yerda bizga to‘la ravishda haq-huquqingiz bor deb aytishdi.
Osim Bobo qirralari yaltiroq stakanlar, jilosiz hamda ko‘kimtir guldonlar, tovlanuvchi naqshli quvachalar, umuman, fabrikalarida tayyorlanadigan barcha chiroyli mahsulotlar haqida bot-bot xayolga cho‘mardi. U tug‘ilib o‘sgan qishloqda choyni qo‘pol qilib ishlangan sopol yoki rux krujkalarda ichishardi. Qishloqdagi odamlar ko‘r singari tongning qizg‘ish shafag‘i nimaligini bilmas, atrofdagi barcha narsalar tunning qop-qora chodrasidan iborat deb fahmlar edi. Jazirama yozda, tomog‘i qaqragan odamlar bo‘tana, loyqa suvni ariqdan mis cho‘mich yoki suvqovoq, bo‘yni cho‘rt uzilgan sopol ko‘vachada olib ichishardi. Sepga qo‘shib berilgan shisha stakanlar esa umr bo‘yi tokchalarda chang bosib yotardi, ahyon-ahyonda faqat mehmonlargagina ishlatilardi xolos. Uy egalari esa ularga qo‘l tegizishmaydi. Agar bolalardan birortasiga oynaning sinig‘ini topish baxti nasib qilsa uni sevimli o‘yinchoqlari orasida xuddi katta boylikdek asrashadi. Osim Bobo ana shu kuchli eritilgan oyna qorishmasidan uzun trubka orqali olovli halqachalarni xuddi yengil havo sharlaridek puflaydigan kuchli, dovyurak odamlarga nisbatan alohida muhabbat va hurmat his qilishi balki shuning uchun bo‘lsa kerak.
Osim Bobo vagonetkalarga shisha siniqlarini ortar va ularni pechlarga olib borardi, u yerda esa bolalarni hatto tushida ham entiktiradigan olmos bo‘laklari suyuq qorishmaga aylantiriladi, keyin esa ulardan magazin vitrinalarida ko‘zni qamashtiradigan nafis buyumlar ishlanadi. U o‘z ishini xursandchilik bilan bajarar, hamda shunday chiroyli buyumlarni tayyorlashda uning ham jinday bo‘lsada hissasi borligidan mag‘rurlanib yurardi. Vagonetkaga quyosh nurida yaltirayotgan oyna bo‘laklarini orta turib, u uzoqdagi qishlog‘i, o‘zining bolaligi, shisha sinig‘i haqida orzu qiladigan barcha qishloq bolalari haqida o‘ylardi. U o‘z belkuragi bilan qanchalik chaqqon ishlasa, deya taxmin qilardi Osim Bobo, shunchalik ko‘p stakanlar, kuvachalaru guldonlar ishlanadi hamda bolalarning tushlari ham shunchalik tez ro‘yobga chiqadi, ya’ni choyni haqiqiy shisha stakandan ichish haqidagi orzulari ushaladi. U hamqishloqlari oldida maqtanishni yaxshi ko‘rar, ularni magazin vitrinasi oldiga olib kelib:
— Manavi buyumlarni ko‘ryapsanmi, biz ularni bolakaylar yig‘adigan jajji parchalardan yasaymiz, — derdi.— Ana qaragin-a, ko‘zingni kattaroq och: qitday dog‘ yoki darz topa olarmikansan? Ovora bo‘lasan?..
Lekin kunlardan bir kuni ishchilar unga shunday deyishdi:
— Ishingni yig‘ishtir! Bizlar pechlarni o‘chirdik. Shuning uchun sen ham belkuragingni yig‘ishtir.
— O‘zi nima gap?
— Sabr kosamiz to‘ldi, Osim Bobo. Avvalgidek puflashga kuchimiz qolmadi, chunki boquvning mazasi yo‘q. Joni jahoningni berib puflaganing bilan bari bir foydasi yo‘q, qorishmani qolipga solmasingdanoq yorilib ketadi. Bu, demak, butun mehnating havoga ketdi, demakdir. Har kuni shu ahvol. Bu ahvolda biz avvalgidek hamma mamlakatga, barcha qishloq bolakaylariga yetarli stakanlar yasay olmaymiz. Boshqaruvchi ish haqimizni oshirishni istamayapti, darmonimiz qolmadi, nafasimiz yetishmayapti desak, eshitishni ham xohlamayapti. Bundan kelib chiqadiki, boshqaruvchi mamlakatda ko‘plab idish-oyoq bo‘lishini, hammaning shisha stakandan choy ichishini xohlamas ekan. Tushundingmi?
Ishchilar bir yoqadan bosh chiqarib ish joylarini tashlab ketdilar. Fabrika bo‘shab qoldi. Faqatgina oq fartukli piketchilargina fabrikaga olib boradigan yo‘llarni qo‘riqlab, darvoza oldida u yoqdan-bu yoqqa yurib turishardi.
Kunlar shu tahlit o‘taverdi va oxir-oqibat, oxirgi pullariyu nonlari ham tugadi. Erkaklar baliq oviga, ayollar bolalari bilan toqqa, tanovul qilib bo‘ladigan ildiz hamda o‘tlar, gulxayri novdalari hamda shovul terishga ravona bo‘lishdi. Ularning oldida qishloqda o‘sib-ulg‘aygan Osim Bobo kalovlab borardi. U baliq tutishni bilmasdi, ammo-lekin tog‘ o‘tlarini besh qo‘lday bilar, shamolga qarab havoni ayta olar, hayvon va qushlarning tilini tushunardi.
Kutilmaganda fabrikaga yangi ishchilarni olib kelishayotganmish, degan xabar kelib qoldi. Mana, uch kundan beri binoning qamali davom etyapti. Yarim kechasi ishchilar oilalari bilan, ya’ni hotinlari, chollar va bolalari bilan kelib fabrikani halqa shaklida qurshab olishdi. Yog‘och, belkurak, cho‘kich bilan qurollangan odamlar o‘z fabrikalariga boshqalarni kiritmaslik uchun hamma kirish va chiqish yo‘llarini ziyraklik bilan qo‘riqlab turishardi. Ular ishchi birodarlarini avval ularni aldashganidek, aldashlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Mana, uch kundirki, odamlar politsiya bilan olishib o‘zlarini hamda fabrikani himoya qilishyapti. Ishchilar orasida yarador bo‘lganlari ham bor, bir nechta kishini esa politsiya ushlab olib, qamoqqa olib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Politsiya tahdid qilishga ziqnalik qilmayapti. Politsiya mashinalaridagi radiokarnaylardan tahdidli buyruqlar berib turilibdi. Lekin bari bir odamlar tarqalishmasdi, Ular yelkama-elka, bir-birlarining qo‘llarini mahkam ushlagancha turishardi. Oxirgi ogohlantirish ham eshittirildi va yon ko‘chalardan ishchilar ustiga qurollangan politsiyachilar otryadi qaqshatg‘ich zarba berib, halqani yorib, olomonni haydab yuborish uchun bostirib kela boshladi. Ishchilar tosh hamda yog‘ochlar bilan himoyalanardilar. Uch kundan beri shiddatli kurash borardi. Odamlar sabot-la mahkam turishardi, ular ketishmadi, ketishmaydi ham…
Osim Bobo oqsoqlangancha bir to‘dadan boshqa to‘daga yugurar, ayollar hamda bolalar o‘z vaqtida toshni yetkazib berishlarini nazorat qilib turardi. Tasodifan politsiyachi master Sherifga tashlanib, uni bo‘g‘a boshlaganini ko‘rib qoldi. Ishchining egnidagi ko‘ylagi boshdan-oyoq yirtilib ketgan bo‘lib, uning mustahkam chayir tanasi ochilib qolgandi. Politsiyachi bilan ishchi xuddi urishqoq bolalarday yoqalashgancha yerda u yoqdan-bu yoqqa dumalar, xirillashar, so‘kishib pishillashardi. Lekin mana politsiyachi masterni yerga bosib oldi-da, uning tomog‘iga yopishib bo‘g‘a boshladi. Og‘ir belkurakni ushlagancha Osim Bobo politsiyachiga tashlandi.
— Uni yaxshilikcha qo‘yib yubor! — deb baqirdi-da, belkuragi bilan hamla qildi.— Uning nafasi barchaga zarur! Bizning bolalarimiz, shuningdek, sening bolalaringning baxti uchun ham kerak! Tushundingmi!
O‘rtog‘ining boshiga o‘qtalgan belkurakni ko‘rib qolgan boshqa politsiyachi revolverini olib unga qarata o‘q uzdi. Osim Boboning qo‘lidagi belkurak tushib ketib, yerga sanchilib qoldi…
U kasalxonadagina o‘ziga keldi. Uning boshida turgan doktor jilmayardi. Osim Bobo og‘riqdan oyog‘i sirqirayotganini his qildi. Oyog‘i xuddi qo‘rg‘oshin quyilganday og‘ir, g‘o‘laday harakatsiz.
— O‘qni chiqarib oldim,— dedi doktor.— Oyoqni saqlab qololdik.
Qariya og‘riqnn yengib, zo‘r-bazo‘r jilmaydi.
— Oh bechora oyog‘im-ey! Hecham omadi yurishmadi-yurishmadi-da!—Keyin hayajonla, doktordan so‘radi:— U yoqda biznikilar qalay? Qanday yangiliklar bor?
— Mahkam turishibdi. Azamatlar! Sen ulardan xavotirlanma. Qarshilik davom etyapti. Ertalab yaradorlardan xabar olgani birrov bu yoqqa kirishadi-yu, yana o‘z joylarini egallagani yugurishadi.
Osim Bobo o‘rtoqlarining taqdirini bilgandan keyin, yengil nafas oldi. Keyin doktor ayyorona jilmaygancha cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘oz oldi.
— Manavi narsa yodingdami? Kecha ertalab mashinani to‘xtatganingda menga bergan eding. O‘shanda men yarador bo‘lgan o‘rtoqlaringiz oldiga shoshayotgan edim, otpuskada bo‘lishimga qaramay zudlik bilan operatsiya qilishga chaqirishgan edi.
Osim Bobo kecha shofyorning yonida o‘tirgan yigitni endigina tanib qoldi.
— Kecha sen varaqada nimalar yozilganini bilmay-man, deganding-a? Eshitishni xohlaysanmi?
— Mana biz ish tashlashni boshladik. Fabrika — bu davlat mulki, demak, uning zarari ham davlat zimmasida. Fabrika boshqaruvchisi Kodjatopchu o‘z maoshini bekamu ko‘st olib turadi, uning uchun zarar degan gi: mavjud emas! –
U bizni huquqimizdan mahrum qilish uchun nimalar qilmadi, deysiz! Kasaba soyuz rahbarlari bilan til biriktirib, shartnomaga bizdan yashirincha qo‘l qo‘yishibdi. Oqibat natijada, biz yana ikki qo‘limizni burnimizga tiqqancha qolaverdik. Endi bizga qarshi,-qurolli quch tashlashdi. Ikkita ishchi yarador bo‘lib kasalxonada yotibdi. Bizni tarqatib yuborishga urinishyapti. Bugun turli va’dalar berib aldab-suldashmoqda – ertaga esa poynaklardan suv quyishadi, o‘rtoqlarimizni qamoqxonalarga tashlashadi.
Bugun ish tashlashning saksoninchi kuni. Biz o‘z . huquqlarimizni da’vo qilishda davom etamiz. Ochdan o‘lmaslik uchun tog‘toshdan o‘t-o‘lan terib, baliq ovlamoqdamiz. Biz uyimizda bor hamma narsani — ko‘rpa-to‘shakdan tortib kiyim-kechakkacha, hatto stullarni ham sotib bo‘ldik… Biz o‘limdan qo‘rqmaymiz,— bu ollohning xohishi,— lekin, biz boshqaruvchini muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilamiz. U sudning qaroriga bo‘ysunishi kvrak. Davlatga millionlab zarar keltirish hamda bizni ochdan o‘ldirishga uning qanday haq-huquqi bor?..
Qariya yosh doktorga mehr va hurmat bilan qaragancha xuddi u faqatgina varaqa o‘qib berayotgan odamgina emas, balki unga ish tashlashning mohiyatini tushuntirayotgan fabrikalarining ishchisiga o‘xshabketdi. Doktorning ko‘zlari yonardi, u o‘z bemoriga bitmas-tuganmas mehr bilan qarab turardi. — Sen haqsan, yigitcha,— dedi keksa Osim Bobo.— xammasi xuddi varaqada yozilganidek!
Ishchilar o‘z haq-huquqlarini himoya qilib kurash olib borayotganlari to‘ppa-to‘g‘ri, lekin faqat endilikda ishchilarning orasida Osim Bobo yo‘q, u o‘rtoqlari bilan yonma-yon tura olmaydi, bu kurashda yengib chiqib, haq-huquqlarini qo‘lga kiritib, keyin yana pechlarga o‘t yoqib, ishni davom ettirish baxti nasib qilarmikin. Nahotki, u fabrikaga qayta olmasa?.. Uning ko‘z yoshlarini doktor ko‘rib qolishidan qo‘rqib, deraza tomonga o‘girilib, dengizga qaray boshladi. Uning ko‘zlari fabrika trubalarini qidirardi, u fabrika ishlab turgan baxtli kunlardagidek trubalarda tutun o‘rlayotganini ko‘rishni xohlardi.
Shunda doktor xuddi uning xavotirli fikrlarini o‘qib olgandek:
— Xavotirlanma, hammasi yaxshi bo‘ladi!—dedi. Keyin avvalgidek jarangdor ovozda chaqiriqni to‘xtagan joyidan o‘qiy boshladi:
— Bizga fabrikaning bir kunlik zarari miqdori-da qo‘shimcha haq to‘lashgan taqdirdagina masala hal bo‘ladi…
Hikoyat Mahmudova tarjimasi