Zamonaviy ko‘z mikrojarrohligi asoschisi

Mustabid sho‘rolar zamonida biznes bilan tibbiyot bir-biriga mutlaqo singishmaydigan tushunchalar hisoblanardi. Ammo o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida favqulodda holat kuzatildi. Hali ko‘pchilik durust tanimaydigan, yuzlari yapasqi, sochlari doimo dikkayib turadigan Svyatoslav Fyodorov ism-sharifli ko‘z doktori bahs maydoniga otilib chiqib, tibbiyotni tijoratga aylantirish, u orqali daromad orttirish mumkinligini uqtira boshladi.  So‘zining isboti sifatida o‘zi yaratgan muolaja usullari va erishgan yutuqlarini targ‘ib qilishga kirishdi.

Ba’zi kishilar “safsataboz mahmadona”ga yo‘ygan bu inson bora-bora ko‘z kasalliklari va ularni davolash sohasida inqilob yasadi, jumlai jahonga tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi, “Ko‘z mikrojarrohligi” tarmoqlararo ilmiy-texnik majmuasining asoschisi sifatida tanildi. Uning sharofati bilan Rossiyada bu soha yangi bosqichga ko‘tarildi. Xiralashgan ko‘z gavharini sun’iysiga almashtirish usuli amaliyotga joriy etildi. Natijada bunday xastalikka mubtalo bo‘lgan millionlab odamlarning ko‘ziga qaytadan nur indi, hatto tug‘ma ko‘rlar ham yorug‘ dunyoni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Shu bois katta-kichik bu shifokor sha’niga maqtovlar yog‘dirar, unga havas bilan qarardi. Holbuki, bunday martabaga erishgunga qadar u juda og‘ir va mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tgandi.

Darvoqe, Svyatoslav 1927 yil 8 avgustda Ukrainaning Proskurove shahrida harbiy xizmatchi oilasida tug‘ildi. Bu paytda uning otasi general-leytenant unvoniga ega bo‘lib, dviziyaga komandirlik qilayotgandi. Keyin xizmat yuzasidan Kamensk-Podolsk shahriga yuborildi. Svyatoslav shu yerdagi maktabda ta’lim ola boshladi. Biroq 1938 yili oila boshiga kulfat tushdi. Nikolay Fyodorov qatag‘onga uchrab, 17 yilga qamaldi. O‘smir yoshidagi Svyatoslav “xalq dushmanlari”ning jigargo‘shalari sha’niga neki malomat toshlari otilgan, bo‘yniga neki tavqi la’natlar ilingan bo‘lsa, barchasiga guvoh bo‘ldi, inson qadr-qimmatini kamsituvchi  talay tahqirlarni boshidan kechirdi. Onasi ikkisi Novocherkaskda damini ichiga yutib, jimgina yashadi. Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘pchilik qatori ular ham Armanistonning Saxkadzor shahriga ko‘chirildilar. Svyatoslav maktabni bitirgach, ota kasbini tanlab, Yerevandagi artilleriya bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, uchuvchi bo‘lish orzusiga tushib qoldi. Shunga ko‘ra, uni Rostov-Dondagi aviatsiya bilim yurtiga o‘tkazishdi. Bu paytda qirg‘inbarot avjiga chiqqandi, Svyatoslav frontga talpinardi. Ammo bir zumlik kutilmagan baxtsiz hodisa uning jo‘shqin orzu-umidlarini sarobga aylantirdi.

Zero, o‘sha tong u mashg‘ulotga kechikayotgandi. Shu bois shosha-pisha bekatga yetib bordi-yu, o‘rnidan qo‘zg‘alayotgan tramvayga o‘zini urdi. Nazarida, zinapoyaga chiqib olganday, vagon tutqichini mahkam ushlaganday edi. Aslida mo‘ljaldan adashgandi. Oqibatda tovoni bilan eshikka osilib qoldi. Tezligini oshirayotgan tramvay uning chap oyog‘ini majaqlab yubordi. Navqiron yigitning hayotini saqlab qolish uchun oyog‘ini va boldirining pastki uchdan bir qismini kesib tashlashga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa u harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lib qoldi.

Yaxshiyamki, Svyatoslav otasiga tortgan ekan. Shundanmi, minba’d ruhan tushkunlikka berilmadi, aksincha, to‘rt muchasi sog‘ odamdek yashashga intildi. “Oyog‘imdan ayrilganim qaysidir ma’noda menga omad keltirdi, – degan edi u keyinchalik ortda qolgan mash’um kunlarini eslab. – O‘sha falokat sodir bo‘lmaganida irodamni obdon chiniqtirishim, aniq maqsad sari dadil intilish qobiliyatimni bu darajada shakllantirishim dargumon edi”.

Svyatoslav 1945 yili Rostov tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalari safidan o‘rin oldi. Ko‘p o‘tmay politexnika institutida tahsil ko‘rayotgan qizga uylandi. Afsuski, o‘zaro murosasi kelishmay, yana bo‘ydoqlar davrasiga qaytdi. Institutni tugatgach, taqsimot bo‘yicha Tyumenga otlandi. Ammo, harchand tirishmasin, Sibir ob-havosiga ko‘nikolmadi. Alqissa, Moskvaga borib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga kirdi-da, boshqa joyga yo‘llanma berishlarini so‘radi.  Ikkinchi safar uni taniqli adib – “Tinch Don”, “Ochilgan qo‘riq” singari mashhur asarlar muallifi Mixail Sholoxov tug‘ilgan va yashagan Vyoshinskiy qishlog‘idagi shifoxonaga yuborishdi. Bu yerda Rostov universitetining kimyo fakulteti talabasi Liliya ham amaliyot o‘tayotgandi. Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelib, ikkovlon turmush qurishdi. Liliya diplomli bo‘lgach, Permga yaqin Lisev shahriga ishga tayinlandi-yu, Svyatoslav ham u bilan birga ketdi.

Shundan so‘ng birin-sirin omadi yurisha boshladi. Avvalo, unda “Kataraktaga uchragan hamda operatsiya qilinib, joyida qoldirilgan ko‘z gavhari vaqt o‘tishi bilan yana xiralashadi va tag‘in operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Demak, uni o‘zagi va pardasi bilan birga olib tashlagan ma’qul”, degan g‘oya paydo bo‘ldi. Va bu boradagi ilk tajribasi ijobiy samara berdi. Ikkinchidan, 1954 yili otasi ozodlikka chiqdi. Hayal o‘tmay, oilada qiz farzand tug‘ildi. Kelgusida ko‘z kasalliklari bo‘yicha tibbiyot fanlari nomzodi bo‘lib yetishgan bu go‘dakka Irina deb ism qo‘yishdi. Uchinchidan, Svyatoslav qadrdon instituti aspiranturasida sirtdan o‘qiy boshladi. Shu asno “Miya shishi jarayonida ko‘zda ro‘y beradigan o‘zgarishlar” mavzusida izlanishlar olib borib, 1958-1966 yillar oralig‘ida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini  yoqladi. To‘rtinchidan, bemorlarni eskicha davolash Fyodorov fe’l-atvoriga yot edi. U yuksak yutuqlarga erishish ishtiyoqida yonardi. Buning uchun Moskva ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining katarakta xastaligi bo‘yicha izchil tadqiqotlar olib borilayotgan Cheboksari shahridagi filialida ishlashi lozimligini shart deb bilardi. Niyati xolis ekan, vaqti kelib, bu  orzusi ham ijobat topdi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, katarakta tufayli xiralashgan ko‘z gavharini sun’iy a’zoga almashtirish borasida oldin ham ko‘plab olimlar bosh qotirishgandi. Chunonchi, 1949 yili ingliz shifokori Garold Ridli birinchilardan bo‘lib, bemorga sun’iy ko‘z gavharini qo‘ygan, faqat o‘ta murakkabligi bois bu usul rivojlanmay qolgandi. Keyinroq angliyalik Choys, gollandiyalik Xorst, ispaniyalik Barakker va boshqa oftalmologlar ham ushbu muammo bilan jiddiy shug‘ullandilar. Sobiq Ittifoqda esa sun’iy ko‘z gavharini implantatsiya qilishni 1960 yili taniqli shifokor M.Krasnov amalga oshirdi. Lekin urishishlari zoye ketgach, undan voz kechdi. Ustiga ustak, sho‘ro hukumati yangi usulga shubha bilan qarardi.

Ana shunday kunlarning birida Fyodorovning qo‘liga “Vestnik oftalmologii” jurnali tushib qoldi. Unda, odatdagidek, G‘arbda sun’iy ko‘z gavhariga qiziqish kuchayayotgani ayovsiz qoralangandi. Bundan qattiq ranjigan Svyatoslav Nikolayevich taraqqiyot kushandalariga zamonaviy tibbiyot nimalarga qodirligini amalda isbotlab berishga ahd qildi. Ishni, avvalo, nozik va murakkab shaklli buyumlar quyishda asqotadigan andazalar tayyorlaydigan mohir usta izlashdan boshladi. Axiyri, Cheboksaridagi agregat zavodida shunaqa odam topildi. U texnolog Semen Milman edi, uch hafta ichida buyurtmaga binoan jajjigina shaffof linza yasab berdi.

Svyatoslav Fyodorov ilk bor sun’iy ko‘z gavharini tug‘ma katarakta oqibatida batamom so‘qir bo‘lib qolgan o‘n yoshli Lena Petrovaga o‘rnatdi. Implantatsiyadan keyin qizaloqning bir ko‘zi  yaxshi ko‘ra boshladi. Bu olamshumul yangilik edi. Svyatoslav Nikolayevich  o‘z yutug‘i bilan har qancha faxrlansa, arzirdi. Amalda esa, teskarisi bo‘ldi. “Pravda” gazetasida bu operatsiya fiziologiyaga zid degan mazmunda tanqidiy maqola bosildi-yu, zahmatkash olimning yo‘llari taqa-taq berkildi. Buyam kamlik qilgandek, u ishdan bo‘shatildi. So‘ngra najot istab, poytaxtga yo‘l oldi. Boshqalardan sas-sado chiqmagach, “Izvestiya” gazetasida ishlayotgan taniqli jurnalist Anatoliy Agranovskiyga uchrashib, bor dardini to‘kib soldi. Agranovskiy Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga sim qoqib, mojaroga oydinlik kiritishni so‘radi. Mana shu birgina qo‘ng‘iroq aro yo‘lda qolgan shifokorning o‘z vazifasiga tiklanishi uchun yetarli bo‘ldi. Gazetaning 1965 yilgi 29 aprel sonida “Doktor Fyodorovning kashfiyoti” sarlavhali maqola yoritilgach, vaziyat tubdan o‘zgardi. Svyatoslav Nikolayevich Arxangelsk tibbiyot institutining ko‘z kasalliklari kafedrasi mudiri etib tayinlandi.

U yangi ish joyida ham bor kuch-g‘ayratini ayamay ishladi. Sun’iy ko‘z gavharini takomillashtirish uchun yanada sifatli materiallar tayyorlash, hayratomuz operatsiyalarga qo‘l urish bilan shug‘ullandi. Ikki yildan keyin esa Moskvaga ko‘chib borib, Umumrossiya ko‘rlar jamiyati ajratgan mablag‘ hisobiga “Ko‘z mikrojarrohligi” tarmoqlararo ilmiy-texnik majmuasini qurish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Ayni chog‘da, ilmiy faoliyatini qizg‘in davom ettirib, mislsiz natijalarga erishdi. U taklif qilgan sun’iy ko‘z gavharining yangi turi asosida mamlakat miqyosida o‘tkazilgan 30 mingdan ortiq operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Nozik intraokulyar linzalarning yuqori tiniqlikka ega betakror namunalari ko‘pchilikning dardiga darmon bo‘ldi. Ayniqsa, sun’iy muguzlar og‘ir inoperabillik, ya’ni operatsiya qilish imkoni yo‘q ko‘zga oq tushishi xastaligini davolashda muhim ahamiyat kasb etdi. Bulardan tashqari, S.Fyodorov oynadek shaffof muchaning jarohat, yallig‘lanish va qon quyilishi oqibatida xiralashishini muolaja qilishda sezilarli samara beruvchi vitreoton asbobi loyihasini ishlab chiqdi. Ko‘zda nazla paydo bo‘lishi, ushbu kasallikning dastlabki bosqichida unga tashxis qo‘yish va muolaja qilishda beqiyos o‘rin tutuvchi, avvalgi jarrohlik usuli va tartib-qoidalarini tubdan o‘zgartiruvchi nazariya muallifi sifatida dong taratdi.

Oftalmologiyada o‘zgacha noyob yo‘nalish hisoblangan, havoda yorug‘lik nurlarining sinishi va tovush yo‘nalishlari o‘zgarishiga daxdlor refraktsion jarrohlik ham Fyodorov nomi bilan bog‘liq. Qolaversa, u yaqindan va uzoqdan ko‘rish, astigmatizm (ko‘zning nurlarni bir nuqtada sindira olmasligi) xastaliklari kuchayishi oldini olishga oid jarrohlik  majmuini, ularni amaliyotda qo‘llash uchun zarur asbob-uskunalarni yaratdi. Mamlakatda birinchi bo‘lib, donorning buzilmaydigan holatga keltirilmagan muguz pardasini yupqa keratoplastika (xiralashgan ko‘z muguz pardasini sog‘lom pardaga almashtirish)da qo‘lladi va unga taalluqli jarrohlik texnikalarini takomillashtirdi. Lazer jarrohligi sohasida esa to‘rsimon pardalardagi vena trombozi – tomir ichida qon laxtasi hosil bo‘lishi, ikkilamchi katarakta va nazlani davolashning yangi usullariga asos soldi. Qandli diabet tufayli  qon tomir tizimining tarqoq shikastlanishini past harorat va lazerkoagulyatsiya (to‘qimalarni lazer nuri bilan kuydirish) orqali tuzatish yo‘l-yo‘riqlarini kashf etdi. Shuningdek, shifokorning ish unumdorligini o‘n baravarga oshiradigan va operatsiya sifatini yaxshilaydigan “konveyerli jarrohlik” blokini ixtiro qildi.

Svyatoslav Fyodorov 2000 yil 2 iyun kuni “Ko‘z mikrojarrohligi” majmuasi Tambov filialining o‘n yilligiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etdi. Qaytishida u parvoz qilayotgan to‘rt o‘rinli samolyot halokatga uchradi. Marhumni Moskvadan 60 chaqirimcha naridagi Mitishinsk rayonining bir vaqtlar mashhur sarkarda Aleksandar Suvorovning mulkdor otasi yashagan va mangu orom topgan qishloq qabristoniga dafn qilishdi. Negaki, millionlab kishilar ko‘ziga nur, qalbiga quvonch ato etgan buyuk shifokor ushbu so‘lim go‘shani behad sevardi. Shuning uchun ham o‘sha atrofda “Ko‘z mikrojarrohligi” majmuasining sog‘lomlashtirish shoxobchasi qurilishiga va qishloqdagi ko‘hna cherkovning qayta tiklanishiga baholiqudrat hissa qo‘shgandi.

…Hayotning beshafqatligini-yu taqdir o‘yinlarining qaltisligini qarang: Svyatoslav Fyodorovning bolaligi va yoshligi azob-uqubatlarda o‘tdi. Har tomonlama kamol topganida  unga omad ketma-ket kulib boqdi, nomi tillarda doston bo‘ldi. Oxirida esa yana falokatga ro‘baro‘ kelib,  fojiali o‘lim topdi.

Abdunabi Haydarov