Shifokorlar qasamyodi hali ham amaldami?

Agar shifokor xatoga yo‘l qo‘ysa, majburiyatlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashsa, uni Gippokrat qasamyodiga zid ravishda ish tutganlikda ayblashadi. Barcha xabardor bo‘lgan, ammo uning to‘liq mazmuni haqida ozchilik biladigan o‘sha mashhur qasamyod aslida qanday, uning paydo bo‘lish tarixi nima bilan bog‘liq? Umuman, antik davr ilm-fanining darg‘alaridan biri – Gippokrat nomi bilan ataladigan shifokorlar qasamyodi hozirda ham o‘z ta’sir kuchiga egami?

Moziyga nazar…

Ma’lumki, shifokor bo‘lishni istagan har bir inson Gippokrat qasamyodini qabul qiladi. Shu bois mutaxassis u yoki bu sabab tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortsa, bemorlar uning majburiyatlarini aynan shu ont orqali eslatishga urinadilar. Chunki ko‘pincha Gippokrat qasamyodi shifokorning insonlarga sadoqatli xizmati va uning insoniylik, xolislik, fidoyilik g‘oyalariga sodiqligi bilan uyg‘un holda tushuniladi.

Aslida shifokorlarning axloq me’yorlarini tartibga soluvchi qoidalar azal-azaldan mavjud bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan manbalarda (dentalrevue.org saytida keltirilishicha) Gippokrat qasamyodi miloddan avvalgi V asrda qadimgi yunon tilining ioncha shevasida yozilgan. Mana shu yerdan qator davriy nomutanosibliklar boshlanadi. Umuman olganda, keng jamoatchilikda qasamyod shaxsan Gippokrat tomonidan yozilgan, degan qarashlar shakllangan. Lekin ko‘plab mutaxassislar qasamyod matni biroz kechroq – mutafakkir vafotidan so‘ng, miloddan avvalgi 356 yillardan keyingi davrda yozilgan, degan fikrda. Vaqt o‘tishi bilan u sayqallashib borgan. Ko‘p marotaba qayta ishlangan va tahrir qilingan matn ilk marotaba keng jamoatchilik uchun 1848 yilda Jenevada «Tibbiy burch» jurnalida chop etilgan. Ammo 2400 yil avval yozilgan Gippokrat qasamyodining asl nusxasi bizgacha yetib kelmagani rost.

Evtanaziya taqiqlangan

Hayoti davomida tibbiyot xodimlari bilan to‘qnash kelgan har qaysi odamning ko‘z o‘ngida shifokor yuqori malakali, shuningdek, mehribon va kuyunchak inson sifatida gavdalanadi. Bunda Gippokrat qasamyodining ma’lum ma’noda o‘rni bor. Shu o‘rinda ushbu qasamyodning (Medicinejournal. com saytidan olingan) lotin tilidan tarjimasini keltirib o‘tishni joiz topdik:

«Shifo beruvchi Appolon, Asklepiy, Gigey va Panatseya hamda barcha ilohlarni guvohlikka chaqirgan holda kuch-qudratim va aql-zakovatim yetganicha quyidagi qasamyod va yozma majburiyatni bajarishga – menga ta’lim bergan insonni ota-onam qatorida ko‘rib, borimni u bilan bo‘lishishga, muhtojligida unga ko‘maklashishga, uning avlodlarini og‘a-inilarim sifatida qabul qilishga, davolash san’atini o‘rganmoqchi bo‘lishsa, beminnat o‘rgatishga, tibbiyot ilmiga daxldor barcha pand-nasihatlar, og‘zaki darslar va boshqalarni tibbiy qonunlar qasamyodi hamda majburiyatini olgan o‘g‘illarim, ustozimning o‘g‘illari va shogirdlariga ma’lum qilishga (ulardan boshqa hech kimga aytmaslikka) ont ichaman.

Davolash usulini imkonim boricha bilimimga tayangan holda biron-bir ziyon va adolatsizlikka yo‘l qo‘ymay, bemorlar manfaatiga qarataman.

Hech qachon o‘limga olib keluvchi dorini uni so‘ragan insonga bermayman, bunday niyatni amalga oshirish yo‘lini ko‘rsatmayman. Pok va halol yashayman, davolash san’atimni ham xuddi shu yo‘l bilan amalga oshiraman.

Tosh kasalliklari aniqlangan bemorlarni hech qachon jarrohlik yo‘li bilan davolamay, mazkur ishni mutaxassisga qoldiraman.

Qaysi xonadonga kirib bormay, zararli, g‘arazli va nohaq niyatlarni emas, balki faqat bemor foydasini ko‘zlayman.

Davolash davomida, shuningdek, boshqa paytlarda ham inson hayotiga taalluqli va oshkor etilmasligi kerak bo‘lgan nimaniki ko‘rsam, eshitsam, ularni sir saqlayman.

Agar men qasamyodni buzmay amal qilsam, hayotim va davolash san’ati sohasida omad, odamlar orasida mashhurlik berilsin, yolg‘on ont ichib, so‘zidan qaytganlar esa buning aksiga mubtalo bo‘lsin»

Endi bugungi kun nuqtai nazaridan Gippokrat qasamyodini tahlil qilib ko‘raylik. «Hech qachon o‘limga olib keluvchi dorini uni so‘ragan insonga bermayman, bunday niyatni amalga oshirish yo‘lini ko‘rsatmayman». Bu qoida bilan shifokorga aniq va ravshan qilib evtanaziya (bemor yoki uning yaqinlari ruxsati bilan uni hayot bilan bog‘lovchi apparatdan uzish) taqiqlanayotganini tushunish uchun tibbiyot sohasida chuqur bilimga ega bo‘lish talab etilmaydi. Aytish joizki, ushbu qarash bugun ham aksariyat davlatlarda yuksak qadrlanadi. Medicinejournal. com saytida keltirilishicha, Gollandiya, Belgiya va AQShning shtatlaridan biri – Oregonda rasmiy ravishda evtanaziya ruxsat etilgan. Demak, ba’zi hollarda shifokor o‘zi istamagan (hattoki bilmagan) holda Gippokrat qasamyodiga amal qila olmaydi. Tosh kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolamayman, deya qayd etilgan qasamyod bandida o‘sha davr qarashlariga ko‘ra ham har bir kasallikni o‘z mutaxassisi davolash lozimligini uqtiriladi. Zero, bilib-bilmay davolash yomon oqibatlarga olib kelishi ayon.

Umuman, qasamyod matnidan ma’lumki, uning mazmuni bemorlarga nisbatan bir munosabatni shakllantirishni, ya’ni ularga zarar yetkazmaslikni nazarda tutadi.

Zamonaviy turdagilari ham bor

Ba’zi holatlarda an’anaviy Gippokrat qasamyodi bugungi jamiyat talablariga zid kelishi hollari ham yo‘q emas. Shu bois, butun dunyo mamlakatlarida uning asosida zamon talablariga mos me’yorlar ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yila boshlandi.

About-health-care.com sahifasida ma’lumot berilishicha, ko‘plab davlatlarda o‘z jamiyati sharoiti va talablaridan kelib chiqqan holda me’yorlar va qasamyodlar qabul qilingan. Masalan, bugungi kunda AQSh va Yevropada 2006 yili qabul qilingan «Shifokorning kasbiy kodeksi» amalda. Qo‘shma Shtatlarda Gippokrat qasamyodi «Homeland Security Act» hujjati asosidagi sud pretsendenti bilan cheklangan.

Rossiyada o‘tgan asrning 90-yillarida «Shifokor qasamyodi»ning nomi o‘zgartirilib, «Rossiya shifokori qasamyodi» deb atala boshlandi. 1999 yili uning matni mamlakat Dumasi tomonidan tasdiqlandi. Hozirda oliy ta’lim muassasasini bitirayotgan bo‘lajak shifokorlar diplom olish marosimida tantanali ravishda ayni shu qasamyodni qabul qiladilar.

1948 yili Butun dunyo tibbiyot assotsiatsiyasining Bosh Assambleyasi Gippokrat qasamyodi asosida yaratilgan Jeneva deklaratsiyasini qabul qildi. 1949 yili esa deklaratsiya Tibbiyot etikasi xalqaro kodeksi tarkibiga kiritildi, deyiladi livejournal. com saytida.

Mazkur hujjat matnida quyidagilar tilga olinadi: «Men butun hayotimni insoniyat xizmati uchun bag‘ishlashga qasamyod qilaman. Ustozlarimga minnatdorchilik bildirgan holda ularni hurmat qilaman; o‘z kasbiy majburiyatlarimni sidqidildan bajaraman; bemorning sog‘lig‘i asosiy vazifamga aylanadi; menga ishonib aytilgan sirlarni saqlayman; o‘zimda bor barcha vositalar yordamida shifokorlik kasbining ulug‘ an’analari va mavqeini saqlashga harakat qilaman; hamkasblarga aka-ukalarim kabi munosabatda bo‘laman; diniy, milliy, irqiy, siyosiy yoki ijtimoiy sabablar bemorga nisbatan bo‘lgan majburiyatimni amalga oshirishga halal berishiga yo‘l qo‘ymayman; inson hayotiga chuqur hurmat hissini saqlayman; xavf ostida bo‘lsam-da, o‘z bilimlarimni insoniylik qoidalariga qarshi qo‘llamayman. Men yuqoridagilarning barchasini sidqidildan va ixtiyoriy bajarishga tantanali ravishda qasamyod qilaman».

Mamlakatimizda esa bo‘lajak shifokorlar buyuk bobokalonimiz, tibbiyot ilmi allomasi Abu Ali ibn Sino nomi bilan qasamyod qiladilar. Unda insonlarni davolash vazifasining muqaddasligiga urg‘u berilganini «butun shifokorlik faoliyatim davomida va insonlar yordamga muhtoj barcha holatlarda bemor hayoti uchun kurashaman», degan so‘zlardan ham bilish mumkin. Shu bilan birga, qasamyodda bemor va uning yaqinlari bilan bog‘liq tibbiy sirlar saqlanishi, sog‘liqqa xavf soluvchi holatlarga jiddiy yondashgan holda ularni bartaraf etish, har qanday holatda ham faqat bemor manfaatlarini ko‘zlab ish tutish mas’uliyati yuklatiladi.

Takomillashuv – davr talabi

Xorij matbuoti, xususan, «Washington Post» nashrida ta’kidlanishicha, Amerika va Yevropa qit’alarida Gippokrat qasamyodi eskirgan, deb e’tirof etilib, uni takomillashtirish fikri ilgari surilmoqda. Chunki u bugungi kun real hayotidagi sharoitlarga mos emas ekan. «Gippokrat davrida tibbiyot xodimlarining boshqa kasb mutaxassislariga hurmat va bemorning tanlash huquqi kabi muhim printsiplar mavjud bo‘lmagan. Qolaversa, shifokorlar jamiyat va hukumatning doimiy nazoratiga duch kelmagan edi» deyiladi shu gazeta elektron sahifasida.

«Lantset» tibbiy jurnalida esa yangi qasamyod negizida quyidagi tamoyillar aks etishi zarur deyilmoqda:

«Har bir bemor yuqori standartlar asosida davolanish huquqiga ega.

Bemor va shifokor o‘rtasidagi munosabatlar xolis bo‘lishi, kerakli hollarda sir tutilishi darkor.

Davolanuvchiga nisbatan shifokorning (moddiy yoki boshqa turdagi) ta’margirligiga yo‘l qo‘yilmasligi zarur».

Yaxshilab mulohaza qilinsa, aslida shifokorlar ham boshqalar kabi oddiy insonlar. Ularning ham o‘ziga yarasha fazilatlari va kamchiliklari bor. Chunki tibbiy bilimlar va tajriba osonlikcha egallanmaydi, davolash esa «har kim uddalashi mumkin bo‘lgan soha» emas. Shu o‘rinda Gippokratning zamondoshi Suqrotning gapini keltirib o‘tishni lozim topdik. «Bir kuni bu donishmanddan shogirdlari insonlar hayotidagi eng mushkul narsa nima, deb so‘rashganda, u: «Eng qiyini insonlarni o‘qitish, davolash va ularga hukm chiqarishdir» degan ekan».

Nargiza Ibrohimova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.