1973 yil 3 aprel. Havo biroz bulutli. Nyu-Yorkning Manxetten qismidagi ko‘chalardan birida qo‘lida kichikroq chamadon ushlab olgan, yaxshi kiyingan, o‘rta yoshlardagi bir kishi aylanib yurardi. Binolardan birining oldiga kelgach, u to‘xtab, chamadon ichidan hajmi va shakliga ko‘ra g‘ishtni eslatuvchi narsani oldi va bu «g‘isht»ga qo‘li bilan nimalardir qildi-da, uni qulog‘iga tutdi. «Allo! Salom, Joel. Ofisingizning old ko‘rinishi juda chiroyli ekan, shuni senga aytmoqchi edim. Qayerdaman? Ha, menmi? Men sening oynang oldida turibman, Joel». Trubkadan avval bir kishining alam bilan so‘kingani, keyin esa telefonning qisqa ovozlari eshitildi.
Dunyo tarixidagi uyali telefondan birinchi qo‘ng‘iroq ana shunday tarzda amalga oshirilgan, chamadon ko‘targan inson Motorola korporatsiyasining mobil aloqalar bo‘limi rahbari Martin Kuper edi. Telefonda esa u Joel Engel — AT&T Bell Labs kompaniyasining tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i bilan gaplashgandi. Bu ikki kompaniya birinchi bo‘lib uyali telefon apparatini yaratish ustida 10 yil davomida ish olib borgan, oxir-oqibat bu kurashda Motorola kompaniyasi yengib chiqqan edi.
Hammasi ratsiyadan boshlandi
Shunga qaramay, yuqoridagi voqeani mobil aloqaning dunyoga kelgan vaqti deb hisoblamaslik lozim. Bu jarayon ancha avvalroq boshlangandi. Uyali telefoniya g‘oyasi yuqorida tilga olingan AT&T Bell Labs kompaniyasida 1946 yildayoq tug‘ilgan edi. O‘shanda bu firma radiouzatgich yordamida ishlovchi dastlabki telefonni yaratgan edi. Biroq bu radiotelefonga qo‘ng‘iroq qilish juda murakkab jarayonni o‘z ichiga olardi: abonent avval telefon stantsiyasiga qo‘ng‘iroq qilish va kerakli telefon raqamini aytishi lozim edi. Stantsiyada esa aloqa deyarli qo‘l bilan ulab qo‘yilardi. («Yaxshi qiz, iltimos, Qo‘qonni ulab bering», deganidek) Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida gaplashish imkoni ham yo‘q edi. Aloqa xuddi hozirgi ratsiyalardek amalga oshardi: ovozni uzatish uchun zarur tugmacha bosilishi, eshitish uchun u qo‘yib yuborilishi kerak edi. Tovushning juda past eshitilishi va aloqa radiusining kichkina ekanligi ham bunday telefonlarning ommalashuviga to‘sqinlik qilardi.
To‘g‘ri, keyinroq AT&T Bell Labs har bir apparatga alohida radiostantsiya o‘rnatib, bu muammoning yechimini topdi. Ammo natijada og‘irligi 40 kilogrammga yetgan mazkur apparatlarni faqatgina o‘ta qiziquvchan avtomobil egalari ishlatishi mumkin edi. Ular radiostantsiyani avtomobilning yukxonasiga, antennani esa tomiga qo‘yishib, trubkani salonda olib yurishardi. Bir so‘z bilan aytganda, bu xizmatdan foydalanuvchilar soni juda kam edi va oradan besh yil muddat o‘tgach (1947-1952), AT&T uni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa Amerika kompaniyalari ixcham mobil telefon apparatini yasash imkonsizdir, degan qarorga kelib, uyali telefon yaratish sohasidagi tadqiqotlarni butunlay unutishdi.
Faqat avtomobil egalari uchun
Biroq skandinaviyaliklar boshqacharoq fikrda edilar. 1940-yillarning oxiriga kelib, Shvetsiyadagi Televerket kompaniyasi ikki xodimiga — Styur Lauren va Ragnar Berglundga oddiy statsionar apparatlarga o‘xshab ishlaydigan, ammo ko‘tarib yurish mumkin bo‘lgan telefon yaratishni topshiradi. Uni nafaqat muayyan doiradagi odamlar (harbiylar, politsiyachilar va ishqibozlar), balki oddiy odamlar ham ishlata olishi kerakligi asosiy shart qilib qo‘yiladi. Va 1950 yilning 3 dekabrida Shvetsiyaning Liding shahridagi Vasagatan ko‘chasida, o‘zining Volvo xizmat mashinasi ichida turib, avtomobil ichiga o‘rnatilgan telefondan hayajon bilan qaynonasining uy raqamini teradi… Keksa ayol esa kuyovim aqldan ozibdi, degan xulosaga keladi: «Styure, qanday qilib mashinaning ichida o‘tirib, telefonda gaplashish mumkin? Yo‘q, sen tadqiqotlaringga juda qattiq berilib ketibsan. Albatta ruhshunos-doktorimizga borib uchrash». Lauren ruhshunosga borib ko‘ringani bizga qorong‘u, ammo gaplashgani uchun bir marka ham to‘lamaganligi aniq.
Shvedlarning bu kashfiyotiga MTA, ya’ni Mobile Telefonsystem A (A mobil telefoniya tizimi) deb nom beriladi va 1956 yilda sotuvga chiqariladi. To‘g‘ri, ularni «mobil» deb faqat ixtirochilarning o‘zlarigina aytishi mumkin edi. Chunki bu telefon apparatlarining ham og‘irligi kamida 35 kilogramm bo‘lib, avtomobilning orqa o‘rindig‘ini egallagan, trubka esa old o‘rindiqlarning o‘rtasiga joylashtirilardi. Shu sababli, MTA faqat Stokgolm va Gyoteborg shaharlarida xizmat ko‘rsatar, 1956 yilning oxiriga kelib butun Shvetsiyada 26 ta abonent bor edi xolos. Bitta mobil telefonning narxi avtomobilning yarim puliga teng bo‘lganligini inobatga olsak, bu taajjublanarli hol emas.
Ammo shvedlar harakatdan to‘xtashmadi va 1969 yilda butun Skandinaviya yarimorolida (Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya) yagona mobil aloqa tarmog‘i yaratishga kirishdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bitta telefon va abonent raqami bilan uchta davlatda ham gaplashib yurish imkonini yaratish edi. G‘oya muallifi Stokgolm texnika maktabini endigina bitirgan, bugungi kunda zamonaviy mobil telefoniyasining otasi sanaladigan Esten Myakitolo edi. Uning loyihasi NMT — Nordisk Mobil Telefon (Skandinaviya mobil telefoniyasi) degan nom oldi. Shunga qaramay, loyihani ro‘yobga chiqarish birdaniga boshlanmagan. Chunki o‘sha paytdagi mikroprotsessorlar mobil telefon terminallari(ekrani)ni ixcham bo‘lishiga imkon bermasdi. Mikroprotsessorsiz esa telefon ishlamaydi. Shu bois, shved mutaxassislari bu boradagi barcha tadqiqotlarni mikrochiplar yaratilguniga qadar to‘xtatib qo‘yishdi.
Birinchi «kichkintoy»
Amerikaliklar esa qo‘l qovushtirib o‘tirishmadi. Maqolamiz boshida aytib o‘tganimizdek, 1973 yilda Motorola kompaniyasi hajmi va shakli jihatdan ancha ixcham apparat yaratishga muvaffaq bo‘lgandi. To‘g‘ri, bu birinchi «kichkintoy» hozirgi qo‘l telefonlariga umuman o‘xshamas edi. Bo‘yi 25 sm, eni 15 sm va qalinligi 5 sm, o‘zi 1 kg bo‘lgan bu telefonga Dyna-Tac deb nom berishgan. Old qismida 12 ta tugmacha bo‘lib, ulardan 10 tasi raqamlar, qolgan 2 tasi qo‘ng‘iroq qilish va aloqani tugatish uchun xizmat qilgan. Ekran ham, qo‘shimcha funktsiyalar ham unda mavjud emasdi. Dyna-Tacning akkumulyatori 35 daqiqaga yetgan, ammo buning uchun batareykani kamida 10 soat zaryadlash kerak bo‘lgan. Shu sababli, aloqa sifati nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, ommaviy ishlab chiqarish uchun uni hali ancha takomillashtirish lozim edi. Va AMPS standartidagi birinchi ommaviy uyali telefon oradan o‘n yil o‘tgach, 1983 yilning 6 mart kuni yuzaga keldi. Biroq keyin tashabbusni yana yevropaliklar qo‘lga oldi.
Mikroprotsessorlar yaratilgach, skandinav olimlar o‘zlarining NMT standarti ustida yana ish boshlab yuborishadi. Tizimni takomillashtirish jarayonida 40 dan ortiq firmalar ishtirok etadi. Ularning o‘zaro hamkorlikdagi harakatlari natijasida, ko‘p o‘tmay yangi aloqa tizimining baza stantsiyalari, aloqa uzatgichlar va mobil telefonlar yaratiladi. Tadqiqotlarda eng faol qatnashgan kompaniya Ericsson edi. Qizig‘i shundaki, skandinavlarning ilk mobil telefoniya tizimi avval Saudiya Arabistonida ishga tushiriladi. Keyinroq NMT-450 tizimining premerasi o‘zining tarixiy vatanida bo‘lib o‘tadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, 1983 yildan boshlab hozirgi avlod uyali aloqasi tarixining ilk sahifalari ochildi.
Darhaqiqat, NMT450, keyinroq esa NMT-900 standartlari Ericsson Hotline va Curt singari ixcham, hajmi jihatdan hozirgi apparatlarni eslatuvchi birinchi mobil telefonlarni yaratish imkonini berdi. Dastlab bu apparatlarni politsiya xodimlari uchun 300 dona ishlab chiqish ko‘zda tutilgan, ammo keyin reja birdan o‘zgaradi va ular ommaviy ravishda ishlab chiqarishga qo‘yiladi. Aynan shu davrga kelib, mobil telefonlar sohasida keskin raqobat ham paydo bo‘ldi. Bozorga yangi o‘yinchi — Nokia kompaniyasi o‘zining Mobira Cityman apparati bilan kirib keldi.
Bir tarmoq ostida
Keyinroq — 80-yillarning oxiriga kelib telekommunikatsiya kompaniyalari butun Yevropa bo‘yicha yagona aloqa standarti yaratish taklifi bilan chiqadi. Dastlab har bir tomon o‘zining standartini ilgari sura boshladi. Skandinaviya va Benilyuks mamlakatlari NMT standartini, Germaniya C-Netz, frantsuzlar Radiocom-2000, italyanlar esa RTMI/RTMS standartini yagona tarmoq sifatida ko‘rishni xohlardi. Nihoyat, bir to‘xtamga kelish uchun G‘arbiy Yevropadagi davlat telekommunikatsion korxonalari GSM — Group Speciale Mobile tarmog‘ini shakllantiradi. GSM ishtirokchilari telefonlar va ularning stantsiyalarini ishlab chiqarishda yagona yondashuvni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ladilar. Yangi tizim o‘zida avvalgi barcha tarmoqlarning barcha ijobiy jihatlarini mujassamlashtirardi. Shunday qilib, uyali aloqaning ikkinchi avlodi bo‘lmish GSM dunyoga keladi.
Uni ro‘yobga chiqarish uchun yana bir necha yil kerak bo‘ldi va 1990 yildagina Finlyandiyaning Radiolinia kompaniyasi dunyodagi birinchi GSM tarmog‘ini ishga tushiradi. Bir yil o‘tgach, xuddi shunday tarmoqlar boshqa skandinav mamlakatlarida ham paydo bo‘ladi. Garchi boshida GSM-operatorlar va abonent terminallari juda qimmat bo‘lsa-da, ular faoliyat ko‘rsata boshlaganidan so‘ng bir yil ichida Skandinaviya davlatlarida ulanganlar soni 1 milliondan ortib ketdi. Telefon ishlab chiqarish sanoati ham tobora rivojlanib borar va bu ularning hajmi, og‘irligining kamayishiga, yangi imkoniyatlar ochilishiga turtki bo‘ldi. 1996 yilda Nokia nafaqat qo‘ng‘iroq qilish, balki elektron pochta, faks yuborish va internetga ham ulash imkonini beruvchi birinchi kommunikatorni tanishtirdi. Xuddi o‘sha yili Motorola og‘irligi 90 gram bo‘lgan afsonaviy telefon-kitobcha StarTac-GSMni ishlab chiqara boshladi. Ozgina vaqt o‘tgach, Philips bitta zaryad bilan 350 soat ishlay oladigan Philips-Sparkni ommaga namoyish qildi. 1998 yilda Yaponiyaning Sharp kompaniyasi sensorli, ya’ni «sezuvchi» ekranli Sharp PMS1 Smartpjone bilan hammani hayratga soldi. 1999 yildan boshlab uch o‘lchamli tasvirni ko‘rsata oluvchi Motorola L7089 va Ericsson T28s apparatlari paydo bo‘ldi. Aynan o‘sha yil Nokia-7110 modelida WAP (rasmlar, musiqani yuborish imkonini beradigan tizim) texnologiyalari o‘z aksini topdi.
So‘nggi ma’lumotlar (2007)
Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha uyali aloqa abonentlari soni 2 milliarddan oshib ketdi. Wireless Intellegence agentligi mutaxassislari mobil aloqa bozorini tadqiq qilib, ana shunday natijalarni oldi. Uyali aloqadan foydalanuvchilar sonining bunday yuqori sur’atlar bilan o‘sishi asosan Xitoy, Hindiston, Sharqiy Yevropa, Lotin Amerikasi, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika mamlakatlari tomonidan ta’minlanmoqda. Sayyoramizdagi 6,5 milliard odamning uchdan bir qismi uyali aloqa abonentidir. Aytib o‘tish kerakki, mobil aloqadan foydalanuvchilarning haqiqiy soni biroz kamroq bo‘lishi ham mumkin. Chunki bir odam ayni paytda bir necha operatorlar xizmatidan foydalanayotgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Uyali aloqa apparatlarini ishlab chiqaruvchi yetakchilar haqida aytib o‘tsak, Gartner kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, shu yilning birinchi choragida butun dunyoda sotilgan mobil telefonlarning 31,9 foizi Nokia tomonidan ishlab chiqarilgan. Ikkinchi o‘rinni dunyo bozoridagi 17,9 foiz ulushi bilan Amerikaning Motorola kompaniyasi, uchinchi o‘rinni Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi (12,8 foiz) egallab turibdi.