O‘ttiz yildan so‘ng…

Insoniyatga xizmat qilib kelayotgan minglab kasb-hunarlar asrlar davomida shakllanib, rivojlangan. Ba’zi kasb-korlar avloddan-avlodga o‘tib, sulolalar paydo bo‘ladi. Yangi kasblar-chi? Taraqqiyotning naqadar tezlashganini qarangki, endilikda har chorak, har oyda yangi kasb paydo bo‘lib, taomilga kirsa-da, birov hayron bo‘lmaydi. Ko‘pchilikning esida: bundan atigi yigirma yil avval biz hozir yaxshigina o‘rganib qolgan ko‘plab kasblar umuman yo‘q edi.
Masalan, tizim ma’muri yoki PK-menejeri singari kasblar shular jumlasidan. (Bu ro‘yxatni o‘zingiz ham ancha-muncha davom ettirishingiz mumkin.) G‘arbda esa o‘shanda nanotexnologiya va 3D animatori kasblarining bo‘lajak egalari endi-endigina shaxsiy kompyuterlar bilan «tillashish»ni o‘rganayotgandilar.
Endi nigohimizni kelajakka qarataylik: bir necha o‘n yildan so‘ng odamlar qanday kasblar bilan tirikchilik qiladilar? Qanday yangi kasblar paydo bo‘lib, qaysilari yo‘qolishi mumkin?

Vodorod va temirtanlar

Mutaxassislarning fikricha, avtomatlashtirish va robotlashtirish jarayoni hayotimizga keng joriy etilishi natijasida biz o‘rgangan juda ko‘p kasblar butunlay yo‘qolib ketishi mumkin ekan. Masalan, do‘konlarda hisob-kitob to‘liq avtomatlashtirilishi oqibatida kassir degan xodimga o‘rin qolmaydi. Shuningdek, xat tashuvchi va qiruvchi samolyot uchuvchisi kasblari ham o‘tmishga aylanadi. Chunki 2036 yillarga kelib, odamlar xat-xabar va hujjatlarni to‘liq elektron pochtalar orqaligina jo‘natishga o‘tib ketadi. Havoda esa uchuvchisiz samolyotlar murosasiz so‘kishaveradilar. Robotlar hammayoqni chinnidek tozalayvergach, farroshlarga ham hojat qolmaydi.
Sezayotgan bo‘lsangiz, kinomexanik kasbi barham topadi. To‘g‘ri, hozir kinoteatrlar yana tomoshabinlar bilan to‘lib boryapti. Lekin yaqin kelajakda barcha filmlar ishqibozlarga internet orqali uzatiladi. Insoniyat «parnik effekti» oqibatida «issiq urishi»ning oldini olish maqsadida, yonilg‘i sifatida vodoroddan foydalanishga o‘tadi. Shuningdek, quyosh, suv va shamol energiyasidan ham keng foydalaniladi.

Qaysi kasbning boshini tutmoq kerak?

Xavotirga hojat yo‘q. Matalda aytilganidek, «ishlovchiga ish, yeyuvchiga osh» doim topiladi. Negaki, yo‘qolgan kasb o‘rnida yangisi albatta paydo bo‘ladi. Yo‘qsa, insoniyat ishsizlik va bekorchilikdan allaqachon eerikib, xudbinlashib ketardi. Xo‘sh, mutaxassislar yaqin yigirma-o‘ttiz yillardan so‘ng qanday kasblar tug‘ilishini bashorat qilishmoqda?
Masalan, irsiyat muhandislari kasbi paydo bo‘lib, ularga talab yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki ular ish beruvchilarga bo‘lajak xodimning DNK zanjirini «o‘qib», jamiyki fazilatlari-yu kamchiliklari haqida aniq ma’lumot beradilar.
Temirtan (robot)lar har qancha mukammal bo‘lmasin, baribir ularni Hazrati inson yasaydi. Binobarin, bu temir qavm buzilsa, uni ta’mirlovchilarga ehtiyoj tug‘iladi. Shuning uchun temir-tersak va elektronika buyumlarini kavlashtirishni xo‘sh ko‘ruvchilar xavotirlanmasa ham bo‘ladi: ularga ish yetib ortadi. Faqat ba’zi mexanik va elektronchilar ozgina malaka oshirsalar bas, olam guliston.
Mashinalar vodorodda yurgach, yonig‘li shahobchalari xodimlari ham kasblarini jindek o‘zgartiradilar. Shu bilan birga, ko‘rinib turibdiki, vodorod yonilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiyalar paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, yangi korxonalar va xizmat ko‘rsatish tizimlarini barpo etish demakdir. Mana sizga istagancha ish!
Kasbni o‘zgartirish masalasida qiruvchi samolyotlarning uchuvchilari ham tashvishlanmasalar bo‘ladi. Ular dirijabllarni boshqarishga o‘tishlari mumkin. Kelajakda katta umid bildirilayotgan bu uchish vositalari aslida yangilik emas. Dirijabllar o‘tgan XX asrning 30-yillarida kashf etilgan edi. Mutaxassislarning fikricha. havo naqliyotining adolatsiz unutilgan bu turi yana osmon kengliklarini zabt etishi ehtimoli juda katta.

Baxtiyor HAYDAROV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.