«Telegraf» so‘zi yunoncha «tele»-«uzoq»va «grafo»-«yozaman» ma’nolarini anglatuvchi so‘zlardan tashkil topgan. Telegraf-uzoq masofalarga yozma xabarlar yuborish imkonini beradigan qurilmadir. Elektr telegraf aloqasi uchun amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan birinchi telegraf qurilmasini Rossiyada 1832 yili P.L.Shilling ishlab chiqqan.
Telegraf apparatlarining bir nechta muvaffaqiyatli konstruktsiyasini rus olimi B.S.Yakobi yaratgan. Dastlabki elektr telegraf apparatlaridan birini 1837 yilda amerikalik olim Semyuel Morze ixtiro qilgan.
Morze o‘z apparati uchun maxsus alifbe o‘ylab topgan. Bu alifbeda harflar o‘rniga nuqta va tirelar qo‘llanilgan. Bu esa ixtirochi sharafiga uning nomi bilan Morze alifbesi deb atalgan.
BELLNING IXTIROSI
Nuqtai va boshqa tovushlarni istagan masofaga uzata oladigan ajoyib qurilmani professor, kar-soqovlar maktabining o‘qituvchisi A.G.Bell 1876 yilda ixtiro qildi. Aloqa liniyasining bir boshida-mikrofonda tovush to‘lqinlari elektr toki to‘lqinlariga aylantiriladi. Bir juft mis, sim orqali bu to‘lqinlar olis masofalarga yetib boradi. Liniyaning ikkinchi tomonida-telefonda elektr toki to‘lqinlari yana tovush to‘lqinlariga aylanadi.
Suxbatlashish uchun aloqa liniyasining har ikkala tomonida mikrofon ham, telefon ham bo‘lishi kerak. Mikrofon bilan telefonni birlashtiruvchi qurilma mikrotelefon deyiladi. Biz uni telefon trubkasi deymiz. Telefon trubkasi esa simlar bilan telefon apparatiga ulangan.
Telefon apparatlarida, mikrotelefondan tashqari, telefon nomeri teriladigan disk va qo‘ng‘iroq bor. Barcha telefon apparatlari aloqa liniyalari orqali avtomat stantsiyasi-ATSga ulangan.
Lui Pasterning olamshumul kashfiyoti
1822 yilda Frantsiyaning Dol nomli kichikkina shaharchasida ko‘nchi oilasida tug‘ilgan chaqaloqqa ota-onasi Lui degan ism qo‘yishgan edi. Ushbu chaqaloq kelajakda olamga mashhur olim bo‘lib tanilishini kim o‘ylabdi deysiz.
Bolaligida badiiy iste’dodi kuchli bo‘lganligi uchun otasi o‘g‘lini katta artist bo‘lishiga umid qilardi. Artist bo‘lmasa ham, dunyoga tanildi. Ammo Lui aniq fanlarni o‘rganish yo‘lini tanladi va Lui Pasterning vino kislotasini ishlab chiqaruvchi birikmalarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlari natijalari organik kimyo faniga asos soldi. U 25 yoshida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Paster achitqi qo‘zg‘atuvchilarni aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. O‘sha davrlarda vino ishlab chiqarish sanoati keng rivojlangan bo‘lib, vinoni bir xil ta’mi bilan uzoq vaqt saqlash muammosini hal etish lozim edi. Turli ichimliklar va oziq-ovqatlarning achib qolishiga sabab bo‘luvchi «xamirturush» qo‘zg‘atuvchilar mavjudligi haqida ayrim ma’lumotlar bor bo‘lsada, ular hali chuqur o‘rganilmagan edi. Qo‘zg‘atuvchi achib qolish natijasida vujudga keladi deb tushunilar edi. Paster esa aksini, ya’ni, qo‘zg‘atuvchilar mahsulotlarni achib qolishga sabab bo‘lishini isbotladi. Shuningdek, turli qo‘zg‘atuvchilar mahsulotlarni turlicha achitishga sabab bo‘lishini ta’kidladi. L.Paster 1857 yilda ana shu mavzuda hisobot yozdi va bu asar ayrim olimlar ta’biri bilan aytganda «mikrobiologiya fanining tug‘ilishiga guvohnoma» bo‘ldi.
Bu vaqtga kelib L.Paster ancha tanilib qolgan edi. Orlean shahri sanoatchilari undan sirka ishlab chiqarishdagi bir qator muammolarni hal etishda yordam so‘raydi. U vinoning sirkaga aylanishi sababchisi bo‘lgan qo‘zg‘atuvchi (endi uni mikroorganizm deb ataydi) suyuqlikning ustki qismida bo‘lishini isbotladi va tadqiqotlar natijasi o‘laroq «Vino sirkasi haqida dars» nomli qo‘llanmani taqdim etdi.
Achitqi qo‘zg‘atuvchilarni chuqur o‘rganish L.Pasterni oziq-ovqat sanoatidagi tez buziluvchanlik bilan bog‘liq muammolarning ko‘piga mikroblar sabab ekan, degan xulosaga olib keldi. Mikroblar havo yoki chala yuvilgan idishlar orqali tayyorlanayotgan mahsulotga o‘tib, uning tez buzilishiga olib kelishi L.Pasterga endi ayon edi. Mahsulot bakteriyalar ta’sirida buzilmasligi uchun gigiena qoidalariga amal qilish, suyuqlik (vino nazarda tutiladi) buzilmasligi uchun 50-60 gradus issiqda bir necha minut ushlab turishni taklif etadi. Ushbu taklif vino tayyorlashda birinchi bor sinab ko‘rilgandayoq yuqori samara berdi, achib borish jarayoni keskin susayib, mikroblarning asosiy qismi vinoning ta’mi va xushbo‘y hidiga kuchli ta’sir ko‘rsatmay nobud bo‘ldi.
Qadim zamonlardan chirish jarayonida hashoratlar, qurtlar va boshqa mavjudotlarning paydo bo‘lishini tushuntirish bo‘yicha har xil qarashlar mavjud edi. Mavjudotlar chirish jarayoni kechadigan muhit va shart-sharoitlar hisobiga o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi, degan qarashlar ko‘pincha ustunlik qilar edi. XVII asrda belgiyalik bir kimyogar kir ko‘ylakni bug‘doy solingan idishga solib qo‘yib, sichqon paydo qilganligi to‘g‘risida maqtangan ekan.
L.Paster zamonida ilmiy doiralarda «hayotni o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi» g‘oyasi ustida bahs-munozaralar qizg‘in pallaga kirdi. L.Paster bijg‘ish jarayonini to‘liq o‘rganib, bu qarashlarga so‘nggi nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi. Uning muhim ishlaridan biri – kolba shaklini oqqush bo‘yniga o‘xshashsimon qilib o‘tkazgan tajribalaridir. Tajribada bir oddiy kolbaga ozuqa muhiti solinib, ochiq havoda qoldirildi, boshqa oqqush bo‘ynisimon kolbada ham shuni takrorladi. Oddiy kolbadagi ozuqa muhiti tez buzildi. Keyingisi esa steril holda turaverdi. Buning sababini L.Paster oddiygina tushuntiradi: oqqush bo‘ynisimon kolbadan o‘tadigan havodagi mikroblar kolba devorlariga yopishib qoladi va ozuqaga havo tozalanib yetib boradi. Mikroblar, qo‘zg‘atuvchi va shunga o‘xshashlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligi, balki havo orqali o‘tishini isbotlash uchun L.Paster Alp tog‘i muzliklariga, Mer-de-Glas cho‘qqisiga 6000 fut balandlikka chiqib, tajribalar o‘tkazdi. U o‘zi bilan olib chiqqan 20ta og‘zi berk kolbani ochiq havoda qo‘ygan. Ma’lum vaqtdan keyin shundan faqat bittasi buzilgan. Undan keyin L.Paster pastroq Yura tog‘i etaklarida ham shu tajribani takrorladi va bunda 20ta kolbadan 8tasida buzilgan. Demak, yuqorida havo toza va mikroblar kam bo‘ladi. Tajribalarga suyangan L.Paster hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, degan xulosaga kelgan.
Tajribalar asosida L.Paster o‘zining ilmiy xulosalarini davom ettirib, bijg‘ish jarayonida mikroblar ishtirok etar ekan, infektsiyali-yuqumli kasalliklarni kelib chiqishida ham mikroblarning ishtiroki bo‘lishi kerak, deydi. O‘sha vaqtlarda ipakqurti kasalligi Frantsiya janubidagi ipak ishlab chiqaruvchilar iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltirmoqda edi. L.Paster ipakqurti kasalligi ustida tadqiqotlar o‘tkazdi va ipakqurtiga chidamli navlarni tanlash usullarini tavsiya etdi. Tovuq vabosini tadqiq qilish jarayonida vaboning kuchsiz qo‘zg‘atuvchisi bir necha oy davomida nafaqat kasallantirish, balki, kasallikka himoya bo‘lganligi kuzatilgan. Natijada L.Paster kuchsiz qo‘zg‘atuvchi organizmda immunitet hosil qiladi, degan hulosa qilgan. Shundan keyin L.Paster tadqiqot ishlarini davom ettirib, kuchsizlantirilgan qo‘zg‘tuvchidan vaktsinalar hosil qilib, organizmni emlash tajribasini amalda qo‘llab ko‘rdi. Emlash usuli L.Pastergach angliyalik E.Djenner tomonidan ham sibir yazvasiga qarshi amaliyotda qo‘llab ko‘rilgan edi.
Lekin L.Paster vaktsinada birinchi marta haqiqiy qo‘zg‘atuvchisi bilan emlash amaliyotini qo‘lladi. Bundan keyin u quturish kasalligiga qarshi kurashish bilan shug‘ullandi va endi oddiy bakteriyalar emas, mikroskop ostida ham ko‘ra olmaydigan viruslar dunyosiga duch keladi.
1885 yilda 6 iyulda L.Pasterning laboratoriyasiga bir yosh ona 9 yoshli o‘g‘lini olib keladi. Bolani quturgan it tishlab olgan edi. Onaning tinmay yalinishlariga qaramay L.Paster bolaga yordam berishga shoshilmaydi. Chunki u vrach bo‘lmagan, tibbiyot bilan shug‘ullanmagan, odamlarda o‘z tajribalarini sinab ko‘rmagan va shuning uchun noqonuniy tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishdan bir qadar hadiksiramoqda edi.
U birdan o‘zini qo‘lga oldi va yordamchisiga bolani emlab qo‘yishni buyurdi. Emlash yaxshi natija berdi. Bundan keyin esa 350 nafar odam xuddi shu yo‘l bilan emlandi va undan faqat bir nafari, u ham bo‘lsa emlash vaqtidan ancha kech olib kelinganligi uchungina vafot etdi.
L.Paster shifoxonalarda gigiena qoidalariga rioya qilishni ta’minlash lozimligi to‘g‘risida uylar va bu borada ko‘plab maslahatlar berar edi. Ayniqsa Parij tug‘ruqxonalaridagi ayollar o‘limi ko‘payishi sababi asosan gigiena qoidalariga to‘la rioya qilinmayotgandan deb bilar edi. Tibbiy xodimlarning qo‘lni aseptik usul bilan ishlov berib ishga kirishish haqidagi xulosalar nechog‘li to‘g‘ri ekanligini angliyalik jarroh Djozef Lister ham ta’kidlab o‘tgan edi.
L.Paster 1895 yilda vafot etdi. Lekin u o‘tkazgan tajribalar, tadqiqotlar mahsuli bo‘lgan ilmiy xulosalari dunyoga mashhurdir. Ayni haqiqat shundaki, uning hayotlik davrida tashkil etilgan institut hozir ham dunyoda yuqumli kasalliklarni o‘rganish markazi sifatida mashhur.
Butun dunyo xalqlari salomatligiga jiddiy xavf bo‘lib turgan OITS (SPID) virusi ham xuddi shu markaz professori Lyuk Montane tomonidan birinchi marta aniqlangan edi.