Ilm-fanning taraqqiyoti bashariyat duch keladigan qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga xizmat qilishi, shubhasiz. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda odamlarning og‘irini yengillashtirayotgan robotlar va ularning xilma-xil olami haqida alohida to‘xtalib o‘tish odat tusiga kirdi. Robot aslida chex tilidagi “robota” so‘zidan olingan bo‘lib, erksiz ishchi ma’nosini beradi. Unga entsiklopediyada shunday izoh berilgan: “insonning hayoti uchun xavfli sharoitlar, borish qiyin bo‘lgan ob’ektlar (suv osti, kosmos)da kishi funktsiyasini qisman yoki to‘la bajaruvchi mashina”.
Bunday mashinalarni yasash sanoati Yaponiya va Germaniyada o‘z cho‘qqisiga yetgan deyishadi.
Yaqinda yerto‘lasida yotgan eski skuter (motorli poyga qayig‘i), uy signalizatsiyasi detallari va avtomobilning eski chiroqlaridan o‘ziga xos qo‘riqchi robotni yasagan olim o‘z ijod mahsulini o‘rtog‘iga sovg‘a qildi. Endi «temir odam» yangi egasining kafesini bezorilardan qo‘riqlaydi. U odamlar bilan gaplashish, zarurat tug‘ilsa, ularni issiq suv otadigan quroli bilan qo‘rqitish qobiliyatiga ega. Bu eng sodda robot turlaridan biri. Shu ma’lumot orqali yirik ilmiy laboratoriyalarida yaratilgan robotlar qay darajada murakkab vazifalarni bajara olishini tasavvurda gavdalantirish mumkin.
Ilgarilari fantast yozuvchilar faqatgina xayollarini o‘z kitoblariga tushirgan bo‘lsa, bugun tadqiqotchilar ana shu o‘ylarni haqiqatga aylantirishmoqda. Ular yasagan temir dastyorlarini ixtiyoriy maqsad sari yo‘naltira oladilar. Masalan, robotlar bugun suv havzasini tozalash, qorni kurashdan tortib, futbol o‘ynashni ham uddalashmoqda. Mazkur yangilikning ayrimlari hozircha tajriba nusxasi bo‘lsa-da, ba’zilarini, jumladan, I-Kybiye rusumidagi robot-kuchukni do‘konlardan xarid qilayotganlar soni kundan-kunga oshib bormoqda.
Robot-hayvonlar
I-Kybiye bozor rastalariga ancha oldin chiqarilgan bo‘lib, u doberman naslidagi kuchukchani eslatadi. O‘z qiliqlari bilan tabiiy nusxadoshidan qolishmaydigan robot-it o‘z xo‘jayinini tanishi, buyruqlarni bajarishi, hurishi va shunga o‘xshash jarayonlarni bekamu ko‘st bajarishi mumkin. I-Kybiye dastlab o‘zini kuchukchalardek tutsa-da, vaqt o‘tishi bilan dastur asosida o‘sib, o‘rganib boradi. Maxsus datchik (qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma) orqali temir uy hayvonining faoliyati tartibga solinib, uning baland joylardan yiqilib tushishi, to‘siqlarni chetlab o‘tishi va binoda bemalol harakatlanishi ta’minlanadi. Agar u yiqilib tushsa ham turib yo‘lda davom etib, boshqa temir do‘stlari bilan muloqotga kirisha oladi.
Uning eng yaqin tanishi Yaponiyaning Sony kompaniyasi tomonidan 1999 yil yaratilgan Aibo robotidir. Aynan Aibo robotlarning yangicha olamiga tamal toshini qo‘yib bergan, deyish mumkin. Bugungi kunda uning turli xillari mavjud bo‘lib, ularning orasida bir nechta kuchuk nasllarining qiyofadoshlari bor. Shulardan eng so‘nggisi 180 tagacha ovozli buyruqlarni bajaradi. Aiboga bo‘lgan ehtiyoj kutilganidan ziyoda bo‘lishi tadqiqotchilarni elektron-mushuk yasashga undadi. Natijada mayin jun bilan qoplangan NeKoRo robot-mallavoy dunyoga keldi. Qulog‘i va ko‘zi atrofiga o‘rnatilgan taktil-sensorlar uning harakatlarini yanada tabiiylashtirishga xizmat qiladi. Egasi robot-mushugini qancha ko‘p erkalasa, uning yoqimli qiliqlari shunchalik boyib boradi. Aks holda NeKoRoning sodda o‘yinchoqdan farqi qolmaydi.
I-Kybiye, Aibo va NeKoRo yoqmaganlarga Roboraptor elektron dinozavrini sinab ko‘rish tavsiya etilmoqda. Ikki oyog‘ida ishonchli yugurish, sakrash va tishlash imkoniga ega bo‘lgan ko‘hna yirtqichning robot varianti uch, ya’ni ov qilish, niqoblanish va o‘ynash tizimida ishlaydi. U xo‘jayinining istagiga qarab o‘z harakatlarini o‘zgartira oladi.
Mexanik kuchuk, mushuk va dinozavrlar ko‘ngil ochish, hordiq chiqarish vositasi bo‘lsa, robotqushlar jamoatchilik uchun foydali ishlarni bajaradi. Ular ayeroport, chiqindixonalar va golf maydonlari yaqinida o‘ralashib yurgan haqiqiy qanotli raqiblarini haydab yuboradi. Robot-lochin va robot-qirg‘iylarning qanot qoqishi, dumi rul vazifasini bajarishi tabiiylikka yaqin. Ayni paytda Amsterdam ayeroportida shu kabi robot-qanotlilar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Ba’zi maxsus xizmat tizimlarida ham robot-yirtqichlardan foydalanish odat tusiga kirib boryapti. Masalan, Boston Dynamiks kompaniyasiga tegishli Big Dog robot-kuchugi turli yuklarni tashish chog‘ida o‘z muvozanatini turli sharoitlarda, xususan, kuchli zarbalar (masalan, portlash to‘lqini) qabul qilganda ham saqlay oladi. Uning o‘rgimchak inini eslatib yuboradigan panjalari har qanday balandlikni ishg‘ol etish imkonini beradi. Big Dogni bugungi kunda Pentagon ayrim operatsiyalarida qo‘llaydi.
Robot-odamlar
Robot ishlab chiqaruvchi mutaxassislarning eng asosiy orzusi insonga o‘xshash temir mashinalarning eng mukammalini yaratishga qaratilgan. Ko‘plab sa’y-harakatlarga qaramay, haligacha ular bu borada yorqin natijaga erisha olmaganlar. REEM-B rusumidagi robot-yordamchilar ko‘plab foydali funktsiyalarga ega bo‘lsa-da, unga yuqoridagi temir hayvonlarda mavjud bo‘lgan tabiiylik yetishmaydi. REEM-B odamlarni tanishi, predmetlarni olib berishi, xaritani ko‘zdan kechirib, kerakli manzilga yetib borishi mumkin. Yaqin kelajakda olimlar bu boradagi ishlarini yanada takomillashtirishni mo‘ljallashgan. Yaponiyaning Toyota kontserni mazkur sohaga katta e’tibor qaratib, hozirgacha robot-musiqachini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. “Yulduzlar jangi” kinoturkumidagi androidni eslatuvchi robotlar surnay va skripka chalishga “o‘rgatilgan”. Robot-san’atkorlarning nozik barmoqlari mashhur musiqachilarnikidan namuna qilib olingan. Ayni paytda Toyota rahbariyati tobora keksayib borayotgan yapon xalqining qariyalariga yaqindan yordam be
radigan robot-yordamchilarni yaratish borasida tanlov e’lon qilgan. Boshqa bir avtomobil kontserni Honda ham robot-odam yasash yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Unga tegishli bo‘lgan ASIMO roboti gorizontal yo‘nalishda erkin harakatlanadi, zinalardan ko‘tariladi, yuk tashiydi, salomlashib, hol-ahvol so‘rashadi, inson nutqini tushunib, savollarga javob beradi.
Robotlarning intellektual salohiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Robotlar o‘rtasida futbol bo‘yicha RoboKup turniri o‘tkazib kelinayotganiga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Mazkur musobaqa har yili tashkil etiladi. Ushbu turnir saviyasi robotlarning salohiyatiga bog‘liq ravishda oshib bormoqda. Ilk bor 1997 yili o‘tkazilgan chempionatda robotlar koptokni zo‘rg‘a topishardi. Bugungi kunda ular maydon bo‘ylab to‘p bilan bemalol harakatlanishi, taktik-strategik usullar va fintlarni amalga oshirishi mumkin. Mazkur bellashuvlardan ko‘zlangan global maqsad 2050 yilga borib robot-futbolchilardan iborat klublar haqiqiy professional jamoalar bilan bahslashishidan iborat.
Robotlar tamadduni
Robotlarning darajasi unchalik mukammal bo‘lmasa-da, ularning turfa xilligi tahsinga loyiq. Olimlar yaratgan nusxalar ichidagi robot-o‘rgimchak bosh qismi odamnikiga o‘xshaydi. Yana bir robot-yirtqich esa shilliqqurt-mollyuskalarni tutib, ularni qaynatish orqali elektrquvvat ishlab chiqaradi. Qor kurashga ixtisoslashtirilgani esa yig‘ib olgan qordan kub shaklida muzlar yasab, muzlatgichlar uchun kerakli detal yetkazib beradi.
Bu kabi ko‘p xildagi mo‘jiza-mashinalar kelajakda qandaydir fantastik dunyo vujudga kelishi mumkinligiga ishora qilayotgandek ko‘rinadi. Aytgancha, Buyuk Britaniyada robotlarning tamaddun modelini yaratish ustidagi tajribalar allaqachon boshlanib ketgan. Unda turli robotlar elektron qishloqlarda yashab, bir-birlari bilan muloqotga kirishadi. Mexanik tsivilizatsiyaning robot-fuqarolari bir-birlarining odatlarini o‘zlashtirish, nusxa olish orqali yangicha madaniyat yoki ta’bir joiz bo‘lsa, mikroyevolyutsiyaga zamin yaratishi ehtimoldan xoli emas.
Hozir turli kinofilmlar va multfilmlarda aks etgan tasvirlarda ham ana shu olimlar bilan maslahatlashganlik yaqqol sezilib turadi.
Saidjon Maxsumov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.